Sotsiolingvistika


Download 1.04 Mb.
bet1/65
Sana12.05.2022
Hajmi1.04 Mb.
#667231
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65
Bog'liq
2 5211151380072371892
2 5359369735089687520, Mavzu m, pdfslide.net education-system-of-uzbekistan, 2 5208969377772214327, 1405682048 56225, o-zbek-va-ingliz-tillarida-gapning-bosh-bo-laklari-tartibi, 1-mavzu.Hodisalar.EHF, Акилова Комола



D.Elova, G.Safarova
SOTSIOLINGVISTIKA


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI
D.Elova, G.Safarova
SOTSIOLINGVISTIKA
O‘quv-uslubiy qo‘llanma


Toshkent – 2021
UDK.....
Elova Dilrabo, Safarova Go‘zal
Sotsiolingvistika // o‘quv-uslubiy qo‘llanma // Toshkent – 2021, 100 b.

Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili hamda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavr yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan. O‘quv- uslubiy qo‘llanma “Sotsiolingvistika” fani bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi (2020-yil) asosida yaratildi. O‘quv-uslubiy qo‘llanmani yaratishda sohaning yetakchi mutaxassislari Hamidulla Dadaboyev, Zulxumor Xolmonova, Laylo Raupova, Shoira Usmonova va boshqalarning sotsiolingvistikaga doir darslik hamda ilmiy manbalaridan unumli foydalanildi. O‘quv-uslubiy qo‘llanma sohaning barcha bakalavr yo‘nalishdagi talabalari, mutaxassislar hamda qiziquvchilarga mo‘ljallandi.


Mas’ul moharrir:
Laylo Raupova,
filologiya fanlari doktori, professor


Taqrizchilar:
Ikrom Islomov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
G‘ofir Hamrayev,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
O‘quv uslubiy qo‘llanma Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti Kengashining 2021-yil 5 maydagi 9-sonli qarori bilan foydalanishga tavsiya qilingan.
Elova D., Safarova G., 2021.
… nashriyot, 2021


SO‘ZBOSHI

Jahon tilshunosligida lisoniy imkoniyatlarning amaliy voqelanishi, undan samarali foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi amaliy tilshunoslikning sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlari aspektida sohaga tegishli dolzarb muammolarning hal etilayotganligi ahamiyatga molikdir. Dunyo tilshunosligida tilning amaliy, nutq, jamiyat, madaniyat, milliy tafakkur, hatto sun’iy intellekt bilan uzviy munosabatini tekshirayotgan yangi yo‘nalishlarning allaqachon shakllanib bo‘lganligi fanimiz oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. D. Elova va G. Safarovalar tomonidan tayyorlanilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanma mazkur yo‘nalishlarga daxldorligi bilan ahamiyatlidir.


Tilshunoslik atamalari lug‘atida ta’kidlanishicha: “Sotsiolingvistika (lot. soci (etas) – jamiyat + lingvistika) tilshunoslikning tilni ijtimoiy yashashi va ijtimoiy taraqqiyot sharoitlarini o‘rganuvchi sohasi. Sotsiologiya va lingvistikaning sintezidan iborat bo‘lgan bu soha til bilan ijtimoiy hayot faktlari aloqasi; nolisoniy omillar ta’sirida til taraqqiyotidagi faol jarayonlar; radio, televideniye, kino kabilarning keng tarqalishi bilan tilning og‘zaki va yozma shakli o‘rtasidagi nisbatning o‘zgarishi, til siyosatini yuritishning vazifa va shakllari; keng xalq ommasining nutq madaniyatini ko‘tarish kabi muammolar bilan shug‘ullanadi. Ilmiy adabiyotlar tahliliga ko‘ra sotsiolingvistik kompetensiya, ijtimoiy-madaniy kompetensiyani o‘z ichiga olib, autentik nutqning milliy xususiyatlarini: o‘zi yashayotgan mamlakatning urf-odatlari, qadriyatlari, marosimlari va boshqa milliy-madaniy xususiyatlarini bilish hamda tili o‘rganilayotgan mamlakat bilan taqqoslagan holda taqdim eta olish qobiliyatini nazarda tutadi. Ya’ni mos kommunikativ vaziyatda diskurs tanlay olish; yuzaga kelgan muammoning mohiyatini tushuntira olish va mijozga zaruriyat tug‘ilganda rozilik borasidagi xizmatni taqdim qiluvchi shaxsga tushuntira bilish; til shakllarini tanlay bilish va ularni nutqiy mavzu bo‘yicha kommunikativ vaziyatlar doirasida kasbiy matnga muvofiq tarzda qo‘llay olish va o‘zgartirish; til egalarida hayratlanish yoki achchiqlanishni uyg‘otmaydigan, ular uchun tabiiy, odatiy sanalgan muomalada muloqot qila olish kabilarni o‘zida mujassam etadi. Bir so‘z bilan aytganda, sotsiolingvistika jamiyatshunoslik va tilshunoslik kesishgan nuqtada paydo bo‘lgan soha sifatida tilning asoslarini jamiyatdan, jamiyatning asoslarini tildan qidiradi, ijtimoiy-siyosiy omillarning tilga ta’siri va yana boshqa masalalarni tekshiradi. Tadqiqotlarda sotsiolingvistikaning rasman AQShda shakllangani ko‘p aytilsa ham, uning markaziy masalasi bo‘lgan til va jamiyatning o‘zaro ta’siri, tilning jamiyatda tutgan o‘rni, milliy tillar va davlat tili, til siyosatiga doir qarashlar hind, yapon, ingliz, nemis va chex tilshunosliklarida sotsiolingvistika nomi ostida bo‘lmasa-da, o‘rganilgan edi. Amerika tilshunosi U. Labov faol sotsiolingvistik tadqiqotlar ko‘p tilli Hindistonda hindiyni yagona davlat tiliga aylantirish g‘oyasi bilan bog‘liq vaqtlardayoq boshlanganini qayd etadi. O‘zbek tilshunosligida tilning ijtimoiy tabiati, jamiyatning tilga ta’siri masalasiga o‘tgan asrning 80-yillarida “Tilshunoslikka kirish” qo‘llanmasida alohida to‘xtalgan bo‘lsa ham, til va jamiyat muammolari ancha avvalroq tilga olina boshlangan. Fitrat, Elbek, Botu singari jadidlarning asarlarida bu masala xususidagi qaydlar bor. Tilshunos olim S. Mo‘minovning “O‘zbek muloqot nutqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini sotsiolingvistik aspektdagi ilk ish sifatida qayd etish mumkin. Ilmiy-nazariy manbalar tahlili shundan dalolat beradiki, sotsiolingvistikada tilning uch vazifasi mavjud bo‘lib, ular tayanch, etnoijtimoiy va ijtimoiy tarzida tasnif etiladi. Bu o‘rinda uning tayanch funksiyasi – aloqa qilish, etnoijtimoiy-turli etnik tillar vositasida ijtimoiy-etnik tarixiy va hozirgi davr voqea-xodisalar; ijtimoiyda esa u yoki bu xalqning tarixi, urf-odatlari va ularning an’analari boshqa xalqlar urf-odatlari, an’analari, rasm-rusumlari, turmush tarzi bilan o‘xshashliklari hamda farqi, madaniyati, san’ati, adabiyoti, iqtisodiy holati, milliy boyligi, shevalari va boshqa jihatlari ifoda etiladi. Anglashiladiki, sotsiolingvistik kommunikatsiya shakllari quyidagicha tasnif etiladi: ta’lim jarayonida, oila muhitida; ijtimoiy guruhlar ichida; turar joylarda, vaqtinchalik jamoa ichida; ta’lim muassasalari ichida, ishlab chiqarish jamoasi ichida; keng xalq ommasi, jamoatchilik ichida; millatlararo, etnik guruhlararo; halqaro ya’ni umuminsoniyat ichida; yosh toifalariga ko‘ra fuqarolararo; shaxslararo; kundalik maishiy hayotda. Tadqiqotlar jarayonida sotsiolingvistik kompetentlikni shakllantirishda maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishni aniq loyihalashtirish, o‘zga tilda aytiladigan fikrlarni eshitish va tushunishga o‘rganish, suhbatdosh tilida to‘g‘ri, aniq va ravon muloqot olib borish; fikrlar almashinuvida muloqot madaniyatiga ega bo‘lish; natijani doimiy manitoring qilib borish, tashxislash, til o‘rganish va o‘rgatish texnikasini chuqur bilish, pedagogik jarayonni to‘g‘ri tashkil etish va boshqarish malakasiga egalik, linsoniy muhit yarata olish texnikasini bilish kabi indikatorlar aniqlanishi va ular tajriba-sinov ishlari jarayoniga tatbiq etilishi lozim.
Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma “Sotsiolingvistika” fanidan O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan. “Sotsiolingvistika” fanining maqsadi tilning ijtimoiy tabiati, til bilan jamiyatning o‘zaro bog‘liqligi, lisoniy vaziyatlar, tilning funksional tasniflari, sotsiolingvistikada savodxonlik masalalari haqida ma’lumot berishdir. Mualliflar D. Elova va G. Safarovalar mana shu maqsadni to‘g‘ri anglagan holatda bugungi kungacha fan doirsaida amalga oshirilgan tadqiqotlarni o‘rganib chiqishgan. Xususan, o‘quv-uslubiy qo‘llanmani tayyorlashda tilshunos olimlar
H. Dadaboyev, Z. Xolmonova, Sh. Usmonova, N. Bekmuxamedovalarning ilmiy nashrlaridan unumli foydalanishgan. Shuningdek, mavjud manbalardan foydalanish bilan birga ularni mantiqan to‘ldirishga harakat qilishgan. Ayniqsa, fan doirasida talabalarning mustaqil ishlashlari uchun tavsiya etilgan didaktik matnlar, testlar, savol va topshiriqlar o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning yutug‘i bo‘la olgan. Yana bir alohida e’tirof etish mumkin bo‘lgan holat: o‘quv-uslubiy qo‘llanmada sotsiolingvistik metodlar haqida alohida to‘xtalingan. Mualliflar tomonidan yoritilgan muammoning o‘ziga xos muhim ahamiyati shundaki, mazkur o‘ziga xoslik ishning har qanday fanda, jumladan, tilshunoslikda, alohida mavqega ega bo‘lgan ilmiy tadqiqot metodlari masalasiga bag‘ishlanganligi bilan bog‘liqdir. Yunon olimi Arximedning: “Tayanch nuqtani bering, men richag bilan Yerni ko‘taraman” degan gapi bejiz emas: har bir tadqiqotchi uchun metodologiya, dunyoqarash tayanch nukta bo‘lsa, uning “richag”i tadqiq metodlari, o‘rganish manbaining ayrim-ayrim qirralarini tavsiflash usul, yo‘l va vositalaridir. Ongli, puxta o‘zlashtirilgan va o‘qilgan tadqiq metodi bilan qurollanmagan olimni ish qurollariga ega bo‘lmagan va nima qilishi kerakligini bilmagan “ustahunarmand”ga qiyoslash mumkin. Aytish mumkinki, mualliflar
D. Elova va G. Safarovalarning “Sotsiolingvistika” fanidan tayyorlanilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi fan doirasida tayyorlanilan dasturga muvofiq tuzilgan, uslubiy qo‘llanma talab darajasida rasmiylashtirilgan.
Ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanma ma’ruza materiallari (ma’ruza matni, adabiyotlar ro‘yxati, mustaqil ta’lim mavzulari, glossariy, keyslar banki, nazorat savollari) va amaliy mashg‘ulotlar materiallari (amaliy topshiriqlar, namuna, adabiyotlar ro‘yxati, tarqatma materiallar, keyslar banki)dan tashkil topgan.



Download 1.04 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling