“Saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”


Download 21.12 Kb.
Sana18.05.2020
Hajmi21.12 Kb.
#107544
Bog'liq
saylov kodeksi qanday boliwi kerak


Mustaqillik yillarida mamlakatimizda demokratik saylovlar oʻtkazish, tom maʼnoda, muhim ijtimoiy-siyosiy anʼanaga aylandi. Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”.

Birinchidan, mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga toʻla javob berishida milliy qonunchilik va saylov amaliyotimizning ahamiyati beqiyosdir. Shuning uchun davlat rahbari 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan ilk Murojaatnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini kun tartibiga qoʻydi.

Ikkinchidan, Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash vazifasi 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini 2018 yil — “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritildi.

Uchinchidan, Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Saylov qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Toʻrtinchidan, ushbu Dasturga muvofiq Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash va uni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish, muhokama natijalariga koʻra loyiha matnini takomillashtirish va Saylov kodeksini qabul qilish, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari va Markaziy saylov komissiyasi hujjatlarini Saylov kodeksiga muvofiqlashtirish rejalashtirildi.

Beshinchidan, davlat rahbarining 2018 yil 4 oktyabrda qabul qilingan “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, shubhasiz, saylov qonunchiligi sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Bu qaror mamlakatimiz saylov tizimi va amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda saylovlarning nechogʻli ulkan ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga egaligini koʻrsatsa; ikkinchi tomondan, Prezidentimiz Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba Saylov kodeksini ishlab chiqish gʻoyasining tashabbuskori ekanini tasdiqlaydi.


Ushbu huquqiy hujjatning ahamiyati


Shuni taʼkidlash lozimki, oʻtgan ikki yil ichida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. “Saylov kodeksining dolzarbligi va ahamiyati nimada?” degan savol tugʻilishi tabiiy.

Birinchi sababi: ushbu savolning javobi siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega boʻlgan saylov qonunchiligi va amaliyotining hozirgi holati bilan bevosita bogʻliqdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu borada qabul qilingan qonunlar va bir qator qonunosti hujjatlari haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmagan.

Ushbu haqqoniy fikrning tasdigʻi uchun saylovlarga doir amaldagi 5 ta Qonunni sanab oʻtamiz:

1. 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi Qonun;

2. 1993 yil 28 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Qonun;

3. 1994 yil 5 mayda qabul qilingan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi Qonun;

4. 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun;

5. 1994 yil 5 mayda qabul qilingan “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun.

Ikkinchi sababi: saylovlarga doir ana shu beshta Qonunning barchasida fuqarolarning saylov huquqlari bilan bogʻliq deyarli bir xil normalar takrorlangan. Saylovga doir qonunlarning koʻpligi ham fuqarolar tomonidan ularni qoʻllashda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgandi.

Uchinchi sababi: shu vaqtga qadar yurtimizda saylov jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartib-qoidalari qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yoʻriqnomalari bilan tartibga solinardi. Masalan, “Senat aʼzolarini saylash toʻgʻrisidagi Nizom”ni olaylik. Bunday voqelik, oʻz-oʻzidan, Prezidentimiz oldimizga qoʻygan, yaʼni qonunlar toʻgʻridan-toʻgʻri ijro etiladigan boʻlishi kerak, degan muhim talabga ziddir.

Toʻrtinchi sababi: hozirgi kunda dunyoning 40 ta davlatida Saylov kodekslari qabul qilingan. Oʻzbekistonda ham xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish zarurati tugʻildi.

Beshinchi sababi: keyingi davrda amaldagi 17 kodeksdan 6 tasi, yaʼni Byudjet, Soliq, Bojxona, Yer, Uy-joy, Shaharsozlik kodekslarining qabul qilingani islohotlarning hozirgi bosqichida mamlakat hayotining eng muhim sohalarini kodekslar bilan tartibga solishga oʻtilganidan dalolat beradi. Saylov kodeksi loyihasining ishlab chiqilishi ushbu qonun ijodkorligi anʼanasining uzviy davomidir.

Oltinchi sababi: Saylov kodeksi loyihasida bugungi kunga qadar tarqoq holda amal qilgan saylov toʻgʻrisidagi qonunlar va qonunosti hujjatlarini xalqaro norma va standartlar hamda ilgʻor xorijiy tajriba talablaridan kelib chiqib kodifikatsiya qilish, saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlar nazarda tutilgan.

Bu, oʻz navbatida, mazkur Kodeks loyihasida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilayotgan beshta yaxlit qonun va ularga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi 17 ta qonun oʻz kuchini yoʻqotishini anglatadi.


Uni tayyorlashda qaysi manbalarga tayanildi?


Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqishda, asosan, uchta manbaga tayanildi.

Birinchi manba — saylovlar toʻgʻrisidagi milliy qonunchilik va saylov amaliyoti. Bu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylovga doir 5 ta Qonun va Markaziy saylov komissiyasining 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari, shuningdek, demokratik saylovlar oʻtkazish borasidagi qariyb 30 yillik milliy saylov amaliyotimiz asosida ish olib borilganini qayd etish lozim.

Ikkinchi manba — saylovlarga doir ilgʻor xorijiy tajriba. Kodeks loyihasini tayyorlash davomida dunyodagi 50 dan ortiq davlatlar, xususan, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning saylov kodekslari va qonunlari oʻrganildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, hozirgi vaqtda Fransiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon, Bolgariya, Gruziya singari 40 ta davlat oʻzining yagona Saylov kodeksiga ega.

Uchinchi manba — saylovlarga doir xalqaro standartlar va demokratik prinsiplar. Saylovga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy gʻoya va standartlari Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi normalariga imkon qadar chuqur singdirildi. Bunday hujjatlar jumlasiga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi pakt, YEXHTning insoniylik mezonlari toʻgʻrisidagi hujjatlari, jumladan, 1990 yilgi Kopengagen hujjati, Parlamentlararo Ittifoqning Adolatli saylovlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar kiradi.

Loyiha qanday ishlab chiqildi?


Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash va davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar talabidan kelib chiqqan holda, saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov rahbarligida Ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibidan Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar joy oldi.

Ushbu Ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining ilk loyihasi ishlab chiqildi. Tayyorlangan Saylov kodeksi loyihasining keng jamoatchilik oʻrtasida muhokamasi va loyiha ekspertizasi quyidagi beshta yoʻnalishda amalga oshirildi.



Birinchi yoʻnalish — internet, yaʼni ijtimoiy tarmoqlarda Kodeks loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi. Shu maqsadda Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (www.regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi hamda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida (www.elections.uz) oʻzbek va rus tillarida joylashtirildi.

Ikkinchi yoʻnalish — loyiha fuqarolik jamiyati institutlari ekspertlarining jamoat ekspertizasidan oʻtkazildi. Saylov kodeksi loyihasining mazmun-mohiyati tuman va shaharlardagi mahallalar, mehnat jamoalari hamda oʻquv muassasalarida keng jamoatchilik ishtirokida qizgʻin muhokama etildi. Bunda, ayniqsa, siyosiy partiyalar va ularning parlamentdagi fraksiyalari faollik koʻrsatdi. Ulardan tushgan koʻplab taklif va mulohazalar loyihani takomillashtirishda hisobga olindi.

Uchinchi yoʻnalish — Kodeks loyihasi boʻyicha ilmiy ekspertiza amalga oshirildi. Bu oʻrinda loyiha boʻyicha kelib tushgan taklif va tavsiyalar tegishli Ishchi guruh hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mutaxassislari tomonidan izchil oʻrganib chiqilganini alohida taʼkidlash lozim.

Toʻrtinchi yoʻnalish — Kodeks loyihasi yuzasidan bevosita amaliyotchilarning fikr-mulohazalari olindi. Yaʼni loyiha viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari rahbarlari hamda aʼzolari, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari va mutaxassislari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Beshinchi yoʻnalish — Kodeks loyihasi xalqaro tashkilotlarga mustaqil xalqaro ekspertiza uchun taqdim etildi. Bu borada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) tavsiyalari, shuningdek, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Ijroiya qoʻmitasidan tegishli xulosa hamda fikrlar olindi.

Misol uchun, 2018 yilning kuzida mamlakatimizga tashrif buyurgan Venetsiya komissiyasi ekspertlari Oʻzbekistonda Saylov kodeksi loyihasi tayyorlanayotganini va keyingi saylovlarda saylovchilarning yagona elektron roʻyxati amal qilishi joriy etilayotganini ijobiy baholadi.

Bu bejiz emas. Bugungi kunda Prezidentimizning “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” rejasi asosida izchil ish olib borilmoqda. Shu maʼnoda, oldimizda turgan saylovlar nafaqat qonunchilik nuqtai nazaridan, balki texnik-texnologik jihatdan ham mutlaqo yangicha formatda boʻlib oʻtadi.

Binobarin, XXI asr — zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asridir. Mamlakatimiz saylov amaliyotiga zamonaviy axborot texnologiyalari tobora keng kirib borayotgani, yildan-yilga saylovchilarning saylov jarayoniga nisbatan talabchanligi tobora oshayotgani, shuningdek, saylovga nisbatan jamoatchilikning ishonchini yanada yuksaltirish dolzarbligi nuqtai nazaridan qaraganda ham, Prezidentimizning bu boradagi tashabbuslari xalqaro ekspertlarning eʼtirofiga sazovor boʻlayotgani ayni muddaodir.

Shunday qilib, keng qamrovli muhokamalar chogʻida Saylov kodeksi loyihasi boʻyicha jami 400 tadan ortiq taklif va tavsiyalar kelib tushdi. Ushbu takliflar diqqat bilan oʻrganildi, umumlashtirildi va Kodeks loyihasida eʼtiborga olindi.

Bildirilgan eng muhim takliflar ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlari, mahalliy Kengashlarga saylovlarning xususiyatlari, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining faoliyati, nomzodlar va ularning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish, ularning huquqiy maqomi, kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari yuzasidan boʻldi.

2018 yilning 16-17 noyabr kunlari Buxoro shahrida milliy hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Saylov kodeksi loyihasining xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamasiga bagʻishlab xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Ushbu yoʻnalishda boshqa bir qator amaliy anjumanlar ham tashkil etildi. Oʻtkazilgan tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Yangiliklar nimalardan iborat?


Saylov kodeksi loyihasining tuzilishi — 2 qism, yaʼni Umumiy qism — 6 bob va Maxsus qism — 12 bob, jami 18 bob, 101 modda.

Saylov kodeksining 26 ta yangi, eng asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:



Birinchi yangilik. Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekiston ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlanmoqda. Bunda Qonunchilik palatasida amaldagi deputatlik oʻrinlari (150 oʻrin) saqlab qolinadi.

Ikkinchi yangilik. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod koʻrsatish tartibi bekor qilinmoqda.

Uchinchi yangilik. Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini shakllantirish Kodeks bilan tartibga solinadi.

Toʻrtinchi yangilik. Muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanmoqda.

Beshinchi yangilik. Saylovlarni oʻtkazish yoki tashkil etishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi kiritilmoqda.

Oltinchi yangilik. Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi mumkinligi belgilanmoqda.

Yettinchi yangilik. Ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan (+, v, X) birini qoʻyish imkoniyati berilmoqda.

Bundan tashqari, protsessual, yaʼni bevosita saylov jarayonlari bilan bogʻliq bir qator yangi qoidalar joriy etilmoqda. Jumladan:



  • Saylov uchastkasida ovozlarni sanash bayonnomasining nusxasini darhol joylashtirish tartibi belgilanmoqda.

  • Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar) koʻrsatilmoqda.

  • Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish tartibi belgilanmoqda.

  • Qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda, yagona saylov uchastkalarini tuzish nazarda tutilmoqda.

  • Ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bekor qilib, Senat aʼzolarini Kodeks darajasida saylash masalasi kiritilmoqda.

  • Saylov komissiyasi aʼzolari uchun yangi talablar oʻrnatilmoqda. Bunda nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzolari boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

  • Nomzodlar ishonchli vakillarining Oʻzbekiston Respublikasidagi safar xarajatlari saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanishi tartibi belgilanmoqda.

Saylov kodeksi loyihasida saylov sohasiga ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan takliflar ham oʻz aksini topgan. Xususan, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi hamda Venetsiya komissiyasining quyidagi 10 ta tavsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasiga kiritildi:

— Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning (2,3 ming kishi) saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

— Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan maksimal chetga chiqishi 10 foizdan oshmasligi sharti belgilanmoqda.

— Qonunchilik palatasiga saylovlar boʻyicha saylov okruglarini tuzishda Markaziy saylov komissiyasi viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining emas, balki xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga asoslanishi koʻzda tutilmoqda.

— Saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish saylovga 3 kun qolganida toʻxtatilishi belgilanmoqda.

— Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilanmoqda (oldingi 1 kun oʻrniga).

— Jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi munosabati bilan qonun oldida javobgar boʻlgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nomzod sifatida roʻyxatga olinishiga ruxsat etilishi nazarda tutilmoqda.

— Siyosiy partiyaning u yoki bu shaxsni nomzod etib koʻrsatish toʻgʻrisidagi oʻz qarorini saylovga kechi bilan 15 kun qolganida bekor qilish huquqiga ega ekanligi oʻrnatilmoqda.

— Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, yaʼni ularni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi koʻrsatilmoqda.

— Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 dan 5 kishigacha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

— Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan 1 kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish taqiqlanmoqda.

YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi taklif etgan quyidagi 3 ta tavsiya Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasiga kiritilmadi:

— mustaqil nomzodlarning saylovlarda nomzod sifatida ishtirok etishiga ijozat berish;

— nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatini badnom etadigan notoʻgʻri axborot va maʼlumotlarni tarqatish mumkin emasligi boʻyicha ommaviy axborot vositalariga qoʻyilgan taqiqni bekor qilish;

— saylov jarayonlarini kuzatishda “fuqarolik kuzatuvi” institutini joriy etish.

Shu oʻrinda Saylov kodeksi loyihasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkinligiga doir norma mavjud ekanini taʼkidlash lozim.

Shuningdek, Saylov kodeksi loyihasida Markaziy saylov komissiyasiga oid quyidagi yangiliklar nazarda tutilgan.

Birinchi yangilik — Markaziy saylov komissiyasi aʼzolariga talablar qoʻyilmoqda (yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin).

Ikkinchi yangilik — Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari maqom boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolariga tenglashtirilyapti.

Xulosa oʻrnida aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Saylov kodeksi loyihasi oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarni oʻzida aks ettirib, dolzarb mazmun-mohiyat va ulkan huquqiy, ijtimoiy hamda siyosiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu Kodeksning qabul qilinishi, avvalo, mamlakatimiz saylov tizimida qonun hujjatlari normalari takrorlanishining oldini olish imkonini beradi.



Eng muhimi, ushbu Kodeksning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi.
Download 21.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling