Yumor va " Donidhqishloq latifalari" haqida


Download 57.28 Kb.
Sana21.11.2020
Hajmi57.28 Kb.
#148962
Bog'liq
6 - amaliy yumor


Yumor va “ Donidhqishloq latifalari” haqida

    


|

Muhtaram Prezidentimizimiz taʼkidlaganlaridek, “Adabiyot, soʻz sanʼati azaldan xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi boʻlib keladi”. Shuning uchun ham mustaqillik yillarida mamlakatimizda adabiyotga, maʼnaviyatga eʼtibor kuchaytirildi. Buni yurtimizda maʼnaviyatimizning gʻoyat muhim va uzviy qismi boʻlgan adabiyotni rivojlantirish, shoir va yozuvchilarimizning ezgu mehnatini qadrlash va munosib ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin. Eng muhimi, badiiy adabiyotimiz mavzular koʻlami jihatidan ham, janrlar nuqtai nazaridan ham rang-barang boʻlib bormoqda. Jahon adabiyoti durdonalari bilan boʻylasha oladigan asarlar yaratilmoqda.



Shoir va yozuvchilarimiz hamda dramaturglarimiz bugungi avlodlarning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyati, zamondoshlarimiz maʼnaviy-ruhiy dunyosi, hayotga kirib kelayotgan va hal qiluvchi kuchga aylanayotgan yoshlarimizning pok orzu-intilishlari oʻzining teran badiiy ifodasini topgan yangi asarlari bilan xalqimizni quvontirmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, oʻzbek adabiyoti namoyondalarining asarlarida zamon nafasi ufurib turibdi. Oʻzbek adabiyoti eng jonli va taʼsirchan, ilgʻor, oʻtkir, badiiy yuksak adabiyotga aylanmoqda. Bunda shubhasiz, satirik asarlarning ham oʻrni beqiyosdir.

Maʼlumki, barcha yomon illatlarni, kamchilik va nuqsonlarni fosh etishda va ularga qarshi kurashishda, shu bilan birga, yaxshi narsalarni ulugʻlashda satira jamiyatda gʻoyat katta rol oʻynaydi.

Oʻz navbatida oʻzbek satirasi ildizlari ham uzoq oʻtmishga qarab ketadi. Oʻzbek xalqida satira va yumorning ilk namunalari dastlab xalq ogʻzaki ijodida paydo boʻlgan, keyinchalik taraqqiy etib va rivojlanib yozma adabiyotga kirib kelgan. Shunday qilib, satira folklordan, birinchi adabiy yodgorliklardan oʻtib, Navoiy, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Hoziq, Muqimiy va Zavqiylarning ijodlarida yaratildi va rivojlantirildi.

Oʻzbek satirasida Hamza, S. Ayniy, A. Qodiriy, Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, Soʻfizoda, A. Majidiy, Said Ahmad, X. Toʻxtaboyev kabi ijodkorlar yangi bosqichni boshlab berdilar.

Satirani inkor etib boʻlmaydi. Satirani inkor etuvchilar haqida Abdulla Qahhor shunday deb yozgan edi: “Satira oʻtiga uchragan kishi, – vijdoni boʻlsa, odamlarning yuziga qarolmaydi, vijdoni boʻlmasa, ogʻzidan koʻpik sochib, yozuvchining ketidan bolta koʻtarib yuguradi”. Holbuki, xalq satirani sevadi, haqiqiy satirik asarlarni oʻqib, maza qilib, hordiq chiqaradi, yayrab kuladi. Satirik hikoyalar, felʼetonlarni, masal va parodiyalarni, satirik qissa va romanlarni oʻqishni istamaydigan insonlar topilmasa kerak. Hamzaning “Maysaraning ishi”, Gʻ. Gʻulomning “Tirilgan murda”, “Shum bola”, E. Vohidovning “Oltin devor”, X. Toʻxtaboyevning “Sariq devning oʻlimi” kabi asarlari ana shunday asarlar sirasiga kiradi.

Oʻzbekiston Qahramoni, taniqli shoir Erkin Vohidov satira sohasida ham ajoyib namunalar yaratib, xalqni kuldirib kelayotgan ijodkorlardan. Misolga shoirning birgina xalqona syujet va xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan ilhom olib yozgan “Donishqishloq latifalari” va “Kulgi mushoiralari” sheʼriy turkumlarini olib koʻraylik. Bu sheʼrlar oʻzining teran mazmuni, keng mushohadasi, hayotiy hikmatlarga va kulgiga boyligi bilan alohida ajralib turadi.

Erkin Vohidov oʻz ijodida satiraga alohida eʼtibor qaratgan. Boisi shoir hayotda uchrab turadigan kamchilik va nuqsonlarga hech qachon befarq qarab tura olmagan. Buni uning “Kulgi mushoiralari” turkumida yaratilgan “Koʻchaman” sheʼrida ham koʻrishimiz mumkin. Ushbu sheʼr qarovsiz qolib ketgan, odamlar va transport qatnovida qiyinchilik tugʻdirayotgan koʻcha tilidan bayon qilingan. Sheʼrda shoʻrolarga xos boqibegʻamlik kabi illatlar qattiq tanqid ostiga olingan. Koʻcha tilidan shoir quyidagilarni bayon qiladi:

 

Koʻchamen der boʻlsam, evoh,

Koʻplar aylab ishtiboh.

Bilmadim, rost koʻchadurmen,

Yoki yolgʻon koʻchamen.

Achinarlisi, “qanchalarning koʻzlariga chang-gʻubor” toʻldirayotgan, “qanchalarning etigini tortib olgʻon” ushbu koʻchaga qaraydigan masʼul kishi yoʻq. Boisi ikki tuman oʻrtasida joylashgan bu koʻcha beparvolik, obodonlikka eʼtiborsizlik tufayli qarovsiz qolib ketgan. Shoir bundan afsuslanib koʻcha tilidan shunday deb yozadi:



Bir tomonim u rayonu

Bir tomonim bu rayon,

Boshligʻim koʻp, koʻp arosat –

qolgan koʻchamen.

Ayladi jarrohi gorgaz

Vohki, koʻksim chok-chok,

Kim qachon tikkay bu zahmim,

Mangu hayron koʻchamen.

Shoir yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor beradi. Yevropa madaniyatiga taqlid qilib, milliylikni unutganlarni qattiq tanqid ostiga oladi. E. Vohidovning satiraga moyil “Boshindadur” sheʼri fikrimizning dalilidir. Sheʼr quyidagi satrlar bilan boshlanadi:



Oʻn sakkiz ming olam oshubi

Padar boshindadir,

Ne ajab, chun oʻgʻli oning

Oʻn sakkiz yoshindadir.

Shundan soʻng shoir “nay misol shim kiygan,” sandiqdayin tuflisi bilan, “Hurpayib turgan savatdek” sochi boʻlgan bebosh moda qurboni ustidan kuladi. Bir zamon oʻzgalarning farzandi ustidan kulgan otaning boshi bugun egik, oʻgʻlining qilmishlaridan yerga kirib ketgudek uyaladi. Rahmat oʻrniga taʼna toshlari eshitgan ota dardini kimga aytishini bilmaydi. Shoir esa bu holatdan:



Yoʻq ajab, yoshlikda oʻgʻlin

Ota ardoqlab, suyib.

Erkalab boshiga qoʻydi,

Ul hamon boshindadir,

deya xulosa chiqaradi. Haqiqatan ham, Yevropa madaniyati deb hammaning kulgisiga qolgan, oʻzligini unutgan, millatimizga xos ish tutmagan bunday bebosh va odobsiz yoshlar yoʻq deysizmi? Bularning bari oiladagi tarbiyaga bogʻliq. Zero, xalqimiz “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, “Erkalatsa onasi, taltayadi bolasi” deb bejiz aytmagan. Shuning uchun ham E. Vohidov satira tigʻini ana shunday illatlarga qaratib, ota-onalarni ogohlikka daʼvat etadi.

E. Vohidovning “Nasihat”, “Manfaat falsafasi”, “Eski hammom, eski tos”, “Keksalik gashti” kabi sheʼrlari ham mavzuning dolzarbligi bilan oʻzbek hajviy sheʼriyati durdonalari hisoblanadi.

Erkin Vohidovning “Donishqishloq latifalari” turkumi ham oʻzining dolzarbligi, yumorga boyligi bilan eʼtiborga molikdir. Donishqishloqlik Matmusa hozirjavob va shu bilan birga oʻta ayyor ham. Bu turkum haqida E. Vohidov shunday deb yozadi: “Donishqishloq latifalari”ni oʻqib hamma kuladi. Vaholanki, men ularni alam bilan yozganman. Aql-idrokka zid, teskari ishlarimiz el boshiga gʻurbat keltirib yotgani sir emas-ku! Kosasi teskari qurilgan charxpalaklar kammi? Oʻzimiz yaratgan qoliplarni tandirday kiyib olib, yoʻlni koʻrolmay, osmonga qaragancha ketayotgan hollarimiz yoʻqmi?”

“Donishqishloq latifalari”ni oʻqisak, kengroq fikr qilsak, hammamiz katta Donishqishloqning minglab Matmusalariga oʻxshaymiz.

Matmusaning qishlogʻi, Matmusaning qalpogʻi, Matmusaning rassomlikka qiziqib qolishi, xullas, “Donishqishloq latifalari” turkumidagi qaysi sheʼrni olib koʻrmang, ularning har birida juda dolzarb mavzu qalamga olinganiga guvoh boʻlasiz.

Matmusaning qishlogʻiga shoir shunday taʼrif beradi:

Donishqishloq qayerda?

Oʻzimizning tomonda,

Oʻsha qishloq xalqidek

Dono xalq yoʻq jahonda,

Aql koʻplik qilsa, bosh

Yoriladi deb halak –

Boshlariga donishlar

Kiyib yurar chambarak.

Sodda demang ularni,

Ular sodda boʻlmaydi.

Kuldirsa ham sizlarni

Oʻzlari hech kulmaydi.

“Matmusaning uylanishi” sheʼrida oilaga bepisandlik bilan qarash, qizlar tarbiyasiga beparvo boʻlish shoʻro davridagi shaharliklar uchun qanchalar koʻngilsizliklar olib kelganligi qalamga olinadi. Sheʼrda hikoya qilinishicha, olis shaharga borgan Matmusa bir pari paykarni koʻrib sevib qoladi, u sanamga uylanib qishlogʻiga qaytadi. Biroq jononning oy-kuni yaqinligi maʼlum boʻladi. Hamma “Biz bir yilcha kutardik, Matmusaning xotini chiqib qoldi udarnik” deb barmoq tishlab qoladi. “Zarbdorlik”ning bu siri “Donishgazet” muxbirining xabari bilan hamma yoqqa yoyiladi. Oqibatda “Yangilikka – katta yoʻl!”, “Toʻqqiz oyni – uch oyda!” degan bemaʼni shiorlar paydo boʻladi. Matmusa esa hayʼatlarda “Biz undoq, biz bundoq” deb kekkayib oʻtiradigan boʻladi. Shoir bu bilan birov mehnatni qilib, boshqasi obroʻ olishi, qolaversa, bu uyatli holat jamiyatga zid ekanligini koʻra-bila turib uni tanqid qilish oʻrniga, bu koʻngilsiz holatga koʻnikib qolgan insonlar ustidan boplab kuladi.



Xullas, xalqona syujet va yumor asosiga qurilgan “Donishqishloq latifalari” turkumiga kirgan har bir sheʼrda ogʻriq nuqtalarimiz boʻlgan jiddiy muammolar tilga olinadi va keskin tanqid qilinadi. Bular shuni koʻrsatib turibdiki, shoir oʻzining bebaho lirikasi, “Oltin devor” kabi ichakuzdi dramalari bilangina emas, balki oʻzining satirik sheʼrlari bilan ham kitobxon qalbini zabt etdi va oʻzining yumorga boy asarlari bilan jamiyatimizdagi illatlarga qarshi faol kurashib kelmoqda.

 
Download 57.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling