Temur tuzuklari


Download 41.49 Kb.
Sana07.11.2020
Hajmi41.49 Kb.
#141804
Bog'liq
geosiyosat


Mavzu: Geosiyosiy bilimlar rivojida «Temur tuzuklari» asarining ahamiyati

Reja:

Kirish


Asosiy qism

  1. Amir Temur markazlashgan davlat asoschisi



  1. "TEMUR TUZUKLARI" - Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar.



  1. Milliy davlatchiligimiz tarixining mumtoz namunasi

Xulosa
Foydalanilgan adabiyot



Kirish

Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, Chingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in'om qilgan edi.

Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360-1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386-1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.

1360 yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.

Amir Temur taxtga o‘tirgach, Chig‘atoy ulusining barcha yerlariga o‘zini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysini, Xorazmni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron so‘nggi yillarda Eron, Iroq, Kavkazorti mamlakatlari, Hindiston, Oltin O'rda va Turkiya bilan bo‘lgan janglarda g‘olib chiqib, saltanat hududini sharqtsa Xitoy devoriga qadar, g‘arbda - O'rta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.

Temur faoliyatida muayyan siyosiy yo‘l - mayda feodal hukmron-ligini tugatish, muhim xalkaro karvon yo‘llarida ustunlik qilib turgan Oltin O'rda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini yengib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini ta'minlay oladigan markazlashgan davlat tashkil etish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta'minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e'tibor berdi.

Amir Temur Kesh viloyatidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (Yakkabog‘ tumani)da 1336-yil 9-aprel kuni tavallud topgan. Uning to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Barqul. Amir Temurning onasi Takina xotun Kesh yurtining obro‘li beka (bek og‘o)laridan hisoblangan. Uning otasi Amir Tarag‘ay barlos urug‘ining oqsoqollaridan bo‘lib, ajdodlari Kesh va Nasaf viloyatida o‘z mulklariga ega bo‘lgan va bu yurtda hokimlik qilgan. Amir Temurning yoshligi ona yurti Keshda kechdi. Yetti yoshga to‘lgach, otasi uni o‘qishga beradi. Shayx Shamsiddin Kulol Temurbekning piri bo‘lgan. U yoshlik chog‘laridanoq chavandozlik va ovga ishqiboz bo‘lib, kamondan nishonga o‘q uzish, ot choptirib turli mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishni yoqtirar edi. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir sifatida voyaga yetadi. Uning atrofiga bolalikdagi do‘stlari va maktabdoshlari to‘planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar bo‘lishib, harbiy guruhga birlashib borishardi. Bu guruh orasida Abbos Bahodir, Jahonshohbek, Qimori Inoq, Sulaymonshohbek, Sayfuddinbek va boshqalar bo‘lgan. Keyinchalik ular Amir Temurning safdoshlariga aylanib, uning qo‘shinida lashkarboshilik darajasigacha ko‘tarilganlar.

O‘zining ilk harbiy faoliyatini Amir Temur qo‘l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan. Ularning o‘zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko‘rsatgan va janglarda chiniqqan. Harbiy mahorat va oliyhimmatlilik Amir Temurning shuhratini oshirib, uning dong‘i butun Qashqadaryo vohasi, xususan Kesh viloyatiga yoyilgan. Otasi Amir Temurni avval (1352) Amir Joku Barlosning qizi Turmush Og‘oga uylantiradi. 1355-yilda Amir Temur Qazog‘onning nabirasi, Amir Husaynning singlisi Uljoy Turkon Og‘oni o‘z nikohiga oladi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi Amir Husayn o‘rtasida ittifoq yuzaga keladi.

Amir Temurning har bir harbiy yurishiga turtki bo‘larlik sabab bor edi. Bu sabablar - o‘z davlatining chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yo‘llarini turli yo‘lto‘sarlardan tozalash, xiyonatchi, sotqin, addamchilarni jazolash, bo‘ysunmaganlarni itoat ettirish, o‘zining siyosiy ta'sirini kengaytirish kabilardan iborat bo‘lganligini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Masalan, Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi yurishini olsak, Temur To‘xtamishxonga ko‘p iltifotlar, yordamlar ko‘rsatib, 1379 yilda O'rusxonni yengib, Oq O'rda taxtiga To‘xtamishxonni o‘tqazgan edi. Ammo To‘xtamishxon Amir Temurning umidlarini puchga chiqardi.

U Movarounahrga bir necha bor talonchilik niyatida bostirib kirganidan so‘ng, Temurda ham unga qarshi kurashish majburiyati vujudga keldi va 1395 yil 15 aprelda Qunduzchada Amir Temur bilan To‘xtamishxon o‘rtasida hal qiluvchi hayot-mamot jangi boshlandi. Jang faqat To‘xtamishxonning taqdirini hal qilib qo‘yaqolmay, balki butun Oltin O'rda taqdirini ham hal qildi.

Tarix Temur zimmasiga Oltin O'rdadek qudratli mo‘g‘ul imperiyasining asosini yemirishdek ulkan vazifani qo‘ygan ekan, Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va Sharqiy Ovro‘po xalqlarini mo‘g‘ullar asoratidan xalos bo‘lishlariga yo‘l ochib berdi. Yirik rus olimi A. Yu. Yakubovskiy: "Temurning To‘xtamish ustidan qozongan bu g‘alabasi nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovro‘po, balki Rusiya uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi", - deb yozdi

XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan og‘ir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli

bir davlat tashkil etishni talab qilmoqda edi. Amir Temur o‘z zamonining bunday talabini boshqa amirlarga nisbatan yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham u markazlashgan davlat tuzishga kirishdi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u oqsoqollar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur bu ulkan maqsadini ro‘yobga chiqarish ishini avvalo ichki g‘animlariga qarshi kurashdan boshlaydi.

1370-yilning bahorida Amir Temur butun qo‘shinlari bilan

kuchli raqib – Balx hukmdori Amir Husaynga qarshi yo‘lga

chiqadi. Qo‘shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘iga yetganida

uning huzuriga taniqli ulamolardan Sayyid Baraka tashrif buyuradi.



Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo‘llab-quvvatlab,

unga Oliy hokimiyat ramzi tabl bilan yalovbayroq tortiq qilib,

uning buyuk kelajagidan bashorat qiladi. Bu voqea, shubhasiz,

siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi.

Amir Temur qo‘shini to Balxga yetib borgunicha, yo‘l-yo‘lakay

unga yangi-yangi kuchlar kelib qo‘shiladi. Bu paytga kelib Amir

Husaynning ko‘pchilik amirlari uni tark etadilar. Jangda Amir

Husayn qo‘shinlari yengiladi, ikki kunlik qamaldan so‘ng, 1370-



yilning 10-aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo‘ladi.

Amir Husayn qatl etiladi.



1370-yilning 11-aprelida Chig‘atoy ulusining bek va amirlari, viloyat va tumanlarning dorug‘alari, Amir Temurning quroldosh do‘stlari, shuningdek, Amir Temurning piri Sayyid Baraka ishtirokida qurultoy o‘tkaziladi. Qurultoyda Amir Temurning hukmdorligi rasman tan olinib, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Amir Temur davlatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlashga kirishadi. U 1370-yil iyul oyida Samarqandda qurultoy chaqirdi. Qurultoyda Shibirg‘on

hokimi amir Zinda Chashmdan boshqa Movarounnahrning barcha amirlari va qabila boshliqlari to‘plandilar. Ikki daryo oralig‘ida yashovchi turk-mo‘g‘ul qabila boshliqlari, barcha amirlar Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Samarqand davlat poytaxti deb e’lon qilindi. Samarqandda mustahkam devorlar, qal’alar hamda saroylar barpo etiladi. Amir Temur mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etadi. Maxsus qo‘shin tuzib, unga katta imtiyozlar beradi. Amir Temur yirik harbiy bo‘linmalarning boshliqlari etib Ardasher Qavchin, Joku Barlos, Iskandar A’lam Shayx, Usmon Abbos, Sayfiddin Barloslarni tayinladi. Tajribali harbiylar sipohsolorlikka tayinlandi. 1370-yildayoq Shibirg‘on bo‘ysundirildi. Zinda Chashm Amir Temur xizmatiga o‘tdi. Amir Temur sharqiy hududlarni mo‘g‘ullar ta’siridan ozod etish uchun Sharqiy Turkiston tomon bir necha marta yurish qilib, Mo‘g‘uliston xonlariga zarba berib, Farg‘ona vodiysi hududlarini, O‘tror, Yassi (Turkiston) va Sayramni o‘z tasarrufiga oldi. Hisor, Badaxshon, Qunduz kabi viloyat amirlari ham Amir Temur hokimiyatini tan olib, unga bo‘ysundilar. 1381-yilda Hirot, Seiston, Mozandaron egallandi. Shundan so‘ng Saraxs, Jom, Qavsiya, Sabzavor shaharlari jangsiz Amir Temurga bo‘ysundi va uning tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa butun Movarounnahr va Xuroson birlashtirildi. Amir Temur saltanati bilan Oltin O‘rda xonligi oralig‘ida bu davrga kelib mustaqil bo‘lib olgan Xorazm davlati qaror topgan edi. Qadimdan iqtisodiy va madaniy jihatdan Movarounnahr bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan Xorazm mo‘g‘ullar davrida ikki qismga ajralib, markazi Urganch shahri bo‘lgan Shimoliy Xorazm Oltin O‘rdaga, markazi Kat qal’asi bo‘lgan Janubiy Xorazm esa Chig‘atoy ulusiga bo‘ysundirilgan. XIV asrning 60-yillari oxirida Oltin O‘rdada yuz bergan g‘alayonlar vaqtida Qo‘ng‘irot so‘fiylari Shimoliy Xorazmda yangi sulolaning mustaqil hukmronligini tiklab oladilar. So‘ngra Kat va Xiva shaharlarini egallab, Shimoliy Xorazm bilan Janubiy Xorazm yerlarini birlashtiradilar. Amir Temur esa butun Xorazmni Chig‘atoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblar edi. Shuning uchun u Xorazmni o‘z davlatiga qo‘shib olish siyosatini tutdi. Amir Temur 1372-yildan boshlab Xorazmga besh marta harbiy yurish qildi, Xorazm 1388-yilda uzil-kesil bo‘ysundirildi. Shunday qilib, Amir Temur Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni birlashtirib, yirik markazlashgan davlat tuzdi. Bu ulkan hududda yashovchi xalqlarning birlashuvi ular taqdirida ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

"TEMUR TUZUKLARI" - Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan. Amir Temurning "Tuzuklar" muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida "Temur tuzuklari"ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D. MikluxoMaklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-a.larda Hindistonda yozilgan.

Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiysiyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.

Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqa xususida gap boradi.

Asar Amir Temur davridagi oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. "Temur tuzuklari" ("Tuzuki Temuriy")ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski oʻzbek tilda bitilganligi maʼlum. Bu usmoniy turk hokimlaridan biri — Yaman hokimi Jaʼfar Posho (hukmronlik yillari 1607—12) ning kutubxonasidagi turkiy tilda yozilgan asar bilan bogʻliq. "Tuzuki Temuriy"ning suz boshida keltirilishicha, oʻrtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy alAriziy atTurbatiy Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj qilgan vaqtida asarni oʻqishga muyassar boʻlgan va 1610 y. Jaʼfar Poshoning topshirigʻi bilan uni fors tiliga oʻgirgan. Bizgacha ana shu forsiy nusxa tosh bosmalar, zamonaviy nashrlar va qoʻlyozmalar shaklida yetib kelgan. Husayniy Turbatiy forscha tarjimani 1637 y. boburiy hukmdor Shoh Jahonga (1628—57) tortiq qilgan. Shoh Jahon tarjima bilan tanishib chiqib, unda ayrim noanikliklar va kamchiliklar topgan hamda yirik olim, Dekan viloyatining qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyni (vafoti 1652 y.) huzuriga chaqirtirib, mazkur tarjimani moʻʼtabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si va shunga oʻxshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yoʻl bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan. Muhammad Ashraf Buxoriy koʻrsatmaga koʻra, Mir Abu Tolib alHusayniy atTurbatiy nusxasini diqqat bilan tahrir qilgan. Shu zaylda asarning yangi, toʻldirilgan tahriri vujudga keladi va u "Malfuzoti Temuriy" ("Temurning aytganlari") va "Voqeoti Temuriy" ("Temurning boshidan kechirganlari") nomi bilan taniladi. Keyinchalik undan koʻplab nusxalar koʻchirilgani maʼlum.

Maʼlum boʻladiki, Boburiylar saltanatida "Tuzuki Temuriy" asosida ikkita mustaqil asar vujudga kelgan va ularning keyingi asrlarda tarqalishi bilan bogʻliq oʻziga xos tafsilotlar bor.

"Tuzuki Temuriy" nusxasini dastlab Hindistonda yashagan ingliz zobiti mayor Devi 1779 yilda Angliyaga olib kelgan. Soʻngra arab tili prof. ingliz mayori Uaytga uni koʻrib chiqish uchun topshirgan. Uayt "Tuzuki Temuriy" ning forscha matnini nashrga tayyorlagan, mayor Devi esa uni inglizchaga oʻgirgan va koʻrsatkich, izohlar bilan taʼminlagan. Asar matni va inglizcha tarjimasi 1783 y. Buyuk Britaniyaning Oksford shahrida nashr etilgan.

Aynan shu nashr dunyo mamlakatlariga keng tarkalgan va "Tuzuki Temur" yoki "Tuzukoti Temur" nomi bilan shuxrat topgan. Oksford nashri keyinchalik hech bir oʻzgarishsiz, jahonning koʻplab shaharlarida, mas., 1785 y. Kalkutta, 1868, 1963 va 1992 yillarda Tehron, 1890 y. Bombeyda chop etilgan. Bu nashrlar koʻplab mamlakatlarga, jumladan, Oʻrta Osiyoga ham tarkalgan.

Uayt va Devi nashr etgan forscha matndan taniqli sharqshunos L. Langlening fransuz tiliga oʻgirgan tarjimasi 1787 y. Parijda nashr qilindi.

1892 y. L. Langlening fransuzcha nashridan N. P. Ostroumov rahbarligida Toshkent gimnaziyasining bir guruh talabalari asarni rus tiliga tarjima qiddilar.

1968 va 1992 yillarda I. M. Moʻminov yozgan qisqa soʻz boshi bilan N. P. Ostroumov nashri chop etildi.

"Temur tuzuklari"ning Devi va Uayt nashri aso’ sida chiqarilgan toshbosma va keyingi nashrlaridan biri asosida Alixontoʻra Soguniy 1967 y. Toshkentda "Tuzuki Temuriy"ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan va "Guliston" jurnalida tarjimaning faqat 30 foizi eʼlon etilgan. Asar toʻliq chop etilmaganligining sababi va 1989 y. oʻzbek tiliga qilingan yana bir tarjima xususida akad. B. Ahmedov quyidagicha fikr bildirgan: "...Oʻsha vaqtda jamiyatimizdagi mavjud ahvol, aniqrogʻi rasmiy hokimiyat maʼmurlarining oʻtmish tariximizni oʻrganishga boʻlgan yomon munosabati natijasida Alixontoʻra Sogʻuniy tarjimasi toʻla tarzda bosilib chiqmadi. Yana shuni ham qayd etmoq lozimki, tarjimaning bosilgan qismi baʼzi kamchiliklardan ham xoli emas edi. Unda, mas., ayrim jumlalarning tashlab ketilgani aniklangan, asl matndan chetga chiqish hollari mavjud; kishi nomlari, joʻgʻrofiy atamalarda va istilohlarda gʻalatliklar bor. Muhim tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar, joʻgʻrofiy va etnik nomlar, turli atamalar va ularning sharhlari erkin talqin etilgan. 1989 yilda Alixontoʻraning oʻsha nashrini "Tuzuki Temur" ning Bombeyda chop etilgan forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tilida yana bir tarjima amalga oshirildi. Uni oʻzbek sharqshunosi Habibulla Karomatov hozirlab, oldin "Sharq yulduzi" jurnalida (Toshkent, 1989, 8son), soʻngra alohida kitob holida (1991) Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida nashr ettirdi".

Mazkur nashrni tayyorlashda Abu Rayqon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saklanayotgan 1785 y. Kalkutta, 1868 y. Tehron va 1890 y. Bombey nashrlari A. Sogʻuniy tarjimasi bilan solishtirilgan. Tarjima matni forsiy asliyatdan ancha farqlangani bois Bombey nashri asosida qaytadan oʻzbek tiliga oʻgirilgan va ogʻir qatagʻon davrida oʻzbek xalqiga Amir Temur toʻgʻrisidagi haqiqatni yetkazishga intilgan Alixontoʻra Sogʻuniy nomlari hurmat yuzasidan yangi tarjimada 1oʻringa qoʻyilgan. Bu bilan, 1967 yilda boshlangan xayrli ishni nihoyasiga yetkazib, marhum domlaning ruhi poklarini shod etish maqsadi koʻzlangan.

Asarning "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan tarjimasi asosida 1991 y. Boku va Olmaotada ham "Temur tuzuklari"ning qozoq va ozarbayjon tillaridagi tarjima kitoblari nashr etildi. 1996 y. asarning yangi tarjimasi qayta oʻzbek tilida chop etildi.

1999 y. sharqshunos Hamidulla Karomatov asarni Bombey nashri asosida 1marta bevosita fors tilidan rus tiliga tarjima qildi.

"Tuzuki Temuriy"ning Subhon Baxshi (Dexli, 1855) va Muhammad Fazl ulHaq (Bombey, 1908) taraflaridan amalga oshirilgan urducha tarjimalari ham mavjud.

"Tuzuki Temuriy" sifatida tanilgan aynan Devi va Uayt nashri dunyoning turli burchaklarida qaytaqayta nashr etilgan va ilmiy doirada ishonchga kirgani bois jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. "Malfuzoti Temuriy", "Voqeoti Temuriy" va boshqa nomlar bilan tanilgan va koʻpincha adashib "Tuzuki Temuriy"ga nisbat beriladigan asar nusxasining yuzaga kelishi toʻgʻrisida arab olimi Mazhar Shihob "Temur" nomli kitobida "Tuzuki Temur"ning yuqorida eslatilgan ingliz va fransuz tilidagi nashrlarining soʻz boshlarini oʻrganish asosida shunday yozgan: "Va nixryat Amir Temur malfuzotlarining Abu Tolib alHusayniy tomonidan qilingan ushbu tarjimasidan fors tiliga oʻgirilgan boshqa 2 nusxasi (Hindistonda Shoh Jahon koʻrsatmasiga binoan, Muhammad Afzal Buxoriy tomonidan tayyorlangan nusxalar nazarda tutilmoqda) topilgunga qadar bu hol shu zaylda davom etdi". Ulardan 1nusxani Hindistonda xizmatda boʻlgan ingliz zobitlaridan biri Degʻliga moʻgʻul — musulmon sultonlari nabiralarining biridan olishga muvaffaq boʻladi. Shu boisdan ham mazkur nusxa Sultoniy nusxa (nusxai Imperoturiya) nomi bilan ataladi. Malfuzotning ikkinchi nusxasi ham Dexlidan topilib, uni ham ingliz generallaridan biri Britaniyaga olib ketadi. Yangi topilib, 1830 yilda Angliyaga olib keltirilgan ikkala nusxaning qimmatli tomoni shunda ediki, bu ikki nusxa Amir Temurning malfuzotlarini toʻlatoʻkis qamragan bulib, ular Sohibqiron hayotini oxirgi yiligacha hikoya qilardi.

1830 y. Charlz Styuart keyin topilgan yangi ikkinchi nusxa Britaniyaga keltirilgach, tanishib chiqib, bir tarjimaning 2 nusxasi ekanligini aniqladi. Bu tarjima muallifi Hindistonda saltanat yuritgan Temuriy sultonlar davlati hokimlaridan biri boʻlgan Shoh Jahon davrida podshoh saroyida xizmatda boʻlgan mansabdor shaxslardan biri Muhammad Afzal alBuxoriy edi. Mutarjimning yozishicha, ushbu tarjimani u 1670 yilda amalga oshirgan. Muhammad Afzal alBuxoriy oʻz tarjimasining muqaddimasida ishorat qilib ketgan yangi (sultoniy) nusxaga kiritilgan aksar qoʻshimchalar, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asaridan olinganligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Shunday qilib, Muhammad Afzal Buxoriy qayta ishlagan va Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si asosida toʻldirilgan "Malfuzoti Temuriy" deb nomlangan yangi asar vujudga keldi va tarqala boshladi. Hozirda uning nusxalari bir qancha mamlakatlar kutubxonalarida saklanmoqda. Sharq qoʻlyozmalari kataloglarining tuzuvchilaridan baʼzilari ham uni "Tuzuki Temuriy" dan farqli oʻlaroq "Malfuzot" ekanligiga ishora qilganlar. Albatta, nomlanishi "Voqeoti Temuriy", "Tanziymoti Temuriy" va boshqa shakllarda ham uchraydi. Undan tashqari keyingi asrlardagi gohida toʻla, gohida noqis nusxalarida xattotlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan kiritilgan koʻplab toʻqimalar, birinchi nusxalarda boʻlmagan voqealar tafsilotlari ham uchraydi. Bundan tashqari, zikr etilgan 2 har xil asarni "Tuzuki Temuriy" va "Tuzukoti Temuriy" nomlari bilan bir muqova ichida koʻchirib yozishgan. Shu bois hatto Yevropada va baʼzi bir sharq mamlakatlarida sharq qoʻlyozmalarining chop etilgan kataloglarida ham shunday chalkashlik koʻzga tashlanadi. Bunday kamchilik "Temur tuzuklari"ning 1991 ya 1996 y. nashrlari soʻz boshida ham bor.

"Malfuzoti Temuriy"dan qator tarjimalar amalga oshirildi. 1830 y. Angliyada Charlz Styuart uni ingliz tiliga oʻgirdi. Unda Amir Temur hayotining 39 yoshigacha boʻlgan voqealar aks ettirilgan.

19 a.da Oʻrta Osiyoda "Malfuzoti Temuriy"ning forsiydan eski oʻzbek tiliga qilingan 3 tarjimasi paydo boʻldi. Sharqshunos Stori katalogida keltirilgan maʼlumotga koʻra, ulardan birini 1836 y. Qoʻqon xoni Muhammad Alixonning buyrugʻiga binoan, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Xotif amalga oshirgan. Tarjima fors tilidagi noqis nusxadan qilingan va Amir Temurning 39 yoshgacha voqealari keltirilgan. Hozir bu qoʻlyozma SanktPeterburgdagi Sharqshunoslik intida saqlanmoqda.

Boshqasi, Xivada Muhammad Yusuf arRojiy tomonidan 1856—57y.lar "Tuzuki Temuriy" nomi bilan tarjima qilingan va yana biri "Qissai Temur" va "Malfuzot" nomlari bilan maʼlum boʻlgan Pahlavon Niyoz Devon tarafidan 1857—58 y. lar Xivada oʻgirilgan asar. Har ikkala nusxa SanktPeterburg shahrida M. Ye. SaltikovShchedrin nomidagi Rossiya davlat milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Nabijon Maxdumning kuplab xatolari bor eski oʻzbek tilidagi tarjimasi asosida rus sharqshunosi N. P. Ostroumov Turkiston generalgubernatori baron A. B. Vrevskiy yordamida "Malfuzot"ning turkiy matnini 1891 y. Toshkentda nashr etdi.

N.P. Ostroumov nashri asosida "Malfuzot" rus sharqshunosi Nil Likoshin tarafidan 1894 y. Toshkentda rus tiliga tarjima qilindi. 1934 y. Moskvada rus olimi V.A. Panov tomonidan Ostroumovning mazkur nashri asosida "Malfuzot"ning yangi tarjimasi nashr etildi.

1992 y. Toshkentda tanikli sharqshunos Ashraf Ahmedov N.P.Ostroumov nashriga tayangan holda Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafarnoma"sining tanqidiy matnidan foydalanib, "Malfuzot"ning oʻzbek tilidagi zamonaviylashtirilgan erkin tabdilini amalga oshirdi.

Nihoyat, "Malfuzot"ning Oʻrta Osiyoda amalga oshirilgan eski oʻzbek tilidagi tarjimalari asosida, soʻnggi yillarda, Oʻzbekiston olimlaridan H. Bobobekov, H. Boboyev, A. Quronbekov tomonidan "Tuzuki Temuriy" (ikkinchi qayta nashriga "Zafarnoma" deb nom qoʻyilgan) hamda "Qissai Temur" ("Malfuzoti Temuriy") kitoblari chop etildi.

Ma’lumki, ulug‘ ajdodimiz Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari mustaqillik yillarida milliy madaniy merosimizning noyob namunasi sifatida qayta tiklanib, bir necha bor nashr qilindi.

Sohibqironning 675 yillik tavallud to‘yi arafasida Yurtboshimiz taklifiga ko‘ra, bu kitob mukammal holda, yuksak sifat bilan yangitdan chop etildi.

Bugungi kunning o‘tkir va dolzarb muammolari bizdan zamonaviy taraqqiyotning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tahlil etish bilan birga, insoniyatning yaqin-olis tarixidagi boy tajribasini ham teran idrok etishni, shu asosda amaliy xulosalar chiqarishni taqozo etmoqda, ya’ni tarix tajribasi odamzod uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi ham ana shunday buyuk tajribalar manbaidir. Bu tarixning eng yorqin va shonli sahifalarini tashkil etadigan ulug‘ ajdodlarimiz haqida so‘z borganda, buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temur bobomizning o‘lmas nomini birinchilar qatori tilga olishimiz tabiiy, albatta. Mana, qariyb yetti asrdirki, bu ulug‘ zotning shonu shuhrati, hayoti va faoliyatiga bo‘lgan qiziqish jahonning turli mamlakatlarida tobora ortib bormokda.

Shuni ta’kidlash joizki, ulug‘ ajdodimizning o‘zi yashagan zamonga, shu davrda Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan, juda katta tarixiy ahamiyatga molik o‘zgarishlarga olib kelgan voqea-hodisalarga hal qiluvchi ta’siri, uning bu jarayonlardagi roli nainki tarixchi va siyosatchilar, harbiy ilm mutaxassislari, balki badiiy ijod ahlining ham diqqat-e’tiborini hali-hamon o‘ziga jalb etib kelmoqda.

Bu benazir zotning qanday milliy zamin va tarixiy sharoitda o‘sib-ulg‘aygani, qay tariqa shunday yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgani, zafarli yurishlari haqida, uning nafaqat davlat arbobi va yengilmas sarkarda, ayni vaqtda inson sifatidagi fazilatlari, ichki dunyosi va kechinmalari haqida Sharq davlatlari bilan birga olis Yevropada – Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya kabi mamlakatlarda ham bundan necha yuz yillar avval ko‘p-ko‘p ilmiy va badiiy asarlar yaratilgani yaxshi ma’lum.

Chunonchi, Amir Temur bobomiz haqida ingliz dramaturgi Kristofer Marlou 1588 yili tarixiy pyesa, mashhur nemis kompozitori Georg Gendel 1724 yili opera, amerikalik adib Edgar Po esa 1827 yili she’riy poema yaratgan. Va bunday asarlar bugungi kunda ham ko‘plab paydo bo‘lmoqda. Fransiyalik taniqli olim Lyusyen Keren tomonidan 2006 yili xalqaro miqyosda keng nishonlangan Sohibqironning 670 yillik tavallud to‘yi arafasida Parijda fransuz tilida nashr qilingan «Samarqandga, Amir Temur davriga sayohat» nomli fundamental tadqiqot bu fikrning yaqqol tasdig‘idir. Tabiiyki, bu asarlarning barchasi ulug‘ bobomizning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarga javob topishda, ularni tarix va bugungi zamon nuqtai nazaridan yoritishda muhim o‘rin tutadi. Ularning har biri Sohibqiron siymosi haqida o‘ziga xos tasavvur va tushuncha beradi.

Ming afsuski, mustamlakachilik yillarida, ya’ni milliy qadriyatlarimiz, aziz-avliyolarimiz va allomalarimizning boy merosi, tabarruk nomlarini xalqimiz xotirasi va yuragidan butunlay o‘chirishga qaratilgan siyosat hukm surgan davrlarda Amir Temurning hayoti va faoliyatini o‘rganish u yoqda tursin, hatto uning nomini tilga olish ham mutlaqo taqiqlab qo‘yilgan edi. Bu mavzuda yaratilgan ba’zi bir ilmiy-badiiy asarlarda Amir Temur siymosi tarixiy haqiqatga zid ravishda biryoqlama, asosan qora bo‘yoqlarda aks ettirilar edi. Taassuflar bo‘lsinki, sobiq tuzum davrida yaratilgan tarixiy va badiiy adabiyotlarda hamda ularning ta’sirida chop etilayotgan bugungi ayrim kitoblarda ham mana shunday g‘arazli yondashuv alomatlarini hanuz uchratish mumkin.

Ollohga shukrki, istiqlolga erishganimizdan keyin bu masalada ham tarixiy adolat qaror topdi. Muqaddas yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ko‘plab ulug‘ siymolar qatori Amir Temur bobomizning nomi, sha’nu shavkati va merosi ham qayta tiklanib, bu buyuk zot haqidagi asl haqiqat xolis va haqqoniy yoritilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda, kitoblar yozilmoqda. Zero, Amir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash – o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash –tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.

Bu haqda gapirganda, Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayotning ma’no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qo‘yish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko‘zlab, el manfaatini o‘ylab ish tutish bilan bog‘liq ibratli fazilatlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Aynan mana shunday masalalar Sohibqiron tafakkurining mahsuli bo‘lgan «Temur tuzuklari» asarida har tomonlama aniq, ishonarli va ta’sirchan tarzda yoritilgan, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shuning uchun ham o‘zining beqiyos azmu shijoati, mardlik va jasorati bilan Movarounnahr zaminida mo‘g‘ul zulmiga barham berib, xalqimizni qaramlik iskanjasidan xalos etgan, tarqoq va parokanda el-ulusni birlashtirib, mustaqil va qudratli davlatga asos solgan bu ulug‘ siymoning mazkur kitobda ifoda etilgan g‘oya va qarashlari nafaqat o‘z davri, balki bugungi va kelgusi avlodlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi bejiz emas.

Shaxsan men Sohibqiron bobomiz bizga meros qilib qoldirgan «Tuzuklar»ni o‘qisam, xuddiki o‘zimga qandaydir katta ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. Har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko kitobxon yaxshi anglaydi, albatta.

Men o‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan hayot hikmatlarining qanchalik to‘g‘ri ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman. Masalan, «Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir», degan fikrlar bugungi kunda ham naqadar dolzarb ekani barchamizga ayon. Yoki u zotning: «Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur», degan ko‘rsatmalarida hozirgi notinch zamon uchun, XXI asr siyosatdonlari uchun ham har jihatdan ibratli fikrlar borligini ta’kidlash joiz. Amir Temur bobomizning bunday chuqur ma’noli so‘zlari, ayniqsa, «Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar», degan hikmati insonni doimo aql-idrok, ilmu ma’rifat asosida yashashga da’vat etishi bilan e’tiborlidir.

Ulug‘ ajdodimiz, garchi buyuk bunyodkor va jahongir bo‘lsa-da, kuch-qudrat zo‘rlik va zo‘ravonlikda emas, aksincha, adolatda, hamjihatlik va hamkorlikda ekanini nihoyatda chuqur anglagan. Uning davlatni oqilona boshqarish, o‘ta mushkul va imkonsiz vaziyatda ham to‘g‘ri yo‘l, tadbir topa olish qobiliyati, noyob aql-zakovati har qanday odamni hayratga soladi. Amir Temurdek buyuk va betakror siymoni har tomonlama tushunish, u barpo etgan qudratli saltanatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy asoslarini, Sohibqironning davlat boshqaruvi borasidagi ulkan salohiyati, mahorati, bilim va tajribalarini o‘rganishda, umuman aytganda, hayot sirlarini anglab yetishda «Temur tuzuklari» bebaho qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, bugungi murakkab va tahlikali davrda bu kitobni qayta-qayta mutolaa qilish, uning mag‘zini chaqish birinchi galda rahbar, yetakchi bo‘lishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan odamlar uchun, qolaversa, har qaysi ziyoli inson uchun bag‘oyat foydali ekani haqida ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Ishonchim komilki, yoshlarimiz bu kitobni mehr qo‘yib, tushunib, chuqur anglab o‘qisa, ularning qalbida milliy g‘urur tuyg‘usi yuksaladi, o‘zining qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqurroq his etib, hayotning har qanday sinov va qiyinchiliklarini yengishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetadi.

Shu ma’noda, «Temur tuzuklari» kitobining mamlakatimizda ona tilimizda yangitdan yuksak sifat bilan chop etilishi, hech shubhasiz, madaniy hayotimizdagi o‘ziga xos muhim voqeadir. Qadimiy va boy, shavkatli tariximiz, betakror merosimiz, azaliy qadriyatlarimiz bilan qiziqadigan barcha kitobxonlarni ana shu quvonchli voqea bilan chin dildan qutlab, bu noyob asar ularning hayotida doimiy ma’naviy hamroh bo‘lib qolishini tilayman.



Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Xulosa

Adabiyotlarda Temur haqida bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lib keldi, lekin ularning ko‘plarida Temur faoliyatiga o‘z davri nuqtai nazaridan emas, balki mualliflar yashagan davr nuqtai nazari asosida baho berilgan.

"Temur tuzuklari"ni inglizchadan frantsuz tiliga tarjima qilib, 1787 yilda nashr etgan frantsuz olimi Lyangle Temur haqida shunday yozadi: "Temur xon (Temur) siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va o‘z avlodlariga juda dono tizim qoddirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik va uning urushlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli yengib bo‘lmaydigan ikki to‘siq - bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va to‘g‘ri baholashimizga xalaqit berib keldi".

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Amir Temur davlat, jamiyat hayotida bo‘lib o‘tadigan har bir muhim reja oldidan kengash o‘tkazar va bu kengashga nafaqat davlat arboblari, sarkardalar, temurzodalarni, balki sayyidlar, shayxlar, ilm-fan arboblarini ham taklif etgan va o‘zining har bir yurish oldidan bunday kengashlar-ni o‘tkazib turishni odat tusiga kiritgan.

Amir Temurning obodonchilik ishlari to‘g‘risida taniqli sharqshunos olim, akademik V.V.Bartold: "Temur go‘yo Samarqanddan boshqa hamma yerda vayrongarchilik bilan shug‘ullangan, degan fikr mubolag‘ali: u Kobul vodiysi va Mug‘an cho‘li kabi Samarqanddan uzoq bo‘lgan joylarda ulkan sug‘orish ishlari olib bordi", - degan tarixiy jihatdan g‘oyat qimmatli fikrni aytib o‘tgan. Bu fikrga muqoyasa qilib, Ali Yazdiyning yozishmasini keltirish maqsadga muvofiqdir. "Bir yil mobaynida, - deb yozadi o‘rta asr tarixchisi Ali Yazdiy, - Bag‘dod shahrini tiklash haqida buyruq berildi, toki shahar yana o‘z qiyofasini olsin, unda hunarmandchilik rivojlansin, tevarak-atrofida dehqonchilik o‘ssin, savdo-sotiq va madaniy hayot keng tarmoq yoysin, islom bilimi ilgarigiday yoyilsin. Bu vazifa amirzoda Abu Bakirga topshirildi".

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda mo‘g‘ullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham ko‘zga ko‘rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yo‘lida suv omborlari, to‘g‘onlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi yerlarni o‘zlashtirishga alohida e'tibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko‘tarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar va timlar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san'atini taraqqiy ettirgan.



Foydalanilgan adabiyotlar



  1. O’zbekiston tarixi” 7-sinf 2013-y




  1. Temur tuzuklari” A.Ahmedov 1992-y




  1. Salohiddin Toshkandiy. “Temurnoma”




  1. Ibrohim Mo'minov. “Amir Temurning O'rta Osiyo tarixida tutgan o'rni va roli”



  1. "Ma'naviyat yulduzlari" kitobi



  1. www.kutubxona.uz






Download 41.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling