Qarori o‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘G‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida


Download 120.44 Kb.
bet1/9
Sana13.10.2020
Hajmi120.44 Kb.
#133502
  1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Харбий хизмат буйича


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING HARBIY XIZMATNI O‘TASH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini Vataniga sodiq, harbiy xizmatga har tomonlama tayyor bo‘lgan fuqarolar bilan butlash, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va sharoitlarini, qo‘shinlarning davlatning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga doimiy jangovar shayligini ta’minlash, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi yangilangan nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizligi xizmati Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda:

uch oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 12-sentabr,

PQ-4447-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (keyingi o‘rinlarda — fuqarolar) harbiy xizmatni o‘tash tartibini belgilaydi;

fuqarolar tomonidan davlatning hududiy yaxlitligini, mustaqilligini va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;

fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida (keyingi o‘rinlarda — Qurolli Kuchlar), shuningdek xizmat faoliyati oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibi lavozimlaridagi harbiy xizmatga tenglashtirilgan davlat qo‘mitalari, vazirliklar va idoralarda (keyingi o‘rinlarda — vazirliklar) chaqiruv va kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tashlari, shuningdek Qurolli Kuchlar rezervidagi fuqarolar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi;

Qurolli Kuchlarni shaxsiy tarkib bilan butlash tartibi, turli toifadagi harbiy xizmatchilar tomonidan xizmat vazifalari sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi;

harbiy xizmatni o‘tashning shaffofligi va har bir harbiy xizmatchining professional o‘sish istiqbolini ta’minlaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:



harbiy xizmat — fuqarolar tomonidan Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turi;

haqiqiy harbiy xizmat — chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibi lavozimlarida Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmat;

harbiy xizmatchi — haqiqiy harbiy xizmatdagi fuqaro;

muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisi — Qurolli Kuchlar safida oddiy askarlar tarkibi lavozimlarida majburiy xizmatni o‘tayotgan chaqiruv yoshidagi fuqaro, shuningdek zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan ofitser;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi — harbiy xizmatni kasb sifatida tanlagan va harbiy xizmat majburiyatlarini kontrakt asosida bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;

rezervdagi ofitser — ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tagan va rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;

zaxiradagi ofitser — ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan va bevosita ofitserlik unvoni berilganidan so‘ng zaxiraga o‘tkazilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;

kursant (tinglovchi) — haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan va harbiy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;

harbiy unvon — har bir harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majburga uning xizmat mavqeyi, harbiy yoki maxsus tayyorgarligi, xizmat muddati, Qurolli Kuchlar yoki qo‘shin turi yoxud maxsus qo‘shinlarga mansubligiga muvofiq beriladigan unvon;

kontrakt — vazirliklar tomonidan davlat va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘rtasida tuziladigan hamda uning o‘z ixtiyori bilan haqiqiy harbiy xizmatga kirishi va uni o‘tashini (haqiqiy harbiy xizmatni davom ettirishini) belgilab beruvchi bitim bo‘lib, unda xizmat muddati, o‘zaro huquqlar, majburiyatlar va tomonlarning javobgarligi hamda harbiy xizmatni o‘tashning boshqa shartlari tartibga solinadi;

harbiy-kasbiy saralash — fuqarolarni (nomzodlarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qo‘yilgan talablarga mos kelishini aniqlashga qaratilgan tadbirlar kompleksi (intellektual rivojlanganlik va psixoemotsional barqarorlik darajasini psixologik o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jismoniy imkoniyatlarni baholash, shuningdek harbiy xizmat uchun kasbiy jihatdan muhim bo‘lgan boshqa sifatlar);

attestatsiya — harbiy xizmatchining kasbiy malakasini (tayyorgarligini) tizimli asosda aniqlash jarayoni (usuli);

tashkiliy-shtat tadbirlari — shtat birligi, harbiy unvon, egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy hisobdagi ixtisoslik, tarif razryadining o‘zgarishi, bo‘linmani tugatish, yangi shtatga o‘tish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining qarori bo‘yicha shaxsning boshqa ishga o‘tishini nazarda tutuvchi tadbirlar kompleksi;

harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakat — xizmatda va turmushda harbiy xizmatchilar xulqining ma’naviy-axloqiy normalarini, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy nizomlari va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hamda idoraviy ichki hujjatlarda belgilangan qoidalarni qo‘pol ravishda buzuvchi, harbiy intizom talablariga zid, harbiy xizmatchining or-nomusi va qadr-qimmatini, harbiy bo‘linma yoki butun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini obro‘sizlantiruvchi qasddan sodir etilgan qilmish (harakat yoki harakatsizlik).

2-bob. Harbiy xizmatni o‘tash

1-§. Harbiy xizmatni o‘tash mazmun-mohiyati va harbiy xizmatchilarga qo‘yilgan talablar

3. Harbiy xizmatni o‘tash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish;

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish;

harbiy lavozimga tayinlash va uni bajarish;

harbiy unvon berish;

haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish;

rezervdagi xizmatga olish;

harbiy xizmatga majburlarni iste’foga chiqarish;

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va mazkur Nizomga, shuningdek mazkur sohadagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq harbiy xizmatchilarning xizmat va ijtimoiy-huquqiy mavqeyini belgilab beruvchi boshqa holatlar (vaziyatlar).

4. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga quyidagi talablar qo‘yiladi:

muddatli harbiy xizmatchilar egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy ixtisoslikni sifatli o‘zlashtirishi, ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani ishlata bilish ko‘nikmalarini egallashi, mustahkam hayotiy pozitsiya, vatanparvarona dunyoqarash, yuksak ma’naviy-axloqiy va jismoniy sifatlarga ega bo‘lishi, harbiy burchni bajarishga tayyor turishi zarur;

oddiy askarlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lgan sifatlarni egallash bilan bir qatorda, harbiy kasbni chuqur o‘zlashtirishi, o‘zaro bog‘liq mutaxassisliklarni o‘rganishi, vaziyatning turli sharoitlarida jangovar va xizmat vazifalarini bajarish vaqtida ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani qo‘llashning mustahkam ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim;

serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ma’nan yetuk, harbiy burchni bajarishga ruhan tayyor bo‘lishi, harbiy kasbni mukammal bilishi, qurol-aslaha va harbiy texnikani mohirona qo‘llay olishi hamda uni saqlash va undan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Ularga bo‘linmalarda yuksak jangovar ruh, sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit yaratish, bo‘ysunuvchilarda Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik hislarini doimiy ravishda tarbiyalab borish, ularni harbiy ixtisosliklar va zaruriy ko‘nikmalarni hosil qilish vazifalari yuklatiladi;

ofitsyerlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar professional tayyorgarlikka ega komandir (rahbar), harbiy bo‘linmalarga komandirlik (rahbarlik) qilish, murakkab vaziyatlarda tezkor moslashish va mustaqil harakat qilish, nostandart qarorlarni qabul qilish hamda shaxsiy namunasi bilan bo‘ysunuvchilarni jangovar va xizmat vazifalarini hal etishga yo‘naltira olishga qodir, harbiy ishga oid chuqur bilimlar, yuksak ma’naviy-ruhiy sifatlar, keng dunyoqarash, intellekt, yaxshi tashkilotchilik qobiliyatiga ega, ishonib topshirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikadan to‘g‘ri foydalanish va uni saqlashni biladigan mutaxassis bo‘lishlari zarur.

Yuqorida sanab o‘tilgan sifatlar o‘zini harbiy xizmatga, Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagan har bir fuqaro uchun hayotiy maqsad bo‘lib qolishi va mashaqqatli mehnat asosida shakllana borishi, nafaqat ekstremal sharoitlarda, balki tinchlik davrida kundalik xizmat davomida ham singdirilib, namoyish etilib borilishi lozim.

Ishlar tajribasi vorisiyligini ta’minlash, yosh harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatga moslashuvi, kasbiy shakllanish va yuklatilgan xizmat vazifalarini mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirish jarayoni tezlashishini ta’minlash maqsadida harbiy xizmatchilarga yuqori darajali kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan, tayyorgarligi eng yaxshi harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari orasidan murabbiylar biriktiriladi.

Murabbiylik tartibi vazirliklarning idoraviy ichki hujjatlari bilan belgilanadi.

5. Qurolli Kuchlardagi harbiy xizmatga vatanparvarona dunyoqarash, yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlar, zaruriy intellektual saviya, bilim doirasi keng, shuningdek jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiradi.

6. Qurolli Kuchlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan butlash nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash yo‘li bilan amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan shaxslar bundan mustasno.

7. Qurolli Kuchlarni butlash territorial va eksterritorial tamoyillari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Territorial (eksterritorial) tamoyil bo‘yicha butlanadigan bo‘linmalar va/yoki mutaxassisliklar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.



2-§. Harbiy xizmat turlari

8. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida quyidagi harbiy xizmat turlari joriy etilgan:

muddatli harbiy xizmat;

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;

Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.

9. Muddatli harbiy xizmat — chaqiruv yoshidagi fuqarolarning oddiy askarlar lavozimlaridagi, shuningdek muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan ofitsyerlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Qurolli Kuchlar safidagi majburiy xizmatidir.

10. Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat — muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar o‘taydigan harbiy xizmat turidir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

11. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat — davlat bilan harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik o‘rtasida tuziladigan kontraktga binoan ixtiyoriy ravishda Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga kirgan fuqarolar o‘taydigan harbiy xizmat turidir.

12. Rezervchilar xizmati — Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar butlash, shuningdek urush davri tuzilmalarini kengaytirish maqsadida haqiqiy harbiy xizmatni hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlardan bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar uchun umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir.

13. Harbiy xizmatga birinchi marta yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar Vataniga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik to‘g‘risida qasamyod qabul qiladilar.

3-§. Haqiqiy harbiy xizmatning boshlanishi, muddati va tugashi

14. Haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning boshlanishi deb:

a) muddatli xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar va zaxiradagi ofitsyerlar uchun — harbiy qismga jo‘nash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir bo‘lgan kun;

b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganlar harbiy xizmatchilar uchun — harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt kuchga kirgan kun;

v) vazirliklarning oliy harbiy ta’lim muassasalariga kursant lavozimiga hamda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar uchun — tegishli ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kun;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi.

15. Haqiqiy harbiy xizmat muddatlari kalendar hisobida:

a) muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar va ofitsyerlar lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun — o‘n ikki oy;

b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun — kontraktda ko‘rsatilgan muddat;

v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror yoki farmoyishiga muvofiq vazifalarni bajarish davri etib belgilanadi.

Harbiy xizmat muddati haqiqiy harbiy xizmat boshlangan kundan hisoblanadi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan fuqarolar harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda haqiqiy harbiy xizmatni o‘taydilar.

16. Fuqarolarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinganidan so‘ng, shuningdek oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qishni tugatgan talabalarga oliy ta’lim muassasani bitirganidan so‘ng shaxsiy raqam, belgilangan namunadagi jetonlar va shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar beriladi.

17. Harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik, davlat qo‘mitasi va idoralarining harbiy qismi, qo‘shilma, harbiy boshqaruv organi, korxona, muassasa, tashkilot va harbiy tuzilmalari hamda ularda ishlash yoki o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan tashkilot va muassasalarda (keyingi o‘rinlarda — harbiy qism) harbiy xizmatchi rezervga bo‘shatilishi yoki iste’foga chiqarilishi munosabati bilan harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kun uning uchun haqiqiy harbiy xizmatning tugashi (oxirgi kuni) deb hisoblanadi.

18. Kalendar hisobida kamida o‘n yil xizmat qilgan ofitsyerlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan bo‘shatilayotganda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:

oliy ta’lim muassasasining kunduzgi bo‘limidagi bir oy o‘qish muddati bir oy xizmat muddati hisobida;

oliy ta’lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng ixtisosligiga mos keladigan lavozimlardagi bir oylik ish staji bir oylik xizmat hisobida.

Pensiyani hisoblash vaqtida harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatlarining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklardagi xizmat maxsus unvon berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga olishda ularning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish muddatlari va oldingi ish joylaridagi mehnat staji pensiyani hisoblashda bir oylik o‘qish (ish) bir oylik xizmat hisobida haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Oliy yuridik ma’lumotga ega harbiy prokuraturaning ofitsyerlar tarkibi harbiy xizmatchilariga oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish, ichki ishlar vazirligi organlaridagi xizmat, shuningdek ulardagi ish huquqni muhofaza qilish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan sudlar, prokuratura va adliya organlari va muassasalaridagi uzluksiz ish staji ularning harbiy xizmat muddatiga qo‘shib yoziladi.

19. Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanmaydi (ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno):

a) harbiy xizmatchining intizomiy harbiy qismda bo‘lish davri;

b) sudning ayblov hukmi chiqqan harbiy xizmatchiga nisbatan jinoyatning oldini olish chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan davri;

v) xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tash davri, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;

g) harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketilgan muddat.

20. Intizomiy qismda jazoni o‘tab, belgilangan muddati tugagandan so‘ng yoki muddatidan ilgari ozod etilgan, harbiy ixtisoslikka ega bo‘lgan harbiy xizmatchiga, shuningdek xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tagan, umumharbiy nizomlar talablarini qat’iy bajarayotgan, xizmatni benuqson o‘tayotgan harbiy xizmatchiga uning intizomiy harbiy qismda bo‘lgan yoki xizmat bo‘yicha cheklov davri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanishi mumkin.

21. Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi, harbiy xizmatchining ham chaqirilishi bo‘yicha va ham kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatning jami vaqtini, shu jumladan haqiqiy harbiy xizmatga qaytadan kirishni o‘z ichiga oladi.

Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi kalendar va imtiyozli hisobdagi harbiy xizmatdan iborat bo‘ladi.

Kalendar hisob — bu harbiy xizmatchining yil, oy va sutkalarda ifodalangan haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan rasmiy umumiy davridir.

Pensiya, ijtimoiy imtiyozlar tayinlash yoki to‘lash uchun imtiyozli hisob-kitob O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

22. Jangovar harakatlarda yoki terroristik tashkilotlarning qurollangan tuzilmalarini aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazish davomida jangovar vazifalarni bajarishda qatnashgan, shu jumladan, yuqorida ko‘rsatilgan harakatlarda qatnashish davrida yarador bo‘lgani, shuningdek ozodlikdan mahrum etilishi ko‘rinishida jazoni o‘tash davri hamda keyinchalik reabilitatsiya qilingan harbiy xizmatchilarga (jarohat va travma olgani, kontuziya bo‘lgani) kasallangani sababli davolash muassasalarida bo‘lgan bir kuni imtiyozli ravishda xizmatning uch kuniga teng hisoblanadi.



3-bob. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi

23. Muddatli harbiy xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, shuningdek muqaddam haqiqiy harbiy xizmatni o‘tamagan ofitsyerlar chaqiriladi.

Fuqarolarni chaqirish, yig‘ish va ularni muddatli harbiy xizmatga jo‘natish va harbiy qismlarda qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi.

24. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki undan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan chaqiriluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga (keyingi o‘rinlarda — Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom) muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.



Oldingi tahrirga qarang.

Chaqiriluvchining tibbiy ko‘rik natijalariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi muddatli harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.



(24-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 07/20/4630/0266-son)

25. Muddatli harbiy xizmatni, safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tamagan hamda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ularga chaqirish muddatini kechiktirish taqdim qilinishi uchun asoslarga ega bo‘lmagan qirq yoshgacha bo‘lgan zaxiradagi ofitsyerlar tinchlik davrida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘iga binoan ofitsyerlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilishi mumkin.

26. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan zaxiradagi ofitsyerlar tibbiy ko‘rik to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlarga shaxsiy yig‘majildlar va boshqa zarur hujjatlar mudofaa ishlari organlari tomonidan rasmiylashtiriladi.

27. Zaxiradagi ofitserni haqiqiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirmaga asosan mudofaa ishlari organi ofitserga harbiy qism va unga kelish muddatlari ko‘rsatilgan yo‘llanmani, zarurat tug‘ilganda harbiy tashish hujjatlarini taqdim etadi.

28. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitser yo‘llanmaga muvofiq harbiy qismga keladi, yetib kelgan kuni harbiy qism komandirining buyrug‘iga binoan shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritiladi va barcha ta’minot turlariga qo‘yiladi.

29. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitsyerlar uni o‘tayotganlarida ushbu Nizomda nazarda tutilgan o‘ziga xos jihatlarni hisobga olgan holda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan teng ravishda majburiyatlarni bajaradilar va barcha huquq, imtiyoz va ta’minot turlaridan foydalanadilar.



4-bob. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash

1-§. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan nomzodlarga qo‘yilgan talablar

30. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar Qurolli Kuchlarning professional asosini tashkil etadi hamda qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini belgilab beradi.

31. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga quyidagi talablarga javob beradigan fuqarolar qabul qilinadi:

a) oddiy askar va serjantlar tarkibi lavozimlariga — o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar va ayollar hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilar;

b) oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlariga — muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan oddiy askar va serjantlar tarkibidagi qirq yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar;

v) oddiy askar, serjant va ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga — muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan va oliy ma’lumotga ega o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar;

g) oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga — o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan fuqarolar, shuningdek o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ofitsyerlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek yigirma olti yoshgacha bo‘lgan va oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining talabalari;

d) ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga — qirq yoshgacha bo‘lgan rezervdagi va zaxiradagi ofitsyerlar.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan nomzodlarga qo‘yilgan maxsus antropometrik parametrlar vazirliklar tomonidan belgilanadi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar lavozimlarini butlash uchun yuksak kasbiy tayyorgarlik va faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetmagan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda vazirlik rahbarining qaroriga ko‘ra harbiy xizmatga qabul qilishga ruxsat etiladi.

32. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun harbiy-kasbiy saralash (keyingi o‘rinlarda — saralash) tashkillashtiriladi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi nomzodlarini saralash tanlov asosida o‘tkaziladi va vazirliklar zimmasiga yuklanadi.

Fan, madaniyat va sport arboblari orasidan nomzodlar vazirlik tomonidan belgilangan tartibda saralashdan o‘tmasdan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin.

33. Nomzodlarni saralashni amalga oshirish uchun kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash komissiyalari tuziladi. Saralash komissiyalarini tuzish bo‘yicha vazirlik mansabdor shaxslarining vakolatlari va ularga bo‘ysunuvchi bo‘linmalarda saralashni o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.

34. Nomzod Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha nomzodning harbiy xizmatga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.


Download 120.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling