V bob. Nikohni qayd etish § Nikohni qayd etish tartibi, vaqti va joyi


Download 15.73 Kb.
Sana17.11.2021
Hajmi15.73 Kb.
#451121
Bog'liq
fuqaro biroz
1569220250, 8- mavzu, Aylanma kapital - Vikipediya(1), #DTM, 2 5256236772764943884, 2 5256236772764943884, 2 5395523498477094259, Kredit, ayol huquqlarini himoya qilish xalqaro andozalar va milliy qonunchilik (1), 4.11, vvvv, vvvv, handout 1.13- writing a short story review, 1580138803, 1-maruza (1)

V bob. Nikohni qayd etish

§ 1. Nikohni qayd etish tartibi, vaqti va joyi

72. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 14va 15-moddalariga muvofiq, nikohlanuvchilarning o‘zaro roziliklari va ularning nikoh yoshiga yetganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi.

Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda, alohida holatlarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi — emansipatsiya), nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra, nikoh tuzilganligini qayd etish joyidagi tuman, shahar hokimi tomonidan nikohga kirish yoshi bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga kamaytirilishi mumkin.

73. Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida belgilangan namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o‘tgach ulardan birining yashash joyidagi FHDY organi tomonidan qayd etiladi.

(73-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.

Bunda ellik yoshgacha nikoh tuzuvchi shaxslar OIV-infeksiyasi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan majburan o‘tishi kerak.

74. Alohida hollarda, istisno tariqasida (agar ota-onasi va nikohga kirayotgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasining turli hududlarida yoxud uning tashqarisida yashab turgan bo‘lsalar) nikohlanuvchi shaxslarning iltimosi va otasi yoki onasining yozma arizasiga ko‘ra nikoh ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDY organida ham qayd etilishi mumkin.

75. FHDY organi mudiri uzrli sabablar bo‘lganda hamda arizachilarning iltimoslariga ko‘ra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin.

Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi ma’lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar ko‘rsatiladi.

(75-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

76. Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek FHDY organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

77. Belgilangan namunadagi ariza nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida to‘ldiriladi va barcha savollarga aniq va to‘liq javoblar berilishi kerak. Ariza aniq, tushunarli dastxat bilan yozilishi lozim.

78. FHDY organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusida er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi va bir-birining salomatliklari to‘g‘risida va oilaviy ahvoli to‘g‘risida xabardor ekanliklariga ishonch hosil qilishi kerak.

Nikohlanuvchilar nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari to‘g‘risida ogohlantiriladi.

79. Agar nikoh tuzuvchi shaxslarning otalik belgilanmagan birgalikdagi bolalari bo‘lsa, u holda FHDY organi ularga otalikni belgilash tartibini tushuntirishi lozim.

80. Qonun nikohlanuvchi shaxslardan hatto bittasi ilgari qayd etilgan nikohda turgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzilishini taqiqlashi sababli arizani qabul qilish vaqtida FHDY organi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘yicha arizachilarning qonuniy nikohda turish-turmasligini tekshirib ko‘rishi kerak.

Ilgari nikohda bo‘lgan shaxs FHDY organiga avvalgi nikohi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak. Bu — nikohning bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma (nikohdan ajralganlik haqidagi ma’lumotnoma) yoki sud qarori, erning (xotinning) o‘limi haqidagi guvohnoma (o‘lim haqidagi ma’lumotnoma) va uning vafot etgan shaxs bilan tuzilgan nikohi haqidagi ma’lumotnoma yoxud sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi haqidagi qarori bo‘lishi mumkin.

(80-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonliqarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

81. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga muvofiq:

loaqal bittasi qayd qilingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida;

nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;

loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

82. FHDY organi nikohni qayd etish vaqtini belgilayotganda nikohdan o‘tuvchilardan uni tantanali vaziyatda, shu jumladan joyiga borgan holda o‘tkazilishiga roziligini aniqlashi lozim. Tantanali ravishda qayd qilish yoki joylarga chiqqan holda qayd qilish faqat nikoh tuzuvchilarning xohishlariga ko‘ra joyiga borgan holda o‘tkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindoshlari va tanishlari ishtirokida qayd etiladi. Nikohni qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar tomonidan belgilangan sonda guvohlar ishtirok etishi mumkin.

83. Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ya’ni pasport, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki harbiy bileti ko‘rsatilishi kerak.

84. Agar nikoh tuzishni xohlovchi harbiy xizmatchi nikohga kirish haqidagi arizani xizmatni o‘tayotgan joyida bersa, u holda tegishli harbiy qism yoki muassasa joylashgan manzil harbiy xizmatchining yashash joyi hisoblanadi.

85. Agar biron-bir sabab bilan nikoh tuzuvchilarning ikkalasi ayni bir vaqtda kelishi imkoniyati bo‘lmasa, u holda FHDY organiga arizani ulardan biri berishi mumkin, bu holda kela olmagan shaxsning imzosi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

86. Nikohga kirish haqidagi ariza arizalar hisobga olinadigan maxsus daftarda qayd etilishi kerak. Ariza maxsus daftarda qayd etilgandan so‘ng FHDY organi nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolari yig‘inini xabordor qilish uchun shu kunning o‘zida ma’lumotnoma taqdim etadi.

(86-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

87. Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. FHDY organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to‘g‘risida ularning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 13-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Nikohning ishonchnoma bo‘yicha yoki vakil orqali, shuningdek tibbiy tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma bo‘lmaganda qayd etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

FHDY organlari xodimlari nikohni qayd etish vaqtida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan shifokorlik sirlaridan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etganligi uchun belgilangan tartibda javob beradilar.

88. Nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDY organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh tuzilganligi shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda, nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida qayd qilinadi. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida bu haqda tegishli belgi kiritiladi.

89. Agar FHDY organiga ushbu Qoidalarning81-bandida ko‘rsatilgan holatlar mavjudligi haqida ariza tushgan bo‘lsa, nikohni qayd etish boshqa muddatga qoldiriladi. Bunda arizachiga belgilangan muddatda zarur dalillarni taqdim etish tavsiya qilinadi. FHDY organi manfaatdor shaxsning iltimosiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan zarur tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Nikohni qayd etish vaqti keyinga surilganligi haqida arizachilar xabardor qilinadi. Nikohni qayd etishga to‘siq bo‘luvchi qonuniy holatlar mavjud bo‘lganda FHDY organi uni qayd etishni rad qiladi. Agar mazkur ma’lumotlar tasdiqlanmasa, u holda nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan holatlarni tekshirish muddati uch oydan oshmasligi kerak.

90. Nikoh tuzilganligini qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra ikkalasidan birining familiyasini umumiy familiya sifatida tanlashlari yoki o‘zlarining nikohgacha bo‘lgan familiyalarida qolishlari mumkin.

Nikohlanuvchilar familiyalarining qo‘shilishi orqali hosil bo‘lgan familiya (masalan, kuyov Axmedov kelin Shuxratova, shunda kuyov Axmedov-Shuxratov kelin Axmedova-Shuxratova bo‘ladi) umumiy familiya sifatida tanlanishi mumkin.

(90-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroritahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

91. Er va xotinning pasportlariga yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlariga shtamp qo‘yiladi va nikohning tuzilgan vaqti va joyi, dalolatnoma yozuvi raqami, er (xotin)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili yozib qo‘yiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining nikohlari boshqa davlatning vakolatli organida qayd etilganida hamda nikoh qayd etilgandan keyin shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari-pasportlari almashtirilganda tegishli ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari tomonidan yozib qo‘yiladi.

(91-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi 189-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son)

92. Nikohlanuvchilardan biri er yoki xotinning familiyasini qabul qilsa, u holda pasportini bir oy ichida almashtirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi va pasportga bu haqda belgi qo‘yiladi.

(92-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroritahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)

Harbiy xizmatga majbur bo‘lgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchining nikohi qayd etilganligi sababli familiyasi o‘zgartirilganda FHDY organi 7 kun mobaynida bu haqda harbiy xizmatga majbur bo‘lgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchi ro‘yxatda turgan tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limiga xabar qiladi.

93. Nikohni qayd etganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

94. Nikoh tuzishning belgilangan qoidalari buzilganda, shuningdek g‘arazli maqsadni ko‘zlab tuzilgan nikoh sud qarori bilan haqiqiy emas deb topiladi.

Sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida FHDY organi nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga bu haqda belgi qo‘yadi va Agentlik boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi.



(94-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-sentabrdagi 767-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/767/1966-son)

Sobiq er yoki xotinning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlariga sud tomonidan xuddi shunday belgilar qo‘yiladi. Nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan hollarda nikoh tuzilganligi haqida takroriy guvohnoma berilmaydi.
Download 15.73 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling