Taniqli adib Tohir Malik qayd etganidek, « baxt tushunchasining moddiy tomonidan ko‘ra, ma’naviy tomoni ortiqroq»dir


Download 30.5 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi30.5 Kb.
#214263
Bog'liq
5 ci savol Nilufar


Oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta’minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak nasllar uchun betakror tarbiya qo‘rg‘oni ekani isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shu bois oila xalqimizda qadim zamonlardan muqaddas sanalib kelingan va shunday bo‘lib qoladi. Zero, xalqning, millatning kelajagi aynan oila bilan chambarchas bog‘liq. Chunki har bir inson oilada tug‘iladi va voyaga yetadi. Har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson bo‘lib kamol topishida oila muhim o‘rin tutadi.

Demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida oila o‘ziga xos ijtimoiy birlashmani tashkil etadi. Oilaning bu xususiyati uning jamiyat manfaatlari bilan bog‘liqligi hamda ijtimoiy ahamiyatini ifodalaydi.

Bugun davlatimiz Prezidenti tashabbusi bilan olib borilayotgan jamiki islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham yurtimizdagi har bir insonning baxtli yashashini ta’minlashga qaratilgan va bu borada misli ko‘rilmagan tarixiy ishlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas. Davlatimiz tomonidan oilalarning baxtli yashashi uchun yaratilayotgan shart-sharoit, uy-joylar bilan ta’minlash, turli ijtimoiy yordam va imtiyozlar berish, oilalarning farovonligi, totuvligini mustahkamlash, har tomonlama, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish hamda ularning yorug‘ kelajagini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar o‘ta muhim bo‘lib, kelgusida albatta o‘z natijasini berishi shubhasiz.

Biroq qayd etish joizki, inson baxtli yashashi birgina moddiy ta’minot bilan bog‘liq emas va baxtli yashashning yana bir eng muhim omili - ma’naviyat masalasi ham borki, bu butun jamoatchilikning e’tiborida bo‘lishi lozim, deb o‘ylaymiz.

Taniqli adib Tohir Malik qayd etganidek, «... baxt tushunchasining moddiy tomonidan ko‘ra, ma’naviy tomoni ortiqroq»dir.

Darhaqiqat, oilasidan ajrashib, farzandlari mehr-muhabbatidan judo bo‘lgan boy odamni va uning oila a’zolarini baxtli deb bo‘lmaganidek, faqir bo‘lsa-da oilasi, farzandlari qobil, o‘zaro mehr-muhabbatli oila a’zolarini baxtsiz, deya olmaymiz.

Ayni paytda aka-uka, ota-bola yoki er-xotin o‘rtasida turli nizolarning vujudga kelayotganligi, hatto nizo sababli biri ikkinchisining joniga qasd qilayotganligi, ota yoki ona o‘z farzandidan voz kechayotganining asl sababi nimada? Qornida to‘qqiz oy, to‘qqiz kun ko‘tarib yurib tuqqan bolasini pul evaziga kimlargadir berib yuborayotgan ayollarning qilmishini qanday baholash mumkin?

«Boy-badavlat o‘g‘il»ning mulk ilinjida o‘z otasini ruhiy bemorlar shifoxonasiga joylashtirganligi, shifoxonadan chiqqach, bir xonali uyda boshqa farzandi (qizi)ga ko‘rsatmasdan saqlaganligi yoki boshqa bir «boy o‘g‘il»ning esa bir nechta uyi bo‘la turib, o‘z onasini uydan haydab chiqarganini qanday tushunish lozim?..

Yoki, risoladagidek turmush o‘rtog‘i va farzandlari bo‘la turib, yoshroq qizga ko‘ngil qo‘yib, uylanib ketgan otaga, oilasiga xiyonat qilib, farzandlarini tashlab, boshqa erning qo‘lini tutib ketayotgan ayol-onaga nima bo‘lgan?

Nega ayrim er-xotin yoki farzand o‘z joniga qasd qilish orqali hayotiga yakun yasamoqda? Oilaviy nizolarning asl sababi nimada?

Ushbu savollarning birortasiga sabab moddiy tomonda, deb javob bera olmaymiz va shuningdek, muammoni moddiy jihatdan, ya’ni pul va boylik bilan hal etib bo‘lmasligi ham barchaga ayon.

Muammo boy o‘g‘ilning ma’naviy qashshoqligida, ya’ni uning o‘z vaqtida olmagan mehri va tarbiyasidagi bo‘shliqda, ajrashayotgan ota-onaning mas’uliyatsizligida, bag‘ri toshligida, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, muammo shaxs ma’naviyati va axloqi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rish mumkin.

Ma’lumki, jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishda jamoatchilikning fikri, munosabati va sa’y-harakati juda muhim omil hisoblanadi. Oilada ma’naviy muhitni yaxshilash, ota-ona mas’uliyati va o‘zaro munosabati bilan bog‘liq masalalarda, ayniqsa, notinch oilalar bilan ishlashga xotin-qizlar qo‘mitalari, «Oila» ilmiy markazi, mahalla faollari, nuroniylar hamda yoshlar ittifoqi vakillari, ya’ni keng jamoatchilik tomonidan yanada ko‘proq e’tibor qaratilishi lozim.

To‘g‘ri, uchrashuvlar o‘tkazib, «yaxshi yashash kerak», deb uqtirish bilan muammolar hal bo‘lib qolmaydi.

Shuning uchun, fikrimizcha birinchidan, mustahkam oilalar vujudga kelishi masalasiga doimiy e’tibor qaratish, lozim bo‘lsa, xotin-qizlar qo‘mitalari, «Oila» ilmiy markazi hamda mahalla faollari tomonidan jiddiy jamoat nazorati o‘rnatilishi kerak.

Bunda, asosiy e’tiborni yoshlarga qaratish lozim. Maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlarida yigit-qizlarni oilaga tayyorlash masalasida olib borilayotgan ishlarni tahliliy o‘rganib, choralarini ko‘rish zarurga o‘xshaydi.

Shuningdek, oila qurayotgan amaldagi oila qonunchiligi talablari, xususan, xotinning erdagi haqqi, erning xotindagi haqqi, ularning oila va bo‘lajak farzandlari oldidagi burchi masalalalarini keng tushuntirish lozimligini hayot saboqlari ko‘rsatmoqda.

Ikkinchidan, odob-axloq, yaxshilik va yomonlik, gunoh va savob nimaligi haqida yozuvchi va san’atkorlar, olim va faylasuflar, imom-xatiblar ishtirokida keng qamrovli, tizimli hamda ta’sirchan tarbiyaviy ish olib borish lozim va bunda ommaviy axborot vositalari, internet saytlari imkoniyatlaridan keng foydalanish ko‘proq samara beradi.

Tinch va ahil yashab, farzandlarini yaxshi tarbiyalab, umrguzaronlik qilib kelayotgan baxtli ota-onalar, ularning hayot yo‘lini ibrat qilib ko‘rsatish, jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatiga ta’sir etuvchi muhim omil bo‘lishi mumkin. Zero, yoshlarda oilaga munosabatni shakllantirishda birgina salbiy holatlarni ko‘rsatish emas, balki o‘rnak bo‘ladigan misollar ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamoatchilikning ta’sir kuchi samarasi haqida bir misol keltiray. Notinch, ajrashib yashayotgan oila a’zolari, ularning ota-onalari bilan Oliy sud va Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda ta’sirchan yo‘llarni axtaryapmiz. Masalan, ayollar va voyaga yetmagan bolalar jazo o‘tash muassasasidan olingan video lavhalarni namoyish etib, ulardan ayrimlarining taqdirini bayon qilib berayapmiz. Ajralish oiladagi barcha muammolar boshlanishi ekanligini tushuntiryapmiz. Otasiz yoki onasiz qolgan bola ruhiyatidagi salbiy o‘zgarishlar, tarbiyasi nazoratsiz qolishi va bola jinoyatga qo‘l urishi oqibatlari hayotiy misollar bilan tushuntirilayapti. Ana shunday chora-tadbirlar orqali respublika bo‘yicha 1000 ga yaqin ajrashgan oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘lindi.

Qachonki oila a’zolari o‘zaro totuv va inoq bo‘lsa, ular o‘rtasidagi munosabatlar azaliy qadriyatlarimizga asoslangan bo‘lsa, u oila baxtli bo‘ladi va jamiyat tayanchiga aylanadi, baxtsiz, notinch-nosog‘lom oila esa jamiyat uchun muammolar manbaidir.

Muqaddas hadisda, «Mo‘minlar bir-birlarini sevishda va bir-birlariga marhamat ko‘rsatishda bir tan-bir jonga o‘xshaydilar. Tanning bir a’zosi xastalangan paytda boshqa a’zolar uni da’volashga harakat qiladi», deb ta’kidlanadi.

Oila baxti — jamiyat baxti, oila muammosi — jamiyat a’zolari, ya’ni Siz va bizning muammomizdir!

Agarda, ajralib ketayotgan oilaga «bu mening muammoim emas, menga nima» qabilida emas, aksincha, «bu — bizning muammomiz», deb qarasak, birini aka, boshqasini uka, opa-singlim desak, ularning farzandlarini ham o‘z farzandimizdek ko‘rsak, kimgadir moddiy, kimgadir ma’naviy ko‘mak qo‘limizni cho‘zsak, adashganga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatsak yoki bir og‘iz dalda bersak, jamiyatda ajralishlar, yetim bolalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar keskin kamayishiga olib keladi.

Bir faylasuf «Zimmangizdagi insoniy vazifalarni ado eting — baxtning o‘zi sizni izlab topadi. Insoniy vazifalarni ado etish uchun esa kuchli iroda talab etiladi», deb uqdirganidek, irodali kishi har qancha og‘ir bo‘lmasin, to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi, o‘ziga, oilasiga xiyonat qilmaydi. Ana shu iroda, to‘g‘rilik unga baxt keltiradi, jamiyat ham baxtli bo‘ladi.

Xolmo‘min YODGOROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari,

Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.

Fikr va mulohazalar

Sizning ismingiz

Sizning E-mail

Izoh qo’shish

Spam bot protection (CAPTCHA)

Tasdiqlash kodi

So‘nggi yangiliklar:

OFTOB ChIQQAN KUN

O‘ZBEKISTON XALQIGA BAYRAM TABRIGI

INSONPARVARLIKNING YuKSAK NAMUNASI

Murojaatda ham me’yor bor yoxud boqimandalik balosi…

Xalqimiz tomonidan va xalqimiz uchun yaratilgan oliy qomus

TARAQQIYOT – TA’LIM VA TARBIYANI ISLOH QILISHDAN BOSHLANADI

KITOB TAQDIMOTI

«Dori-Darmon» aksiyadorlik kompaniyasi

XORIJIY KREDIT LINIYaLARI ORQALI

Qaror va farmonlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida



e-mail’ningizni kiriting

Valuta kurslari
Download 30.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling