Ikkinchi muhim faza esa taqsimot jarayonidir. Bu bosqichda, eng avvalo, ishlab chiqarish vositalari kapital va ishchi kuchi, tovar va xizmatlarning alohida turlari, ishlab chiqaruvchi tarmoqlar, sohalar, hududlar va nihoyat, korxonalar o`rtasida taqsimlanadi. Undan tashqari, ishlab chiqarish natijasi bo`lgan tovar va xizmatlar, ularning pul holidagi ko`rinishi bo`lgan daromadlar ham taqsimlanadi. Bunda ishlab chiqarish qanchalik rivojlangan bo`lsa taqsimlanadigan tovar va xizmatlar hajmi, binobarin daromadlar hajmi ham shuncha katta bo`ladi hamda daromadlar kishilarning qilgan mеhnatining miqdori va sifatiga yoki qo`shgan kapitalining (pul, ishlab chiqarish vositalarining) miqdoriga qarab ular o`rtasida taqsimlanadi. Taqsimot qancha adolatli va to`g`ri bo`lsa, ishlab chiqarishning yuksalishiga shuncha ijobiy ta’sir ko`rsatadi, uni rag`batlantiradi yoki aksincha.
Do'stlaringiz bilan baham: |