To‘xtasin jalilov (1896-1966)


Download 180.15 Kb.
bet1/2
Sana03.02.2023
Hajmi180.15 Kb.
#1151208
  1   2

TO‘XTASIN JALILOV

To‘xtasin Jalilov (1896-1966)
To‘xtasin Jalilov1 o‘zbek musiqa san’ati rivoji ulkan hissa qo‘shgan g‘ijjakchi sozanda va mashhur bastakordir. U o‘zbek musiqa ijodiyotining barcha janrlarida o‘ziga xos asarlar yaratishga muyassar bo‘lgan. Xalq yo‘lida qo‘shiq, kuy va ashulalar, ayniqsa, 30 ga yaqin musiqali dramalarning muallifidir.
XX asrning 20-yillaridan boshlab o‘zbek san’at namoyandalariga boshchilik qilgan va juda ko‘p shogirdlar tarbiyalagan. San’atkorlar orasida ustozlar ustozi nomini olishga muvaffaq bo‘lgan.
To‘xtasin Jalilov 1896-yili Andijon viloyatining Soyguzar dahasida, oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasidan yosh yetim qolgan va qarindoshlari tarbiyasida, kosiblik ishi bilan kun kechirgan. Yoshligidan musiqani ko‘p tinglagan va musiqa san’ati shaydosi bo‘lgan. U shu davrning mashhur san’atkorlari Dehqonboy, Ashurali hofiz, Hayit Oxun tanburchi, Maqsud hofiz, Boltaboy hofiz, Mamatbobo, Usta Ro‘zimatxon, Mulla To‘ychi hofiz, Madumar hofiz, Hamroqul qori kabi ustozlarning ijrolarini qunt bilan o‘rgangan. Ularni ko‘p tinglab, shularga ergashib san’atkor bo‘lishni orzu qilgan edi. Yoshligidan ushbu san’atkorlarining repertuarlarini o‘zlashtirgan. Zero uning keyingi hayotida bu saboqlar eng asosiy ijodiy omil sifatida xizmat qiladi. To‘xtasin Jalilov faoliyatining boshlaridanoq mumtoz musiqaga ahamiyat berganligining ham sababi shundan bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
U 1918-yildan boshlab Andijonda san’atkorlar jamoasi qatorida faoliyat ko‘rsata boshlaydilar. Jamoada davrning mashhur san’ atkorlari Orif garmon Toshmatov, Berkinboy va Dehqonboy hofizlar, Hayit Oxun, Rustam mehtar kabi bir qator sozanda va xonandalar faoliyat yuritishgan. 1923-yildan boshlab ansamblga rahbarlik qilish uning zimmasiga yuklatiladi. Sababi uning «quvvayi hofizasi» kuchli va milliy musiqa merosini juda yaxshi o‘zlashtirganligi hamda har qanday asarning to‘g‘ri va noto‘g‘ri ekanligini ayta olganligida edi. Shundan so‘ng umrining qolgan qismini musiqachilarga yetakchilik, ustozlik va rahbarlik qilib o‘tkazdi. 1925—1927 yillarda u Hamza tuzgan dramatik gruppa jamoasi bilan konsertlarda qatnashdi. Keyinchalik etnografik konsert ansamblida ishlab, 1928—1934 yillarda Oxunboboyev nomli Andijon musiqa teatrida badiiy rahbar bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Uning musiqalaridan foydalanib sahnalashtirilgan qator spektakllar sahnada uzoq umr ko‘rdi. K. Yashinning «O‘rtoqlar» dramasi musiqasini ham T.Jalilov shu teatrda yaratdi.
1934 yilda T. Jalilov Toshkent musiqa teatriga (hozirgi A. Navoiy nomidagi Opera va balet teatri) musiqa rahbari etib tayinlandi va bu teatrda musiqali dramalar yaratishda faol ishtirok etdi.
1935 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Umumjahon raqs festivalida qatnashdi. 1937 yilda Moskvada bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan u o‘zbek filarmoniyasiga badiiy rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, 1940—1949 yillarda Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama va komediya teatrida badiiy rahbar sifatida qizg‘in faoliyat ko‘rsatdi va shu teatrda ijodiy kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi, keng madaniy jamoatchilikka katta iste’dod sohibi sifatida tanildi. Muqimiy teatrida sahnaga ko‘yilgan eng sara durdona asarlarning yaratilishida X.Jalilovning xizmatlari katta bo‘ldi.
30-yillardan uning faol sozandalik va san’atkorlarga rahnamolik faoliyati boshlanadi. Xususan, 1934-1936-yillarda Toshkent o‘zbek davlat musiqali teatrida dirijor va musiqa rahbari, 1937-yilda O‘zbek davlat filarmoniyasida Milliy ashula va raqs ansamblining badiiy rahbari, 1941-yildan umrining oxirigacha Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida faoliyat olib bordi. Teatrda badiiy rahbar, so‘ngra teatrni bir necha yillar davomida direktor lavozimida boshqaradi. To‘xtasin Jalilovning ish faoliyati ijodga maskanidek, doimo qizg‘in, ijod chanqoqligi va zamon talabi doirasida faoliyat olib borishlikni talab etganligi uning ijodiy faoliyatidan ko‘rinib turadi. Zero, bu jarayon u uchun ijodiy laboratoriya bo‘lib xizmat qilgan. Har nafasda yangi asar, yangicha munosabat talab etuvchi o‘zbek san’atining rivojlanish yo‘li bastakorni turli janrlarda va faol tarzda ijod etishga undab keldi.
Aslida Andijon bastakorlik maktabida tarbiyalanib yetishgan To‘xtasin Jalilov o‘z ijodida 100 dan ortiq asarlar yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Uning asarlarida haqiqiy o‘zbekona shiddat, joziba, dard, hayajon, sharqona sir, yangilikka intilish kabi unsurlar mujassam topgan. Bunga «Otmagay tong», «O‘ynasin», «Parvona bo‘libman», «Bahor ayyomida», «Yolg‘iz», «Ishq seli», «Qora ko‘z», «Gulistonim mening», «Kuylasam» kabi asarlarini misol qilish mumkin. Har bir asar o‘zining shakl va dramaturgik tarkibi nuqtayi nazaridan mukammalligi bilan alohida ajralib turadi va qayd etish joizki, bastakorning aksariyat ashulalari musiqiy dramalar uchun ishlangan. Shu bilan birga, uning asarlarida bastakorlikda endigina rasm bo‘layotgan Yevropa musiqasining shakliy an’analari ham o‘zbekona ohanglar va jozibalar asosida ko‘rina boshlaganini qayd etish mumkin. Jumladan, uning ilk asarlar va ijodida alohida urg‘u bilan amaliyotga kirib kelgan «Signal» asarini misol qilish o‘rinli.
«Signal», birinchidan, o‘zbekona ohanglardagi sho‘x, jo‘shqin, erkin asar. Ikkinchidan, marsh uslubida yaratilgan. Uchinchidan, o‘zbek va rus ohanglarining o‘ziga xos uyg‘unligida yaratilganligi bilan yangi asar sifatida gavdalangan. Marsh usuli davrning jo‘shqinlikka chorlovchi xarakterdagi asari sifatida keyingi bastakorlar ijodida keng ommalashib borgan. To‘xtasin Jalilovning «Signal»1 asari ham bunga yorqin misoldir. 5-misol:



«Signal» asari birinchi variantda kuy shaklida yaratilgan. Marsh uslubi o‘zbekona ohangda yaratilganligi va sinkopali ritmik (2 va 4-taktlar) tuzilmadagi ohanglar qo‘llanilganligi kuyga o‘ziga xos joziba baxsh etgan. Asar ijro amaliyotida, ayniqsa, damli cholg‘ular orkestri ijrosida keng ommalashdi. Bu esa kuyning qo‘shiqqa aylanishi uchun zamin yaratdi va unga munosib so‘z qo‘yildi. Amaliyotda «Signal» asarining cholg‘u va ashula variantlari hozirgacha o‘z mavqeyini saqlab kelmoqda.


Bastakorning uslubida xalq musiqalaridan foydalanish omili juda ustalik va mahoratli qo‘llanilganligini e’tirof etish lozim. To‘xtasin Jalilov har qanday jozibali asarning yangicha variantini yaratishga eng mohir va usta bastakorlardan hisoblangan.Jumladan, uning «Dovruq» ashulasi o‘zbek musiqa ohanglari va usullari asosida yaratilgan. «Gulistonim mening» ashulasiga esa «Talqini Bayot»ning bosh mavzusi asos qilib olingan. Bu jarayon bastakorning spektakllarga musiqa yaratish jarayonida juda keng qo‘llanilganligini alohida qayd etish lozimdir. Masalan, «Muqimiy» spektaklidagi bosh qahramon Obidaxonning «Oshkor» ashulasi xalq qo‘shig‘i bo‘lgan «Galdir» asosida ishlangan.

Bastakor ijodida nafaqat ohang yoki kuylar mavzulariga asoslangan asarlar, balki maqom shakllari va yo‘llarini keng qo‘llaganligini ham kuzatish mumkin. Jumladan, «Tohir va Zuhra» musiqali dramasidagi bosh qahramon Tohirning «Ayirmish» ariyasidir. 6-misol:



Ariya o‘zbek mumtoz musiqasi, ya’ni maqomlarning ikkinchi guruh sho‘balarining talqin usuliga asoslangan bo‘lib, uning tarkibiga, ohangiga va usuliga xos holda yaratilgan.


M azkur spektakldagi Xorazm shohining qizi Mohimning «Izlaring» ashulasi uyg‘ur xalq musiqasi ohanglari asosidan yaratilgan. 7-misol:


Respublikamiz bastakorlari musiqali dramalar yaratishda T.Jalilov tavsiya etgan qo‘shiqlardan keng foydalanishgan. Uning kuylari Toshkent, Andijon, farg‘ona, Qo‘qon va respublikamiz tashqarisidagi teatrlarda sahnalashtirilgan spektakllarga asos bo‘ldi. O‘zbek musiqali drama janri kamolotida muhim o‘rin tutgan va Muqimiy teatriga shon-shuhrat keltirgan «Qurbon Umarov» (S.Abdulla, 1941), «Nurxon» (K.Yashin, 1943), «Asrlar» (Uyg‘un, 1943), «G‘unchalar» (3.Fatxullin, 1945), «Alpomish» (S.Abdulla, 1945), «Muqimiy» (S.Abdulla, 1953), «Ravshan va Zulxumor» (K.Yashin, 1957), «Tohir va Zuhra» (S.Abdulla, 1953) va boshqa asarlar uning hammuallifligida dunyoga kelgan.


B.V.Brovsin «Tohir va Zuhra» operasini yaratishda T.Jalilov tavsiya etgan yoqimli, ohangrabo kuylardan unumli foydalangan.
T. Jalilov 200 dan ortiq xalq sevib eshitadigan dilbar qo‘shiqlarning muallifi hamdir. U o‘z qo‘shiqlarida o‘zbek xalq musiqasi uslubining o‘ziga xosligini, tabiiyligini, qochirimlarga boyligini saqlagan holda, xalq qo‘shiqlari, kuylariga yangi ohang, yangi mazmun baxsh etdi. Bu jihatdan uning Hamza, S.Abdulla, Chustiy, T.Fattoh she’rlariga bastalagan qo‘shiqlari ibratlidir.
Bastakor yaratgan qo‘shiqlar bugungi kunlarda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, xalqimizni mohnatsevarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularning ma’naviy saviyasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
T.Jalilovning O‘zbekistonda musiqa san’atining ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1937 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berilib, bir qator orden va medallar bilan mukofotlandi.
Iste’dodli bastakor, sozanda va ustoz-murabbiy To‘xtasin Jalilov 1966 yilda Toshkentda vafot etgan.

To’xtasin Jalilov Yusufjon changchi boshchiligidagi san’atkorlar bilan xalq sayillarida, qishloq va shahardagi to’y marosimlarda qatnasha boshladi. Musiqiy meros sirlarini qunt bilan ustoz va do’stlaridan o’rgandi. «Tashviqot aravasi» ansambli jamoasida Yoqubjon changchi, Ashurali Oxun dutorchi, G’azat Oxun g’ijjakchi, Zokir eshon doirachi, Orifjon dutorchi, Hayit Oxun tanburchi, Rustam mehtar surnaychi, Ismat karnaychi, Sayfi qayroqchi, Berkinboy Fayziev, Dehqonboy hofizlar bor edi. Mazkur jamoani avval Orif Toshmatov (Orif garmon), so’ng T. Jalilovlar boshqardilar.

1923 yili Moskvada o’tkazilgan hunarmandlar ko’rgazmasi kontsert dasturida T. Jalilov ham qatnashdi. 1925 yildan Hamza tuzgan Farg’ona teatr truppasida ishladi, keyingi yili mashhur san’atkor M. Qoriyoqubov Samarqandda tashkil etgan O’zbek davlat etnografik ansambliga taklif qilindi. 1927 yili ansambl bilan Moskva, Leningrad, Boku, Qozon va Ufa shaharlarida o’tkazilgan gastrol kontsertlarida bo’ldi. 1928 yil Andijondagi O’zbek davlat musiqali drama teatriga musiqa rahbari vazifasiga taklif qilindi. Mazkur teatrda T. Jalilov «Lolajon» (K. Yashin p’esasi), «Qashqar qizi», «Oyxon» (S. Abdulla p’esalari), «O’rtoqlar» (K. Yashin p’esasi), «Halima» (G’. Zafariy p’esasi), «Farhod va SHirin», «Layli va Majnun» (SH. Xurshid p’esalari) spektakllari uchun kuy, qo’shiq va ashulalarni xalq musiqa merosidan tanlab oldi. T. Jalilov O’zbek davlat musiqali teatrining musiqa rahbari etib tayinlandi. G’. Zafariyning «Halima», K. Yashinning «O’rtoqlar» p’esalari hamda kontsert dasturi ustida ijodiy ish olib bordi. Mazkur spektakllar musiqasini qayta ishladi.

1936 yili Londonda o’tkazilgan jahon raqs festivalida T. Jalilov, M. Qoriyoqubov, Tamaraxonim va Usta Olim Komilovlar qatnashib, qo’sh mukofotlarga sazovor bo’ldilar.

1936 yilda Toshkentda O’zbek davlat filarmoniyasi M. Qoriyoqubov rahbarligida tashkil topdi. Filarmoniya jamoalarida Moskvada o’tkaziladigan O’zbek san’at va adabiyotining birinchi dekadasiga tayyorgarlik qizg’in boshlanib ketdi. T.Jalilovga 120 kishidan iborat bo’lgan O’zbek ashula va raqs ansambli tashkil etish va boshchilik vazifasi topshirildi. Mazkur ansambl ustoz rahbarligida Moskva, shuningdek Ozarbayjon, Ukraina va Belorusiya bo’ylab gastrol safarlarida bo’ldi.

1939 yilning oxirida Muqimiy nomidaga O’zbek davlat musiqali drama va komediya teatri tashkil topdi. Mazkur teatrga T. Jalilov rahbar etib tayinlandi. Uning bastakorlik faoliyati bu yerda yanada samaralirok bo’ldi. U dramaturg S. Abdulla bilan hamkorlikda 1939 yilda yaratgan «Tohir va Zuhra» musiqali dramasini sahnalashtirishdan boshlandi. 1941 yili «Qurbon Umarov» (S. Abdulla p’esasi, kompozitor G. SHperling bilan hamkorlikda); 1942 yili «Nurxon» (K. Yashin p’esasi, kompozitor G. Sobitov bilan hamkorlikda); 1943 yili «O’zbekiston qilichi» (H. Olimjon p’esasi, K. Yashin,Uyg’un va N. Pogodinlar, bastakorlar T. Sodiqov, M. Burhonov, N. Hasanov, Klimov va Vaynberglar hamkorligida); 1943 yili «Asrlar» (Uyg’un p’esasi, kompozitor B. Nadejdin bilan hamkorlikda); 1945 yili «G’unchalar» va 1947 yili «Orzu» (S. Abdulla p’esasi, kompozitor B. Brovtsin bilan hamkorlikda); 1949 yili «Alpomish» (S. Abdulla p’esasi, kompozitor B. Nadejdin bilan hamkorlikda); 1949 yili «Muqimiy» (S. Abdulla p’esasi, kompozitor G. Mushelь bilan hamkorlikda); 1952 yili «Nurxon» ning musiqasi G. Sobitov bilan, 1953 yili «Tohir va Zuhra» musiqasi B. Gienko bilan qayta tahrir etilgan; 1956 yili «Surmaxon» (B. Raximov p’esasi, kompozitor L. Stepanov bilan hamkorlikda); 1957 yili «Ravshan va Zulxumor» (K. Yashin p’esasi, kompozitor G. Mushelь bilan hamkorlikda); 1957 yili «Istibdod» (S. Abdulla p’esasi, kompozitor G. Sobitov bilan hamkorlikda); 1962 yili «Farg’ona hikoyasi» (H. G’ulom p’esasi, kompozitor B. Zeydman bilan hamkorlikda); 1962 yili «Dala malikasi» (Jalol Mashrabiy p’esasi) va 1949 yili B. Brovtsin bilan hamkorlikda «Tohir va Zuhra» operasini yaratdi. 1977 yili shu opera qayta taxrir etildi.

O’zbek musiqa merosining bilimdoni T. Jalilov yillar davomida ijodiy izlandi, yangilika intildi va noyob musiqiy asarlar bastaladi. Uning zamonaviy uslubda yaratgan ilk kuyi «Signal», qo’shiqlaridan to «Er ekaniki», «Oq oltin», (Kamtar so’zlari), «Dovrug’» (K. Ahmadiy so’zi) kabilargacha Vatanni madh etdi, insonning orzu - umidlari, inson muhabbati kabi nafis his - tuyg’ularini qo’shiq va ashulalarida ifoda etdi. Uning «Ey, hur Vatan», «Azim Vatan», «Ona Vatan», «Farhod qahramonlari», «Oldinga bos, bolam», «Yalla» (Uyg’un so’zi) kabi qo’shiqlari o’zbek qo’shiqchilik san’atiga zamon ruhiga mos keladigan yangi ohanglar olib keldi. Bulardan tashqari, «Kokiling», «Kuylasam» (Uyg’un so’zlari), «Bahor ayyomida» (Furqat she’ri), «Gulistonim mening» (Muqimiy she’ri) kabi lirik ashulalari muallifning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Ustozning «To’ylar muborak» qo’shig’isiz esa o’zbek to’ylarini tasavvur etish qiyin,

SHuni aytish joizki, ustoz T. Jalilov ulkan ma’naviy - musiqiy meros qoldirgan. SHu bilan birga u el - yurt hurmatiga sazovor ajoyib farzandlarning otasidir. To’ng’ich o’g’li Xolxo’ja To’xtasinov (1919 - 1971 y.) mohir g’ijjakchi, dirijyor, bastakor sifatida tanildi. Kenja o’g’li Dehqon To’xtasinov Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtini xor - dirijyorligi bo’yicha, Moskva konservatoriyasi o’zbek opera studiyasini tugatib, umrining oxirigacha Farg’ona musiqali drama va komediya teatri dirijyori. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist unvoniga sazovor bo’lgan edi. Qizlari O’zbekiston xalq artisti E’tibor Jalilova Muqimiy nomidagi musiqali teatrning yetakchi aktrisasi edi. Xolida Jalilova Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakulьtetini bitirib, Tojikiston radiosida xonanda va musiqa bilim yurti muallimasi bo’lib ishlamokda. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Salohiddin To’xtasinov uzoq yillar davomida filarmoniyada yetakchi g’ijjakchi sozanda bo’lib ishlagan. To’ng’ich o’g’illari Xolxo’janing ayoli xalqimizning sevimli «bulbuli» - Xalq artisti Saodat Kobulova, ularning ikki qizlari ham musiqachidir.

O’zbekiston musiqa madaniyatini rivojlantirishda ko’rsatgan ulkan xizmatlari uchun 1937 yilda To’xtasin Jalilovga O’zbekiston xalq artisti faxriy unvoni berilgan. 1946 yili O’zbekiston Oliy Kengashiga deputat bo’lib saylangan.


Download 180.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling