Savollar Bobur hayoti va ijodi qaysi olimlar tomonidan o’rganilgan? Bobur lirik merosini ta’riflang. 3 Bobur g’azallarining mavzu yo’nalishi qanday? Bobur ruboiylarini tahlil qilin


Download 32.98 Kb.
Sana16.05.2020
Hajmi32.98 Kb.
#106652
Bog'liq
Z.M.Bobur (2)


Savollar

1. Bobur hayoti va ijodi qaysi olimlar tomonidan o’rganilgan?

2. Bobur lirik merosini ta’riflang.

3 Bobur g’azallarining mavzu yo’nalishi qanday?

4. Bobur ruboiylarini tahlil qiling.

1.        So`nggi temuriy shahzodalardan Zahiriddin Muhammad Boburning jozibador shaxsi, jo`shqin hayoti va faoliyati, insoniy fazilatlari, jahon faniga qo`shgan hissasi hamda avlodlariga bag`ishlab ko`plab ilmiy-tarixiy, badiiy asarlar yaratilgan. Ta’bir joiz bo`lsa, jahon tarixnavislik ilmida “Eng ko`p va xo`p” o`rganilgan vatandoshimiz ham Boburdir. Ayni kunga qadar o`zbek yozuvchilaridan tashqari Bobur haqida asar yaratgan bir necha o`nlab chet ellik mualliflarning nomlari tanish. Jumladan, 1995-yili “Cho`lpon” nashriyotida ingliz tarixchisi U.Erskinning “Bobur Hindistonda” asari, hind tarixchisi L.P.Sharmaning 1988-yili Dehlida bosilgan “Boburiylar saltanati” asari, amerikalik olim S.M.Berkning “Akbarshoh – boburiylarlarning eng buyugi” (Berk Akbarshoh shaxsiyati va faoliyati misolida Hindistonga Bobur asos solgan, jahon tarixiga, “Buyuk mo`g`ul imperiyasi” nomi bilan kirgan saltanatning mustahkam tomir yozish jarayonini tasvirlaydi) asarlarida Boburga zamondosh tarixchilarning qo`lyozmalari, Hindiston tarixiga oid tadqiqotlar, XX asrning jahonga mashhur olim va tarjimonlarining asarlarida Boburning butun hayot yo`li, bolalik, o`spirinlik, yigitlik yillari, tashvishli kunlari, hukmronlik faoliyati, diniy-falsafiy qarashlari, davlatni boshqarish usuli, madaniyat va san’atga munosabati singari masalalar tasvirlangan.

Amerikalik tadqiqotchi Berk Boburga bergan qisqa va lo`nda tavsiflarida ulug` siymoning hayot yo`li, davlatchilik tarixidagi xizmatlari va shaxsiyatidagi eng muhim jihatlarni muxtasar tarzda yoritishga erishgan. Muallif Boburning hukmronlik siyosati xususida shunday yozadi: “Boburshohning fikricha, fotihlik va hukmdorlik ishida yuz ming usul qo`llasa ham haq va zarur hisoblanadi. Biroq  bosib olingan yerlarni, ayniqsa, bu o`lkalarni o`z saltanati tarkibiga kiritish rejalashtirilgan bo`lsa-da, u g`olib askarlar mag`lublar mulkini talon-taroj qilishiga mutlaqo yo`l qoymasdi”. “Boburnoma” haqidagi fikrlar ham diqqatga sazovor: “Men bor haqiqatni yozdim”, deydi muallif va haqiqatan ham u o`zining kamchiliklari, omadsizlikka olib kelgan noto`g`ri xatti-harakatlarini o`quvchidan yashirmaydi.

Bobur hayoti va ijodi Fransiyada ham keng o`rganilgan bo`lib, Fransiya ilm ahliga Zahiriddin Muhammad Bobur va “Boburnoma” haqida dastavval ma’lumot bergan fransuz sharqshunosi Bartoleme D’Erbelo (1621-1695) hisoblanadi. D’Erbelo o`zining “Sharq kutubxonasi” (La Biblioteque orientale. Paris, 1967) qomusidagi “Bobur yoki Bobar” nomli maqolasida Boburning hayoti, uning davlati va sarkardalik mahorati, adabiyot va san’atga qiziquvchi ilg`or fikrli kishi bo`lgani haqida ma’lumot beradi.

XIX asrga kelib Yevropa, xususan, fransuz sharqshunosligida Bobur merosini o`rganish, uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlandi. Ayni shu yillarda Boburning ulkan asari “Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o`rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda fransuz olimlari e’tiborga molik tadqiqotlarni yaratishdi.

“Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos Anri Jyul Klaprot (1783-1835) birinchilardan bo`lib harakatni boshlaydi. 1824-yil A.Klaprotning, “Sulton Bobur yohud “Boburnoma” tarixiga oid kuzatishlar” nomli maqolasi omma e’tiboriga havola etadi. Markaziy Osiyo va Sibirda yashagan xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotini yaxshi bilgan Klaprot Yevropa sharqshunosligida “Boburnoma” xususida ilk bor to`laqonli fikr yuritgan edi. Shundan so`ng 1854-yili Parijda “Hozirda va qadimda yashagan tarixiy shaxslar hayoti” nomli katta kitob chop qilinadi. Mazkur kitobdan sharqshunos M.Langle (1763-1824) ning “Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi” nomli maqolasi ham o`rin olgan edi. Maqolada Bobur haqida avvalgi manbalarga nisbatan ancha boy ma’lumot berilgan bo`lib, o`quvchi undan adib hayoti va ijodi to`g`risida chuqurroq bilim olishga muvaffaq bo`ladi. Boburning hayoti va ijodi fransuz kitobxonini tobora qiziqtirib bormoqda edi. Fransuz olimlari so`nggi yillarda Bobur to`g`risida tez-tez maqolalar chop ettirar, kitoblar nashr qildirardi.

Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o`rganish, “Boburnoma”ni tarjima va lisoniy tarjima qilishda fransuz turkologi Anri pave de Kurteyl (1821-1889)ning xizmatlari alohida tahsinga loyiq. Fransuz kolleji (College de France) turkiy tillar kafedrasi mudiri, fransuz akademiyasi a’zosi, Sankt-peterburg fanlar akademiyasi muxbir a’zosi bo`lgan Pave de Kurteyl vatani Fransiyada turkologiya ilmining rivojlanishiga ulkan hissa qo`shdi. Professor A.Pave de Kurteylning olimlik faoliyatida u tuzgan “Sharqiy-turkiy tillar lug`ati” (“Dictionnaire de turc orientale”. –Paris, 1870) yohud “Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Abulg`ozi Bahodirxon asarlarini o`qish uchun izohli lug`at” alohida ahamiyatga molikdir. Professor A.Pave de Kurteyldagi bu katta tayyorgarlik, eski o`zbek tili va adbiyotidan egallagan puxta bilim uni “Boburnoma”ni tarjima qilishga undagan edi. 1871-yilda “Boburnoma”ning Pave de Kurteyl tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqdi (“Memoire de Baber”. Traduit pour la premiere fois sur le texte djagatai par A.Pavet de Courteille, — editions, 1871). Birinchi jildda tarjimonning o`n olti sahifalik so`zboshisi berilgan. Unda “Boburnoma”ning yozilish jarayoni, kitobda keltirilgan voqealar, Boburshohning Afg`oniston va Hindistonda barpo etgan qudratli imperiyasi xususida ma’lumotlar berilgan.

G`arblik ayrim olimlar “Boburnoma”ning bunyod bo`lishini Bobur Hindistonda hukmron bo`lgan davr bilan bog`laydilar. Fransuz tarjimoni bu haqda quyidagi fikrni aytadi: “Agar mendan “Boburnoma” qaysi davrda yozilgan deb so`rasalar, men kitob Bobur Hindistonni zabt etgandan so`ng, ya’ni 1526-yildan boshlab yozilgan va Boburshoh hayotining oxirigacha davom etgan, deb javob qilardim”. Professor Pave de Kurteyl bunday xulosaga kelishida, asarning dastlabki boblaridanoq Hindiston davri voqealarining uchrab turishini nazarda tutgan edi. Shunday qilib, Pave de Kurteyl Zahiriddin Muhammad Boburning merosini Fransiyada o`rganish va targ`ib qilishda o`zining yuksak xizmatlari bilan katta hissa qo`shdi. “Boburnoma”ning tarjimoni sifatida mashhur bo`ldi. Olim boshlagan bu tarjimonlik ishi jahon ahliga manzur bo`ldi va Bobur hayotini ko`plab olimlar tomonidan doimiy ravishda o`rganilishiga sabab bo`ldi.

1888-yil “Osiyo jurnali” (Journal asiatique)ning ikkinchi jildida sharqshunos Jyul Darmstetye o`zining “Kobul yozuvchilari. Boburshoh va boshqa mo`g`ul shahzodalarining qabr toshlaridagi bitiklar” nomli maqolasini e’lon qilganligi, boburiylar barpo etgan maqbaralarda bitilgan so`zlar ma’nosi bilan tanishishga yordam beradi.

Ma’lumki, Boburning “Aruz risolasi” asari o`zbek, arab va boshqa turkiy xalqlar she’riyati qonuniyatlarini o`rganishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan qo`llanmadir. Bu asar qo`lyozmasining hozirgacha saqlanib qolganligi ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo`lmasligi mumkin. Qo`lyozmaning bir nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanib kelinayotgani haqida 1923-yil turk olimi M.F.Ko`prulizoda ilk bor ma’lumot beradi. Fransuz sharqshunosi Edgar Bloshe o`zining Parijdagi “Milliy kutubxonada saqlanayotgan qo`lyozmalar katalogi” kitobida “Aruz risolasi”ning ushbu qo`lyozmasiga alohida to`xtalib o`tadi.

XX asrda ham fransuz sharqshunoslari tarafidan Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o`rganish, “Boburnoma”ni tarjima qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Fransuz adiblarining Bobur hayoti, ijodi va “Boburnoma” kitobi haqida umumiy ma’lumot beruvchi maqolalari ko`paydi. 1930-yili fransuz olimi Fernard Grenardning “Bobur. Hind imperiyasining asoschisi” (Baber. Fondateur de l’Empire des Indes. – Paris: 1930, 179 p) nomli risolasi nashr etildi. Kitob 10 bobdan iborat bo`lib, unda Boburning bolalik vaqtidan to umrining so`nggi davriga qadar boshidan kechirgan voqealar tarixiy-badiiy asnoda hikoya qilingan. Grenardning ushbu risolasi “Boburnoma”ga hamohang bo`lib, undagi voqealarga monand keluvchi ilmiy-ommabop ocherklardan, Boburning Samarqandni tashlab chiqqan, Andijonni qo`ldan chiqargan paytdagi holatini quyidagicha tasvirlaydi: “Orzu-umidlari chilparchin bo`lgan Bobur orqaga qaytadi. Bahor fasli edi, u tog`asi yurti (Toshkent-M.X) tomon yo`l oldi. U ezilgan ko`ngliga taskin berish niyatida o`zining quyidagi misra bilan boshlanuvchi g`azalini bitadi:

 

Jonimdan o`zga yori vafodor topmadim,



Ko`nglumdan o`zga mahrami asror topmadim.

 

Boburning Hirot va Kobuldagi hayoti Grenard kitobida bir muncha jonli tasvirlanadi. Bu yerda Bobur taxtu toj uchun jangtalab sohibqiron emas, balki nozikta’b va dilbar shoir qiyofasida ko`rinadi.



Shuningdek, hind olimi, Kashmir universiteti professori Muhobbul Hasan “Boburnoma” hususida fikr bildirarkan, bu asarning Boburshoh shaxsiyati va davlat tizimini o`rganishidagina emas, balki Hindiston tarixi, geografiyasi va madaniyati, o`tmishini o`rganishda ham qimmatbaho manba ekanini, Hindistonni, uning xalqi hayotini tasvirlashda muallif idrokining naqadar o`tkirligini ta’kidlab o`tadi. “Boburga qadar bironta musulmon tarixchisi yoki geografi (al-Beruniydan mustasno) Hindistonni bu qadar jonli va to`g`ri tasvirlagan emas”, deydi muallif. Shuningdek, shoh Boburning o`z fuqarosi – hind xalqi bilan do`stona muomalada bo`lganini, hindlar ham shoh tuzumidan mamnun yashaganliklarini ko`p bora ta’riflab o`tadi.

“Boburnoma”ning doctor Bak’e-Grammon tarjimasi fransuz o`quvchisining didiga yaqin saviyada amalga oshiraladi. Unda Bobur hukmronligi davri Movorounnahr, Afg`aniston va Hindiston yerlarining xaritalari berilgan.

“Boburnoma”ning A.J.Klaprot, A.Longper’e, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Barye-Grammon kabi tadqiqotchi va tarjimonlari Bobur merosining tarixiy-etnografik, bibliografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilish bilan Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo`shdilar. Qolaversa, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-fan, adabiyot va san’atga baxshida boy merosini to`plash, nashr etish hamda jahon miqyosida munosib baholamoq uchun yuqoridagi manbalarni e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.

Chet ellik taniqli olimlar Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o`rganar ekan, vatandoshimizning nechog`lik buyuk shoh, sohibdil shoir, ma’rifatli inson, ruhiy-ma’naviy jihatdan barkamol shaxs bo`lganligiga amin bo`ladilar. Bu esa Bobur shaxsiga va merosiga bo`lgan hurmatni yanada oshiradi. Zero, ulug` vatandoshimiz Bobur hazratlarining jahon ilmiga va davlat boshqaruviga qo`shgan hissasini anglab yetish hamda o`rnak bo`larli jihatlarini o`zimizga qaul qilish uchun olimlar va adiblar yuqorida keltirilgan maqolalar hamda kitoblarni chop ettirish orqali amalga oshirishlari zarur. Buyuk shoh va shoir ijodini o`rganish bugun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2. Bоburning shе`riyati hаm yuksаkdir. Bоburning bizgаchа rаng-bаrаng jаnrlаrdаn ibоrаt lirik dеvоni yеtib kеlgаn. Bоbur dеvоnlаrining qo’lyozmа nusxаlаri unchаlik ko’p emаs. Dеvоnlаrining qo’lyozmа nusxаlаri Pаrijdа, Hindistоndа, Turkiyadа, Erоndа vа bоshqа jоylаrdа sаqlаnаdi. Bu dеvоnlаr bir nеchа mаrtа nаshr etilgаn. 1910- yildа Hindistоndа, 1915- yildа Istаmbuldа, 1917-yildа Pеtrоgrаddа nаshr etilgаn. Bоbur dеvоnlаri ingliz, frаnsuz vа bоshqа tillаrdа hаm tаrjimа qilingаn. 1943-1957 yillаr оrаsidа rus tilidа nаshr etilgаn. Bоbur dеvоnidа g’аzаllаr, rubоiylаr, tuyuqlаr, fаrd, mаsnаviy kаbi jаnrlаr uchrаydi. G’аzаl, rubоiy, tuyuqlаrning turli xillаrini ko’rаmiz, Bоbur shе`riyatining аsоsiy jаnrlаri g’аzаl, rubоiy vа tuyuqdir. Shоir dеvоni аsоsаn o’zbеk tilidаgi shе`rlаrni o’z ichigа оlаdi. Shu bilаn birgа bir nеchа fоrs-tоjik tilidаgi shе`rlаr hаm mаvjud. Bu esа Bоburning fоrs-tоjik tilini mukаmmаl bilishini ko’rsаtаdi. Bоbur murаkkаb bir dаvrdа yashаdi. Uning hаyoti ziddiyatlаr, qаrаmа-qаrshiliklаr, аlаm-iztirоblаr bilаn uzviy bоg’liq bo’lаdi. «Bоburnоmа»dа tаsvirlаngаn ko’pginа vоqеаlаr shundаn dаlоlаt bеrаdi. Bоbur ruhаn qiynаlgаndа hаm, hаyoti quvоnchu shоdliklаr bilаn to’lgаndа hаm, qiynоqlаr girdоbigа tushgаndа hаm, mаg’lubiyat аlаmini tоrtgаndа hаm - hаmmа-hаmmа vаqt shе`riyat bilаn sirlаshаdi. O’z hоlаtini, yurаk nоlаlаrini shе`rgа ko’chirаdi. «Bоburnоmа»dа qаyd etilgаn, yozilish tаrixi ko’rsаtilgаn bа`zi g’аzаllаr, rubоiylаrgа e`tibоr bеrsаk, bu nаrsа yanа hаm оydinlаshаdi. «Bоburnоmа»dа shоir o’zi birinchi tugаl g’аzаlini 18-19 yoshlаridа, 1501-1502 yillаrdа yarаtgаnini qаyd etаdi. Vа mаtlа`ni kеltirgаn:

Jоnimdin o’zgа yori vаfоdоr tоpmаdim...

Аmmо Bоbur shоir sifаtidа tаnilgаn. Hоzirchа uning 120 g’аzаl, 210gа yaqin rubоiysi, 10dаn оrtiq tuyuq, qit`а, fаrd, 150 dаn оrtiq muаmmоsi yеtib kеlgаn.Shuni tа`kidlаsh kеrаkki, Bоbur shе`riyatining аsоsiy mаvzusi ishq-muhаbbаtdir. Uning rаngin kеchinmаlаri, visоl оrzulаri, hijrоn iztirоblаri, yor go’zаlliklаri, оshiqning rаng-bаrаng hоlаtlаri bаyon etilаdi. Bоbur yurt hаqidа, Vаtаn sоg’inchi, yor vа diyorni mаdh etish, оdоb-аxlоq, mа`rifаtni kuylаsh, dаvr оzоrlаridаn shikоyat kаbilаr hаqidа hаm yozаdi. Bоbur shе`riyatidа ishq-muhаbbаt, hаyot zаvq-shаvqlаri kuylаngаn g’аzаllаr аnchаginа. «Yoz fаsli...» dеb bоshlаnuvchi g’аzаlidа “yoz fаsli”, “bоdа kаyfiyati”, “ishq dаrdi”, do’stlаr suhbаti”, “shе`r bаhsi” hаqidа gаp bоrаdi. Shоir “Sоchining sаvdоsi...”, “Sеndеk mеngа...”, “Xаzоn yaprоg’i yang’lig’ gul yuzing hаjridа sаrg’аrdim”, “Ko’rmаgаy erdim jаmоlin..”, “Jаmоling vаsfini...” dеb bоshlаnuvchi g’аzаllаridа аnа shu ruh yеtаkchilik qilаdi. Lirik qаhrаmоn yori visоligа оrzumаnd. Uning yuzini ko’rish, so’zini eshitish niyatidа. Bu istаgi аmаlgа оshmаsа “Аyoq yеtgаnchа kеtgаy”.



Jаmоling vаsfini, ey оy, nеchа eldin eshitgаymеn

Nе kun bo’lg’аy visоlinggа mеni dilxаstа еtgаymеn.

Tаrаhhum yuzidin yuzingni ko’rmаkkа buyurgаysеn

Xush ulkim, оrаzingni ko’rgаymеn, so’zung eshitgаymеn...

Ko’pginа g’аzаllаridа yordаn shikоyat, hаyotdаn nоlish, vаfоsizlikdаn аfsuslаnish, оdаmlаrdаgi yomоnliklаrdаn аrz bаyon qilinаdi. “Tоpmаdim”, ‘Yaxshilig’”, “Pаrishоn ro’zg’оrim bоr”, “Qоldimu?”, “Jоnimа аg’yorning” kаbi rаdifli g’аzаllаridа аnа shu mаvzulаr qаlаmgа оlingаn. Lirik qаhrаmоn mаnа bu misrаlаrdа hаm dildоridаn, hаm аg’yorlаrdаn nоliydi:



Qаysi bir оzоrin аytаy jоnimа аg’yorning

Qаysi bir оg’ritqаnin ko’nglumni dеy dildоrning.

G’urbаt ichrа, ey ko’ngul, eldin vаfо istаrni qo’y,

Chun vаfоsin ko’rmаding hаrgiz diyoru yorning.

Bоbur, ul gul jаvr etаr, аg’yordin nе yaxshiliq,

Gulning оzоri bu bo’lsа, vаh nе bo’lgаy xоrning

Yoki:


Yor qаdrin bilmаdim tо yordin аyrilmаdim

Yor qаdri munchа hаm dushvоr ekаndur, bilmаdim.

Bа`zi g’аzаllаrdа bеvоsitа mа`shuqаning ko’rinishi, chirоyli surаti chizilаdi. Mа`shuqаning ko’pginа а`zоlаri turli nаrsаlаrgа tаshbеhlаnаdi:



Tushing dur, lаbing mаrjоn, xаding gul, xаting rаyhоn

Yuzung hur, sоching аnbаr, so’zung mul, mеnging mеynоn.

Mеynоn mеnging, so’zung mul, аnbаr sоching, yuzung hur

Rаyhоn xаting, xаding gul, mаrjоn lаbing, tishing dur...

Bоbur shе`riyatining аsоsiy qаhrаmоni shоirning o’zi. U оshiq, muhаbbаtni tеrаn аnglаydigаn, o’zini ishq quli dеb hisоblаydigаn, hаyotni chuqur kuzаtаdigаn, dаvr qiyinchiliklаridаn аlаm chеkkаn, hijrоndаn jоni qiynоqdа bo’lgаn bir shаxs. Uning ko’ngil qo’ygаn mа`shuqаsi nihоyatdа go’zаl. Оshiq vаfоdоr insоn. U hаr qаndаy hоlаtdа hаm mа`shuqаsidаn yuz o’girmаydi.



Kеltursа yuz bаlоni o’shаl bеvаfо mаngа

Kеlsun, аgаr yuzumni evursаm, bаlо mаngа.

Bа`zаn lirik qаhrаmоn аzоblаrdаn qutulishgа, o’zni shоd tutishgа hаrаkаt qilаdi:

O’zni, ko’ngul, аysh ilа tutmоq kеrаk

Bizni unutqаnni unutmоq kеrаk...

Bobur o’zbek va fors tillarida ijod etgan zullisonayn shoirdir. U ona tilida yozgan she’rlarini to’plab, 1519-yilda Kobulda, 1528-1529- yillarda Hindistonda devonlar tuzgan. Bu ikki to’plam o’sha joylar nomi bilan “Kobul devoni”, “Hind devoni” deb ataladi. Kobul devoni topilgan emas. Mutaxasislarning fikricha, saqlanib qolgan she’rlarining soni to’rt yuzdan ortiq. Shundan 119 tasi g’azal, 231 tasi ruboiy. Shuningdek, shoir devonidan tuyuq, fard, masnaviy, qit’a, muammo kabi janrlar ham joy olgan.

Bobur devonining katta qismi g’azallardan iborat. G’azallarining ma’lum guruhi hasbi hol xususiyatiga ega bo’lib, shoir hayotining muayyan lavhasi bilan bog’lanadi. Mana, uning “topmadim” radifli g’azalini olaylik. Bu she’rning yozilish tarixi “Boburnoma” da ham keltirilgan. 1500-1501-yillarda Bobur Samarqandni ikki bor olib, yana boy beradi. Bir muddat sarsongarliklardan so’ng biror viloyat berar degan umidda Toshkentga xon dodasi Yunusxon huzuriga boradi. Bobosi O’ratepani unga berishini aytadi, ammo bu gaplar va’daligicha qolib ketadi. Sargardonlik, xiyonatlar, yaqinlaridan judo bo’lsih, qarindoshlar hamiyatsizligi, Shayboniyxonning tinimsiz ta’qibi shoirning ko’nglini cho’ktiradi. Buning ustiga Boburning ashaddiy dushmani Ahmad Tanbal bilan to’qnashgan Yunusxon u bilan murosaga keladi va buni nishonlab ov hamda ziyofat uyushtiradilar. Bu hol Boburni qattiq qiynaydi. Ko’nglidagi iztiroblarni: “Jonimdan o’zga yori vafodor topmadim, Ko’nglimdan o’zga mahrami asror topmadim” matlasi bilan boshlanuvchi g’azalda ifoda etadi. “Yod etmas emish kishini mehnatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi ham shu kunlarda ruhiy ezilishlar natijasi o’laroq yozilgandi. Ba’zan bunday biografik chizgilar oshiqona kayfiyatdagi satrlar bilan almashinib ketadi va nafis badiiyat libosida ko’rsatiladi. Quyidagi g’azalga diqqat qilaylik:

Qaro zulfing firoqida parishon ro’zgorim bor,

Yuzingning ishtiyoqida ne sabr-u ne qarorim bor.

Labing bag’rimni qon qildi, ko’zimdin qon ravon qildi,

Nechun holim yamon qildi, men andin bir so’rorim bor.

Avval g’azalning badiiyatiga e’tibor qarataylik. Tanosub san’atidan foydalangan shoir ma’shuqa go’zalligi va oshiqning ruhiy kechinmalarini mohirlik bilan chizadi. “Qaro”, “zulf”, “parishon”, “ko’z”, “yamon” so’zlarini o’zaro qora rang, “yuz”, “lab”, “qon” so’zlarini qizil rang bilan bog’liq tushuncha birlashtirib, tasvir va ifodada o’ziga xoslikni yuzaga keltirgan. Shuningdek, asosiy qofiya (ro’zgorim – qarorim – so’rorim) bilan birgalikda saj’ – ichki qofiya (firoqida – ishtiyoqida; qon – ravon - yamon) hamda radif (qildi; bor)ning qo’llanishi g’azalga mayin musiqiylik baxsh etgan. Oshiqning hayoti (ro’zgori) ma’shuqa zulfi firoqida parishon, yor yuzining ishtiyoqi, lab tamannosi uning sabr-qarorini intihosiga yetkazadi. Sof oshiqona kechinmalar bayoni bilan boshlangan ushbu satrlar keyingi baytlarda hasbi hollik yo’siniga o’ta boshlaydi.



Jahondin menga g’am bo’lsa, ulusdin gar alam bo’lsa,

Ne g’am yuz muncha ham bo’lsa, seningdek g’amgusorim bor.

“Jahondin menga g’am bo’lsa...” Bolalikdanoq hokimiyatning og’ir yuki gardaniga ortilgan, hayitining ko’p qismi urushlar qariga kechgan, do’st-u yori necha bor sotgan, alamlardan diydasida ko’z yoshlari qotgan Boburning hasrati bu.

“Ulusdin gar alam bo’lsa…” Saltanat ishtiyoqida ne yurtlarni kezgan, dushman navkarini tig’ bilan kesgan, umr bo’yi janglarda qonlar kechgan va bu bilan ne-ne odamlar –ulus qayg’usoga sabab bo’lgan Boburning iqrori bu.

3. Bobur — sohibdevon sohir shoir. Bobur shuhratda daho Alisher Navoiyning yonida turadigan mumtoz so‘z san’atkori, shoir va adibdir. Badiiy mahorat bobida biror o‘zbek shoh va shoiri Bobur bilan bellasha olmaydi. She’riyat uchun xos bo‘lgan bir necha zaruratlar: nuktapardozlik(yangi fikrlar ayta olish mahorati), jozibali badiiy san’atlardan me’yorida ustalik bilan foydalanish sehrgarligi va ehtiros jo‘shib turgan rangin tuyg‘ular talqini boburona samimiy she’riyat fazilatlaridir. Buning ustiga uning mumtoz she’riyatga dadil kiritgan tarjimaihollik xususiyati ham Bobur she’riyatini alohida nurlantirib turadi. Ana shu keyingi xususiyat shoirning vatanparvarlik tuyg‘ulariga jon bag‘ishlaydi. U ona shahri, Vatani sog‘inchlarini she’rda ifodalar ekan, Hindiston shahanshohi beixtiyor o‘zining andijonlik g‘aribligiga kitobxon e’tiborini tortadi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.

Shoirona yurtsevarlik, vatanfidoyilik Bobur shaxsida shunchalik tantana qiladiki, buyuk imperator Bobur endi Andijondan yiroqlikni, garchi bu martaba Hindiston taxti bo‘lsa ham, qismatdagi yuz qarolig‘, deb hisoblaydi:



Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!

She’r ta’sirchanligini ta’minlagan fikriy kashfiyot: tolesizlik, jonga balo orttirishlik, xato qilishlik, yuzi qarolik — bularning hammasi o‘z yurtidan bosh olib ketishda, g‘ariblikni bo‘yinga olishdadir.


Kechagina Bobur o‘zining Kobulga tashrifi vaqtinchalik ekani, hamishalik(muqim) emasligiga iqror bo‘lgan edi:

Beqaydmenu xarobi siym ermasmen,
Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen.
«Kobulda iqomat qildi Bobur» dersiz,
Andoq demangizki, muqim ermasmen.

Hech bir shoir Vatandan yiroqlik fojiasini Boburchalik ko‘ptomonlama va ta’sirchan ifodalay olmagan bo‘lsa kerak.


Bobur g‘azallarining asosiy mavzusi oshiqona ehtiroslar, mushtoqliklar, yolvorishlar, iztiroblaru kuyib-yonishlardir.
Oshiqning mahbubaga iltijosi talqinida tazod usulida yigit yuzining kuzgi yaproqdek sarg‘ishu, suluvning lola yuzi qirmiziligiga diqqat tortilgani ta’sirchan:

Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim!

Oshiqona munosabatlarning Bobur topgan ajabtovur ziddiyatiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q: oshiqning mahbubasi ayrilig‘iga sabr qilishi juda mushkul. Biroq uchrashuvda — visolda ham ularning chiqishmoqliklari bundan-da mushkulroq:



Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dog‘i  bisyor mushkuldur.

Chunki:


Mizojing noziku sen — tund, men — bir beadab telba, 
Senga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur!

She’rda nur va soyalar jilvasi, ya’ni ma’no jihatidan qarama-qarshi so‘zlarni qo‘llash ta’sirchanlikni ta’minlovchi omillardan bo‘lib, buni tazod(zidlov) san’ati deyiladi. Odatda, baytda bir-biriga zid ma’noli ikki so‘z ushbu san’atning misralardagi ko‘rsatkichi bo‘ladi.


Bobur tazod san’atidan foydalanishda mahorat ko‘rsatib, zid ma’noli ikki so‘zni emas, to‘rt so‘zni emas, olti so‘zni bir baytda qarama-qarshi ma’nolarda tiza oladi:

Netgaymen ul rafiq bilakim, qilur base,
Mehru vafo — raqibg‘a, javru jafo — menga.

Baytdagi o‘zaro zid ma’noli tazod ko‘rsatkichlarini tizib ko‘raylik:


        rafiq — raqib;
        mehr — javr;
        vafo — jafo.
Oshiqqa jafokor, raqibga lutf-marhamatli ofatijon mahbubaning fe’l-atvori ana shunday zidlov usulida bir baytdayoq oydinlashadi.
Alisher Navoiy badiiy tasvir vositalaridan iyhom san’atining «xossa ma’no» ifodalovchi unsurligini qayd etgan edi. Bobur she’riyati baytda bir yoki ikki so‘zni ikki ma’noda qo‘llash san’ati bo‘lgan iyhomga juda boydir. Chunonchi, uning quyidagi baytida «so‘rorim bor» birikmasi so‘ramoqchiman va so‘rmoqchiman ma’nolarida qo‘llangan:

Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin yosh ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men ondin bir so‘rorim bor.

Bugina emas, hatto tarjimaihollik xususiyati singdirilgan ushbu ruboiyning to‘rtinchi misrasini quyidagidek to‘rt xil talqin qilish mumkinki, Boburning o‘zi qaysi misra ma’nosini nazarda tutgani kitobxonga jumboqligicha qoladi:



Hijronda, sabo, yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, budurur dilxohim
Kim, arzi duo niyoz ila qilg‘oysen,
1. Gar so‘rsa men xastani gulrux mohim.
2. Gar so‘rsa men xastani gulrux Mohim.
3. Gar so‘rsa men xastani Gulrux mohim.
4. Gar so‘rsa men xastani Gulrux,  Mohim.

Zero, mumtoz adabiyotning mumtozligi ham so‘z, birikma va misralarning turfa ma’no tovlanishlari va ko‘pma’noliligi, o‘quvchini fikr yuritishga rag‘batlantirishi bilan izohlanadi.


Ma’lumki, Bobur farzandlarining onalari Gulruxbegim va Mohimbegim edilar. Shuning uchun ruboiy so‘nggi misrasining qolgan uch mazmunini yuzaga chiqarishga urindik.
Harfiy badiiy tasvir vositalaridan jozibalisi va murakkabrog‘i istixroj san’atidir. Buni tasavvur etish uchun avval oddiy istixrojga Bobur ijodidan misol keltiraylik:

Qadding alifu, qoshing erur yo,
Desam ne ajab agar seni oy?

Oshiq sevgilisining qomatini alifga, qoshini yo harfiga o‘xshatib, uni «oy» deb da’vo qilmoqda. Zotan, alif, yo harflaridan oy so‘zi hosil bo‘ladi...


Endi harf aytilmaydigan murakkab istixroj qatnashgan bayt namunasini ko‘raylik:

Og‘ziyu ikki zulfu qadi bo‘lmasa manga,
Rayhonu sarvu g‘uncha ko‘rardin maloldur.

Adabiy an’anaga ko‘ra og‘iz «mim» harfiga, zulf «lom» harfiga va qad — «alif» harfiga o‘xshaydi. Ana shuni nazarda tutgan holda harflarni tizsak, eski yozuvda matndagi «malol» so‘zi hosil bo‘ladi.


Ko‘pincha mutaxassislar ham istixrojning bu turini hadeganda ilg‘ayvermaydilar. Chunki hozirgi baytda tahlilchi diqqatini avvalo og‘izni g‘uncha, zulfni rayhon, qadning sarvga o‘xshashligi sistemasi o‘ziga tortadi va u beixtiyor baytdan laf va nashr san’atini kuzatadi.
G‘azallarining asosiy qismi o‘ta sodda, mislsiz mahorat bilan bitilgan sahli mumtane’ mahsulidir:

Ey yuzi nasrin, qomati shamshod,
Necha qilursen jonima bedod?
Sen kibi purkor, shevasi bisyor,
Bilmadi, ey yor, hech kishi yod.
Javrda nodir, zulmda mohir,
Ishvada qodir, g‘amzada ustod.
Yor g‘amidin, hajr alamidin,
Sabr kamidin nolayu faryod!
Boburi bedil, ey buti qotil,
Javrunga moyil, zulmunga mu’tod.

Sahli mumtane’ — ko‘rinishidan oson, jo‘ngina tuyuladigan, aslida esa, bunday yoza olish juda murakkab bo‘lgan antiqa bayon uslubidir. Bu uslubni biz Bobur va Mashrab ijodidagina kuzatamiz, xolos. Yuqoridagi g‘azal bichimi kishi egnida tarang turadigan nafis ustki kiyimni eslatadi. An’anaviy tashbeh bichim tarangligi tufayli o‘zgacha ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Qisqa misralarning ichki qofiyalar bilan ta’minlangani, ularning har birini yana ikki bo‘lakka bo‘ladi. Natijada bayt tinglovchida to‘rtlik kabi taassurot qoldiradi. Bu esa jarangdorlikni yanada kuchaytiradi:



Javrda nodir,
Zulmda mohir,
Ishvada qodir,
G‘amzada ustod.

Shu birgina baytning poetik fazilatlarini bir daftar qilib sharhlasa arziydi. Ikkitagina misrada yaratilgan ma’shuqa timsoli fe’l-atvorining ko‘pqirraliligiga e’tibor beraylik. Yangicha poetik shakl mo‘’jiza sodir etib, an’anaviy fikrlarga yangidan jon ato etgan, zalvor bergan, ohorli qilgan. Ulkan polotno miniatyuraga nisbatan ta’sirchan ekanligi san’atshunoslikda ma’lum. Ammo Bobur shu ta’sirchanlikni teskari amaliyotda yuzaga chiqargan.


Ulkan polotno — dostonlardagi tasvirni jajji bayt — miniatyura holatiga keltirib mo‘’jiza yaratgan.
Shu birgina baytda shoir ishvada qudratli, g‘amza qilish(ko‘z suzish)da ustoz darajasidagi, jabrning ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan xillarini oshiq boshiga sola oladigan, zulmni mohirlik bilan o‘tkaza oladigan mahbuba siymosini yarata olgan.
Bobur jozibali mumtoz g‘azallar ijodkorigina emas, u ruboiy janrida ham o‘z shaxsiy uslubini namoyish eta olgan ulkan san’atkordir. O‘zbek mumtoz adabiyotining ruboiy janri rivojida Boburning o‘rni alohidadir.
Falsafiy va tasavvufiy ruboiychilikda Umar Xayyom fors adabiyotida peshvo bo‘lganidek, Bobur o‘zbek adabiyoti ruboiychiligida ikki jihatdan: ruboiylarining ko‘pligi va ruboiyga tarjimai holga doir detallarni singdirgani bilan boshqa mumtoz shoirlarimizdan ustun turadi.
Bobur bu kichik lirik janr namunalarida o‘z ismi, goh vafodor xotinlari — Mohimbegim va Gulruxbegim, goh o‘g‘li Komron, goh xushovoz hofizi Ruhdamning ismi shariflarini muhrlagan. Shunisi e’tiborliki, Bobur ruboiylarining mavzulari g‘oyat xilma-xil. Falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy, diniy-tasavvufiy, sevgi-muhabbat, do‘stlik-totuvlik, hayotga muhabbat, yoru diyor, nifoq va noittifoqlik, jo‘mardlik va tantilik, hayotdan to‘yib ketish va dalli-devonalik singari talqinlar ma’naviy teranligiyu tabiiyligi bilan o‘quvchini mutolaaga moyil etadi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, «Vaqoe’»(«Boburnoma») Bobur sarguzashtlarining voqeiy tarixiy lavhalaridan iborat bo‘lsa, uning ruboiylari ana shu qomusiy asarga o‘ziga xos ilovadir. Zotan, «Boburnoma» voqealar bayoni bo‘lsa, ruboiylar o‘sha voqealar ishtirokchisi Boburning his-tuyg‘ulari g‘alayoni ifodasidir.
Tarjimai holning ruboiy yoki g‘azalga daxli badiiy matnga hujjatlilik baxsh etadi; hujjatlilik esa umumiylikdan ko‘ra ta’sirchanlikda ustunlik qiladi. Chunki kitobxon umuman lirik qahramondan ko‘ra, Boburning o‘zini yurakka yaqinroq oladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, muayyan ruboiyda, yuzaki qaraganda, tarjimai holga doir hech qanday belgi ko‘rinmaydi. Agar biz unga adabiyotshunosning o‘tkir ko‘zi bilan boqib, tadqiq eta boshlasak, u ruboiyning kimga atalgani va uning isbotini ham manzur etishimiz mumkin. Chunonchi, Boburning:

Ash’oringkim, she’r oti to bo‘lg‘ay,
Tab’ ahli anga volau shaydo bo‘lg‘ay.
Har lafzi duru bahri maoni anda
Kim ko‘rdi dureki anda daryo bo‘lg‘ay?! —

ruboiysini o‘qiganimizda gap kim haqida borayotganini aniq bilmaymiz. 


O‘ylaymiz: u qanday buyuk shoir ekanki, dunyoda to she’r oti bor ekan iste’dodli shoiru adiblar uning she’rlariga maftun va shaydo bo‘ladilar?
Bobur — qattiqqo‘l adabiyotshunos. U kimni bunday ulug‘ maqtovlar bilan siylamoqda?
«Boburnoma»dagi quyidagi satrlarni ko‘z oldimizga keltiramiz:
«Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘b va xo‘b aytqon emas...»;
«Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘anda, Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim».
Balki, Bobur yozgan maktub varag‘ining «orqasida bayt aytib, bitib yibor»gani shu ruboiydir?
Isboti shuki, olamdagi biror shoir «Men gavharga dengizni joylaganman» demagan. Alisher Navoiy esa ana shu gapni aytgan:

Dur bo‘lur bahr ichra pinhon nazmidin shah madhida,
Bahr yoshurmish Navoiy har duri maknun aro.

Bobur yuqoridagi baytda daho ustozning ushbu baytiga ishora qilib, talmeh san’atining riyoziy namunasini qo‘llagan. Demak, ruboiy Alisher Navoiyga atalgan bo‘lishi mumkin ekan...


Bobur shoirgina emas, yirik adabiyot nazariyotchisi hamdir. She’rshunoslikda aruz vazni masalasi hamisha asosiy va dolzarb bo‘lgan. Nega shoh Bobur bu sohaga juda qiziqadi? Gap shundaki, she’riyatda ko‘p vazn qo‘llash hodisasi muayyan ma’noda shu adabiyot nufuzi va saviyasini belgilaydi.
Hatto Husayn Boyqaro devonidagi g‘azallar bir vaznda yozilganini maxsus qayd etar ekan, bu holni Bobur ijobiy hodisa deb qaramagan.
Boburgacha o‘zbek tilida aruz ilmiga doir ikki risola yozilgan. Birinchisi — Shayx Ahmad bin Xudoydod Taroziyning «Funun ul-balog‘a»(1436/37) asari bo‘lib, bundagi to‘rt ilmning biri aruzdir.
Ikkinchisi — Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridir. Bu risolada 140 vazn haqida ilmiy ma’lumot berilgan.
Navoiyning «Funun ul-balog‘a» asaridan xabari bo‘lmagan ko‘rinadi. Bobur o‘zbek tilidagi aruzshunoslikning bu manzarasidan yaxshi xabardor bo‘lgani uchun undan qoniqmagan va bu sohaga hissa qo‘shishga shaylangan.
«Boburnoma»ni ko‘chirgan kotib Boburning aruz risolasi nomini «Mufassal» deb ko‘rsatadi. Darhaqiqat, Bobur bu risolani shunday yozganki, unda asl, furu’ va zihoflar yuzasidan ishlab chiqilgan 537 vazn miqdoriga ahamiyat berilsa, tadqiqotning bejiz «Mufassal» deb atalmaganiga amin bo‘lamiz. Ushbu ma’lumot kelgusida Boburning aruz risolasi nomini turli nashrlarda va maktab adabiyot darsliklarida «Mufassal» tarzida e’lon qilinishini taqozo etadi

4. Bobur mirzo ijodiy kamolotining oliy samarasi uning ruboiylaridir. Ruboiy qisqa va shiddatli kechgan shoir va sarkarda hayotining tabiatiga mos — biror dam xotirjam ijod bilan shug‘ullanishga imkon topilmagan Bobur mirzo to‘rt satrda yuragida oylar, yillar to‘planib qolgan dardu hasratini ayon etgan edi. Abdurauf Fitrat shoirning bu fazilatini aniq qayd qilib, yozadi: «Bizning shoirlarimizdan o‘zini Xayyomga o‘xshatishga tirishganlari ko‘p. Navoiyning, Lutfiyning,Umarxonning, Fazliyning va boshqalarning xayyomona ruboiylari yo‘q emas, bor. Lekin bularning hech biri ruboiyda Xayyomga yaqinlasha olmadi… Xayyomga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lgan birdan-bir shoir Bobur mirzodir. Boburning ruboiylarida bo‘lgan ochiqlik, soddalik Xayyomga o‘xshaydir».

Bu fikrni Oybek quyidagicha tasdiqlaydi: «Boburning ruboiylari uning poeziyasining cho‘qqisidir. Boburdan oldingi va keyingi shoirlar bu bobda unga yeta olmaganlar. Umar Xayyomning ruboiylari kabi uning ruboiylari ham falsafiy fikrlarga boy, shaklan mukammal».

Biz bu o‘rinda Bobur mirzoning ayrim ruboiylarini sharhu bayon etishni maqsad etib,diqqatimizni ko‘proq ularning yaratilishiga sababchi bo‘lgan tarixiy voqealarga qaratdik.

«Boburnoma»da shunday satrlar bor: «Xotirimga keldikim, tokay sargardon bo‘lub turmoq kerak, bir tarafg‘a talab qilolayin deb… Ulug‘-kichik meni umidvorlik bila irgashib yuruydurg‘onlar ikki yuzdin ko‘prak, uch yuzdin ozroq bo‘lg‘ay. Aksar yayoq va iliklarida tayoq va oyoqlarida choruq va eginlarida chopon erdi».

Shu borishda Kobulu G‘aznini egallagan Bobur olti yildan so‘ng yana bir karra Shoh Ismoil ko‘magida Samarqand taxtini egallashga urinib, shayboniylardan ikki daf'a mag‘lubiyatga uchragach, manguga tarki vatan qildi. Shundan so‘ng, Gulbadanbegim yozganidek, «yana Movarounnahrni qo‘lga kiritish xayolini tamoman ko‘ngildan chiqarib tashladilar».

Ammo, shaddot qizi «ko‘ngildan chiqarib tashladilar» deb aytgan Ona Vatan orzusi Bobur mirzoni eng so‘nggi kungacha tark etmadi. Umrining shomida eng qayg‘uli va mahzun satrlarni bitdi:

Tole' yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerni qo‘yub, Hind sori yuzlandim,

Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.

Bu ruboiy, biz yuqorida tahqiq qilgan ruboiyning davomiga o‘xshaydi. Bundagi chorasiz alam o‘z murodiga yetolmagan kishi ko‘nglidagi iztiroblar natijasidir. Tole' yo‘qligi tufayli baloga uchragan Bobur qanday xatolar haqida gapiradi? U balki Andijonni mustahkam qilmay, yoshlik zavqidan mast, yengil-elpi tayyorgarlik bilan Samarqand ustiga yurish boshlagani, oqibatda ham Andijondan, ham Samarqanddan ayrilganini nazarda tutayotgandir? Yoki ikkinchi marta Samarqandni fath etgach, ko‘p o‘tmay, qamalda qolib, suyukli opasi Xonzodabegimni Shayboniyxonga o‘z qo‘li bilan berib qo‘ygani, egachisining og‘ir qismatiga aybdorligini aytmoqchimi? Yoki uchinchi marta — Samarqandni egallash istagi zo‘r kelib nomunosib ishga qo‘l urgani — sunniy mazhabli Movarounnahrga shia' mazhabli Shoh Ismoil qo‘shinini boshlab kelganini aytmoqdami?

Ha, albatta! Bobur mana shularning barchasi xatolig‘ bo‘lganini aytib, alam chekmoqda. Mana shu xatolar, ayniqsa, so‘nggi xato sababidan, muarrixlardan biri yozganidek,»Movarounnahr xalqi boshda podshoh (Bobur)ning bu g‘alabasidan mamnun bo‘lsa ham, oxirida undan ko‘zlagan umidi yuzaga chiqmadi». Bobur mirzoning so‘nggi xatosi tufayli nafaqat oddiy xalq, o‘sha davrning nufuzli shaxslari ham undan norozi bo‘lgan edi. Norozi bo‘lish nima, undan yuz o‘girgan edi. Bu o‘rinda mazkur davrning yirik arboblaridan biri Shayx Xudoydodi Valiy bilan bog‘liq voqeani eslash kifoya. Shoh Ismoilning amiri a'zami bo‘lmish Najmi Soniy qo‘shini ko‘magida 1511 yilning kuzida Samarqandni egallagan Bobur mirzo Shayx Xudoydodi Valiy huzuriga vakil yuborib, shu paytgacha shayboniylarni qo‘llagani uchun unga dashnom berish maqsadida o‘z huzuriga chorlaydi. Shunda Vali bobo Bobur mirzoning shia'lar bilan ittifoq tuzganiga ishora qilib,»Bu yerda kim musulmonroq bo‘lsa, o‘sha podshoh bo‘ladi», — deb uning huzuriga borishdan bosh tortadi. Bu achchiq so‘zlar chorasiz qolganidan noto‘g‘ri tadbirga qo‘l urgan sargardon mirzoning yurak-bag‘rini umrining oxirigacha kuydirib yurdi.

Bobur mirzo aynan shu mash'um xatosi tufayli «ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?» deb faryod chekadi:

O‘z yerni qo‘yub, Hind sori yuzlandim,



Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Download 32.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling