Shum bola asari tahlili
Download 37,83 Kb.
|
shumbola asari
Shum bola asari tahlili Sir emas, hozirda G`afur G`ulom nomi tilga olinsayoq xayolimizga uning sho`ro yozuvchisi ekanligi, she`rlarida sho`roni kuylagani keladi — xafsalamiz sovigandek bo`ladi. Bugun, yubiley bahona adibning asarlarini qayta varaqlarkan, beixtiyor “keyingi yillarda qaror topgan bu xil munosabat adolatdan yiroqroq tushmaydimi” degan andisha tug`iladi... G`afur G`ulomning keng ommaga ma`lum va suyuk qissasi —“Shum bola”ga hozirda ko`proq sarguzasht asar, kulgi asari deb qaraymiz. Ha, chindan ham Shum bolaning turfa xangomalarga boy sarguzashti, undagi ichakuzdi holatlar shunday o`ylashimizga asos berar. Biroq, e`tibor qilinsa, adibning kulgisi, sarguzashtli syujet botinida uning zamonasi haqidagi anchagina jiddiy o`y-fikrlari, tahliliy mulohazalari yotganini ham ko`rishimiz mumkin bo`ladi. Ma`lumki, Shum bola hikoyasini o`zi o`sgan muhit bilan tanishtirishdan (shu o`rinda bir shartni qabul qilaylik: bu, aslida, o`smirlik paytidagi hayotning adib xotirasida tiklangan eng muhim nuqtalaridir) boshlaydi. Shum bolaning aytishicha, uning singari “bozorda sanqib yurgan daydi bolalar uchun quvonchli ermaklardan biri bozor, mahalla, ko`cha-ko`y jinnilari edi. O`sha yillari Toshkentda shunaqa ham jinni ko`p ediki, sanab sanog`iga yetolmaysiz”. Jinnilarning fe`l-atvoridagi kulgili holatlarni hikoya qilarkan Shum bola ularning foje taqdiriga oid tafsilotlarga ham to`xtaladi. Xususan, shulardan biri — Karim jinni “ilgari bo`zchi o`tgan ekan, chit ko`payib ketgandan keyin bo`z o`tmay qolib, bozori kasodga uchrab, bola-chaqasini boqolmay, jinni bo`lib qolibdi”. Yoki, shunga o`xshash, el ichida “Mayramxon” deya erkalangan Mamatrayim “eskidan chilangar ekan <...> Temir-tersak asboblar zavoddan chiqa boshlagandan keyin Mayramxon sinib, jinni bo`lib qolgan ekan”. Nazarimizda, shu o`rinda o`quvchi qissa voqeligiga ikkita nigoh orqali qarash imkoniga ega bo`ladi: kulgili tafsilotlar o`spirin hikoyachiga, sho`rliklarning foje taqdiri haqidagi ma`lumotlar adibga tegishlidek taassurot tug`iladi. Boshqacha aytsak, Shum bola nigohi bilan o`smirlik davrini kuzatarkan adib unga tahliliy nazar tashlaydi, fojealar ildizini ochib berishga intiladi. Darhaqiqat, Turkiston Chor Rossiyasining bozoriga aylangach, mahalliy hunarmand-kosiblarning mahsulotlari zavod-fabrika mahsulotlari bilan raqobat qilolmay qoldi. Tabiiyki, mustamlaka sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari mavjud emas, bu esa mazkur iqtisodiy-ijtimoiy tanglikni yanada kuchaytiradi. Natijada asrlar davomida shakllangan turmush maromi izdan chiqdiki, bu narsa davr kishilari ruhiyatida chuqur va og`riqli iz qoldirishi muqarrar edi. G`afur G`ulom talqinida Karim jinni, Mayramxonlar shu xil ijtimoiy holatning alayno-oshkor qurbonlari sifatida bo`y ko`rsatadi. Shunisi ham borki, adib talqinida mavjud sharoitning ta`sir doirasi anchayin keng bo`lib, u aslo bitta-ikkita jinni bilan cheklanmaydi. Jumladan, Shum bola o`zi va o`rtoqlari haqida aytadi: “ertadan kech ko`cha changitib, hammaning joniga tegib, kampirlardan qarg`ish eshitib, o`spirinlardan kaltak yeb, sandiroqlab yuradigan uvin-to`da bekorchi bolalarmiz”. Ko`ramizki, hademay mustaqil hayotga qadam qo`yishi va hozirdan shunga tayyorlanishi lozim bo`lgan 14-17 yoshli o`smirlar bekorchilikka mahkum. Sababi otalarining “ko`pchiligi mayda kosiblar <...> bo`lganliklari uchun ularning qo`lidan hunarlarini olib yoki ularning yoniga ko`makchi bo`lib tushish bizga to`g`ri kelmas edi. Otalarimizning o`ziga ish topilmaganda, bizga ish qayoqda deysiz?” YA`ni, Shum bola va uning teng-to`shlariga ertangi istiqbol ko`rinmaydi. E`tiborli jihati shundaki, bu o`smirlar aslo dangasa emas. Aksincha, ularning bari biron ishning boshini tutish, halol mehnat bilan bir nima orttirish, oilasiga ko`maklashish — xullas, hayotda o`z o`rnini topish orzusi bilan yashaydi. Biroq mavjud sharoit bunga imkon bermaydi. Yaxshi bilasizki, ishsizlikning ko`payishi — insonning qadrini tushiradi, uni eng arzon tovarga aylantiradi. Natijada ularning topish tutishlarida muqimlik yo`q, topgan ishlari tasodifiy va yo muvaqqat, ishlab topganlari qorinlaridan ortmaydi. Qissadagi ayrim o`rinlarni eslab ko`raylik: Shum bola Sariboyga oyiga “xom pishiq aralash ikki pud o`n yetti qadoq olma” badaliga yollanadi. Bir oyu o`n to`qqiz kun ishlagani evaziga olingan olmani olti yarim tangaga pullaydi. Yoki Xojibobo takyasidagi xizmati uchun oyiga bir so`mdan haq oladi. Omon Shum bola bilan ilk bora uchrashganida mardikorchilik bilan “mirikam ikki tanga” (o`ttiz besh tiyin) orttirgan bo`lsa, keyin “bir yilga ikki to`qliyu bir echki” badaliga cho`ponlikka yollanadiki, buni pulga aylantirsa taxminan o`n besh so`mlarni tashkil qiladi. Ko`ramizki, quyuq-suyuq yovg`onini chiqarib tashlansa, bir oylik ish haqi o`rtacha bir so`m-bir so`m yigirma tiyinni (kuniga o`rtacha 4-5 tiyin) tashkil qiladi. Darvoqe, qissaning qirqdan ortiq o`rnida narx-navo haqida ma`lumot berilgani ham bejiz emasga o`xshaydiki, ulardan ayrimlarini keltirib o`tamiz: “ikkita qovoq solgan zog`ora” — bir paqir(ikki tiyin) “bitta obi non” — bir paqir “bir xurmacha qatiq” — bir paqir “bir gaz arzon chit” — sakkiz yarim paqir “bir kecha tunash uchun” — yarim tanga (o`n tiyin) “yarim qadoq pashmak holva” — uch paqir “bir tovoq uvrali osh” — to`qqiz pul (uch tiyin) “yarim qaymoqdon qaymoq” — besh tiyin “bir qadoq sham” — bir miri (besh tiyin) va hokazo. Albatta, bu ma`lumotlarni hujjatli aniqlikka ega deyolmaymiz, biroq yozuvchi ish haqi va narx-navo nisbatini keltirish orqali xalqning iqtisodiy jihatdan nechog`li nochor ahvoldaligini ko`rsatmoqchi ekani shubhasizdir. Jumladan, Shum bola olti yarim tanga(qariyb bir oylik ish haqi!)ga do`ppi sotib olarkan: “bozordagi sho`rlik xotin-qizlarga achingan edim. Haftalab mehnat, tag, ipak puli, bozor mashaqqati, inju qadalganday nozik san`at bahosi esa olti yarim tanga. Nimayam bera qolardi?” - deydi. Do`ppido`z qiz esa haftada onasi bilan “kallai sahardan qora shomgacha qatim otib arang ikkita, uchta do`ppi tayyorlash”larini aytadi. Agar tag bilan ipak puli chiqarib tashlansa, bozor bu og`ir mehnatni qanday baholayotgani ko`rinadi. To`g`ri, bu hol Shum bolaga borib turgan adolatsizlik bo`lib tuyuladi. Biroq, nachoraki, bu narx o`zida do`ppido`z qizning bir haftalik mehnati bahosinigina emas, xaridorlarning ojiz imkoniyatlarini ham ifoda etadi. Zero, bozor — iqtisodiy hayot barometri, unda xalqning iqtisodiy holati ko`zgudagidek aks etadi. Shu bois ham qissada bozor, undagi savdo-sotiq tasviriga qayta-qayta duch kelamiz (bizningcha, ayni shu nuqtalar tasvirida ko`proq adibning tahliliy nigohi seziladi). Shum bolaning fikricha, rastalar ichida “ta`rifi yetti iqlimga ketgani” — “Bit bozor” deb nom olgan eski-tuski bozori. Bu yerda istagan narsa topiladi: “saldoti shim deysizmi, poyma-poy sag`ri kavush deysizmi, biror yetti yilgina kiyilgan, asli matoi nima ekanligi ma`lum bo`lmagan guppi deysizmi, Mallaxon zamonidan qolgan mursak deysizmi...” Modomiki eski-tuski bozori avjida ekan, bu — xalqning qashshoqlashayotganidan nishona: sababi tirikchilik vajhidan bu mataxlarni bozorga chiqarayotganlar ham, qo`li qisqaligidan faqat shunda xarid qilishga qodir kishilar ham yetarli. Darvoqe, Shum bola bilan Omon ayni shu “bit bozor”da “ota kasbini o`zgartirib, laxtakfurushlik qilib yurgan” o`rtoqlari Husnibiyni uchratishadi. Husnibiyning ularning oldida biroz maqtanibroq aytishicha, ishlari yaxshi ketayotir, chunki “laxtaklarning xaridori ko`p”. Sababi: “bir gaz arzon chit sakkiz yarim paqir bo`lgani uchun bosh-oyoq ko`ylak-ishtonni nuqul chitdan qilish ko`p kambag`allarga muyassar bo`lmas edi. Shuning uchun ular ko`ylak-ishtonni bo`zdan qilib, ko`ylakning yeng uchini, ishtonning pochalarini — ko`rinadigan joylarini chitdan qilishar edi”. Keyinroq, bozorda uchrashib qolgan boshqa bir o`rtog`i Turobboy Shum bolaga “Husnibiyning laxtakfurushlikdan singani” xabarini yetkazadi. E`tibor bering: qissaning boshida “chit ko`payib ketgandan keyin bo`z o`tmay qolgani”, keyinroq chit o`rniga laxtakning bozori chaqqon bo`lgani, nihoyat, Husnibiyning “laxtakfurushlikdan singani” aytiladi. YA`ni, endi ko`pchilikning laxtak sotib olishga-da holi kelmaydi, laxtak bozori-da kasodga uchradi. Bir laxtak bozori emas, “jahon urushi kundun-kunga kuchayib borganligi uchun mollarga xaridor kam: hamma bozor deyarli kasod”. Bozorga kirgan Shum bolada “bu bozorda mendan boshqa jazman xaridor ham yo`q, naqd pul ham yo`q” degan taassurot hosil bo`lishi ham shundan. Iste`molchi ommada pul yo`qligidan bozorlar kasod, “hamma bozor kasod”ligi esa iqtisodiy hayot to`xtaganidan dalolat, buning bor og`irligi yana mehnatkash, kosib-hunarmand boshiga tushadi. Ko`ramizki, adib talqinida xalqning iqtisodiy ahvoli tobora og`irlashib boradi, ortiq chidash qiyin bo`lgan, “yo`g`on cho`zilib, ingichka uziladigan” sharoit yuzaga keladi... Xojibobo takyasidagi ko`knorilarning bir suhbati “zamonaning buzuqligidan, podsholarning notinchligidan, fuqaroning buzilib behayo bo`lib ketganligidan, or-nomus barbod bo`lib, xotinlar, yosh bolalar qo`ldan qo`lga mol bo`lib sotilayotganidan, xullas kalom, shariati Mustafoning oyoq osti bo`lib nazardan qolayotganligidan...” nolish bilan yakunlanadi. To`g`ri, buni Shum bola biroz kinoya bilan hikoya qiladi, boz ustiga, bu gaplar ko`knorilar tilidan aytilayotir. Ehtimol shundandir, bu shikoyatlarni jiddiy qabul qilishga moyil emasmiz: ular sarxush ko`knorilarning navbatdagi alahsirashidek tuyuladi bizga. Holbuki, G`.G`ulom “So`zchi holin boqma, boq so`z holini, Ko`rma kim der ani, ko`rgilkim ne der”(A.Navoiy) aqidasicha ish tutgan, qissada shu xil shikoyatlarga asos bergulik holatlarni tasvirlagan. Zero, mavjud sharoit nafaqat xalqning iqtisodiy ahvoliga, ma`naviyatga-da salbiy ta`sir ko`rsatishi shubhasizdir. Ma`lumki, qissada tasvirlangan davr Turkistonda kapitalistik iqtisodiy munosabatlar qaror topa boshlagan paytga to`g`ri keladi. Bunaqa sharoitda esa, tarixdan yaxshi ma`lum, jamiyatda tabaqalanish kuchayadi: evini qilolganlar o`ta boyib, eplana olmaganlar qashshoqlashib boradi. Yangicha sharoitga tez moslashganlar “yangi boylar” qatlamini tashkil qiladiki, ularda zeb-hashamga, dabdabaga o`chlik ko`riladi. Xalqimiz bu xil fe`l-atvorni oddiygina qilib “pul quturtirgan”, “ko`rmaganning ko`rgani qursin” tarzida izohlasa-da, bu oddiy iboralar o`zida hodisaning ijtimoiy-psixologik asoslarini mujassam etadi. Gap shundaki, “yangi boylar” qo`lga kirgan katta davlatni xudoning bergani deb emas, avvalo, o`zlarining oqilligiyu abjirligi mahsuli deb biladi. Bu esa ularda o`zlarining o`zgalardan ustunligi tuyg`usini paydo qiladiki, ular beixtiyor buni barchaga tan oldirish, namoyish etish payidan bo`ladilar. Tabiiyki, shu tuyg`u iskanjasiga tushgan, boz ustiga davlati tufayli qo`li har yerga yetib turgan odam jamiyatda mavjud an`analar, ma`naviy-axloqiy meyorlar bilan har vaqt ham hisoblashib o`tirmaydi. Xususan, gavjum bozor o`rtasidagi choyxonada o`tirgan “ba`zi boyvachchalarning dasturxonida qorniga qaldirg`och surati solingan, ustiga poxoldan to`r to`qilgan konyaklar” ko`rinishi buning yorqin dalilidir. Ravshanki, ichkilik harom hisoblangan yurtda boyvachchalarning bu tarz namoyishkorona o`tirishlari muddao ichishning o`zigina emasligini ko`rsatadi. Yoki ayni shu boyvachchalar kim o`zarga baslashib Oysha satang singarilarga pishak beradilarki, ular: “peshonamu ikki betim, engagimga yopishtirilavergan o`n so`mlik tillolarga to`lib ketadi”, deya g`ururlanib, maqtanib yuradilar. Ma`naviy tanazzul shunchalarki, bir paytlar gunohu or hisoblangan ishlar endi namoyishga, g`urur manbaiga aylangan. Eh-he, boyvachchalar hashamu dabdaba, ichkilik, qimor, fahshga sovurgan pullar qancha?! Ularning atrofida yurgan na yeyar-ichari, na kiyarida maza yo`q yurtdoshlari, dindoshlari qancha?!.. Darvoqe, xalq “qorni to`qning qorni och bilan nima ishi bor” deya bilib aytadi. Buning yorqin misoli — Sariboy. Uning bog`ida “olmalar pishi to`kilib ketayotibdi, xo`jayindan ruxsatsiz terishga hech kim botina olmaydi. Otlarga yem-xashak yo`q, xizmatkorlar och...” Boy ota esa bu vaqtda Yusuf kontordan qimorga yutib olgan bog`ida, “do`ndiqqina qirg`iz xotin”ga uylanib olgan, bir ketganicha “o`n-o`n besh kunlab kelmaydi”. Sariboyning qo`liga qaram xizmatkorlar holiga befarqligi na islomiy va na bashariy nizomlarga to`g`ri keladi. Zero, xizmatkorlargina uning oldida emas, u ham xizmatkorlar oldida burchli. Biroq Sariboy bu ayon haqiqatni anglashdan ojiz, pulning kuchi uni o`zidan ketkazgan, o`zi mansub toifa kishilari singari u ham o`ziga ep ko`rganki ishni qilishga haqliman deb biladi... Eng yomoni shuki, bularni haq yo`lga boshlashi lozim bo`lgan, umuman, millat ma`naviyati uchun mas`ul toifaning o`zi aynigan: kechagi kissavur boshiga sallani qo`ndirib “murid ovlaydi”, eshon xazratlari o`smir Shum bolani o`g`irlikka undaydi, ko`sa eshon gavjum bozor o`rtasida zulmni adl deb talqin qiladi, tarkidunyochilik da`vosidagi qalandarlarning yolg`iz ilinji — pul; islom farzlarini to`la ado etganlarning biri — Xojibobo afyunfurush, Rahmat xoji — xotinini bozorga solib boyvachcha bo`lgan dayus... Albatta, bu o`rinda “G`.G`ulom sho`ro adibi, shu bois boyu ruhoniylar tasvirida qora bo`yoqlarni quyuqlashtirgan”, qabilidagi e`tiroz tug`ilishi mumkin. Agar shunday bo`lsa, jadid nashrlarini varaqlab boqing: ma`rifatparvar bobolarimiz ham ayni shu illatlar haqida bong urganiga amin bo`lasiz. E`tiborli tomoni shuki, adib ma`naviy tanazzulni faqat boyu ruhoniylardagina ko`rmaydi. Aksincha, boyvachchalardan gula ko`targan kosib-hunarmandlar satanglar bazmida ham, Xojibobo takyasida ham goh-goh ko`rinish beradilar. Boz ustiga, qahramonimiz Shum bolaning “shumlik”lari zamirida kishining haqi yo omonatiga xiyonat, qalloblik, qo`li egrilik kabi illatlar nish urib turganini ham inkor etib bo`lmaydi. Uning uzriga quloq tuting-a: “badanda bir sarkash a`zo bor, u mening ixtiyorimdan tashqari, o`zboshimcharoq. <...> ó àúçî êàìäàí-êàì odamlarga vafo qilgan — qorin. U badan mulkining hokimligini ba`zan qo`limdan olib qo`yadi. Boshqa a`zolar ham uning isyonchi talablariga qo`shila boshlaydi. Ko`zim noshar`iy, harom luqmalarga tusha boshlaydi. Qo`l qorin hukmi bilan ba`zida eng past kishilarga tama kapgiriday cho`ziladi. Oyoq kutmagan joylarga olib boradi”. Ko`ramizki, adib talqinida ma`naviy tanazzul barchani boyu kambag`al demay barchani komiga tortgan. Faqat shunisi borki, birining tanazzuli to`qlikdan, ikkinchisiniki ochlikdan kelib chiqadi, bas, bu o`rinda avvalgilarini ko`proq ayblash uchun sho`ro yozuvchisi bo`lish shart emas... Yuqorida aytdikki, davrning jadidlar tanqid qilgan deyarli barcha illatlari “Shum bola” badiiy voqeligida u yoki bu darajada o`z ifodasini topgan. Qissadagi hayot tasviridan “ortiq bu tarzda yashab bo`lmaydi, jamiyat isloh qilinishi kerak” degan xulosa kelib chiqadiki, bu ham jadidlar qarashlariga hamohang. O`rtadagi farq esa, bizningcha, tasvir rakursida xolos: jadidlardan farq qilaroq, G`.G`ulom mehnatkash xalq hayotini “ichdan” tasvirlaydi. YA`ni, adib bu hayotni yashab o`tgan, sirtdan kuzatib bilgan emas. Bas, inqilobdan so`ng mehnatkashlar hayotida ozmi-ko`pmi ijobiy o`zgarishlar bo`lgan ekan, ularga adibning munosabati ijobiy bo`lmasligi mumkinmi edi?! Hozirda bu nav munosabatga, aytaylik, jadidlar munosabati yoki bugunda shakllangan munosabatni qarama-qarshi qo`yish to`g`rimikan?! O`sha hayotni yashab ko`rmagan avlod bularning birini haq, ikkinchisini nohaq sanashga haqlimi?! O`tmish hayotini ham, o`z vaqtidagi unga turlicha munosabatlarni ham ixtiyorimizdan tashqaridagi mavjudlik, amalga oshib bo`lgan fakt sifatida boricha, butunisicha qabul qilingani to`g`riroq bo`lmaydimi?!...— yuqorida aytganimiz andisha shu kabi savollardan turtki oladi. Download 37,83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling