1. Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari


Download 284.75 Kb.
bet1/2
Sana17.09.2023
Hajmi284.75 Kb.
#1680173
  1   2
Bog'liq
19 bob 1 Mavzu 1 Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni va namoyon bo‘lish

.1. Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari


Iqtisodiyotning inqirozlarsiz, barqaror va samarali rivojlanishi uchun uning turli tomonlari, sohalari, tarmoqlari va bo‘laklari o‘rtasida ma’lum muvozanat bo‘lishi taqozo etiladi.
Iqtisodiyot bir-biri bilan chambarchas bog‘liqlikda amal qiladigan xilma-xil faoliyatlarni, turli sohalar, tarmoqlar, bo‘linmalar, majmualar, birlashmalarni, moliya, bank, soliq, sug‘urta, tashqi iqtisodiy aloqalar va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi o‘ta murakkab tizim bo‘lib hisoblanadi. Iqtisodiyotning yaxlit tizim sifatida samarali amal qilishi ko‘p jihatdan uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi muvozanatlik va mutanosiblikka bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiyotning muvozanatligini ta’minlash, eng avvalo, iqtisodiy maqsadlar – aholining o‘sib boruvchi talabini qondirish, iqtisodiy o‘sish, to‘la bandlik, iqtisodiy samaradorlik, narxlarning barqaror darajasi, iqtisodiy erkinlik, daromadlarning adolatli taqsimlanishi, ijtimoiy himoya, ijobiy savdo balansiga erishish bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi sababli ham ahamiyatlidir.
Iqtisodiy muvozanatlik va uning amal qilishi bilan bog‘liq hodisa va jarayonlarning mohiyatini chuqurroq tushunish, uni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash, usullar va vositalaridan samarali foydalanish muvozanatlikning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunini bilishni taqozo etadi.
«Muvozanat» tushunchasi keng va umumiy holda qo‘llanilib, bu boradagi dastlabki taassurot va aniqliklarni hosil qilishda qo‘l keladi. Chunki, muvozanat tushunchasi nafaqat iqtisodiy, balki tabiiy-ijtimoiy hodisa va jarayonlarga ham tegishli bo‘lib, unga tabiat va jamiyatning har qanday jabha va sohasi nuqtai nazaridan yondashish mumkin. Masalan, kishilik jamiyati tarkib topib, taraqqiy etgunga qadar ham tabiatdagi muvozanatliklar – galaktikadagi koinot jismlarining joylashuvi, ularning bir-biriga nisbatan o‘zaro harakatlanish doiralari, shu jumladan Quyosh tizimi va uning ichida joylashgan sayyoralarning o‘zaro harakati, sayyoramizdagi ichki tabiat hodisalari – bularning barchasi muvozanatlikka asoslangan. Ya’ni, tabiat hodisalarini yuzaga keltiruvchi turli kuch va harakatlar
o‘rtasida tenglik, muvofiqlik holati mavjud bo‘ladi. Bu borada prof. D.Moskvinning muvozanatga bergan ta’rifi o‘rinli hisoblanadi: «Muvozanat – qarama-qarshi yo‘naltirilgan kuchlarning baravarlashishi holati»1.
Iqtisodiy muvozanat tushunchasi esa muvozanatning yanada aniqlashtirilgan, alohida, ya’ni bu o‘rinda iqtisodiyot sohasiga nisbatan olingan qismi hisoblanadi. Ayni paytda, bu tushuncha ham iqtisodiy hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning umumiy holdagi tavsifini ifodalashda qo‘llaniladi.
Iqtisodiy muvozanat deb bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqlikda va ta’sirda amal qiladigan iqtisodiy jarayonlar, hodisalarning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki yoki bir necha tomonining teng kelgan holatiga aytiladi. Shuning uchun ham butun iqtisodiyotning muvozanati to‘g‘risida gap borganda, eng avvalo uning bozor iqtisodiyoti davridagi asosiy ko‘rsatkichi sifatida yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi tenglik e’tiborga olinadi.
Makroiqtisodiyotda iqtisodiy muvozanatning shakllanishi, uni ta’minlash ancha murakkab va ziddiyatli jarayondir. Chunki u xususiy va umumiy tavsifdagi bir qator muvozanatlar tizimini o‘z ichiga oladi.
Iqtisodiy muvozanat kategoriyasining mazmunini to‘g‘ri tushuntirish uchun unga ikki tomonlama ya’ni qiymat va naflilik jihatdan yondashuv usulini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Iqtisodiy muvozanatlikning ikki tomoni – qiymat va naflilik jihatidan taxlili E.Shodmonovning tadqiqot ishlarida ancha batafsil berilgan. Bunda muvozanatlikning turli darajalari mazmunan farqlanilib, umumiy
muvozanatlikning qiymat va naflilik jihatidan tarkibi alohida tasvirlangan (19.2rasm).
Rasmdan ko‘rinadiki, milliy iqtisodiyot darajasidagi umumiy muvozanatning asosiy ko‘rinishi jamiyat barcha ehtiyojlari va milliy ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi tenglik bo‘lib, uning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi aniq shakli – yalpi talab va yalpi taklif tengligi sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq, hozirgacha aksariyat hollarda bu tenglik faqat qiymat miqdori jihatdan ta’minlanishi lozim, deb qaralmoqda. Fikrimizcha, bu o‘rinda miqdoriy tenglik faqat qiymat jihatidan emas, balki naflilik jihatidan ham ta’minlanishi lozim.

19.2-rasm. Umumiqtisodiy muvozanatlikning qiymat va naflilik jihatidan tarkibi2


Chunki, yalpi talab va yalpi taklifning qiymat jihatidan tengligi har doim ham iqtisodiyotda muvozanatga erishilganligini anglatavermaydi. Chunki, ma’lum qiymatni namoyon etuvchi yalpi talabni faqat shuncha qiymatga teng tovar va xizmatlar ishlab chiqarish orqali qondirish u qadar mushkullik tug‘dirmaydi (biz ma’muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida buning yaqqol guvohi bo‘ldik).
Masalaning muhim va e’tiborli tomoni shundaki, haqiqiy ma’nodagi umumiy iqtisodiy muvozanat ta’minlanishi uchun yalpi talab va yalpi taklif nafaqat qiymat, balki naflilik jihatidan ham o‘zaro tenglashgan bo‘lishi lozim.
Naflilik – bu ne’matlarning inson ehtiyojini qondira olish xususiyati, iste’mol qiymatining namoyon bo‘lishi shaklidir. Yalpi talab va yalpi taklifning naflilik jihatidan tarkibi – bu jamiyatdagi mavjud talablarga turi, miqdori va sifati bo‘yicha mos keluvchi tovar va xizmatlar majmui hisoblanadi. Agar iqtisodiyotda A, V, S va boshqa turdagi tovarlardan talabga yetarli qiymatda yaratilgan bo‘lsa, biroq ularning har biri bo‘yicha miqdor va sifat jihatidan alohida talab qondirilmasa, u holda umumiy muvozanat ta’minlangan deb bo‘lmaydi.
Lekin milliy iqtisodiyot darajasidagi tovar va xizmatlarning yalpi talab yoki yalpi taklif sifatidagi yaxlit miqdorini natural ko‘rsatkichlar (tonna, kilometr, kubometr, litr va h.k.) orqali ifodalab bo‘lmaydi. Mazkur ko‘rsatkichlarning naflilik miqdorini faqat bir xil ko‘rsatkichga keltirib, pul ko‘rinishida umumlashtirish va o‘zaro tengligini taqqoslash hozirgi davrda bu boradagi to‘g‘ri va yagona yo‘ldir. Faqat bunda naflilik hamma tovar va xizmatlar turlari bo‘yicha o‘zgarmas, ya’ni taqqoslama narxlarda hisoblanishi lozim. Chunki o‘zgarmas narxlarda hisoblanib, pulda ifodalangan ko‘rsatkichlar naflilikning o‘zgarishini, ya’ni o‘sishini yoki kamayishini ko‘rsatadi.
Fikrimizcha, iqtisodiy muvozanatlikning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunini ochib berishda uning amal qilishining asosiy tamoyillarini ma’lum tizimga keltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi (19.3-rasm).
Iqtisodiy muvozanatning iqtisodiy jarayon va hodisalar ikki yoki bir necha tomonining bir-biriga tengligi sifatida qaralishini ham uning asosiy tamoyillaridan biri sifatida baholash mumkin. Muvozanatlik holati ham iqtisodiyotdagi boshqa voqea, hodisa va jarayonlar kabi doimo harakatda, o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘ladi.
Shuning uchun muvozanatlikning vaqti-vaqti bilan izdan chiqib va yana qayta tiklanib turishi ham uning muhim tamoyillaridan biri deb hisoblanadi. Boshqacha aytganda, qandaydir holatda muvozanatlik mavjud deb faraz qilish mumkin bo‘lsa, u tez-tez o‘zgarib turadi hamda yana shunday tezlik bilan qayta tiklanadi. Bu jarayonni muvozanatlik nuqtasi atrofidagi tebranish sifatida tasavvur etish mumkin.


Download 284.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling