Umumiy psixologiya


Pedagogik baho psixologiyasi


Download 1.91 Mb.
bet15/27
Sana25.03.2020
Hajmi1.91 Mb.
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   27

14.7.Pedagogik baho psixologiyasi

Bolalar ta’limi va tarbiyasining muvaffaqiyati motivatsiyaga, ya’ni bilimlarni o‘zlashtirish ko‘nikma va malakalarni shakllantirish uchun stimullar mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Bolalar ta’limi va tarbiyasida namoyon bo‘ladigan motivlar va qiziqishlar rag‘batlantirish va jazolash tizimiga olib keladi. Rag‘batlantirish ijobiy hislatlarni vujudga keltirsa, jazolash salbiy hislatlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.



Baho o‘zida rag‘batlantirish va jazolashni birlashtirgan pedagogik stimul hisoblanadi: yaxshi baho rag‘batlantiradi, yomon baho jazolash uchun xizmat qiladi. SHuni esda tutish lozim-ki, eng quyi baho ham, eng yuqori baho ham undovchi vazifani bajarmaydi. Masalan, muvafaqqiyatga undovchi eng yaxshi stimul 5 emas, 4 baho, 2 ,1 emas, 3 baho hisoblanadi. 5 baho olgan o‘quvchi yanada yaxshiroq o‘qishga harakat qilmay qo‘yadi. Ijobiy yoki salbiy bahoni doimiy qo‘yish ham undovchi funksiyasini yo‘qotadi.

Predmetga qaratilgan baholar bolaning shaxsiga emas, u bajargan ish uchun qo‘yiladi. Bunda sub’ekt emas, faoliyatning mazmuni, predmeti, jarayoni, natijasi baholanadi. SHaxsiy pedagogik baholar, aksincha, faoliyat sub’ektiga tegishli bo‘ladi, faoliyatda namoyon bo‘ladigan shaxsning individual hislatlari, uning intilishlari, ko‘nikmalari baholanadi.

Moddiy pedagogik baholar bolalarni o‘quv-tarbiya ishidagi muvafaqqiyatlari uchun turli usullar bilan moddiy rag‘batlanti-rishni nazarda tutadi. Moddiy stimul sifatida pul, bolalar uchun qiziqarli narsalar va boshqa ularning moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi narsalar foydalanilishi mumkin. Ma’naviy pedagogik baho maqtov yoki faxriy yorliqni o‘z ichiga olib, bola harakatlarining axloq normalariga mosligi xarakterlanadi. Natijali pedagogik baholar faoliyatning so‘nggi natijasiga tegishli bo‘lib, asosan unga urg‘u beriladi. Bunda qanday yo‘l bilan erishilganligiga qaramasdan so‘nggi natijaga e’tibor beriladi. Jarayonli pedagogik baholar, natijaga emas, jarayonga tegishlidir. Bunda oxirgi natijaga qanday erishilganligiga emas, natijaga erishishga nima undaganligiga urg‘u beriladi. Miqdoriy pedagogik baholar bajarilgan ishning hajmiga tegishli bo‘ladi, masalan, echilgan misollar soniga e’tibor beriladi. Sifatiy pedagogik baholarda bajarilgan ishning sifatiga e’tibor beriladi.

Pedagogik baho turlari bilan birga bolalarni o‘quv-tarbiya jarayoniga undashning bir necha usullari mavjud. Ular: e’tibor, qo‘llab-quvvatlash, baho, tan olish, maqtov, mukofot, ijtimoiy rolini, obro‘sini oshirish.

Pedagogik bahoning mahsuldorligi deganda uning bolalar ta’lim va tarbiyasidagi undovchi roli tushuniladi. Bolada o‘zini o‘zi takomillashtirishga, bilim, ko‘nikma va malakalar egallashga, shaxsning ijobiy hislatlarini shakllantirishga, xulq-atvorning ijtimoiy foydali shakllariga intilishni kuchaytiradigan baho mahsuldor hisoblanadi. Bola shaxsiy-xulq-atvor va intellektual taraqqiyotida motivatsiya tashqi va ichki bo‘lishi mumkin. O‘quv-tarbiyaviy faoliyatning tashqi motivatsiyasi deyilganda bolaning faolligini tashqi tomondan yo‘llab turuvchi stimullar nazarda tutiladi, ya’ni ular bolani o‘rab turgan atrof-muhitdan kelib chiqadi va u bolani ma’lum tarzda tutishga majburlaydi. Bunday qo‘g‘atuvchilarning ta’siri yo‘qotilsa, o‘quv faolligi ham susayib, yo‘qoladi. Tashqi stimullardan farqli ravishda ichki stimullar bunday faollikni vujudga keltirishi va yo‘llab turishi mumkin.O‘quv tarbiyaviy faoliyatning ichki motivatsiyasi, tashqi motivatsiyaga qaraganda kuchli bo‘lib, mahsuldor pedagogik baho deganda bolada ta’lim va tarbiyaning ichki motivatsiyasini vujudga keltiradigan baho nazarda tutiladi.

Pedagogik baho bolaning Yoshiga mos tanlanishi zarur. Pedagogik baho Yoshga qarab o‘zgarishi tendensiyalari quyidagilar: Birinchidan, Yosh ulg‘ayishi bilan yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash zarurligini tushunish ortadi. Ikkinchidan, bolalikda yillar o‘tgan sayin shaxsning ma’lum hislatlarini egallashning ahamiyati ortadi. Uchinchidan, katta bo‘lgan sayin, ayniqsa, maktab davrida ijtimoiy-psixologik stimullarning roli ortadi. To‘rtinchidan, tashqi stimullarga qaraganda ichki stimullarning roli ortib boradi. Turli Yosh davrlarida pedagogik bahoning qulay usullari va sharoitlarini ko‘rib chiqamiz.

Go‘daklik davridagi bolalarni imo-ishora, mimika va pantomimika orqali bildiriladigan hissiy-ekspressiv baholash qo‘llaniladi. Ilk bolalik davrida “yaxshi”, “yomon” kabi so‘zlar bilan baholash mumkin. Maktabgacha Yosh davrida hulq-atvor qoidalariga rioya qilish, bilim, malaka va ko‘nikmalarni namoyon qilish bilan bog‘liq pedagogik baholar paydo bo‘ladi. Kichik maktab Yoshidagi bolalarni ta’lim va tarbiyaga undashda hamma tomonidan berilgan baho emas, balki bu bolalar qadrlaydigan kattalar, o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan berilgan baho mahsuldor bo‘ladi. O‘smirlik Yoshida esa kattalar emas, balki tengdoshlari, do‘stlari tomonidan berilgan bahoni ahamiyatli deb biladilar. Ilk o‘spirinlik davrida kattalar tomonidan beriladigan bahoning ahamiyati yana ortadi.

14.8. Ta’limda individual yondashuv muammosi

Ta’limda individual yondashuv deganda har bir o‘quvchi individual, boshqalarga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘qitiladi, degan ma’noni bildirmaydi. Ta’limni individuallashtirishning ma’nosi shuki, u o‘quvchining individual- psixologik xususiyatlariga tayanadi, ana shu xususiyatlarni hisobga olgan holda quriladi. Sinf rivojlanishi va tayyorgarlik darajasi bir xil bo‘lmagan, o‘zlashtirishi turlicha va o‘qishga munosabati har xil bo‘lgan o‘quvchilardan tashkil topadi. O‘qituvchi an’anaviy tashkil etilgan ta’lim jarayonida hammaga bir xilda baravar kela olmaydi. Shuning uchun u ta’limni o‘rtacha darajaga – o‘rtacha rivojlanishga, o‘rtacha tayyorgarlikka, o‘rtacha o‘zlashtirishga tatbiq qilgan holda olib borishga majbur bo‘ladi. Boshqacha aytganda, u ta’limni qandaydir afsonaviy “o‘rta” o‘quvchini ko‘zda tutgan holda tashkil etadi. Bu narsa shunga olib keladiki, “kuchli” o‘quvchilar sun’iy ravishda o‘z rivojlanishida ushlab turiladi, o‘qishga qiziqishlari qolmaydi, o‘qish ularda ko‘p aqliy kuch sarflashni talab qilmaydi. “Kuchsiz” o‘quvchilar esa surunkasiga orqada qolishga mubtalo bo‘lganlar, ular ham o‘qishga qiziqmay qo‘yadilar, bu o‘qish ulardan ko‘proq aqliy kuch sarflashni talab qiladi. “O‘rtacha” darajaga kiruvchilar ham juda har xil bo‘ladilar, qiziqish va mayllari turlicha, idrok, xotira, xayol va tafakkur xususiyatlari xilma-xil bo‘ladi. Bir o‘quvchi ko‘rgazmali obrazlar va tasavvurlarga asosli ravishda tayanmog‘i zarur, ikkinchisi bunga kamroq ehtiyoj sezadi; biri sekin fikrlaydi, ikkinchisining aqliy mo‘ljali nisbatan tezligi bilan ajralib turadi; biri tez esda olib qolsa-da, mustahkam emas; ikkinchisi – sekin esda olib qolsa-da, ko‘p narsani yodida saqlaydi; biri uyushgan holda ishlashga o‘rgangan, boshqasi kayfiyatiga qarab, asabiylashib va notekis ishlaydi; biri astoydil, ikkinchisi majburan shug‘ullanadi.

Ta’limni individuallashtirish tamoyili o‘qitishda o‘quvchilarning real tiplariga tayanish zarurligiga asoslanadi. Bu tamoyilni programmalashtirilgan ta’lim juda yaxshi amalga oshiradi. O‘quvchilarning individual psixologik xususiyatlari ta’limning ayrim metodlari va usullarini tanlash hamda qo‘llanish vaqtida, uyga berilgan topshiriqlarni qismlarga bo‘lishda, sinf va nazorat ishlarining variantlarini aniqlashda hisobga olinadi.

Sinf bilan olib boriladigan ishni ayrim o‘quvchilar bilan olib boriladigan individual ish bilan birga qo‘shish mumkin. SHu bilan birga dasturning xuddi shu masalalarini o‘quvchilar qanday tayyorgarlik ko‘rganliklari, individual moyilliklari, qiziqish va qobiliyatlari hamda individual ish suratlariga qarab turlicha to‘lalik va teranlik bilan, har kim darsda optimal darajada band bo‘ladigan qilib o‘rganadilar.

Ta’lim metodlari turlicha bo‘lishi, o‘quvchining individual xususiyatlariga qarab o‘zgartirilishi kerak. Lekin bu 40 o‘quvchi bor bo‘lgan sinfda 40 xil individual yondashishni, ta’lim metodikasining 40 xil individual variantini amalga oshirish zarur degan ma’noni anglatmaydi. Odatdagi maktab ta’lim sharoitida bunday haddan tashqari individuallashtirish mumkin ham emas, kerak ham emas. O‘quvchilarning fikrlash faoliyatining asosiy tiplarini hisobga olish kifoya.

Ta’limda individual yondashish kamchiliklarga barham berishnigina emas, balki o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish, o‘qishga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni, bilishga oid qiziqishlarni tarkib toptirish ishlarini olib borishni ham anglatadi. O‘qishga salbiy munosabatda bo‘lish hollarida bunday munosabatni keltirib chiqargan sabablarga qarab, tarbiyaviy chora-tadbirlar ko‘rish kerak bo‘ladi. Bunday sabablar orasida o‘qituvchi bilan bo‘lgan kelishmovchilik, o‘quvchi duch kelgan qiyinchiliklar, bilimdagi nuqsonlar, o‘z kuchiga ishonmaslik va hokazolar bo‘lishi mumkin.

Rus psixologlari yakdillik bilan: barcha bolalar o‘qishga qobiliyatlidirlar, har bir normal va psixik jihatdan sog‘lom o‘quvchi o‘rta ma’lumot olishga qodirdir maktab davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv materialini ma’lum darajada muvaffaqiyatli egallashga qodirdir, binobarin o‘qituvchi hamma o‘quvchilarning ham shunday bo‘lishiga erishmog‘i lozim, degan nuqtai nazarda turadilar. Lekin bundan hamma o‘quvchilarga ham ta’lim berish bir xilda oson, deb aslo o‘ylab bo‘lmaydi. Har qanday ta’lim metodikasi sharoitida, bu ta’lim juda yaxshi tashkil etilgan sharoitda bir xil o‘quvchilar yaxshiroq harakat qilib, boshqalardan ko‘ra yuqori natijalarga erishadilar. Bir o‘quvchi alohida ko‘p kuch va mehnat sarf qilmasdan nisbatan qisqa muddat ichida yuksak natijalarni, katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritadi, boshqa o‘quvchi bo‘lsa qanchalik intilmasin va harakat qilmasin, o‘sha darajaga shunchalik tez va osonlikcha ko‘tarila olmaydi.

Bugungi kunda hech kim: “YOmon o‘quvchilar yo‘q, yomon o‘qituvchilar bor” degan formulani hech so‘zsiz qabul qilavermaydi, o‘quvchilarining o‘zlashtirmasligida hech kim o‘qituvchilarni yoppasiga ayblab o‘tirmaydi. Albatta, ta’limning muvaffaqiyatli bo‘lishi bilimlar, ko‘nikma va malakalarning juda yuqori darajasi asosan ta’limning mazmuni bilan, ta’lim metodikasining takomillashuvi, o‘qituvchining mahorati bilan ta’min etiladi, lekin hamma narsa faqat ana shunga bog‘liq deb o‘ylab bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat ichki shart-sharoitlarga – o‘quvchining individual-psixologik xususiyatlariga ham bog‘liqdir. Har gal teng sharoitlarda bir xil mashqlar, bir xil ta’lim metodikasi g‘oyat har xil natijalar beradi, bunda o‘quvchilarning turli xususiyatlari haqida gapirish mumkin.





Takrorlash va muhokama qilish uchun savollar:

1.O‘quv faoliyati va uning elementlari nimalardan iborat?

2.Ta’lim jarayonida bilimlarni o‘zlashtirish nimaga bog‘liq?

3.O‘qish motivlari va motivatsiyaga izoh bering.

4.O‘quv faoliyati motivatsiyasining manbalariga nimalar kiradi?
15-MAVZU: TARBIYA PSIXOLOGIK ASOSLARI

Reja:

  1. Tarbiya jarayonining psixologik mohiyati, maqsad va vazifalari.

  2. Tarbiyaviy ta’sirning psixologik asoslari.

  3. O‘quv jamoasining o‘quvchiga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish imkoniyati.

  4. Mehnat faoliyatining tarbiyaviy ahamiyati.

  5. Tarbiya metodlari va vositalarining psixologik mazmuni.

  6. O‘qituvchining axloqiy ideal sifatida namoyon bo‘lishi.

  7. SHaxsning o‘z-o‘zini tarbiyalash muammosi.


Mavzuning o‘quv maqsadi:

Ta’limiy: Talabalarga tarbiya tushunchasining mohiyatini, uning shaxs kamolotidagi o‘rnini, tarbiya usullari va vositalari haqidagi ma’lumotlarni, jamiyat holati va kelgusi rivojlanishga tarbiya maqsadining bog‘liqligini tushuntirish va anglatishdan iborat.

Tarbiyaviy: Milliy an’analar, urf-odatlarimizning tiklanishi, milliy, umumbashariy va umumma’naviy qadriyatlarga asoslangan axloq normalarini yaratish va ularni bolalarimiz, Yoshlarimiz ongiga singdirish orqali ularni jamiyatimiz uchun fidokor, bilimdon inson qilib tarbiyalash asos bo‘la olishini uqtirish, talabalarda o‘qituvchi va tarbiyachiga xos kasbiy va shaxsiy sifatlarni tarbiyalash.

Rivojlantiruvchi: Talabalarda tarbiya usullarini egallash va undan oqilona foydalana olish malakalarini shakllantirish, tarbiya jarayonining samaradorligi va unga ta’sir etuvchi omillar to‘g‘risidagi bilimlarini rivojlantirish.
15.1.Tarbiya jarayonining psixologik mohiyati, maqsad va vazifalari

Jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida ham davr talabiga munosib bo‘lgan Yosh avlodni tarbiyalash muammosi hamisha dolzarb ahamiyatga molik bo‘lib kelgan.



Tarbiya tarbiyachi tomonidan tarbiyalanuvchida barqaror axloqiy hislat va xulqiy fazilatlarni tarkib toptirish, shakllantirish maqsadida tarbiyalanuvchining ongiga aniq maqsad yo‘lida tarbiyaviy ta’sir etish jarayonidir.

Tarbiya – bolaning ijtimoiy muhitda o‘z o‘rnini topishni o‘rganishi hamda insonning hayotiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishidir. Ta’lim jarayonining markazida shaxsning bilish va anglash jarayoni, uning qobiliyati, ilm o‘rganishi yotsa, undan farqli o‘laroq tarbiya insonni shaxs sifatida shakllanishiga, uning dunyoqarashi va jamiyatga munosabatiga qaratiladi. Tarbiya - bu alohida jarayon emas, balki o‘qitishning bir tomoni bo‘lib, u bilan umumiy va farqli tomonlarga egadir. Bilim berish va tarbiyaga, asosan, insonning ijtimoiy ko‘nikma olish mexanizmining o‘ziga xos jihatlarini kiritish mumkin. Tarbiya jarayonida shaxsning sifat va xossasi, ijtimoiy xulq-atvori va shakllari nazarda tutilsa, o‘qitishda bilim, ko‘nikma va malakalar inobatga olinadi.

Tarbiya jarayonining ilmiy asoslari bilan, psixologiyadan tashqari falsafa, sotsiologiya va pedagogika fanlari shug‘ullanadi. Holbuki, psixologiya fanisiz tarbiyaning asosiy muammolari hal qilinib bo‘lmagan holda to‘g‘ri qo‘yilishi ham mumkin emas, chunki ularni anglash negizida shaxs psixologiyasi, insoniy munosabatlar, har xil ijtimoiy jamoalar psixologiyasini bilish yotadi. Barcha uchun umumiy bo‘lgan yoki o‘quvchilarga individual tavsiyalar berishda umumiy psixologiya va Yosh davrlar psixologiyasiga tayaniladi.



Tarbiya uning maqsadlarini aniqlashdan boshlanadi.

Tarbiya jarayonida doimiy va o‘zgarmas maqsad qo‘yilmaydi, chunki o‘zgarmas maqsad har qanday jamiyatga ham mos bo‘lavermaydi. Jamiyat tuzilishi va ijtimoiy munosabatlar o‘zgarishi bilan tarbiya maqsadi o‘zgaradi.

Tarbiya turli xil davrlarda va turli xil jamiyatlarda o‘zgarmas jarayon bo‘lib qolmaydi. Tarbiyaning maqsadlari, mazmuni, shakl va metodlari har bir tarixiy davrda o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Inson shaxsini shakllantirishga har bir ijtimoiy tuzum yo‘nalishiga mos ravishda talab qo‘yiladi. Tarbiyaning barcha tarixiy davrlar uchun xos bo‘lgan ba’zi bir umumiy belgilari ham mavjud. Pedagogik g‘oyalar va tarbiyaviy ishni rivojlantirishda muayyan darajada aloqa va ma’lum bir davomiylik mavjud. Jumladan, asrlar davomida dars maktabda o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishning asosiy shakli bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qolmoqda. Qator o‘quv predmetlari mazmuni ma’lum darajada saqlanib qolayapti. Ayni chog‘da tarbiyada va ta’lim berishda g‘oyaviy jihatdan betaraf qoladigan jihatlar borligini ham unutmaslik lozim. Tarbiya va ta’limning tashkiliy shakllarini aniq to‘ldirish, maktab ishining u yoki bu masalalarini izohlashda turli davrlarda turlicha yondashuvlar mavjud bo‘lgan.

Agar jamiyat o‘z taraqqiyot davrida ma’lum bir rivojlanishga, madaniyatga va ma’naviyatga erishgan bo‘lsa va uni saqlab qolishni hamda yuksaltirishni istasa, uning tarixida turli xil o‘zgarishlar ro‘y berishidan qat’iy nazar, u o‘tmishdan beri saqlanib kelayotgan eng yaxshi an’ana va qadriyatlarini qabul qilishi, davom ettirishi lozim bo‘ladi. Umuminsoniy qadriyatlar va madaniy boyliklar tarixiy va hududiy chegara va hududiy chegara bilmaydigan boyliklar qatoriga kiradi. Birinchi navbatda xuddi o‘shalar ijtimoiy tarixning barcha bosqichlarida tarbiya maqsadlarini ifodalaydi. Bu maqsadlar yaxshilik va yomonlik, to‘g‘rilik va tartiblilik, insoniylik va tabiatga bo‘lgan muhabbat tushunchalari bilan bog‘liqdir. Bu yana ruhiyat, erkinlik, shaxsning o‘zi va atrofida ro‘y berayotgan voqealarga javobgarlikni his qilishi, kamtarlik, insoniylik ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi.

Ruhiyat yuqori ahloqiy tafakkurning bir daqiqalik mayl va ehtiyojlardan yuqori qo‘yilishini bildiradi. O‘sib kelayotgan va rivojlanayotgan shaxsda bu doimiy ravishda ahloqiy barkamollikka intilishda namoyon bo‘ladi. Erkinlik bu insonning ichki va tashqi ozodlikka intilishidir, bunda boshqa shaxsning ijtimoiy kelib chiqishi, millati, diniy va siyosiy qarashlari, sinfiy munosabatlari va boshqa xususiyatlaridan qat’iy nazar, uning xuquqlari albatta to‘la to‘kis tan olinishi lozimdir.

Majburiyat yoki javobgarlikni his qilish – erkinlikning qarama-qarshi jihati bo‘lib, bu shaxsning manfaatlariga xizmat qiladi. Majburiyatsiz erkinlik – bu o‘zboshimchalik, palapartishlik hisoblanadi. Erkinliksiz majburiyat esa – bu qullikdir. Unisi yoki bunisi o‘zaro bir-birini to‘ldirganda yoki bog‘langanda mustaqil mavjud bo‘lishi mumkin. Majburiyatni yana boshqacha talqin qilinsa, insonning o‘z ixtiyori bilan jamiyat hayoti va boshqa insonlar taqdiri uchun javobgarlikni o‘z ustiga olishi tushuniladi. Hozirgi zamon tarbiyasining umumiy maqsadi bolani yuksak ahloqli, ruhiy jihatdan boy, qalban ozod, erkin, burch va majburiyatni his qila oladigan shaxs sifatida shakllantira olishdir. Tarbiyaning umumiy maqsadi bilan bir qatorda maxsus ijtimoiy maqsadlari ham kelib chiqishi mumkin. Ular tarixning ma’lum davrida o‘zgaruvchan talablar bilan jamiyat taraqqiyotining dolzarb muammolarini bayon etishi va rivojlanishiga hissa qo‘shishi lozim. Ma’lum vaqtdan so‘ng jamiyat taraqqiyoti o‘zining bir bosqichidan o‘tgandan keyin rivojlanish davom etsa, bu talablar ham o‘zgarishi mumkin. Tarbiyaning jamiyat taraqqiyotining zamonaviy rivojlanish bosqichlariga javob bera oladigan maxsus maqsad va vazifalari tashabbuskor o‘quvchilarni etishtirish, shaxsni o‘z-o‘zini hurmat qiladigan va intiluvchan qilib tarbiyalashdan iboratdir.

YUksak tafakkur namoyondalarining, xususan faylasuflarning risolalarida hamda badiiy adabiyotning yirik vakillari asarlarida ijtimoiy-siyosiy va axloqiy ta’limotlarga, ayniqsa, keng o‘rin berilgan. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘tmishda axloqshunoslik sohasida ijod qilib, shu fan taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan mutafakkirlarimiz talaygina.


Download 1.91 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   27




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling