Telegram kanalimizga aʼzo boʻling!


Download 48 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi48 Kb.
#191753
Bog'liq
Tabiat


Telegram kanalimizga aʼzo boʻling!

Bosh sahifa Ijod Adabiyotshunoslik “… Mendek magar xunbor subh”

“… Mendek magar xunbor subh”

02.12.2017 0311 marta koʻrilgan.

Kirilda | Lotinda

Nega koʻrguzdi sovugʻ ohu sarigʻ ruxsor subh,

Gar nihoniy mehrdin mendek emas bemor subh?

Gar havoyi boʻlmasa men telba yangligʻ, bas nedur,

Koʻnglakin chok aylabon togʻ uzra Majnunvor subh?

Mehrdin mendek nihoniy toza dogʻi boʻlmasa,

Yuzda nevchun kavkabi ashkin qilur izhor subh?

Dema, shingarfiy bulut, har yon erur qonligʻ momuq,

Toza dogʻidin erur mendek magar xunbor subh?

Gʻam tuni ohim sharoridin tutashti koʻkka oʻt –

Kim, aning otin qoʻyuptur gunbadi davvor subh.

Kun shuoiy xatlari ermaski, tutmish motamim,

Yuzni anjum tirnogʻi birla qilib afgor subh.

Soqiyo, tutqil sabuhiy bodakim, bu dayrdin

Biz ketib bu navʼ toliʼ boʻlgʻusi bisyor subh.

Ey Navoiy, istasang bargu navo bu bogʻ aro,

Guldek oʻl rokiʼ kecha, bulbul kibi bedor subh.

* * *

S xolodniʼm vzdoxom pochemu spuskayetsya po sklonu utro?



Biʼt mojet, raneno, kak ya, lyubovyu zatayennoy utro?

A yesli strastyu ne gorit podobno mne, tak pochemu je

Svoi odejdiʼ, kak Medjnun, porvalo isstuplenno utro?

Ne govori, chto oblaka – kraplenniʼy kinovaryu xlopok:

Biʼt mojet, krov svoyu, kak ya, iz raniʼ lyet bezdonnoy utro?

Ne vixrem solnechniʼx luchey moix nochey prorezan sumrak,

To rassarapalo litso zubsom zvezdiʼ spalennoy utro.

Polneba oxvatil v tu noch pojar ot iskr moix stenaniy,

Vrashʼayushʼiysya nebosvod nazval yego vlyublenno – utro.

Vstan, vinocherpiy, podiʼmi, likuya, utrennyuyu chashu!

Kogda uydem, vzoydet ne raz iz pyanogo pritona utro.

O Navoi, zaxochesh tiʼ – i sad ispolnitsya napevov,

Kak roza, niknet noch. Poyet, kak solovey bessonniʼy, utro.

T. SPENDIAROVA tarjimasi

Gʻazal sharhi

Alisher Navoiy sheʼriyatida tabiat tasviri katta oʻrin tutadi. Biz uning epik asarlarida ham, lirik sheʼriyatida ham tabiat manzaralari beqiyos mahorat bilan chizib berilganini va oʻzining goʻzal badiiy inʼikosini topganini koʻramiz. Bu hol bejiz boʻlmay, buyuk shoirning oʻz gʻoyaviy-badiiy niyatini amalga oshirishda peyzajdan ustalik bilan foydalanganligidan dalolat beradi.

Navoiy dostonlaridagi tabiat manzaralari tasvirlangan epizodlar, uning gʻazallaridagi tabiat bilan bogʻliq tasvirlarning har biri muayyan badiiy funksiyani bajaradi va asarning gʻoyaviy-badiiy mazmunining toʻliq, yorqin va chuqur ifodalanishiga xizmat qiladi. Shoir lirikasida koʻp hollarda lirik qahramonining ruhiy holati tabiat hodisalari yoki manzaralari tasviri bilan bogʻliq ravishda ochib beriladi, uning ehtirosli kechinmalari, qalbini junbushga keltirayotgan tuygʻular, vujudini oʻrtayotgan dard aynan shu usul yordamida oʻzining toʻlaqonli ifodasini topadi.

“Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan oʻrin olgan “Subh” radifli gʻazal ana shunday sheʼrlardan biridir. Devondagi “he” harfiga oid gʻazallar turkumida ushbu sheʼr oʻzining alohida badiiyati bilan ajralib turadi. Gʻazal sakkiz baytdan iborat. Uning matlaʼsidan (birinchi baytidan) boshlab tong manzarasi bilan lirik qahramon holati muqoyasa qilinadi. Maʼlumki, erta tongda sharq tomonda sariq shuʼlalar namoyon boʻladi, lekin bu shuʼla u paytda hali issiqlik taratmaydi, tong havosi salqin boʻladi. Shoir ana shu salqinlik-sovuqlikni sovuq ohga, sariq shuʼlalarni sariq ruxsorga qiyos qiladi va oʻz lirik qahramoni tilidan “agar tong men kabi qalbida yashirgan mehridan bemor boʻlmasa, nega sovuq ohu sariq ruxsorini koʻrsatdi?” – deydi:

Nega koʻrguzdi sovugʻ ohu sarigʻ ruxsor subh,

Gar nihoniy mehrdin mendek emas bemor subh.

Subhidamda tong yogʻdusining togʻ boshida namoyon boʻlishini kuzatar ekan, Navoiyning lirik qahramoni u bilan oʻzi oʻrtasida oʻxshashlik koʻradi:

Gar havoyi boʻlmasa men telba yangligʻ, bas nedur,

Koʻnglakin chok aylabon togʻ uzra Majnunvor subh.

Lirik qahramon holatini tong manzarasi tasviri yordamida ochib berish keyingi baytlarda ham davom etadi. Umuman, mazkur gʻazal boshdan-oyoq ana shu asosda qurilgan. Uchinchi baytda ham muallif shu usuldan foydalanganligini koʻramiz:

Mehrdin mendek nihoniy toza dogʻi boʻlmasa,

Yuzda nechun kavkabi ashkin qilur izhor subh.

Navoiy subhning goʻzal, betakror manzarasiga goʻyo nozik didli, oʻtkir nigohli mohir musavvir koʻzi bilan qaraydi, ana shu manzaradagi biron-bir rang yoki rang jilosi uning nazaridan chetda qolmaydi. Sahar paytida musaffo osmonda oppoq bulutlarning paxta uyumlaridek boʻlib koʻrinishini koʻpchilik kuzatgan. Koʻkda suzayotgan pagʻa-pagʻa oq bulutlarning ayrim qismlari otayotgan tong nurlari taʼsirida qizgʻish tusda koʻrinadi. Shoir bulutning ana shu koʻrinishini qon yuqqan paxtaga oʻxshatgan va oʻzining quyidagi original shoh baytini yaratgan:

Dema shingarfiy bulut, har yon erur qonligʻ momuq,

Toza dogʻidin erur mendek magar xunbor subh?

Tong payti chiqayotgan quyoshning zarrin nurlari tufayli asta-sekin osmon ham qizgʻish tus oldi. Lekin Navoiyning lirik qahramoni bu holni boshqacha izohlaydi. Uning aytishicha, u chekkan ohning bir uchqunidan koʻkka oʻt tutashgan va bu hodisaga gunbadi davvor tong deb ot qoʻygan:

Gʻam tuni ohim sharoridin tutashti koʻkka oʻt, –

Kim, aning otin qoʻyuptur gunbadi davvor subh.

Yuqoridagi usuldan shoir navbatdagi baytda ham foydalanadi. Unda ham tong manzarasidagi bir holat tabiiy omil bilan emas, lirik qahramon holati bilan bogʻlangan holda izohlanganligini koʻrishimiz mumkin:

Kun shuoiy xatlari ermaski, tutmish motamim,

Yuzni anjum tirnogʻi birla qilib afgor subh.

Mazmuni: Bu (koʻringan) quyosh nuri chiziqlari emas, balki tong oʻz yuzini yulduzlar tirnogʻi bilan tilib, menga motam tutgan.

Gʻazalning soʻnggi baytlari teran falsafiy mazmun bilan sugʻorilgan. Jumladan, soqiyga murojaat shaklida bitilgan yettinchi baytda inson umrining oʻtkinchiligi haqidagi fikr gʻazalning asosiy mavzu-motivi bilan bogʻlangan holda, yaʼni bizdan keyin ham tong koʻp marta otishini taʼkidlash orqali ifodalanadi:

Soqiyo, tutqil sabuhiy bodakim, bu dayrdin

Biz ketib bu navʼ toliʼ boʻlgʻusi bisyor subh.

Maqtaʼda (oxirgi baytda) falsafiy ruh va mazmun yanada chuqurlashgan:

Ey Navoiy, istasang bargu navo bu bogʻ aro,

Guldek oʻl rokiʼ kecha, bulbul kibi bedor subh.

Mazmuni: Ey Navoiy, bu bogʻda bargu navo (samara, murod-maqsad) istasang, tunda guldek rukuʼda, tongda esa bulbuldek bedor boʻl.

Hazrat Navoiyning mazkur gʻazali T. Spendiarova tomonidan rus tiliga oʻgirilgan va nashr etilgan. (Alisher Navoi, Izbrannoye. Tashkent, Izdatelstvo xudojestvennoy literaturiʼ imeni Gafura Gulyama, 1968 g., str. 15)

Gʻazal oʻz shaklida, yaʼni radifi saqlangan holda tarjima qilingan. “Subh” radifini tarjimon “utro” deb oʻgirgan. Bizning nazarimizda, bu oʻrinda “rassvet” soʻzi koʻproq mos kelgan boʻlur edi. Tarjima tahlili shuni koʻrsatadiki, T. Spendiarova koʻp oʻrinlarda baytlarning umumiy mazmunini oʻquvchiga yetkaza olgan boʻlsa-da, ulardagi nozik maʼnolar va sanʼatlarni tarjimada aks ettirishga ojizlik qilgan. Bu hol birinchi bayt tarjimasidayoq koʻzga tashlanadi:

S xolodniʼm vzdoxom pochemu spuskayetsya po sklonu utro?

Biʼt mojet, raneno, kak ya, lyubovyu zatayennoy utro?

Koʻrib turganimizdek, asliyatdagi “sarigʻ ruxsor” va “bemor” soʻzlari tarjimada yoʻq. Holbuki, ular baytning badiiyatini taʼminlovchi asosiy omillardir. “Sarigʻ ruxsor” iborasi sargʻish nur taratayotgan tong manzarasini ham, lirik qahramonning holatini ham ifodalaydi. Bundan tashqari u ikkinchi misradagi “bemor” bilan tanosub hosil qiladi, zero, bemor kishining ruxsori sariq boʻladi. Ularning tushirib qoldirilganligi tufayli tarjimada baytning goʻzalligi ham, muallifning sanʼatkorligi ham oʻzining toʻliq aksini topmagan.

Xuddi shunday kamchilik ikkinchi bayt tarjimasida ham mavjud. Asliyatda lirik qahramon oʻzi bilan tong oʻrtasida oʻxshashlik koʻradi va: “Agar tong ham mendek havoyi va telba boʻlmasa, nega koʻylagini chok qilib togʻ uzra Majnunvor yuradi? – deya xitob qiladi. Bunda “togʻ uzra” iborasi baytning badiiy mazmunida alohida muhim ahamiyat kasb etadi, chunki lirik qahramon koʻrgan oʻxshashlik aynan mana shunda, yaʼni uning ham, tongning ham “togʻ uzra Majnunvor” yurishidadir. Tarjimon esa buni tushirib qoldirgan; natijada bayt badiiyatiga putur yetgan:

A yesli strastyu ne gorit podobno mne, tak pochemu je

Svoi odejdiʼ, kak Medjnun, porvalo isstuplenno utro?

Gʻazalning uchinchi bayti tarjima qilinmagan va tashlab ketilgan. Toʻrtinchi baytni tarjimon quyidagicha oʻgirgan:

Ne govori, chto oblaka – kraplenniʼy kinovaryu xlopok:

Biʼt mojet, krov svoyu, kak ya, iz raniʼ lyet bezdonnoy utro?

Birinchi misraning maʼnosi tarjimada toʻgʻri ifodalanmagan. Navoiy tongning qizgʻish nurlari taʼsirida qizarib koʻringan bulutlarni nazarda tutib “Dema shingarfiy bulut, har yon erur qonligʻ momuq” (qizgʻish bulut dema, har yonda qon yuqqan paxtalardir) deb yozgan. Tarjimadan esa bunday maʼno chiqmaydi. Gʻazalning beshinchi va oltinchi baytlarining oʻrni tarjimada almashib qolgan. Beshinchi bayt tarjimasi asliyatdagi maʼno va mazmunning ifoda etilishi nuqtai nazaridan eʼtiroz uygʻotmaydi:

Polneba oxvatil v tu noch pojar ot iskr moix stenaniy,

Vrashʼayushʼiysya nebosvod nazval yego vlyublenno – utro.

Lekin keyingi (asliyatda oltinchi, tarjimada toʻrtinchi) baytning oʻgirilishi haqida bunday deyish qiyin. Yuqorida aytib oʻtilganidek, unda tong manzarasidagi bir holat – quyoshning ilk nuri chiziqlarining osmonni kesib oʻtishi lirik qahramon holati bilan bogʻlab izohlanadi va “bu quyosh nuri chiziqlari emas, tong yuzidagi jarohatlardir, tong menga motam tutib oʻz yuzini tirnagan” degan maʼno ifodalanadi. Tarjima esa quyidagicha:

Ne vixrem solnechniʼx luchey moix nochey prorezan sumrak,

To rassarapalo litso zubsom zvyozdiʼ spalennoy utro.

Tongning oʻz yuzini tirnab jarohatlagani tarjimaning ikkinchi misrasida ifodalangan, lekin buning sababi, yaʼni u lirik qahramon uchun motam tutgani uchun shunday qilgani oʻz aksini topmagan. Buning oqibatida Navoiy baytida ifodalangan maʼno-mazmun oʻzining mantiqiy asosidan mahrum boʻlib qolgan.

Navbatdagi baytni tarjimon uning maʼno-mazmuniga putur yetkazmagan holda oʻgirishga muvaffaq boʻlgan va undagi soqiyga murojaat shaklini ham saqlagan:

Vstan, vinocherpiy, podiʼmi, likuya, utrennyuyu chashu!

Kogda uydem, vzoydet ne raz iz pyanogo pritona utro.

Endi soʻnggi bayt (maqtaʼ) tarjimasiga nazar solaylik:

O Navoi, zaxochesh tiʼ – i sad ispolnitsya napevov,

Kak roza niknet noch. Poyet, kak solovey bessonniʼy, utro.

Yuqoridagi misralardan “Ey Navoiy, agar sen istasang, bogʻ kuy-ohanglarga toʻladi. Tun guldek egiladi, tong bedor bulbul kabi kuylaydi”, degan maʼno chiqadi. Navoiy baytining asl maʼnosi esa quyidagicha: “Ey Navoiy, bu bogʻda bargu navo (samara, murod-maqsad) istasang, tunda guldek rukuʼda, tongda esa bulbuldek bedor boʻl”.

Koʻrinadiki, tarjimon bu oʻrinda asliyatdan uzoqlashib ketgan.

Buyuk shoir qalamiga mansub boshqa koʻpgina gʻazallar singari mazkur gʻazal ham oʻzining ravonligi bilan ajralib turadi. Unda misralar, soʻzlar goʻyo quyilib keladi. Tarjimada esa biz bu xususiyatni koʻrmaymiz. Maʼlumki, sheʼrning ravonligini, musiqiyligini taʼminlashda qofiya katta ahamiyat kasb etadi. Biz koʻrib chiqayotgan gʻazal tarjimasida qofiya ham buzilgan.

Alisher Navoiy sheʼrlarining rus tiliga qilingan tarjimalari orasida koʻplab kamchilik va nuqsonlarga yoʻl qoʻyilgan holda amalga oshirilganlarini ham, nisbatan muvaffaqiyatli chiqqanlarini ham koʻrsatish kelajakda amalga oshiriladigan tarjimalarning sifati va badiiyatining yuqori boʻlishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

saviya.uz ni Telegram'da ham kuzatib boring!

MAVZULAR:

TADQIQOT

ALISHER NAVOIY

NAVOIYSHUNOSLIK

QODIRJON ERGASHEV

OLDINGI SAHIFA

O…o…jon


KEYINGI SAHIFA

Dostoyevskiyning “Iblislar” romani

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohazalar:

Ismi sharifiingiz:*

Elektron pochtangiz:*

Saytingiz (agar bor boʻlsa):

Qidirshish:

Saytdan izlash...

Kirill | Lotin

BO’LIMLAR

Ijod2 899

Nasr1 044

Nazm705


Dramaturgiya20

Publitsistika246

Xalq ogʻzaki ijodi16

Adabiyotshunoslik812

Tilshunoslik41

Hayot1 270

Jarayon23

Nigoh417


Suhbat189

Mashhurlar hayoti210

Tarjimai hol431

Shaxsiy tarbiya43

Turfa olam123

Audio, video19

KALIT SOʻZLAR

Yoshlar ijodi Oʻzbek adiblari Oʻtkir Hoshimov Abdulla Avloniy Abdulla Oripov Abdulla Qahhor Akram Uzoqov Alisher Navoiy Anvar Obidjon Bahodir Karim Bolalar adabiyoti Bolalar uchun Boqijon Toʻxliyev Zahiriddin Muhammad Bobur Ibratli hikoyalar Kitobxonlik Komila Usmonova Mamasoli Jumaboyev Mumtoz adiblar Mushohada Navoiyshunoslik Novella Nozimjon Iminjonov Olislarga sayohat Ona Orif Tolib Ota-ona Saboq Sevgi-muhabbat Sobir Mirvaliyev Tadqiqot Tarbiya Tarjima Tarix Turkum Toʻra Sulaymon Xotira Chet el adiblari Sheʼr Erkin Vohidov Esse Qissa Hajviyot Hikmat Hikoya

Barcha kalit soʻzlar

saviya.uz | Adabiyot. Hayot. Kamolot

Ushbu loyiha “Yangi internet tashabbusi” koʻrik-tanlovi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda UZINFOCOM Markazining koʻmagi bilan takomillashtirilgan.

[ SAVIYA.UZ ]. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan maʼlumot olinganda yoki boshqa saytlarga joylashtirilganda sayt nomi havolasi bilan koʻrsatilishi shart!

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang. Ctrl+Enter bosib, toʻgʻrilash kiriting.

+18


WWW.UZ
Download 48 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling