3-modda. Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari
Fuqarolik qonunchiligi ushbu Kodeksdan, ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Boshqa qonunlar va qonunchilik hujjatlaridagi fuqarolik qonunchiligi normalari ushbu Kodeksga mos bo‘lishi shart.
Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishi mumkin.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 — 31-moddalari, mazkur Kodeksning 1-2, 4 — 7-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Fuqarolik qonunchiligining vaqt bo‘yicha amal qilishi
Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi.
Fuqarolik qonunchiligi hujjati amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlar bo‘yicha bu qonunchilik hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va burchlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy bo‘lgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan bo‘lsa, tuzilgan shartnomaning shartlari o‘z kuchini saqlab qoladi, bundan qonunning avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi munosabatlarga tatbiq etilishi ko‘rsatilgan hollar mustasno.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 1 — 3, 5 — 7-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |