70-modda. Sud raisini, rais o‘rinbosarini lavozimga saylash va tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, rais o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi.
Viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi, rais o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bilan kelishib olingan xulosasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan saylanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tayinlanadi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud raisi, rais o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
71-modda. Sudyaning vakolatlari muddati va uni hisoblash tartibi
Sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi o‘n yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.
Sudyaning vakolatlari muddati uning sudyalik lavozimida bo‘lgan umumiy stajidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi yetmish yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun — oltmish besh yoshni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi o‘zining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan besh yilgacha, boshqa sudlar sudyasining yoshi esa O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan xuddi shunday besh yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Sudya qonunchilikka muvofiq pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |