1. Fonemika Fonemalarning differensial va integral belgilari
Download 18.04 Kb.
|
6mavzu maruza
Korrelatsiya
Korrelatsiya - ikki va undan ortiq oppozitsiyalarning bir farqlanish belgisi asosida uyushib kelishidan tarkib topgan tagsistema (mikrosistema). Masalan,o'zbek tili undoshlari «labial - til oldi» farqlanish belgisi asosida (p-t) + (b-d) + (m-n) + (f-s) + (v-z) + (f-sh) + (v-l) + (v-r) korrelatsiyasiga, «labial-til orqa» farqlanish belgisi asosida (p-k) + (b-g) + (f-x) + (v-g‘) korrelatsiyasiga, «til oldi - til orqa» farqlanish belgisi asosida (t-k) + (t-q)+ (d-g) + (s-x) + (z-g‘) + (n-ng) korrelatsiyasiga, «portlovchi -sirg'aluvchi» farqlanish belgisi asosida (p-f) + (b-v) + (t-s) + (d-z) + (t-sh) + (d-j) + (k-x) + (g-g') + (q-x) + (k-h) + (g-h) korrelatsiyasiga uyushadi, (korrelatsiyalar miqdori va turlari yuqoridagilar bilan cheklanmavdi). Odatda, oppozitsiyadagi differensial (farqlovchi) belgi korrelatsiyada integral (farqlanmaydigan, birlashtiruvchi) belgiga, oppozitsiyadagi integral belgi esa korrelatsiyada differensial belgiga aylanadi. Masalan, (p-b) oppozitsiyasidagi jarangsizlik (p) va jaranglilik (b) farqlovchi belgisi korrelatsiyadagi (p-b) + (t-d) + (s-z) + (f-v) + (k-g) + (sh-j) + (ch-dj) + (х-g') oppozitsiyalarining barchasi uchun umumiydir, ayni paytda (pb) dagi integral belgilar (lab-lab, portlovchi) bu oppozitsiyani korrelatsiyadagi boshqa oppozitsiyalardan farqlaydi (demak, differensial belgi vazifasini bajaradi). Qiyos qiling: p-b (lab-lab) + t-d (til oldi-tish) + k-g (sayoz til orqa) + p-b (portlovchi) + f-v (sirg'aluvchi) kabi. Tilshunoslikda fonologik oppozitsiyalar tasnifining yana bir necha ko'rinishlari bor. Shulardan biri taniqli fonolog N.S. Trubetskoyga mansubdir. U fonologik oppozitsiyalarni uch asosga ko'ra tasnif qiladi: Birinchi asos oppozitsiya bilan sistema o'rtasidagi munosabatga ko'ra belgilanadi. Bu belgi asosida oppozitsiyalar quyidagicha tasnif qilinadi: 1. Bir o'lchovli oppozitsiyalar. Bunda bir oppozitsiya a’zolariga xos bo'lgan belgilar yig'indisi shu sistema tarkibidagi boshqa oppozitsiyalarning a’zolarida uchramaydi. Masalan: (p-b)dagi «lab-lab, portlovchi» belgisi (td)da yo'q, (t-d)dagi «til oldi, portlovchi» belgisi (k-g)da yo'q, (k-g)dagi «til orqa, portlovchi» belgisi (s-z)da yo'q, (s-z) dagi «til oldi-dental, sirg'aluvchi» belgisi (sh-j)da yo'q, (sh-j)dagi «til oldi-tanglay, sirg'aluvchi» belgisi (ch-dj)da yo'q. Shuning uchun (p-b) oppozitsiyasi tarkibida uchinchi a’zo uchramaydi. Bu xususiyat «jarangli-jarangsiz»lik farqlanish belgisi asosida uyushib kelgan korrelatsiya (tagsistema) tarkibiga kirgan barcha juftliklarga xos. Bir o'lchovli oppozitsiyalar ba’zan «bilateral oppozitsiyalar» deb ham nomlanadi . 2. Ko'p o'lchovli oppozitsiyalar. Bunda bir oppozitsiya a’zolaridagi belgilar shu sistemadagi boshqa oppozitsiya tarkibiga kiruvchi fonemaga ham xos bo'ladi. Masalan: (b-d)dagi «portlovchi-jarangli»lik belgisi (d-g)dagi «g» fonemasida ham bor (b-d-g), (p-t)dagi «portlovchi-jarangsiz»lik belgisi esa (t-k)dagi «к» undoshida ham mavjud (p-t-k). 3. Proporsional oppozitsiyalar. Bunda bir oppozitsiya a’zolaridagi farqlanish belgilari shu sistemadagi (yoki tagsistemadagi) barcha oppozitsiyalarga xos bo'ladi. Masalan; «jarangsiz-jarangli»lik farqlanish belgisi shu belgi asosida tarkib topgan korrelatsiya a’zolarining barchasida bor: (p-b) + (t-d) + (s-z) + (f-v) + (k-g) + (sh-j) + + (ch-dj) + (х-g') kabi. 4.Yakkalangan oppozitsiya. Bunday oppozitsiya a’zolari o'rtasidagi aloqa boshqa oppozitsiyalarda takrorlanmaydi. Masalan; o'zbek tilidagi (1-r) oppozitsiyasiga xos «yon sonant» va «titroq sonant» farqlanish belgisiboshqa biror oppozitsiyada yo'q. Ikkinchi asos oppozitsiya a’zolari o'rtasidagi munosabatga tayanadi. Bu belgi asosida oppozitsiyalar quyidagicha tasnif qilinadi: 1. Privativ oppozitsiya. Bunday oppozitsiya a’zolaridan birida bor bo'lgan belgi shu oppozitsiyaning ikkinchi a’zosida bo'lmaydi: «b»dagi «jaranglilik» belgisi «p»da yo'q, «d»dagi «jaranglilik» «t»da yo'q. Demak, bunday oppozitsiya a’zolaridagi belgilar bir-birini inkor etishga (inkorni inkor qonuniga) asoslanadi: b-p (jarangli - jarangsiz), d-t (jarangli-jarangsiz), t-s (portlovchi-sirg'aluvchi) kabi. 2. Gradual (pog'onali) oppozitsiya. Bunday oppozitsiya fonemalardagi farqlanish belgisining darajalanishiga asoslanadi. Masalan, i-e-a, u-o'-o unlilarida ana shunday darajalanish bor: i (tor) - e (o'rta keng) - a (keng) u (tor) - o' (o'rta keng) - о (keng) kabi. Bularning barchasida til bilan tanglay orasidagi masofa «tor»dan «keng»ga qarab darajalanib bormoqda. Darajalanish xususiyati undoshlar oppozitsiyasida ham kuzatiladi: t (portlovchi) - ch (qorishiq) - sh (sirg'aluvchi). Bunda qorishiq «ch»dagi «portlash-sirg'alish» belgisi uning portlovchi «t» bilan sirg'aluvchi «sh» o'rtasiga qo'yilishini taqozo qiladi. Gradual xarakterdagi zidlanish (b-d-g), (p-t-k) oppozitsiyalarida ham mavjud: b (lab-lab) - d (til oldi-dental) – g (til orqa); p (lab-lab) - t (til oldi-dental) - к (til orqa). Bulardagi gradatsiya artikulatsiya o'rnining labdan tilning orqa qismiga qarab ko'chib borish darajasi bilan belgilanadi. 3. Ekvipolent oppozitsiya. Bunday oppozitsiya a’zolarida asosiy farqlovchi belgidan tashqari yana bitta qo'shimcha farqlovchi belgi ham mavjud bo'ladi. Masalan, o'zbek tilidagi «i» va «u» unlilari«lablanmagan va lablangan» farqlanish belgisi asosida (i-u) oppozitsiyasini hosil qiladi, ammo bu oppozitsiya a’zolarida qo'shimcha farqlanish belgisi ham bor: i (lablanmagan, old qator) - u(lablangan, orqa qator) kabi. Bulardagi «lablanmagan, old qator» belgilari «lablangan, orqa qator» belgilariga teng qiymatli belgilar sifatida qarama-qarshi qo'yiladi. Bunday holat (е-o'), (a-о) oppozitsiyalarida ham kuzatiladi. O'zbek tili undoshlari tizimidagi t-sh, d-j zidlanishlari ham ekvipolent oppozitsiyalar sanaladi, chunki ularda ham zidlanish ikki belgiga asoslangan: t (til oldi-tish, portlovchi) + sh (til oldi-tanglay, sirg'aluvchi) = t-sh oppozitsiyasi; d (til oldi-tish, portlovchi) + j (til oldi-tanglay, sirg'aluvchi) = d-j oppozitsiyasi kabi. Uchinchi asos oppozitsiya a'zolarining ma’no ajratish kuchiga va shu a'zolarning turli pozitsiyadagi xizmatiga tayanadi. Bunday asosga ko'ra oppozitsiyalarning quyidagi ikki turi farqlanadi: 1. Doimiy oppozitsiyalar. Bunday oppozitsiya a’zolari barcha pozitsiyalarda o'z farqlanish belgilarini yo'qotmaydi. O'zbek tilidagi (p-t), (s-sh) oppozitsiyalarida shunday holat kuzatiladi. Qiyos qiling: paxta-taxta (so'z boshida, unlidan oldin), opa-ota (intervokal holatda), topmoq-totmoq (so'z o'rtasida, sonordan oldin), ip-it (so'z oxirida); sim-shim (so'z boshida, unlidan oldin), asir-ashir (intervokal holatda), osmoq-oshmoq (so'z o'rtasida,sonordan oldin), tus-tush (so'z oxirida) kabi. Bunday doimiylik, barqarorlik oppozitsiyaning har ikkala a’zosi jarangsiz bo'lganda ko'proq uchraydi. Zidlanishning bu turi ayrim manbalarda «konstant oppozitsiya» deb ham nomlanadi. 2. Neytrallashuvchi (mo'tadillashuvchi) oppozitsiya. Bunday oppozitsiya a’zolari kuchli pozitsiyada (mas., undoshlar so'zning boshida, ikki unli orasida yoki unlidan oldin qo'llanganda) o'zlarining farqlanish belgilarini yo'qotmaydi: bol va pol (b-p), dor va tor (d-t) kabi. Kuchsiz pozitsiyada (mas., so'z oxirida) esa ular neytrallashadi: «tub»dagi «b» undoshi jarangsiz «p»tarzida (tub > tup kabi), «qad»dagi «d» esa jarangsiz «t» tarzida (qad > qat kabi) talaffuz qilinadi, natijada, «b-р» va «d-t»ga xos «jarangli-jarangsiz»lik farqlanish belgisi yo'qolib, shu fonemalarga xos umumiy (integral) belgilar - «b-p»dagi «lab-lab, portlovchi»lik, «d-t»dagi «til oldi-dental, portlovchi»lik xususiyatlari saqlanadi. Kuchsiz pozitsiyadagi neytrallashuv tufayli yuzaga kelgan tovush o'zaro zidlanishda bo'lgan ikkala fonemaning bir umumiy vakili -varianti sanaladi, fonemalarning o'zi esa variantga nisbatan arxifonema bo'ladi: b//p arxifonemasining varianti P (tub va tup so'zlarida), d//t arxifonemasining varianti T(qad va qat so'zlarida), z//s arxifonemasining varianti S (tuz v a tus so'zlarida) bo'lgani kabi. Kuchsiz pozitsiyada neytrallashgan fonemalarning fonetik tabiati farqlanmasa ham, ularning oppozitsiyadagi fonologik qiymati saqlanadi. Bu hol fonemaning sof fonetik jihati emas, lingvistik-funksional mohiyati til uchun yetakchi omil ekanligidan dalolat beradi. Xulosa: a) fonemalar til mexanizmida muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan mustaqil birliklardir: ular so'z va morfemalaming tovush qobig'ini (ifoda planini) farqlash bilan birga, shu so'z yoki morfemalaming ma’nolarini farqlash vazifasini ham bajaradi; b) fonemalarda differensial (farqlanadigan) va integral (farqlanmaydigan) belgilar mavjud bo'lib, ulardan birinchisi (differensial belgi) fonologik jihatdan relevant belgi, ikkinchisi (integral belgi) esa fonologik jihatdan norelevant belgi hisoblanadi; d) ikki fonemaning qarama-qarshi qo'yilayotgan differensial belgilari shu fonemalarni bitta oppozitsiyaga birlashtiradi, bir farqlanish belgisiga asoslangan ikki va undan ortiq oppozitsiyalar esa korrelatsiyalarga uyushadi. Demak, oppozitsiyalardagi farqlovchi belgilar korrelyatsiyada birlashtiruvchi belgiga aylanadi; e) korrelatsiyalar o'z navbatida bir-biri bilan ulanib, bir butun tizimni fonologik sistemani hosil qiladi, bunda oppozitsiya sistemaning quyi pog'onasi (yadrosi), korrelatsiya esa uning yuqori pog'onasi bo'ladi. Eslatma: tilning fonologik tizimida korrelatsiya hodisasi borligini aniqlagan olimlardan biri (ehtimol, birinchisi) bizning yurtdoshimiz Abu Ali ibn Sino bo'lgan. U o'zining fonetikaga doir bir risolasida «dol» «to» ga qanday munosabatda bo'lsa, «zod» «sin» ga shunday munosabatda bo'ladi»,- degan edi. Qiyos qiling: «dol» (jarangli «d») - «to» (jarangsiz «t»), «zod» (jarangli«z») -«sin» (jarangsiz «s»). Bunda jarangli va jarangsizlik belgilari asosida d-t, z-s oppozitsiyalari bir korrelatsiyaga uyushayotganligi nazarda tutilganligi shubhasiz. O'zaro zidlanishda (oppozitsiyada) bo'lgan fonemalardan birini ikkinchisi bilan almashtirish qonuniyati Z.M. Boburning «Boburnoma»sida ham qayd etilgan.Unda shunday deyilgan: «So'ngra ma’lum bo'ldikim, turki lafzida mahal iqtizosi bila to va dol, yana g'ayn va qof va kof bir-birlari bila mubaddal bo'lurlar emish». Izoh: mubaddal -«almashingan», iqtizo -«taqozo», «talab», «istak», «ehtiyoj», mahol-«imkonsiz». Download 18.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling