14-modda. Davlatga taalluqli bo‘lmagan idoralar va fuqarolarni yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishga jalb etish
Yoshlarning jamoat uyushmalarini, boshqa davlatga taalluqli bo‘lmagan tashkilotlarni yoshlarga ijtimoiy jihatdan yordam ko‘rsatish borasidagi faoliyatga jalb etish xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ijroiya idoralari, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari bo‘yicha davlat Kengashi va respublikaning boshqa idoralari bilan shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi. Shartnoma yoshlarning talab-ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyatning turi va mazmuni, tomonlarning majburiyatlari bo‘yicha ko‘rsatiladigan moliyaviy yoki moddiy yordamning shartlari belgilanadi.
(14-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
15-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini iqtisodiy ta’minlash
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi tadbirlarni pul bilan ta’minlash budjetlar, yoshlar jamg‘armasi va boshqa jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Quyidagilar respublika budjeti va mahalliy budjetlar, shuningdek respublika jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlanadi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi respublikaning kompleks va aniq maqsadli dasturlari;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni hal etishni jadallashtirishga qaratilgan, aniq maqsadlar uchun qilinadigan xarajatlar;
yoshlar jamoat tashkilotlarining ijtimoiy jihatdan muhim bo‘lgan dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinadigan xarajatlar;
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari bo‘yicha davlat Kengashi va unga bo‘ysunuvchi muassasalarni ta’minlashga ketadigan xarajatlar;
O‘zbekiston Respublikasi tuzgan shartnomalarga muvofiq yoshlarning mintaqalararo miqyosda va xalqaro aloqalarni amalga oshirish uchun qilinadigan xarajatlar;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan yosh fuqarolarni ijtimoiy ta’minlashning kafolatlangan umumdavlat minimumiga qilinadigan xarajatlar;
voyaga yetmagan fuqarolarga kompensatsiya to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |