Individuallashuv – o‘ta muhim masala, chunki yondashuv qay darajada individual bo‘lsa, har bir bola shu darajada mo‘ljaldagi ta’lim natijalariga erishishining ehtimoli ortadi va shu tufayli dasturning amalga oshirilishi oson kechadi, muayyan fan bilan bog‘liq muammolar kamayadi, o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar oshadi.
Individuallashtirish ta’lim jarayonini bolaning yosh xususiyatlari, qobiliyati va talab - ehtiyojlari bilan moslashtirish imkoniyatini beradi. Bu jarayonda bolalarning bilim doirasi kengayib, o‘ziga nisbatan hurmati oshadi. Ularda yanada murakkabroq masalalarni hal etishga tayyorgarlik hissi paydo bo‘ladi.
Pedagog o‘zgaruvchan vazifalar va faoliyatning qiziqarli turlarini rejalashtirishi, bolalarni diqqat bilan kuzatishi, zarur hollarda, material va vazifalarni almashtirishi va moslashtirishi lozim. Bolalarni kuzatish va ota-onalar bilan suhbat natijasida pedagoglar har bir bolaning kuchli va zaif jihatlari hamda qiziqishlarini o‘rganadi. Pedagogik strategiya – bu bolalarning qo‘yilgan maqsadlarga erishishiga yordam beradigan pedagog qo‘llaydigan muayyan uslublar yig‘indisi. Uning asosini bolaning qiziqishlari, uning kuchli va zaif jihatlari, ta’lim uslubi, yosh xususiyatlari va shaxsiy sifatlarni e’tiborga olish tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |