Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti


Ijtimoiy ta’sirlarning shaxs tomonidan anglanilishi


Download 1.89 Mb.
bet14/21
Sana29.03.2020
Hajmi1.89 Mb.
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21

11.5. Ijtimoiy ta’sirlarning shaxs tomonidan anglanilishi

Ijtimoiy normalar, sanksiyalar, rollar ijtimoiy mexanizmlar sifatida shaxs xulq-atvorini ma’lum ma’noda boshqarib, muvofiqlashtirib turishga yordam beradi. Lekin insonning komilligi, uning ahloq – ijtimoiy normalar doirasidagi maqbul harakati uning o’ziga ham bog’liqdir. Odamning o’z-o’zini anglashi, bilishi va o’z ustida ishlashi avvalo uning diqqati, ongi bevosita o’ziga, o’z ichki imkoniyatlari, qobiliyatlari, hissiy kechinmalariga qaratilishini taqozo etadi. Ya’ni, ijtimoiy xulq – shaxs tomonidan uni o’rab turgan odamlar, ularning xulq-atvorlariga e’tibor berishdan tashqari, o’zining shaxsiy harakatlari va ularning oqibatlarini muntazam tarzda tahlil qilib borish orqali, rollarni muvofiqlashtirishni ham taqozo etadi.

Shaxsning o’zi, o’z xulq-atvori xususiyatlari, jamiyatdagi mavqyeini tasavvur qilishidan hosil bo’lgan obraz – “Men” – obrazi deb atalib, uning qanchalik adekvatligi va reallikka yaqinligi shaxsning jamiyatdagi ijtimoiy mavqyeini belgilaydi va uning barkamolligi mezonlaridan hisoblanadi.

“Men” – obrazining ijtimoiy-psixologik ahamiyati shundaki, u shaxs tarbiyasining va tarbiyalanganligining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, tarbiyani shaxsning o’zi va o’z sifatlari to’g’risidagi tasavvurlarining shakllanishi jarayonidir, deb ta’rif berish mumkin. Demak, har bir inson o’zini, o’zligini qanchalik aniq va to’g’ri bilsa, tasavvur qilolsa, uning jamiyat normalariga zid harakat qilish ehtimoli ham shunchalik kam bo’ladi, ya’ni u tarbiyalangan bo’ladi.

O’z-o’zini anglash, o’zidagi mavjud sifatlarni baholash jarayoni ko’pincha konkret shaxs tomonidan og’ir kechadi, ya’ni, inson tabiati shundayki, u o’zidagi o’sha jamiyat normalariga to’g’ri kelmaydigan, no’maqul sifatlarni anglamaslikka, ularni “yashirishga” harakat qiladi, hattoki, bunday tasavvur va bilimlar ongsizlik sohasiga siqib chiqariladi (Z.Freyd nazariyasiga ko’ra). Bu ataylab qilinadigan ish bo’lmay, u har bir shaxsdagi o’z shaxsiyatini o’ziga xos himoya qilish mexanizmidir. Bunday himoya mexanizmi shaxsni ko’pincha turli xil yomon asoratlardan, hissiy kechinmalardan asraydi. Lekin shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Men” – obrazining ijobiy yoki salbiyligida yana o’sha shaxsni o’rab turgan tashqi muhit, o’zgalar va ularning munosabati katta rol o’ynaydi. Odam o’zgalarga qarab, go’yoki oynada o’zini ko’rganday tasavvur qiladi. Bu jarayon psixologiyada refleksiya deb ataladi. Uning mohiyati – aynan o’ziga o’xshash odamlar obrazi orqali o’zi to’g’risidagi obrazni shakllantirish, jonlantirishdir. Refleksiya “Men” – obrazi egasining ongiga taalluqli jarayondir. Masalan, ko’chada bir tanishingizni uchratib qoldingiz. Siz tinmay unga o’z yutuqlaringiz va mashg’ulotlaringiz haqida gapirmoqdasiz. Lekin gap bilan bo’lib, uning qayergadir shoshayotganligiga e’tibor bermadingiz. Shu narsani siz uning betoqatlik bilan sizni tinglayotganligidan, xayoli boshqa yerda turganligidan bilib qolasiz va shu orqali ayni shu paytda “mahmadona, laqmaroq” bo’lib qolganingizni sezasiz. Keyingi safar shu o’rtog’ingiz bilan uchrashganda, oldingi xatoga yo’l qo’ymaslik uchun “O’rtoq, shoshmayapsanmi?” deb so’rab ham qo’yasiz. Ana shu ilgarigi refleksiyaning natijasidir. Ya’ni, suhbatdosh o’rniga turib, o’zingizga tashlangan nazar (“Men unga qanday ko’rinyapman?”) – refleksiyadir.

Shaxsning o’zi haqidagi obrazi va o’z-o’zini anglashi yosh va jinsiy o’ziga xoslikka ega. Masalan, o’ziga nisbatan o’ta qiziquvchanlik, kim ekanligini bilish va anglashga intilish ayniqsa, o’smirlik davrida rivojlanadi. Bu davrda paydo bo’ladigan “kattalik” hissi qizlarda ham, o’smir yigitchalarda ham nafaqat o’ziga, balki o’zgalar bilan bo’ladigan munosabatlarini ham belgilaydi. qizlardagi “Men” – obrazining yaxshi va ijobiy bo’lishi ko’proq bu obrazning ayollik sifatlarini o’zida mujassam eta olishi, ayollik xislatlarining o’zida ayni paytda mavjudligiga bog’liq bo’lsa, yigitlardagi obraz ko’proq jismonan barkamollik mezonlari bilan nechog’li uyg’un ekanligiga bog’liq bo’ladi. Shuning uchun ham o’smirlikda o’g’il bolalardagi bo’yning pastligi, muskullarning zaifligi va shu asosda qurilgan “Men” – obrazi qator salbiy taassurotlarni keltirib chiqaradi. qizlarda esa tashqi tarafdan go’zallikka, kelishganlik, odob va ayollarga xos qator boshqa sifatlarning bor – yo’qligiga bog’liq holda “Men” obrazi mazmunan idrok qilinadi. qizlarda ham ortiqcha vazn yoki terisida paydo bo’lgan ayrim toshmalar yoki shunga o’xshash fiziologik nuqsonlar kuchli salbiy emosiyalarga sabab bo’lsa-da, baribir, chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar yoki sochlarning o’ziga xos turmagi bu nuqsonlarni bosib ketadigan omillar sifatida qaraladi.

Jamiyatda insonlararo munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi yana bir omil – bu odamlarning bir-birlaridan ijtimoiy kutishlaridir. Kutishlarning ijobat bo’lishi bir insonning sherigiga nisbatan iliq va samimiy munosabatiga sabab bo’lsa, oqlanmaslik, aksincha, nizolarni keltirib chiqaradi. Odam fe’l-atvorining turli bo’lishi esa ana shu kutishlar tizimining har bir insonda turli darajada bo’lishi bilan izohlanadi. Ayniqsa, bu narsa o’qituvchi, professor bilan o’quvchi, talaba munosabatlarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Ijtimoiy kutishlar go’yoki bizdagi o’zgalar to’g’risidagi o’y-fikrlarimizning obrazlariga o’xshaydi. Obrazning ijobiy yoki salbiyligiga qarab, biz o’zimizni turlicha tutamiz.

Olimlarning ma’lumotlariga ko’ra, matematik amallarni, sonlar, miqdorlar, shaxmat yurishlaridagi operasiyalar kabi ma’lumotlarni odam miyasida o’rnashib qolishidan ko’ra, ijtimoiy ma’lumotlarni, ya’ni, odamlar orasida o’zaro munosabatlar tizimida ongimizga ta’sir etuvchi ma’lumotlarni esda olib qolish qiyinroq ekan, shuning uchun bo’lsa kerak, insonning ijtimoiy xulqi vaziyatga bog’liq tarzda o’zgarib boraveradi, matematik hisob-kitobga oid malaka esa umr bo’yi esda qolishi mumkin.

Ijtimoiy kutishlarga mos tarzda harakat qilish, gapirish Sharq madaniyatiga xos bo’lgan jarayondir. Bu yerda shunday jarayon sodir bo’ladiki, auditoriyaga yoqish maqsadida biror fakt haqida yoki bo’rttirib, yoki aksincha, kamaytirib gapirgan notiq, oxir-oqibat o’sha yolg’on aralash fikrlariga o’zi ham ishonib boradi, faqat shu tarzda fikrlashga odatlanadi. Ya’ni, bu o’rinda biz yana o’sha verbal harakatlarning bora-bora e’tiqodga aylanib qolishini kuzatishimiz mumkin. Ba’zi domlalar talabalarning bilim saviyasi past degan illyuziya bilan sodda, oldi-qochdi gaplar bilan ma’ruzasini tugatish odati, ularning professional mahoratiga salbiy ta’sir ko’rsatishini ham aynan shu hodisa orqali tushuntirish mumkin bo’ladi.

Ikkinchi tomondan, sodda, yuzaki, jiddiy fikrlashlarga sabab bo’lmaydigan ma’lumotlarga o’rganib qolgan auditoriya ham bora-bora notiqdan yaxshi ma’ruzani kutmaydigan, boshqa voizlarning ham har qanday talablariga e’tirozsiz qabul qiladigan bo’lib qoladi. Ayniqsa, diniy aqidaparastlikka ergashib ketgan bolalar psixologiyasida e’tiqodning shakllanishini shu orqali tushuntirish mumkin.


Insoniy muomala va muloqotning psixologik vositalari
Odamlar bir-birlari bilan muomalaga kirishar ekan, ularning asosiy ko’zlagan maqsadlaridan biri – o’zaro bir-birlariga ta’sir ko’rsatish, ya’ni fikr-g’oyalariga ko’ndirish, harakatga chorlash, ustanovkalarni o’zgartirish va yaxshi taassurot qoldirishdir.


39-rasm. Psixologik ta’sir yo’nalishlari

Psixologik ta’sir – bu turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va xatti-harakatlariga ta’sir ko’rsata olishdir.

Ijtimoiy psixologiyada psixologik ta’sirning asosan uch vositasi farqlanadi.



Verbal ta’sir – bu so’z va nutqimiz orqali ko’rsatadigan ta’sirimizdir. Bundagi asosiy vositalar so’zlardir. Ma’lumki, nutq – bu so’zlashuv, o’zaro muomala jarayoni bo’lib, uning vositasi – so’zlar hisoblanadi. Monologik nutqda ham, dialogik nutqda ham odam o’zidagi barcha so’zlar zahirasidan foydalanib, eng ta’sirchan so’zlarni topib, sherigiga ta’sir ko’rsatishni hoxlaydi.

Paralingvistik ta’sir – bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyasiya, tovushlar, to’xtashlar, duduqlanish, yo’tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Shunga qarab, masalan, do’stimiz bizga biror narsani va’da berayotgan bo’lsa, biz uning qay darajada samimiyligini bilib olamiz. Kuyib-pishib, ochiq yuz va dadil ovoz bilan “Albatta bajaraman!”, desa ishonamiz, albatta.

Noverbal ta’sirning ma’nosi “nutqsiz”dir. Bunga suhbatdoshlarning fazoda bir-birlariga nisbatan tutgan o’rinlari, holatlari (yaqin, uzoq, intim), qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir-birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi. Ularning barchasi muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, suhbatdoshlarning bir-birlarini yaxshiroq bilib olishlariga yordam beradi. Masalan, agar uchrashuvning dastlabki daqiqalarida o’rtog’ingiz sizga qaramay, atrofga alanglab, “Ko’rganimdan biram xursandman”, desa, ishonasizmi?

Muloqot jarayonidagi xarakterli narsa shundaki, suhbatdoshlar bir-birlariga ta’sir ko’rsatmoqchi bo’lishganda, dastavval nima deyish, qanday so’zlar vositasida ta’sir etishni o’ylar ekan. Aslida esa, o’sha so’zlar va ular atrofidagi harakatlar muhim rol o’ynarkan. Masalan, mashhur amerikalik olim Megrabyan formulasiga ko’ra, birinchi marta ko’rishib turgan suhbatdoshlardagi taassurotlarning ijobiy bo’lishiga – gapirgan gaplari 7%, paralingvistik omillar 38%, va noverbal harakatlar 58% gacha ta’sir qilarkan. Keyinchalik bu munosabat o’zgarishi mumkin albatta, lekin xalq ichida yurgan quyidagi: “Ust-boshga qarab kutib olishadi, aqlga qarab kuzatishadi”, degan maqol to’g’ri.

Muloqotning qanday kechishi va kimning ko’proq ta’sirga ega bo’lishi sheriklarning rollariga ham bog’liq.

Ta’sirning tashabbuskori – bu shunday sherikki, unda ataylab ta’sir ko’rsatish maqsadi bo’ladi va u bu maqsadni amalga oshirish uchun barcha yuqorida ta’kidlangan vositalardan foydaladi. Agar boshliq ishi tushib, biror xodimni xonasiga taklif etsa, u o’rnidan turib kutib oladi, iltifot ko’rsatadi, hol-ahvolni ham quyuqroq so’raydi va so’ngra gapning asosiy qismiga o’tadi.

Ta’sirning adresati – ta’sir yo’naltirilgan shaxs. Lekin tashabbuskorning suhbatga tayyorgarligi yaxshi bo’lmasa, yoki adresat tajribaliroq sherik bo’lsa, u tashabbusni o’z qo’liga olishi va ta’sir kuchini qayta egasiga qaytarishi mumkin bo’ladi.

          1. Ko’ndirish texnikasi


Xulqda jiddiy o’zgarishni sodir etish uchun o’sha yoshni avval arzimagan xizmatga yollashga yoki yordam berishga ko’ndirish kifoya bo’ladi. Masalan, ma’lum miqdordagi varaqani konkret shaxsga yetkazib qo’yish (tarqatish emas). Shu ishga rozi bo’lib, harakat qilgan odam keyin jiddiyroq topshiriqni ham bajaradi, buning ustida qilgan ishiga yana ma’lum rag’bat ham olsa bu yo’ldan qaytishi qiyin bo’ladi. Hattoki, g’arbda shunday tajribalar ham borki, u yoki bu tashkilot avval tashkilotning ko’krakka taqadigan belgilarini olishni, yoki ular to’g’risidagi kichik hajmli qog’ozdagi informasiyani bepul olishni (odatda ko’chada turib olib tarqatishadi), yoki arzimagan tashkilot nomi tushirilgan kichik sovg’achani olishni taklif etadi. Kimlar ko’proq taklifni qabul qilganiga qarab, kontingent ajratib olinadi va o’sha auditoriya bilan jiddiyroq ishlay boshlaydi. Turli xil radikal, diniy tashkilotlar yaqin yillarda bizda ham shu usulda ishladi. Ya’ni, o’z tomonida og’dirish jarayoni sof ijtimoiy-psixologik fenomen bo’lib uning texnikasi rasmda ifodalangan.

Mayda-chuyda narsalar bilan savdo-sotiq yurituvchilar ham ko’pincha boylik orttirish yo’lini xaridorni eng arzon va ahamiyatsiz narsani sotib olishga ko’ndirishga asoslanar ekan. Bir marta o’sha xushmuomala sotuvchidan arzon, lekin unchalik zarur bo’lmagan narsani xarid qilgan inson keyingi safar undan ko’ra zarurroq, lekin qimmatroq narsani ham xarid qilishga tayyor bo’ladi. Bu marketing-tijoratdagi muhim psixologik omil hisoblanadi.



Xuddi shunday yomon xulq-atvor, jinoyat yoki zulm ham mayda-chuyda yonberishlar, ko’nishlarning ortib borishi oqibatidir. Arzimagan kichik xato og’irroq, ahloqsiz harakatlarning boshlanishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham voyaga yetmaganlar o’rtasidagi jinoyatchilikning ildizlarini o’rganganda, voqyea bo’lib o’tgach, ota-ona yoki o’qituvchi bu narsa qachon boshlanganiga ahamiyat bermasdan, uning hozir, bir amallab oldini olib, chorasini topish yoki jazolash ustida o’ylaydilar. Vaholangki, bilamizki, bir marta qamoqxona ostonasini bosgan odam uni ikkinchi marotaba bosishdan hazar qilmaydigan bo’lib qoladi. Og’ir jinoyatga qo’l urgan odam uchun yana bir marta shu ishni qaytarish xech qanday qiyinchilik tug’dirmaydi.

Inson ongidagi turli biddiyatlar va xurofotni ham shunday tushuntirish mumkin. Bitta noto’g’ri fikrni qabul qilish – ongning xiralashuviga, biddiyatlarning odatiy fikrlar obraziga aylanishiga sabab bo’ladi. Masalan, qulning qullik psixologiyasi ham shunday. Chorasiz, o’z shaxsini hurmat qilmay qo’ygan odamning fikrlashlaridan hayron qolishimiz ham odamning o’zidagi noto’g’ri tasavvur va biddiyatlarga ko’nikib, ustanovka hosil qilishidandir, deyish mumkin.
11.6. “Men” – obrazi va o’z-o’ziga baho
“Men” – obrazi asosida ham bir shaxsda o’z-o’ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadiki, bu tizim ham obrazga mos tarzda har xil bo’lishi mumkin. O’z-o’ziga nisbatan baho turli sifatlar va shaxsning orttirilgan tajribasi, shu tajriba asosida yotgan yutuqlariga bog’liq holda turlicha bo’lishi mumkin. Ya’ni, ayni biror ish, yutuq yuzasidan ortib ketsa, boshqasi ta’sirida – aksincha, pastlab ketishi mumkin. Bu baho aslida shaxsga boshqalarning real munosabatlariga bog’liq bo’lsa-da, aslida u shaxs ongi tizimidagi mezonlarga, ya’ni, uning o’zi subyektiv tarzda shu munosabatlarni qanchalik qadrlashiga bog’liq tarzda shakllanadi. Masalan, maktabda bir fan o’qituvchisining bolaga nisbatan ijobiy munosabati, doimiy maqtovlari uning o’z-o’ziga bahosini oshirsa, boshqa bir o’qituvchining salbiy munosabati ham bu bahoni pastlatmasligi mumkin. Ya’ni, bu baho ko’proq shaxsning o’ziga bog’liq bo’lib, u subyektiv xarakterga egadir.

O’z-o’ziga baho nafaqat haqiqatga yaqin (adekvat), to’g’ri bo’lishi, balki u o’ta past yoki yuqori ham bo’lishi mumkin.

O’z-o’ziga bahoning past bo’lishi ko’pincha atrofdagilarning shaxsga nisbatan qo’yayotgan talablarining o’ta ortiqligi, ularni uddalay olmaslik, turli xil e’tirozlarning doimiy tarzda bildirilishi, ishda, o’qishda va muomala jarayonidagi muvaffaqiyatsizliklar oqibatida xosil bo’lishi mumkin. Bunday o’smir yoki katta odam ham, doimo tushkunlik holatiga tushib qolishi, atrofdagilardan chetroqda yurishga harakat qilishi, o’zining kuchi va qobiliyatlariga ishonchsizlik kayfiyatida bo’lishi bilan ajralib turadi va bora-bora shaxsda qator salbiy sifatlar va xatti-harakatlarning paydo bo’lishiga olib keladi. Hattoki, bunday holat suisidal harakatlar, ya’ni o’z joniga qasd qilish, real borligidan “qochishga” intilish psixologiyasini ham keltirib chiqarishi mumkin.

O’zi-o’ziga baho o’ta yuqori ham shaxs xulq-atvoriga yaxshi ta’sir ko’rsatmaydi. Chunki, u ham shaxs yutuqlari yoki undagi sifatlarning boshqalar tomonidan sun’iy tarzda bo’rttirilishi, noo’rin maqtovlar, turli qiyinchiliklarni chetlab o’tishga intilish tufayli shakllanadi. Ana shunday sharoitda paydo bo’ladigan psixologik holat “noadekvatlilik effekti” deb atalib, uning oqibatida shaxs hattoki, mag’lubiyatga uchraganda yoki o’zida nochorlik, uquvsizliklarni sezganda ham buning sababini o’zgalarda deb biladi va shunga o’zini ishontiradi ham (masalan, “xalaqit berdi-da”, “falonchi bo’lmaganida” kabi bahonalar ko’payadi). Ya’ni, nimaiki bo’lmasin, aybdor o’zi emas, atrofdagilar, sharoit, taqdir aybdor. Bundaylar haqida bora-bora odamlar “oyog’i yerdan uzilgan”, “manmansiragan”, “dimog’dor” kabi sifatlar bilan gapira boshlaydilar. Demak, o’z-o’ziga baho realistik, adekvat, to’g’ri bo’lishi kerak.



Realistik baho shaxsni o’rab turganlar – ota-ona, yaqin qarindoshlar, pedagog va murabbiylar, qo’ni-qo’shni va yaqinlarning o’rinli va asosli baholari, real samimiy munosabatlari mahsuli bo’lib, shaxs ushbu munosabatlarni ilk yoshligidanoq xolis qabul qilishga, o’z vaqtida kerak bo’lsa to’g’rilashga o’rgatilgan bo’ladi. Bunda shaxs uchun etalon, ibratli hisoblangan insonlar guruhi – referent guruhning roli katta bo’ladi. Chunki biz kundalik hayotda hammaning fikri va bahosiga quloq solavermaymiz, biz uchun shunday insonlar mavjudki, ularning hattoki, oddiygina tanbehlari, maslahatlari, hattoki, maqtab turib bergan tanbehlari ham katta ahamiyatga ega. Bunday referent guruh real mavjud bo’lishi (masalan, ota-ona, o’qituvchi, ustoz, yaqin do’stlar), yoki noreal, xayoliy (kitob qahramonlari, sevimli aktyorlar, ideal, “kumir”) bo’lishi mumkin. Shuning uchun yoshlar tarbiyasida yoki real jamoadagi odamlarga maqsadga muvofiq ta’sir yoki tazyiq ko’rsatish kerak bo’lsa, ularning etalon, referent guruhini aniqlash katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’ladi.

Shunday qilib, o’z-o’ziga baho sof ijtimoiy hodisa bo’lib, uning mazmuni va mohiyati shaxsni o’rab turgan jamiyat normalariga, shu jamiyatda qabul qilingan va e’zozlanadigan qadriyatlarga bog’liq bo’ladi. Keng ma’nodagi yirik ijtimoiy jamoalar etalon rolini o’ynashi oqibatida shakllanadigan o’z-o’ziga baho – o’z-o’zini baholashning yuksak darajasi hisoblanadi. Masalan, mustaqillik sharoitida mamlakatimiz yoshlari ongiga milliy qadriyatlarimizning singishi, vatanparvarlik, adolatlilik, fidoiylik sifatlarining shakllanishi va mustaqillik mafkurasiga sadoqat xislarining tarbiyalanishi, tabiiy, har bir yosh avlodda o’zligini anglash, o’zi mansub bo’lgan xalq va millat ma’naviyatini qadrlash xislarini rivojlantirmoqda. Bu esa, o’sha milliy o’zlikni anglashning poydevori va muhim shakllantiruvchi mexanizmidir.



Demak, o’z-o’zini baholash – o’z-o’zini tarbiyalashning muhim mezonidir. O’z-o’zini tarbiyalash omillari va mexanizmlariga esa, quyidagilar kiradi:

  • o’z-o’zi bilan muloqot (o’zini konkret tarbiya obyekti sifatida idrok etish va o’zi bilan muloqotni tashkil etish sifatida);

  • o’z-o’zini ishontirish ( o’z imkoniyatlari, kuchi va irodasiga ishonish orqali, ijobiy xulq normalariga bo’ysundirish);

  • o’z-o’ziga buyruq berish (tig’iz va ekstremal holatlarda o’zini qo’lga olish va maqbul yo’lga o’zini chorlay olish sifati);

o’z-o’ziga ta’sir yoki autosuggestiya (ijtimoiy normalardan kelib chiqqan holda o’zida ma’qul ustanovkalarni shakllantirish);

41-rasm. O’z-o’zini tarbiyalash omillari va mexanizmlari ketma-ketligi


42-rasm. Shaxs autodialogining eng muhim belgilari

  • ichki intizom – o’z-o’zini boshqarishning muhim mezoni, har doim har yerda o’zining barcha harakatlarini muntazam ravishda korreksiya qilish va boshqarish uchun zarur sifat.

Yuqoridagi o’z-o’zini boshqarish mexanizmlari orasida psixologik nuqtai nazardan o’z-o’zi bilan amalga oshiriladigan ichki dialog alohida o’rin tutadi. O’z-o’zi bilan dialog – oddiy til bilan aytganda, o’zi bilan o’zi gaplashishdir. Aslida bu qobiliyat bizning boshqalar bilan amalga oshiradigan tashqi dialoglarimiz asosida rivojlanadi, lekin aynan ichki dialog muhim regulyativ rol o’ynaydi.

Ye.Klimov bunday dialogning uch bosqichini ko’rsatib o’tadi. 42-rasmda shaxs ichki dialogining bosqichlari va har bir bosqichga xos bo’lgan belgilar keltirilgan.

Demak, shaxsning qanday sifatlarga ega ekanligi, undagi baholarning obyektivligiga bog’liq tarzda o’z-o’zi bilan muloqatga kirishib, jadvaldagiga muvofiq shaxs o’zini nazorat qila oladi. Shuning uchun ham hayotda shunday kishilar uchraydiki, katta majlisda ishi tanqidga uchrasa ham, o’ziga xolis baho berib, kerakli to’g’ri xulosalar chiqara oladi, shunday odamlar ham borki, arzimagan xatolik uchun o’z “ich-etini yeb tashlaydi”. Bu o’sha ichki dialogning har kimda har xil ekanligidan darak beruvchi faktlardir.


      1. 11.7. Shaxs dunyoqarashi va e’tiqodini o’zgartiruvchi omillar



Dunyoqarash – shaxsning shaxsligini (individ emas), uning ma’naviyatini, ijtimoiylashuvi darajasini ko’rsatuvchi kuchli motivlardandir. Shuning uchun ham uning shakllanishi va o’zgarishi masalasi muhim masalalardan bo’lib, hamma vaqt va davrlarda ham o’ta dolzarb bo’lib kelgan. O’zbekiston o’z mustaqilligiga erishgach, jamiyatda tub islohotlar boshlandi.

Ana shu islohotlarning asosiy yo’nalishlaridan biri – ma’naviy-ma’rifiy islohotlar bo’lib, uning asosiy maqsadi jamiyat a’zolari dunyoqarashini istiqlol ruhida shakllantirishni maqsad qilib qo’ydi. Davlatimizning yoshlar borasidagi siyosatining asosini ham ularda yangicha xurfikrlilik bilan yangicha dunyoqarashni shakllantirishdir.



Rasmda ko’rinib turganidek, psixologiyada o’zgarishlar sharoitida e’tiqod, dunyoqarash va ideallar o’zgarishiga sabab bo’luvchi asosiy omillarni quyidagicha izohlash mumkin:

  • Ma’naviyat va ma’rifat. Avvalo ma’rifat xususida. Bu – odamning tabiat, jamiyat va insonlar to’g’risidagi turli bilimlari, tushunchalari, ma’lumotlari majmui bo’lib, uning mazmuni bevosita shaxs dunyoqarashining mazmun-mohiyatini belgilaydi. Demak, yoshlarga qaratilgan va ular o’qib, o’rganishi uchun yo’naltirilgan barcha turdagi ma’lumotlar (kitoblar, ommaviy – axborot vositalari orqali, muloqot jarayonida), ular asosida shakllanadigan yangicha tasavvurlar yangicha dunyoqarash uchun zamindir.

Mustaqillik yillarida eski, o’zini tarix oldida oqlamagan mafkuradan voz kechildi, yangi mustaqillik g’oyasi, uning asosiy tamoyillari, yoshlarni ma’rifatli qilish borasidagi vazifalar Davlatimiz rahbari I.A. Karimov asarlarida muxtasar, aniq bayon etilgan. Ular asosida mamlakatimizda yangi “Ta’lim to’g’risidagi qonun” va “Kadrlar tayyorlashning milliy dasturi” qabul qilindi. Ular yoshlarning eng ilg’or ilm-fan yutuqlaridan boxabar qilish, buyuk allomalar merosini chuqur va teran o’rganish, zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qilish, yoshlarni ma’rifatli qilishning barcha shart-sharoitlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu say’i-harakatlar ma’naviyat borasidagi islohotlar, o’zbek madaniyati, san’ati, adabiyotini rivojlantirish ishlari, tariximizni tiklash borasida amalga oshirilayotgan olamshumul ishlar tabiiy, yoshlarimizda yangicha dunyoqarashning shakllanishiga asos bo’ladi.

43-rasm. Shaxs dunyoqarashi va e’tiqodini o’zgartiruvchi omillar
Yoshlarning ma’lumotlilik darajasi ham yangilanish davrida ta’sir ko’rsatuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Agar o’smir yoki o’spirinda ilk yoshlikdan kitobga, bilimga mehr tarbiyalanmagan bo’lsa va uning bilim hamda tushunchalari doirasi tor bo’lsa, u sog’lom g’oyani nosog’lomdan, dunyoviylikni dahriylikdan, ziyoni jaholatdan farqlay olmaydi. Shuning uchun ham Prezidentimiz yoshlarimiz bilim olishlari uchun, ular iqtidorining rivoji uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga e’tiborni qaratmoqdalar, bunga javoban yoshlar faqat tinimsiz izlanishlari, o’qishlari, ilm sirlari mukammal egallashlari shart. Zero, Hadisu sharifda ham zikr etilganidek, “Ilm o’rganish har bir musulmon uchun farzdir”.

Ilg’or g’oyalar egasi bo’lish uchun tafakkurni shunday mashq qildirish lozimki, toki uning yordamida kundalik dolzarb masalalarga, xalq manfaatiga xizmat qiluvchi solih ishlarni amalga oshirish choralari borasida turli-tuman fikrlarni yuritish imkoniyati bo’lsin. Bu holat har qanday g’ayri-tabiiy fikrlarga o’z o’rniga aql-idrok bilan munosib javob berish, taraqqiyotimizga g’ov bo’luvchi yot va zararli fikrlarga nisbatan immunitetni shakllantirish, turli xil dogmatik qarashlarga ega bo’lgan shaxslar bilan asosli va tanqidiy munozaralar olib borib, o’z nuqtai nazarining to’g’riligini to’la asoslash qobiliyatini o’stiradi.



Oila. Shaxs ma’naviyati, uning dunyoqarashi, barcha tasavvur va e’tiqodiga aloqador bo’limlari majmui asosan oilada shakllanadi. Shu ma’noda – oila haqiqiy ma’naviyat o’chog’i, mafkuraviy tarbiyaning omili va shart-sharoitidir. Milliy mafkuramizga xos bo’lgan ilk tushunchalar, shaxsning hayotiy yo’nalishlari, e’tiqodi va iymoni avvalo oila muhitida shakllanadi. Bu jarayon bobolar o’giti, ota ibrati, ona mehri orqali amalga oshiriladi.

Har bir shaxs oilaning jamiyatdagi o’rni va funksiyalarini, qadr qimmatini anglamasdan, Vatanning ostonadan boshlanishini tushunmasdan turib, Vatan tuyg’usini tom ma’noda xis qila olmaydi. Bu ish asosan har bir o’zbek oilasidagi tarbiya an’analari va ularni takomillashtirish, milliy qadriyatlarni turmush tarzining ajralmas bo’lagiga aylantirish, muloqot madaniyatining Sharqona ko’rinishlari bilan zamonaviy shakllarini uyg’unlashtirish, mehnat tarbiyasi, uning farzandlar farovon turmush kechirishining muhim tamoyili sifatida qadrlanishiga erishishi orqali amalga oshirish mumkin.

Bundan tashqari, shaxsning barkamolligi har bir shaxs ongida oilaning muqaddasligi, Vatanning aslida oiladan boshlanishi, shu bois uni sevish va nikohni muqaddas bilish zarurligini, oilaning jamiyat hayotida tutgan o’rni va funksiyalarini tushuntirish orqali ro’y berishi inobatga olinadi.

Bolalarda yoshlikdan xalq va yurt taqdiriga befarq bo’lmaslik psixologiyasini shakllantirish uchun bola hayotining dastlabki onlaridan boshlab, predmetlar olami bilan tanishishi, o’yinchoqlar olami, tengqurlari bilan bo’ladigan o’yinlarining tarbiyalovchi xususiyatlariga ahamiyat berish zarur. Insoniyatga zarar keltiruvchi, odamlar o’rtasida ziddiyatlarni va talofatlarni keltiruvchi “jangari” o’yinchoqlar, multfilmlar, kinofilmlar ko’rishlarini imkon darajasida cheklash, bu o’yinlarning psixologik hamda pedagogik ekspertizalari bo’yicha ota-onalarga aniq ko’rsatmalar berish zarur. Sharqona odob va o’zaro munosabatlar tamoyillarini aks ettiruvchi turli o’yinlar, o’yinchoqlar, rasmli o’yinchoq-kitobchalar, xalq milliy folklori va ertaklari asosida yaratilgan multfilmlar ilk yoshlikdan bolalardagi mafkuraviy qarashlarning to’g’ri shakllanishiga yordam beradi. Masalan, bolalar o’rtasida mashhur bo’lgan “Zumrad va qimmat”, “Yoriltosh”, “Xo’ja Nasriddinning sarguzashtlari” kabi qator ertaklar orqali oilada bolalarni yaxshidan yomonni, mehr-sahovatdan xudbinlikni farqlashga o’rgatish va shu orqali milliy udumlarning xalq orzu-istaklari va intilishlari bilan bog’liqligini yaqqol ko’rsatish mumkin.



Ota-onalar savodxonligi ham bu o’rinda katta rol o’ynaydi. Eng avvalo ularda sog’lom tafakkur va milliy g’oyalarni shakllantirish kerakligini alohida ta’kidlash mumkin. Bunday savodxonlik ota-onalik roli va funksiyalari mohiyatini to’g’ri tushunish, yangi farzand dunyoga kelishi va kamol topib rivojlanishiga oid qonuniyatlarni bilish, oilaviy munosabatlar doirasida milliy urf-odatlarimiz va an’nalarimizning eng nodirlarini turmushning barcha sohalariga singdirish orqali, bolalarda qadriyatlarga mehr-muhabbatni uyg’otish, balog’at yoshiga yetgan farzandlarni oilaviy hayotga tayyorlash kabi qator mas’uliyatli vazifalarning tub ma’nosini bilish va ularga amal qilish nazarda tutiladi. Bunday bilim va tasavvurlar majmui otaga qay darajada zarur bo’lsa, onaga ham shu tarzda zarur va ahamiyatlidir. Chunki bir qarashda sanab o’tilgan funksiyalar odatiy, ularga inson hayoti mobaynida avtomatik tarzda o’rganib ketadiganday tuyulsada, aslida ota-onalik shunday mas’uliyatli vazifaki, uning jamiyatimiz manfaatiga mos tarzda amalga oshirilishiga inson ham ma’naviy jihatdan, ham psixologik jihatdan tayyor bo’lishi kerak.

Kasbni puxta egallash va fidokorona mehnat qilish uchun ilm qanchalik zarur bo’lsa, fozil farzandlar tarbiyalash va ularni insonlarga nafi tegadigan darajada yetuk qilib tarbiyalash uchun ham ilm-bilim shunchalik ahamiyatlidir. Shuning uchun bu fikrlarning naqadar to’g’riligi va ayniqsa, ayol kishi uchun savodlilik va ilmning zarurati to’g’risida o’z vaqtida o’rta asrning ko’zga ko’ringan iste’dodli shoirlaridan biri Abdibek Sheroziy shunday yozgan edi: “Ilm – ayol uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan qutqargan har bir ayol nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hyech bir ishda adashmaydi. Ilmsiz ayol esa bola tarbiyalashda turli xatolarga yo’l qo’yadi”.



  • Bobolar va momolar o’zbek oilasida shaxsni tarbiyalashda bevosita ishtirok etadilar. Azaliy turkiy udumga binoan ota-onadan ham ko’ra bobo-buvilarning tarbiyaviy ta’siri kuchliroq bo’ladi. Masalan, Amir Temur shahzodalarning tarbiyasi bilan ularning onalari emas, ulug’ bibilari-buvilari shug’ullanishini lozim topgan. Shunga ko’ra, Saroy Mulk xonim Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug’bek Mirzolar tarbiyasini o’z bo’yniga olgan.

Shuning uchun ham yurtimizda oila hamisha davlat himoyasida va oliy qadriyat sifatida e’zozlanadi. Oila ijtimoiylashuvning asosiy va muhim o’chog’i bo’lgani uchun ham uning shu muhitda tarbiyalanayotgan yoshlar e’tiqodi va dunyoqarashidagi roli sezilarli, xukumat bola tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini oshirish uchun har yili hayrli tadbirlar ishlab chiqmoqda. Respublikamizda yillarning “Oila”, “Ayollar”, “Sog’lom avlod”, “Onalar va bolalar”, “Qariyalarni qadrlash”, “Salomatlik” yili deb elon qilinishi, “Oila” ilmiy-amaliy Markazining faoliyat ko’rsatayotganligi jamiyatda, yoshlar tarbiyasi borasida oilaning roli va mas’uliyatini oshirishga ana shunday muhim tadbirlardandir.

  • Ijtimoiy ustanovkalar. Sof psixologik ma’noda yangicha tafakkur va dunyoqarashni shakllantiruvchi va o’zgartiruvchi ijtimoiy psixologik mexanizm – bu ijtimoiy ustanovkalardir. Bu – shaxsning atrof muhitida sodir bo’layotgan ijtimoiy hodisalarni, obyektlarni, ijtimoiy guruhlarni ma’lum tarzda idrok etish, qabul qilish va ular bilan munosabatlar o’rnatishga ruhiy ichki hozirlik sifatida odamdagi dunyoqarashni ham o’zgartirishga aloqador kategoriyadir. Ijtimoiy ustanovkalar haqida batafsil ma’lumotlar oldingi mavzular (boblar)da bayon etilgan, bu o’rinda biz, uning faqat dunyoqarashlar o’zgarishiga aloqador mexanizm sifatidagi rolini ta’kidlamoqchimiz, xolos.

Ijtimoiy ustanovkalarga xos bo’lgan umumiy qonuniyatlardan biri, bu uning uzoq muddatli xotira bilan bog’liqligidir. Ayni vaziyatlarda shakllangan obrazlar uzoq muddatli xotirada saqlanib, u yoki bu vaziyatda dolzarblashadi, ya’ni “jonlanadi”. Masalan, ba’zi bir etnik stereotiplar ana shunday xotiradagi mavjud obrazlar hisobiga shakkllanadi. Demak, ijtimoiy ustanovka obyektga hamda konkret vaziyatga bog’liqdir.

Shakllangan ijtimoiy ustanovkaning shaxs hayoti mobaynida o’zgarishi esa, muhim ijtimoiy-psixologik ahamiyatga egadir. Amerikalik olim Xovland fikricha, ijtimoiy ustanovka o’rgatish yo’li bilan o’zgarishi mumkin. Ya’ni o’quvchilardagi turli ustanovkalarni o’zgartirish uchun rag’batlantirish yoki jazolash tizimini o’zgartirish lozimdir. Ikki shaxs yoki shaxs bilan guruhning ustanovkalari mos kelmay qolgan sharoitda esa tomonlardan biri ongli ravishda o’z ustanovkalarini o’zgartirishi shartdir. Aks holda nomutanosiblik tamoyiliga ko’ra, shaxslararo nizo yoki kelishmovchilik paydo bo’lishi muqarrardir.

Ijtimoiy ustanovkalarni o’zgartirishning eng sodda va qulay yo’li – bu ayni vaziyatlar va ulardagi ta’sirlarni qaytarishdir. Bu qaytarish qayd qilingan obraz sifatida inson ongida uzoq muddatli xotirada saqlanadi va vaziyat paydo bo’lganda, obyektivlashadi, ya’ni o’z kuchini va mavjudligini ko’rsatadi. Shuning uchun ham agar chet el tajribasiga murojaat qiladigan bo’lsak, u yerda biror g’oyani ongga singdirish uchun bir odam yoki biror guruh o’z siyosiy, mafkuraviy yoki boshqa qarashlarini bir xil so’zlar va iboralar, harakatlar bilan qaytaraveradi va shu yo’l bilan ko’pchilikning ma’qullashiga erishadi. Ayniqsa, saylov oldi tadbirlarida ana shu usul keng qo’llaniladi. Shulardan kelib chiqib, ijtimoiy ustanovkalarni o’zgartirishning usullari va psixologik vositalari orqali ham dunyoqarashni o’zgartirishga erishish mumkin.
11.8. Ijtimoiy-psixologik metodlar: kontent-analiz, anketa
Kontent-analiz
Materiallarni ma’naviy jihatdan ham sifat, ham miqdoriy analiz qilinish usuli ijtimoiy psixologiyada kontent-analiz deb ataladi. Kontent-analizning ilmiy mohiyati shuki, uning yordamida biror matnda ma’lum fikr, g’oya yoki tushunchalarning necha marta qaytarilishi qayd etiladi, ya’ni ma’lum mazmun miqdor ko’rinishiga keltiriladi. Bu metodning asoschilari amerikalik sosiologlar X.Lassuell va B.Berelsonlar bo’lib, ular bu usulni birinchi marta ikkinchi jahon urushi yillarida bir siyosiy gazetaning mazmuni, uning g’oyaviy yo’nalishini aniqlash maqsadida qo’llagan edilar. Ular “Haqiqiy amerikalik” nomli gazetaning kundalik chiqishlarini kontent-analiz qilib, ularni fashistik yo’nalishidagi gazeta ekanligini isbot qilishgan va uning chiqishini ta’qiqlashga erishgan edilar.

Kontent-analizni qo’llashda tadqiqotchi oldida turgan asosiy muammo bu tekshiruv birliklari – kategoriyalarni aniqlashdir. Chunki bunday birliklar tadqiqotning maqsadi va tadqiqotchining e’tiqodi va dunyoqarashiga ko’ra har xil bo’lishi mumkin. Masalan, kontent-analizning asoschilari Lassuell va Berelsonlar bunday birlik – ramziy birlik yoki simvollar bo’lishi mumkin, deb hisoblashgan bo’lsalar, boshqa amerikalik tadqiqotchi L.Lovental bunday birlik yaxlit mavzu bo’lishi kerak deb hisoblaydi. Aslida, bunday birliklar kontent-analizda ilmiy taxmin va tadqiqotchining metodologik asoslari bilan belgilanishi kerak. Shuning uchun ham ko’pgina tadqiqot natijalarini umumlashtirib, analiz uchun birliklar quyidagilar bo’lishi mumkin deb hisoblaymiz:



  • alohida iboralar yoki so’zlarda bildirilgan tushunchalar (masalan, demokratiya, faollik tashabbus, hamkorlik va hokazo);

  • yaxlit abzaslar, matnlar, maqolalar va shunga o’xshashlarda ko’tarilgan mavzular (masalan, millatlararo munosabatlar mavzusi, insonlardagi milliy qadriyatlar mavzusi va hokazo);

  • tarixiy allomalar, siyosatshunoslar, taniqli shaxslarning nomlari;

  • ijtimoiy hodisa, rasmiy hujjat, biror aniq fakt, asar (masalan, oilaviy mojarolar, O’zbekiston Konstitusiyasi muhokamasi, yangi yozilgan asarga o’quvchilarning munosabati va shunga o’xshash).

Yaxshi o’tkazilgan kontent-analiz aslida ijtimoiy psixologik tadqiqotlarda juda katta ahamiyatga ega. Kontent-analiz tadqiqotchidan kattagina uquvni talab qiladi, chunki bir tomondan, u yoki bu matnni tushunish mahorati bo’lishi kerak, ikkinchi tomondan, tadqiqot so’ngida qo’lga kiritilgan miqdoriy birliklarni yana qayta sifat formasiga keltirish lozim, ya’ni tushuntirib berish kerak.
Anketa
Anketa metodi hammaga tanish bo’lgan usullardan biri. Lekin ko’pincha anketani o’tkazgan odam uning tuzilishi qanchalik qiyinligini yoki olingan ma’lumotlarni qayta ishlab, sharxlash qiyinligini tasavvur qilmaydi. Yuqorida qayd etilganidek, anketaga kiritilgan savollarga ko’ra anketa ochiq va yopiq turlarga bo’linadi. Ochiq anketa respondentdan o’z fikrini bilganicha bayon etishni talab qiladi, yopiq shakldagi anketa savollarining esa javoblari berilgan bo’lib, tekshiriluvchi o’ziga ma’qul bo’lgan, qarashlari, fikrlari bilan mos bo’lgan javobni beradi. Ochiq savollarning kamchiligi respondentlarning har doim ham qo’yilgan vazifaga yetarli darajada mas’uliyat bilan qaramaganligi hamda yozilgan javoblarni statistik ishlov berishdagi qiyinchiliklar bo’lsa, yopiq anketada respondentga tekshiriluvchi tomonidan o’z fikriga ergashtirishga o’xshash holat yoki har doim ham hamma savolning barcha javob variantlarini topib bo’lmaslikdir. Shunday holatlarda respondent yo umuman javob bermasligi yoki tavakkal bir variantni belgilab berishi mumkin.

Shuning uchun ham oxirgi paytda yarim yopiq savollardan iborat anketalar tuzilmoqdaki, ularda javob variantlaridan tashqari, yana qo’shimcha fikr bildirish uchun qo’shimcha qatorlar qoldiriladi.



Odatdagi anketa tuzilishi jihatdan uch qismga bo’linadi (44-rasm):

Kirish qismi yoki “respondenga murojaat” deb ataladi. Bu qismda odatda tadqiqot o’tkazayotgan tashkilot nomi, oddiy tilda tadqiqot maqsadlari va ularning qanday foydasi borligi, tekshiriluvchining shaxsiy ishtiroki nima berishi, olingan ma’lumotlarning umumlashtirilgan holda ishlatilishi (anonimlilik), anketani to’ldirish yo’llari va boshqalar yoziladi. Yo’riqnoma – murojaatning qanchalik yaxshi yozilganligi bevosita tekshiriluvchining ishga bo’lgan munosabatiga bog’liqdir.

Asosiy qism. Bunga savollar kiritiladi, lekin savollar tartibiga ham e’tibor berish kerak, chunki boshidan boshlab qiyin savollar berilsa, bu narsa repondentni cho’chitib qo’yishi, hattoki, to’ldirmasdan, anketani qaytarib berishiga majbur qilishi ham mumkin. Shuning uchun boshida yengil, xolis savollar berib, tekshiriluvchini qiziqtirib olib, keyin qiyinroq, psixologik savollarga o’tish, oxirida yana “neytralroq” savollar berish maqsadga muvofiq.

Yakuniy qism yoki “pasportichka” respondentning shaxsiy sifatidagi obyektiv ma’lumotlarni olishga qaratilgan bo’lib, unda shaxsning jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, kasb-kori va boshqalar so’raladi.

44-rasm. Anketaning tarkibiy tuzilishi
Anketalar tarqatilish uslubiga ko’ra, qo’l bilan tarqatiladigan, pochta orqali yuboriladigan, gazeta yoki jurnallar orqali to’ldiriladigan formalarga bo’linadi.

To’plangan ma’lumotlarga, odatda, statistik qayta ishlov beriladi yoki ular kompyuterlar yordamida analiz qilinadi.


11.9. Asosiy tushuncha va atamalar
Ijtimoiy reprezentasiya; o’zligini anglash; ta’sirga beriluvchanlik; konformizm; nonkorformizm; reaktik qarshilik; ta’sir ko’rsatish madaniyati; shaxs e’tiqodi; guruh; guruhlar psixologiyasi; ijtimoiy fasilitasiya; ignibisiya; tormozlovchi ta’sirlar; xulq normalari; ijtimoiy kutishlar; ijtimoiy norma; ijtimoiy sanksiyalar; ijtimoiy rollar; ijtimoiy ta’sir; “men” – obrazi; refleksiya jarayoni; ijtimoiy ma’lumotlar; muomala; psixologik ta’sir; verbal ta’sir; paralingvistik ta’sir; noverbal ta’sir; ta’sirning tashabbuskori; ta’sirning adresati; ko’ndirish texnikasi.
11.10. Rezyume
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy reprezentasiya va o’zlikni anglash muammosi psixologiya fani oldida turgan muhim muammolardan biri ekan. Aynan shuning oqibatida, ta’sirga beriluvchanlik kishilar o’rtasida konformizm hamda nonkonformizm hodisalarini shakllantiradi. Bu esa o’z navbatida shaxsning e’tiqodiga ta’sirini ko’rsatmasdan qolmaydi. Shaxsga xos xulq normalari ijtimoiy kutishlar va sanksiyalar tufayli yuzaga kelib, bu uning ijtimoiy rollarni bajarish shart-sharoitlarida namoyon bo’ladi. “Men” – obrazi va o’z-o’ziga bahoning yuqoriligi, pastligi esa, shaxs autodialogining eng muhim belgilarini ajratishga yordam beradi. Shaxs dunyoqarashi va e’tiqodini o’zgartiruvchi kuchlar sifatida esa, bugungi kun psixologiya fani dunyoqarash, ma’naviyat va ma’rifat, yoshlarning ma’lumotlilik darajasi, oila, ota-onalar savodxonligi, bobolar va momolar, hamda ijtimoiy ustanovkalar kabi alohida ahamiyatga molik ijtimoiy omillar ketka-ketligini ajratib ko’rsatadi.
11.11. O’z-o’zini nazorat va muhokama qilish uchun savollar


  1. Ijtimoiy reprezentasiya jarayoni qanday masalalarni hal etishga yordam beradi?

  2. O’zi to’g’risidagi tasavvurlar tizimi deganda nimani tushunasiz?

  3. Konformizm hodisasi nima va namoyon bo’lish shakllarini sanang?

  4. Konformozm hodisasining qanday turlari bor?

  5. Fanda nonkonformizm hodisasi deganda nima tushuntiriladi?

  6. Reaktik qarshilik yoki ta’sir ko’rsatish madaniyati nimani anglatadi?

  7. Ijtimoiy fasilitasiya hodisasi doirasida nima yoritiladi?

  8. Guruh bo’lib ishlashning tafakkur uchun ahamiyati qay darajada?

  9. Ijtimoiy norma, ijtimoiy sanksiya va rollar haqida nima bilasiz?

  10. Ijtimoiy ta’sirlar shaxs tomonidan qanday anglaniladi?


11.12. Bibliografiya
Karimov I.A. Yangicha fikrlash va ishlash – davr talabi. T.5. – T.: O’zbekiston, 1997.

Abilov O’. Milliy g’oya: ma’naviy omillar. – T.: Ma’naviyat, 1999.

Gamezo M.V, Domashenko I.A. “Atlas po psixologii”. – M.: 1986.

Godfrua J. Chto takoye psixologiya. T. 1. Gl.5. – M.: 1992

Yenikeyev M.I. Obshaya i sosialnaya psixologiya: Uchebnik dlya vuzov. – M.: Norma, 2005. – 624 s.

Karimova V.M. Psixologiya. O’quv qo’llanma. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, “O’AJBNT” markazi, 2002. – 205 b.

Karimova V.M. Ijtimoiy psixologiya va ijtimoiy amaliyot: Universitetlar va pedagogika institutlari uchun o’quv qo’llanma. – T.: “Universitet”, 1999. – 96 b.

Karimova V.M., Akramova F.A. “Psixologiya”. 1-qism. Ma’ruzalar matni. – Toshkent: TDIU, 2005. – 208 b.

Karimova V.M., Akramova F.A. “Psixologiya”. 2-qism. Ma’ruzalar matni. – Toshkent: TDIU, 2005. – 125 b.

Karimova V.M. Ijtimoiy psixologiya asoslari. – T.: 1994

Klimov Ye.A. Osnovi psixologii: Uchebnik. – M.: 1997

Mayers D. Sosialnaya psixologiya / Perev.s angl. – SPb.: Piter, 1999. – 688 s.

Meliya M. Biznes – eto psixologiya: Psixologicheskiye koordinati jizni sovremennogo delovogo cheloveka / Marina Meliya. – 3-ye izd. dop. – M.: Alpina Biznes Buks, 2005. – 352 s.

Nemov R.S. Psixologiya. Uchebnik dlya studentov vissh. ped. ucheb. zavedeniy: V 3-x t. – M.: Gumanit. izd. sentr VLADOS, 2003. – 576 [640; 608] s.

Obuxova L.F. Vozrastnaya psixologiya: Uchebnik dlya vuzov. – M.: Vissheye obrazovaniye; MGPPU, 2006. – 460 s.

SHyerbakova Yu.V. Spesialnaya psixologiya: Uchebnik. posobiye. – M.: Izdatelstvo RIOR, 2006. – 80 s.

Hayitov O.E., Lutfullayeva N.X. Psixodiagnostika va amaliy psixologiya. Ma’ruzalar matni. – T.: TDIU, 2005. – 338 b.

XII Bob

  1. Download 1.89 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling