Vatanga qasamyod


Download 14.91 Kb.
Sana15.02.2020
Hajmi14.91 Kb.

VATANGA QASAMYOD
O’zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risidagi qonunining 3-moddasiga 2019 yil 6 sentabrda o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilib, “Harbiy qasamyod” degan so’zlar “Vatanga qasamyod” degan so’zlar bilan almashtirildi va oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
Harbiy xizmatga birinchi marta chaqirilgan yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo’yicha) kirgan fuqarolar O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i oldida quyidagi mazmunda Vatanga qasamyod qabul qiladilar:
Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, davlatim timsoli bo‘lmish muqaddas bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarimning pok ruhlari oldida, vatanim oldidagi burchimni halol bajarishga bel bog‘lab, vijdonim, or-nomus va sha’nimni o‘rtaga qo‘yib:

O‘zbekiston Respublikasiga, xalqimga va Prezidentimga bir umr sodiq bo‘lishga, Vatanimning mustaqilligini, uning sarhadlarini, ona xalqimning tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarini so‘nggi nafasimgacha himoya qilishga, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli harakatlarga qarshi ayovsiz kurashishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, qonunlari va umumharbiy nizomlarga qat’iy amal qilishga, davlat va harbiy sirlarni saqlashga, Quruqlikda, suvda, havoda – har qanday sharoitda ham o‘z burchimni vijdonan bajarishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtimning yuksak ishonchini oqlashga tantanali ravishda qasamyod qilaman.

HARBIY QISMNING JANGOVAR BAYROG’I - HARBIY QADRIYAT, QAHRAMONLIK VA SHON-SHARAF RAMZI
O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining Jangovar bayrog’i harbiy sharaf, matonat va shon-shuhratining ramzidir.

Jangovar bayroq harbiy qismga u tuzilishi bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan topshiriladi. Jangovar bayroq qismning nomlanishi va raqamlanishi o’zgarishidan qat’iy nazar, hamma davrlarda harbiy qismning ixtiyorida saqlanadi. Harbiy qism nomlanishi va raqamlanishidagi o’zgarishlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Jangovar bayroq topshirish chog’ida beriladigan Yorlig’ida qayd etib o’tilgan.

Jangovar bayroq har doim o’z harbiy qismi bilan, jang maydonida esa, qism jangovar harakatlari rayonida bo’ladi. Qismning butun shaxsiy tarkibi jangda Jangovar bayroqni jon-jahdi va matonat bilan himoya qilishga va uning dushman tomonidan egallanishiga yo’l qo’ymaslikka majburdir. Jangovar bayroq yo’qotilganda harbiy qism komandiri va bunday sharmandalikka bevosita aybdor bo’lgan harbiy xizmatchilar harbiy sud oldida javobgar bo’ladilar, harbiy qism esa, tugatilishi kerak.

Tarixdan ma’lumki, urush harakatlari olib borilayotgan janglarda harbiy qismning Jangovar bayrog’i dushman qo’liga tushib qolmasligi uchun, butun jangchilar yuksak qahramonlik namunalarini ko’rsatib harbiy qismi jangovar bayroqlarini saqlab qolishda o’z jonlarini fido qilganlar. Hozirgi kunlarda Qurolli Kuchlarimiz jangchilari tinchlik hukm surgan davrda o’z qismlarining Jangovar bayroqlarini ishonch bilan qo’riqlab, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdagi muvaffaqiyatlarga erishishga yetaklamoqda. Jangovar bayroqni qo’riqlashda soqchi posti qo’yilmoqda, bu eng mas’uliyatli postlardan hisoblanib, a’lochi askarlarga ishonib topshirilmoqda.



Yoyilgan Jangovar bayroq ostida askar-matroslar, serjantlarni faxriy rag’batlantirish bilan fotosuratga olinmoqda.
Download 14.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling