Shermuhammadbek


Download 0.79 Mb.
Pdf ko'rish
bet4/24
Sana04.10.2020
Hajmi0.79 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24

MADAMINBEK 
Madaminbek (Muhammad Aminbek) Ahmadbek o‘g‘li 1892 yilda Marg‘ilonning So‘qchilik 
kasabasida qashshoqlanib qolgan bekzodalar xonadonida tug‘ilgan. Madaminbek Farg‘ona 
qo‘rboshilari ichida eng mashhuri bo‘lib, uning haqida qator kitoblar ham bitilgan. Madaminbek 
yoshligida otasiga yordam berib, yog‘ochdan turli buyumlar yasab sotib yurdi, keyinchalik bozorda 
hammollik, do‘kondorlik, karvonlarda sarbonlik qildi. Umuman u hayot maktabining dastlabki 
bosqichini bozorda o‘tadi. Savodi tuzuk bo‘lganligi uchun savdogarlar, zakunchilar, amaldorlar 
doiralariga ham kirib bordi. U o‘rta bo‘y, kelishgan, mo‘ylablari o‘ziga yarashgan, so‘zamol, “Mar-
g‘ilonning do‘ppisini chakkaga dol qo‘ygan, beqasam to‘nni yelkaga tashlagan, baland poshna etik 
kiygan chapani yigit”, safdoshlari ichida eng o‘ktami edi. Jamiyatda shunday bir qonuniyat bor — 
kishining obruyi oshib, do‘stlari qay miqdorda ko‘paysa, uning dushmanlari ham doim yetarli bo‘ladi. 
Ana shu hasad Madaminbekni Sibirga surgun qildi.  
Madaminbek 1918 yil boshlarida Marg‘ilon militsiyasi boshliqligiga tayinlanadi. Muxtoriyat 
tugatilib, Qo‘qon qonga botirilgach, Madaminbek o‘z qo‘l ostidagi uch yuz yigit bilan milliy-ozodlik 
harakati yo‘liga o‘tadi. U Toshloq qasabasidagi G’orbuvo qishlog‘ini o‘ziga qarorgoh qilib olib, qizil 
gvardiyachilar bilan dastlabki janglarini boshlab yuboradi. Keyinchalik, G’orbuvoni 
Shermuhammadbek ixtiyorida qoldirib, qarorgohini Baliqchiga ko‘chiradi. Baliqchi vodiyning qoq 
markazi bo‘lib, ikki ulug‘ daryo: Qoradaryo va Norin qo‘shilib, Sirdaryo hosil bo‘ladigan joydir. Bu 
kasaba vodiyning to‘rt yirik muzofoti — Qo‘qon, Namangan, Andijon, va Marg‘ilon hududlari o‘zaro 
tutashgan, butun vodiyni nazorat qilib turish mumkin bo‘lgan, muhim strategik ahamiyatga ega joy edi. 
Madaminbek vodiyning turli yerlariga odam yuborib, ular orqali aholiga o‘z maqsadlarini: avvalo 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
20
Farg‘onani, keyinroq, Alloh nasib etsa, butun Turkistonni bolsheviklar zulmidan ozod qilish, shariat 
oyoqosti qilinmaydigan jamiyat qurish, buning uchun esa qo‘lga qurol olib kurashish lozimligini 
tushuntirdi va kurashga da’vat etadi. Tez orada uning qo‘shini 4000 kishiga yetib qoldi. Unga 
Baliqchidan Boytuman hoji, Nayzaqayrag‘ochdan Solih Mahsum, Oq yerdan Qozoqjonbek, Qorako‘l-
dan Hoshim polvon, Buloqboshidan Mulla Juman, Valikdan Mirkarimboy, Nurulla Mahsum, 
Abdullajon, Uchqo‘rg‘ondan Nazriddin Mingboshi, Loshmondan To‘xtaboy Ponsod, Qumariqdan 
Boltaboy Qo‘rboshi, Yozyovondan Yusuf Polvon, Qoratepadan Qurbonboy, Varzikdan Abdullajon 
Mahsum o‘z yigitlari bilan kelib qo‘shildilar.                
Madaminbek o‘zining o‘sib borayotgan qo‘shinida beboshlik, talonchilik va boshqa salbiy 
holatlarning oldini olish uchun qozi va muftiylar yordamida maxsus Nizomnoma tuzadi. 
Nizomnomada milliy-ozodlik kurashining g‘oyaviy yo‘li, maqsad va vazifalari bayon etiladi, hamda 
asosiy qismida kurash ishtirokchilariga qo‘yilgan talablar ko‘rsatiladi. Chunonchi:  
— behudaga qon to‘kmaslik; 
— o‘z hududida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash;  
— talonchilik bilan shug‘ullanmaslik; 
— shariat hukmlari bo‘yicha ish tutish va h.k. 
Madaminbek yangi qo‘shilgan har bir qo‘rboshini mazkur Nizomnoma bilan tanishtirib, unga amal 
qilish uchun imzo qo‘ydirib olgan. Afsuski, bu muhim hujjat moziy qa’rida qolib ketdi. Uning biror 
nusxasi na arxivlarda, na odamlar qo‘lida saqlanib qolgan. Bu hujjatning mavjudligi haqida unga o‘zi 
ham imzo chekkan rishtonlik Abdusattor Kosatarosh marhum padari buzrukvorimizga so‘zlab bergan 
ekan. 
Madaminbek qo‘shinidagi yigitlar jasur, g‘oyaga sodiq jangchilar bo‘lsalarda, ularning aksariyati 
umrida pichoq, bolta-tesha, ketmon va panshaxadan boshqa qurol ishlatmagan, jang ko‘rgan bo‘lsada, 
katta harbiy operatsiyalarda ishtirok etmagan, jang taktikasidan bexabar bo‘z yigitlar edi. Mahalliy 
millat vakillari ichida harbiy mutaxassislar yo‘q hisobi. Shu tufayli Madaminbek o‘ylab-o‘ylab sobiq 
podsho Rossiya armiyasi zobitlaridan foydalanishga qaror berdi, illo, vodiyda qizil hokimiyatni tan 
olmagan, ularga qo‘shilmagani uchun ta’qibga uchragan harbiy mutaxassislar yetarli edi. Ular ham 
mavjud hokimiyatga qarshi kurashishni xohlar, vodiyning ruslar ko‘proq istiqomat qiladigan sharqiy 
qismida (Jalolobod, O’zgan) o‘z qo‘shinlarini tashkil etgan, bunday imkoniyat bo‘lmagan boshqa 
joylarda esa payt poylab yotar edilar. Madaminbek ularning huzurlariga odam yuborib, umumiy 
dushman, ya’ni, bolsheviklarga qarshi hamkorlikda jang qilish, birlashishni taklif qildi. Milliy-ozodlik 
harakati asosan islom bayrog‘i ostida ish ko‘rayotganligi rus ofitserlarini cho‘chitib turardi. Shu tufayli 
Madaminbek o‘z qo‘shinida diniy erkinlik e’lon qildi. Shundan so‘ng Osipov, general Muxanov, 
polkovnik Belkin (Kornilov), keyinchalik esa, Sharqiy Farg‘onada tarkib topgan krest’yanlar armiyasi 
qo‘mondoni general Monstrov unga qo‘shiladilar. Birinchi bo‘lib esa qizil armiya tarkibidagi maxsus 
Pomir otryadi qo‘shilgan edi. Bu otryad urushlarda chiniqqan, tog‘ sharoitida jang qilishga mohir 
yigitlardan iborat bo‘lib, “Bo‘ri galasi” degan nom orttirgan. Unga shtabs-kapitan Plotnikov boshchilik 
qilgan. O’zi aslida qirg‘iz bo‘lib, ruslar ichida tarbiya olgan va polkovnik darajasiga erishgan 
Sulaymon Kuchukov esa o‘z bo‘linmasi bilan bek qo‘shiniga kelib qo‘shildi. Rus ofitserlari 
Madaminbek qo‘shini shtabini boshqarganlar, yigitlarga zamonaviy jang usullarini o‘rgatganlar. 
Madaminbekning dastlabki janglari Marg‘ilon atroflarida, so‘ngra esa Namangan va Baliqchi 
oralig‘idagi Jiydakapa qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Bu jangda dastlabki xiyonat sodir etildi: Plotnikov 
boshchiligidagi Pomir otryadi qizillar bilan yarashish maqsadida ularga xat jo‘natganligi ma’lum bo‘lib 
qoldi. Qo‘rboshi Boytuman hoji buni sezib qolib, Madaminbekka xabar beradi. Madaminbek yetib 
kelib, otryadni qurolsizlantiradi. Biroq Plotnikovning buyrug‘i bilan qurshovdagi qizil gvardiyachilar 
Namangan tomon chekinishga muvaffaq bo‘ladilar. 
Keyingi janglar esa muvaffaqiyatli o‘tdi. Madaminbek Markaziy Farg‘onaning qishloq hududlarida 
o‘z hokimiyatini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Marg‘ilon shahri, garchi uning qo‘l ostida bo‘lmasada, 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
21
bu yerga bemalol kelib ketadigan bo‘ldi. 
Madaminbekning dovrug‘ini yoygan katta, shiddatli janglar asosan 1919 yilda bo‘lib o‘tdi. Yil 
boshida u eng katta kuch — Safonov boshchiligidagi 20 ming kishilik jangchisi bo‘lgan Skobelev 
(xozirgi Farg‘ona) shahriga hujum qildi. Hujumning to‘satdan bo‘lganligi dushmanni gangitib qo‘ydi. 
Ko‘cha janglariga tob berolmagan qizil gvardiyachilar garnizon qal’asiga bir amallab kirib oladilar. 
Madaminbek qal’ani qamal qilish foydasizligini, tez orada butun vodiydan qo‘shinlar yordamga yetib 
kelishini oldindan bilgan holda, turmaga hujum qilib bosmachilikda ayblangan bir qancha kishilar va 
rus ofitserlarini ozod qildi hamda Farg‘ona qo‘shinlar qo‘mondoni M.V.Safonevni asir oladi.  
Skobelev jangi sovet qo‘shini, uning boshliqlari uchun katta saboq bo‘ldi. Ular, o‘z qarshilarida 
betartib, tarqoq to‘dalar emas, balki yaxshi uyushgan, salohiyatli sarkarda qo‘mondonlik qilayotgan 
muntazam armiya turganligini his etdilar. 
Madaminbekning dastlabki muvaffaqiyatlari uning obro‘-e’tiborini oshirdi. Musulmon 
lashkarboshilarining navbatdagi qurultoyida harakati sustlashgan Katta Ergash Qo‘rboshi o‘rniga 
Madaminbek “Amir Al Muslimin” etib saylandi. Xafa bo‘lgan Ergash Qo‘rboshi qurultoy qaroriga 
bo‘ysunmasligini e’lon qildi va o‘z holicha, hech kimga itoat qilmay kurashni davom ettirishni ma’lum 
etdi. Obro‘-e’tibor bilan birgalikda hasadguylar ham ko‘paydi. Uning qo‘l ostida jang qilayotgan 
To‘ychi, Qoraboy, Xolxo‘ja va yana ularga o‘xshash bir necha qo‘rboshilar qanday qilib bo‘lsada, 
Madaminbekning o‘rniga o‘zlari o‘tirishni, amiral muslimin bayrog‘ini o‘zlari tutishni orzu qilar edilar 
va bu yo‘lda yashirin yo‘l tutganlar. 
1919 yil 22 oktyabrda Pomirning Irkeshtom (Ergashtom) ovulida Madaminbek rahbarligida 
Farg‘ona Muvaqqat hukumati tuzildi. Madaminbek hukumat raisi va bosh qo‘mondon qilib tayinlandi. 
1920 yil fevralida sovet qo‘shinlari Madaminbek, Shermuhammadbek qo‘shiniga qarshi o‘nlab 
samolyot, bronepoezd, katta miqdordagi to‘p pulemyotlar bilan hujumga o‘tdi. Harbiy tashabbus 
qo‘ldan ketganligini his etgan Madaminbek o‘z qo‘shini, yigitlarini saqlab qolish maqsadida yarash 
muzokaralarini taklif etdi, hamda u bilan diviziya boshlig‘i Veryovkin-Raxalskiy o‘rtasida 1920 yil 6 
martda Skobelev shahrida yarash bitimi imzolandi. Taslim bo‘lganlarni avf etish haqidagi sovet 
hukumatining qarori chiqqan bo‘lsada, bolsheviklar tomonidan o‘ldirilgan Madaminbek o‘limining 
ertasi kuniyoq boshqa istiqlolchilarni ham shafqatsiz qirish boshlandi.   
XOLXO’JA ESHON 
Milliy ozodlik jabhasida ot surgan eng yirik, zabardast qo‘rboshilardan biri Xolxo‘ja Eshon edi. 
Muammoga oid ko‘plab tadqiqotlarda Xolxo‘ja Eshon eng yovuz, johil qo‘rboshi sifatida ta’riflanadi. 
Hatto sovet tarixchilari va adiblariga aksil jabhada turgan Shahobiddin Yassaviy kabi mualliflar ham 
uning salbiy xislatlaridan ko‘z yuma olmaydilar. Faqat turk yozuvchisi va jurnalisti Ali Bodomchining 
Turkiston Qo‘rboshilari mavzusidagi turkum maqolalaridagina u ijobiy shaxs sifatida qalamga olinadi. 
Xolxo‘ja Eshon shunday mashhur shaxs bo‘lgani bilan, uning 1917 yilgacha bo‘lgan hayoti haqida 
hech qanday ma’lumot yo‘q. Manbalarda, uning O’shlik ekanligi, Sharqiy Farg‘onada faoliyat 
ko‘rsatganligi, ayrim janglari tafsiloti yoziladi, xolos. Shuningdek, manbalarda Xolxo‘ja Eshon 
Madaminbek fojiasining bosh qahramoni sifatida qalamga olinadi.  
Xolxo‘ja Eshon 1918 yil oxirlarida o‘z yigitlari bilan Madaminbek qo‘shinining tarkibiga kiradi va 
o‘z mintaqasida faoliyat ko‘rsatadi. Fe’l-atvori, qarashlari boshqacha bo‘lgan bu ikki qo‘rboshi 
o‘rtasida ko‘pgina gap-so‘zlar bo‘lib o‘tadi. Madaminbek Xolxo‘jani intizomsizligi, axloqqa zid ayrim 
qilmishlari uchun bir necha oy qamatib qo‘yadi, sazoyi qildiradi. Bu esa Eshonda bir umrlik kek 
uyg‘otadi. 
Nima bo‘lganda ham, Xolxo‘ja Eshon zabardast, qizil gvardiyachilarga bir necha marta qaqshatgich 
zarbalar bera olgan kurashchi edi. 
Shuningdek, xalq milliy ozodlik kurashining boshlang‘ich davrida yuqorida o‘qiganingizdan tash-

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
22
qari yana bir qancha yirik qo‘rboshilar maydonga chiqdilar. 
Andijondan Parapi qo‘rboshi boshchiligidagi Yunusbek, Isroilbek, Mahkam Hoji, Oxunjon, Mulla 
Abdurazzoq, Qozoqboy, Mirza tog‘a qo‘rboshilar. 
O’shdan Xolxo‘ja Eshon boshchiligidagi Sohib qori, Yo‘lchibek, Tesha ofitser, No‘‘monbek, Mulla 
Umrzoq, Said Ahmadbek, Yo‘ldosh polvon; 
Namangandan Omon Polvon qo‘l ostidagi Rahmonqulibek, Yo‘ldosh Chatoq, Sotvoldi Qozi, 
Ro‘zimuhammadbek, Hoji To‘rabek, Boytumanbek;  
O’zgandan Jonibek Qozi qo‘l ostidagi Shamsibek, Jamol, Qodir, Muhammad Ibrohimbek 
qo‘rboshilar. 
Oloydan Muhiddinbek qo‘l ostidagi Yangiboy Amin, Usmon Mingboshi, Bekmurod, Sarkor Ota, 
Mulla Siddiq, Nurmuhammad Mingboshi kabi qo‘rboshilardir. 
Endi, kitobimizning bosh qahramoni Shermuhammadbek haqida qalam yuritar ekanmiz, avvalo, 
uning bosh qarorgohi bo‘lmish G’orbuvo qishlog‘i haqida ma’lumot berib o‘tishni lozim topdik.          
G’ORBUVO 
Marg‘ilonning Toshloq deparasida, uning cho‘lga ulanib ketgan eng chetida joylashgan bu qadimiy 
qishloq bir tarafi ekinzorlar, boshqa tarafi esa qamishzor va changalzorlar bilan o‘ralgan, o‘sha davr 
o‘lchami bo‘yicha o‘rtacha bir aholi maskanidir. Qishloqning qadimiyligini uning yaqinida joylashgan 
qal’a va rabotning tekislanib, deyarli yer bilan bitta bo‘lib ketgan vayrona qoldiqlaridan bilsa bo‘ladi. 
Uning atrofida Shilva, Ramazon, nariroqda esa Yakkatut, Bo‘ston, Yakkabed va boshqa qishloqlar 
joylashgan. 
XX asr boshlarida G’orbuvo rasmiy jihatdan Farg‘ona viloyat Marg‘ilon uezdi, shahar atrofi 
uchastkasining Yakkatut volostidagi Ramazon qishloq tarkibida turgan. Asrning boshlarida aholi 
ro‘yxatiga ko‘ra, G’orbuvoda 172 xonadon mavjud bo‘lib, 132 xonadon o‘z xususiy yer mulkiga ega 
bo‘lgan, qirq xonadon esa yersiz hisoblangan. Aholisi esa 686 kishidan iborat bo‘lib, shundan 393 
nafari erkak, 293 nafari ayol edi. Qishloq Marg‘ilon shahridan 20 chaqirim, Gorchakova temiryo‘l 
stantsiyasidan 16 chaqirim masofada joylashgan. Ushbu mashhur qishloq nomi milliy-ozodlik harakati 
aks ettirilgan barcha manbalarda uchraydi. Uni tarixchi va yozuvchilarimiz Karbobo, G’arbobo tarzida 
qalamga olib keldilar. Xalqda esa u G’orbuvo degan nom bilan mashhur. Rus tilida yozilgan 
manbalarda, bu tilda “G’” tovushi bo‘lmaganligi tufayli Garbaba shaklida yozib kelishdi.  
Qishloqdan bir oz narida shu deparadagi uch-to‘rt qishloq uchun umumiy hisoblangan katta bir 
qabriston bor. Uning o‘rtasidagi bir tepalik etagida G’orbuvo ziyoratgohi joylashgan... 
Sovet hokimiyati yillari edi. Xizmat safari yoki sayri-sayohat yuzasidan Leningradga har 
borganimda u yerlik tanish bilishlarni bir-bir yo‘qlab qo‘yar edim. Navbatdagi safarlarimdan birida 
harbiyda birga xizmat qilgan bir zobit do‘stimnikida bir-ikki soat mehmon bo‘ldim. U sidqidil xizmati 
uchun Leningrad harbiy okrugi shtabiga o‘tkazilgan edi. Uning xotini sharqshunos bo‘lib, tasavvuf 
tarixi bilan shug‘ullanar ekan. Choy ichib o‘tirganimizda Lyudmila Borisovna (xotinining ismi sharifi 
shunday edi) savol berib qoldi: 
— Marg‘ilon shahri siz yashaydigan shahardan uzoqmi? 
— Yo‘q, unchalik uzoq emas, eng yaqin yo‘ldan yurilsa, yetmish kilometr ham chiqmaydi. 
— O’sha Marg‘ilon yaqinida Garbobo degan joyni eshitganmisiz? 
— Ha, u joy haqida ko‘p eshitganman va o‘qiganman. U joy “bosmachilar” urushi davrida (u 
vaqtlarda milliy-ozodlik kurashi degan ibora har joyda ham tilga olinavermas, faqat eng yaqin, 
ishonchli do‘stlar davrasidagina pichirlab aytilardi) antisovet kuchlarining yirik qarorgohi bo‘lgan. 
Nima siz ham bu urush tarixi bilan qiziqib qoldingizmi? Bilishimcha, sohangiz boshqa edi shekilli. 
— Yo‘q-yo‘q, bu joyning “bosmachilar” urushi davriga oid tarixi meni qiziqtirgani yo‘q. Bilasizmi, 
men o‘zim universitetda ishlasam ham, ishim yuzasidan arxivlar, ilmiy kutubxonalarda ko‘p bo‘laman. 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
23
Saltikov-Shchedrin nomli xalq kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida chamasi o‘ntacha 
jildda (papkada) yirtiq-sirtiq qog‘ozlar saqlanadi. Ular turli kitoblardan tushib qolgan alohida varaqlar, 
bir qismi yirtilgan turli hujjatlardir. Ular shu tufayli ilmiy inventar hisobiga kiritilgan. 
Sharqshunoslarning ba’zilari bu papkalarga hazil tariqasida “turfa qog‘ozlar papkalari” deb nom qo‘yib 
olganlar, shunisi qiziqki, asosiy jamg‘arma materiallarida topilmagan ayrim faktlar va ma’lumotlar 
ayni ushbu papkalardan chiqib qoladi. Shu tufayli sharqshunoslar o‘z ishlari jarayonida, albatta, ularni 
ham ko‘zdan kechirib qo‘yadilar. Men ham shu papkalarni titib o‘tirib, Qo‘qon xonlaridan bo‘lmish 
Norbo‘tabekning bosh vaziri Xonxo‘ja tomonidan Marg‘ilon viloyati Toshloq deparasidagi G’orbuvo 
qishlog‘i yaqinida joylashgan Xoja Pirmuhammad Qalandar mozoriga berilgan vaqf mulki haqidagi 
“Vaqfnoma” deb nomlanadigan hujjatning bir parchasini topib oldim. Hujjat chamamda to‘rt 
buklangan holatda qaerlardadir uzoq saqlangan. Vaqt o‘tishi bilan buklov chizig‘idan yirtilib, mazkur 
papkaga uning to‘rtdan bir qismigina tushib qolgan. Qalandarlik sohasi mening ilmiy ishimga yaqin 
bo‘lganligi uchun bu qalandarning shaxsi haqida ma’lumot izladim. Aynalib-o‘rgilib, kichik, uzuk-
yuluq ma’lumotni yana shu papkalarning biridan topdim. Ma’lumki, Turkiston va Eronda avliyolar, 
zohidlar, obidlar, shayxlar va qalandar-darveshlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan umumiy nomi 
“Tazkirat ul avliyo” bo‘lgan asarlar (avliyolar haqida yodnomalar) yaratilgan. Bu asarlarning ayrim 
varaqlari ham mazkur parishon qog‘ozlar papkasiga tushgan ekan. Ushbu varaqlarning birida Xoja 
Pirmuhammad Qalandar shaxsi haqida kichik bir ma’lumot bor ekan. Ma’lum bo‘lishicha, Xoja 
Pirmuhammad XVIII asrning birinchi yarmida Farg‘onada yashab o‘tgan bo‘lib, “Qodiriya” sulukiga 
mansub zot ekan. Garchi u yoshligiga qaramay, ilmda, tariqatda shayxlik darajasiga yetishib qolgan 
bo‘lsada, qalandarlik jubbasini tashlamagan ekan. U XVIII asrning qirqinchi yillarida qalmoq 
bosqinchilari bilan bo‘lgan janglarda asir olinib, qatl qilingan ekan. Bu qalandar shaxsi haqida boshqa 
hech narsa topa olmadim. 
Bu borada so‘z ochishimdan maqsad shu ediki, siz rahbar odamsiz. Xizmat yuzasidan vodiyda ko‘p 
yursangiz kerak. Shu ulug‘ odam (agar shunchalik ulug‘ bo‘lmaganda, xonning vaziri uning qabriga 
g‘amxo‘rlik qilarmidi?) haqida xoh yozma, xoh og‘zaki ma’lumot qo‘lingizga tushib qolsa, menga bir 
nusxa jo‘natishingizni iltimos qilgan bo‘lar edim. Xayolimdan ko‘tarilmasligi uchun qalandarning 
nomini bir parcha qog‘ozga yozib berdi.  
Leningraddan qaytgach, taqdir meni Qo‘qonning katta qabristonidagi xonaqohlardan birida 
istiqomat qilib turgan Haydarquli Qalandar bilan uchrashtirmaguncha Lyudmila Borisovnaning 
iltimosini qoniqtiradigan biror bir ma’lumot topishni nasib etmadi. U kishi xaqida menga do‘stlarim 
darak berib – “qalandarlar tarixini hech kim Haydarquli buvodan ko‘p bilmasa kerak” – dedilar. 
Darhaqiqat, Haydarquli Qalandar tasavvuf tarixini, qalandarlar hayotining katta bilimdoni ekan. Bir 
umr qalandarlik qilib, 1960 yillarda faoliyatning bu turi taqiqlangach, qabristondan nonini topib yeb 
yurgan. Shu kishini uyga olib borib, mehmon qilgach, Xoja Pirmuhammad Qalandar shaxsi, u kishi 
dafn etilgan G’orbuvo mozori haqida so‘radim. U kishi menga butun bir afsona so‘zlab berdiki, 
kitobimiz mavzusi G’orbuvo emas, milliy-ozodlik harakati bo‘lganligi tufayli, uning qisqa 
bayoninigina keltirib o‘tishga to‘g‘ri keldi.  
Xalq og‘zaki ijodi antiqa bir ro‘yo: unda afsona, ilohiy kuch, sehr aralashmagan birorta syujet 
topish qiyin. Shu tariqa, G’orbuvo rivoyati ham afsonaviy unsurlardan holi emas.  
G’ORBUVO AFSONASI 
Roviylar andoq rivoyat qilurlarkim, Xo‘qand shahrida Xoja Pirmuhammad ismli bir qalandar 
istiqomat qilur edi. O’zi maxdumzodalardan (Maxdumi A’zam avlodlaridan) bo‘lib, Allohga ishqi 
nihoyatda otashin erdi, “Xu” (“Xu”—Allohning tasavvufdagi nomi) deganda dimog‘idan otash chiqur 
edi. Samarqand Daxbedida tariqat yo‘lini o‘tab, irshodnoma ham olgan, tariqatda xalifalik darajasiga 
yetgan. Xotuni va go‘dak bolasi qorachechakdan vafot topgach, qalandarlik jubbasini kiyib, xonaqohga 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
www.ziyouz.com кутубхонаси 
24
chiqib ketgan erdi. O’zi nihoyatda ko‘rkam, xushsurat yigit bo‘lib, qancha-qancha boyu-boyon, bek-
amirlar odam qo‘yib, o‘z qizlarini peshkash qilsalarda, rad etgan erdi. 
Zamoniki keldi, Chinmochin mamlakatiga qo‘shni bo‘lib yashab turgan jung‘or xalqi yerlari 
Chinmochin tomonidan bosib olina boshlandi. Jung‘orlar oldiniga Ili, Yettisuv, Oqsuv, Qoshg‘ar 
tomonlarga qabila-qabila bo‘lib bosib keldilar. Keyinroq esa Talas va Qoshg‘ar orqali Farg‘onaga ham 
kirib keldilar. Farg‘ona xalqi mudofaa kurashiga qo‘zg‘aldi. Xo‘qand xoni Abdulkarimbiy qo‘shin 
to‘plab, shaharlarni qo‘riqlashga yubordi.  
Qalandarlar ham bu kurashdan chetda turmadilar, Ular bir qo‘lda aso, bir qo‘lda qilich tutib, xalq 
lashkariga qo‘shildilar. Xoja Pirmuhammad ham xonaqohni tark etib, qo‘liga qurol oldi. 
Jung‘orlar ham mo‘g‘ullarga o‘xshab, har qanday holatda: yaylovdan-yaylovga ko‘chishda ham, 
urush holatida ham urug‘ aymoq, bola-chaqasi bilan yurar, erkaklari oldingi safda bo‘lsa, xotin-bola 
chaqalari qo‘shin orqasidagi o‘g‘ruq (oboz) da kelar edi.  
Jung‘or qo‘shinining bir qismi Yozi-Yobon orqali Marg‘inonga yaqinlashib qoldi. Mudofe’lar 
(mudofaachilar) ularning yo‘lini to‘sish uchun chiqdilar. Marg‘inondan uch-to‘rt tosh masofada qattiq 
janglar boshlanib ketdi. Jung‘or qo‘shinining bu qismiga jung‘or xonlaridan birining bevasi Chechek 
Xotun boshchilik qilar edi. Eri Ili yonidagi janglarda halok bo‘lgach, erining o‘rniga jung‘or 
xoqonining ruxsati bilan shu xotin o‘tirgan edi, zero, Chechek xotun o‘zining salohiyati, jangovarligi 
bilan erkaklardan qolishmas, hatto ulardan o‘tib tushar edi. Eri halok bo‘lgach, unga ko‘plab jung‘or 
xonlari, hatto xoqonning ukasi ham talabgor bo‘ldilar, biroq ularning birortasiga ham yuragi jiz etmadi. 
O’lgan eridan ham ko‘ngli to‘lgan emas. Uning nazaridagi, orzusidagi er nafaqat botir, kuchli, 
jangovar, balki axloqli, go‘zal, ilmli bo‘lishi kerak edi. 
Chechek xotun ba’zan o‘zi ham jangda qatnashar, ba’zan biror tepalikka chiqib olib, o‘sha yerdan 
turib jangni boshqarardi. Janglardan birida Chechek xotun Xoja Pirmuhammad bilan to‘qnash kelib 
qoldi. Malika Xojani ko‘rdi-yu o‘zini yo‘qotdi: Xojaning ko‘zlaridan, yuzlaridan nuri ilohiy to‘g‘ri 
malikaning qalbiga yo‘l topib kirib, o‘zining fikri-xayolidagi, orzusidagi erkak ishqida qovjirab yotgan 
yuragini alanga oldirib yubordi. Beixtiyor ko‘ksidan qalqoni, qo‘lidan qilichi tushib ketdi. Ko‘zi tinib, 
gandirakladi, gandiraklaganda boshidagi dubulg‘asi ham yumalab ketib, kokillari parishon bo‘ldi. Xoja 
uning ayol ekanligini, qo‘lidan quroli tushib ketganini ko‘rib, qilich ko‘targan qo‘llarini pastga 
tushirdilar. Shu payt dovul chalinib, har ikki qo‘shin qilichini qiniga solgancha o‘z qarorgohiga qaytdi. 
O’sha paytdagi janglar halol, mardona bo‘lib, dovul chalib jangga kirilar, dovul chalib jang 
to‘xtatilardi. Dovul ovozi kelishi bilan dushman boshi ustida o‘ynagan qilich qayta qinga tushishi
raqibini bo‘g‘ib turgan jangchi uning tomog‘idan changalini bo‘shatishi shart edi. Ushbu jangda 
Chechak xotunning qayin singlisi Zeberdet ham ishtirok etgan bo‘lib, u ham Xoja Pirmuhammadni bir 
ko‘rishda oshiq bo‘lib qoldi. Uning eri jung‘or xoqonining tumanboshilaridan bo‘lib, qari, ko‘rimsiz 
kishi edi. Zeberdet unga xizmatlari uchun mukofot tariqasida berilgan, eridan qoniqmagan juvon 
boshqa ko‘rkam, yoshroq lashkarboshilar bilan don olishib yurar, buni ko‘pchilik bilsada, eri bilmas 
edi, xolos.  
Ertasi kun jangga dovul cholingach, Chechek Xotun o‘z lashkarboshilari bilan bir do‘ng ustiga 
chiqib, Xoja Pirmuhammadni ularga ko‘rsatib;  
— Anovi jangchini yaxshilab tanib olinglar va cheriklaringizga tayinlanglar-ki, uni o‘ldirib 
qo‘yishmasin. Bir amallab ozor yetkazmay asir olinglar. 
Ko‘p o‘tmay Chechek Xotunning xos navkarlaridan bir nechtasi uchi sirtmoq qilingan arqonlarini 
tayyorlab, jang qizib turgan joyga, Xoja Pirmuhammadga yaqinlashib bordilar. Arqon tashlashda 
jung‘orlarning oldiga tushadigani kamdan-kam topilsa kerak. Navkarlar har tomondan Xojani o‘rab 
kelib, baravariga arqon tashladilar. Xoja besh-olti sirtmoq ichida qimirlamay qoldilar. Navkarlar 
Xojani arqon bilan sirmab, qarorgohga yetkazib kelib, bir o‘tovga qo‘ydilar va poyloqchilikka turdilar. 
Jang nihoyasiga yetib, dovul chalingach, Chechek Xotun Xojani banddan bo‘shattirib, o‘z chodiriga 
oldirib keldi va mehmon qildi. Bu mehmondorchilikda Chechek Xotun o‘z maqsadini bayon etmadi. 

Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi 
 
 
Download 0.79 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling