Suv tarmoqlari


Download 25.43 Kb.
bet1/2
Sana23.04.2023
Hajmi25.43 Kb.
#1391564
  1   2
Bog'liq
4 ma\'ruza Geologik xaritalashda aerokosmik usullarni qo’llash


Aerofotosuratlar yordamida geologik ob’ektlar va jarayonlarni talqin qilishda ularning bevosita va bilvosita belgilaridan foydalaniladi.
Bevosita talqin qilish belgilari geometrik va fotogrammetrik xillarga bo’linadi. Geometrik belgilarga relefning shakli, o’lchamlari, tog’ jinslarining o’zaro joylashishi kirsa, fotogrammetrik belgilari suratlarda aks etgan rang va tuslardan iborat bo’ladi.
Bilvosita talqin qilish belgilariga relef, suv tarmoqlari, o’simliklar va tuproq qoplami va boshqalar kiradi.
Relef aerokosmosuratlarda geologik ob’ektlarni bilvosti talqin qilishning muhim belgilardan biri sanaladi. CHunki geologik tuzilish bilan relef orasida ma’lum qonuniy aloqadorlik mavjud bo’ladi. U tektonik harakatlar va strukturalarni aniqlashda ishonchli ma’lumotlar beradi. Kosmosuratlarda relef shakllari turli rang va tuslarda tasvirlangan bo’ladi. Ularni talqin qilish natijasida relefning shakli, nisbiy yoshi va rivojlanish tarixi to’g’risida mukammal ma’lumotlar olish mumkin.
Suv tarmoqlari. Bu belgi yordamida nurash jarayoni, er yoriqlari va darzliklar, burmali strukturalar, tog’ jinslarining tarkibi talqin qilinadi.
O’simliklarning tarqalishi va rivojlanishi joyning geologik tuzilishi, to’proq qatlami va suv manbalari bilan o’zviy bog’liqdir. O’simliklar yordamida tog’ jinslaridagi darzliklar, erosti suvlarining tarqalishi va boshqalar to’g’risida qimmatli maqlumotlar olinadi.
Tuproq qatlami tub tog’ jinslari bilan o’zviy bog’liqdir. U o’zining mavjudligi, rangi orqali o’rganilayotgan joyning geologik tuzilishi, erosti suvlari, neotektonik harakatlar va boshqalar to’g’risida to’g’ri fikr chiqarish uchun foydalaniladi.
Aerofotosuratlarda tasvirlangan tog’ jinslarining asosiy turlarini talqin qilish xususiyatlari. Geologik xaritalash jarayonida aerofotosuratlarda tasvirlangan har xil turdagi tog’ jinslarini talqin qilish mustaqil ish tarzida olib boriladi. Aerofotosuratlarda tog’ jinslari-ning petrografik tarkibini aniqlash foydali qazilma konlarini qidirish va muxandislik geologiyasi tadqiqotlarida ham keng qo’llaniladi.
Aerofotosuratlarda tasvirlangan tog’ jinslarini talqin qilish geologik strukturalar va yotqiziqlarning stratigrafik ketma - ketligini aniqlash bilan birgalikda geologik xaritalash jarayonining asosiy tarkibiy qismlaridan birini tashqil etadi.
Aerofotosuratlarda tog’ jinslarining turlarini ajratish ularga xos bo’lgan belgilar yordamida olib boriladi. Bunda tog’ jinslari hosil qiladigan o’ziga xos fototonlar, mezo - va mikrorelef shakllari, darzlanish xususiyatlari, jilg’alar, soyliklar va jarliklar hosil qilgan tarmoqlarning shakli, elyuviy, tuproq qatlami va o’simliklarning rivojlanishi asosiy belgilar hisoblanadi.
Bu belgilardan aynan bir xil tabiiy geografik sharoitga ega bo’lgan hududlarda foydalaniladi. CHunki ular turli tabiiy geografik sharoitlarda o’zgacha rivojlanishi mumkin.
Kam qalinliqdagi qatlamlar aerofotosuratlarda o’zining individuallik xususiyatlarini yo’qotadi. Bunday hollarda ularning to’plamini tashkil qiluvchi gorizontlar, qatlamalar va svitalar mustaqil birlik sifatida talqin qilinishi darkor.
Sementlanmagan cho’kindilar aerofotosuratlarda sementlangan qattiq jinslarning qatlamlaridan yuzasining geomorfologik elementlari orqali keskin farq qiladi.
Sementlangan qattiq jinslar bilan almashib yotuvchi qum qatlamlarini aerofotosuratlarda aniqlash uchun ularning yuzasida rivojlangan relef shakllari, fototonlar munosabati va o’simliklarning tarqalishiga e’tibor qaratiladi. Sementlanmagan jinslardan tashkil topgan suvayirg’ichlar odatda yassi va silliq yuzani tashqil etadi. Qumli yonbag’irlarda bortlari kam nishablikdagi jilg’a va soylar rivojlangan bo’ladi. Ularning boshlanish joylarida tovoqsimon relef shakli hosil bo’ladi.
Gilli yotqiziqlardan iborat yonbag’irlar, qumli yonbag’irlardan farqli o’laroq, katta nishablikka ega bo’ladi va yuzasi nurash materiallari bilan qoplanganda mayda jo’yaklardan iborat murakkab relef shakllarini hosil qiladi. Ular aerofotosuratlarda yaxshi ko’rinadi.
Gilli qatlamlarning boshqa yotqiziqlar bilan tutashish kontaktini aniqlashda ularning ustki yuzasida grunt suvlarining sizib chiqishi, maysa va o’simliklarning mavjudligi hamda surilmalarning rivojlanganligiga e’tibor berish kerak.
Agar gil va qattiq jinslarning almashinishidan iborat bo’lgan qatlamalarni daryo yoki soylik kesib o’tgan bo’lsa, gilli yotqiziqlar rivojlangan joylarda ularning vodiylari birmuncha kengayganligi, yonbag’rining nishabligi past bo’lishi kuzatiladi. Qattiq jinslarda esa vodiy toraygan, yonbag’ri tik qoyali bo’ladi.
Aerofotosuratlarda gil qatlamlari qoramtir, qumlar esa oqish rangli fototonlarga ega bo’ladi.
Konglomeratlar va qumtoshlar o’zlarining petrografik tarkibi xilma - xil bo’lishi tufayli har bir muayyan xolda o’ziga xos ayrim xususiyatlarga ega bo’ladi. Suvayirg’ichlarda do’ngliklar zanjiridan iborat qatorni tashkil qiladi. YOnbag’irlarda karnizlari va pog’onali relef shakllari bilan farqlanadi. Konglomeratlar ko’p xollarda qoldiq shakldagi xar xil g’aroyib qoyalarni tashkil qilishi mumkin. Bu qatlamlar fototonlarining o’zgarishi bo’yicha ham yaqqol ajratiladi.
Gilli slaneslar odatda qumtosh va konglomeratlarga nisbatan nurash ta’siriga chidamsiz bo’ladi. Bu xususiyat, ularning yupqa qatlamliligi va darzlanish zichligining Yuqoriligi sababli, tez nurashiga va tabiiy ochilmalari yuzasida yumshoq gilli elyuviyning rivojlanishiga olib keladi. Shuning uchun ham gilli slaneslar bilan ulardan ancha mustahkam bo’lgan qumtosh, konglomerat va karbonatli jinslar qatlamlarining almashinuvidan tashqil topgan qatlamalarda gilli slaneslar yuzasida jo’yaksimon relef rivojlanadi va ular bo’yicha jilg’alar va soyliklar hosil bo’ladi.
Ohaktosh, dolomit va mergellardan iborat bo’lgan karbonatli yotqiziqlar aerofotosuratlarda rangi va relef shakllari bo’yicha ajratiladi.
Ohaktosh va dolomit qatlamlari boshqa jinslardan o’zlarining och rangli fototoni, massiv tuzilishga ega bo’lgan karbonatli jinslar esa (rif qurilmalari) do’ngliklardan iborat bo’lgan relef shakllari va och rangli fototoni orqali ajralib turadi.
Ohaktosh qatlamlari o’zlarining fototoni xususiyatlari tufayli tektonik strukturalarni tahlil qilishda tayanch gorizontlari vazifasini o’taydi.
Aerofotosuratlarni tahlil qilishda g’orlarning, karst voronkalarining mavjudligiga e’tibor berish kerak. CHunki ular karbonatli va tuzli yotqiziqlar ochilib yotgan joylarda rivojlangan bo’ladi. Shunindek «ko’r» vodiylar va ko’llar bu erda karbonatli yoki tuzli yotqiziqlarning rivojlanganligidan darak beradi.
Metamorfik tog’ jinslari, xususan kristallashgan slaneslar va kvarsitlarning qatlamlari, etarli darajada qattiq va nurash jarayoniga nisbatan chidamli bo’lgani sababli, er yuzasida devorsimon relef shakllarini hosil qiladi. Aerofotosuratlarda metamorfik tog’ jinslarini qatlamlari yo’nalishiga nomuvofiq o’tgan darzliklar natijasida hosil bo’lgan to’rsimon tasvir orqali aniqlash mumkin. Metamorfik tog’ jinslarining yuzasida rivojlangan jo’yaklar, jilg’alar va soyliklar tektonik yoriqlar bo’yicha shakllanganligi tufayli tirsaksimon burilishlarga ega bo’ladi.
Kvarsitlar va marmarlar och rangli fototoni va massiv relef shakllari bo’yicha ajratiladi.
Gneyslar o’zining talqin qilinish belgilari bilan metamorfik slaneslar va intruziv jinslarga nisbatan oraliq xususiyatlarga ega bo’ladi. Ularda metamorfik slaneslar va intruziv jinslarga xos bo’lgan ayrim belgilar bo’lishi mumkin.
Intruziv, effuziv va tomirli jinslar ham aerofotosuratlarda ancha aniq va ishonarli darajada talqin qilinadi.
Intruziv jinslar aerofotosuratlarda cho’kindi jinslardan farqli o’laroq qatlamlanishining yo’qligi, rangining bir xilligi, darzliklar tizimining kesishishi natijasida hosil bo’lgan to’rsimon chiziqlari yordamida talqin qilinishi mumkin. Bunday jinslarning bir tarkibliligi tufayli ularning yuzasida rivojlangan suv tarmoqlari dendritsimon tuzilishga egaligini kuzatish mumkin. Darzliklar bo’yicha rivojlangan jo’yaklar va mayda jilg’alar intruziv jinslar uchun xos bo’lgan to’g’ri chiziqli shaklga va tirsaksimon burilishga ega bo’ladi.
Intruziv massivlarni aerofotosuratlarda aniqlash va o’rganishda fototonlar, mezo - va mikrorelef bilan birgalikda elyuvial yotqiziqlarning rivojlanish, u yoki - bu o’simliklarning tarqalish qonuniyatlaridan foydalaniladi.
Intruziv jinslar kam qalinlikdagi qoplama jinslar ostida ko’milib yotganda ham ma’lum belgilari yordamida aniqlanishi mumkin. Tuproq katlami tarkibida intruziv jinslarning emirilishidan hosil bo’lgan siniq bo’laklarini kuzatish mumkin. Bunday siniq bo’laklarning miqdori tuproqda qancha ko’p bo’lsa, aerofotosuratlarda shuncha oqish fototon hosil bo’ladi.
Lakkolitsimon shakldagi va nurash jarayoniga chidamli bo’lgan intruziv massivlar relefda yondosh jinslarga nisbatan qavariq do’nglik hosil qilishi tufayli aniqlanadi. Intruziv massivlarning yondosh jinslar bilan kontakti ham aerofotosuratlarda ularni aniqlash belgisi sifatida foydalaniladi.
Kontakt metamorfizmi tufayli o’zgargan tog’ jinslari nurash jarayoniga ancha bardoshli bo’lishi mumkin. Masalan, Turkiston tizmasida alevrolit va argillitlardan iborat o’rta karbon yotqiziqlari kechki permda granitli shtokning yorib kirishi tufayli kontakt zonasida rogoviklashgan. Rogoviklarning qattiqligi intruziyaga nisbatan ham, cho’kindi jinslarga nisbatan ham Yuqori bo’lganligi sababli, shtok atrofida aylanasimon devorga o’xshash relef shakli hosil bo’lgan.
Katta qalinlikdagi effuziv jinslar yondosh jinslarga nisbatan o’ziga xos relef shakllari va rangi bo’yicha ajratiladi.
Nurashga chidamli bo’lgan effuziv jinslar qatlamlari gorizontal yoki qiya yotganda relef yuzasida silliq zirhli qoplamalar vujudga keladi. Qiyaligi katta bo’lganda ular uzoq masofalarga cho’zilgan qoyali kuestali relef shaklini hosil qiladi.
Murakkab burmalangan strukturalarda cho’kindi yotqiziqlar orasidagi effuziv jinslar qatlami relefning o’zgacha turlarini hosil qilib, struktura shakllarini aniqlashda tayanch gorizonti sifatida ahamiyatga ega bo’ladi.
Aerofotosuratlarda lava qoplamalari, lava oqimlari va vulqon qurilmalari juda aniq tasvirlanadi.
Yirik miqyosdagi (1:10 000 va undan katta) aerofotosuratlarda turli tomirli jinslar ham aniqlanishi mumkin. Ular o’zining chiziqli shakli, yondosh jinslarga nisbatan o’zgacha rangi hamda mezo - va mikroreleflari bilan ajralib turadi. Nurash jarayoniga nisbatan chidamli bo’lgan tomirli jinslar atrof jinslari orasida uzoq masofalarga cho’zilib ketgan qoyali devor yoki qoldiqlar zanjiri sifatidagi relef shaklini hosil qiladi. Agar tomirli jinslar nurashga chidamsiz bo’lsa, ularning yuzasida jo’yaksimon botiqlar vujudga keladi. Tomirli jinslarning tarkibi to’g’risida ularning rangi bo’yicha xulosa chiqarish mumkin. Kvarsli, aplitli va pegmatitli daykalar qoramtir rangdagi mayda zarrali terrigen jinslar orasida o’zining och yoki oqish fototonlari bilan yaqqol ajralib turadi. Diabazli va porfiritli daykalar och rangli qumtosh va ohaktosh orasida qoramtir rangi bilan farqlanadi.
Tomirli jinslarni aniqlashda yirik miqyosli aerofotosuratlardan foydalanish yaxshi natijalar beradi.
Har xil otqindi jinslarni tahlil qilishda ularning yondosh jinslar bilan hosil qilgan kontakt zonalarini o’rganish alohida qimmatga ega. Bu kontakt zonalari ochilgan joylarda, ularning rangi va yuzasining tuzilishidan tashqari, cho’kindi jinslarga nisbatan otqindi jinslarning yotish hususiyatlari va shakli to’g’risida ham muhim ma’lumotlar olinadi. Kontakt xususiyatlari bo’yicha massivlarning morfologiyasi va cho’kindi jinslar ichiga yorib kirish sharoitlari to’g’risida fikr chiqarish mumkin. U kontakt zonalari bilan bog’liq bo’lgan foydali qazilmalarni qidirishda ham ahamiyatlidir.
Aerofotosuratlarda intruziv jinslarning yondosh jinslar bilan hosil qilgan kontakt zonasini o’rganishda asosiy e’tibor kontakt chizig’ining xususiyatlariga qaratilishi lozim. YOndosh jinslar ichiga chuqur kirib borgan intruziya apofizlari konturini belgilash, tomirli hosilalarning mavjudligini aniqlash kerak bo’ladi. Bunday kontakt zonalarini batafsil talqin qilish keyinchalik geologik marshrutlarni rejalashtirish va o’tkazishda, shlix yuvish nuqtalarini, lahim qazish va burg’ilash joylarini belgilashda birinchi navbatdagi masala hisoblanadi.

Download 25.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling