Metofora – bu grekcha so'z bo'lib, ko'chim, ko'chirma degan ma'noni bildiradi. Nutqda obrazlilik, ekspressiv bo'yoq berish niyatida narsa va hodisalar o'rtasidagi o'xshashlikka asoslanib, so'z yoki iboralarni ko'chma ma'noda ishlatish metoforadir. Masalan: kishi umrini g'uncha, bahor, so'lmoq, xazon bo'lmoq so'zlari orqali tasvirlash ko'chma ma'noda ishlatilganligi sezilib turadi. Demak, g'uncha va yoshlik, bahor va yigitlik, o'lmoq va so'lmoq so'zlari anglatgan ma'noda qandaydir yaqinlik mavjud. Metaforani yashirin o'xshatish deyish ham mumkin. Chunki metaforada ham, o'xshatishda ham asosan biror narsa yoki hodisa boshqasi bilan qiyos qilinadi. Ammo ularga bir hodisa sifatida qarash mumkin emas. Yuqorida ko'rganimizdek, o'xshatishda har doim ikki a'zo (o'xshatilgan va o'xshatiladigan) yuzada bo'ladi. Metafora, tuzilishiga ko'ra ikki xil bo'ladi: sodda va kengaygan. Sodda metafora birgina so'zdan tashkil topsa, kengaygan metofora ikki yoki undan ortiq so'zlardan tashkil topadi. Masalan: gumbaz (osmon ma'nosida), arslon, lochin (kuchli odam ma'nosida), tulki (makkor ma'nosida) kabi metoforalar sodda: po'lat ot, zangori kema (paxta terish mashinasi ma'nosida), oq oltin (paxta), zangori oltin (gaz), po'lat qush (samolyot ma'nosida) kabi metoforalar esa kengaygan metoforalardir. Metoforalarni qo'llayotganda so'zning o'z va ko'chma ma'nolari hamda ular o'rtasidagi yaqinlik, o'xshashlikni yaxshi bilish lozim, aks holda aytilayotgan fikr tinglovchi yoki o'quvchida noto'g'ri tasavvur hosil qilishi ham mumkin.Quyidagi misolda metoforaning eng yaxshi namunalarini ko'ramiz: «Bor lochinim, bor shunqorim, yaxshi bor!Bor, arslonim, iftixorim, yaxshi bor!» Uyg'un, «Xayrlashuv»Agar metofora narsa yoki hodisaning nomiga aylanib ketsa, u til asosi sifatida tilshunoslikning ob'ekti hisoblanadi. Badiiy metofora esa yozuvchining individual uslubiga xos bo'lib, uni ko'proq adabiyotshunoslik o'rganadi. Masalan: yoy – asli yomg'ir yoqqandan keyin turli xil fizik-kimyoviy hodisalardan so'ng ko'rinadigan yarim doira shaklidagi rang-barang chiziq. Uning nomi ov uchun qo'llaniladigan qurolga ham o'tgan (kamalak).
Do'stlaringiz bilan baham: |