Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1


Download 0.51 Mb.
Pdf ko'rish
bet7/8
Sana07.03.2017
Hajmi0.51 Mb.
#1874
1   2   3   4   5   6   7   8

2

Qodir ogʻa hazrat Turkiston a’yonlari vakolasining sarvari Mirkomilboyning soʻzlarini tinglab, ajablandi: 

— Qalandar jonini olmoqning nima zarurati bor edi? 

— Vakola ichindagi kishimizni fosh qilib qoʻymogʻi mumkin edi. 

— Chakki boʻlibdi... Olloh rahmat qilsin. Islom yoʻlida shahid ketibdi, joyi jannatda boʻlgʻay. 

— Inshaolloh... Endi muddaoga koʻchsak. 

— Xoʻsh? 

— Amir huzuriga kirmagimiz, Buxoro amiri ila soʻzlashgan soʻzlarimizni yetkazmagimiz lozim. 

— Nimalarni soʻzlashdinglar? 

— Turkiston taqdirini. 

— Xoʻsh? 

Bu afgʻonning qoʻpolligidan hojining koʻngli ogʻridi. Afsus, afsus, davru davronlar oʻzga. Yoʻqsa bu odamlar oldida 

past ketib oʻtirmasdi-ya! Ammo na iloj: «Yovga chiqsang, yarogʻli chiq, yolgʻiz chiqmay, hamrohli chiq», deganlar. 

Turkistonning yarogʻi ham, hamrohi ham shularmi endi?.. 

— Buxoro amiri Afgʻoniston amirining inglislar bilan yarashmogʻini istaydi, — dedi Mirkobilboy alamini ichiga 

yutib. 


— Xoʻsh? — dedi Qodir ogʻa hazrat oʻsha-oʻsha sovuq ohangda. 

— Soʻng birlashib, Turkistonni shakkoku kofurlardan tozalab, undan soʻng inglislarga bas kelmoq maqsadga 

muvofiq deydi. 

— Amir bunga koʻnmaydi. 

— Sabab? 

— Turkistonni kufrdan holi etiluvidan Afgʻonistonga nima naf bor? 

Mirkomilboy Qodir ogʻa hazratning bu qadar surbetligini kutmagan edi. Inglislar Turkistonga koʻp emas, yigirma 

besh yil hukmronlik qilish badaliga olam-olam aqcha sarfladilar. Ular oldida bu afgʻonlar nima boʻpti? Na aqchasi



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

43

bor, na yarogʻi. Bor-yoʻgʻi inglislar bilan yarashib turishi kerak, vassalom. Shunga shuncha nozu firoqmi?.. 



Mirkomilboy shularni xayolidan oʻtkazib gʻijingan boʻlsa-da, ichidagini sirtiga chiqarmadi. 

— Jannatmakon amir Habibulloxonning niyatlari boʻlak edi, — dedi u, oʻzini xotirjam tutishga harakat qilib. —

Fargʻona viloyatida jihodga koʻtarilgan islom lashkarlariga muruvvat koʻrsatib edilar. 

— Hazrat amir Habibulloxon sarhadlarni birmuncha kengaytirmoqni orzu qilib edilar. Baqo gulshaniga barvaqt

chorlandilar. 

Bu gapni eshitib, hojining eti seskandi: «Ishtahalari chakki emas-ku?» deb oʻylab, gʻijindi. 

— Hazrat amir Omonulloxonda bunday istak yoʻqmi? — deb soʻradi u zahrini sirtiga chiqarmay. 

— Bu yolgʻiz Ollohga ma’lum. 

Shu javob bilan amirning niyatlari boshqa ekani, hazratning saroyda mavqei baland emasligi ayon boʻlib qoldi. Shu

sababli Mirkomilboy uning oldida koʻpam past ketmadi. 

Qodir ogʻa hazrat savlati kelishgan bu odamning oʻziga pishiq-puxta ekani, Turkiston a’yonlari har narsaga laqqa

tushavermasligini fahmladi. U faqat bir narsaga tushunmadi: Turkistonning Inglistonga sotilgani, bu ish oʻngidan

kelmay, a’yonlarning Afgʻonistonga yuz tutganlarini bilganda vakolaning tavba-tazarru, yalinish-yolvorishlar ila

murojaat etmoqlarini kutgan edi. Vakola sarvarining oʻzini tutishiga qaraganda ular yalinib emas, taklif bilan

kelishgan. Agar chindan shunday boʻlsa Afgʻonistonning xudodot yurtligi qayda qoldi? Qodir ogʻa hazrat yana

boshqa narsaga: muzokarani arkoni din vakili emas, e’tiborli boy yuritayotganiga hayron boʻldi. 

Qodir ogʻa hazrat shu muammolar chohida garangsidi. Shunga qaramay, amir huzuriga yoʻl olib, uni Turkiston

a’yonlari vakolasi bilan muzokara yuritishga da’vat etdi: «Chiqmagan jondan umid», deb oʻziga-oʻzi taskin berdi. 

Kecha boʻlib oʻtgan bu suhbatdan Tarzi xabar topgan edi. 

Amir Habibulloxon: «Bular devor emas, quloq», deb bejiz ta’kidlamagan ekan...



Turtinchi bob - kobul

1

Bodi Osiyo, Chovgʻul, Koʻhi Hashtroʻ va nihoyat, Qozi qal’a... Kobulga kiraverishdagi soʻnggi rabot, soʻnggi manzil. 

Oltmish yetti xatarli kecha, oltmish yetti tahlikali kunduz ortda qoldi. Kutilmagan hodisalar, diydor va ayriliqlar, 

shubhalar, muammolarga boy boʻlgan oltmish yetti kun xotiraga, oʻtmishga hijrat qildi. Ularni sehrli ohanraboday 

oʻziga tortgan Kobul, ana, qoʻl uzatsa yetguday boʻlib, roʻparalarida turibdi. Necha-necha sarkarda tigʻ sanchmadi bu 

shaharga. Necha-necha qirgʻinlarni koʻrmadi bu shahar. Qilich yalangʻochlagan sarkardalar shaharni mahv etish 

yoʻllarini balki xuddi shu yerda turib oʻylashgandir? Hammasi moziyning qora chodiri ortiga yashiringan edi. 

Amirlar, sarkardalar kelaverdi, ketaverdi. Koʻhna shahar esa tirik. Har bir qonli jangdan soʻng qaddini koʻtarib, 

jarohatlariga xalq koʻz yoshlaridan malham qoʻyib, davolab, muazzam kunlarga yetishish ilinjida yashayverdi, 

yashayverdi... Shaharni balki ana shu nurli umid yillarning nafasi, temir tirnoqli panjalaridan omon saqlab, shu 

kunlarga olib kelgandir? 

Yer yuzida koʻhna shaharlar koʻp. Hammasining bagʻrida urushlar qoldirgan behisob tamgʻalar bor. (Bunday 

tamgʻalari bilan kullar ostida qolib ketgan shaharlar qancha ekan?) Insoniyat vahshiyligining ramzi boʻlmish bu 

tamgʻalarga barham berish fursati yetmadimi? Odamzod izida faqat mozor qoldirmay, yaxshilik chechaklari unuvchi 

gulzorlar qoldirish pallasiga kirmadimi? 

Asadulla Kobul yaqinida shularni oʻylardi. 

Uning yonida turgan Shuvalov esa beshikast yetib kelishganidan ham xursand, ham xavotirda edi: «Demak, amir 

bilan muzokara yuritayotganda boshlanadi», degan xayol uning tinchini oldi. Endi: «Safimizdagi gʻanim kim ekan?» 

— deb bosh qotirmasdi. Uni bilardi. Ammo arqonning bir uchini ushlab, barcha gʻalamisliklarni boshqarayotgan 

odamlar uning uchun noma’lum edi. Buni aniqlamay turib, bir ishga kirishish mumkin emasdi. 

Qozi qal’aga chodir tutilmaganidan, taom hozirlanmaganidan bildilarki, bu yerda tunamaydilar. Bir oz salqinlab, 

tashnaliklarini bosadilar, xolos. 

— Alhol foytunlar yetib kelgach, betoʻxtov Kobulga doxil boʻlamiz, — dedi Mirza Qandilxon.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

44

Koʻp oʻtmay kumush bezaklar ila bezalib, zulukday otlar qoʻshilgan foytunlar vakola hay’atini, qilich koʻtarib emas,



yaxshi niyat bilan kelgan oʻzga yurt elchilarini Kobul sari yeldirib ketdi. 

Kobulning nazarga molik bogʻlaridan boʻlmish Mohtob bogʻida yuzga yaqin sovar mehmonlarga lutf koʻrgazib, saf

tortib turar, sozandalar sozi esa avjda edi. 

Kobul a’yonlari vakola hay’atiga izzat koʻrsatdi, ammo suhbatga berilmadi. Toʻkin dasturxon atrofida ham gurung

qovushmadi. Taomdan soʻng Mirza Qandilxon barchani yana foytunga boshladi. Yana bir oz yoʻl bosilgach, Bogʻi

Mustafoga yetdilar. Bogʻ oʻrtasida Yevropa usulida tiklangan imorat ular ixtiyoriga berildi. Faqat imorat emas,

ichkari xonalarning ashyolari ham tom yevropacha edi. Taomlarning ham yevropacha boʻlishi vakola hay’atini

hayratga soldi. Xullas, uzoq davom etgan safar mashaqqatlaridan xoli boʻlmoq uchun barcha sharoit muhayyo

etilgan edi. 

Kechki taomdan soʻng Xmarin vakola hay’atini shiyponga toʻpladi. 

— Janoblar, manzilga beshikast yetib keldik, — dedi u, — endi ijozatingiz bilan, vakolaning barcha xatti-harakatini

men nazorat qilsam. Yoʻldagi har bir harakatimiz, oramizdagi tushunmovchiliklar, ayniqsa Veniamin Samoylovich,

sizning harakatingiz allaqachon Kobuldagi zoti oliylarining qulogʻiga yetib kelganiga aminman. Shuni

unutmasligingizni va barchangizning diplomatiya qoidalariga qat’iy amal qilishlaringizni soʻrayman. Safar natijasi

faqat muzokaraga emas, har biringizning xatti-harakatingizga ham bogʻliq. Menga bugun ma’lum boʻlishicha,

Angliya bilan urush yakuniga doir muzokara tugallanib, shartnoma imzolangan. Shartnoma mazmunini hozircha

bilmaymiz. Amirning, saroy ahlining asl niyatlari ham bizga qorongʻi, Angliya bilan imzolangan shartnomadana

soʻng, amirning tashqi siyosati butkul oʻzgarib ketishi ham mumkin. Biz Rossiyaning Afgʻonistondagi birinchi

elchilarimiz. Yurtimizga ham, tuzumga ham bizga qarab baho berishadi. 

— Nikolay Zaxarovich, xavotiringizga tushunmayapman, — dedi Ushinskiy. — Nazarimda, yoʻlda hech nima yuz

bermadi. Axloq-odob doirasidan chiqmadik. Bahslarimiz ham oʻzaro oʻtdi. 

— Shunday boʻlishini istar edim, — dedi Xmarin quruqqina qilib. 

Ushinskiy ajablangandek qoʻllarini ikki yonga yoyib, bosh chayqadi.

— Nikolay Zaxarovich, buyogʻiga siz qoʻmondonsiz, buyuravering, — dedi Shuvalov qat’iy tarzda. 

— Afgʻonlar bilan siyosatdan gaplashmanglar. Ayniqsa, siz, Asadulla Mira’lamovich, amirlik tuzumiga tegishli soʻz 

aytmang. Ba’zan gap olish, gʻalva chiqarish uchun sizga biron-bir kambagʻalni roʻpara qilishlari ham mumkin. 

Asadulla «ma’qul» deb bosh irgʻadi. Xmarin yana bir oz diplomatiya qoidalaridan gapirgach, xonasiga kirib ketdi. 

Nonushtadan soʻng Bogʻi Mustafoga uch avtomobil kirib keldi. Mirza Qandilxon peshinga qadar Kobulni sayr 

etajaklarini ma’lum qildi. Sayrdan birinchi boʻlib Sinelnikova bosh tortdi. Yoʻlda charchaganini, hali oʻziga 

kelolmaganini bahona qilib xonasiga kirdi-da, eshikni ichidan qulflab oldi. Vakola hay’atini hayratda qoldirib, 

Shuvalov ham sayrga chiqolmasligini aytdi. Mirza Qandilxon pastda kutardi, kim boradi, kim bormaydi, deb 

mulohaza qilishga fursat yoʻq edi. Shu sababli uchovlon avtomobillar sari yurdilar. 

Bir tarafi togʻ, bir tarafi vodiy boʻlgan bu koʻhna shahar manzarasi diqqatni tortguli edi. Eski shahar koʻchalari 

birmuncha tor, sihatga zid boʻlsa-da, yangi shaharda bino boʻlgan koʻchalar, uylarning aksari goʻzal, Yevropa usulida 

edi. Amir Abdurahmonxon boshlab, amir Habibulloxon kamol toptirgan, bugungi kunda ignadan tortib, zambarakka 

qadar Afgʻoniston ehtiyojiga zarur ashyolar tayyorlaydigan moshinxonani tomosha qilib, soʻng harbiya maktabida 

boʻlib, keyin shaharning kunbotaridagi Bogʻi Boburga koʻtarildilar. 

Bogʻning shimol tomonida maqbara, janub qismida marmartoshdan bino qilingan bir masjid chinorlar panasida 

oftobdan yashiringan. 

— Bul chinorlarni mirzo Bobur oʻz qoʻllari bilan ekmish ekanlar, — dedi Mirza Qandilxon mehmonlarni bogʻ 

boʻylab boshlar ekan. 

«Abadiylik shumi? — deb oʻyladi Asadulla, ohista qadam tashlab borib, chinor tanasiga kaftini qoʻyar ekan. — 

Urushlar, zulmlar ham uzoq vaqt unutilmaydi, ammo bular la’nat bilan eslanadi. Bogʻ qilgan, shahar bino etgan, 

ezgulik urugʻini sepgan odam esa shu yaxshiliklari bilan abadiy qolgusidir. Bobur, shoh Bobur buyuk saltanat qaror 

toptirgan inson tosh ostida yotibdi. Hayotini bagʻishlagani — barpo etgan saltanati yemirilib bitdi. Ekkan chinorlari


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

45

esa tirik, bitgan gʻazallari tirik, baytlariga singgan faryodlari, armonlari tirik...



Toli’ yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,

Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi...

Demak, inson bolasining baxti toju taxtda emas, toʻkin dasturxonda emas, zebu ziynatda emas. Qoʻshin tortib,

yurtlarga ega chiqqan odam oʻz baxtiga ega boʻlolmas ekan. Shoh Bobur emas, Andijonda qora qumgʻoniga koʻz

tikib qolgan, biri sira ikki boʻlmagan kambagʻal yigit baxtliroqdir...

Menga oson durur boʻlsa agar yuz ming tuman dushman,

Vale boʻlmoq jahonda, ey, koʻngul, beyor mushkuldur...

«Beyor», deb nimani nazarda tutdi ekan? Balki: «Bevatan mushkuldur», demoqchi boʻlgandir?..

— Asadulla Mira’lamovich, daraxt bilan gaplashyapsizmi, nima deyapti?

Ushinskiyning gapi uning xayolini parchaladi. Kaftini chinor tanasidan olib, hamrohlariga qaradi:

— Daraxtlarning ham tili bor, Veniamin Samoylovich, mana bu chinorning gapini eshiting: «Men shu yerga ekilib,

necha yuz yildan beri shu tuproqni makon etganman. Suvsizligiga ham, ayozli sovugʻiga ham, jaziramasiga ham

chidayman: serunum, sersuv tuproqni ma’qul deb koʻchirsangiz - oʻlaman. Meni ekkan odam makonidan koʻchirilib,

ayriliq armonida ketdi. Men kunda uning maqbarasiga qarab, shivirlab, tasalli beraman. Lekin u javob qaytarmaydi.

Bevatanlik azobi ezib, nobud qildi hojamni...»

— Daraxt toʻgʻri aytibdi buni sizga, — dedi Xmarin unga yaqinlashib. — Bevatanlik — eng ulugʻ bebaxtlik.

Afsuski, buni hamma ham anglayvermaydi. Vatandan uzoqlarda yurish — mening kasbim. Baxtim esa Rossiyada.

Rossiyada boʻlgan onlarimni hech nimaga alishmayman.

— Siz Rossiyaning iqboli uchun xizmat qilyapsiz.

— Bu gaplarni qoʻying, kerakmas...

Xmarin shunday deb nari ketdi. Asadulla noiloj unga ergashdi.

Bogʻi Mustafoga kun peshindan oqqanda kirib kelishdi. Shuvalov shiyponda, dahanini panjaraga tirab oʻtirardi.

Sinelnikova koʻrinmasdi.

— Xoʻsh, safarlar qalay? — dedi u oʻrnidan turib.

— Koʻp narsani yoʻqotdingiz, — dedi Ushinskiy.

— Ketganlaringdan beri oʻzim ham afsuslanib oʻtiribman....

Xmarin bilan Ushinskiy xonalariga chiqib ketishdi. Asadulla Shuvalovning bir nima demoqchi boʻlayotganini

fahmlab, shiyponga oʻtdi.

— Gʻulomqodiring keldi, — dedi Shuvalov joyiga oʻtirib. - Bizga xizmat qiladi shekilli, yaxshi boʻlibdi. Menga

qara, Mira’lamovich, sen unga tayinlab qoʻysang, xonimchamizdan koʻz-quloq boʻlib tursa.

— Shaharga chiqmaganingizga shu sababmi?

Shuvalov koʻrsatkich barmogʻini labiga bosib, «jim» degan ishora qildi.



2

Oqshomda xizmatkorlar gʻimirlaba qolishdi. Atrof sarishta boʻlsa-da, yana suv sepilib, supurildi. Marmar hovuz, 

favvora chetlari artildi. Bu harakatlarning sababi tez orada ma’lum boʻldi. Mirza Qandilxon Xmaringa uchrab, 

Afgʻonistonning xorijiya noziri Mahmudbek Tarzi tashrif buyurajagini aytdi. 

Ular sardor Tarzi bilan shiypon oldida uchrashdilar. Oldinda Xmarin bilan Asadulla, orqaroqda Ushinskiy bilan 

Shuvalov. Horijiya nozirining sharaflab aytgan soʻzlariga avval Xmarin, soʻng Asadulla munosib javob berib, 

muhoribada gʻalaba Afgʻoniston tarafda boʻlgani munosabati ila muborakbod etdilar. Xmarin Mahmudbek Tarzining 

tabrik soʻzlarga javob qilmaganidan sezdiki, Angliya bilan tuzilgan shartnomadan Afgʻoniston rozi emas: «Demak, 

siyosatlari oʻzgarishsiz qoladi», deb qoʻydi oʻzicha Xmarin. 

Tanishuv marosimi oxirlagach, shiyponga tuzalgan joydan har birlari e’tiborlariga yarasha oʻrin oldilar. 

Taomdan soʻng Xmarin Tarziga yuzlandi: 

— Nozir sohib, odobsizlikka buyurmaysiz, vakolamiz hay’ati hazrat amir sohib bilan koʻrishuv onlarini orziqib 

kutmoqdalar!


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

46

Tarzi javobga shoshilmadi. 



— Afsuskim, amir sohib sizlarni bir oz zoriqtirishga majburlar. Kobulda vabo paydo boʻlibdur, degan xavotirdamiz.

Amir sohib shu sabab ila shahardan chiqib, mavzega yuzlanganlar. Nasib etsa, iydi qurbonning uchinchi kuni diydor

koʻrishuvingiz mumkin. 

— Sabab faqat vabomi? 

— Oʻzga narsadan gumoningiz bormi? 

— Ingliston bilan tuzilgan shartnoma ta’siri emasmi bu? 

Tarzi bu gapni eshitib, kulimsiradi: 

— Xavotiringiz mutlaq oʻrinsiz, safir sohib, Ingliston bizga muruvvat qilmadi. Yil adogʻida yana muhoribaga

kirishuvimiz mumkin. Tahlikamiz koʻz yumgani yoʻq hali. Shuni bilingki, Ingliston muruvvat qilgan taqdirda ham

Shoʻravi Rusi ila oʻrnatajak birodarlik aloqalaridan yuz oʻgirmaymiz. 

Xmarin bundan mamnun boʻlib, jilmaydi. 

Asadulla Mamatsharifning maktubini topshirish payti yetganini bilib, xatni uzatdi. 

— Mamatsharif afandi sizga noma bitib edilar. 

Tarzi xatni olib, dumaloq gardishli koʻzoynagini taqdi-da, tezgina oʻqib chiqdi. 

— Xoʻb, bisyor xoʻb, — dedi Asadullaga kulib boqib. — Saforat ahli orasida shoir mavjudligining oʻziyoq

ajabtovur. Shoir — goʻzallik targʻibotchisi. Doʻstlik esa eng buyuk goʻzalalik. Men siz ila suhbat qurmoqdan behad

shod boʻlajakman. Ma’zur tuting, bizning «Siroj ul axbor»ga bir-ikki bayt bitib bera olsangiz nur alan-nur boʻlur edi. 

— Shu topdami? 

— Ha, shu topda. Afgʻonistonimizni u boshidan-bu boshiga yurib keldingiz, koʻnglingizda uygʻongan gaplar bordir?

— Tarzi shunday deb, Mirza Qandilxonga davot-qalam keltirishni buyurdi. 

Asadullaning xayolida xomaki satrlar bor edi. Qogʻoz-qalam kelguncha bu satrlarni pishitgan boʻldi. Tarzi unga xalal

bermaslik uchun Xmarin bilan gaplashib oʻtirdi. 

Asadulla xayolidagi oʻzbekcha she’rni forsiyga oʻgirib yozdi-da, horijiya noziriga uzatdi. 

— Hozirliksiz bitildi, aybsitmaysiz, — dedi hijolatlik bilan. 

Tarzi she’rni olib, ovoz chiqarib oʻqidi: 

«Afgʻon birodarimga

Yoʻq, azizim, sen oʻksukdek bukilmagin yeringda,

Oʻgay emas, chin farzandsan, tur baralla shu joyda.

Hayajonli hayqirigʻing fazolarga yuksalsin,

Haq ovozing kezib yursin yulduzlarda va oyda...»

— Tashakkur sizga, Asadulla Mira’lam, behad dono, zarur gaplarni aytibsiz. «Siroj ul axbor»ning koʻrki boʻluviga

shubham yoʻq. She’ringizga mirzo Bedilning bir baytini ilova qilajakman:

Shohi az gulbun masrufi gulxan meshavad, 

Zindagi bo doʻston aysh ast, tanho otash ast. 

— Ozod yurtning saodati, kamoli, ellar aro e’tibori begʻaraz doʻstlari bilan, — dedi Tarzi. 

Xorijiya noziri ketar mahali amir bilan uchrashuv onining bir oz orqaga surilishi uchun uzr soʻrab, shaharga chiqish 

mumkin emasligini eslatib qoʻydi. 

Yoʻl azobi — goʻr azobi, deydilar. Lekin kutish azobi undan ham oʻtadi. Yoʻl yurganda vaqt oʻtgani sezilmaydi. Bu 

yerda esa bogʻ qanchalik manzarali, mukammal boʻlmasin, uning serhasham xonalari, favvoralari, baliqlar oʻynab 

yurgan tiniq suvli hovuzlari, shirin taomlari... jonga tegdi. 

Asadulla kunduzi odamlar bilan boʻlib, bir oz ovunsa-da, qorongʻi tushishi bilan yolgʻiz qolib, xotiralariga bandi 

boʻla boshladi. Xotini, bolalari atrofini oʻrab, hol-ahvol soʻrashadi. Bu tun ham shunday boʻldi. Kenjatoyi erkalanib, 

soqolini silayotuvdi: «Menga ham tez soqol chiqsin», deb iyagiga iyagini qoʻyayotuvdi. Xotini toʻgʻrida, darcha 

yonida jilmayib turuvdi... Bir ovoz keldi... Nima bu? Eshik gʻichirladi shekilli? Bolasi ham, xotini ham koʻkka 

uchdimi, gʻoyib boʻldi. Yo eshikni gʻichirlatib ochib chiqib ketishdimi? Asadullaning nafasi qaytib, yuragi toʻxtab 

qolganday boʻldi. Jonholatda sapchib turib ketdi. Koʻzini ochdi-yu, eshik ogʻzida odam qorasini koʻrib, badaniga



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

47

muz yugurdi. 



— Menman, sohib, aybsitmang, choʻchitib yubordimmi? — deb pichirladi odam qorasi. 

— Gʻulomqodir? Nima gap? — dedi Asadulla sal oʻziga kelib. 

— Uyqum qochib, ayvonda oʻtirib edim. Bogʻ tomondan bir odam qorasi kelib, xonimning xobgohlariga kirib ketdi. 

— Qachon? 

— Hozir. 

Asadulla yalangoyoq holda tashqariga chiqdi. Xonalarga Yevropa usulida eshik-deraza oʻrnatilgan boʻlsa-da, eshik 

tepasida sharqona darcha qoldirilib, ganjli panjara bilan berkitilgan edi. Sinelnikovaning xonasidagi maxfiy suhbat 

shu darchadan elas-elas eshitilardi. Avvaliga juda past ovozda gaplashganlari uchun soʻzlarni anglab boʻlmadi. Keyin 

ayol asabiylashdimi, ovozini beixtiyor koʻtardi: 

— Jonimga tegdi hammasi. Ayt, olib ketishsin. Chekist fahmlaganga oʻxshaydi. 

Sinelnikovaning buzib boʻlsa-da, oʻzbekcha gapirishi Asadullani hayratga soldi. 

— Oz qoldi, begoyim, chidang, mana buni taomlariga tashlang. Arafa oshiga. Bir yoʻla qutulasiz. 

Erkakning kimligini ovozidan tanimadi. Talaffuzidan oʻzbekligi aniq edi. 

— Eslaringni yedilaringmi? — aftidan Sinelnikova qoʻrqib ketdi shekilli, ovozi sal titradi. — Mening vazifam 

erkaklarni yovlashtirib qoʻyish edi. Buni bajardim, bas endi! 

— Qoʻrqmang, begoyim, sizdan gumonsirashmaydi. Kobulda vabo bor, vabodan ketdi deyishadi, hech kim 

sezmaydi. Hayit kuni sizni Hindiston tomon olib oʻtishadi. 

— Oʻzim-chi, ovqatdan oʻzim ham yeyman-ku? 

— Bir kun och qolsangiz hech nima qilmaydi. 

— Xaustonga ayt, elchi tirik qolishi kerak. U bolshevik emas.. 

Asadulla Gʻulomqodirga: «Koʻzdan qochirmang», deb shivirladi-da, iziga qaytdi. Shuvalovni uygʻotib kelayotganda 

birdan erkak kishining baqirgani, keyin qattiq ixragani eshitildi. 

Sinelnikovaning eshigi oldida ikki odam bukchayganicha tipirchilar, uzun oq koʻylakdagi ayol esa ostonada 

dahshatda qotib turardi. Asadulla yugurib kelib, tiz choʻkdi-da, Gʻulomqodirning boshini koʻtardi. Shuvalov esa 

xonimni koʻkragidan ichkariga itarib, eshikni yopib oldi. 

— Qimirlamang, xonim, joyingizdan jilmang, — dedi-da, qora libosli odam ustiga engashdi. Qoʻlini qayirib, qonga 

belangan dudamani yerga tushirdi. — Sovarlarni chaqir, — dedi Asadullaga. 

Bir onda hamma oyoqqa qalqdi. Mash’alalar yoqildi. Asadulla mash’ala yorugʻida notanish mehmonga qaradi. 

Pahmoq soqolli bu odamni tanimadi. Agar uning koʻzlari ochiq boʻlganda, soqol chandiqni yopmaganda balki oʻsha 

mash’um voqeadan avval ijaraga boshpana qidirib yurgan odamni tanirdi. 

Chap biqiniga sanchilgan xanjar azobidan bukchayib olgan bu odam — Muhiddin edi. U koʻzini arang ochib, 

Asadullaga tikildi. Tanidi. Bemajol qoʻlini unga choʻzdi. 

— Yedilaring-a, oxiri, enagʻarlar, — dedi tishini gʻijirlatib. Keyin bir xirilladi-yu, jon berdi. 

Yashamoqdan maqsad nima ekanini oʻylab koʻrmagan, dunyo lazzati oshiq tashlashu yutuqdan iborat deb bilgan, 

avval oʻziga yoqmagan, keyinroq borib esa xoʻjayinlariga ma’qul boʻlmagan odamlarga pichoq sanchib bir tuki 

qimirlamagan bu mal’unning umri shunday tugadi. Biqiniga xanjar sanchilganda, azobdan toʻlgʻonganda, soʻnggi 

nafasi chiqishi oldida xayoli ravshanlashganda nimalarni oʻyladi? Otasini tuproqqa qoʻygach, och qolganlari, sarsari 

kezganlarinimi? Sillasi qurib, samovarxona yaqinida sulayib oʻtirganda oshxoʻrlik qilayotganlarga qarab ilk marta 

odamzodga nisbatan nafrati uygʻonganini, margʻilonlik qimorbozning uyidagi xizmatlarinimi, bu uydagi maishat, 

buzuqchilik yo toʻkilgan qonlarnimi? Qoʻrboshining, soʻng Xaustonning xizmatlarini ado etganimi yo Hirotda, 

tashlandiq uyda, hind muhojirining boshiga tosh bilan urib, soʻng oqbadan xonimchaga och boʻriday tashlanib, 

siynalaridan tishlab-tishlab yayraganinimi, soʻng karvon ortidan soyadek ilashib bu yerga qadar kelgani, qorongʻi 

kechalarda oqbadan xonim bilan koʻrishib turgani, ammo nafsini qondirolmaganimi, yo bu kech devor oshib saroyga 

tushganda: «Endi albatta aysh suraman», deb ahd qilganinimi? Ushalmay qolgan orzularinimi? Qimorda yutib olgan 

qizlar, yosh juvonlar bilan boʻlgan kechalarinimi? Yoʻq, bularni emas. U yutuqlarga oʻrganib qolgan edi. Hayotni 

ham qimor deb bilardi. Bu qimorda ham doimo oshigʻi olchi turishiga amin edi. Nima uchun bugun omad ketdi



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

48

undan. Bu oʻyinga jonini tikkan edimi? Nahot endi uning oshiq tashlash imkoni yoʻq? Hayot qimori shunchalar 



beshafqatmi? U koʻz yumgan mahalida shularni oʻyladi. 

— Sohib, bu yoqqa qarang, — dedi Gʻulomqodir yonida oʻtirgan Mirza Qandilxon. 

Asadulla tiz choʻkib, engashib, yigitning boshiga bilagini bolish qildi. 

— Sohib, — Gʻulomqodirning ovozi juda zaif chiqdi. - Sohib, sizdan roziman, rozi boʻling... 

Shunday deb bu yigit ham koʻz yumdi. Koʻz yumdi-yu, har tun qonga belangan xotini bilan adoqsiz suhbat qurish 

azobidan qutuldi. Niyatiga yetdi. 

Shuvalov sovarning qoʻlidagi mash’alani oldi-da, eshikni ochib ichkariga bir qadam qoʻydi-yu, toʻxtadi. 

— Mira’lamovich! 

Asadulla Gʻulomqodirning boshini asta yerga qoʻyib, oʻrnidan turdi: ichkarida sochlari parishon, koʻzlari 

chaqchaygan Sinelnikova jonsiz, toʻshakda chalqancha tushib yotardi. 

— Zahar ichganga oʻxshaydi. 

— Bizga atalgan zaharnimi?.. 

Xmarin xonaga otilib kirib, jasad yoniga keldi-da, tiz choʻkdi. 

Kafti bilan murdaning koʻzlarini yumdi. 

— Janoblar, iltimos, holi qoʻyinglar. 

— Nikolay Zaxarovich... 

— Iltimos, Vitaliy Sergeevich, xalal bermang... 

Ular chiqib, Mirza Qandilxonga boʻlgan voqeani qisqa bayon etdilar. Sovarlar jasadlarni pastga koʻtarib tushdilar. 

— Veniamin Samoylovich koʻrinmaydimi? — dedi Shuvalov birdan sergak tortib. 

Ular tez-tez yurib, Ushinskiyning xonasiga bordilar. 

— Veniamin Samoylovich, uygʻoqmisiz? — dedi Shuvalov eshikni taqillatib. 

— Uygʻoqman, azizim, uygʻoqman. Faqat meni bu ishlarga aralashtirmang, iltimos sizdan, murdani koʻrsam... 

qoʻrqaman... chidolmayman... — dedi Ushinskiy ichkaridan. Shuvalov eshikni itargan edi, ochilmadi. 

— Ana, Pushkinning shaydosini koʻrib qoʻy, — dedi Shuvalov zinadan pastga tushayotib, — ishqiy she’riyat deb 

toza boshlaringni qotirdimi? 

— Ishongim kelmaydi. She’riyatga shunchalar mehr qoʻygan ayol, shu nozik tuygʻulari bilan... 

— Oshirvording, Mira’lamovich, bu ayolda nozik tuygʻu boʻlmagan hech. 

— Zikriyo afandi, qalandarni ham... 

— Ha, shuning ishtirokida boʻlgan hammasi. Zikriyo afandi xonimchaga shaharga chiqish, Mazori Sharifga xabar 

yuborish uchun kerak boʻlgan. Keyin Xmarindan xanjarni oʻgʻirlagan. Ish bitgach, izma-iz kelayotgan odami 

qalandarni chetlatgan. Xonimchaning boshqacharoq ekanini Hirotdayoq sezganman. Esingdami, forschani biladigan 

oʻxshaydi, devdim. Qalandar oʻldirilgan kechasi men tentak bir odamni koʻribmanu chodirga Ushinskiy ketyapti, deb 

oʻylabman. Kobul sayriga nima uchun bormaganimni endi bilgandirsan? Xonimcha chiqolmadi, odami kelishga 

majbur boʻldi. 

— Sinelnikovani Xmarin qoʻshgan edi. 

— Xmarin bilmagan. Yaxshi koʻrardi uni, sezmaganmisan? Xonimchada koʻp sir bor edi. Anqovlik qildik. Endi 

yangi xatarga roʻpara kelishni kutamiz... Boshqa ilojimiz yoʻq. Xauston shu yerda boʻlsa... demak, Xasanxon hazrat 

ham yetib kelgan. Balki amir bilan uchrashgandir, a? Balki amir muzokarani shu hazrat bilan boshlab yuborgandir? 

Ha, ular yaqin yoʻldan yurib, bizdan oldinroq yetib kelishgan. Ishlarimiz chatoq, ogʻayni... 

Tong qorongʻisida murdalarni aravalarga ortib, qayoqqadir olib ketishdi. 

Mirza Qandilxon kun yoyilganda qaytdi. 

— Gʻulomkodirning janozasida ishtirok etuvimizga ruxsat olib bering. Jilla boʻlmasa men boray, — dedi Asadulla 

unga. 

— Sohib, biz kengashib, jasadni Choraymoqqa joʻnatdik. Sizning boruvingiz mutlaq mumkin emas. Erta tongda 



hazrat amir sohib yoʻqlaganlar. 

— Erta tongda? Iydi qurbon tongida? Birgina menimi? 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

49

— Ha, birgina siz borasiz... 



«Bu qanday muammo boʻldi?» deb oʻyladi Asadulla. 

Tong otishiga hali ancha vaqt bor boʻlsa-da, Kobul ahli uygʻonib, namoz tadorigini boshlab yuborgan edi. Koʻchalar 

jonlangan: «Iydi qurbon keldi, qurbonlik qiling, oʻgʻlini qurbonliq qilgan ul Halilulloh haqqi», deb jar solayotgan 

qalandarlar shahar tinchini buzishgan edi. 

Asadullani Idgoh masjidiga boshlab keldilar. A’yonlar hali ichkari kirishmagan, aftidan, hamma amirning tashrifini 

kutar edi. Asadullani Mahmud Tarzi kutib olib oldinga boshladi. Masjid eshigi yaqinida, tarashaday ozgʻin Xasanxon 

hazrat bilan... Mirkomilboyni koʻrdi-yu, beixtiyor taqqa toʻxtadi. Ular ham Asadullani tanishdi. Tanishdi-yu, koʻp 

parvo qilishmadi. Asadulla Tarziga savol nazari bilan qaradi. U: «Hammasidan boxabarman», deganday bosh irgʻab 

qoʻya qoldi. 

Soʻfi azon chaqirmay turib, amir keldi. Jussasiga nisbatan oyoqlari kaltaroq, xarakatchan yosh yigit tez-tez yurib 

kelib, eshikka yetmay, toʻxtadi. Avval Xasanxon hazrat bilan Mirkomilboyning, soʻng Asadullaning salomiga alik 

oldi-da, boshqa soʻz aytmay, ichkari kirib ketdi. 

— Turkistonliklarning yonidagi kim? — deb soʻradi Asadulla masjidga kirayotib. 

— Ul zot, Afgʻoniston hazratlaridan — Qodir ogʻa hazrat deydilar. 

Asadulla bu gapni eshitib, muammoning chigalini yechganday boʻldi. 

Namozdan soʻng Mahmudbek Tarzi Asadullani avtomobilgacha kuzatib qoʻydi... 

Xmarin nonushtadan keyin turib ketmoqchi edi, Asadulla uni toʻxtatdi. 

— Kengashib olishimiz kerak, — dedi. 

Shiyponda yolgʻiz qolishgach, boʻlgan gapni bayon qildi. 

— Demak, gumonim toʻgʻri chiqibdi, — dedi Shuvalov oʻychanlik bilan. — Demak, hazrat Kobulda... 

Mirkomilboyning paydo boʻlishi qiziq. Makkaga boradi, deb eshitgan edim. Yo yoʻl-yoʻlakay kelganmikin? 

— Makkaga Kobul orqali borilmaydi, Vitaliy Sergeevich, — dedi Xmarin. 

— Mirkomilboyning oʻgʻillari ham Kobulda ekan, namozda birga boʻlishdi, — dedi Asadulla. — Ularning 

Londondan bu yerga kelishi, otalari bilan uchrashishi tasodifmikin? 

Shuvalov oʻylanib qoldi. Ularni ta’qib etib kelgan muammolar tumani bu yerda quyuqlashdi. Amudaryoda, Karki 

yoʻlida pistirmaga duch kelganlarida roʻparadagi xatarni aniq koʻrib turgan edilar. Endi qanday ofatga, qachon duch 

kelishlarini bilmaydi. Unga bir narsa aniq: dushmanning rejasi puxta oʻylangan. Har bir imkoniyat nazarda tutilgan. 

Hatto Mirkomilboyning oʻgʻillari bir maqsad bilan bu yerga keltirilgan. Shuvalovga ham, vakola hay’atining boshqa 

a’zolariga ham shu maqsad qorongʻi. Ular hozircha shu muammo ustida bosh qotiradilar. Fargʻonadan ham bir guruh 

vakil kelib, hazrat va Mirkomilboy qanotida birlashgani ularga hali noma’lum. 

Shuvalov oʻylay-oʻylay, oxiri Asadullaga qaradi: 

— Amirning niyatiga tushunmadim. Ularni nima uchun senga roʻpara qildi? 

— Shunchaki bir-biriga koʻrishtirish, deb oʻylaysizmi? — dedi Xmarin bosh chayqab. — Yoʻq, bu yerda boshqa gap 

bor. Ular Qodir ogʻa hazrat bilana birga boʻlsa... bir shumlikni oʻylashgan. Siz... namoz oʻqidingizmi? 

— Ha, boʻlak ilojim yoʻq edi. 

— Siz? Hali namoz oʻqidingizmi? — dedi Ushinskiy hayratlanib. — Oʻsha hazratlar bilan-a? 

— Veniamin Samoylovich, oʻzingizni bosing. Namoz oʻqib toʻgʻri qilganlar. Amirga shu kerak boʻlgan. Buni nimaga 

tushunmaysiz? Amirga Turkistonni kofir bosib ketdi, degan vahimali gaplar yetmagan deysizmi? 

— Amir ular bilan muzokara boshladimikin? — dedi Asadulla. 

— Bundan ajablanmaslik kerak. Hali bolsheviklar Turkistonga uzil-kesil hukmronlik qilisha olganicha yoʻq-ku? — 

dedi Xmarin. — Fargʻonada islom lashkarlari, Orenburgda Dutov, Qizilqumda Ashxobod hukumati... 

— Nikolay Zaxarovich, siz hali... bolsheviklarga ishonmaysizmi? 

— Veniamin Samoylovich, mening ishonish-ishonmasligim hozir hech nimani hal qilmaydi, shunday emasmi? Men 

mavjud ahvolni eslatyapman. Bu vaziyat amirga ham ma’lum. Demak, har ikki tomon bilan ham gaplashaveradi. 

Buxoro amiri elchi yuborgan boʻlsa u bilan ham muzokara yuritaveradi. Siz unga biz bilan gaplash, u bilan 

gaplashma, deyolmaysiz. 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

50

— Yoʻq, azizim, deyishimiz kerak, — deya Ushinskiy qoʻlini paxsa qildi. — Biz Rossiyaning, jumladan, Turkiston 



hukumatining haqli vakillarimiz. Na hukumatdan, na xalqdan vakolasi boʻlgan qandaydir ulamolar bilan muzokara 

yuritishiga norozilik bildirishimiz shart. 

— Men Veniamin Samoylovichni qoʻllayman, — dedi Shuvalov. — Duch kelgan ulamo bilan muzokara yuritaversa, 

amirning lafzi qoladimi? Xasanxon hazrat bilan Xauston xalqqa qarshi jinoyat qilishda ayblanadi. Buni amirga 

ma’lum qilib qoʻyish kerak. 

— Habibulloxon Fargʻona bosmachilariga yordam va’da qilib, elchi joʻnatgan ekan. Balki bu amirning niyati ham 

shundaydir. Biz bilan bir gapni gaplashib, ulamolarga boshqa va’da berar? — dedi Asadulla. 

— Diplomatiya oʻyinida har narsa boʻlishi mumkin, — dedi Xmarin. — Norozilik bildirish kerak, desanglar, mayli, 

bu ishni Asadulla Mira’lamovichga topshiraylik, Turkiston jumhuriyatining rasmiy elchisi sifatida janob Tarziga 

uchrashsinlar. Rasmiy norozilik xatini birgalikda yozamiz. 

— Xasanxon hazrat bilan Xaustonni jinoyatchi sifatida bizning hukumatga topshirishlarini ham talab qilishimiz 

kerak. 


Asadulla Mirza Qandilxonni chaqirdi-da, zudlik bilan xorijiya noziriga uchrashishi zarurligini aytib, «bu oqshom 

sardor sohib oʻzlari tashrif buyurajaklar», degana javobni eshitdi. 

... Tarzi norozilik xatini oʻqidi-yu, darrov javob bermadi. 

— Turkistonliklar sizlardan ancha avval yetib kelgan Kobulga, — dedi u bir ozlik sukutdan soʻng. — Shu fursatga 

qadar hazrat amir sohib sizlarni kutmoqda edilar. Sizlar bilan muzokara yuritmoqdan oʻzga niyatlari yoʻq. Bunga 

men kafil. Iyd munosabati bilan Turkiston ulamo vakolasi mehmon qatorinda izzat qilinurdi va siz bunga 

ajablanmasligingiz lozimdir. 

— Xasanxon hazrat bilan Xauston Turkistonda xalqning begunoh qoni toʻkilishiga sabab boʻlishgan. Ularni tutib 

bizga topshirmogʻingiz kerak, — dedi Shuvalov, Asadulla uni tarjima qildi. 

— Bu mumkin emas, — dedi Tarzi. — Biz mehmonlarga ozor yetkurmaymiz. Odatimiz shunday. 

— Odatingiz qiziq ekan. Ular bizni oʻldirmoqchi boʻlishdi, eshitgandirsiz? Ular bu fikrdan qaytgan deb oʻylaysizmi? 

— Bu fojeadan darak topdim. Bu bizning-da aybimiz. Sizlarni ihota etajak sovarlar ikki hissa oshirildi. Halovatingiz 

buzilmaydi sira. Darvoqe... Xauston deganingiz kim? Inglismi? 

— Ha. Angliyaning Toshkentdagi aygʻoqchisi. Koʻp gʻalamisliklarni boshqargan. Fosh boʻlishini bilib, bu tomonga 

kelgan. Uning Kobuldaligi aniq. 

— Bunisi men uchun qorongʻi edi. 

— Xauston forsiy lisonida-da, turkiyda-da birday yaxshi soʻzlaydi. Shakl-shamoyili, ism-sharifini ham oʻzgartirib 

olgandir, — dedi Asadulla. 

— Uni Qodir ogʻa hazrat, Xasanxon hazrat, Mirkomilboylarni kuzatib yurib, topish mumkin, — deb qoʻshimcha 

qildi Shuvalov. 

— Buni aniqlaymiz, — dedi Tarzi, — inglis bizning mehmon emas, unga shafqat yoʻq. 

Tarzining bosiqlik va ishonch bilan aytgan bu soʻzlari vakola hay’atidagi gumonni, norozilikni bir oz yumshatdi. 

Tarzi miyigʻida kuldi. 

— Bugun iydi qurbon. Nima, Turkiston musulmonlari iydi qurbon namozini kanda qiladilarmi?.. 

— Bizga bu chorlov sinov boʻlib koʻrindi, — dedi Asadulla. 

— Siz namozga chorlanib, amirning lutfiga erishdingiz. 

— Amir bizni qachon qabul qiladi? — deb soʻradi Ushinskiy. 

— Hazrat amir sohib avvalo safir sohib ila diydor koʻrishadilar. 

— Biz-chi? 

— Veniamin Samoylovich, gʻazablanmang, diplomatiya qoidasi bu. Ishni elchi yuritadi. 

— Boʻlmagan gap. Biz yangi hokimiyat vakilimiz. Ishni yakka odam emas, koʻpchilik hal qiladi. Aytib qoʻying. 

— Kerak emas, Veniamin Samoylovich... 

— Yoʻq, tarjima qiling. 

— Janoblari bir nimadan norozimilar? — dedi Tarzi, Ushinskiyning achchiqlanayotganini sezib. 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

51

— Nozir sohib, biz Shoʻrolar hukumatining vakillarimiz, — dedi Asadulla bosiqlik bilan, — har bir ish koʻpning



kengashi bilan amalga oshadi. Amir sohib bizni yakka-yakka emas, birgalikda chorlasalar, degan ilinjimiz bor. 

— Ajab... — Tarzi kalta soqolini silab oʻylandi. Amirning: «Elchilar orasida parokandalik bor emish», degan gapini

esladi. — Bir-birovlaringizga ishonmaysizlarmi? — dedi afsuslangan ohangda. 

— Bu xulosangiz chakki, nozir sohib, inonmaganimiz uchun emas, ishni pishiq-puxta yuritmoq maqsadida

koʻplashib kengashamiz. 

— Ma’qul... — Asadullaning izohidan Tarzi qoniqmadi. Koʻnglining bir chetida afsus uygʻondi. — Men

istaklaringizni hazrat amir sohibga bildiraman. 

Tarzining ruhi shikastlanib, bogʻda uzoq qolmadi. Asadullaning koʻkragiga bexos qattiq ogʻriq turib, halovatini

yoʻqotdi. Tarzining barvaqt ketishi unga ayni muddao boʻldi. 

Shuvalov ertalab Mirza Qandilxonni uning xonasiga boshlab keldi. Ogʻriq bosilgan boʻlsa ham Asadulla oʻzini behol

sezib yotardi. Mirza Qandilxon avtomobilda shifoxonaga eltajagini aytgach, oʻrnidan turdi. 

Avtomobil Yevropa tarzida qurilgan bir qavatli imorat oldida toʻxtatish bilan ichkaridan qotma, boshiga hoji doʻppi

qoʻndirilgan bir kishi chiqib, iltifot qildi. 

— Shifoxona mudiri Mizbek sohib, — dedi Mirza Qandilxon, uni tanishtirib, — usmonli turklardan boʻlsalar-da,

afgʻon eli uchun a’lo xizmat qiladilar. Tashhis va tashrih1 ilminda buyuk mahoratlari bor. 

— Afandim picha ulugʻlab yubordilar, darkor emas bu menga, qani, marhamat qilsinlar, — dedi Mizbek forsiy

talaffuzini buzib gapirib. 

Mudir ularni keng bir xonaga boshlab kirib, oʻzi qayoqqadir chiqdi. 

— Yilda yuz tashrihga qoʻl urib, yuzdan besh bemorgina omonatini topshirar ekan. Deydilarki, bir necha yil burun,

Mizbek sohibning oʻzlari Farangistonga borib, koʻp yillarga yetadigan davolar, shifoxonaning mukammal ashyolarini

keltirgan emishlar. 

Mudir kirib, Mirza Qandilxonning gapi chala qoldi. Mizbek Asadullani obdan tekshirgach, bosh chayqab qoʻydi. 

— Joningizda qasdingiz yoʻqmi, afandim? — dedi u Asadullaning tomir urishini yana bir karra eshitib turib. — Siz

nonni tepkilamaysiz, uvol, gunoh deysiz. Biroq sihatingizni tepkilaysiz. Bu gunoh emasmi? Gunoh, afandim, gunoh.

Koʻp uqubatlar boshingizga tushgan koʻrinadi. Siz shifoga muhtojsiz. 

— Shu ilinjda keldim huzuringizga. 

— Afandimga davolar qilib beraman, — dedi Mizbek Mirza Qandilxonga qarab. — Qayga qoʻnganlar, men

vaqt-bevaqt kirib turay. 

— Siz urinmang, sohib, aytgan kuningiz oʻzimiz kelamiz, — dedi Mirza Qandilxon. 

Mizbek ularni yana xoli qoldirib chiqdi. Ancha hayalladi. Bir vaqt qoʻlida allaqancha dorilar bilan kirib keldi. 

Boqqa qaytganlarida vakola hay’ati shiyponda gurunglashib oʻtirgan edi. 

— Asadulla Mira’lamovich, yana namozga olib borishdimi? — dedi Ushinskiy. 

Asadulla javob berishga ulgurmay, Xmarin norozi ohangda dedi: 

— Ahvolini koʻrib turibsiz-ku? 

— Hazillashdim. Tavba, hazillashib ham boʻlmaydi-ya... 

Mirza Qandilxon shaharga qaytib, peshinda xushxabar bilan keldi: amir ularni huzuriga chorlabdi.



Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling