Qutadg‘u bilig


Download 31.56 Kb.
Sana04.12.2020
Hajmi31.56 Kb.
#158448
Bog'liq
MaqolaАхмадова Шохсанам


QUTADG‘U BILIG” MO‘JIZASI YOXUD OBRAZLAR OLAMIGA BIR NAZAR

Ahmadova Shohsanam Sodiq qizi

JDPI O’zbek tili va adabiyoti fakulteti

1-bosqich magistranti

Tel:+998905392335

Annotatsiya : Adabiyot gulshani naqadar keng , naqadar beqiyos. Bu gulshanga qadam qo‘ygan inson borki, badiiy asarning voqealar ummonida suzib, qahramonlar bilan xayolan suhbat quradi. Uning barcha sezimlarini yurakdan his etadi va hayot deb atalmish tilsimning mohiyatini anglash sari odimlay boshlaydi. Nima uchun, dersiz. Buning sababi, har bir ijodkor o‘z asarini obrazlilik asosida yaratadi. Obrazlilik yoxud obrazli aks ettirish alohida xarakterlar, hodisalar, muayyan his-tuyg‘ular vositasida hayotning jamiyat uchun umumiy bo‘lgan tomonlarini ko‘rsatishni taqozo etadi. Bu jarayon esa obrazlar orqali amalga oshiriladi. Aynan shuning uchun ham, har bir ijodkor, avvalo, obrazlar tanlashga e’tiborini qaratadi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostonida obrazlarning tanlanishi fikrimizning yorqin dalilidir.

Kalit so`zlar: bilig, Kuntug`di, Oyto`ldi, O`gdulmish, O`zg`urmish, obraz, obrazlilik, ramz

“Qutadg`u bilig” asarida inson hayotida muhim o‘rin tutuvchi to‘rt xususiyat - adolat, davlat, aql-u zakovat hamda sabr-u qanoat ta’rif va tavsif etiladi. Ijodkor ularning har biriga alohida nom beradi va mustaqil obraz sifatida gavdalantiradi. Chunonchi, adolat-Kuntug‘di, davlat –Oyto‘ldi, aql-zakovat – O‘gdulmish hamda qanoat- O‘zg‘urmish nomini oladi.

Kuntug‘di- elig, ya’ni hukmdor. Bu so‘zning ma’nosi “chiqqan quyoshdir”. Asarda Kuntug‘di o‘z ismiga ta’rif berar ekan, shunday deydi: “Quyoshdan butun yer yuzi taft oladi, yorug‘ olam gullarga to‘ladi. Mening adolatim yetishgan mahal el-yurt go‘zallikka burkanadi. Quyosh yaxshi-yomon demaydi, barcha narsaga bir xil nur sochaveradi, ammo o‘zi kamaymaydi. Men ham unga o‘xshayman, barchaga bir xilman, o‘zgarmayman”. Demak, yozuvchi Kuntug‘di obrazi orqali hukmdorlarning adolati Quyosh yanglig‘ hamisha yurtni charog‘on etmog‘i lozimligini ta’kidlaydi. Yana bir narsaga e’tibor qaratish lozimki, xalqimizda “kuni tug‘di” iborasi mavjud bo‘lib, “baxtga erishdi”, “omadi keldi”, “muvaffaqiyat topdi”, umuman biror kimsaning biror yutuqqa erishishi ma’nosini anglatadi. Shuningdek, muayyan narsa, sifat va xususiyatlarning eng mukammaliga nisbatan “shohi”, “podshosi” tushunchasi ham qo‘llaniladi. Yusuf Xos Hojib mana shu ikki sifatni birlashtirib, Kuntug‘di obraziga tatbiq etadi va natijada bu obrazda adolatning hukmronligi, uning barcha uchun barobarligini ta’minlash asosiy masalalardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan anglashimiz mumkinki, el uzra adolat hukmdor bo‘lsa, inson uchun omadning o‘z eshiklarini ochgani shudir. Adolatning ustivorligi xalqning hayotiga ham yorug‘lik olib kira oladi. Shunday hukmdor bo‘lgan Kuntug‘dining adolatini Yusuf Xos Hojib quyidagicha hikoya qiladi:

Bir kuni Oyto‘ldi elig yoniga kelganida Kuntug‘dining uch oyoqli kursida qo‘lida o‘tkir pichoq tutib turganini ko‘radi. Uning o‘ng yonida shakar, so‘l tomonida esa zahar turgan edi. Eligning qoshi tugilgan, yuzi tundlashgan. Bundan hayratga tushgan Oyto‘ldi bu holat sababini so‘raganida elig shunday javob beradi: “Qo‘limdagi xanjar mening kimligimga ishora, men har qanday ishni shu keskir xanjarday qirqaman - hal qilaman. Adolatim bilan insonlarni go‘yo bol tutgandek shod etaman. Zolimlar esa huzurimdan zahar ichib chiqib ketadi. Agarda bema’ni huzurimga kelsa, og‘u yeganday tani burishadi. Qoshimning tuguni va bu tund bashara esa zo‘ravon to‘daga atalgandir.” E’tiborli jihati shundaki, shoir eligni aynan uch oyoqli kursi ustida tasvirlaydi. Badiiy tahlilning tizimlilik tamoyiliga ko‘ra, asarda hech bir tasvir yoxud predmet bejiz qo‘llanilmaydi. Shunday ekan, Yusuf Xos Hojib ham Kuntug‘dini uch oyoqli kursida tasvirlash orqali elig hukmronligining mustahkam va abadiy ekanligini aks ettirishni maqsad qilgan. Zero, fizik qonunlar ham uch oyoqli kursining to‘rt oyoqli kursidan ko‘ra ancha mustahkamligini, qulash xavfi oz ekanligini isbotlaydi.

Oyto‘ldi obrazi asarda vazir mansabida bo‘lib, davlat, baxt ramzidir. Xo‘sh, nima uchun “to‘lgan oy” ma’nosini bildiruvchi ushbu nom boylik timsoliga aylandi? Buning sababini aniqlash uchun yana asar matniga murojaat qilamiz. Chunonchi, Oyto‘ldi o‘z ismining ma’nosi haqida shunday deydi:

Oyto‘ldi dedi: Bu - ismimga ma’no,

Fe’lim oyga qiyos qilib der, dono.

Dastlab ko‘ringan oy ko‘p kichik bo‘lar,

So‘ng kunda ulg‘ayar, o‘sar ham to‘lar.

To‘lishsa olamni tutar ajib nur,

Jahon xalqi undan topadi huzur.

Mening sifatimga shu oydir misol,

Goh borman, gohida yo‘qolgum, shu hol.

Qaysi nochorga yuz bursam bir bora,

So‘zim so‘z, mol-mulki ortar tobora.

U boyir, ulg‘ayar, shuhratga yetar,

Men ketgach, uning ham obrusi bitar.

Men ketgach, yiqqani to‘zir, nachora,

Ilk qiliq, raftorga qaytar, bechora.

Davlat bevafo, ey nodon, berma dil,

Uni yemirilar to‘lin oy deb bil.

Yusuf Xos Hojib Oyto‘ldi obrazida ham davlat, ham baxt xususiyatlarini birlashtiradi. Ularni bir-biri bilan chambarchas bog‘liq xususiyatlar sifatida tasvirlaydi. Chindan ham, na boylik, na baxt mangu emas, ular birda bor, birda esa yo‘q. Oy qorong‘i tunni yoritish uchun xizmat qilsa, davlat va baxt inson hayotini yorituvchi omildir. Albatta, boylikka xirs qo‘yish, baxtdan mast bo‘lish yaxshilikka olib kelmaydi. Zero, boylik shunday asov ot, baxt shunday ayyor nozaninki, ularni aql-zakovat bilan jilovlamasa, egasini xorlikning tubsiz jarliklariga yiqitishi mumkin.

Tutgan kishi menga solmasa jilov,

Kiyikdek qochib so‘ng bo‘lmam qayta ov

Baxt kelsa, mahkam tut, yo‘qsa to‘zadi,

Bergani rizqing, ol, yo‘qsa uzadi.

Baxt beqaror, topsang uni qil e’zoz,

Yaxshi band qilmasang qaytib ketar boz.

Qay uyga kirsa, tez chiqib ketadi,

Chiqsa, kirgan uyin yiqib ketadi.

Davlat va baxtning xususiyatlari to‘g‘risida so‘z borar ekan, asarda bir voqea keltiriladi. Unga ko‘ra, Oyto‘ldi elig huzuriga kelib, bir koptokka o‘tiradi va ko‘zlarini yumib oladi. Buning sababini so‘ragan Kuntug‘diga boylik koptok kabi bo‘lib, bir joyda tura olmasligini, davlatning ko‘zi yo‘qligi uchun uning qo‘lidan tutgan odam halokatga yuz tutishi mumkinligini aytadi.

Yana bir narsaga e’tiborimizni qaratishimiz lozimki, Oyto‘ldi asar syujeti davomida vafot etadi hamda uning o‘rniga o‘g‘li O‘gdulmish keladi. Bundan anglashimiz mumkinki, davlat-u baxt bizni tark etgan damda faqat aql-u zakovatgina jonimizga ora kiradi.

O‘gdulmish so‘zining asosi “o‘g” turkiycha “aql” ma’nosini anglatadi. So‘zning to‘liq ma’nosi esa “aql bilan yetilgan, maqtalgan” demakdir. Asarda O‘gdulmish bosh vazir sifatida Kuntug‘dining adolatli boshqaruviga o‘zining aql-u zakosi ila ko‘maklashadi hamda bundan davlat gullab-yashnaydi.

O‘zg‘urmish obrazi asarda tarkidunyo qilgan zohid sifatida tasvirlanadi. Uning qanoat timsoli ekanligi ham bejiz emas, albatta. Zero, zohid dunyo ne’matlaridan voz kechib, umrini toat-ibodatga baxshida etgan qalandarsiymodir. “O‘zg‘urmish” so‘zining ma’nosi “uyg‘ongan, sergak” demakdir. Ya’ni, u insonlarni ofiyat-ruhiy sog‘lomlikka, qanoatlilikka chorlaydi.

O‘zg‘urmish asarda O‘gdulmishning qarindoshi sifatida keltiriladi. Buning asosiy sababi shundaki, aql-u zakovatga, ilmga ega bo‘lgan insongina dilni qalandar tutmog‘i, kiyikdek qochoq boylikning ortidan quvib, yo‘ldan adashmay komillik tog‘iga yetmog‘i mumkin. Yusuf Xos Hojib boylik, mansab bor joyda iymonni pok saqlash mushkul ekanligini bir necha o‘rinda keng tavsiflab beradi. Dostonda O‘zg‘urmish eligning amaldor bo‘lish haqidagi taklifini rad etadi. Biroq umri poyoniga yetayotgan damda O‘zg‘urmish O‘gdulmishni vazirlik lavozimidan ketish fikridan qaytaradi hamda xalq baxt-saodati yo‘lida xizmat qilish har qanday toat-ibodatdan ustun ekanligini aytadi. Bu zamon va makon tanlamaydigan o‘gitlardan biridir. Zero, baribir bir kun omonatimni topshiraman, deya uzlatga chekinish emas, umrning har lahzasini biror bir yangi bilimlarni egallab, olam ajoyibotlarining sirli sandig‘i kalitini qo‘lga kiritish uchun harakat qilmoq lozimligi anglashimiz zarur bo‘lgan eng oliy haqiqatdir. Yusuf Xos Hojib bu haqda:

Bekor o‘tmay umring neklik qilib qol,

Dunyoga har kuning muhrin bosib ol.
deya ta’kidlagan edi.

O‘zg‘urmish vafoti oldidan ikki narsa, ya’ni tayoq hamda rakva-charm meshni me’ros qoldiradi. Tayoqni elig, meshni esa O‘gdulmish oladi. Aso tayanch belgisi, u adolat - hukmdor qo‘lida bo‘lishi kerak. Rakva esa poklanish anjomi, u aql-zakovatda bo‘lishi lozim. Negaki, inson qalbi pok bo’lsagina, uning aql-u zakosi barchaga foyda keltiradi. Shoir bu orqali el ustida adolatning ustivor bo‘lishi va uning yonida aql-zakovatning barqarorligi mamlakatning bardavom gullab-yashnashiga asos bo‘lishini ta’kidlamoqchi bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, “Qutadg‘u bilig” dostoni obrazlarning tanlanishi hamda ularga yuklangan ma’noning te’ranligi jihatidan beqiyos asardir. Asar obrazlarini tahlil qilar ekanmiz, ushbu dostonni ma’nolar bulog‘iga qiyos etsak, o‘ylaymanki, mubolag‘a bo‘lmaydi. Buloq suvini simirib, tugata olmaganimizdek, ushbu asardan qancha ma’no uqsak, yana va yana yangi ma’nolar qaynab chiqaveradi. Ze’ro, shoirning o’zi ta’kidlaganidek,

So’zda yo’q jilov, kim uni tortadi?

U buloq, oqsa-da, tinmay ortadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:



  1. “Qutadg‘u bilig” Boqijon To‘xliyev tarjimasi.-Toshkent: “Bayoz” , 2014

  2. O‘zbek tilining izohli lug‘ati

  3. Adabiyot nazariyasi. Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun darslik/ Hotam Umurov.-T.: “Sharq”, 2002.

  4. “Qutadg’u bilig” Fazliddin Ravshanov tarjimasi.-“Akademnashr”,


Download 31.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling