Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti


Psixologiya fanining metodlari


Download 1.89 Mb.
bet3/21
Sana29.03.2020
Hajmi1.89 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21

1.5. Psixologiya fanining metodlari

Aniq izlanish predmetiga ega bo’lgan har qanday fan o’sha predmetining mohiyatini yoritish va materiallar to’plash uchun maxsus usullar va vositalardan foydalanadi va ular fanning metodlari deb yuritiladi. Fanning salohiyati va obro’si ham birinchi navbatda o’sha metodlar yordamida to’plangan ma’lumotlarning ishonchliligi va validliligiga bog’liq bo’ladi. Bu fikrlar bevosita psixologiyaga ham aloqador bo’lib, metodlar masalasi bu fanda juda katta ahamiyatga molik masala sifatida qaraladi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, psixik hodisalarni bevosita qo’l bilan ushlab, ko’z bilan ilg’ab, quloq bilan sezish qiyin. Lekin juda ko’plab fanlar bilan faol hamkorlik shunga olib kelganki, psixologiyaning har bir





3-rasm. Psixologiya fanining asosiy metodlari

tarmog’i o’z vazifalarini yechish va ma’lumotlarga ega bo’lish uchun ko’plab metodlarni sinovlardan o’tkazib, eng ishonchli va mukammallarini saqlab qolgan.

Matematik statistika va ehtimollar nazariyasining psixologiya sohasida qo’llanilishi va unda erishilgan muvaffaqiyatlar avvalo har bir metodning ishonchlilik darajasini aniqlash, qolaversa, to’plangan ma’lumotlarning qay darajada asosli va valid ekanligini isbotlashga yordam beradi.

3-rasmda5 asosiy psixologik metodlar va ularni qo’llash shakllari keltirilgan. Ushbu metodlar yordamida tadqiqotchi yoki qiziqqan shaxs u yoki bu psixik jarayon, xolat yoki shaxs xususiyatlari to’g’risida birlamchi ma’lumotlar to’playdi, to’plangan ma’lumot yana tahlil qilinadi va maxsus tarzda ishlatilishi mumkin.




                  1. Kuzatish metodi

Bu usul eng tabiiy va hayotiy metodlar jumlasiga kiradi. Chunki biz hayotda o’rgangan ko’p odatlarimiz, harakatlarimizning asosida o’zining bilim-bilmay kuzatgan, xotiramizda shu tarzda olib qolgan ma’lumotlarimiz yotadi. Ilmiy nuqtai nazardan esa kuzatuvning turlari va bosqichlari farqlanadi.



Tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq-atvorini bevosita tashqaridan turib, kuzatish orqali ma’lumotlar to’plash usulidir. Usulning o’ziga xosligi shundaki, tadqiqotchi kuzatiluvchining faoliyatiga aralashmagan va unga xalaqit bermagan tarzda, uning tashqi xulq-atvori, nutqi, o’zgalarga munosabatini “zimdan kuzatib”, qayd qilib boradi. Kuzatishning ikki asosiy turi bo’lib, tashqi-obyektiv kuzatish va ichki – o’z-o’zini kuzatish farqlanadi. O’z-o’zini kuzatish birovlarni tashqaridan kuzatishdan farqli, odamning o’zida kechayotgan biror o’zgarish yoki hodisani shaxsan o’rganishi maqsadida ma’lumotlar to’plash va qayd etish usulidir.

Erkin kuzatuv ko’pincha biror ijtimoiy hodisa yoki jarayonni o’rganish maqsad qilib qo’yilganda qo’llaniladi. Masalan, bayram arafasida aholining kayfiyatini bilish maqsadida kuzatuv tashkil qilinsa, oldindan maxsus reja yoki dastur bo’lmaydi, kuzatuv obyekti ham qat’iy bo’lishi shart emas. Yoki dars jarayonida bolalarning u yoki bu mavzu yuzasidan umumiy munosabatlarini bilish uchun ham ba’zan erkin kuzatish tashkil etilishi mumkin. Standartlashtirilgan kuzatuv esa, buning aksi bo’lib, nimani, qachon, kim va kimni kuzatish qat’iy belgilab olinadi va maxsus dastur doirasidan chiqmasdan, kuzatuv olib boriladi.

Ijtimoiy hamda pedagogik psixologiyada guruhiy jarayonlarning shaxs xulq-atvoriga ta’sirini o’rganish maqsadida bevosita ichkaridan kuzatuv tashkil qilinadi, bunda kuzatuvchi shaxs o’sha guruh yoki oila hayotiga tabiiy ravishda qo’shiladi va zimdan kuzatish ishlarini olib boradi. Bu bir qarashda kontrrazvedkachilarning faoliyatini ham eslatadi. Shu yo’l bilan olingan ma’lumotlar bir tomondan tabiiyligi va mufassalligi bilan qimmatli bo’lsa, ikkinchi tomondan, agar kuzatuvchida konformizm xislati kuchli bo’lsa, o’zi ham guruh hayotiga juda kirishib ketib, undagi ayrim hodisalarni subyektiv ravishda qayd etadigan bo’lib qolishi ham mumkin. Guruhiy fenomenlarni tashqaridan kuzatish buning aksi – ya’ni kuzatuvchi guruhga yoki kuzatilayotgan jarayonga nisbatan chetda bo’ladi va faqat bevosita ko’zi bilan ko’rgan va eshitganlari asosida xulosalar chiqaradi.

Umuman, kuzatish metodining ijtimoiy hayot, professional ko’rsatgichlarni qayd qilishda so’zsiz afzalliklari bor, lekin shu bilan birga kuzatuvchining professional mahorati, kuzatuvchanligi, sabr-qanoatiga bog’liq bo’lgan jihatlar, yana to’plangan ma’lumotlarni subyektiv ravishda tahlil qilish xavfi bo’lgani uchun ham biroz noqulayliklari ham bor, shuning uchun ham u boshqa metodlar bilan birgalikda ishlatiladi. Umuman kuzatish vositasida ma’lumotlar to’plashga qaror qilgan kimsa har doim ham aniq kuzatuv obyektini ajratib olishi, undan nimalarni kutayotganligini tasavvur qilishi, kuzatuv daftarini tutib, kuzatilayotgan odam yoki guruhning faoliyatini ma’lum muddat davomida bosqichma-bosqich izchil tarzda qayd qilib borishi, izlanishlari nihoyasida esa barcha tuplangan ma’lumotlarni psixologik jiatdan tahlil qila olishi kerak.


                  1. So’rov metodi

Odamlarni so’roq qilish, u yoki bu bilmagan yoki qiziqtirgan narsalarni so’rab o’rganish insonga xos xislat. Ko’cha-kuyda ketayotganimizda ham vaqtni yoki ko’chalar nomini so’rovchilar bo’ladi. Katta tadbirlar arafasida, mustaqillik, “Navro’z” bayramlari arafasida odamlar kayfiyatlarini bilish uchun ham oddiy odatiy so’roqlar o’tkazilishi rasm bo’lgan. Lekin bu hayotiy usul psixologiyada ham fikr-o’ylarni o’rganish orqali qimmatli ilmiy ma’lumotlar to’plash vositasi sifatida qadrlanadi. Shuning uchun so’roq metodlari psixologiyaning barcha tarmoqlarida birlamchi ma’lumotlar to’plashning an’anaviy usullaridan hisoblanadi. Unda tekshiriluvchi tekshiruvchi tomonidan qo’yilgan qator savollarga muxtasar javob qaytarishi kerak bo’ladi.



Og’zaki so’roqni yoki ba’zan uni oddiygina qilib, suhbat metodi deb ataladi, o’tkazadigan shaxs unga ma’lum darajada tayyorgarlik ko’rgach so’roq o’tkazadi. Agar mabodo uning professional mahorati yoki tajribasi bunga yetarli bo’lmasa, so’rov o’z natijalarini bermasligi mumkin. Lekin mahoratli so’rovchi ushbu metod yordamida inson ruhiy kechinmalariga aloqador bo’lgan noyob ma’lumotlarni to’plash imkoniga ega bo’ladi.

Yozma so’roq yoki anketaning afzalligi shundaki, uning yordamida bir vaqtning o’zida ko’pgina odamlar fikrini o’rganish mumkin bo’ladi. Unga kiritilgan savollar, ulardan kutiladigan javoblar (yopiq anketa), yoki erkin o’z fikrini bayon etish imkoniyatini beruvchi (ochiq anketa) so’rovnomalar aniq va ravon tilda javob beruvchilar tushunish darajasiga monand tuzilgan bo’lsa, shubxasiz, qimmatli birlamchi materiallar to’planadi.

So’roqning ham erkin va standartlashtirilgan shakllari mavjud bo’lib, birinchisida oldindan nimalar so’ralishi qat’iy belgilab olinmaydi, ikkinchi shaklida esa, xattoki, komp’yuterda dasturi ishlab chiqilib, minglab odamlarda bir xil talablar doirasida so’roq o’tkazilishi nazarda tutiladi. So’rovlar o’tkazilishida hal qilinishi lozim bo’lgan eng muhim masalalardan biri so’raluvchilarni tanlashdir. Chunki agar saylovoldi kompaniyalarida yoki talaba-yoshlarning o’z ijtimoiy harakatini tuzish borasidagi fikrlari o’rganilganda, tabiiy bir muammo paydo bo’ladi : necha kishini va qayerlardan so’rash lozim, degan. Tanlov obyektini tanlashda uning tarkibiga kiruvchilarning u yoki bu ijtimoiy qatlamga mansubligi muim rol o’ynaydi. Masalan, talaba yoshlarning fikrini o’rganish uchun barcha talabalar fikrini mutloq o’rganish shart emas. Tanlov agar 10% deb belgilansa, O’zbekiston oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan barcha talabalar sonidan kelib chiqib, o’shaning 10 foizi o’rtasida, bir necha oliygohlarda so’roq o’tkazilishi kifoya qiladi. Barcha nafaqaho’rlarning ijtimoiy himoya borasidagi fikrlarini o’rganish kerak bo’lganda ham shu tamoyil nazarda tutiladi. Demak, tarkiban monand guruhlar ajratib olingach, tadqiqotchi o’sha guruhning tushunish darajasi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, so’roq o’tkazadi yoki intervyular uyushtiriladi.

Savolnomalarda savol berish tartibi va mazmuni ham katta ahamiyatga ega. Yoshlarga “Siz vatanparvarmisiz?” yoki jamoatchilikka “Siz tinchlik tarafdorimizsiz?” kabi savollar oldindan javobi aniq bo’lgani uchun ham odatda respondentlarga havola etilmaydi. Psixologik nuqtai nazardan o’sha vatanparvarlik belgilarining namoyon bo’lishini savollarda mujassam etish yoki dunyoda tinchlik bo’lishi uchun har bir insondan nimalar talab qilinishini o’rganish birinchidan, turli xil fikrlarni to’plashga yordam beradi, ikkinchidan, ijtimoiy xulqning turli qirralarini aniqlashga imkon beradi. Yanada sodda qilib aytilsa, odamga “Siz aqllimisiz?” degan savolni intellektual darajani aniqlashga imkon beruvchi savollar, topshiriqlar yoki testlar bilan almashtirishni nazarda tutadi.

Ko’pincha psixologik so’rovlarda odam o’z fikrini ochiq va erkin bayon etishi uchun ismi-sharifini aytmasligi tavsiya etiladi, bu anonim so’rov deyiladi. Ba’zi bir so’rovnomalarda esa “Ismingiz” deyish o’rniga “O’zingiz o’ylab topgan ism-sharifingiz?” deb ham qator ajratiladi. Bu ham anonim so’rov o’tkazish usuli sifatida oxirgi yillarda qo’llanib kelinmoqda. Xulosa qilinadigan bo’lsa, shuni aytish kerakki, so’rov metodlari inson psixologiyasini o’rganish, uning dunyoqarashi, saviyasini aniqlashning qimmatli usulidir. Lekin uni professional tarzda to’g’ri ishlatish va natijalarni to’g’ri tahlil qilish juda katta amaliy ahamiyatga egadir.


Psixologik testlar
Hozir butun dunyoda “test” so’zi jamiyatda va kishilar orasida keng qo’llaniladigan so’zlardan bo’lib qoldi. Chunki biror kasb-hunar orttirish uchun ham odam test sinovidan o’tadi, ya’ni testning “sinov uslubi” ekanligi ko’pchilikka ayon bo’lib qoldi. Psixologik testlarning har qanday boshqa testlardan farqi shundaki, ular yordamida shaxs va jamiyatga aloqador bo’lgan o’rganilayotgan hodisa xususida ham sifat, ham miqdor xarakteristikalarini olish, ularni ko’pchilikda qayta-qayta sinash va ma’lumotlarni korrelyasion analiz orqali ishonchlilikka tekshirish mumkin bo’ladi. Ayni testga qo’yilgan talab hyech qachon o’zgarmaydi, xattoki, shunday testlar borki, ular turli millat va elat vakillarida, turli davrlarda ham o’zgarmagan holda ishlatilaveradi. Masalan, Ravenning aqliy intellektni o’lchash, Kettelning va Ayzenkning shaxs testlari shular jumlasidandir. Ularning ham turlari mavjud.

Test – so’rov oldindan qat’iy tarzda qabul qilingan savollarga beriladigan javoblarni taqozo etadi. Masalan, Ayzenkning 57 ta savoldan iborat testi shaxsdagi introversiya-ekstroversiyani o’lchaydi, savollarga “ha” yoki “yo’q” tarzida javob berish so’raladi.

Test – topshiriq odam xulqi va xolatini amalga oshirgan ishlari asosida baholashni nazarda tutadi. Masalan, shaxs tafakkuridagi kreaktivlilikni aniqlash uchun ko’pincha bir qarashda oddiygina topshiriq beriladi: berilgan 20 ta doira shaklidagi shakllardan o’zi xohlagancha rasmlar chizish imkoniyati beriladi. Ma’lum vaqt va tezlikda bajarilish sur’ati, rasmlarning o’ziga xos va betakrorligiga qarab shaxs fikrlashi jarayonining naqadar nostandart, ijodiy va kreaktivligiga baho berilib, miqdoriy ko’rsatgich aniqlanadi.

Bu kabi metodlarning umumiy afzalligi ularni turli yosh, jins va kasb egalariga nisbatan qo’llashning qulayligi, bir guruhda natija bermasa, boshqa guruhda yana qayta tekshiruv o’tkazish imkoniyatining borligi bo’lsa, kamchiligi – ba’zan tekshiriluvchi agar testning mohiyatini yoki kalitini bilib qolsa, sun’iy tarzda uning kechishiga ta’sir ko’rsatishi, faktlarni falsifikasiya qilishi mumkinligidir.

Testlar ichida proyektiv testlar deb nomlanuvchi testlar ham borki, testning asl maqsadi tekshiriluvchiga sir bo’ladi. Ya’ni, tekshiriluvchiga shunday topshiriq beriladiki, u topshiriqni bajarayotib, nimani aniqlashayotganligini, natijasi qanday bo’lishini oldindan bilmaydi. Masalan, mashhur Rorshaxning “Siyoh dog’lari” testi, yoki TAT (tematik appersepsion test), tugallanmagan hikoyalar kabi testlarda bir narsaning proyeksiyasidan go’yoki ikkinchi bir narsaning mohiyati aniqlanadi. 1921 yilda kashf etilgan “Siyoh dog’lari” va ularga qarab tekshiriluvchining nimalarni eslayotganligi, dog’lar nimalarga o’xshayotganligiga qarab, uning shaxs sifatidagi yo’nalishlari, hayotiy tamoyillari, qadriyatlariga munosabati, ishni bajarish paytidagi emosional holatlari aniqlanadi. Bu testlar juda noyob, qimmatli, lekin uni faqat professional psixologgina qo’llashi va natijalarni mohirona tahlil qilishi talab qilinadi.
Psixologik eksperiment
Eksperimentning mohiyati shundaki, aynan shu yo’l bilan bir omilning ta’siri ikkinchi bir omil ta’sirini ta’minlashi yoki hodisaning ro’y berishiga olib kelganligi isbotlanadi. Ya’ni, eksperiment psixik hodisalarning sabablarini aniqlash va ilmiy farazlarni isbot qilishga yordam beradi. Masalan, o’quvchilarning o’zlashtirish darajalari qanday omillarga bog’liq, degan savol paydo bo’lsa va bunday olmillardan biri o’quv jarayonida tarqatma materiallardan keng foydalanish lozimligi fikri taxmin qilinsa, o’sha eksperiment sinfida tarqatma materaillar ishlatiladi, ikkinchi sinov sinfda esa eskicha o’qitilaveradi. Natija ma’lum muddatdan keyin bolalarning o’zlashtirish darajasi, darsga munosabatlari, xotiralari kuchi orqali tahlil qilinadi. Mana shunga o’xshash jarayonlar va sinovlar eksperiment deyiladi va hayotda va psixologik amaliyotda ko’plab murakkab eksperimentlar aniq dasturlar asosida o’tkaziladi, yangiliklar ochiladi.

Har qanday eksperiment uchun odatda ataylab shunday sun’iy bir vaziyat shakllantiriladiki, aynan shu vaziyatda tadqiqotchini qiziqtirayotgan psixik jarayon yoki hodisa ajratiladi, o’rganiladi, ta’sir ko’rsatiladi va baholanadi. Agar tabiiy eksperiment o’sha qiziqtirayotgan fenomen tekshiriluvchi uchun tabiiy hisoblangan sharoitlarda (masalan, mehnat jarayonida, kanikulda yozgi lagerda, lisey auditoriyasida va shunga o’xshash) maqsadli tashkil etilib, o’rganilsa, laboratoriya eksperimenti maxsus joylarda, maxsus asbob-uskunalar vositasida ataylab o’rganiladi. Masalan, diqqatingizning xususiyatlarini bilish kerak bo’lsa, psixologiya laboratoriyasida maxsus taxistoskop deb atalgan moslama yordamida yoki “Landolt xalqachalari” deb nomlangan jadvallar yordamida o’rganish mumkin bo’ladi. Hattoki, ijtimoiy munosabatlar borasida ham o’zaro hamjihatlik, liderlik va konformlilik hodisalarini tekshirish uchun gruppaviy integratorlar va gomeostat deb nomlanuvchi moslamalar yaratilgan va ular yordamida guruhdagi turli xil hodisalar o’lchangan.

Eksperiment o’tkazishning asosiy shartlaridan biri tekshirilayotgan obyektda eksperiment hamda nazorat guruhlarining bo’lishidir. Tadqiqotchining taxmini asosida birinchi guruhda u yoki bu o’lchovlar, tekshirishlar, shart-sharoitlar kiritilsa, nazorat guruhi o’sha yangiliklar va sun’iy kiritilgan omillar ta’siridan xoli qilinadi. Eksperiment so’ngida natijalar ikkala guruh misolida taqqoslanib, kerakli xulosalar chiqariladi. Oddiy qilib aytilsa, agar maosh mehnat motivasiyalaridan biri deb, uning ta’sirini o’rganish kerak bo’lsa, eksperimental guruh a’zolariga maoshlar ko’paytirib beriladi, nazorat guruhi esa eski maoshda qoldiriladi. Ikkala guruh a’zolarining esa kundalik ish samaralari, ishga munosabati, ishlab chiqarishdagi mahsuldorlik maxsus mezonlar asosida taqqoslab chiqiladi. Demak, eksperiment uchun maxsus sharoitlar va natijalarni to’g’ri tahlil qilish uchun professional psixologlar kerak.
Modellashtirish
Kuzatish, so’roq, eksperiment yoki boshqa usullar yordamida o’rganilayotgan hodisaning tub mohiyati ochilmagan sharoitlarda modellashtirish usuli qo’llaniladi. Bunda o’sha hodisaning umumiy xossasi yoki asosiy parametrlari modellashtirilib, o’sha model asosida tadqiqotchini qiziqtirgan jihat o’rganiladi va xulosalar chiqariladi.

Modellar texnik, mantiqiy, matematik yoki kibernetik bo’lishi mumkin. Matematik model asosida o’rganilgan hodisaga mashhur tadqiqotchilar Veber-Fexnerlarning sezgirlikning quyi va yuqori chegarasini aniqlashga qaratilgan matematik formulasi hamda shu asosda to’plangan ma’lumotlar tahlilini misol qilish mumkin. Mantiqiy modellar yordamida ko’pincha inson aqli va tafakkuri jarayonlari va qonunlarini hisoblash mashinalari ish prinsiplari bilan qiyoslash orqali tuzilgan g’oyalar va simvollar ishlatiladi. Kibernetik modellashtirishda esa g’oyalar psixologiyasini EHM dagi matematik programmalashtirish tamoyillariga moslashtirish nazarda tutiladi. Hozir ko’pgina murakkab shaxs xususiyatlari ham programmalashtirilgan bo’lib, ular algoritmlar asosda qisqa fursatda ko’pgina sifatlarni ko’plab parametrlar nuqtai nazaridan hisoblab, natijalarni umumlashtirishga imkon bermoqda. Ko’pincha matematik o’yinlar g’oyasi odamlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar sohasini o’rganishda ham qo’llanilmoqda. Ma’lum bo’lishicha, odamning fikrlash operasiyalari bilan EHM larning ishlash prinsiplari o’rtasida ma’lum uyg’unlik bor ekan, bu esa murakkab psixik jarayonlarni modellashtirish orqali inson aqlu-zakovati chegarasini yanada kengaytirish istiqbolini beradi.



Umuman psixologiyaning va uning har bir alohida tarmoqlarining o’ziga xos metodlari bor. Ular ijtimoiy xulq va alohida individ ichki dunyosini kompleks tarzda o’rganish imkonini beradi. Gap shundaki, ularni o’z vaqtida va professional tarzda qo’llay bilish va olingan natijalardan to’g’ri xulosalar chiqara olishdir.
1.6. Asosiy tushuncha va atamalar
Yangi davr va psixologiya, sinergetik yondoshuv, akmeologik yondoshuv, psixologiya fanining dolzarbligi, psixikaning zamonaviy va klassik ta’riflari, psixik jarayonlar, psixologiyaning tarmoqlari, psixologik tarmoqlar klassifikasiyasi, psixologiya fanining metodlari, kuzatish metodi, so’rov metodi, psixologik testlar, psixologik eksperiment, modellashtirish.
1.7. Rezyume
Yangi davr har bir insondan psixologik bilimlarni egallashni talab etadi. Buning uchun shaxs psixikasining namoyon bo’lish shakllari: psixik jarayonlar, psixologik holatlar, shaxsning individual-psixologik xususiyatlarini bilish zarur bo’ladi. Hozirgi kunda bu psixologiya fanining 300 dan ortiq sohasi alohida ravishda shakllangan. Fan sifatida psixologiya avvalo, “ijtimoiy gumanitar”, so’ngra “tabiiy, aniq va texnika” va eng oxirida “iqtisodiyot” blokidan o’rin olgan bir qator fanlar bilan uzviy bog’liq bo’lib, bu tom ma’noda uning jamiyatda amaliy ahamiyati ortib borayotganligidan darak beradi.
1.8. O’z-o’zini nazorat va muhokama qilish uchun savollar


  1. Yangi davr psixologiyasi nima? Sinergetik va akmeologik yondoshuvlarning asosiy mohiyati nimadan iborat?

  2. Psixologiya fanining dolzarbligi nima bilan izohlanadi?

  3. Psixologiya fanining predmeti nima va uni qisqacha tushuntirib bering?

  4. Psixologiya so’zi qaysi tildan kelib chiqqan va u nimani anglatadi?

  5. Psixikaning namoyon bo’lish shakllari qanday ko’rinish kasb etgan va ularni qisqacha izohlang?

  6. Psixologiyaning tarmoqlari va ularni boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligini nima bilan tushuntirish mumkin?

  7. AQSH va RFdagi mavjud psixologik tarmoqlar klassifikasiyasi haqida nimalarni bilasiz?

  8. Mamlakatimizda rivoj topayotgan va amaliy xarakter kasb etayotgan qanday psixologiya tarmoqlaridan xabardorsiz?

  9. Psixologiya fanining qanday asoslari metodlari mavjud va ular qanday tasniflangan?

  10. Kuzatish, so’roq hamda psixologik testlar deganda nimalarni tushunasiz?


1.9. Bibliografiya
Karimov I.A. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni-xalq, millatni-millat qilishga xizmat etsin. – T.: O’zbekiston, 1998. – B. 15.

Karimov I.A. Milliy istiqlol mafkurasi – xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir // “Fidokor” gazetasi, 2000 yil, 8 iyun.

Karimova V.M. Psixologiya. O’quv qo’llanma. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, “O’AJBNT” markazi, 2002. – 205 b.

Karimova V.M., Akramova F.A. Psixologiya. Ma’ruzalar matni. 1-qism. – T.: TDIU, 2005. – 208 b.

Klimov. Ye.A. Vvedeniye v psixologiya truda: Uchebnik dlya vuzov. – M.: Kultura i sport: YuNITI, 1998. – 343 s.

Lipatov S.A. Metodi sosialno-psixologicheskoy diagnostiki organizasiix // Vvedeniye v prakticheskuyu sosialnuyu psixologiyu / Pod obsh. red. Yu.M. Jukova, L.A. Petrovskiy, O.V.Slovyevoy. – M: Nauka, 1993. – 456 s.

Mayers D. Sosialnaya psixologiya / Perev.s angl. – SPb.: Piter, 1999. – 688 s.

Nemov R.S. Psixologiya. Uchebnik dlya studentov vissh. ped. ucheb. zavedeniy: V 3-x t. – M.: Gumanit. izd. sentr VLADOS, 2003. – 576 [640; 608] s.

Prikladnaya sosialnaya psixologiya / Pod red. A.N.Suxova i A.A.Derkacha. – M.: Izd-vo “Institut prakticheskoy psixologii”; Voronej: Izd-vo NPO “MODEK”, 1998. – 688 s.

Psixologiya. Uchebnik / Otv. red. prof. A.A.Krilov. – 2-ye izd., pererab. i dop. – M.: Izd-vo: PROSPEKT (TK Velbi). 2004. – S. 37-52.

Psixologiya. Uchebnik dlya ekonomicheskix vuzov / Pod obsh. red. V.N.Drujinina. – SPb.: Piter, 2002. – 672 s.



II Bob

  1. Download 1.89 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling