Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti


SHAXS GENDER TADQIQOTLAR OBYEKTI


Download 1.89 Mb.
bet17/21
Sana29.03.2020
Hajmi1.89 Mb.
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21

SHAXS GENDER TADQIQOTLAR OBYEKTI...

Bobning qisqacha mazmuni



Ijtimoiy psixologiyada gender muammolari. Gender tushunchasi. Paternalizm tamoyillari. Liderlikning erkaklar va ayol o’rtasida bo’linishi. Jon Uilyams va Debra Bestlarning 14 xil millat vakillari o’rtasida o’tkazgan so’rovlari. Ayollarning emansipasiyasi darajasi. Ayol xulq-atvorining jamiyat miqyosida o’zgarishi. Gender munosabatlari va rollar taqsimoti. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy Markazida o’tkazilgan tadqiqotlar natijalari.

Rahbarlik va gender tafovut. Tobelik va emosional bog’liqlik sifatlari. Rahbarlik va gender tafovutlar xususidagi V.Karimova, G’.Shoumarov, O.Shamiyevalarning qarashlari.

Liderlik va superliderlik. Linda Juellning liderlik masalasiga yondoshuvi. “Superlider” tushunchasi. Oddiy rahbar yoki liderning superliderga aylanish bosqichlari.

Salomatlik – ijtimoiy-psixologik muammo sifatida. Salomatlik psixologiyasi. Depressiya. Depressiv tafakkur. Ijtimoiy-psixologik trening tamoyillari. Ijtimoiy-psixologik trening. Amaliy muloqot treningi. Guruhiy munozaralar va rolli o’yinlar.
14.1. Ijtimoiy psixologiyada gender muammolari
Ijtimoiy psixologiya hayot sirlarini o’zining ilmiy uslublari vositasida ochishda jinslararo munosabatlarga alohida e’tiborni qaratadi. Oxirgi yillarda ushbu hodisalarni tushuntirish uchun gender va gender munosabatlari terminlari ishlatilishi urf bo’ldi.

Gender psixologik nuqtai nazardan shunday tushunchaki, uning yordamida odamlar “erkak va ayol” tushunchalarining mohiyatini yoritadi. Ma’lumki, “jins” tushunchasining o’zi biologik kategoriya bo’lgani uchun ham ijtimoiy psixologiya erkak va ayollar xislatlaridagi tafovutlarning biologik jihatdan bog’liqligini asoslashda bu terminni ishlatadi. Oxirgi yillarda o’tkazilgan qator tadqiqotlar shuni ta’kidlaydiki, ayollar jamiyatdami, oiladami qayerda bo’lmasin, u yoki bu faoliyat turi bilan mashg’ul bo’lganda, shu ijtimoiy muhitga, ya’ni shaxslararo hamda o’ziga nisbatan bo’layotgan insoniy munosabatlarga alohida e’tibor beradi va aynan ularning muvofiqlashtiruvchisi rolini bajaradi. Shu boisdan bo’lsa kerak, oilaviy hayotning ilk bosqichlarida qaysi millatda bo’lmasin, shaxslararo munosabatlarning tig’izligi darajasi kam bo’lgani uchun erkaklar asosan liderlik pozisiyasida bo’lishadi. Bu holatni ayniqsa, bizning o’zbek oilalariga, Sharq mentalitetiga xos deyish mukin. Lekin oilada bolalar soni va ayniqsa, oila kelinlar yoki kuyovlar hamda nevaralar hisobiga ortgan sari ona-ayol o’z pozisiyasini mustahkamlab boraveradi. Ya’ni, keksalik davriga kelib, gender munosabatlardagi tarozi pallasi tenglashadi, hattoki, ko’p hollarda ayollar foydasiga hal bo’ladi. Demak, ayollarning shaxslararo o’zaro munosabatlarni boshqarish, bu tizimda o’z o’rnini topa olish mahoratidan, qobiliyatidan jamiyat o’rinli foydalanishi kerak.

Ayolning oila va jamiyatdagi liderligi masalasi an’anaviy tasavvurlardagi paternalizm tamoyillariga zid bo’lsa-da, kuzatishlar, yoshlar va ayollar o’rtasida o’tkazilgan so’rovlarda bu hodisaga nisbatan yangicha yondashuv shaklanayotganligidan darak bermoqda. Shunisi qiziqki, ayollarning o’zlari oilada liderlikka so’zda da’vo qilmagan holda, amalda aslida aynan shu mavqyega intilmoqdalarki, bu oilaviy munosabatlar tizimida bolalarning bu jarayonni idrok qilishiga ba’zan salbiy, ba’zan ijobiy ta’sirini ko’rsatmoqda. Liderlikning erkaklar va ayol o’rtasida bu tarzda bo’linishi va undan kelib chiqayotgan salbiy ijtimoiy-psixologik oqibatlarning obyektiv hamda subyektiv sabablari bor, albatta.

Gender muammolariga bag’ishlab o’tkazilgan ko’plab tadqiqotlardan shu narsa ma’lum bo’ldiki, oila va jamiyatdagi gender rollarining taqsimoti xalqning madaniyati, ma’naviyati va turmush tarzidan kelib chiqarkan. Masalan, amerikalik olimlar Jon Uilyams va Debra Bestlarning 14 xil millat vakillari o’rtasida o’tkazgan so’rovlari ma’lumotlariga ko’ra, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo (Nigeriya, Pokiston va b.q.) millatlari vakillaridan farqli konservativ Yevropa vakillari o’z madaniy xududlarida inson bajaradigan rollarning ko’pligidan kelib chiqib, ayollarning ham bemalol ijtimoiy foydali mehnatda band bo’lishlari va bunga oilaviy mas’uliyatlar xalaqit bermasligi kerakligini e’tirof etadilar. O’troq xalqlar va aksariyat yerda mehnat qilib, tirikchilik qiladigan millatlarning vakillari (masalan, o’zbeklar va boshqa Markaziy Osiyo xalqlari) erkak ham, ayol ham hamma ishni bilishi, oilada hamda jamiyatda o’rinlari teng bo’lishini yoqlaydilar. Chunki bu xalqlarda er va xotinning bilimlari darajasi, saviyasi deyarli bir xildir. Umuman olganda ma’lumotlilik darajasi erkaklar va ayollarning jamiyatdagi maqomini belgilovchi asosiy omildir. Masalan, Rossiyadagi ayollarning emansipasiyasi darajasi o’rganilganda, u yerda o’qituvchi-ziyolilar va vrachlarning aksariyati ayollar ekanligi aniqlangan. Amerika yoki Janubiy Koreya bu borada ulardan ancha orqadaligi ham fakt hisoblanadi. Agar bizning yurtimizda ham ayollarning deyarli 100% savodliligi, oliy ma’lumotlilarning deyarli teng yarmi xotin-qizlar ekanligi, boshqaruv tizimi, sog’liqni saqlash va madaniyat sohalarida ayollarning ulushi yil sari oshib borayotganligini inobatga olsak, an’anviylikdan chekinib borayotganligimizning sabablarini bilishimiz mumkin.

Ijtimoiy taraqqiyot manfaatlari nuqtai nazaridan olinganda, erkaklar va ayollarning jamiyatdagi gender o’rni masalasi barcha ijtimoiy-siyosiy tuzimlarda ham o’ziga xos ahamiyatga ega muammo sifatida qaralib kelingan. Lekin bevosita xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o’rniga u yoki bu jins vakillari tomonidan berilgan baho turli sharoitlarda o’z ko’rinishini o’zgartirib borayotgan hodisadir. Masalan, 1938 yilda Amerika Qo’shma Shtatlarida Gellap tashkiloti tomonidan o’tkazilgan so’rovlarda har besh kishidan bittasi turmush qurgan, lekin biznes yoki boshqaruv sohasida ishlaydigan ayollarni ma’qullab ovoz bergan bo’lsalar, 1993 yilga kelib bu ko’rsatgich 86%ga yetdi. Shunday bo’lsa-da, hatto, yoshlarning ikkidan uch qismi ideal oila deganda “erkak kishi ishlab pul topib keladigan, ayol esa uyda bola tarbiyalab o’tiradigan” holatni qayd etganlar. Fikrning bunday tarzda o’zgarishining obyektiv sabablari bor. Bu holat birinchidan, ayol xulq-atvorining jamiyat miqyosida o’zgarishi va ikkinchi tomondan, jamiyatning ayol mehnatiga bo’lgan talabi va ehtiyojiga bog’liq. Shu bois ham Amerikaning o’zida 1960 yillardan 1995 yilga bo’lgan davr oralig’ida ijtimoiy mehnatda band ayollar ulushi uchdan bir qismdan uchdan besh qismgacha o’zgardi (30% dan 60%gacha). 1970 yil tahliliga ko’ra, u yerlarda huquqshunoslik, vrachlik va dantistlik kasbini egallayotgan qizlar salmog’i ham yil sayin oshib bormoqda.

Demokratik o’zgarishlar O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarga mansub bo’lgan fuqarolar, jumladan, xotin-qizlar ongi hamda tafakkurida ham ayrim o’zgarishlarni keltirib chiqarmoqda. Bu o’zgarishlar o’z navbatida ularning oila, mahalla va jamiyatdagi mavqyei hamda ijtimoiy-psixologik maqomida, gender munosabatlarida o’z aksini topmoqda.

Gender munosabatlari va rollar taqsimoti tizimida bugungi O’zbekiston yigitlari va qizlarining o’rni tahlil qilinadigan bo’lsa, shuni alohida ta’kidlash lozimki, gender rollari to’lig’icha madaniy muhitga bog’liqligi va bu rol ular ma’lumotliligi darajasiga mos ravishda o’zgarayotganligini kuzatish mumkin. Lekin ijtimoiy fikr so’rovlarida o’zbek ayollarining gender munosabatlarida to’laligicha erkaklar bilan tengliklari e’tirof etilsa-da, asli ko’pchilik ongida ayol baribir o’sha o’zining an’anaviy rollari doirasida tasavvur qilinadi. Bu holatning ham ijobiy, ham salbiy jihatlari mavjud. Masalan, psixolog olimlarning olib borgan eksperimental kuzatishlarda shu narsa aniqlanganki, gender munosabatlarining xarakteri, erkaklik yoki ayollik vazifalarining qanchalik adekvat tasavvur qilinishi, eng avvalo, oila muhitiga, undagi erkak va xotin, ota va onaning o’z rollarini qanday bajarishlari hamda farzand tarbiyasidagi ulushlari salmog’iga bog’liqdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, gender munosabatlarining to’g’ri bo’lishi ilk yoshlikdan, ya’ni amalda ota-onaning qiz yoki o’g’il bolaga nisbatan tutgan mavqyelariga bevosita bog’liqdir. Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, oilada, ayniqsa, o’zbek oilasida o’g’il bolaga e’tibor va unga g’amxo’rlik kuchliroq ekan. O’rtacha xarid qilib olib beriladigan o’yinchoqlarning soni o’rganilganda, o’g’il bolaga o’nta o’yinchoq olinsa, qiz bolaga taxminan oltita olinarkan, qolaversa, o’yinchoqlarning saqlanish muddatlari ham har xil ekan, qiz bolaga olingan o’yinchoqlar ko’proq muddatga xizmat qilsa, o’g’il bolaniki 1-2 haftadan oshmas ekan. Bu holat:


  • birinchidan, turli jins vakillari psixologiyasidagi tafovutlarni keltirib chiqarsa;

  • ikkinchidan, ularning maishiy muammolarga qarashlaridagi farqlarni ham taqozo etadi;

  • uchinchidan, ular aqliy salohiyati oshishidagi ma’lum o’zgarishlarni keltirib chiqaradi. Aynan shu sabab, o’g’il boladagi konstruktorlik va kashfiyotchilik sifatlarini rivojlantirsa, qizlardagi buyumlarga munosabat unda kelajakda tadbirkorlik, saronjom-sarishtalik, tejamkorlik kabi qator yaxshi sifatlarni tarbiyalar ekan.

Respublika “Oila” ilmiy-amaliy Markazida o’tkazilgan tadqiqotlardan shu narsa ma’lum bo’ldiki, gender sifatlariga oilaning to’liq yoki noto’liqligi, muammoli yoki totuvligi ham bevosita ta’sirini ko’rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko’rsatmoqdaki, muammoli, ajralishgan, noto’liq oilalardagi ayol-onaning farzandlari nigohidagi obrazi ijobiy va ko’p holatlarda obro’li bo’lib, yolg’iz ona tarbiyalaydigan o’g’il bolada ko’p hollarda androgin yoki aralash sifatlar, yoki feminin sifatlar namoyon bo’lishi ehtimoli ortiq ekan. O’g’il bollaar orasida o’sgan, otaning absolyut avtoriteti bo’lgan oilada qizlarda esa maskulin sifatlar androgin sifatlar bilan uyg’unlashib, ularda ham ayollik fazilatlari bo’lmaganligidan, oila qurganda, yangi xonadonga kelin bo’lib tushganda, qator muammolarga duch kelarkan. Demak, boladagi maskulin yoki feminin sifatlarning to’g’ri tarbiyalanishida oiladagi kattalarning roli, ularning avtoriteti yetakchi rol o’ynaydi. Bu holat yosh oilada liderlik maqomining taqsimotida ham o’z ta’sirini ko’rsatib, ayrim holatlarda oilaviy nizolarga sabab bo’lmoqda.

Nihoyat, yoshlar ongida gender tasavvurlarning aniq bo’lishi jamiyatning ijtimoiy kutishlari va o’zgalarning alohida jins vakili – ayol yoki erkak shaxsi va salohiyatidan kutayotgan jihatlari, u yoki bu hayotiy vaziyatlarda namoyon qila oladigan shaxsiy fazilatlari bilan bog’lab izohlash mumkin. Zero, mamlakatimizda buyuk o’zgarishlar ro’y berayotgan bir vaqtda, oila, onalik va bolalaik masalalari davlatning doimiy e’tiborida bo’lib turgan sharoitda biz onadan-ayoldan ko’p narsalar kutyapmiz. Chunki aynan ona–ayol qizmi, o’g’ilmi unda eng avvalo boshdan insoniylik urug’larini qalbiga sochuvchi, haqiqiy iffat, madaniyat, or-nomus, insof va diyonatni tarbiyalovchi shaxsdir. Bu jarayonda uning o’zining shaxsiy fazilatlari yetakchi rol o’ynaydi. Lekin aslida hayotda real imkoniyatlar – obyektiv hamda subyektiv imkoniyatlarga ko’pincha zid bo’lmoqda. Ikkinchidan, ayolning ayollik va onalik fazilatlari masalasida kamchiliklar va yo’l qo’yilgan xatolar bor. Bugun feminizasiya va maskulinizasiya jarayonlarini to’la ilmiy jihatdan o’rganish o’ta dolzarb masala ekanligidan darak bermoqda.



            1. 14.2. Rahbarlik va gender tafovut

An’anaviy yondoshuvga ko’ra, rahbarlik yoki liderlik masalasi erkaklar amalga oshiradigan mas’uliyat sifatida qaraladi. Lekin eramizdan avvalgi IV asrda yashagan faylasufning shunday bir gapi bor: “Biz ayollarga pullarimizni, uy-ro’zg’orimizni, farzandlarimizni ishonib topshiramiz. Nima uchun ularga davlat boshqaruvini ishonmasligimiz kerak?” Bu gapning tagida bir ma’no borki, ayollar oiladan tashqari yumushlarni bajarishda ham o’zlaridagi qator ijobiy sifatlarini namoyon etadilarki, bu narsa ayniqsa, XX asrga kelib ko’plab ilmiy izlanishlarning predmetiga aylandi.

O’tkazilgan qator tadqiqotlarda gender tafovutlarining liderlikni samarali tashkil etishdagi o’ziga xosligi nima ekanligiga e’tibor qaratildi va bunda asosan ayollar va ularning shaxsiy sifatlari diqqat markazi bo’ldi.

Ayollarning rahbarlik mavqyelari nuqtai nazardan tahlil qilinganda, ba’zi murakkabliklar kelib chiqadiki, buni o’sha ayolning rahbarlik faoliyatini uddalashi uchun o’zini qay darajada erkin tutishiga juda bog’liq. Ya’ni, rahbarlik kursisidagi ko’pgina ayollar o’zlarini tutishlari, ish yuritishlari, hattoki, odamlarga munosabatlarda erkaklarga o’xshab ketadilar. Umuman, olganda, erkaklar va ayollar o’rtasida o’xshashliklar ham, tafovutlar ham mavjud, lekin tafovutlar hammaning diqqatini ko’proq tortadi. Har bir alohida olingan erkak yoki ayolning shaxs sifatidagi individual farqlaridagi tafovut gender rollaridagi tafovutlardan ortiqroq bo’lsa-da, eng muhim sifatlar nuqtai nazaridan – ya’ni tobelik va emosional bog’liqlik sifatlarida tub farqlar bo’lgani uchun ham ijtimoiy-psixologik farqlar kattaday tuyuladi.

Xususan, O’zbekistonda o’tkazilgan ko’plab tadqiqotlar (V.Karimova, G’.Shoumarov, O.Shamiyeva va b.q.) o’rta bo’g’in rahbar ayolari faoliyatining o’ziga xos jihatlari borligini isbotladi. Masalan, bu o’ziga xosliklar quyidagilar:


  • ayol rahbar o’z ish-faoliyatida bevosita rahbarlardan tashqari, o’z xodimlarining fikrlarini ham inobatga olib ishlaydi;

  • bunday rahbar eng avvalo o’zi boshqarayotgan jamoadagi insonlar o’rtasidagi shaxslaraor munosabatlarga ko’proq e’tibor beradi;

  • ayol rahbar qarorlar qabul qilishda ham kamida 2-3 kishining ma’qullashiga erishib, so’ngra oxirgi qarorga keladi;

  • ayol-rahbar ish manfaatlari bilan oila manfaatlarini deyarli bir darajada ahamiyatli deb qaraydi;

  • uning xodimlarga beradigan ko’rsatmalari ko’proq konstruktiv bo’lib, tashabbus ko’rsatuvchi xodimlar bilan kompromisslarga borib ishlaydi;

  • ayol-rahbar o’z xodimlarining shaxsiy hayotlari hamda oilaviy sharoitlari bilan vaqti-vaqti bilan qiziqib turadi va hokazo.

Maxsus tadqiqotlar orqali ayrim katta yuqori lavozimlarda ishlaydigan ayollar sifatlari ham o’rganilgan. To’g’ri, aynan katta siyosat bilan shug’ulanuvchi ayollar soni erkaklarga nisbatan ancha kam bo’lsa-da, davlat rahbarligi, oliy majlis, senatlar, kongresslarda faolyait ko’rsatayotganlar ayollar shaxsiy sifatlari shkalasida sof ayollik sifatlaridan tashqari, erkaklarga xos bo’lgan tavakkalchilik, shijoat, matonat, sabr-bardosh, faollik, intiluvchanlik, yuqori madaniyat, fikrlashning analitik qobiliyati kabi qator erkaklik sifatlarini o’zida mujassam etgan ayollarning siyosiy-ijtimoiy va tarixiy rollari muhim ekanligi isbotlandi. Ya’ni, ayol kishi rahbarlik lavozimida yuqoriga ko’tarilgan sari, o’zida erkaklarga o’xshash sifatlarni ko’proq namoyon etishga moyil, oila manfaatlarini ham sekin-asta jamiyatnikidan keyingi o’rinlarga qo’yadigan bo’lib boradi.

Masalaning muhim jihati shundaki, aynan katta lavozimlardagi ayollarning noan’anaviy sifatlari xarizmtikmi yoki rahbarlik pillapoyalaridan ko’tarilgan sari orttiriladigan sifatlar ekanligini empirik materialda o’rganish lozim. Vaholangki, jamiyatning teng yarmini tashkil etadigan xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi o’rni va salohiyatidan oqilona va o’rinli, oila manfaatiga ziyon yetkazmagan holda foydalanish psixologik jihatdan oqlangandir.



            1. 14.3. Liderlik va superliderlik

Amerikalik tadqiqotchi Linda Juell o’zining “Industrialno-organizasionnaya psixologiya” (2001 yil) kitobida ijtimoiy-psixologik hodisalardan muhimi bo’lmish liderlik masalasiga o’zining o’ziga xos yondoshuvini bayon etgan. U bu muammoni aynan bizning sharoitimizdagi talqini, ya’ni mardlik va jasorat ko’rsatish uchun ochiq maydonlar yo’q bo’lgan sharoitda liderlik xislatlarining namoyon bo’lish xususiyatlarini ochishga urinadi. Uning fikricha, zamonaviy ishlab chiqarishning samaradorligi eng avvalo xodimlar rolini oshirib, liderlarnikini aksincha, pastlashtirish, yoki aniqrog’i, kamaytirish hisobiga ro’y beradi. Shundagina rahbarlikda ortiqcha bo’g’inlarni kamaytirish mumkin. Liderning, ya’ni amerikaliklar rahbarni lider fenomeni doirasida tasavvur qilishadi, vazifasi – guruhning samarali faoliyat ko’rsatish yo’llarini belgilab berishdir.

Bu kitobda ijtimoiy-psixologik nuqtai nazardan ahamiyatli bo’lgan tushunchadan biri bu – superlider tushunchasidir. Superlider kim va qachon oddiy lider superga aylanadi? Amerikalik tadqiqotchilar Mans va Simslarning fikricha, eng yaxshi lider – bu “superlider”dir. Bu shunday shaxski, u o’z xodimlarining aksariyatini liderlarga, birinchi navbatda o’zlari uchun liderlarga aylantira oladi. Bundagi asosiy g’oya shundan iboratki, agar odam eng avvalo o’zi uchun lider bo’la olsa, o’zidagi bu malaka yoki mahoratni boshqalarga yetkaza olsagina, bu odam uchun shunday vaqt-soat yetib keladiki, jamoa o’zi mustaqil ishlaydigan, bevosita tepasida turib boshqarib turadigan insonga muhtoj bo’lmagan mexanizmga aylanadi. Bu – superliderlikdir 48-rasm.

Demak, samarali boshqaruv – aslida ijtimoiy ta’sirni amalga oshirishning eng namoyishkorona ko’rinishidir. Shu ma’noda, liderlik – avval shaxsning o’ziga, so’ngra o’zgalarga bera oladigan ta’sirida ko’rinadigan fazilatlar majmuidir, deb ta’riflanadi.




ЛИДЕРЛИК


52-rasm. Oddiy rahbar yoki liderning superliderga aylanish bosqichlari

14.4. Salomatlik – ijtimoiy-psixologik muammo sifatida
Oxirgi yillarda ijtimoiy psixologlar bilan odamlarning salomatliklarini muhofaza qiluvchilar va tibbiyot xodimlari o’rtasidagi o’zaro aloqalar rivoj topib bormoqda. “Salomatlik psixologiyasi” deb nomlanuvchi bo’lim paydo bo’ldiki, u o’z boshidan turli tangliklarni kechirgan, yolg’iz va serxavotir odamlarning ruhiy holatlari, kutishlari va munosabatlarini o’rganmoqda. Masalan, olimlarning tekshirishlariga ko’ra, o’zida depressiya – tanglik holatini boshidan kechirayotgan odamning o’zi haqidagi fikrlari salbiy bo’larkan. Normal odamlarga qaraganda, ular o’zlarini yomon baholashib, bo’lib o’tgan voqyea va hodisalar orasida ham faqat yomonlarini eslab, kelajakka ishonchsizlik bilan qarashadi. Bu toifa kishilalar fikrlashlari odatda depressiv tafakkur deb ataladi. Shunga o’xshash holatlar yolg’iz qolgan odamlar va turli vaziyatlar oqibatida stress holatiga tushib qolganlarga ham xos sanaladi. Psixologiya bu borada ularga ijtimoiy muhitga aralashish, kutishlar tizimini o’zgartirish va o’ziga munosabatni ijobiylashtirish uchun treninglardan o’tishni tavsiya etadi. Bunda asosan uch tamoyilga bo’ysunish kerak bo’ladi (53-rasm).


53-rasm. Ijtimoiy-psixologik trening tamoyillari
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib shuni qat’iy ta’kidlash mumkinki, tibbiyot xodimi yoki shifokor albatta psixologiyani yaxshi bilishi, ayniqsa, uning tarmog’i bo’lgan ijtimoiy psixologiya asoslarini bilishi zarur. Bu narsa nafaqat kasalliklarning kelib chiqishi, negizi psixogen omillar ta’sirida bo’lishidan, balki shifokor va kasal odamlarning ham biri o’ziga xos shaxslar bo’lib, ular o’rtasidagi bir-birini idrok qilish, tushunish va ta’sir ko’rsatishlari turli sharoitlarda turlicha kechishi bilan izohlanadi. Hayotiy kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, malakali shifokorning bir bemor bilan amalga oshirgan muvaffaqiyatli muolajasi, muloqoti tajribasi, boshqa sharoitda boshqa bemorlar bilan samara bermasligi va bu narsa insonning yosh, jins, professional xususiyatlaridan ham kelib chiqadi. Shuning uchun ham oxirgi yillarda masalaning aynan shu psixologik jihatlariga – muomaladagi etika, estetika va xalq mentaliteti xususiyatlari, qadriyatlarga ko’proq e’tibor berilmoqda. Zero, ayniqsa, asab buzilishlaridan kelib chiqadigan har qanday kasallik, masalan, nevrozlar inson qalbi va uning ruhiy dunyosidagi qarama-qarshiliklar va muammolardan kelib chiqadi.

Shuning uchun ham salomatlik psixologiyasi bevosita hayotga bog’liq bo’lgan konkret yo’nalish sifatida O’zbekistonda ham o’z rivojini topadi, deb o’ylaymiz.


Ijtimoiy-psixologik trening
Agar muloqotda ishtirok etuvchi ikki jarayon – gapirish va tinglashning faol o’zaro ta’sir uchun teng ahamiyatini nazarda tutsak, bu jarayon qatnashchilarining psixologik savodxonligi va muloqot texnikasini egallashining ahamiyatini anglash qiyin bo’lmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy psixologiyada odamlarni samarali muloqotga ataylab o’rgatishga juda katta e’tibor beriladi. Bu boradagi fanning o’z uslubi bo’lib, uning nomi ijtimoiy-psixologik trening (IPT) deb ataladi. IPT – muloqot jarayoniga odamlarni psixologik jihatdan hozirlash, ularda zarur kommunikativ malakalarni maxsus dasturlar doirasida qisqa fursatda shakllantirishdir. Eng muhimi IPT mobaynida odamlarning muloqot borasidagi bilimdonligi ortadi.

Amaliy muloqot treningi – IPTning bir ko’rinishi bo’lib, u yoki bu professional faoliyatni amalga oshirish jarayonida zarur bo’ladigan kommunikativ malaka, ko’nikma va bilimlarni hosil qilishga qaratilgan tadbirdir. Guruh va jamoalarda muloqot treningi vositasida muzokaralar olib borish, ish yuzasidan hamkorlik qilish yo’l-yo’riqlarini birgalikda topish, katta auditoriya oldida so’zlashga o’rgatish, majlislar o’tkazish, janjalli, konfliktli holatlarda o’zini to’g’ri tutish malakalari hosil qilinadi. Bundagi asosiy narsa – trening qatnashchilari ongiga birovlarni tushunish, o’zini o’zga o’rniga qo’ya olish, boshqalar manfaatlari bilan o’zinikini uyg’unlashtira olish g’oyasini singdirishdir. Treninglar mobaynida guruhiy munozaralar, rolli o’yinlarning eng optimal variantlari sinab, mashq qilinadi.

Odatda ijtimoiy trening shaxsdagi u yoki bu ijtimoiy muammolarni xal qilishda jiddiy qiyinchilikka uchragan sharoitlarda o’tkaziladi. Ya’ni, treningning tashabbuskori ko’p hollarda yolg’izlik, uyatchanlik, tortinchoqlik yoki turli deperessiyalar tufayli qiynalib qolgan shaxs bo’ladi. Maxsus tashkil etilgan kommunikativ mashqlar mobaynida u bu holatlardan chiqib ketish yo’llariga o’rgatiladi.

Masalan, psixologlar tomonidan tashkil etilgan psixologik yordam shahobchalari, “Krizis Markazlari”, “Ishonch tayanch maskanlarida” bunday shaxslardan iborat guruh bilan maxsus dasturlar yordamida psixolog yoki ijtimoiy xodim ishlaydi. Guruhda tashkil etilgan muloqot muhitida odam o’zidagi ishonchsizlik, tortinchoqlik kabi salbiy sifatlardan xalos bo’lish imkoniyati bo’ladi va u o’zini avvalgiga nisbatan ijobiyroq idrok qila boshlaydi.

Yoshlarning trening mashg’ulotlariga kelishiga sabab bo’ladigan omillardan eng ko’p tarqalgani – bu ulardagi qarama-qarshi jins vakillari bilan gaplashishda tortinchoqliklari, professor o’kituvchiga o’z fikrini bayon etishga qiynalishlari yoki omma (ko’pchilik) oldida gapirishda o’zini yo’qotib qo’yish kabi holatlardan chiqishdir. Bunday sharoitlarda o’sha o’quv maskani yoki tashkilot qoshida agar psixologik xizmat tashkil etilgan bo’lsa, psixologlar ular uchun maxsus mashg’ulotlar uyushtirib, har birining individual muammolari xarakteridan kelib chiqqan holda zarur ijtimoiy ko’nikmalar hosil qilishga muyassar bo’ladilar. Ijtimoiy-psixologik trening g’arbda juda keng tarqalgan amaliy ishlardan hisoblanadi. O’zbekistonda tayyorlanayotgan amaliyotchi psixologlar ham xalqimizga ushbu yo’nalishda ham madadkor bo’ladilar va tashkilot hamda muassasalar bunday xizmatlarga ishonch bildirib, ularning faoliyat ko’rsatishlari uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratadilar degan umiddamiz.


14.5 Asosiy tushuncha va atamalar
Gender muammolari; gender tushunchasi; paternalizm tamoyillari; ayollarning emansipasiyasi darajasi; ayol xulq-atvori; gender munosabatlar; rollar taqsimoti; rahbarlik va gender tafovut; tobelik va emosional bog’liqlik; liderlik; superliderlik; salomatlik psixologiyasi; depressiya; depressiv tafakkur; ijtimoiy-psixologik trening; amaliy muloqot treningi; guruhiy munozaralar; rolli o’yinlar.
14.6. Rezyume
Ijtimoiy-psixologik tadqiqotlarning ko’pchiligi yoki korrelyasion, ya’ni qiyosiy, yoki eksperemental tadqiqotlar jumlasiga kiradi. Korrelyasion izlanishlar odatda sistematik so’rovlar asosida o’tkazilib, bunda o’zgaruvchan parametrlar o’rtasidagi bog’liqliklar o’rganiladi, masalan, ma’lumotlilik bilan daromad o’rtasida, erkaklar fikri bilan ayollarniki (gender tadqiqotlarda) va hokazo

Ijtimoiy-psixologik eksperimentlarda esa sabab va oqibat o’rganiladi, masalan, borliq qanday bo’lsa, shundayligicha o’rganiladi, eksperiment davomida o’sha elementlardan bittasi o’zgartiriladi, va bu o’zgarish nima oqibatga olib kelishi qayd etiladi. Ijtimoiy-psixologik eksperimentlar odamlar guruhida o’tkazilgani va bevosita ularning his-kechinmalariga ta’sir ko’rsatgani uchun ham “Qosh qo’yaman deb, ko’zga zarar yetkazib qo’ymaslik” tamoyiliga rioya qilinadi.


14.7. O’z-o’zini nazorat va muhokama qilish uchun savollar


  1. Gender tushunchasi deganda nimani tushunasiz?

  2. Liderlikning erkaklar va ayol o’rtasida bo’linishini qanday baholaysiz?

  3. Ayol xulq-atvorining jamiyat miqyosida o’zgarishi qanday omillar bilan o’lchanadi?

  4. Fanda gender munosabatlari va rollar taqsimoti masalasi qanday yoritilgan?

  5. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy Markazi xodimlari tomonidan qanday gender tadqiqotlar o’tkazilgan?

  6. Rahbarlik va gender va ular o’rtasidagi tafovutni qanday izohlaysiz?

  7. Liderlik va superliderlik tushunchalari bir-biridan nimasi bilan farqlanadi?

  8. Oddiy rahbar yoki liderning superliderga aylanishining qanday bosqichlari mavjud?

  9. Depressiv tafakkur nima?

  10. Ijtimoiy-psixologik trening qanday qilib o’tkaziladi va undan ko’zlangan maqsad?


14.8. Bibliografiya
Avtonomova S.A. Sovremennoye predprinimatelstvo v Rossii: genderniy aspekt: Avtoref. dis. ... kand. sosiol. nauk / Yujno-Ros. gos. texn. un-t. – Novocherkassk: 1999. – 23 s.

Alan V. Biznes-plan: Uchebnik. – prakt. posobiye / per. s angl. Almazovoy N.I., Bulinoy I.Yu. – 3-ye izd. – M.: Izd-vo Prospekt, 2005. – 232 s.

Babayeva L.V. Jenshini Rossii v usloviyax sosialnogo pereloma: rabota, politika, povsednevnaya jizn. – M.: 1996. – 204 s.

Baskakova M.Ye. Ravniye vozmojnosti i genderniye stereotipi na rinke truda. – M.: 1998.

Gallaxer M., Oyler M. fon. Neokonchennaya povest: Jenshini v sredstvax massovoy informasii. Genderniy analiz trudovix resursov: Per. – M.: YuNESKO, 1997. – 121 s.

Kalabixina I. Sosialniy pol: ekonomicheskoye i demograficheskoye povedeniye. – M.: 1998.

Karimova V.M. Psixologiya. O’quv qo’llanma. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, “O’AJBNT” markazi, 2002. – 205 b.

Kvinn V. Prikladnaya psixologiya. – SPb: Izdatelstvo “Piter”, 2000. – 560 s.

Kondakova N. Jenshini v sfere upravleniya //Jenshina i svoboda: puti vibora v mire tradisiy i peremen. – M.: 1994.

Korel L.V. Biznes-ledi: Noviye vozmojnosti ili noviye ogranicheniya // EKO. 1998. N 7. – S.124-135.

LIDERSTOVO. Psixologicheskiye problemi v biznese. – Dubna: Izdatelskiy sentr “Feniks”, 1997 – 176 s.

Lokshina E.X., Chasova T.D. Sosialno-ekonomicheskiye problemi predprinimatelstva: adaptasiya jenshin, organizasionnoye obespecheniye / SPb. un-t ekonomiki i finansov. Lab. sosial.-ekon. probl. predprinimatelstva. – SPb.: SPbUEF, 1994. – 81 s.

Mayers D. Sosialnaya psixologiya / Perev.s angl. – SPb.: Piter, 1999. – 688 s.

Markxam U. Kogda jenshina na predele: o polze i vrede stressa. M.: 1998. – S. 75.

Meliya M. Biznes – eto psixologiya: Psixologicheskiye koordinati jizni sovremennogo delovogo cheloveka / Marina Meliya. – 3-ye izd. dop. – M.: Alpina Biznes Buks, 2005. – 352 s.

Moor S.M. Jenshina na poroge XXI veka: genderniye issledovaniya sosialno-ekonomicheskix problem. – Tyumen: 1999. – 243 s.

Ramendik D.M. Upravlencheskaya psixologiya: Uchebnik. – M.: FORUM: INFRA-M, 2006. – 256 s.

Semenov A.K., Maslova Ye.L. Psixologiya i etika menedjmenta i biznesa: Uchebnoye posobiye. – 4-ye izd., ispr. i dop. – M.: Izdatelsko-torgovaya korporasiya “Dashkov i K˚”, 2006.

Strekalova N.D. Delovaya jenshina v sovremennom biznese. – SPb.: SPbGUEiF, 1999. – 199 s.

Xodireva N.V. Genderniye aspekti menedjmenta // Psixologiya menedjmenta. Uchebnik. Pod red. G.S. Nikiforova, S.I. Maklashova. – SPb.: Izd-vo S.Peterburgskogo un-ta, 2000. – S. 351-388.

Chirikova A.Ye., Krichevskaya O.N. Sosialno-psixologicheskiye problemi stanovleniya jenskogo predprinimatelstva / In-t psixologii RAN. – M.: 1996. – 94 s.

Hayitov O.E. Psixologik iqtisod: O’quv qo’llanma / Professor V.M.Karimova tahriri ostida. – T.: TDIU, 2006. – 130 b.

V qism



  1. Download 1.89 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling