1. Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati


Download 25.58 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi25.58 Kb.
#191436
Bog'liq
1861-III 27.07.2018




[OKOZ:

1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi;

2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.18.00.00 Jamoatchilik nazorati;

3.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.06.00.00 O‘rmonlar va o‘rmon fondiga kirmaydigan o‘simlik dunyosidan foydalanish va muhofaza qilish / 11.06.04.00 O‘rmondan va o‘rmon fondiga kirmaydigan o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish / 11.06.04.01 Umumiy qoidalar. Daraxt va butazorlarni kesish]

[TSZ:

1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati;

2.Tabiiy resurslar / O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining

Qarori

“Mening fikrim” veb-portali orqali “Shahar va qishloq hududlarida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish to‘g‘risida”gi elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga “Mening fikrim” veb-portali orqali “Shahar va qishloqlar hududida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish to‘g‘risida”gi elektron jamoaviy murojaat (bundan buyon matnda elektron jamoaviy murojaat deb yuritiladi) kelib tushdi. Elektron jamoaviy murojaatda shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlarni noqonuniy kesishning oldini olish, kesishga ruxsatnomalar berish tartib-taomilini takomillashtirish, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish haqidagi takliflar bayon etilgan.



Mazkur elektron jamoaviy murojaat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar va ekspertlarni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda atrof-muhitni, shu jumladan o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasiga doir 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

“O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 255-sonli qarori; O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018-yil 19-iyundagi 4-sonli hamda Toshkent shahar hokimining 2018-yil 21-iyundagi “Toshkent shahri hududidagi mavjud manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishini oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlab qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi 937-sonli qo‘shma qarori normativ-huquqiy hujjatlar jumlasiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi, yuridik va jismoniy shaxslarga o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar berishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018-yil 18-iyundagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga xulosa berish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 194-sonli buyrug‘i asosida daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma olish jarayonlarini qo‘mitaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Elektron jamoaviy murojaatda daraxtlarni kesishga ikki oylik taqiq joriy etish to‘g‘risidagi masala ko‘tarilgan. Biroq buni amalda qo‘llashning imkoni yo‘q. Chunki daraxtlarni kesishga cheklov o‘rnatish bo‘yicha xalqaro amaliyot va ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kasallangan hamda zararlangan daraxtlarning o‘z vaqtida kesib tashlanmasligi turli kasalliklarga va zararkunandalarning tarqalishiga olib kelishi, bu esa boshqa daraxtlarning zararlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasidan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berish vakolatini olib tashlash ham ijobiy natija bermaydi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 100-moddasiga asosan mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhim vazifalaridan biridir.

Qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalarni faqat O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xulosasi asosida berishi mumkin.

Bugungi kunda qonun hujjatlarida huquqbuzarlik va jinoyat quroli hisoblangan ashyoviy dalillarni musodara qilishning huquqiy asoslari belgilangan. O‘simlik dunyosini muhofaza qilish, sohadagi huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli elektron jamoaviy murojaatda taklif etilayotgan sohada bir-birining vazifalarini takrorlovchi alohida vakolatli organni tashkil etishga ehtiyoj yo‘q.

Bundan tashqari, shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlar hamda butalarni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek mavjud huquqiy baza ularni to‘laqonli muhofaza qilish, takror yetishtirish va ularning noqonuniy kesilishining oldini olish uchun yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek hozirgi kunda shaharlarda noyob va ko‘p yillik daraxtlar inventarizatsiyadan o‘tkazilmagan, shuningdek ularning ro‘yxati tuzilmagan. Bu holat ularni to‘liq muhofaza qilishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, ushbu yo‘nalishda mansabdor shaxslarning, yuridik va jismoniy shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga daraxtlar va butalarni shikastlantirganlik yoki ularni noqonuniy kesib tashlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq.

Daraxtlar va butalarni parvarish qilish, ularga shakl berish bo‘yicha ishlar va agrotexnik tadbirlar sifatsiz o‘tkazilganligi natijasida ularga zarar yetkazish hamda ularning nobud bo‘lishi hollari uchramoqda. Buning asosiy sabablaridan biri mazkur yo‘nalishda normativ-huquqiy hujjatlarning mavjud emasligidir.

Elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqib va yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlar va butalar muhofazasini kuchaytirish, ularning noqonuniy kesilishini oldini olish bo‘yicha Toshkent shahrida tatbiq etilgan amaliyotdan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilish hamda mazkur yo‘nalishda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga daraxtlar va butalarni shikastlantirganlik yoki ularni noqonuniy kesib tashlaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan ikki oylik muddatda takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

shahar va qishloq aholi punktlaridagi ko‘p yillik daraxtlar va butalarni kesish hamda ularga agrotexnik ishlov berish qoidalari;

daraxtlar va butalarga zararkunandalar hamda kasalliklarga qarshi kimyoviy ishlov berish qoidalari;

shaharlarda ekishga ruxsat berilgan daraxt turlarini tartibga solish, ularga agrotexnik xizmat ko‘rsatish tartibi;

shahar va qishloq aholi punktlaridagi noyob hamda ko‘p yillik daraxtlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda ularning ro‘yxatini tuzish tartibi;

daraxtlar va butalarga agrotexnik xizmat ko‘rsatuvchi tegishli tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish tizimini joriy etish tartibi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

4. Ushbu qarorning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyati aholining keng qatlamlari o‘rtasida tushuntirilishi bo‘yicha vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilsin.

5. Ushbu qaror “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilsin.

6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi zimmasiga yuklatilsin.

7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV

Toshkent sh.,

2018-yil 27-iyul,

1861-III-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 04/18/1861-III/1943-son)

Download 25.58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling