Reja: Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari. Dunyoqarashning tuzilishi va tarixiy shakllari. Falsafa fanining predmeti va funksiyalari


Download 74 Kb.
bet1/4
Sana22.10.2020
Hajmi74 Kb.
#135465
  1   2   3   4
Bog'liq
falsafa 1-maruza


1-Ma'ruza. Falsafa: uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli.

Reja:

1.     Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari.

2.     Dunyoqarashning tuzilishi va tarixiy shakllari.

3.     Falsafa fanining predmeti va funksiyalari.

4.     Hozirgi davrda milliy falsafani rivojlantirish muammolari, uning xalqaro aloqalarni tashkil etishdagi ahamiyati.

. Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari.


1. «Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi. Har qanday noma’lum so‘z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o‘rinli bo‘ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so‘zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o‘tuvchi bilim va inson o‘z aqliga tayanib, mushohada yuritish va borliqni tanqidiy tushunish yo‘li bilan olishi mumkin bo‘lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan.

SHuni ta’kidlash lozimki, Pifagor ham, qadimgi davrning boshqa faylasuflari ham dastlab «falsafa» tushunchasiga uning keyinchalik paydo bo‘lgan va mohiyat e’tibori bilan, falsafani «barcha fanlar podshosi» darajasiga ko‘targan ma’nosidan boshqacharoq ma’no yuklaganlar. Ammo ilk faylasuflar o‘zlarini donishmand deb hisoblamaganlar va donolikka da’vo qilmaganlar, zero, o‘sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko‘ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o‘tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so‘nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo‘lgan bashoratgo‘ylar, kohinlar va oqsoqollar e’tirof etilgan. Ularning so‘zlari birdan-bir to‘g‘ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, qadimgilar fikriga ko‘ra donishmandlik muxlisi bo‘lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o‘z aqliga tayanib, ijodiy yo‘l bilan, shuningdek boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo‘lgan.

Biroq, insonning dunyo va o‘ziga bunday munosabat darhol yuzaga kelgani yo‘q. Insonning tabiatga qarshilik ko‘rsatish, mavjudlik vositalarini yaratish va ko‘paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o‘sgunga, buning natijasida etarli tajriba va bilimlar to‘plangunga, odamlar aqli ko‘p sonli savollarga javob izlash uchun etarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. SHu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo‘lish sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? SHuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Erda paydo bo‘lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu erda biz hali kam o‘rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida echilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qaerdan, qaysi sabablarga ko‘ra paydo bo‘lgan, degan savolga aniq, umumiy e’tirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. SHuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig‘ida mavjudligi ob’ektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o‘z javobini topganicha yo‘q.

Binobarin, insoniyat tarixi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar nuqtai nazaridan ayrim masalalar mavjud bo‘lib, ular xususida olimlar va mutaxassislar ma’lum bir to‘xtamga kelganlar. Xususan, boy tarixiy material, arxeologiya fani olgan daliliy ma’lumotlari, shuningdek boshqa fanlarning metodlari bilan olingan natijalar (masalan, jinslar, foydali qazilmalar yoshini aniqlash va sh.k.)ni e’tiborga olgan holda, ishonch bilan inson sayyoramizda hayotning tadrijiy (evolyusion) rivojlanishi mahsulidir, deb qayd etish mumkin. Hozirgacha mavjud bilimlar oddiy mehnat qurollarini yasagan insonsimon mavjudotlarning (lot. homo habilis – uquvli odam) qadimgi manzilgohlari taxminan 3-5 mln yil oldin paydo bo‘lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi.

Arxeologik va ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qaddini tik tutib yuradigan odam yoshi taxminan 1,5 mln yilni tashkil etadi. Homo sapiens, ya’ni aqlli odamlar tipi atigi 40-60 ming yil oldin vujudga keldi. Mutaxassislar fikricha, insonda ong paydo bo‘lib,  ijtimoiy mavjudot sifatida uzil-kesil shakllanganidan beri, uning asosiy xususiyatlarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani yo‘q, ya’ni u hozirgi odamlardan deyarli farq qilmaydi.

Ong paydo bo‘lishi esa, ilmiy tasavvurlarga muvofiq, inson tarixiy rivojlanishining odam miyasi o‘sib borayotgan mehnat faolligi va verbal (nutq orqali) muloqot ta’sirida o‘ta rivojlanib, murakkab mavhumliklarni tushunadigan darajaga etgan davri bilan bog‘lanadi. SHunday qilib, inson tushunchalarga ta’rif berish, mulohazalar bildirish va mushohadalar yuritish yo‘li bilan sodda, lekin tom ma’noda aqliy ish olib bora boshladi.

Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi YUnonistonda taxminan bir vaqtda avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din o‘zlarining tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan qiziqishini qondira olmay qoldi. Ular shuningdek sezilarli darajada o‘sgan va murakkablashgan tajriba va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan chiqolmay qoldi.

Taniqli nemis faylasufi Karl YAspers ta’biri bilan aytganda, bu davrda (uni faylasuf «dunyoviy vaqt» deb ataydi) insoniyat o‘z rivojlanishida katta burilish yasagan. Osoyishtalik va barqarorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan mifologiya davri nihoyasiga etdi, oqilonalik va oqilona tekshirilgan tajribaning mifga qarshi kurashi natijasida u asta-sekin chekina boshladi. «Jahon tarixi o‘qini taxminan miloddan avvalgi 500 yil, miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig‘ida yuz bergan ma’naviy jarayon bilan bog‘lash o‘rinli bo‘lsa kerak, - deb yozadi K.YAspers. – SHu davrda tarixda eng katta burilish yasaldi. Hozirgi tipdagi inson va ilk faylasuflar paydo bo‘ldi. Inson ayrim individuum sifatida o‘z-o‘zida tayanch izlashga jur’at etdi. Xitoy zohidlari, SHarq darbadar mutafakkirlari, Hindiston tarki dunyochilari, YUnoniston faylasuflari va Isroil avliyolari e’tiqodi o‘z ta’limotining mazmuni va ichki tuzilishiga ko‘ra bir-biridan qay darajada farq qilmasin, o‘z mohiyatiga ko‘ra yaqindir. Endi inson botiniy darajada o‘zini dunyoga qarshi qo‘yishi mumkin bo‘ldi. Inson o‘zida unga dunyodan va o‘z-o‘zidan yuksakroq ko‘tarilish imkonini beruvchi ichki salohiyatni kashf etdi».

YUz bergan o‘zgarishlarning yana bir sababi shundaki, mifologiya olish, rivojlantirish va tushuntirish uchun navbatdagi miflar emas, balki tabiiy qonuniyatlar va tabiiy-sababiy bog‘lanishlarga murojaat qilish talab etilgan ilmiy bilim kurtaklari bilan to‘qnashdi. Pirovardida odamlar dunyoqarashida nisbatan qisqa vaqt ichida tub o‘zgarishlar yuz berdi; unda bilim, tafakkur, tahliliy fikrlash tobora muhimroq rol o‘ynay boshladi, ular sirtdan olingan axborotni sezgilar va emotsiyalar darajasida idrok etishga asoslangan har xil e’tiqodlarni chetga chiqarib qo‘ydi. Faqat so‘zlariga ishonish kerak bo‘lgan ota, kohin, ruhoniy o‘rnini, savollar beruvchi va anglashga chorlovchi muallim faylasuf egalladi. U shubha urug‘ini sochib, qiziqish uyg‘otdi va: «Ishonma, balki o‘zing fikr qil!», deya da’vat etdi.

Faylasuf tafakkurni xurofot va bid’atlardan tozalab, uni erkinlashtirdi va mifologik yoki diniy dunyoqarashga mutlaqo xos bo‘lmagan tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirdi. Ajdodlardan meros qolgan «donishmandlik» manbai sanaluvchilar, tayyor bilimlar va shak-shubhasiz haqiqatlarni e’tiqod sifatida qabul qilishga chorlovchilardan farqli o‘laroq, faylasuf savollarni ta’riflashni va avvalo sog‘lom fikr va o‘z aql-zakovatining kuchiga tayanib, ularga javob qidirishni o‘rgatatdi.

Shu ma'noda, falsafa barcha fanlar rivojlanishiga asos bo'ladigan va ulardan oziqlanadigan, ayni paytda ularning rivojlanish yo'llarini belgilab beradigan umuminsoniy va universal ilm sohasidir. U qadim zamonlardayoq «barcha ilmlarning otasi» deb ta'riflangan. Uning hayotiyligi xalq tabiatiga, turmush va tafakkur tarziga nechog'liq mos ekani, jamiyat manfaatlari va ezgu intilishlarini qay darajada aks ettira olishiga bog'liq.

«Falsafa» atamasi «filosofiya» so'zining Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Sharqning atoqli faylasufi, mashhur mutafakkir Abu Nasr Forobiy filosofiya so'zini «Hikmatni qadrlash» deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida «donishmandlikni sevish» degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni e'zozlash ma'nosida ishlatilgan. Hayot qonuniyatlarini yaxshi biladigan, umrning o'tkinchi ekani, abadiyat insonga emas, olamga xosligini yaxshi anglab yetgan, o'zi va o'zgalar qadrini to'g'ri tushunadigan kishi hech qachon «Men — donishmandman» deya ochiq e'tirof etmaydi. Ayniqsa, Sharq xalqlari hayotida bu hoi yaqqol ko'zga tashlanadi. Ammo, Forobiy ta'kidlaganidek, hikmatni qadrlash, olam va odam hamda hayotning qadriga yetish — boshqa gap. Shu ma'noda, bizda qadim zamonlarda faylasuf deganda, ko'pdan ko'p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va mutafakkir kishilar tushunilgan.

«Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi malum bo'lgan, alloma Pifagor ishlatgan. Yevropa madaniyatiga esa, u yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Asrlar davomida filosofiyaga nisbatan xilma-xil qarashlar shakllangan, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o'rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar dunyoga kelgan, bu atamaning mohiyat-mazmuni ham o'zgarib borgan.

Shu tariqa, u avvalo, qadimgi Yunonistonda alohida bilim sohasiga, to'g'rirog'i, «fanlarning otasi», ya'ni asosiy fanga aylangan. Qadimgi Yunonistonda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug'ullanishidan qat'i nazar, filosofiya deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, ham tabiat to'g'risidagi ilm hisoblanar edi. Shu ma'noda, dastlabki filosofiya olam va unda insonning tutgan o'rni haqidagi qarashlar tizimi bo'lib, dunyoni ilmiy bilish zaruratidan vujudga kelgan edi. Uning eng asosiy qadriyati erkinlik tushunchasi ekanini, ana shu erkin hayot to'g'risidagi qarashlar buyuk madaniy yuksalishga asos bo'lganini aksariyat olimlar alohida ta'kidlaydilar.

Ushbu fanning shakllanishini faqatgina qadimgi Yunoniston va Rim bilan bog'lash ham bu borada yetarli tasavvur bermaydi. Chunki ushbu hududning dastlabki faylasufi Fales ko'p yillar Osiyoda bilim olib qaytganidan so'ng falsafiy fikrlarni alohida ilm sohasi sifatida talqin eta boshlagani malum. Alloma Beruniyning «Hindiston» asarida hindlarning dastlabki qarashlari qadimgi yunonlarniki bilan o'xshash edi, degan fikri ham bejiz aytilmagan, albatta. Bu o'z navbatida, falsafiy dunyoqarashning qadimgi shakllari barcha xalqlar tarixiga tegishli umumiy hodisa ekanini isbotlaydi.

Aslida esa, Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII—III asrlarda ushbu fan endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi, olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi. Ushbu fan dastlab saroy ilmi sifatida shakllangan va asosan mulozimlarning tafakkur tarzini ifodalagan. Bu fan bilan ko'proq aslzodalar shug'uUangan, uning asosan ular uchun tushunarli bo'lgan muayyan tushunchalari va atamalari, o'ziga xos fikrlash uslublari va bayon qilish tili ham shakllangan.

Falsafiy bilimlar rivoji uzluksiz jarayon bo'lib, u insoniyatning tafakkur bobida ilgari erishgan yutuqlarni tanqidiy baholashni taqozo etadi. Biroq bu — ularni tamoman rad etish, ko'r-ko'rona tanqid qilish lozim degani emas, balki ularga xos barcha xato va kamchiliklarni anglab, yaxshi va ijobiy jihatlaridan foydalanish demakdir. Ana shunday tanqidiy yondashuv va vorislik falsafaning muhim xususiyatlaridan biridir.

Bu fanning oldiga qo'yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o'rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida unga bo'lgan munosabat ham o'zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo'lib va ularning ba'zilari falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.

Falsafaning ijtimoiy ong tizimida tutgan o'rni, jamiyat va shaxs hayotidagi ahamiyati nimadan iborat, degan masala hamma davrlarda ham dolzarb bo'lgan. Ayniqsa, tarixiy taraqqiyotning tub burilish davrlarida falsafaning asl mohiyatini bilish, uning usul va g'oyalari kuchidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan.

Kishilik jamiyati hech qachon bir tekis va silliq rivojlanmagan. Taraqqiyot ortidan inqirozlar, yutuqlar ketidan mag'lubiyatlar, farovonliklar izidan zavolga yuz tutishlar ta'qib etgan. Muayyan jamiyat iqtisodiy-siyosiy, axloqiy-diniy, badiiy-estetik taraqqiyot borasida inqirozga duch kelar ekan, undan chiqib ketish uchun ilg'or falsafiy ta'limotlarga ehtiyoj sezadi.

Shuning uchun ham buyuk falsafiy ta'limotlarni, bir tomondan, madaniy-intellektual rivojlanish samarasi, ikkinchi tomondan, tub ijtimoiy o'zgarishlar taqozosi deyish mumkin. Muayyan tarixiy burilish davrida «Falsafa nima o'zi?» degan masala dolzarb ahamiyat kasb etishi ham shundan. Ana shunday davrlarda kishilar falsafaning mohiyati, uning maqsad va vazifalarini yangicha idrok etganlar.

Qadimgi Yunoniston va Rim davridan buyon o'tgan ikki ming yildan ziyodroq vaqt mobaynida «Falsafa eidi yo'q bo'ldi, uni o'rganishning hech bir zarurati qolmadi» qabilidagi gaplar ko'p bo'lgan. Lekin zamonlar o'tishi bilan odamzod baribir falsafaga ehtiyoj sezgan va u insonning ma'naviy kamolotida beqiyos ahamiyat kasb etishiga qayta-qayta ishonch hosil qilgan. Bu jihatdan quyidagi rivoyat juda ibratlidir. Miloddan oldingi birinchi asrda yashab o'tgan buyuk faylasuf Lukretsiyning shogirdlaridan biri unga qarab: «Ustoz, fanning boshqa sohalariga oid ilmlar juda ko'payib ketdi. Endi falsafani o'rganishning hojati bormikan?» - debdi. Shunda ulug' faylasuf bamaylixotir gap boshlab: «Falsafani Suqrot, Aflotun, Arastu kabi buyuk allomalar yaratgan. Lekin endilikda insoniyatning ana shunday buyuk mutafakkirlari yaratgan bu fanni o'rganmaslik har qaysi nodonning ham qo'lidan keladigan ish bo'lib qoldi», - degan ekan.

Falsafa kishilarga olam to'g'risida yaxlit tasavvur beradi, boshqa fanlar esa, uning ayrim jihatlarini o'rganadi. Masalan, biologiya o'simlik va hayvonot dunyosini, turlarining kelib chiqishi, o'zgarishi va takomillashib borishi kabi masalalarni o'rganadi. Bu sohaga oid fanlar ushbu yo'nalishdagi jarayonlarning ba'zi xususiyat va jihatlarini chuqurroq tadqiq etishga harakat qiladi. Binobarin, biolog har qanday rivojlanish jarayoni bilan emas, balki faqat jonli tanadagi rivojlanish jarayoni bilan qiziqadi. Umuman, rivojlanish jarayonining o'zi nima, uning mohiyati qanday? Masalaning aynan shu taxlitda qo'yilishi ilmiy muammolarni falsafiy masalaga aylantiradi. Ya'ni, shu tariqa muayyan mavzu oddiy ilm sohasidagi yo'nalishdan falsafiy muammo tusini oladi.

Endi Faylasuf kim, degan savolga javob beraylik. «Filosof» so'zini ham yuqorida aytganimizdek, ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor qo'llagan. Bu tushunchaning ma'nosini u Olimpiya o'yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan: anjumanga keladigan bir guruh kishilar bellashish, kuch sinashish, ya'ni o'zi va o'zligini namoyon etish uchun, ikkinchi bir guruh — savdo-sotiq qilish, boyligini ko'paytirish uchun, uchinchisi esa, o'yindan ma'naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi. Ana shu uchinchi guruhga mansub kishilar, Pifagor talqiniga ko'ra, faylasuflar edi. Bu, bir qarashda, oddiy va jo'n misolga o'xshaydi. Ammo uning ma'nosi nihoyatda teran. Chunki, inson umri ham shunday. «Dunyo teatrga o'xshaydi, unga kelgan har bir kishi sahnaga chiqadi va o'z rolini o'ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Kimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari to'g'risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini yeyish-ichish, uy-ro'zqor tashvishlari bilan o'tkazadi. Boshqasi — nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo'yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o'rganadi, umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo'larli hayot kechiradi.

Qadimgi davrlarda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo'lgan, inson ma'naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug'ullanganlar. Aslida, o'sha davrlarda falsafani o'rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko'zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520—460 yillarda yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do'stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o'tkazmay desang, falsafani o'rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan. Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470—399-yillarda yashagan) bu haqiqatni quyidagicha ifoda etgan: «O'z-o'zingni yerga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o'zligingdan yuqori turish esa — faylasuflikdir». Xuddi shuningdek, Sharqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o'z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to'plangan bilim va tajribalarni o'zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko'tarilganlar.

Umuman olganda, bilimdon kishilarning barchasini ham donishmand yoki mutafakkir deb bo'lmaydi. Haqiqiy faylasuflar hayotda nihoyatda kam bo'ladi. Ular o'z davri va millatining farzandi sifatida insoniyat tarixiga katta ta'sir ko'rsatadi. Xudoning o'zi aql-zakovat, iste'dod, kuch-quvvat ato etgan, yorqin tafakkurga ega bo'lgan bunday buyuk shaxslar umumbashariy taraqqiyot miqyosida tanilgan, teran insoniv g'oyalar, ma'naviy boyliklarning qadr-qimmatini chuqur anglaydigan donishmand odamlar bo'lgan.

Falsafaning umumbashariy fan ekani, uning bahs mavzulari va asosiy muammolarini belgilab beradi. Shu ma'noda odam va olam, ularning ibtidosi va intihosi, hayoti va o'zaro munosabatlari, inson tafakkuri, tabiat va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari falsafa uchun azaliy muammolardir. Shu bilan birga, muayyan davrda tug'iladigan va hal etiladigan o'tkinchi muammolar ham bo'ladi. Ular abadiy muammolar darajasiga ko'tarilmasa-da, o'z davrining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqani uchun, muhim ahamiyat kasb etadi. Falsafa yangi g'oyalarning tug'ilishiga imkon beradi. Hayot, ijtimoiy tajriba bilan uzviy bog'liq holda rivojlanadi. U tarixiy davr bilan mustahkam aloqadorlikda taraqqiy etadi. Har bir tarixiy davr, uning oldiga yangi masala va muammolarni qo'yadi. Falsafiy muammolar bevosita hayot zaruratidan tug'iladi. Aynan ular orqali falsafada davrning taraqqiyot tamoyillari va o'ziga xos xususiyatlari aks etadi. Masalan, hozirgi zamonda yurtimiz falsafasi uchun istiqlol davriga xos qonuniyatlar va xususiyatlarning falsafiy asoslarini izohlash zarurati shu bilan belgilanadi. Falsafiy ta'limotlarda jamiyat hayotining barcha sohalari tarixiy jarayonga xos tamoyiUar, ijtimoiy guruhlarning manfaat va kayfiyatlari, tafakkur usullari o'z aksini topadi. Shuning uchun ham muayyan ijtimoiy kuch, sinf, guruh, partiya va oqimlar o'z maqsad-muddaolari va g'oyalarini ilmiy asoslashda falsafadan foydalanadi. Falsafadagi ustuvor qarash va qoidalar davr mahsuli bo'lgani uchun, zamonning taraqqiyot tamoyillari va muammolari unda o'z ifodasini topadi.


Download 74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling