Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘G‘risida


Download 193.1 Kb.
bet1/55
Sana13.02.2022
Hajmi193.1 Kb.
#576138
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55
Bog'liq
d b o salohiddinov-m-u 51725b73, 1 labaratoriya ishi, 3.лекция, 1. Лекция.doc (1)

RAQOBAT MUHITINI YANADA RIVOJLANTIRISH VA IQTISODIYOTDAGI DAVLAT ISHTIROKINI QISQARTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Tovar va moliya bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish orqali samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida mamlakatimizda iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish, narxni ortiqcha tartibga solishdan voz kechish va davlatning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oldimizda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar monopoliyasining iqtisodiyot raqobatbardoshligiga salbiy ta’sirini yanada kamaytirish, imtiyoz va preferensiyalar berish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tartibga solish yukini pasaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar turibdi.
Tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratish, oshkoralikni ta’minlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. Belgilansinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir;
b) Qo‘mita quyidagi vazifalarni amalga oshirishda bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi:
imtiyozlar, preferensiyalar va faoliyatni amalga oshirish uchun eksklyuziv huquqlar shaklida ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda ular raqobat muhitiga salbiy ta’sir etgan taqdirda, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritish;
Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda alohida tartib o‘rnatilgan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ustidan davlat nazoratini olib borish;
davlat organlarining raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzuvchi qarorlarini bekor qilish va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan chora qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish;
“kartel” kelishuvlari va til biriktirishlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aniqlash va ularga chek qo‘yish;
davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tashkil etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
v) Qo‘mita:
raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish sohasida chora-tadbirlar va siyosat uyg‘unligini, erkin va raqobatbardosh bozorni shakllantirish bilan bog‘liq tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda hamda davlat xaridlari, davlat aktivlarini sotish jarayonida raqobat sharoitlarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati bilan hamkorlik qiladi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotida va hududlarda raqobat muhitini yaxshilash, raqobat sohasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni belgilashda, shu jumladan institutsional islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshiradi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-oktabrdan boshlab:
a) tarmoq va sohalarda vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlarining asosiy vazifalaridan biri raqobat muhitini yaxshilash va uni rivojlantirish hisoblanadi hamda mazkur vazifalarni amalga oshirish rahbar va uning birinchi o‘rinbosari zimmalariga yuklatiladi;
b) davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shuningdek ularning affillangan shaxslarining va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida bundan mustasno) ta’sis etilishiga (tashkil etishga tashabbus ko‘rsatishga) quyidagi holatlarda yo‘l qo‘yilmaydi:
bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;
davlat organlari tomonidan o‘zlariga litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda;
v) yagona yetkazib beruvchi bo‘lgan yoki bunday huquq berilgan yoxud ustun (monopol) mavqega ega davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlariga faoliyati muassisining tovarlari (resurslari) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shug‘ullanadigan o‘zlarining affillangan shaxslarini tashkil etish taqiqlanadi, ushbu affillangan shaxslar raqobatchilari bilan teng shartlar asosida faoliyat yuritish sharoiti ta’minlangan holda bo‘lib yuborish natijasida tashkil etish bundan mustasno;
g) davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek ularning affillangan shaxslarini va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish), mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida tashkil etish bundan mustasno, monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan so‘ng amalga oshiriladi;
d) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas, bundan davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlari, shuningdek davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xaridlari mustasno;
e) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishidan avval u bilan affillangan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirishga majburdir.
3. Belgilab qo‘yilsinki, quyidagilarni nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligining tartibga solish ta’sirini baholash hamda Qo‘mitaning raqobat muhitiga ta’sirini baholashi natijalari asosidagi xulosalari mavjud bo‘lsagina belgilangan tartibda qabul qilinadi:
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilishni;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etishni;
yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirishni;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qo‘shimcha majburiyatlar yoxud qo‘shimcha xarajatlar joriy qilishni;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga har qanday turdagi imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berishni.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qo‘mita bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Quyidagilar:
2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
tadbirkorlik faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni yalpi xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;
2024-yilgacha bo‘lgan davrda o‘zlariga tartibga solish bo‘yicha biriktirilgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish uchun mas’ul vazirlik va idoralar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
2021-yil 1-yanvardan boshlab tajriba (sinov) tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ijrochilari:
tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yakunlari bo‘yicha g‘olib deb rasman e’lon qilingan kundan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki kun mobaynida davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish orqali bevosita yoki bilvosita 25 foiz yoki undan ko‘p aksiyalarga (ulushga) haqiqatdan nazorat qilishga ega bo‘lgan o‘zining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) to‘g‘risidagi axborotlarni oshkor qilishlari;
o‘zlarining veb-saytlarida va maxsus axborot portalida doimiy asosda tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan shartnoma majburiyatlari bajarilishi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirib borishga majbur;
b) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, tabiiy monopoliya subyektlari, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shuningdek oxirgi uch yilda tovar sotishdan olingan jami tushumining o‘rtacha yillik miqdori 30 milliard so‘mdan oshadigan korporativ buyurtmachilarda faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xavflarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimi (monopoliyaga qarshi komplayens) joriy etiladi, bunda ushbu tizim:
2021-yil 1-yanvardan boshlab tajriba (sinov) tariqasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida hamda 5-ilovaga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalarda;
2022-yil 1-yanvardan boshlab ushbu kichik bandda belgilangan mezonlarga javob beradigan barcha subyektlarda joriy etiladi.
6. Qo‘mita Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar:
xalqaro tajribani o‘rganish asosida va raqobat muhitini shakllantirish mexanizmini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlarini birlashtirgan holda yagona qonun loyihasini ishlab chiqsin;
erkin raqobat muhitini olib kirish mumkin bo‘lgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo‘l ochish va uni rivojlantirishni nazarda tutgan holda amaldagi qonun hujjatlariga o‘rnatilgan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritsin.
7. Davlat soliq xizmati organlarining 28 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobiga:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasidagi Biznes muhitini yaxshilash va zamonaviy iqtisodiyotni shakllantirish departamentining shtatlar soni 8 ta shtat birligiga oshirilsin va unga qonun hujjatlari loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash vazifasi yuklatilsin;
Qo‘mita tuzilmasida Davlat ko‘magini berishni nazorat qilish va uning samaradorligini baholash boshqarmasi tashkil qilinsin, unga va Savdolarni nazorat qilish boshqarmasiga qo‘shimcha 20 ta shtat birligi kiritilsin.
8. Ushbu Farmonning 4-ilovasida keltirilgan vazirlik va idoralar Qo‘mita hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar o‘zlariga tartibga solish bo‘yicha biriktirilgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqsin va ularni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qo‘mita:
a) bir oy muddatda raqobatni ta’minlash va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2020-yil 1-oktabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlariga davlat buyurtmachilari, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan shaxslarga, shuningdek o‘zining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmagan yoki ular to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ijrochilariga tender va tanlov savdolarida, eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillarida va to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda ishtirokini taqiqlashni va bunday qonun buzilishi holatlari uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘risida taklif kiritsin;
v) Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2020-yil 1-oktabrga qadar davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, shuningdek ularning affillangan shaxslarini va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish)da dastlabki rozilik olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
2020-yil 15-oktabrga qadar xaridlar jarayonida davlat buyurtmachilari, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar o‘zlarining affillangan shaxslari haqidagi, shuningdek xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari tomonidan o‘zlarining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) haqidagi ma’lumotlarni majburiy oshkor etish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin;
g) Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar taqdim etilgan imtiyoz miqdorlarini kutilayotgan natijalar va olingan majburiyatlarga, O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va raqobat muhitiga ta’siri darajasini tizimli ravishda monitoringini yuritish va samaradorligini baholash tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li orqali xaridlarni amalga oshirishni to‘liq elektron shaklda, Internet tarmog‘i orqali onlayn tarzda amalga oshirishga o‘tkazishni ta’minlasin;
e) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliyaviy tashkilotlarning, shu jumladan Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magini jalb qilish orqali:
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkilotining (OESR) Tovar bozorlarini tartibga solish Indeksi (Product Market Regulation-PMR) asosida respublikada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqobat muhiti diagnostikasini amalga oshirish metodologiyasini ishlab chiqsin hamda xorijiy amaliyot asosida monopoliyaga qarshi kurashishning yangi samarali instrumentlarini joriy qilsin;
yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risidagi” qonuni loyihasini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni va uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqishda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb qilsin;
rivojlangan davlatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari, shu jumladan Xalqaro raqobat tarmog‘i (International Competition Network) bilan raqobatni himoya qilishdagi dolzarb masalalarning muhokamasini amalga oshirish uchun tizimli muloqotni o‘rnatsin;
monopollashgan sohalarni tahlil qilish va ularda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, shuningdek Qo‘mitaning institutsional salohiyatini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
j) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar amaldagi ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan holda foydalanish imkonini beruvchi, onlayn rejimda tovar va moliya bozorlarida xususiy tadbirkorlik subyektlarining mavjudligini, shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan affillangan shaxslarni aniqlashga xizmat qiluvchi elektron tizimni joriy qilsin.
10. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritishga oid chiqishlar va tematik dasturlarni tashkil etish tavsiya etilsin.
11. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Download 193.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling