1. Eritmalar
Download 17.79 Kb.
|
kimyo yakuniy javoblar
1. Eritmalar — nisbiy miqdorlari keng oraliqda oʻzgarishi mumkin boʻlgan 2. va undan ortiq komponent (tarkibiy qism)lardan tashkil topgan qattiq yoki suyuq gomogen sistemalar. Har qanday eritma erigan modda va erituvchidan iborat; undagi molekula yoki ionlar baravar tarqalgan boʻladi. E.da erituvchi bilan erigan moddalarni bir-biridan farqlash zarur. Odatda, erituvchi sifatida sof holda ham, eritmada ham agregat holati oʻzgarmagan modda olinadi. Mas, biror tuzning suvdagi eritmasidagi erituvchi suv. Agar 2 modda bir-birida erigunicha suyuq agregat holatda boʻlsa, eritmada miqdori koʻproq komponent erituvchi sifatida qabul qilinadi. Suv bilan spirt eritmasida bu moddalarning qaysi biri eritmada moʻlroq boʻlsa, shuni erituvchi deb olinadi. E. tarkibining bir xilligi ularni kimyoviy moddalarga yaqinlashtiradi. Baʼzi moddalar erituvchilarda eriganida issiqlik ajralishi yoki yutilishi ular orasida kimyoviy taʼsir mavjudligiga dalil boʻladi. E. tarkibining oʻzgarib turishi ularning kimyoviy birikmalardan farq qilishini koʻrsatadi. Bundan tashqari, E. tarkibidagi alohida komponentlarning xossalarini aniqlash mumkin, kimyoviy birikmalarda esa buni aniqlab boʻlmaydi. E. tarkibining oʻzgarib turishi ularni mexanik aralashmalarga yaqinlashtirsa, tarkiblarining bir xilligi ulardan farkdantiradi. Shu bois ham E. mexanik aralashmalar bilan kimyoviy birikmalar oraligʻidagi moddalar deb qabul qilinadi. Kristallning suyuqlikda erib, eritma hosil boʻlishi individual modda molekulalarining oʻzaro taʼsiri buzilib, eritma komponentlari orasida yangi molekulalararo bogʻlanish vujudga kelishi bilan tavsiflanadi. Kristall yuzasidan ajraladigan molekulalar diffuziya tufayli erituvchining butun hajmi boʻylab baravar tarqaladi. Molekulaning qattiq jism yuzasidan ajralishi bir tomondan — erituvchi molekulalari tortishish kuchiga berilishi tufayli roʻy beradi. Mazkur jarayon kristallning butunlay erib tugashiga qadar davom etishi mumkin, lekin bunga ayni vaqtdagi aks jarayon — kristallanishning boshlanishi toʻsqinlik qiladi. Konsentratsiyaning oshishi qayta kristallanishni tezlashtiradi. Maʼlum muddatdan soʻng kristallning erish tezligi qayta kristallanish tezligiga tenglashib dinamik muvozanat vujudga keladi:Erimagan modda <=> eritmadagi modda, yaʼni vaqt birligida qancha molekula erisa, shuncha molekula eritmadan ajralib chiqadi. Eriyotgan modda bilan muvozanatda boʻlgan eritma toʻyingan eritma deb ataladi. Hajm birligidagi konsentratsiyasi toʻyingan eritmanikidan kam boʻlgan eritma toʻyinmagan eritma hisoblanadi. Eritmada kristallanish markazi boʻlmasa, uni shunday sovitish mumkinki, bunda erigan moddaning konsentratsiyasi eruvchanligidan yuqori boʻlib qoladi, natijada eritmaning oʻzi oʻta toʻyingan holatga oʻtadi. Bunday eritma oʻta toʻyingan eritma deyiladi. Suyuq eritmalarning oʻziga xos xususiyatlarini osmos, toza erituvchi bugʻ bosimining pasayishi, krioskopik va ebulioskopik nuqtalarning oʻzgarishi orqali oʻrganiladi. E.ning tuzilishi uni tashkil qilgan komponentlarning xossalari bilan aniqlanadi. Agar komponentlar kimyoviy tuzilishi, molekulalarning oʻlchami va boshqalar omillar boʻyicha yaqin boʻlsa, tuzilishi prinsip jihatdan sof suyuqliklar tuzilishidan farq qilmaydi. Erituvchining molekulalari bilan oʻzaro taʼsirlashuvi koʻpchilik modda (elektrolit)larda aks jarayon boʻlgan dissotsiatsiya bilan bogʻliq. Tuzlar, kislota va asoslar qutbli erituvchilarda eriganida qisman yoki butunlay ionlarga parchalanadi, bu jarayon E.da zarralar sonining koʻpayishiga sabab boʻladi. Agar erituvchi suv boʻlsa, gidratlar, boshqa modda boʻlsa, solvatlar vujudga keladi. Bu jarayonlar tegishlicha gidratlanish va solvatlanish deyiladi. 1887-yil D,M.Mendeyayeyev oʻzining gidratlanish nazariyasini olgʻa surgan. Uning shogirdi I.A.Kablukov (umrining oxirlarida Toshkentda yashab, ilmiy ishlar olib borgan) oʻz ustozi ishlarini davom etdirdi. Amaliyotda koʻproq toʻyinmagan E.dan foydalaniladi. Ularda erigan modda konsentratsiyasi toʻyingan E.dagiga qaraganda kamroq boʻladi. Eritmada erigan modda miqdori eritma konsentratsiyasini belgilaydi. Erigan modda miqdori koʻp boʻlgan E. konsentrlangan E., kam erigan (konsentratsiyasi nisbatan kam boʻlgan) E. suyultirilgan E. deyiladi. E. odam, hayvon va oʻsimliklar hayotida muhim rol oʻynaydi. Oziqovqatlar hazm qilinishidan oldin E.ga oʻtkaziladi. Barcha fiziologik suyukliklar E.dan iborat. E. oʻsimliklarning oʻsishida va hosildorligining oshishida muhim ahamiyatga ega. Oʻsimliklar hosilini E.ga oʻtkazish sanoat texnologiyasining asosidir. Dengiz, okean, daryo, koʻl suvlari ham E., ularni tuzlardan tozalash, kimyoviy ishlash va boshqalar ham E. texnologiyasi bilan bogʻliq. Polimerlar, lokboʻyoqlar, sirt faol moddalar, sovun vaboshqalar koʻp tonnajli mahsulotlar ham E. bilan bogʻliqligi ularning xalq xoʻjaligida tutgan oʻrni muhimligidan dalolat beradi. 2. Neft (turkcha neft, fors, neft), qoramoy — suyuq yonuvchi qazilma boylik, organik birikmalarning, asosan, uglevodorodlarning murakkab aralashmasidan iborat modda. Yer yuzasidan, asosan, 1,2—2,0 km chuqurlikdagi yer osti gumbazlarining gʻovak yoki seryoriq togʻ jinslari (qum, qumtosh, ohaktoshlar)da joylashgan. Chiqarilayotgan neft, asosan, burgʻilangan quduqlardan olinadi. Neft oʻta muhim yonilgʻi-energiya manbai boʻlib, benzin, kerosin dizel yonilgʻisi, mazut, moylash materiallari va bitumlar olishda asosiy xom ashyo sifatida ishlatiladi. Neft Qora yoki qoʻngʻir, baʼzan och malla rangli boʻlib, oʻziga xos hidi bor. Zichligi 750–970 kg/m³. Zichligi 20° da 850 kg/m³ dan past boʻlgan Neftlar yengil,851 –885 kg/m³ — oʻrtacha ogʻirlikdagi va 885 kg/m³ dan yuqorilari ogʻir Neft hisoblanadi. Qaynash temperaturasi 28° dan yuqori. Qotish temperaturasi —60°dan —26° gacha, 50° dagi qovushoqligi 1,2—55 mm2/s, solishtirma issiqlik sigʻimi 1,7—2,1 kJ/(kg. K), yonish issikligi 43,7—46,2 MJ/kg ga teng. Chaqnash harorati 35— 120°. Organik erituvchilarda eriydi, suvda erimaydi, lekin suv bilan turgʻun emulsiya hosil qiladi. Neft tarkibida parafin, naften va aromatik uglevodorodlar boʻladi, uglerod 82—87%, vodorod —11,5—14,5%, oltingugurt 0,1—5,5%ni tashkil etadi. Bundan tashqari, vanadiy, nikel, kalsiy, magniy, temir, alyuminiy, kremniy, natriy kabi 20 dan ortiq elementlar, 5% gacha har xil aralashmalar — naften kislotalar, asfalt-smola moddalar, merkaptanlar, vodorod sulfid, tiofen va tiofanlar, disulfidlar, piridin, piperidin va boshqa mavjud. Neft tarkibidagi oltingugurt miqdoriga qarab kam oltingugurtli (0,6% gacha), oltingugurtli (0,6—1,8%) va koʻp oltingugurtli (1,8%dan ortiq) sinflarga boʻlinadi. Baʼzi olimlar Neft ni tabiatdagi kimyoviy oʻzgarishlar natijasida hosil boʻlgan deb hisoblaganlar. Bu haqda 2 qarama-qarshi fikr — anorganik va organik gipotezalar mavjud. Anorganik gipoteza asoschisi fransuz kimyogari M. Bertlo (1866) Neft yer qaʼrida karbonat kislotaning ishqoriy metallarga taʼsiri natijasida, shunga oʻxshash, D. I. Mendeleyev (1877) yer qaʼriga sinish zonalari orqali tushgan suvning uglerodli metall (karbid) larga taʼsiri natijasida hosil boʻlgan, degan fikrni bildirganlar. 20-asr boshlarida esa Neft hosil boʻlishining organik gipotezasi rivojlanti-rildi va choʻkindi jinslardagi sapropel (organik balchiq) bilan Neft uzviy aloqada deb topildi. Bu gipotezaga koʻra, Neft koʻl va dengiz ostida choʻkindi jinslar bilan birga choʻkadigan har xil yirik hayvonlar (qad. ixtiozavrlar, kitlar va hashalotlar)dan tortib planktonlargacha boʻlgan jonivorlar va oʻsimlik qoldiqlaridan hosil boʻlgan. Dengiz va koʻl tubida yigʻilgan organik moddaning bir qismi dengiz jonivorlariga oziq boʻlsa, bir qismi suvda erigan kislorod bilan oksidlanib yoʻqolgan va organik moddaning juda oz (2—3% gacha) miqdori dengiz tubida loyqaga aralashib, unga qoramtir tuye bergan. Loyka ichida organik modda kislorodsiz muhitda anaerob bakteriyalar taʼsirida oʻzgargan. Choʻkindi jinslar tarkibidagi sapropelning bir necha mln. yillar davomida oʻzgarib Neft hosil boʻlishi labaratoriya sinovlarida amaliy jihatdan oʻrganilgan. Bunda Yer poʻstining 1200–1500 m chuqurligidagi organik moddalarning murakkab molekulalari parchalanib, gazeimon, suyuq va qattiq uglevodorodlar ajralib chiqishi mumkin. Undan ham chuqurroq (3000–4000 m)da jarayon yanada tezlashib, Neft hosil boʻlishining bosh fazasini vujudga keltirgan va uglevodorodlar maksimal miqdorda ajralib chiqqan. Neftli qatlamlar Yer poʻsti tarixining hamma davrlariga mansub qavatlarida uchraydi, ammo eng koʻp zaxirasi devon, yura, bur va toʻrtlamchi davr yotqiziqlarida joylashgan. Neftli qatlamlar maydoni 1000 km², qalinligi 100 m gacha yetib, bir konda bir necha Neftli katlam mavjud boʻlishi mumkin. Neft juda qadimdan ishlatib kelingan. Yaqin Sharkda joylashgan qadimiy davlatlarda aholi Neft va bitumdan foydalanganligi haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Jumladan, tarixiy manbalarda Suriya va Iroqsan oqib utadigan Furot daryosining sohillarida milloddan 4—6 ming yil avval, ikki daryo oraligʻida joylashgan Shumer davlati (hozirgi Iroq)da, Bobilda, Qadimgi Misrda yunon va rimliklar idishlar yasashda, haykallarni bezashda, saroy va yoʻl qurilishlarida, jasadlarni balzamlash va mumiyolashda Neftdan ishlatganliklari qayd etilgan. Neft kuygan joyni, shish, revmatizm va teri kasalliklarini davolashda ishlatilgan. Yunon tabibi Gippokrat Neft bilan tayyorlangan dorilar tarkibini, italiyalik mashhur sayyox. Marko Polo (1254—1324) Kavkazda "yer moyi" borligini, undan yonilgʻi sifatida foydalanish va tuyalarni davolashda ishlatish mumkinligini yozib qoldirganlar. Qadimda sharqda Neftdan harbiy maqsadlarda ham foydalanganlar. Shuningdek, miloddan avvalgi 331 yil Neftdan Genuya (Italiya) koʻchalarini yoritishda foydalanganliklari maʼlum. Neft chiqarish qadim zamonlardan maʼlum. Miloddan avvalgi Kissiyada Neft quduqlardan chiqarilgan. Midiya, Bobil va Suriyada Neft ochiq suv havzalari yuzidan yigʻib olingan. Oʻsha davrda yerni burgʻilamasdan yer yoki suv yuzasidagi, quduqlardagi tayyor Neftni yigʻib olganlar. 15-asrda Italiyada Neftli qumtosh va ohaktoshlarni qizdirib va siqib Neft olingan. 1868-yilda Qoʻqon xonligida koʻldan ariqlarda oqib chiqadigan suv yuzasidan Neft yigʻib olingan; buning uchun ariqlarga ostidan suv oʻtadigan, yuzida esa Neft yigʻiladigan toʻsiq qilingan. 17-asrda Bokuda quduqlardan Neft chiqarilgan. Bunday quduqlarning chuqurligi 27 m gacha boʻlib, devorlari toshlar yoki yogʻochlar bilan mustah-kamlangan. Oʻzbekistonda Neft chiqarish 1876-yildan boshlangan. Fargʻonaning Qamishboshi qishlogʻida tadbirkor D. P. Petrov tomonidan 19-asrning 80-yillari boshida 25 metrgacha burgʻilangan 2 ta quduqning har biridan kuniga 10 pud (160 kg) gacha Neft chiqarilgan. 19-asrning 60-yillaridan Neft burgʻi quduqlari orqali chiqarila boshladi. 1865-yilda AQShda birinchi marta Neft mexanik usulda (nasos yordamida) chiqarilgan. Bu usul 1874—95 yillarda Gruziya, Boku va Groz-niydagi konlarda ham joriy etilgan. Neftni burgʻi quduqlari orqali chiqarish usuli, asosan, 20-asrning 30-yillariga kelib ancha takomillashdi. Neftni chiqarish uchun neft atrofida joylashgan suv yoki gaz bosimini oshirish usuli bilan qatlam gʻovaklaridagi neft quduq zaboyiga yigʻiladi. Suv bosimi, odatda, boshlangʻich neft zaxirasining 50—80% ini, gaz esa atigi 20— 50%ini siqib chiqaradi. Odatda, tashqaridan berilayotgan suv qazib chiqarilayotgan neftning oʻrnini toʻla egallay olmaganligidan bosim kamayib ketadi. Natijada neftning favvora boʻlib tabiiy otilishi tugaydi. Shundan keyin neft kompressor yordamida chikariladi. Neftni kompressor bilan chiqarishda quduqga neft gazi yoki havo haydaladi; ular neftga aralashib, zichligini kamaytiradi, natijada neft va gaz aralashmasining sathi quduq yuzasigacha koʻtarilib, neftning favvora boʻlib otilishi davom etadi. Neft quduqlardan neft nasosi yordamida ham chiqariladi. Qatlam bosimining pasaya borishi natijasida quduq debitining tushishi neft chiqarishning iqtisodiy koʻrsatkichlarini yomonlashtiradi. Neft konlarini ishga tushirish nazariyasi, ayniqsa, yer osti gidrogazodinamikasining rivojlanishi natijasida Neft chikarishning yangi usullari ishlab chiqildi. Bularda Neft qatlamlariga suv yoki gaz haydash yoʻli bilan qatlam bosimini butun ekspluatatsiya mobaynida deyarli birday ushlab turish mumkin. Download 17.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling