Reja: Ma`muriy huquq subyektlarining umumiy tavsifi


Download 46 Kb.
Sana08.11.2020
Hajmi46 Kb.
#142517
Bog'liq
Mamuriy-huquq-subyektlari


Ma`muriy huquq subyektlari

Reja:


  1. Ma`muriy huquq subyektlarining umumiy tavsifi

  2. Individual subyektlar va jamoa subyektlar

  3. Ma`muriy huquq layoqati va muomala layoqati

Har bir huquq tarmog`i o`zining subyektlariga ega bo`lib, ular tartibga solinadigan huquqiy munosabatlarning o`ziga xos xususiyatlari bilan tavsiflanadi.

Huquq subyekti”dan “huquqiy munosabat subyekti ”ni farqlash lozim. Ma`lumki, huquqiy munosabat subyekti – bu aniq bir huquqiy munosabatning ishtirokchisidir. Huquq subyekti esa, bu huquqiy munosabatlarda ishtirok eta oladigan hamda subyektiv huquqlar va majburiyatlarga ega bo`lgan shaxslardir.

Huquq subyektlari huquqiy munosabatlarga kirishganida, huquqiy munosabat subyektiga aylanishi mumkin. Lekin huquqiy munosabatda ishtirok etayotgan huquq subyektlari o`zlarining oldingi holatini yo`qotmaydi. Huquq subyektlari bir vaqtning o`zida bir necha huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari sifatida namoyon bo`lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan olganda, huquq subyekti huquqiy munosabat subyektiga qaraganda kengroq tushunchadir.

Yuridik adabiyotlarda huquq subyektlari bo`yicha turlicha fikrlar bildirilgan. Aksariyat huquqshunos olimlarining fikricha, ma`muriy huquq subyektlari ikkiga bo`linadi: individual subyektlar va jamoa subyektlar.

Jumladan, YU.M.Kozlovning ko`rsatishicha, individul subyektlar – bu fuqarolar, xorijiy davlatning fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, shuningdek, davlat xizmatchilaridir.

Jamoa subyektlariga – turli ko`rinishdagi davlat va nodavlat tashkilotlari kiradi. Birinchi guruhga - ijro hokimiyati organlari, davlat korxonalari va muassasalari hamda ularning birlashmalari (masalan, korporatsiya, konsern va h.k.lar), ijro hokimiyati organlarining ma`lum bir vakolatga ega bo`lgan tuzilmaviy bo`linmalari (masalan, departamentlar) kiradi. Ikkinchi guruhga esa, jamoat birlashmalari (partiyalar, kasaba uyushmalari, ommaviy harakatlar), xususiy korxona va tashkilotlar hamda boshqa tijorat va notijorat tuzilmalari kiradi.1

YU.N.Starilovning fikricha, ma`muriy huquq subyektlari doirasini aniqlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki aynan ular ma`muriy-huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari sifatida namoyon bo`lib, davlat boshqaruvi vazifalari va funksiyalarini amalga oshiradilar; davlat boshqaruvi sohasida tartibga solish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, farmoyish berish, kontrol-nazorat vakolatlarini amalga oshiradilar; yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarni ko`rib chiqadilar va h.k.lar.

Ma`muriy huquq subyektlari sifatida ma`muriy qonunchilik normalari bilan o`rnatilgan asoslarda, davlat boshqaruvini amalga oshirishda ishtirok etuvchi jismoniy va yuridik shaxslar (tashkilotlar) namoyon bo`ladi. Ma`muriy huquq subyektlari – ommaviy boshqaruv faoliyati tomonlarining biri bo`lib, qonunchilik bilan ma`lum bir huquqlarga, majburiyatlarga, vakolatlarga, javobgarlikka, ma`muriy-huquqiy munosabatlarga kirishish qobiliyatiga ega bo`lgan boshqaruv munosabatlarining ishtirokchilaridir. Ma`muriy huquq subyektlari tomonidan ularga berilgan huquqlar va majburiyatlarni bajarish aniq bir huquqiy munosabat doirasida amalga oshiriladi.2

YU.N.Starilov ham YU.M.Kozlov singari, ma`muriy huquq subyektlarini ikkiga: individual va jamoa subyektlariga bo`ladi. Individual subyektlar - fuqarolar, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar bo`lib, ular ijro hokimiyati va ommaviy boshqaruv organlari bilan qat`iy va doimiy tashkiliy aloqalarda bo`lmaydi. Fuqarolar, masalan, qandaydir harakatni sodir etish zarurati bilan ularga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish, tegishli davlat organining ruxsatini (litsenziya) olish, huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni buzadigan ijro hokimiyati organlarining harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish orqali ma`muriy-huquqiy munosabatlarning subyekti sifatida namoyon bo`ladi.

Davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslar ham ma`muriy huquqning individual subyektlari hisoblanadi. Ular davlat hokimiyati organlarida davlat mansablarini egallaydilar, mazkur organlar bilan qat`iy va doimiy aloqalarda bo`ladilar; ularning maqomi normativ huquqiy aktlar bilan bir xilda tartibga solinadi; davlat organlari vakolatlarini amalga oshiradilar va ma`lum bir davlat-hokimiyat vakolatiga ega bo`ladilar; davlat organlari nomidan harakat qiladilar va qarorlar qabul qiladilar.

Ma`muriy huquqning jamoa subyektlari – bu insonlar guruhi bo`lib, tashqi munosabatlarda mustaqil subyekt sifatida ishtirok etadilar; ularni tashkil etish tartibi va faoliyati normativ huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Ma`muriy-huquqiy munosabatlarda jamoa subyektlari o`z nomlaridan harakat qiladilar; qonun va boshqa normativ hujjatlarda ularning huquqlari va ma`lum bir majburiyatlari belgilab qo`yiladi.

B.N.Gabrichidzening ko`rsatib o`tishicha, ma`muriy huquqning subyektlari bo`lib:

a) davlat hokimiyati organlari;

b) jamoat birlashmalari;

c) korxona va tashkilotlarning ma`muriyati;

d) fuqarolar hisoblanadi.

Ma`muriy huquq subyektlari o`zining tabiati, huquqiy maqomi va boshqa belgilariga ko`ra bir-biridan farqlanadi.3

L.I.Solovyevaning fikricha, ma`muriy-huquqiy munosabatlarning subyektlari deganda – davlat boshqaruvi sohasida huquq va majburiyatlarga ega bo`lgan va ularni amalga oshira oladigan aniq tomonlar tushuniladi. Ma`muriy-huquqiy munosabatlarning subyektlari bo`lib:

a) davlat organlari;

b) boshqaruv organi yoki jamoat birlashmasi nomidan harakat qiladigan hamda boshqaruv sohasida yuridik-hokimiyat vakolatiga ega bo`lgan mansabdor shaxslar;

c) korxona, muassasa va tashkilotlar;

d) jamoat birlashmalari;

e) fuqarolar.4

Ma`muriy huquq subyekti hamma vaqt huquq subyekti hisoblanadi. Huquqning subyektlari bir vaqtning o`zida bir necha huquq tarmoqlarining subyekti sifatida namoyon bo`lishi mumkin. Masalan, fuqaro bir vaqtning o`zida ma`muriy, fuqarolik yoki mehnat huquqi tomonidan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlar subyekti bo`lishi mumkin. Mazkur huquqiy munosabatlarning mohiyati – huquq layoqati tushunchasi, uning xususiyati, mazmuni va hajmi orqali yoritib beriladi.

Ma`muriy huquq layoqati va muomala layoqati – subyektlar ma`muriy-huquqiy holatining asosini tashkil etadi.



Ma`muriy huquq layoqati – huquq subyekti umumiy huquq layoqatining bir turi bo`lib, qonunchilik bilan o`rnatilgan va davlat tomonidan kafolatlangan hamda aniq bir subyektning (fuqaro, davlat organi, davlat xizmatchisi, mansabdor shaxs, nodavlat tuzilmalari va h.k.lar) turli huquqiy munosabatlarda ishtirok etish qobiliyatini anglatadi.

Ma`muriy huquq layoqati – bu ma`lum bir huquqlarga ega bo`lish va majburiyatlarni bajarish, harakatlarni amalga oshirish va qarorlar qabul qilish, ma`muriy ish qo`zg`atish va ma`muriy huquqbuzarlik ishlarini ko`rib chiqish, huquqiy normalarni buzish va qonun bilan o`rnatilgan talablarga rioya etmaganlik uchun javobgarlikka tortilish qobiliyatiga ega bo`lishdir.

Ma`muriy-huquqiy munosabatlar faqatgina uning subyektlari huquq layoqatiga ega bo`lganidagina, ya`ni huquqiy munosabatlarga kirishish uchun asos bo`ladigan huquq va majburiyatlarga ega bo`lganida vujudga kelishi mumkin.

Ma`muriy huquqning har bir subyekti o`ziga xos ma`muriy huquq layoqatiga egadir. Masalan, fuqarolarning ma`muriy huquq layoqati o`zining mazmuni va xususiyatlariga ko`ra ijro hokimiyati organlarining, jamoat birlashmalarining yoki boshqa tashkilotlarning ma`muriy huquq layoqatidan farqlanadi. Bundan tashqari, ma`muriy qonunchilikka kiritiladigan o`zgarishlar – ma`muriy huquq layoqatining mazmuniga o`z ta`sirini ko`rsatadi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar tomonidan ma`muriy huquq layoqatining amalga oshirilishini jismoniy shaxsning yoki boshqaruv organi (mansabdor shaxs)ning xohish-irodasini ifoda etishisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Ma`muriy huquq subyektining huquq va majburiyatlarni amalga oshirish bo`yicha ifodalangan irodasi - huquq layoqatini yuridik mazmun bilan boyitadi.

Demak, ma`muriy huquq layoqati – bu subyekt tomonidan u uchun o`rnatilgan huquqlar, erkinliklardan foydalanish, shuningdek, majburiyatlarni bajarish, vakolatlarni amalga oshirish qobiliyatidir. Ma`muriy huquq subyektining ma`muriy huquq layoqati uning ma`muriy huquqiy holatini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, huquq layoqati - tegishli sharoitlar mavjud bo`lganida huquq subyektini huquqlar va erkinliklardan foydalanuvchi, majburiyatlar yuklash hamda yuridik javobgarlikka tortish mumkin bo`lgan shaxs sifatida namoyon qiladi.

Ma`muriy-huquqiy normalar bilan o`rnatilgan huquq layoqatiga ega bo`lgan subyektlar, ularga berilan huquq layoqatini amalda ro`yobga chiqarishlari orqali, ma`muriy-huquqiy munosabatlarning ishtirokchilariga aylanadilar. Shu sababli, m`muriy huquq subyektlari ma`muriy huquq layoqati bilan bir vaqtda ma`muriy muomala layoqatiga, ya`ni ularga tegishli bo`lgan boshqaruv sohasidagi huquqlarni amalga oshirish qobiliyatiga ham ega bo`lishi kerak. Jismoniy yoki yuridik shaxsning muomala layoqati – bu ularning o`z qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) bilan huquqlarga ega bo`lishi va amalga oshirishi, o`zlariga va boshqa shaxslarga majburiyatlarni vujudga keltirishi, ularni bajarishi hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta`minlash qobiliyatiga ega bo`lishidir.

Ma`muriy muomala layoqati, YU.N.Starilovning fikricha, normativ o`rnatilgan va ma`muriy huquq subyektiga tegishli bo`lgan huquq va majburiyatlarni amalga oshirishga imkon beradigan “faol” va “ijodiy” asoslarga egadir, ya`ni huquq subyekti tomonidan unga tegishli huquqlar va erkinliklardan, vakolatlardan foydalanish, boshqaruv sohasida qonuniylikni ta`minlash, boshqaruv funksiyalarini bajarish, boshqaruvning ma`muriy-huquqiy shakl va uslublarini, ma`muriy-huquqiy majburlov choralarini qo`llash hisoblanadi. Muomala layoqati – bu subyektlar tomonidan ularga tegishli bo`lgan huquq va erkinliklarni amalga oshirishning, shuningdek, o`rnatilgan majburiyatlarni bajarishning muhim sharoitidir.5

Ma`muriy muomala layoqati - jismoniy shaxs yoki davlat ma`muriyati vakilining ma`lum bir huquqiy ahamiyatga ega bo`lgan o`z xatti-harakatlarini anglashi va to`g`ri baholashi, ularga amal qilishi hamda ularni qo`llashning qonuniy ekanligini kafolatlash qobiliyatidir.

Ma`muriy huquq subyektlarida ma`muriy muomala layoqati turlicha vujudga keladi. Muomala layoqati vujudga kelishining asosiy sharti bo`lib, subyektlar huquqlari, majburiyatlari va vakolatlarining xususiyatlari hisoblanadi.

Ma`muriy qonunchilik ma`muriy huquq subyektlarining muomala layoqatini turli asoslarga ko`ra belgilaydi:

a) yoshga qarab (masalan, fuqarolarning umumiy asoslarda ma`muriy javobgarlikka tortilishi 16 yoshdan boshlanadi yoki fuqarolarning harbiy xizmatni o`tashi 18 yoshdan boshlanadi);

b) mansabni egallaganlik holatiga qarab (masalan, davlat-hokimiyat vakolatlarini faqatgina maxsus huquqiy normalar bilan vakolat berilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi);

c) huquqlarni amalga oshirish va majburiyatlarni bajarishning huquqiy tartibiga qarab (masalan, favqulodda holatlarda shaxslarning huquqlari cheklab qo`yilgan bo`lishi mumkin);

d) ro`yxatga olish yoki boshqa ma`muriy jarayonlarni olib borish natijasiga qarab (masalan, ma`muriy huquq subyekti hisoblangan ayrim tashkilotlar o`z faoliyatini faqatgina tegishli tartibda ularning ustavi ro`yxatga olingandan yoki ruxsatnoma (litsenziya) berilgandan so`ng amalga oshirish imkoniyatiga ega bo`ladi).

Ma`muriy muomala layoqatiga ega bo`lishning huquqiy asoslari normativ huquqiy aktlarda o`rnatiladi.



Demak, jismoniy va yuridik shaxslarning ma`muriy huquq subyekti sifatida namoyon bo`lishi, ma`muriy-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi ko`p jihatdan huquq subyekti ekanligiga, ya`ni ma`muriy huquq layoqati va ma`muriy muomala layoqatining mavjudligiga bog`liqdir.



1 Kozlov YU.M. Administrativnoye pravo: Uchebnik. – 2-ye izd., pererab. i dop. – M.: Yurist', 2003. 26-b.

2 Baxrax D.N., Rossinskiy B.V., Starilov YU.N. Administrativnoye pravo. – M.: Norma, 2004. 121-124-b.lar.

3 Gabrichidze B.N., Chernyavskiy A.G., Kim-Kimen A.N. Administrativnoye pravo: Uchebnik. – M.: TK Velbi, Izd-vo Prospekt, 2004. 63-b.

4 Administrativnoye pravo Respubliki Uzbekistan // Avt. kollektiv: X.R.Alimov, L.I.Solovyeva i dr./ - T.: «Adolat», 1999. 26-27-b.lar

5 O`sha joyda.

Download 46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling