1. Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat mukofotlari. Faxriy unvonlar. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar
Download 27.6 Kb.
|
PQ-3402 21.11.2017
[OKOZ: 1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.20.00.00 Davlat mukofotlari. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar] [TSZ: 1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat mukofotlari. Faxriy unvonlar. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar. Davlat mukofotlari va boshqa mukofotlar] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-sonli Farmoniga muvofiq “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilganligi munosabati bilan mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lgan, mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega mard o‘g‘lonlarimizni tarbiyalash hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, shijoatli va fidoyi yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida: 1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili “Yoshlar kuni” arafasida topshirish haqidagi taklifi ma’qullansin. 2. Belgilab qo‘yilsinki: “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi; “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga talabgorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning natijalariga ko‘ra Komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritiladi; “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi; Oldingi tahrirga qarang. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida belgilanadi; (2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son) “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar. 3. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 4. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Oldingi tahrirga qarang. 5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini berish, uning ko‘krak nishonlari va diplomlarini tayyorlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan tegishli mablag‘larni ajratsin. (5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son) 6. Komissiya bir oy muddatda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin. 8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q. Kuranbayev zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV Toshkent sh., 2017-yil 21-noyabr, PQ-3402-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-sonli qaroriga 1-ILOVA “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti to‘g‘risidagi NIZOM 1. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti (keyingi o‘rinlarda — Davlat mukofoti) o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. 2. Davlat mukofoti har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 ta beriladi. Davlat mukofoti bilan taqdirlash har yili “Yoshlar kuni” arafasida amalga oshiriladi. Oldingi tahrirga qarang. 3. Davlat mukofotiga talabgorlar bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiyaga (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport muassasalari va boshqa tashkilotlarning takliflariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomalari asosida kiritiladi. (3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son) Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tarkibidan hamda harbiylashtirilgan o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yigitlar orasidan tavsiya etilayotgan talabgorlar bo‘yicha takliflar Komissiyaga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining taqdimnomalari asosida kiritiladi. 4. Talabgorlarning hujjatlarini rasmiylashtirish, taqdim etish va ularni tanlash Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi. 5. Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlarga ko‘krak nishonlari va belgilangan namunadagi diplomlar tantanali vaziyatda topshiriladi. Oldingi tahrirga qarang. 6. Davlat mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida belgilanadi. (6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son) Davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi. Davlat mukofoti sohiblari qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan boshqa imtiyozlardan foydalanadi. 7. Davlat mukofotining ko‘krak nishoni ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi. 8. Davlat mukofoti takroran berilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-sonli qaroriga 2-ILOVA “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ko‘krak nishonining TAVSIFI “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotining ko‘krak nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va sakkiz qirrali bo‘rtma yulduz shaklida bo‘ladi. Yulduzning har bir qirrasi oltita bo‘rtma nurlardan tashkil topgan bo‘lib, nurlarning qarama-qarshi uchlari oralig‘i — 38 millimetr. Ko‘krak nishonining o‘rta qismi diametri 25 millimetr bo‘lgan doira shaklidagi bo‘rtma gardish bilan o‘ralgan. Doiraning markazida, ko‘tarilayotgan quyosh nurlari fonida vatanparvarlik va jasorat timsoli sifatida tulpor ustidagi mard o‘g‘lon tasviri hamda yurtimizning go‘zal va betakror tabiatini ifodalovchi ulug‘vor tog‘lar, ikki daryo va ko‘rkam vodiylar aks ettirilgan. Suvoriy tasvirining yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining hilpirab turgan, rangli emaldan ishlangan tasviri mavjud. Ko‘krak nishonining pastki qismida aylana bo‘ylab ikkita sakkiz qirrali yulduz oralig‘ida “MARD OʻGʻLON” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi 1,8 millimetr. Ko‘krak nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Ko‘krak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ulangan. Qadag‘ichning bo‘yi — 16 millimetr, eni — 25 millimetrdan iborat. Qadag‘ich eni 22 millimetrli ko‘k rangli shoyi lenta bilan qoplangan bo‘lib, lentaning chetlaridan 1 millimetr masofada eni 2 millimetr bo‘lgan ikkita oq rangli vertikal yo‘l o‘tgan. Oq rangli yo‘llar o‘rtasidagi oraliq 1 millimetrni tashkil etadi. Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2017-y., 07/17/3402/0285-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son) Download 27.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling