Shaxsning faolligi va yo‘naltirilganligi. Odam shaxs sifatida doim qandaydir faoliyatda bo‘ladi va ana shu turli-tuman faoliyatlarda shaxsning faolligi namoyon bo‘ladi. Shaxsning faolligi deganda biz odamning tevarak-atrofidagi tashqi muhitga ko‘rsatadigan ta’sirini tushunamiz. Tashqi muhit bilan faqat odamlargina emas, balki hayvonlar ham o‘zaro munosabatda bo‘ladilar. Lekin bu munosabatlar o‘rtasida keskin farq mavjud. Hayvonlar tevarak-atrofdagi tashqi muhitga passiv ravishda moslashib yashaydilar. Ular o‘z hayot faoliyatlarida tabiatdagi, ya’ni tashqi muhitdagi tayyor narsalardan foydalanadilar. Odam esa, tevarak-atrofidagi tashqi muhitga faol ta’sir qilib, uni o‘z irodasiga bo‘ysundiradi hamda o‘zgartirib, o‘z ehtiyojlarini qondirishga xizmat qildiradi. Odam shaxsining faolligi uning turli-tuman ehtiyojlarida, qiziqishlarida, yo‘nalishida, dunyoqarash va ishonche’tiqodlarida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |