Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Vissarion Belinskiy nihoyatda sarkash, oʻz qarashlarini nihoyatda qatʼiyat bilan himoya qiladigan, boʻysunmas inson boʻlib, oddiy soʻzlashuvda biroz tutilib, qiynalib gapirar ekan


Download 35.35 Kb.
Sana11.01.2022
Hajmi35.35 Kb.
#310183
Bog'liq
belinskiy
2 5228753311397579851, 2 5228753311397579851, 3-lecture Multimedia, 3-lecture Multimedia, 6-ma'ruza tekislikda to’g’ri chiziq tenglamalari va ularning tur, 6-ma'ruza tekislikda to’g’ri chiziq tenglamalari va ularning tur, 1-Laboratoriya ishi, 5 sinf Aralash sonlar dars ishlanma, Tabiat o'qitish metodikasi (1), Tabiat o'qitish metodikasi (1), Kompyuter tarmoqlari va unda ishlash, internet asoslari, elektro, Arxivlash va arxivlash dasturi, Kompyuter taqdimotlari. Microsoft Power Point dasturi, bosha-jelektron-resurslar (1)

Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Vissarion Belinskiy nihoyatda sarkash, oʻz qarashlarini nihoyatda qatʼiyat bilan himoya qiladigan, boʻysunmas inson boʻlib, oddiy soʻzlashuvda biroz tutilib, qiynalib gapirar ekan. Ammo biror jiddiy adabiy-estetik hodisa xususida soʻz ketsa koʻzlari yonib, ehtiros bilan sira tutilmasdan soatlab maʼruza qilishi mumkin ekan. Bu shundan dalolatki, u oʻzini hayoti mazmuniga aylangan adabiyot va sanʼat dunyosida mutloq hur va ozod his etgan…

Vissarion Grigoryevich Belinskiy umumjahon badiiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida hech mubolagʻasiz oʻziga xos oʻrin tutadigan mutafakkirdir. Garchi uni shoʻro davri qizil mafkura andozalariga solib, revolyusion demokrat sifatida taqdim etib kelgan boʻlsa-da, tarix Belinskiyni otashin munaqqid, mutafakkir sifatida baholash haqiqatini aytadi. Balki shu boisdir, bundan ikki yil muqaddam, yaʼni 2011 yilning iyun oyida butun Rossiya va dunyo ijtimoiy-adabiy jamoatchiligi Vissarion Belinskiyning 200 yillik tavallud sanasini keng nishonladi.

U 1811 yili harbiy flot vrachi boʻlib ishlagan Grigoriy Belinskiy xonadonida tavallud topdi. Otasi xizmatdan isteʼfoga chiqqach, oilasini Penza guberniyasiga koʻchirib keladi. Vissarionning yoshligi va dastlabki oʻqish yillari ana shu guberniyada kechadi. 1829–1832 yillari u Moskva universitetida oʻqiydi. Biroq dorilfununni yakunlamasdan “sogʻligʻining yomonligi va layoqatining cheklanganligi” sababli oʻqishdan haydaladi. Aslida esa Belinskiy Moskva senzura qoʻmitasiga oʻzining 1830 yilda yozgan “Dmitriy Kalinin” nomli romantik dramasini taqdim etganidan keyin shunday ahvol yuz bergan edi. Qoʻmita Moskva universitetining rektori boshchiligidagi professorlardan tarkib topgan boʻlib, krepostnoy ziyolining achchiq qismatidan hikoya qiluvchi asar ularga mutlaqo maʼqul boʻlmagan va uning muallifi oʻz talabalari boʻlganligi uchun hech ikkilanib oʻtirmay, uni talabalik safidan chiqarib yuborgan edilar. Shundan soʻng Belinskiy oʻsha davrda chiqib turgan “Teleskop” nomli jurnal tahririyati bilan hamkorlik qila boshlaydi. Mazkur jurnalda 1834 yili uning “Adabiy oʻylar” nomli birinchi tanqidiy maqolasi chop etiladi. Ana shu dastlabki maqoladayoq boʻlgʻusi tanqidchining eng muhim fazilatlari: tahlilga tortilayotgan asarlarga nisbatan talabchanlik, konseptuallik, har tomonlama asoslangan dadil fikr aytish xususiyati koʻrina boshlagan edi. Belinskiy uchun har qanday asarning qadr-qimmati avvalo, uning xalqchilligi bilan belgilanar edi. Bu aynan oddiy xalq hayotini tasvirlashni emas, balki “xalq gʻoyasi”ni ifodalashni taqozo etardi. “Xalq gʻoyasi” esa bu nimani va qanday tasvirlashdan qatʼi nazar birinchi navbatda oddiy xalq manfaatini nazarda tutish va uning kelajagi, ozodligi, farovonligi uchun kuyunish maslaklariga qaratilgan edi.

Belinskiyning dastlabki davrdagi tanqidiy metodi romantik, maʼlum maʼnoda, idealistik metod edi. Masalan, u oʻz davri rus sheʼriyatining atoqli namoyandalari Jukovskiy, Batyushkov ijodini tahlil qilar ekan, bu shoirlarga munosabat bildirish bilan bir qatorda ularni ulugʻ Pushkin sheʼriyatidagi ilk romantik bosqichni tayyorlagan shoir salaflari sifatida baholaydi.

1835 yili Belinskiyning “Rus qissalari va Gogolning povestlari haqida” (“Arabeski”, “Mirgorod”) nomli katta maqolasi eʼlon qilinadi. Bu munaqqid ijodidagi yangi bosqich edi. Agar avvalgi bosqichda xalqchillik gʻoyasi ilgari surilgan boʻlsa, keyingisida fikr hayotiy haqqoniylik gʻoyasiga qaratiladi. U endi “tasvir haqqoniy boʻlsa, demak xalqchildir” degan qatʼiy qarashdan kelib chiqadi. Shularga binoan Belinskiy adabiyotni ikki turga boʻladi. Xayoliy poeziya, yaʼni hayotni oʻz xayoliy ideallaridan kelib chiqib aks ettirish, va ikkinchisi, haqqoniy poeziya, yaʼni hayotni barcha murakkabligi va mohiyati bilan boricha aks ettirish. Aynan mana shu oʻrinda Belinskiy romantik metod bilan realistik metodning eng asosiy farqini belgilab beradi.

Belinskiy oʻz zamonasida garchi oʻnlab va balki yuzlab ijodkorlar qalam tebratayotgan boʻlsa-da, ularning orasida davrning eng muhim xususiyatlarini oʻzida mujassam etib, uni yuksak badiiyat bilan tasvirlay bilgan alohida asarlar va adiblarga eʼtiborini qaratadi. Shu maʼnoda Belinskiy uchun XIX asrning 20-yillarida Pushkin, 30-yillarida Gogol shunday hodisa boʻlib tuyuladi va tahlil qilinadi. 40-yillarning boshlarida u Lermontovni, 40-yillarning oʻrtalarida esa yana Pushkin ijodini ana shunday tom maʼnodagi ibrat namunasi sifatida talqin qiladi. Hayotining soʻnggi yillarida u yana Gogol ijodiga qaytadi. Yangi rus adabiyoti realistik yoʻnalishda rivojlanayotganligini, binobarin, Gogol barcha zamondoshlaridan koʻra hayotni haqqoniy, teran va badiiy mukammal tarzda tasvir eta olganini isbotlashga urinadi. Belinskiy uchun badiiyatning toʻrtta asosiy belgisi bor edi. Birinchisi – soddalik; ikkinchisi – hayotning mutlaq haqqoniyati; uchinchisi – xalqchillik; toʻrtinchisi – oʻziga xoslik (originallik). Munaqqid fikricha, ana shu fazilatlarning barchasi boshqalardan koʻra koʻproq Gogol ijodida mujassam boʻlgan edi. Ayni chogʻda u Gogolga xos boʻlgan yana shunday bir xususiyatni qayd etgan edi: “Chuqur qaygʻu va achinish ruhi bilan sugʻorilgan komik jonlilik”.

Oʻz vaqtida Belinskiy yorqin ehtirosli tanqidchi oʻlaroq Pushkinning, Gogolning va zamonasining boshqa atoqli zotlari nazariga tushgan edi. Pushkin uning dastlabki maqolalarini oʻqib eʼtirof etgan va hatto munaqqidni oʻzining “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnaliga taklif etmoqchi ham boʻlgan ekan. 1838–39 yillarda Belinskiy “Moskovskiy nablyudatel” (“Moskva kuzatuvchisi”) jurnalida hamkorlik qiladi. 1839 yilning kuzida u Peterburgga koʻchib kelib, “Otechestvenniʼe zapiski”, (“Vatan bitiklari”) jurnalining tanqid boʻlimini boshqara boshlaydi. Shu yerda uning “Borodino sanasi” (1839), “Mensel Gyote tanqidchisi” (1840), “Griboyedovning aqllilik balosi” (1840) maqolalari eʼlon qilinadi. M. Yu. Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” romani hamda “Sheʼrlar toʻplami” chop etilgach, munaqqid ikkita maqola – taqriz eʼlon qilib, yosh Lermontov ijodini teran va miqyosli tahlil etadi. U Lermontovga baho berar ekan, shoirni rus jamiyatining yorqin ijtimoiy-tarixiy sahifalari badiiy ifodasini topgan yangi sheʼriyat ijodkori sifatida ulugʻlaydi. Uni Pushkindan keyingi ulkan badiiy-estetik hodisa sifatida taʼriflaydi. Belinskiy 1841 yilda “Rus adabiyoti 1840 yilda” nomli maqolasini chop etadi. Va shundan boshlab har yili yillik adabiy-tanqidiy obzor maqolalar berish anʼanasini yaratadi. Munaqqidning eng katta tadqiqoti bu Pushkin ijodiga bagʻishlangan “Aleksandr Pushkin asarlari” (1843–1846) nomli 11 maqoladan iborat turkum boʻlib, unda rus adabiyotining Lomonosovdan boshlab, to Pushkingacha boʻlgan butun taraqqiyot jarayonlari tahlil etilib, soʻngra Aleksandr Sergeevich Pushkin ijodining eng buyuk namunalari, ayniqsa, “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romani batafsil tahlilga tortiladi.

Shoʻro davri Belinskiyni estet munaqqiddan koʻra koʻproq faqat ijtimoiy gʻoyaviylikni bosh maqsad qilgan gʻoyabozga aylantirib qoʻygan edi. Vaholanki, u Pushkin ijodini baholab yakuniy xulosa chiqarar ekan, shunday fikrni ilgari suradi: “Nafosat va insoniylik tuygʻusini rivojlantirish orqali insonni inson sifatida sharaflash Pushkin sheʼriyatining alohida oʻziga xos xususiyatlari hisoblanadi”.

Belinskiy “Otechestvenniʼe zapiski” jurnalidan boʻshagach, 1847 yildan boshlab “Sovremennik” jurnalining rahbarlaridan biriga aylanadi. Shu yerda u yuqorida eslatilgan adabiy obzorlarini, jumladan, “1847 yilgi rus adabiyotiga nazar” nomli ikki katta maqolasini eʼlon qiladi. Ana shu maqolalari misolida munaqqid oʻzi ehtiros bilan yoqlagan realistik va tarixiy metodning yuksak namunalarini yaratadi.

Vissarion  Grigorevich Belinskiy 1848 yili 37 yoshida sil kasalidan vafot etadi. U hech mubolagʻasiz oʻz davrida ham, undan keyin ham adabiy-estetik tafakkur rivojidagi eng eʼtiborli siymolardan biri boʻlib qoldi.



straxov 

Rus tanqidchiligiga xos bir jihatni payqadingizmi? Har bir benazir tanqidchimiz (Belinskiy, Grigorev) peshqadam adibga tayangan holda salohiyat kasb etgan, ya’ni butun ijodini ayni adib asarlarining talqiniga baxshida etgan va hayoti mobaynida fikr-mulohazalarining barchasini ayni adib asarlarini tahlil qilish asnosida bayon etgan. Bu xolisona va go‘yo zaruriy tarzda ro‘y bergan. Demoqchimanki, bizning tanqidchilarimiz azbaroyi ehtirom bilan munosabatda bo‘ladigan adib bilan hamjihatlikda o‘zligini namoyon etadi. Belinskiy adabiyotni va shoiru adiblar ijodini taftishdan o‘tkazish bahonasida emas, hatto Pushkin to‘g‘risidagi maqola bilan emas, balki aynan Gogolga tayanib, tanqidchi sifatida e’tirof qozondi. Darvoqe, u Gogolni o‘spirinligidayoq nihoyatda ardoqlagan. Grigorev esa Ostrovskiy asarlarining tahlili vositasida va uning ijodini himoya qilgan holda maydonga chiqdi. Sizni taniganimdan buyon Lev Tolstoyga bevosita, benihoya xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishingizdan xabarim bor. To‘g‘ri, “Zarya” jurnalidagi maqolangizni o‘qib, dastavval payqaganim shu bo‘ldiki, shunday maqola zarur edi va fikr-mulohazalaringizni bayon etish uchun faqat va faqat Lev Tolstoy ijodidan, xususan uning navbatdagi asaridan boshlashingiz talab qilinardi. (Lev Tolstoyning tarixiy fatalizmini Siz ham qo‘llab-quvvatlashingizni “Golos”da feleton muallifi qayd etgan. Bunday bema’ni malomatga, albatta, e’tibor berishning hech hojati yo‘q, lekin gap shundaki, ular bunday ohanjama fikrlaru tesha tegmagan iboralarni qay go‘rdan topishadi? Tarixiy fatalizm degani nimasi yana? Nima uchun aynan mutaassiblik va burnining tagidan narini ko‘ra olmaydigan chalamullalar shu darajada mavhum va sirli ifoda etadilarki, daf’atan anglab bo‘lmaydi! Axir, feleton muallifi qandaydir fikr bildirmoqchi bo‘lgan, Sizning maqolangizni esa, shubhasiz, o‘qigan.) Borodina jangi haqida mulohaza yuritar ekansiz, Tolstoyning ham,Tolstoy to‘g‘risidagi fikringiz mohiyatini ham bayon qilgansiz. Bundan ham ravshan fikr yuritish amrimahol bo‘lsa, ajab emas. Milliy, ruslarga xos tafakkur oshkora bayon etilgan. Ayni shu jihatni tushunishmagan va fatalizm tarzida talqin etishgan! Maqolaga oid boshqa mulohazalar borasida esa davomini kutyapman (men haligacha olganim yo‘q). Maromiga yetkazib yozilgan yorqin, mantiqan, qat’iy anglangan tafakkur. Lekin ayrim tafsilotlarga qo‘shila olmayman. Yuzma-yuz suhbatlashsak, maktubdagidan ko‘ra, albatta, o‘zgacha fikrlashgan bo‘lardik. Sirasini aytganda, men Sizni hozirgi tanqidchilarning kelajagi porloq yagona vakili, deb bilaman.
Bahslashishni xush ko‘rmaysizmi? Esiz. Bahsu munozara fikrni tushuntirishning favqulodda qulay usuli; shu bois mahalliy ommaning bahslashishga ixlosi katta. Deylik, Belinskiyning barcha maqolalari munozara tarzida yozilgan. Qolaversa, bahsu munozara vositasida muayyan jurnalga xos nuqtai nazarni bayon etish va uning e’tirofiga erishish mumkin. Ustiga-ustak munozaraga tobingiz yo‘qligi Sizga ziyon yetkazishi hech gap emas: Sizning lug‘aviy boyligingiz va bayon uslubingiz Grigorevnikiga nisbatan juda yaxshi. Nihoyatda ravshan; lekin doimiy xotirjamlik tusiga ega ekanligi bilan Sizning maqolalaringiz mavhumday taassurot paydo qiladi. Kerakli o‘rinlarida hayajonlanish ham, murosasizlik ham kerak, hatto dolzarb jihatlarni bandma-band ko‘zdan kechirish lozim. Bu maqolaga o‘ta muhim zaruriylik tusini beradi va o‘quvchini hayratlantiradi.
Men voqelikka (san’atdagi) o‘zgacha nuqtai nazardan qarayman va aksariyat fantastik va favqulodda tusga ega deb hisoblaydigan holatlarni odatiy holat, deb bilaman. Odatiy voqealar va ularga nisbatan siyqa munosabat, menimcha, realizm emas, hatto uning aksi. Gazetalarning har bir sonida o‘ta hayotiy va g‘oyat oqilona dalillarga oid hisobotlarni ko‘rasiz. Adiblarimiz uchun ular mo‘‘jiza; ular mazkur holatlar mohiyatini anglashni o‘ylab ham ko‘rmaydilar; xolbuki, ular chinakam voqelik, rad qilib bo‘lmaydigan hayotiy dalillar. Kim ularni payqaydi-yu, batafsil tushuntiradi? Ular favqulodda emas, balki oniy va kundalik tusga ega. Lekin adiblarimiz g‘oyalarining teranligi aynan g‘oyalari qamrovi tasvirida o‘z ifodasini topmasa, masalan, (Goncharov asarining qahramoni) Rayskiy kabi, bundan ne foyda? Rayskiy qanday siymo? Azaliy siyqa soxta rus kishisining timsoli; hammasini inson boshlaydi, katta niyatlar bilan ishga kirishadi-yu, hatto eng maydalarining ham uddasidan chiqa olmaydi. Ming yillik safsata! Sariq chaqaga ham arzimaydigan fikr, boz ustiga noto‘g‘ri! Belinskiyning shohidligida ruslarning fe’l-atvoriga nisbatan malomat. Voqelikni aks ettirishda ham nuqtai nazari o‘ta yuzaki va qabih. Faqat bir qoziq atrofida aylanadi. Bu tarzda butun voqelikni e’tibordan qochiramiz. Dalillarni kim qayd etadiyu, mohiyatini kim ko‘rsatib beradi? Turgenevning qissasi haqida gapirmayman: nimaligi faqat Xudoga ayon! Mening qalamimga mansub mo‘‘jizaviy “Telba” nimasi bilan chinakam hayot, boz ustiga odatiy turmush emas! Darvoqe, zamindan uzilgan jamiyatimiz toifalarida ayni shunday fe’l-atvor egalari aynan hozir bo‘lishi kerak, – mazkur toifalar haqiqatdan ham noyob bo‘lib borayotir. Ortiqcha gapga ne hojat! Romanning qator o‘rinlari shoshma-shosharlik bilan yozilgan, cho‘zilgan talay o‘rinlari risoladagidek emas, lekin muvaffaqiyatli chiqqan jihatlari ham bor. Men o‘z romanimni yoqlamoqchi emasman, balki ayni asar vositasida ilgari surilgan g‘oyani himoya qilmoqchiman. Fikringizni yozing, albatta yozing va imkon boricha oshkora yozing. Qancha ko‘p tanqid qilsangiz, Sizning samimiyatingizni shu qadar yuqori baholayman.
Download 35.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling