Y. Hamrayeva O‘zbek va rus tillarining qiyosiy tipologiyasi (ma’ruzalar matni) Qarshi-2007


Download 0.58 Mb.
bet5/7
Sana01.10.2020
Hajmi0.58 Mb.
#132083
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
O‘zbek va rus tillarining qiyosiy tipologiyasi. (Ma’ruzalar matni) by Hamrayeva Y. (z-lib.org)


Ravish turkumi

Ravish harakat va holatning belgisini yoki belgining belgisini ko’rsatuvchi so’z turkumidir. Ravishlar o’zbek tilida ham, rus tilida ham ko’pincha fe‘lga bog’lanib, harakatning bajarilishidagi turli xil belgi va holatni anglatadi; gapda hol vazifasida keladi:

O’zbek tilida ham, rus tilida ham ravishlar anglatgan ma‘nosiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi:

Holat ravishlari (наречия образа действия): asta, sekin — медленно, тихо; tez, darrov, darhol — быстро, немедленно; arang, zo’rg’a — еле-еле; to’satdan — вдруг; qo’qqisdan, behosdan — внезапно; birga — вместе, совместно; do’stona — дружески kabi. Holat ravishlari rus tilida как? Каким образом? so’roqlariga javob bo’ladi.

O’rin ravishlari (наречия места): oldinga, olga — врерёд; nariga, u yerga — туда; u yoqqa, bu yoqqa — tuda i syuda; bu yerda, shu yerda — здесь; bu yerdan, shu yerdan — отсюда; har yerda, har qaerda — везле, всюду; allaqaerga — куда-то; allaqaerda — где-то; allaqaerdan — откуда-то kabi. Bunday ravishlar где? куда? откуда? so’roqlariga javob bo’ladi.

Payt ravishlari (наречия времени): hozir — сейчас; bugun — сегодня; endi — теперь; kecha — вчера; ertaga — завтра; doim, har vaqt, hamisha — всегда; oldin, avval — сначала, сперва; keyin, so’ngra — потом, затем kabi. Payt ravishlari когда? С каких пор? До каких пор? so’roqlariga javob bo’ladi.

Sabab va maqsad ravishlari (наречия причины и цели): noiloj, noilojlikdan, chorasizlikdan — невольно, поневоле; atayin, ataylab — нарочно; qasddan — назло kabi. Bunday ravishlar rus tilida зачем? почему? скакой целью? so‘roqlariga javob bo’ladi.

Miqdor-daraja ravishlari (наречия меры и сепени):— yana, tag’in — ещё; oz, kam, picha, oz-moz — мало, немного; ko’p, mo’l — много; qisman — частично; juda, g’oyat, eng — очень, весьма, вполне; sal-pal — чуть-чуть; haddan tashqari — чересчур, слишком kabi. Bu ravishlar сколько? в какой степени? so’roqlariga javob bo’ladi.

O’zbek tilida holat ravishlarining ko’pchiligida formal ko’rsatkich yo’q. Ravishlar, asosan, harakatning belgisini bildirib, gapda hol bo’lib keladi: U tez yurdi. Men ko’p ishladim kabi. Ammo ravishlar ba‘zan otga bog’lanib, gapda aniqlovchi bo’lishi ham mumkin: U tez odam. Hozirgi vaqtda ko’p mutaxassislar oliy ma‘lumotga ega.

Rus tilida holat ravishlarining -o, -e, -и kabi shakl ko’rsatkichi bor, ular shu ko’rsatkichlari bilan sifatdan farqlanib turadi: хороший (sifat)—хорошо (ravish), красивый (sifat)— красиво (ravish), искренний (sifat)—искренне (ra-vish), русский (sifat) —по-русски (ravish) kabi.

Rus tilida дважды, трижды kabi miqdor ravishlari (наречия меры) bor. O’zbek tilida bu xil ravishlar yo’q, shu sababli bunday ma‘no sanoq songa marta, karra kabi numerativ so’zlarni biriktirish bilan ifodalanadi.

Har ikki tilda ayrim ravishlar daraja kategoriyasiga ega: tez — быстро, sekin — медленно; tezroq—быстрее, sekinroq— медленнее kabi.

Rus tilida shaxssiz gaplarning kesimi vazifasida keluvchi maxsus ravishlar ham bo’lib, ularga холодно, тепло, радостоно, весело, трудно, стыдно, темно, тесно, можно, нельзя, пора, поздно kabilar kiradi. O’zbek tilida bunday ravishlarning ma‘nosi turli leksik va sintaktik vositalar yoki hatto shaxsli gaplar orqali beriladi: Сегодня тепло.— Bugun issiq. Здесь всем радостно.— Bu yerda hamma shodu xurram.

Rus tilida kesim o’rnida keluvchi ravishlar hozirgi, o’tgan va kelasi zamonda qo’llanishi mumkin. Hozirgi zamon shakli hech qanday bog’lovchisiz qo’llanadi: Сегодня холодно (Bugun sovuq). Во дворе шумно (Hovlida shovqin-suron). Гостям скучно (Mehmonlar zerikyapti) kabi.

O’tgan zamon formasi быть fe‘lining было shakli bilan birikib keladi: Вчера было тепло (Kecha issiq edi).

Rus tilida bo’lishsiz (inkor) ravishlar ни yuklamasini где, куда, откуда, сколько kabi so’zlarga qo’shish bilan yasaladi: нигде, никуда, ниоткуда, никогда. Bularning ma‘nolari o’zbek tilida qaerda, qaerga, qaerdan, qachon so’zlari oldidan hech so’zini keltirish bilan ifodalanadi: hech qaerda, hech qaerga, hech qaerdan, hech qachon kabi.

Rus tilida bo’lishsiz ravishlar gap tarkibida не bo’lishsiz yuklamasi bilan qo’llangan fe‘lga bog’lanadi: Мой отец нигде не был. — Otam hech qaerda bo’lmagan.

O’zbek tilida bunday bo’lishsiz ravishlarni morfologik yo’l bilan ifodalash imkoni yo’q.


Mavzuni mustahkamlash uchun

savol va topshiriqlar:
1. O‘zbek va rus tillaridagi olmoshlarga qiyosiy tavsif bering.

2. Ikki til olmoshlarining ma‘no turlari o’rtasidagi tafovutlarni tushuntiring.

3. Kishilik olmoshlarining ikki tilda turlanishini qiyoslang.

4. Ko‘rsatish olmoshlarining so’zlar bilan birikishidagi farqlarni tushuntiring.

5. Rus tilidagi sam, sebya, svoy so’zlari bilan o’zbek tilidagi o‘zlik olmoshi o’rtasidagi farqlarni aniqlang.


  1. Faqat rus tiliga xos bo’lgan egalik olmoshlarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapiring.

  2. O‘zbek va rus tilaridagi ravishlarning ma‘no turlariga qiyosiy tavsif bering.

  3. Rus tilidagi ravishlarni sifatlardan farqlab turuvchi qanday morfologik ko‘rsatkichlari bor?

  4. Rus tilida kesim vazifasida keluvchi ravishlar qanday zamonlarda qo‘llanadi?

  5. Rus tilidagi bo’lishsiz ravishlar qanday morfologik vositalar yordamida yasaladi?



Informatsion­uslubiy ta’minot,

tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Азизов О.А. Сопоставительная грамматика русского и узбекского языков. Морфология. T., 1966;

  1. Azizov O. Safaev A. Jamolxonov. O‘zbek va rus tillarining qiyosiy grammatikasi. T., 1986;

  2. Hamrayeva Y., Elmurodova L. O‘zbek va rus tillarining qiyosiy tipologiyasi. Qarshi: «Nasaf», 2007.

  3. Киссен И.А. Курс сопоставительной грамматики русского и узбекского языков. T.,1979;

  4. Кодухов В.Н. Введение в языкознание. M., 1979;

  5. Mengliev B., Abuzalova M. Shozirgi o’zbek adabiy tili. Morfemika. So’z yasalishi. Morfonologiya. Morfologiya. Qarshi, 2005.

  6. Ожегов С.И. Словарь русского языка. M.: «Русский язык», 1990.

  7. Rahmatullaev Sh. O‘zbek va rus tillarini qiyoslash. T., 1993;

  8. Rahmatullaev Sh. O‘zbek tilining etimologik lug’ati. T.,2000;

  9. Реформатский A.A. Введение в языковедение.M., 1967;

  10. Reshetov V.V., Reshetova L.V. Rus tili grammatikasi. Toshkent: «O‘qituvchi», 1968.

  11. O‘zbek tili grammatikasi. I tom. T.: «Fan», 1975.



8-Mavzu: O‘zbek va rus tillarida fe‘l

so’z turkumi

O‘zbek tilida ham, rus tilida ham eng murakkab so‘z turkumi hisoblangan fe’l harakat va holatni anglatadi. Har ikkala tilda ham Fe’llar anglatgan ma’nolari va vazifalariga ko‘ra ikki turga: o‘timli va o‘timsiz fe’llarga bo‘linadi. Fe’ldan anglashilgan harakat ta’sirining boshqa predmatga o‘tishini bildirgan fe’llar o‘timli (переходные глаголы) hisoblanadi. O‘zbek tilida o‘timli fe’llar tushum kelishigidagi so‘zlar bilan birikadi. Rus tilida ham bunday fe’lga bog‘lanib kelgan so‘z predlogsiz vinitelniy kelishigida bo‘ladi. Fe’ldan anglashilgan harakatning ta’siri to‘g‘ridan to‘g‘ri biron narsaga ko‘chmasa, bunday fe’l o‘timsiz (непереходные глаголы) deyiladi. O‘zbek tilida kimni? nimani? so‘rog‘iga javob bo‘lmaydigan fe’l o‘timsiz hisoblanadi. Rus tilida bunday fe’llar imenitelniy va vinitelniydan boshqa kelishiklarda kelgan ot va otlashgan so‘zlar bilan birikma hosil qiladi. Ammo ot yoki otlashgan so‘z predlogli vinitelniy kelishik shaklida bo‘lsa, u holda o‘timsiz fe’l bilan birikadi. Masalan: Я люблю школу. – Men maktabni sevaman (predlogsiz вин. падеж); Я иду в школу. – Men maktabga ketyapman (predlogli вин. падеж).

O‘zbek tilida ham, rus tilida ham fe‘l beshta kategoriyaga ega bo‘lib, zamon, mayl, nisbat, shaxs-son kategoriyalari har ikkala tilda ham mavjud. Biroq rus tilidagi vid (tur) kategoriyasi o‘zbekcha fe’llarga, bo‘lishli-bo‘lishsizlik kategoriyasi esa ruscha fe’llarga xos emas. Ammo zamon, mayl, nisbat, shaxs-son kategoriyalari qiyoslanayotgan ikki til uchun umumiy bo‘sa-da, ular yuzaga chiqish imkoniyatlari, morfologik xususiyati va sintaktik vazifalariga ko‘ra bir-biridan jiddiy farq qiladi. O‘zbek va rus tillaridagi ushbu kategoriyalar alohida-alohida qiyoslanganda, ular o‘rtasidagi farqlar aniq namoyon bo‘ladi.
Vid kategoriyasi
Rus tilining o‘zigagina xos bo‘lgan vid kategoriyasi turli affikslar (old qo‘shimchalar, qo‘shimchalar, fonetik o‘zgarishlar) yordamida yuzaga chiqadi hamda harakat va holatning davom etayotganligini, tamom bo‘lganligini, takrorlanishini, bir karra bo‘lib o‘tganligini anglatish uchun xizmat qiladi. Ushbu ma’nolarni ifodalashiga ko‘ra fe’llar несовершенный вид va совершенный вид kabi turlarga ajratiladi. V.V.Reshetov, O.Azizov kabi olimlar birinchi turdagi fe’llarni tugallanmagan tur, ikkinchisini esa tugallangan tur deb atashgan. Ammo bunday nomlanish unchalik ham o‘zini oqlamaydi. Binobarin, B этот момент я читал книгу (Men bu vaqtda kitob o‘qiyotgan edim); Cейсас я читаю книгу (Hozir men kitob o‘qiyapman) kabi gaplarda читать fe’li haqiqatan ham tugallanmagan harakatni, Я почитал книгу (Men kitob o‘qidim); Я прочитал книгу (Men kitobni o‘qib chiqdim) kabi gaplarda esa nihoyasiga yetgan harakatni ifodalamoqda. Ammo Ирода запела (Iroda kuylab yubordi); Воробьи зачирикали (Chumchuqlar sayray boshladi) gaplaridagi петь, чирикать fe’llarining совершенный вид shakli endi boshlanayotgan jarayonni anglatmoqda. Shuning uchun rus tilidagi fe’llar xususida so‘z yuritayotganda ruscha sovershenniy vid, nesovershenniy vid istilohlarini qo‘llash, bizningcha, maqsadga muvofiqdir.

Odatda rus tilidagi fe’llarning aksariyati nesovershenniy vid shaklida bo‘ladi. Fe’llarning sovershenniy vid shakli, asosan, nesovershenniy vid fe’llari oldidan turli pristavkalar (при-, про-, на-, с-, о-, по-, за-, в-, из-, от-, у-, до-, при-, пере-, раз- va h.k.)ni, ba’zan esa fe’l o‘zagiga ну- suffiksini qo‘shish orqali hosil qilinadi. Masalan, писать (yozmoq), написать (yozib bolmoq), записать (yozib olmoq) yoki толкать (itarmoq), толкнуть (itarib yubormoq), кричать (baqirmoq), крикнуть (baqirib yubormoq).

Bundan tashqari rus tilida fe’lning bu ikki shakli urg‘u yordamida ham bir-biridan farqlanishi mumkin: насыпатьнасыпать.

Fe’lning sovershenniy vid shaklini ыва, -ива suffikslari yordamida yana nesovershenniy vid shakliga aylantirish mumkin: закончитьзаканчивать, записатьзаписывать.

Ba’zan nesovershenniy vid fe’lining sovershenniy vid shakli suppletiv yo‘l bilan ham hosil bo‘lishi mumkin.

Nesovershenniy vid Sovershenniy vid



брать взять (olmoq)

говорить сказать (aytmoq, demoq)

класть положить (qoymoq)

ловить поймать (tutmoq)
O‘zbek tilida fe’llar odatda bu tarzda turlarga ajratilmaydi. Shuning uchun rus tilidagi sovershenniy va nesovershenniy vid fe’llari yordamida farqlanadigan ma’nolar o‘zbek tilida harakat tarzi shakllari orqali beriladi. Shuni ham e’tirof etish kerakki, harakat tarzi shakllari vid kategoriyasiga nisbatan semantik jihatdan boyroq hisoblanadi. Chunki ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmalari nafaqat tugallanganlik yoki takroriylik, balki davomiylik, qodirlik, sinash, kutilmaganlik, boshlanish, bir marta bajarish kabi bir qator qo‘shimcha ma’nolarni ham ifodalay olish xususiyatiga ega. Buni o‘zbek va rus tillarida birgina aytmoq fe’lini qiyoslash orqali isbotlash mumkin. Masalan: aytdi – сказал, aytib qoydi – сказал, ayta boshladi – начал говорить, ayta oldi – смог сказать, aytib berdi – рассказал, aytib soldi – сказал, aytib kordi – сказал, aytib chiqdi – сказал, aytib otdi – упомянул, aytib turdi – пересказывал, aytib tashladi – сказал, aytib boldi – рассказал.

Ko‘rib turganimizdek, ruscha fe’llardagi sovershenniy, nesovershenniy vid shakllari orqali yuqoridagi ma’nolarning hammasini ham yuzaga chiqarib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, biror matn o‘zbek tilidan rus tiliga tarjima qilinganda tarjimon ushbu ma’nolarning barchasini imkon qadar ifodalashga harakat qiladi, ammo bunda vid kategoriyasining o‘zi yetarli bo‘lmaganligi uchun tilning boshqa turli vositalaridan foydalanadi.

Rus tilida ham ko‘makchi va yetakchi fe’lli so‘z qo‘shilmalari bor bo‘lsa-da, ular o‘zbek tilidagidek ko‘p emas. Ikki tilda mavjud bunday qo‘shilmalarning bir-biridan farqi shundaki, o‘zbek tilida odatda avval –b (-ib), -a (-y) shaklidagi yetakchi, so‘ngra ko‘makchi fe’l kelib, tuslovchi affikslar ana shu keyingisiga qo‘shiladi. Rus tilida esa tuslangan ko‘makchi fe’l oldin, yetakchi fe’l keyin keladi va u infinitiv (o‘zgarmas) shaklda bo‘ladi. Masalan: Рустам стал изучать английский язык. – Rustam ingliz tilini organa boshladi; Гуля начала заниматься спортом – Guli sport bilan shugullana boshlad;i Мой друг продолжает жить на Юге – Mening dostim haligacha Janubda yashab yuribdi.

Rus tilida ham nesovershenniy vid fe’llarini sovershenniy vidga aylantirish jarayonida hosil qilinadigan ayrim ma’nolar bor bo‘lib, o‘zbek tilida ularni ifodalash uchun tilning boshqa vositalaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Masalan, подписать – ostiga yozmoq (imzo qoymoq manosida ishlatiladi), надписать – ustiga (sirtiga) yozmoq, дописать – oxirigacha yozib tugatmoq, недописать – oxirigacha yozishga ulgurolmay qolmoq.



Bo‘lishli-bo‘lishsizlik kategoriyasi
O‘zbekcha fe’llargagina xos bo‘lgan ushbu kategoriya fe’lga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlardan hisoblanadi. Chunki o‘zbek tilida har qanday fe’l bo‘lishli yoki bo‘lishsiz shaklda bo‘ladi.

Rus tilida inkor ma’nosini ifodalash uchun asosan не yuklamasidan foydalaniladi. Mazkur yuklama fe’ldan ajratib yoziladi, shuning uchun bu holat rus tilida fe’l kategoriyasi sirasiga kiritilmaydi. To‘g‘ri, rus tilida не yuklamasi bilan qo‘shib yosiladigan ayrim fe’llar ham yo‘q emas (mas. ненавидеть, негодовать, недомогать). Ammo ularni ushbu yuklamasiz umuman qo‘llab bo‘lmaydi. Bu so‘zlardagi не yuklama sifatida emas, balki old qo‘shimcha tarzida o‘zakka yopishib qolgan. Shu bois mazkur fe’llardan yasalgan ot ham ana shu old qo‘shimcha bilan qo‘llanadi. Masalan: ненависть (nafrat).

O‘zbek tilida bo‘lishsizlik (yoki) inkor ma’nosini ifodalovchi –ma affiksi rus tilidagi не yuklamasiga nisbatan qo‘llanish imkoniyati jihatidan va mazmunan boyroqdir. Chunki, birinchidan, -ma affiksi fe’lning deyarli barcha shakllarida inkorni ifodalsh uchun qo‘llana oladi. Ikkinchidan, harakat nomining ham bo‘lishsiz shaklini yasash uchun xizmat qiladi. Uchinchidan, turli ma’nolarni ifodalash uchun harakat tarzi shakllaridagi yetakchi fe’lga ham, ko‘makchi fe’lga ham, ba’zan bir vaqtning o‘zida har ikkalasiga ham qo‘shilishi mumkin. Bunda ifodalangan ma’nolar rus tilida turli vositalar yordamida beriladi. Masalan: yozmay qo‘ydi – перестал писать; yozib qo‘ymadi – не записал; yozmay qo‘ymaydi – обязательно напишет. Birinchi so‘z qo‘shilmasidagi inkor ma’nosi rus tilida стать yordamchi fe’l oldidan пере- pristavkasini qo‘yish yordamida hosil qilingan. Umuman olganda, o‘zbek tilidagi bo‘lishsiz fe’l+ qo‘ydi tarzidagi qo‘shilmalar rus tilida asosan shu vositalar bilan beriladi: bormay qo‘ydi (перестал ходить), o‘ylamay qo‘ydi (перестал думать), shug‘ullanmay qo‘ydi (перестал заниматься) va hokazo. Ikkinchi qo‘shilmadagi inkor ma’nosi birgina не yuklamasi yordamida berilgan bo‘lsa, uchinchisida bu vositalarning ikkalasi ham ishtirok etmagan. Chunki yozmay qo‘ymaydi qo‘shilmasining birinchi qismidagi inkorni ikkinchi qismdagi –ma affiksi inkor qilmoqda va bunda qat’iy bo‘lishlilik alohida ta’kidlanmoqda. Shu bois ushbu qo‘shilmaning to‘liq ma‘nosini berish uchun rus tilida обязательно(albatta) so‘zi ishtirok etmoqda. Rus tilidagi не yuklamasi bunday qo‘llanish imkoniyatlariga ega emas.
Harakat nomi va infinitiv
O‘zbek tilida fe’lning ma’lum bir vazifa uchun xoslangan shakllari mavjud bo‘lib, bular harakat nomi, sifatdosh va ravishdoshlardir. Fe’lga xos xuddi shu shakllar rus tilida ham mavjud, ammo ikki tildagi bunday birliklar ma’nosi va qo‘llanishiga ko‘ra bir-biridan ancha farq qiladi.

Ma’lumki, o‘zbek tilida harakat nomi tub yoki yasama fe’lga –moq; -sh



(-ish), -v (-uv) affikslaridan birini qo‘shish bilan yasaladi: yoz + moq=yozmoq, yoz +ish=yozish, yoz+ uv=yozuv va h.k. Fe’lning bu shakli ko‘proq otlik xususiyatiga ega bo‘lib, ish-harakatning bajarilish-bajarilmasligi, harakat-holatning nomi kabi ma’nolarni bildiradi, ya’ni harakat-holatni ataydi. Shuning uchun ham o‘zbek tilida u harakat nomi atamasini olgan.

Rus tilidagi fe‘lning infinitiv formasi -ть, -ти, -чь qo‘shimchalari bilan shakllanadi. Ularning ma’nosi o‘zbek tilida, asosan, -moq affiksi bilan yasalgan fe’l shakli orqali beriladi: мыть – yuvmoq; идти – bormoq; беречь – asramoq kabi.

Har ikkala til lug‘atlarida ham fe’llar ana shu shaklda beriladi. Ammo shuni e’tirof etish lozimki, o‘zbek tilida rus tilidagi infinitivga to‘liq mos keladigan fe‘l shakli yo‘q.

O‘zbek tilida harakat nomi ot o‘rnida qo‘llanib, otning barcha funksiyalarini bajara oladi. U otlashmaydi, balki o‘zi nom (atovchi) bo‘lgani sababli otga o‘xshab kelishiklar bo‘yicha turlanadi, egalik affiksalini oladi. Rus tilidagi infinitiv esa na turlanadi va na tuslanadi. U mutlaqo o‘zgarmas holda bo‘ladi. Shu bois, uni fe’lning noaniq shakli (неопределённая форма глагола) deb atashadi. O‘zbek tilida harakat nomi odatda nom sifatida nima? so‘rog‘iga javob bo‘ladi: Kattalarga gap qaytarish (nima?) mumkin emas. Sening yozuving (nimang?) chiroyli ekan.

Rus tilidagi infinitiv esa vid (tur)iga ko‘ra что делать? что сделать? so‘roqlariga javob bo‘ladi, ya’ni unda otlik emas, fe’llik xususiyatlari anglashilib turadi.

Avvalgi bo‘limda aytib o‘tganimizdek, rus tilida fe’llar ikki asos (negiz) dan iborat bo‘ladi: 1) infinitiv negizi; 2) hozirgi yoki sodda kelasi zamon negizi. Infinitivning negizini aniqlash uchun fe’ldan ть, -ти, -чь suffikslarini ajratish kerak. Masalan, жить so‘zining infinitiv asosi жи-, hozirgi zamon asosi esa жив- bo‘ladi: живу, живёшь, живёт, живём, живёте, живут.

Rus tilida fe‘lning infinitiv shakli quyidagi hollarda ishlatiladi:

1. Tuslangan holatdagi быть yordamchi fe‘li bilan nesovershenniy vid infinitiv shaklidagi yetakchi fe’l birga qo‘llanib, fe‘lning kelasi zamon murakkab shaklini hosil qiladi. Bunday fe’llarning ma’nosi o‘zbek tilida, asosan, fe’l­ning hozirgi-kelasi zamon shakli bilan beriladi: Я буду защищать Родину — Men Vatanimni himoya qilaman; Я буду изучать творчество Абу Насра Фараби. – Men Abu Nasr Forobiy asarlarini o‘rganaman.

2. Qo’shma fe’llar tarkibida kelib, harakatning boshlanishi, davom etishi yoki tugashini, harakatning bo‘lish-bo‘lmasligi, shuningdek, shaxsning istagini va boshqa tushunchalarni ifodalab keladi. Bularning ma’nosi o‘zbek ti­lida turli grammatik vositalar orqali beriladi: В нашем городе начали строить новые современные здания. – Shahrimizda yangi zamonaviy binolarni qura boshlashdi; Студенты решили поехать в Шахрисабз. – Talabalar Shahrisabzga borishga qaror qildilar. Я хочу стать преподавателем. – Men o‘qituvchi bo‘lishni xohlayman.

3. Rus tilida fe’lning infinitiv shakli нужен (нужно), должен (должно), необходимо, можно, нельзя kabi so‘zlar bilan birikib, shaxssiz gaplarning kesimi bo‘lib keladi. Bunday gaplar mazmuni o‘zbek tilida asosan ikki bosh bo‘lakli gap orqali beriladi: В транспорте курить нельзя.— Transportda chekish mumkin emas; Ребёнку необходимо спать.— Bola uxlashi lozim; Детям нужно заниматься спортом. – Bolalar sport bilan shug‘ullanishlari zarur; Студенты должны знать историю нашей страны. – Talabalar mamlakatimiz tarixini bilishlari kerak.

4. Rus tilida fe‘lning infinitiv shakli keskin buyruq topshiriq, qat’iy qaror ma’nolarini ham ifodalaydi. O‘zbek ti­lida bunday ma’nolar buyruq maylidagi fe’lning II shaxs shakli yoki majhul nisbatdagi fe’lning III shaxs shakli bilan ifodalanadi: Не курить! (Chekmang!), Встать! (Turing!), Не разговаривать! (Gaplashilmasin!) kabi. Ba’zan bir gapning o‘zida bunday so‘zlardan bir nechtasi ishlatilishi ham mumkin. Bunda gap tarkibida vergul yoki boshqa tinish belgilari qo‘yiladi va ular juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki birgina vergulning joyi o‘zgarishi bilan gapning mazmunu ham o‘zgarib ketadi. Masalan: Казнить, нельзя помиловать! (Qatl etilsin, shafqat qilish mumkin emas!); Казнить нельзя, помиловать! (Qatl etish mumkin emas, muruvvat ko‘rsatilsin!)


Download 0.58 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling