Yaxshi soʻz jon ozigʻi


Download 33 Kb.
Sana27.09.2020
Hajmi33 Kb.
#131532
Bog'liq
Yaxshi soʻz - jon ozigʻi.document


Yaxshi soʻz - jon ozigʻi

Har bir inson oʻz ona tilida toʻgʻri, tushunarli, chiroyli gapira olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz fikrini ifodalashda, suhbat chogʻida, biror mavzuda ma'ruza qilganda nutqiy madaniyat borasidagi bilimlari juda zarur boʻladi. Oʻzbek xalqi jamiyat taraqqiyoti va kishilarning oʻzaro aloqa qilishida nutq madaniyatining oʻrni, notiqlik sanʼati, kishilar oldida chiroyli soʻzlay bilish muammolariga alohida eʼtibor qaratgan. Buni biz oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalari, xususan, buyuk mutafakkir shoir Mir Alisher Navoiy asarlarida koʻrishimiz mumkin.

Alisher Navoiy soʻzlashish, qobiliyatiga oddiy hol deb baho bermaydi, chunki siz va uning mazmunini keng maʼnoda tushunish shoir uchun muhim ahamiyatga ega nutqiy jarayondir. Shu bois Alisher Navoiy unga alohida diqqat va eʼtibor qaratgan:

Senga berdi haq oncha lutfi mijoz,

Ki, ermas bu soʻzlar demak ehtiyoj.

Navoiy uchun asl soʻz - koʻngil oʻtidan sachragan soʻz. Yurak va aql yolqinini aks ettirmagan soʻzni shoir ishq va ma'rifat fayzidan mahrum deb biladi. Insonni soʻz tarbiyalaydi.

Navoiy merosini oʻrganar ekanmiz , notiqqa berilgan bir biridan aniq va ravshan taʼriflarni uchratamizki, ularning har biri qator maʼno nozikliklari, oʻzi anglayotgan tushunchaning tom manosini ifodalashi bilan ajralib turadi. Soʻz gavhariga behad sharaflar aytgan Navoiy ana shu gavharlarni zargarona taroshlab, ularni oʻz oʻrniga qoʻyib ishlata olgan kishilarga tasanno aytadi va kezi kelganda oʻzi ham shunday deydi:

Navoiy soʻz ayturda farzona boʻl,

Chu, bu ish boshingga tushdi, mardona boʻl

Navoiy ijodidagi soʻzlovchi tushunchasi qoʻshma soʻz , soʻz birikmalari, iboralar bilan namoyon boʻladi. Navoiy soʻzni sanʼat darajasiga koʻtarib, badiiy soʻzni ommaga yetkazuvchi kishilarni ifodalovchi til birliklarini oʻz asarlarida batafsil keltirib oʻtgan . Chunki, bu hodisa har qanday davr va har qanday sharoitda ham insoniyat madaniy hayoti uchun juda muhim va noyobdir.

"Yaxshi soʻz- jon ozigʻi" deydi dono xalqimiz. Shuning uchun ham har bir insonning yuragida soʻz zaxirasi boʻlmogʻi lozim. Inson maʼnaviy olamini ifoda qilishda soʻzlashuvning beqiyos oʻrni borligini eʼtirof etish bilan birga, har bir shaxsning oʻzi ham suhbatdoshiga ehtirom yuzasidan eng noyob soʻzlarni topib aytishi yaxshi fazilatlardan biridir. Alisher Navoiy insonlarni qoʻl choʻzib turgan odamga boylik, kumush bera olmasa ham, undan bir oʻgʻiz shirin soʻzni ayamaslikka chaqiradi:

Ganj berib boʻlmas ekan tutsa koʻz,

Ulcha qilur, vaqtida bir yaxshi soʻz.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, Alisher Navoiyning soʻzga bergan e'tibori yuksak darajada ekanligi, uning soʻz oldidagi burch va masʼullikni his qilganini shoir asarlaridagi har bir misradan sezish mumkin. Shuning uchun ham buyuk hazrat Alisher Navoiyning soʻzga nisbatan e'tirof etgan har bir fikri kelajak avlod uchun dasturilamal boʻlmogʻi zarur.

Namangan viloyati Norin tumanidagi

18-sonli maktabning onatili va



adabiyoti fani oʻqituvchisi:

Mamanova Matluba
Download 33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling