1. Antibiotiklarning keng qo’llanishi


Download 74.9 Kb.
Sana16.04.2023
Hajmi74.9 Kb.
#1361580
Bog'liq
Kasalxona ichi infeksiyalarining umumiy tasnifi


Kasalxona ichi infektsiyalari umumiy tavsifi. Gospital infektsiyalar etiologiyasi, epidemiologiyasi, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni olib borish. Kasalxona ichi infektsiyalarini aniqlashda laboratoriya tekshiruv usullarining axamiyati va infektsion nazorat.
Shifoxonalarda kasallik yuqishi natijasida namoyon bo’ladigan yuqumli kasalliklarga shifoxona ichi yuqumli kasalliklari (SHIYUK) deyiladi. SHIYUK bilan kasallanish natijasida bemorlarning shifoxonada yotish muddati uzayadi, bemorlarga sarflanadigan xarajatlar ko’payadi. Amerikalik olimlarning hisobiga ko’ra SHIYUK bilan kasallanish bemorlarga sarflanadigan xarajatlarni yiliga 5-10 mlrd. dollarga oshirar ekan. JSST ma’lumoti bo’yicha SHIYUK bilan shifoxonaga yotqizilganlar orasida o’lim darajasi, SHIYUK bilan kasallanmaganlarga nisbatan 10 barobar ko’p ekan. Shifoxona ichi yuqumli kasalliklarini obligat-patogen va shartli-patogen mikroblar chaqiradi. Bu kasalliklarning asosiy sababchisi shartli-patogen mikroorganizmlardir. Bular stafilokokk, streptokokk, esherixiya, viruslar va boshqalardir. Shifoxonalarda uchraydigan shartli-patogen mikroblar 2 ga bo’linadi: shifoxonadagi va shifoxona tashqarisidagi mikroblarga. Shifoxonadan tashqaridagi mikroorganizmlar shifoxonadagi turli xil omillar ta’sirida o’z xususiyatlarini o’zgartiradilar. Bu omillar quyidagilardir:
1. Antibiotiklarning keng qo’llanishi.
2. Shifoxonadagi bakteriya turlari va sonining ko’payib borishi.
3. Bemor immunitetining turli dori-darmonlar ta’sirida pasayishi.
4. Sanitariya rejimning buzilishi, bemorlarning tibbiyot xodimlari va tibbiy apparatlar bilan muloqotining ko’payishi. Bular natijasida mikroblarning shifoxonada joylashib qolishiga imkoniyat yaratiladi. Shifoxonalarda kasallik yuqishi turli xil muolajalar natijasida ro’y beradi. Bunda bakteriyalar faqatgina immuniteti past bo’lgan bemorlarda kasallik chaqirmasdan, balki immuniteti yuqori bo’lgan bemorlarda ham kasallik chaqirishi mumkin.
SHIYUK qo’zg’atuvchilari geterogen bo’lib, ular vaqt o’tishi davomida o’zgaruvchandir. Bu o’zgarishlar tez-tez bo’lib turadi, bunda mikroblarning ba’zi turlari yo’qolib boshqa turlari paydo bo’ladi. Shuning uchun ularga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun kasallik qo’zg’atuvchisining har bir turini chuqur o’rganish kerak.
SHIYUK paydo bo’lishining asosiy sabablari 2 ga bo’linadi:
Ob’ektiv va sub’ektiv sabablar.
Ob’ektiv sabablar:
1 .Zamon talabiga javob bermaydigan shifoxonalarning mavjudligi.
2. Stafilokokk bakteriya tashuvchiligiga qarshi samarali chora-tadbirlarning yo’qligi.
3. Shifoxonalarda bakteriologik laboratoriyalarning kamligi va ular faoliyati samaradorligining pastligi.
4. Tibbiyotda va chorvachilikda antabiotiklarning keng ishlatilishi.
5. Mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi.
6. Immuniteti past bo’lgan shaxslar sonining ko’payishi.
7. Tibbiy yordamga murojaat qiluvchilar sonining ortib borishi.
8. Operatsiyalar va tibbiy muolajalar turli xillarining ko’payishi va ularning murakkablashuvi.
Sub’ektiv sabablar:
1. Vrachlar va o’rta tibbiyot xodimlari profilaktik choralarni qo’llashga tayyorgarligining pastligi.
2. SHIYUKni o’rganish uchun amaliy qo’llanmalarning kamligi.
3. Sanitariya va epidemiologik nazoratning ko’ngildagidek emasligi.
4. Ayrim tibbiyot uskunalarini va apparatlarini sterilizatsiya qilish qiyinligi.
5. Bemorlar orasida va bemor bilan tibbiyot xodimi orasidagi muloqotning ko’payishi.
6. Tibbiyot xodimlari orasida bakteriya tashuvchilikning mavjudligi.
7. SHIYUKni hisobga olish va hisobot berishning ta’minlanmaganligi.
8. Davolash muassasalarining o’rta va kichik tibbiyot xodimlari bilan to’liq ta’minlanmaganligi.
9. Tibbiyot asboblarini sterilizatsiya va dezinfeksiya qilish sifatining pastligi.
10. Shifoxonalarda SHIYUK namoyon bo’lishini o’z vaktida DSENMga xabar bermaslik.
11. SHIYUK tarqalganligi haqida ko’pgina tibbiyot xodimlarining xabari yo’qligi.
Oxirgi bir necha yil davomida tug’ruqxonalarda turli xil toksikoseptik va yuqumli kasalliklar soni o’sib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan tug’ruqxonalarni sanitariya texnik ahvolining yomonligi, akusher-ginekologlar, chaqaloqlar pediatrlar, epidemiologlar, o’rta va kichik tibbiyot xodimlari tug’ruqxonalarni tashkil etish, chaqaloqlarga shoshilinch tez yordam ko’rsatish bo’yicha yetarli darajada tayyorlanmaganligi, sanitariya va epidemiologik hamda dezinfeksiya rejimining saqlanmasligidir. Bundan tashqari tug’ruqqa yordam muassasalari suv va kanalizatsiya bilan to’liq ta’minlanmagan, issiq suv yetarli emas, chaqaloqlar, chillalik va tug’ayotgan ayollar steril materiallar bilan ta’minlanishida uzilishlar bo’lib turadi.
Tibbiyot xodimlarining bakteriya tashuvchanlikka to’liq va o’z vaqtida tekshirilmasligi, bakteriya tashuvchilarining ishdan chetlatilmasligi, profilaktik tozalash ishlari sifatsiz va vaqtida qilinmasligi kabi omillar SHIYUK paydo bo’lishiga va tarqalishiga sabab bo’ladi.
Tug’ruqxona havosida bakteriyalarning me’yoridan ko’pligi, u yerda sanitariya va epidemiologik rejimning qo’pol ravishda buzilayotganini ko’rsatadi.
Epidemiologik tekshirishlarning ko’rsatishicha SHIYUKlarining asosiy etiologik omili bo’lib shartli-patogen bakteriyalar hisoblanadi, kasallik qo’zg’atuvchilarining manbai bo’lib chillalik ayollar va tibbiyot xodimlari hisoblanadi.
Shartli-patogen bakteriyalarning shifoxonalarda tarqalishining omillari bo’lib chaqaloqlar uchun tayyorlangan sterillanmagan suv, bog’lov materiallari, chillalik va tug’uvchi ayollar hamda tibbiyot xodimlarining shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmasligidir.
Tug’ruq muassasalarida yuqumli va toksiko-septik kasalliklarining oldini olish uchun yuqori tashkilotlar tomonidan mutaxassislarning ishchi guruhlari tuziladi. Bu ishchi guruhlarga akusher-ginekolog, pediatr, epidemiolog, sanitariya vrachi va yuqumli kasalliklar vrachi kiradi. Bu guruhlar tug’ruq muassasalarida sanitariya, epidemiologik va dezinfeksiya rejimining bajarilishini kuzatib borishadi. Bu rejimni buzish hollari sodir bo’lganda kasallikni yo’qotishga qaratilgan shoshilinch choralar ko’rish kerak.
Tug’ruqxona tekshirilganda asosan ayollarni ko’rish xonasi, tug’ish palatalari, chala tug’ilgan bolalar bo’limi, tuqqandan keyingi palatalar, bu xonalarning turli asbob uskunalar va jihozlar bilan ta’minlanganligi ko’riladi.
Har bir namoyon bo’lgan toksiko-septik, yiringli va yuqumli kasalliklarni yuqumli kasalliklar ro’yxati jurnaliga qayd qilinib, DSENMga shoshilinch xabar berish kerak, har oyda yuqoridagi tashkilotlarga hisobot berilishi kerak.
Tug’ruqxonalar tarkibida quyidagi xonalar bo’lishi kerak: tug’ish oldi palatasi, tug’ish palatasi, chaqaloqlarni yuvish xonasi, kirlarni vaqtinchalik saqlash xonasi, yo’ldoshni vaqtinchalik saqlash xonasi, tozalash buyumlarini saqlash xonasi. Ikkita tug’ish zali bo’lganda, ular galma-gal ishlatiladi. Har bir zal 1-2 kun davomida ishlatilishi kerak, so’ngra u yerda tozalash o’tkaziladi.
Tug’ish vaqtida ayolda sterillangan kiyim bo’lishi kerak, 1-marta ishlatiladigan doyalik yig’masidan foydalanish kerak. Chaqaloqlar uchun ishlatiladigan asboblar, pelyonkalar va boshqa materiallar ham steril bo’lishi shart. Yangi tug’ilgan chaqaloqlar uchun palataning hajmi har bir chaqaloqga 3,0 m2, chala tug’ilgan bolalar uchun 4,5 m2 bo’lishi kerak.
Har oyda tug’ruqxonaning epidemiologik holati haqida tuman tibbiyot kengashida axborot beriladi, topilgan kamchiliklar yuzasidan ko’rilgan chora-tadbirlar tahlil qilinadi. Har bir namoyon bo’lgan toksiko-septik va yuqumli kasallik haqida yuqoridagi tashkilotlarga xabar berish zarur. Tashkil etilgan ishchi guruh tug’ruqxonalar ustidan nazorat qilib boradi, kamchiliklar topilganda tibbiyot kengashida muhokama qilinadi va chora-tadbirlar ko’riladi, tug’ruq muassasalarini profilaktik tozalash grafigi ishlab chiqiladi. Moslashtirilgan tug’ruq muassasalarida profilaktik tozalash 2 oyda 1-marta yoki 3 oyda 1-marta o’tkaziladi. Buning oldidan tug’ruqxona 7-kunga butunlay bo’shatiladi va chaqirtirilgan dezinfeksiya brigada hamma xonalarning oynalari, devorlari, eshiklarini va boshqa joylarni ishlovdan chiqaradi. Shifoxonada yiringli kasalliklar va operatsiyadan keyingi asoratlar paydo bo’lishining asosiy qo’zg’atuvchisi patogen stafilokokkdir. Jarrohlik bo’limida kasallik manbai bo’lib bemorlar va tibbiyot xodimlari orasidagi patogen stafilokokk tashuvchilar va yiringli kasalliklar bilan og’riydigan bemorlar hisoblanadi. Stafilokokk bakteriyasi quyosh nuri ta’sirida 4-5 soatdan keyin o’ladi, turli kimyoviy moddalarga chidamsizdir, ular asosan havo-tomchi va muloqot yo’li bilan yuqadi.
Shuning uchun operatsiyadan keyingi asoratlarning oldini olishning asosiy yo’li bu sanitariya-gigiyena chora-tadbirlarini qo’llashdir. Bunda asosiy e’tibor kasallik manbasini va yuqtirish omillarini zararsizlantirishga qaratilmog’i kerak. Jarrohlik zallarida bakteriosid lampalar va bakteriosid filtr o’rnatilgan ventilyatsiya bo’lishi shart.
Jarrohlik bo’limida havodagi bakteriyalar sonini kamaytirish uchun havo tozalagichlar bo’lishi kerak. Yiringli va toza jarrohlik xonalari alohida bo’lishi shart, bo’lmasa yiringli operaciyalar uchun alohida kun belgilanishi kerak.
Jarrohlar, jarrohlik hamshiralari va operatsiyada ishtirok etadigan barcha shaxslar, jarroh xonasiga kirishdan oldin barcha kerakli sanitariya-gigiyenik qoidalarni bajarishlari lozim, operatsiya uchun kerak bo’ladigan barcha uskunalar zararsizlantirilgan bo’lishi shart. Ish latilgan uskunalar va bog’lov materiallari alohida idishga yig’iladi. Yiringli va toza bog’lov xonalarini ajratish zarur, agar bog’lov xonasi 1 ta bo’lsa, u holda yiringli bog’lovlar toza bog’lovlardan so’ng o’tkaziladi, keyin esa xona va asboblar zararsizlantiriladi. Bog’lov xonalarida ishlovchi vrachlar, hamshiralar xalat, maska va qalpoqlarini har kuni almashtirishlari zarur, bog’lovdan so’ng qo’llarini zararsizlantirishlari shart. Jarrohlik bloklari, operatsiyadan keyingi palatalar, bog’lov xonalari, reanimatsiya bo’limi kuniga 2-marotaba dezinfeksiyalovchi suyuqlik bilan artilishi shart. Jarrohlik bloki va bog’lov xonalarida haftasiga 1-marotaba umumiy tozalash o’tkazilishi kerak.Hozirgi vaqtda shifoxonalarda salmonellyozlar namoyon bo’lishi kuzatilmoqda. Bu kasallik asosan bolalar shifoxonalarida, tug’ruq muassasalarida namoyon bo’lmoqda. Bunga asosiy sabab epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarga rioya qilmaslik va sanitariya-gigiyenik qoidalarni buzish hisoblanadi.Shifoxonalarda salmonellyoz bilan kasallanishda asosan salmonella tifimurium serovarining "Gospital shtammlari" chaqirmoqda. Bu serovar asosan odamlar orasida maishiy-muloqot yo’li bilan tarqaladi, antibiotiklarga va dezinfeksiyalovchi moddalarga chidamli bo’ladi.
Salmonellalar shifoxonaga turli yo’llar bilan tushadi. Asosan shifoxonaga ich buzilishi bilan kelgan bemor orqali, bolalarni parvarish qilayotgan onalar orqali hamda tibbiyot xodimlari orqali tushishi mumkin.
Shifoxonaga tushgan bakteriyalar antibiotiklar va turli xil dezinfektantlar ta’siriga chidamli shifoxonaning yangi shtammlariga aylanadi va ular maishiy muloqot yo’li orqali boshqa bemorlarga tarqalishi mumkin. Bunda tibbiy xodimlarning bemorlarni parvarish qilishga alohida e’tibor berish kerak. Tibbiy xodimlar parvarish vaqtida salmonellalarni qo’llari, xalatlari yordamida tarqatadilar, ya’ni bir bemorni ko’zdan kechirgandan so’ng qo’llarini zararsizlantirmasdan boshqa bemorni parvarish qilishga o’tadilar. Bolalarni parvarish qilayotgan onalar ham boshqa bemorlar bilan muloqotda bo’ladilar va ular ham bakteriyalarni tarqatishlari mumkin.
Referat
Mavzu: Kasalxona ichi infeksiyalarining umumiy tasnifi.Xirurgiya soxasi infeksiyalari, siydik chiqarish va qon aylanish tizimi infeksiyalari. Nazokomial pnevmaniyalar. Kasalxona ichi salmonellyozlari. Epidemiologiyasi va epidemiyaga qarshi chora tadbirlar.

Bajardi:Rajabova S.


Tekshirdi:____________________
Download 74.9 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling