Ustoz va murabbiylar


Download 17.87 Kb.
bet1/2
Sana08.04.2023
Hajmi17.87 Kb.
#1342091
  1   2
Bog'liq
1 Oktyabr ustoz va murabbiylar kuni


1 Oktyabr` – “Ustoz va murabbiylar” kuni
Avvalombor barcha ustoz va murabbiylarni, zahmatkash va mehribon ustozlarimizni “Ustoz va murabbiylar” bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Dillarimizdagi eng yaxshi tilaklarimiz sizga bo'lsin. Ta'lim-tarbiya yo'llarida hormang-tolmang. Ushbu savobli ishlaringizda Alloh taolo doimo madadkor bo'lsin.
Bugungi kunda yurtimizda minglab maktab, litsey, kollej, diniy madrasalar, diniy oliygohlar dunyo standartlariga javob beradigan qilib bunyod qilindi, qayta ta'mirlandi. Uzoq qishloq va tog'li hududlarda ham mana shunday go'zal ilm dargohlarini ko'rib ko'zing quvonadi. Ayniqsa, turli-tuman kitoblarning chop etilishi, bizni xursand qiladi. Erta tongdan maktabga to'p-to'p bo'lib borayotgan yoshlarni ko'rib ko'zing quvonadi. Ularning murg'ak qalblari, uzoqni ko'zlagan orzulari, shodu xurramliklarini ko'rib, bolalikka qaytging keladi. Bugun chet tillarida ravon so'zlashayotgan, dunyo 
o'quvchilari orasida birinchi o'rinni egallab kelayotgan yoshlarni ko'rganda: “Asli ibn Sinolar, Beruniy va Buxoriylarning avlodlari-da, asli-nasli toza yoshlar-da!”,deb faxrlanamiz. Bugun kasbga qiziqib uni mukammal egallagan yoshlar, dunyoning turli shaharlarida o'z qobiliyatini ko'rsatayotganlarini kuzatib: 
“Ustozingga, otangga balli”, deymiz. Demak yurtimizda yashayotgan har bir vatandoshimizning yutug'i va muvaffaqiyatidan nafaqat ular, ularning ustoz va ota-onalari, balki butun yurt odamlarining qalbida g'urur, yuzlarida sururni ko'ramiz. Yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarni ko'rganda, yurtimiz bayrog'i baland ko'tarilganda xursand bo'lmagan yurtdoshimiz bo'lmasa kerak. Yoshlar yutuqlarining bosh sababchisi, xizmatchisi va yuqori darajalarga ko'taruvchi bu ustozlarning mehnatidir! Bugungi kunda diyorimizda faoliyat olib borayotgan Toshkent Islom universiteti, Toshkent Islom instituti va o'rta maxsus islom bilim yurtlaridagi sharoitlar, ta'lim olayotgan yoshlarni ko'rib, har qancha faxrlansang arziydi. Biz ta'lim olgan davrdagi sharoitlar bilan hozirgi sharoit, qulayliklarni tenglab bo'lmaydi. Bularning hammasi istiqlol, hurriyat va albatta tinchlik sababidandir. Bu esa davlatimiz rahbariyati yosh avlod va farzandlarni ilm olishlari 
uchun ko'rsatayotgan jonbozliklar bizni yanada bilmimizni kuchaytirishga undaydi. Bugungi kunda dunyoning ko'p joylarida sodir bo'layotgan kelishmovchiliklar, urush-janjallar, turli to'fonlar bois millionlab yoshlar ilmsiz, baxt nimaligini, bolalik sururini ko'rmasdan, qalblarida qo'rquv, ko'zlarida yosh bilan umr o'tkazishmoqda. Shu bois Alloh bergan tinchlikning qadriga yetib, ilm cho'qqilarini zabt etaylik.
Ustozsiz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Dunyoda ustozning mehnatidan og'ir mehnat yo'q. Hech narsani bilmaydigan yosh bolaga o'qish-yozishni o'rgatguncha chekiladigan mashaqqatni gapirmasak ham bo'ladi. Endigina sport sari qadam qo'ygan sportchini dunyo miqyosiga ko'targuncha chekiladigan mehnatlar yoki bor mahoratini yosh bolaga o'rgatadigan hunarmandning mehnati, sabr-qanoatini ko'z oldingizga keltirib ko'ring. O'zim ham madrasada dars berganman, bu kasbning naqadar sharafli va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman. O'ylab ko'ring, o'zingiz bilgan narsani birovdan har kuni so'rash, o'rgatish, ongiga joylash osonmi? Bu mehnatning sharafli tomoni – shogirdlarning, bir marta ustoz deb chaqirishlaridan ortiq baxt va olqish olamda yo'q. Buning savobini aytmaysizmi, hisobsiz!? O'ylab ko'rsak, bir odamni 
ilmsizlik, johillik va iymonsizlikdan saqlab qolamiz. Gunoh va ma'siyat botqog'iga tushib, hayotda qoqilmasin deb, qo'limizdan kelgan, o'zimizda bo'lgan bor ilmni ularga beramiz. Gohida o'quvchi va shogirdlarga qattiq tanbehlar beriladi. Maqsadimiz esa ularning xatolarini to'g'rilab, isloh qilish. Sa'diy demishlarkim: “Ota-onaning mehridan, ustozning javri yaxshidur”, deb.
Yana aqoid kitoblarida yozilmishki, bir ustoz va tolibi ilm bir qabriston yonidan o'tsalar, qirq kun qabristondan azobi qabr ko'tarilar ekan. Ustozning hurmati-yu, o'quvchining izzatini ko'ring. Faqat bir shartni aytibdilarki, ustoz riyo va tamagirlik qilmasa, ustoz va talaba Alloh taolo, elu yurtim manfaati uchun xolis xizmat qilaman degan niyatda o'qisalar va ta'lim bersalar ajru mukofaati kattadir. Bu sharafli mas'uliyatga azaldan katta ahamiyat berib kelingan. Niyatni birinchi o'ringa ko'tarishgan. Ustozning niyati xolis bo'lib, talabalarga o'rnak bo'ladigan amalni qilsin. Shogirdlarini 
gunoh ishlardan qaytarib tursin, buning uchun o'zi amal qilsin. Aytganiga amal qilmasa, shogirdlarga so'zining ta'siri bo'lmaydi. Imom A'zam rahmatullohi alayhning oldiga bir odam o'g'ilchasini yetaklab keldi va : “Hurmatli ustoz! O'g'lim juda ko'p asal yeydi. Unga kamroq yegin desam, so'zimga quloq osmaydi, shunga bir nasihat qilib qo'ysangiz”, dedi. Imom A'zam hazratlari bir haftadan keyin kelishlarini ta'yinladi. Bir hafta o'tgach yana u zotning oldiga bolasini yetaklab keldi: Imom A'zam rahmatullohi alayh bolani boshini silab: “O'g'lim, ko'p asal yemagin! Asalni ko'p yemog'ing sog'ligingga zarardir”, dedilar. Bola: «Xo'p bo'ladi», dedi. Shunda uning otasi nihoyatda go'zal odob bilan, qo'lini ko'ksiga qo'yib (Ulug' insonlardan savol so'ralganda, ko'ziga tik boqilmaydi, ovoz ko'tarilmaydi, biroz bosh egilib, qo'l 
ko'ksiga qo'yilib, tavoze bilan so'raladi): “Hazrat, shu gapingizni nimagadir avval kelganimizda aytmadingiz?”, dedi past ovozda. “Chunki o'sha kuni o'zim, asal yegandim, o'zim asal yeb bolaga asal yemagin, desam gapimning ta'siri bo'lmasdi”, debdilar.
Ustoz bag'rikeng va kechirimli, shogirdlarining haqiga duo qiluvchi bo'ladi. Arzimas narsalarga jahli chiqmasligi, shogirdlaridan ko'ngli qolmasligi, ayniqsa, ularni duoi bad, qarg'ashdan o'zini tiymoqligi zarur. Zero, ota-ona kabi ustozning duosi ham radsiz qabul bo'ladi.
Shogird ustozning g'azabini keltiradigan, ranjitadigan ishlardan o'zini tiysin. Ustoz tomonidan berilgan vazifalarni a'lo darajada tayyorlab, ustozni xursand qilsin, chunki ustozlar shogirdlarining zukkoligi, vazifalarini o'z vaqtida bajarishi va odobini ko'rib xursand bo'ladilar. Ustoz shogirdining johillik botqog'idan, olimlik darajasiga ko'tarilayotganidan mamnun bo'ladi. Shogirdlar ilm dargohini bitirib ketsalarda, o'z ustozlarining ahvolidan xabar olib, ularning yaxshiligi, ustozlar sabab yetgan martabalarini izhor qilib, ustozlar foniy dunyoni tark etgan bo'lsalar, ularning haqiga duo 
qilib tursinlar.
Ustozlardan biri bemor bo'ldi. Ko'rgani bordik. Hol-ahvol so'rab turganimizda, bir odam xizmat qilib turdi. Suhbat asnosida bu kishining kimligiga ishorat qildik. Maqsadimizni anglagan ustoz: “Bu odamning otalari, otamning yaqinlaridan bo'lgan, bu yigit otamning orqasidan namozda iqtido qilgan va ozgina ta'lim olgan. Otam bilan otasining oshnaligi, otamdan ilm olganining hurmati uchun menga xizmat qilyapti”, dedi. Otalarining vafot etib ketganiga qirq yildan oshgan bo'lsada, ularga bunday ehtiromni ko'rib, hayrat barmog'imizni tishladik. Dunyoda mana shunday ustozlarning qadriga yetadigan, ularning duolarini oladigan, vafot etsa, hatto farzandlarini hurmatlaydigan, butun jahon tasanno 
deydigan ajoyib, odobli va sadoqatli xalqmiz. Xulqu odobning eng oliysini meros qoldirgan ajdod ustozlarimizni Alloh rahmat qilsin.
O'zimdagi yaxshi xislatlar uchun,
Xulqimdagi go'zal jihatlar uchun,
Ilm xazinasidagi hikmatlar uchun,
Minnatdorman ustoz, ming bor minnatdor.
Alloh taolo Qur'oni karimda: “Bilganlar bilan bilmaganlar barobar bo'ladilarmi?”, deb marhamat qilgan. Olim bilan johil, hunarli bilan hunarsiz, teng keladimi? Shu bois olimlari bilan dunyoga dong taratgan yurtimiz yoshlaridan aqlli, odobli va albatta baxtli yoshlar yetishib chiqadi. 
Yoshlarimizning baxti va saodati uchun jon kuydirib, mehnat qilib, bor ilm va iqtidorini ishga solayotgan ustozlarga omad tilaymiz. Bunday ulkan ishlarni qilishda Parvardigori olam barchamizga kuch-quvvat bersin. Jannatmakon yurtimizga ko'z tegmasin, tinchlik va xotirjamlik ne'mati bundan-da ziyoda bo'lsin. Yana bir bor barcha ustozlarni kasb bayrami, ustozlar va murabbiylar kuni bilan muborakbod etib, ularga sog'lik-salomatlik, ishlarida rivoj tilaymiz. Ilm talabida yurgan barcha o'quvchi va talabalarimizga baxt saodat, uzoq umr, ilmli, hayoli va albatta baxtli bo'lishini tilaymiz. 
Foniy dunyoni tark etgan ustozlarimizni Alloh rahmat qilsin.
Shu o'rinda marhum ustozlarni eslab, ularga Alloh taoloning rahmatlarini so'rab bir she'r bitgandikkim, bugungi qutlug' kunda barcha toliblar, o'quvchi yoshlar va maktablarda ustozlar ta'limini ko'rganlar, o'tib ketgan ustozlarini eslab haqlariga duolar qilsalar, nur ustiga nur bo'ladi.
Rivoyat qilinadiki bir odam to'y qilmoqchi bo'lib, ahli ilmlardan biriga to'yga aytilganlar ro'yxatini o'qib beribdi. Shunda olim: “Otangni mehmonga aytdingmi?”, debdi. Uning savolidan ajablangan yigit: “Otam o'tib ketgan bo'lsalar, ularni qanday mehmonga chaqiraman!”, debdi. “Otangning yaxshi amallarini eslab, xatmi Qur'on yoki kichik bir ehsoningda yaxshi ishlarini yod etib, duo qilishing mehmon qilganing bo'ladi”, debdi. Albatta yurtimizda keng nishonlanayotgan ustozlar va murabbiylar kunida, o'tgan ustozlarimizni eslab haqlariga duo qilishimiz ularning ruhini shod qiladi.

Download 17.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling