1. Iqtisodiyot / Savdo va xizmatlar ko‘rsatish]


Download 81.71 Kb.
Sana23.04.2023
Hajmi81.71 Kb.
#1391602
Bog'liq
355 14.07.1997




[OKOZ:

1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.12.00.00 Zarar yetkazilganligi oqibatidagi majburiyatlar / 03.12.02.00 Fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni undirish;

2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.06.00 Chakana savdo (shuningdek, 03.11.01.02 ga qarang);

3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.10.00 Alohida turdagi mahsulotlar bo‘yicha savdo;

4.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.12.00 Savdo qoidalari;

5.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.18.00.00 Umumiy ovqatlanish / 09.18.01.00 Umumiy qoidalar]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Savdo va xizmatlar ko‘rsatish]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVARLARNING AYRIM TURLARINI ChAKANALAB SOTISh QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlarini chakanalab sotish qoidalari, Umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish va sotish qoidalari hamda qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlardan yasalgan mahsulotlarni chakana savdo korxonalarida sotish qoidalari 1, 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, “O‘zbekbirlashuv”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ko‘rsatib o‘tilgan qoidalarni, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, tovarlar sotuvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi barcha korxonalarga yetkazishni ta’minlasinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-iyul,
355-son
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 14-iyuldagi 355-son qaroriga
1-ILOVA
Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining ayrim turlarini chakanalab sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining ayrim turlari (non va non-bulka mahsulotlari, sovuq ichimliklar, go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum, margarin, baliq mahsulotlari, gazlamalar, kiyim-bosh, radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarini chakanalab sotish sohasidagi asosiy talablarni belgilaydi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ushbu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’iy nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar (savdo korxonalari, xususiy tadbirkorlar)ga tatbiq etiladi.
2. Savdo korxonasi mahsulotga amaldagi sanitariya qoidalari, standartlar va texnik shartlarga (keyingi o‘rinlarda - normativ hujjatlar) ega bo‘lishi hamda ularda belgilangan talablarga rioya etishi lozim.
Tovarlarni chakanalab sotish qoidalari xaridorlar e’tiboriga, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, har bir savdo korxonasi tomonidan yetkazilishi (savdo zaliga osib qo‘yilishi yoxud xaridor talabiga ko‘ra ko‘rsatilishi) lozim.
3. Savdo korxonasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ko‘zda tutilgan xaridorning huquqlariga so‘zsiz rioya etishi shart.
4. Sotiladigan har bir guruh tovarlarga, shu jumladan xorijiy tovarlarga savdo korxonasi muvofiqlik sertifikati yoki uning belgilangan tartibda tasdiqlangan, mahsulotning sifati hamda iste’molchilar sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfsizligini tasdiqlovchi nusxasiga ega bo‘lishi shart. Sotiladigan tovarlar sifati uchun savdo korxonasi javobgar bo‘ladi.
5. Tovarlar sotuvini amalga oshiruvchi do‘konlar, palatkalar, pavilonlar va lotoklar mahsulotlarning aniq turiga amalda bo‘lgan normalarga muvofiq sifati va miqdorini saqlashni ta’minlovchi zarur asbob-uskunalar, mexanizatsiya vositalari, inventarlar va o‘lchov vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Savdo korxonalari tomonidan foydalaniladigan tarozi toshlari, tarozilar va boshqa o‘lchov priborlari soz holda saqlanishi, aniq-ravshan tamg‘alarga ega bo‘lishi hamda amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddatlarda davlat tekshiruviga berilishi lozim.
6. Savdo korxonasida tovarlarni chakanalab sotish barcha fuqarolarga umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Bir xil tovarlarni boshqalarini majburiy sotib olish sharti bilan sotish taqiqlanadi.
7. Savdo korxonasi sotiladigan tovarlarga to‘g‘ri rasmiylashtirilgan narxnomalarning bo‘lishini ta’minlashi hamda xaridorning talabiga ko‘ra tovarning ishlab chiqaruvchisi, asosiy iste’mol xususiyatlari hamda narxlari to‘g‘risida to‘liq axborot berishi, xaridorlarga zarur darajada xizmat ko‘rsatishi, tovarlarning to‘la o‘lchovda hamda og‘irlikda chiqarilishini ta’minlashi lozim.
8. Xaridor unga berilgan tovarning narxi, og‘irligi va o‘lchovi to‘g‘riligini, shuningdek, mahsulotning saqlanish muddatlarini (nakladnoy, olinadigan varaqalar bo‘yicha) hamda ushbu tovarga muvofiqlik sertifikati mavjudligini tekshirishga haqlidir.
Savdo zallarida xaridor uchun qulay joyda nazorat tarozilari va boshqa o‘lchov priborlari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
9. Tovarlar uchun xaridorlar bilan hisob-kitoblar xaridorlarga albatta chek berilgan holda nazorat-kassa mashinalari vositasida amalga oshiriladi.
10. Xaridor, agar unga sotilgan chog‘ida kelishilmagan bo‘lsa, kamchiligi bo‘lgan tovar sotilgan taqdirda o‘z tanloviga ko‘ra quyidagilarni talab qilishga haqlidir:
o‘xshash marka (model, artikul)dagi zarur darajadagi sifatli tovarga almashtirish;
xarid narxini tegishli ravishda qayta hisob-kitob qilgan holda boshqa markadagi (model, artikuldagi) tovarga almashtirish;
tovar kamchiliklarini tekin tuzatib berish yoki kamchiliklarni iste’molchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tuzatilganligi uchun xarajatlarni to‘latish;
xarid narxini miqdorga qarab pasaytirish;
keltirilgan zararlarni to‘lattirib shartnomani bekor qilish.
Xaridorning ko‘rsatib o‘tilgan talablarini qondirish savdo korxonalari tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7—18, 22-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi, bunda ma’naviy zararni qoplash miqdori sud tomonidan belgilanadi.
11. Mavsumiy tovarlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa mahsulotlar) uchun e’tiroz arizalari muddati tegishli mavsum kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
12. Chakana savdo tarmog‘ida sotilgan mazkur qoidalarda ko‘rsatilgan tegishli sifatdagi nooziq-ovqat tovarlarini ayirboshlash yoki ular uchun to‘langan pulni qaytarish “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Xaridor uning aybi bilan shikastlangan yoki yo‘q qilingan tovar va mol-mulk qiymatini savdo korxonasiga to‘lashi lozim.
II. Non va non-bulka mahsulotlari
14. Non va non-bulka mahsulotlari sotuvini amalga oshiruvchi savdo korxonalarida belgilangan ish soatlarida assortiment ro‘yxatida nazarda tutilgan assortimentdagi non va non-bulka mahsulotlari bo‘lishi lozim.
Ixtisoslashtirilgan non do‘konining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi bo‘limda ko‘rinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
15. Non va non-bulka mahsulotlarini qabul qilishda sotuvchi mahsulot sifatini organoleptik ko‘rsatkichlar bo‘yicha, har bir mahsulot vaznining mahsulotning aniq turiga amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlarga muvofiqligini tekshirishi lozim. Buzilishlar aniqlangan taqdirda mahsulot tayyorlovchiga qaytariladi.
Etkazib beruvchining yondash hujjatida ushbu tovarlar to‘g‘risida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 6-moddalarida nazarda tutilgan to‘liq ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
16. Ixtisoslashtirilgan va firma non-qandolat do‘konlarida va boshqa do‘konlarning non bo‘limlarida non, non-bulka mahsulotlari va qandalotchilik mahsulotlaridan tashqari shakar, choy, kofe, kakao, un, yorma, makaron mahsulotlari, bolalar ovqati uchun quruq mahsulotlar, oziq-ovqat konsentratlari, kafeteriyga ega bo‘lgan do‘konlarda esa, shuningdek issiq holdagi xamir va qandolatchilik mahsulotlari sotilishi mumkin.
17. Non va non-bulka mahsulotlarining tandirdan chiqqandan keyin sotuvda bo‘lishi mumkin bo‘lgan muddatlari mahsulotning har bir turiga faqat normativ-texnik hujjatlarga muvofiq belgilangan tartibda belgilanadi.
18. Xaridorlar xohishiga ko‘ra og‘irligi 0,4 kg va undan ortiq bo‘lgan non va non-bulka mahsulotlari (o‘ralganlaridan tashqari) 2-4 teng bo‘laklarga kesilishi va tarozida tortilmasdan sotilishi mumkin.
19. Amaldagi standartlar, texnik shartlar talablariga muvofiq bo‘lmagan, shuningdek noto‘g‘ri saqlash tufayli buzilganlik belgilari bo‘lgan non va non-bulka mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.
Xaridorlardan pul qabul qiluvchi shaxslar tomonidan non mahsulotlarining sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sifatsiz (garch-gurch qilgan, kuygan, ichi bo‘sh, yaxshi qorilmagan, boshqa narsalar aralashgan) non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda korxonalar xodimlari xaridor talabiga ko‘ra ularni sifatlisiga so‘zsiz almashtirib berishlari yoki pulini qaytarishlari kerak. Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi.
20. Non va non-bulka mahsulotlarini saqlash va sotish jarayonida ularda kartoshka kasalligi belgilari aniqlangan taqdirda sotuvchi bu haqda mahsulot yetkazib beruvchiga darhol xabar berishi kerak. Zararlangan mahsulotlar sotuvdan chiqariladi va amaldagi qoidalarga muvofiq yo‘q qilinadi. Non mahsulotlarining kartoshka kasalligiga chalinganligi va ularning yo‘q qilinganligi haqidagi dalolatnoma belgilangan tartibda tuziladi.
Kartoshka kasalligiga chalingan mahsulot saqlangan tokchalar, shkaflar, lotoklar, idishlar kartoshka kasalligining oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq belgilangan tartibda zararsizlantiriladi.
III. Sovuq ichimliklar
21. Alkogolsiz ichimliklar (ma’danli suvlar, shirin ichimliklar, kvas, siroplar, gazli ichimliklar, sharbatlar va boshqalar) bilan chakana savdo qilish:
bu mahsulotlarni sotishga Ixtisoslashtirilgan do‘konlarda, meva-sabzavot va vino-aroq do‘konlarida, oziq-ovqat do‘konlarining bo‘lim va seksiyalarida;
mayda chakana savdo tarmog‘ida — pavilonlarda, do‘konlarda, palatkalarda, avtomatlar, avtotermotsisternalar, saturator qurilmalari orqali Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan ruxsat berilgan joylarda amalga oshiriladi.
Shifobaxsh ma’danli suvlar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan talablarga rioya qilingan holda dorixonalarda ham sotiladi.
22. Ichimliklarni idishga quyib sotuvchi korxonalar yetarli miqdorda o‘lchov apparatlari, amaldagi davlat belgilari bo‘lgan hajmi 0,25 va 0,5 litr bo‘lgan o‘lchovli shisha krujkalarda va boshqa har xil hajmdagi o‘lchov idishlari bilan ta’minlanadi, Idishlarni yuvish uchun albatta shart-sharoit bo‘lishi lozim.
23. Savdo tashkilotlari tomonidan alkogolsiz ichimliklarni miqdori va sifati jihatidan qabul qilish standartlar, texnik shartlar, shuningdek shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
24. Ichimlik quyilgan shishalarda tasdiqlangan namunadagi etiketka bo‘lishi lozim, unda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
ichimlik nomi;
tovar belgisi yoki tayyorlagan korxona nomi va manzili;
shisha hajmi;
standart raqami;
quyilgan vaqti va yaroqlilik muddati.
Qizdirilgan pivo etiketkasida qo‘shimcha ravishda “qizdirilgan” yozuvi bo‘lishi kerak.
25. Import qilingan va vatanimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning albatta muvofiqlik sertifikati bo‘lishi lozim.
26. Mazkur qoidalarni buzgan holda mahsulotni qabul qilgan savdo xodimlariga ma’muriy jazolar qo‘llanilishi, takroran buzilgan hollarda materiallar tergov organlariga berilishi mumkin.
27. Alkogolsiz va kam alkogolli ichimliklar tegishli standartlar va texnik shartlarga muvofiq belgilangan muddatlar doirasida havoning nisbiy namligi 75 foizdan oshmagan, shamollatiladigan quruq va qorong‘i xonalarda saqlanadi.
Ayrim alkogolsiz va kam alkogolli ichimliklarni saqlashning muddatlari va harorat rejimi alohida har bir mahsulotning me’yoriy-texnik hujjatlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
28. Shishadagi, butildagi, bankadagi, laklangan alyuminiy tublardagi ichimliklar balandligi 2 metrdan oshmagan shtabellar bilan joylangan zavod yashiklari va savatlarida saqlanadi.
29. Ma’dan suvli shishalar yordamchi binolarda tokchalarda, shtabellarda yoki yashiklarda saqlanadi. Bunda po‘stloq prokladka qo‘yilib kron qopqoq bilan yopilgan shishalar yotqizilgan holda, polietilen prokladka qo‘yilib kron qopqoq bilan yopilgan shishalar tik holda saqlanadi.
30. Alkogolsiz va alkogolli ichimliklar savdo zalida turlari va nomlari bo‘yicha joylashtiriladi. Shkaflarga, peshtaxtalarga, terib joylashtirilgan ichimlikli shishalar tik holda, etiketkasi xaridor tomonga qaratib joylashtiriladi.
IV. Go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum, margarin, baliq mahsulotlari
31. Savdo tashkilotlari go‘sht va sut mahsulotlarini, tuxum, margarin, baliq mahsulotlarini ham savdo tashkilotlarining, ham sanoat korxonalarining ulgurji bazalari va omborlaridan, shuningdek dehqon (fermer) xo‘jaliklaridan oladilar.
32. Sotuvchilarning ish joyi savdo boshlanishidan oldin do‘konda mavjud bo‘lgan barcha tovarlar bilan ta’minlanadi. Savdo zaliga olib kelingan tovarlar sifati bo‘yicha sinchiklab tekshiriladi va sortlarga ajratiladi.
Oziq-ovqatlar savdo zaliga olib kelinishidan oldin sotishga tayyorlanadi (idishdan chiqariladi, o‘ralgan qog‘ozlar olib tashlanadi, iplar kesib tashlanadi, ifloslangan, shamollagan joylari tozalanadi, yog‘larning sarg‘aygan joylari, kolbasalar, pishloqlar latta bilan artiladi).
33. Sotuvchilar sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini kuzatib borishlari va ularning sifati yomonlashgan taqdirda ularni sotish yoki ularning chakana narxini pasaytirish masalasini hal qilish uchun ma’muriyatga xabar berishlari lozim. Saqlash muddati tugagan tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlari savdodan olinadi, Tuxum uning sifati ovoskopda oldindan tekshirilgan holda sotiladi. Tuxumni o‘ralmagan oziq-ovqat mahsulotlari (sariyog‘, tvorog, kolbasa va boshqalar) bilan birgalikda sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.
34. Savdo korxonasida dudlangan mahsulotlarni, kolbasa mahsulotlarini, sariyog‘ni, pishloq va margarinni bir kunlik savdo hajmida qadoqlashga yo‘l qo‘yiladi.
Do‘konda qadoqlangan mahsulotda uning nomi, sorti, og‘irligi, bir kilogrammining narxi, bir bo‘lagining narxi, qadoqlangan vaqti, sotish muddati, tarozibonning tartib raqami yoki familiyasi ko‘rsatiladi. Qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat berilgan qog‘ozga, plyonka materiallariga o‘raladi.
35. Xaridorga go‘sht, go‘sht mahsulotlari, pishloq va ovqatbop baliqlarni kesmasdan sotishda xarid umumiy og‘irligining 10 foizidan oshmaydigan ikki bo‘laklab qo‘yishga yo‘l qo‘yiladi. Bo‘laklar sotilayotgan tovar sortiga va sifatiga mos kelishi lozim.
Xaridor iltimosiga ko‘ra sotuvchi gastronom tovarlari (kolbasa, vetchina, pishloq, baliq mahsulotlari va boshqalarni) bo‘laklarga kesib berishi kerak, shuningdek sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda xaridorga ma’lum bo‘lmagan tovarning ta’mini ko‘rishga berishi lozim. Bir pichoq bilan pishloq va boshqa gastronom tovarlarini kesishga yo‘l qo‘yilmaydi.
36. Parranda go‘shti butunicha yoki: tovuq va o‘rdak - bo‘yicha 2 bo‘lakka, g‘oz va kurka — 2, 4, 6 va 8 bo‘lakka bo‘lib sotiladi.
37. Ilvira, liver kolbasalari va sotish muddati cheklangan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari bilan kelishilgan holda faqat do‘konlarda sotishga yo‘l qo‘yiladi.
38. Oziq-ovqat mahsulotlarini tortish va sotishda qo‘llaniladigan asboblar (pichoqlar, sanchiqlar, kurakchalar va boshqalar) sanitariya qoidalariga muvofiq har kuni zararsizlantirilishi va buning uchun maxsus ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
39. Xaridor tomonidan kamchiligi bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilingan taqdirda sotuvchi xaridor talabiga muvofiq ularni sifatli mahsulotga almashtirib berishi yoki kamchiliklar yaroqlilik muddati doirasida aniqlangan bo‘lsa, unga to‘langan pulni qaytarib berishi kerak.
V. Gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal
40. Gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal savdo zaliga berilgunga qadar sotuvoldi tayyorgarligidan o‘tishi lozim. Savdooldi tayyorgarligi mahsulotlarni ochib olish, saralash, ularning sifatini, markalanganligi mavjudligini, narxlarning to‘g‘riligini tekshirishni o‘z ichiga oladi, zarur bo‘lgan taqdirda kiyim-kechaklarning ayrim turlari (tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari) tozalanadi va dazmollanadi.
41. Savdo zalida xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzal guruhlarga bo‘lingan bo‘lishi lozim. Kiyim-kechak va poyafzal asosan turlari, modellari, o‘lchamlariga qarab guruhlarga bo‘linadi. Ixtisoslanishidan qat’iy nazar, erkaklar, ayollar, bolalar kiyim-kechak va poyafzallari savdo zalida alohida joylashtiriladi. Gazlamalar ular tayyorlangan tolalar turi va naviga qarab guruhlanadi. Gazlamalarning har birida tayyorlangan tolalarning tarkibidagi foizi to‘g‘risida axborot bo‘lishi lozim.
42. Savdo zalida gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzallarni joylashtirish chog‘ida xaridorlarning tovarlarni erkin ko‘zdan kechirishni ta’minlovchi savdo uskunalaridan foydalanilishi lozim.
43. Savdo zalida joylashgan gazlamalar, kiyim-kechak, poyafzallarning barcha namunalari bir xil namunadagi, aniq va chiroyli rasmiylashtirilgan narx ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi lozim.
44. Kiyim-kechak (tikuvchilik mahsulotlari, ustki trikotaj mahsulotlari, bosh kiyimlar) va poyafzal tanlashda xaridorga kiyib ko‘rish uchun sharoitlar yaratilgan bo‘lishi lozim. Ushbu maqsadlarda savdo zallari oynali kiyib ko‘rish xonalari bilan ta’minlanadi, banketkalar yoki skameykalar, qo‘ygichlar, oynalar bilan jihozlanadi.
45. Sotish chog‘ida xaridorga jun gazlamalar, vatinlar va og‘ir hajmli gazlamalarni o‘lchash amaldagi tamg‘aga ega bo‘lgan bruskli yog‘och metrni (peshtaxta) stolda yig‘ilib qolmagan holatda erkin etgan gazlamaga qattiq standartli metrni qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Yupqa va yengil gazlamalar odatda qattiq standart metr bilan gazlamani uni metrga cho‘zilishsiz erkin ilova qilib gazlamani peshtaxtaga yoyish yo‘li bilan o‘lchanadi.
Jun gazlamalar va trikotaj polotnolaridan tashqari gazlamalarning barcha turlarini o‘lchashni gazlamani amaldagi tamg‘asi bo‘lgan gorizontal holdagi o‘lchov stoliga yotqizish yo‘li bilan amalga oshirishga ham ruxsat etiladi. Stol uzunasi yo‘nalishida 1 m uzunlikdagi uchastka belgilangan bo‘lishi lozim. Stolning usti mayin va teng bo‘lishi kerak.
Sotuvga gazlama qiyqimlarini qo‘shish, shuningdek fabrikada ishlanganligi yoki astar tomoniga qo‘yilgan tamg‘asi buzilgan taqdirda gazlama bo‘laklarini fabrika yorlig‘i va tamg‘asi (oxirgi qismi) bilan sotish man etiladi.
46. Sotuvchi xaridorga gazlama, kiyim-kechak, poyafzal tanlashda yordam ko‘rsatishi, sotuvda bo‘lgan mahsulotlar assortimenti ularni saqlash usullari bilan tanishtirishi, zarur bo‘lganda mahsulotlar, yorliqlar, etiketkalardagi raqamli belgilarni tushuntirishi lozim. Gazlamalarni sotish chog‘ida xaridorning iltimosiga ko‘ra sotuvchi turli tikuv mahsulotlari tayyorlash uchun zarur bo‘lgan gazlama miqdorini aniqlash, tegishli andozani tanlashda yordam berishi lozim.
47. Savdo korxonalari gazlama, kiyim-kechak sotishda xaridorlarga do‘konda xarid qilingan kiyim-kechakni qayta tikish (buyumlarni qisqartirish yoki uzaytirish, tugmalarni qayta joylashtirish, bosh kiyimlarni tortib kengaytirish), gazlamalarni bichish kabi kompleks qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
48. Xaridorga asosiy xarid bilan birga mahsulotni saqlash yoki garderobni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan yondash tovarlar xarid qilish imkoniyati berilishi lozim.
49. Sotuvchi, nazoratchi xaridorga gazlama, kiyim-kechak, poyafzal sotilishi chog‘ida uning ishtirokida tovar sifatini (mexanik buzilishlar, ifloslanish, boshqa tashqi kamchiliklar), o‘lchovning (miqdorning) aniqligi, xarid qiymati hisobining to‘g‘riligini tekshirishlari lozim.
Sotish jarayonida qo‘pol kamchiliklar aniqlangan tovar sotuvdan olib qo‘yiladi.
50. Gazlama, kiyim-kechak, poyafzal xaridorga qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda qog‘ozga, qutiga yoki boshqa taxlash materialiga solib beriladi.
51. Xarid bilan birga xaridorga majburiy tartibda savdo korxonasi rekvizitlari, sotilgan kun, narx ko‘rsatilgan kassa yoki tovar cheki beriladi.
VI. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar
52. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar savdo zaliga yoki xaridni berish joyiga o‘tkazilgunga qadar savdooldi tayyorgarligidan o‘tkazilishi lozim.
Savdooldi tayyorgarligi mahsulotni ochish, zavod moylarini, changlarni, qirindilarni tozalash, butligini hamda zarur bo‘lganda uning yig‘ilishini tekshirish, shuningdek mahsulot sifatini, narxning to‘g‘riligini, markalanganligi, foydalanish yo‘riqnomalarining va kafolat talonlarining mavjudligini tekshirishlarni o‘z ichiga oladi.
Butlangan va texnik jihatdan mukammal terilgan mahsulotlar elektr tarmog‘iga ulab tekshirib ko‘riladi. Tikuv mashinalarining ishlashi tekshiriladi, radioapparatlar esa boshqariladi hamda moslanadi.
53. Past sifatli, butlanmagan yoki ifloslangan tovarlarni, yo‘riqnomalarsiz, pasport va kafolat talonlarisiz mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.
54. Savdo zali va oyna vitrinalarida joylashgan radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarning barcha namunalarining mahsulot nomi, uning markasi, artikuli va narxi ko‘rsatilgan, shuningdek mahsulotning asosiy texnik xususiyatlarini o‘z ichiga oluvchi qisqa annotatsiyasi bo‘lgan aniq rasmiylashtirilgan yorlig‘i bo‘lishi lozim.
55. Xaridorlar tomonidan tovarlarni tanlash va uni tekshirish uchun savdo zalida elektr o‘lchash va sinov priborlari (shitlar yoki pultlar) o‘rnatiladi.
56. Radiotovarlar yoki maishiy elektr tovarlar sotuvchisi ayrim mahsulotlarning tuzilishi, ajralib turuvchi belgilari, maqsadi, xususiyatlarini, ularni amalda sinab ko‘rish metodlarini, tutish usullari, saqlash rejimini bilishi, mahsulotlarning asosiy kamchiliklarini aniqlay olishi, tovarlar tegishli guruhlarining assortimenti va ularning o‘zaro o‘rinlarini bosishini, narxlar hamda tovarlar to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni yaxshi bilishi, xaridorlarga malakali yordam berishi lozim.
57. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarning ayrim turlarini sotishda sotuvchi xaridorni savdoda mavjud bo‘lgan hamrohlik qiluvchi tovarlar va ehtiyot detallari to‘g‘risida xabardor etishi lozim.
58. Sotuvchi (mexanik, nazoratchi) tovarni sotuvchiga chiqarishda, uning ishtirokida tovar sifatini (tashqi ko‘rinishini ko‘rib chiqish, elektr tarmog‘iga ulash yo‘li bilan), qismlarga ajratilgan holda sotiladigan buyumlarning butligini, pasporti, kafolat taloni va foydalanish qoidalari haqidagi yo‘riqnomani, o‘lchov yoki miqdorining aniqligi (shnur, simlar, mayda elektr tovarlari), narxning to‘g‘riligini tekshiradi.
59. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarni xizmatning kafolat talonlari bilan sotishda do‘kon xodimlari mahsulot pasporti (kafolat taloni)da sotilish sanasi va joyini, zarur hollarda esa kafolatli ta’mirlash ustaxonasi manzilini ko‘rsatadilar.
60. Tovar bilan birga xaridorga do‘kon raqami (nomi), sotilgan sana, artikul, nav, narx yoki belgilangan rekvizitli to‘langan chek majburiy tartibda beriladi.
61. Radiotovarlar va maishiy elektr tovarlar do‘konda bepul o‘rab beriladi.
Xaridorning hohishiga qarab yirik gabaritli mahsulotlar, mahsulot mazkur qoidalarga muvofiq albatta oldindan tekshirilgan holda, tegishli yog‘och idish (o‘ram)da sotilishi ham mumkin. Bunday holatda idish qiymati qo‘shimcha undiriladi.
62. Yirik hajmli radiotovarlar va maishiy elektr tovarlarni xaridor tomonidan ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berishni odatda ushbu tovarni sotgan savdo korxonasi tashkil etadi.
Yirik hajmli tovarni xaridor kuchi bilan belgilangan joyga yetkazib berishda savdo korxonasi ushbu tovarni xaridorning transport vositasiga yuklashni bepul amalga oshirishi kerak.
63. Texnik jihatdan mukammal tuzilgan tovarlarning ayrim turlarining standartlari yoki texnik shartlari va foydalanish qoidalari sotuvchilarni o‘zi ulashi yoki ishlatib ko‘rishiga yo‘l qo‘ymasa, bu operatsiyalar do‘kon mexanigi yoki do‘kon topshirig‘iga ko‘ra kafolatli xizmat ko‘rsatish ustaxonasi mexanigi tomonidan xaridorning uyida amalga oshiriladi.
Bunday mahsulotlarni o‘rnatish, ulash va ishlatish, shuningdek foydalanish qoidalari to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq berish sotish kunidan yoki xaridor ustaxona yoki do‘konga murojaat qilgan kundan bir haftadan kechiktirilmay amalga oshiriladi.
VII. Mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish
64. Mazkur qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
65. Tekshiruvchi organlar (muassasalar) mazkur Qoidalarga rioya etilishini tekshiruvga mutaxassislar, xaridorlarning jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etishlari mumkin.
Savdo korxonasi tekshiruv o‘tkazishda tekshiruvchi shaxslarga yordam ko‘rsatish hamda kamchilik va buzilishlarni tuzatish choralarini ko‘rishlari lozim.
Savdo korxonasida hamma uchun ko‘rinarli joyda xaridorlarning ariza va takliflari daftari bo‘lishi lozim.
VIII. Nizolarni hal etish hamda javobgarlikka tortish
66. Sotuvchi va xaridor o‘rtasida nizolar yuzaga kelgan taqdirda ularning harakatlariga shikoyat yoki qaror buzilgan huquqlarni himoya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan organlarga yoki sudga beriladi.
67. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash to‘g‘risida”gi Qonunlar moddalarini hamda mazkur Qoidalar talablarini buzish javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 14-iyuldagi 355-son qaroriga
2-ILOVA
Umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish va sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy ovqatlanish sohasidagi, mulkchilik shakllaridan va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar (korxonalar, xususiy tadbirkorlar) ishiga asosiy talablarni “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tartibga soladi.
2. Umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyekt — bu oshpazlik mahsulotlarini tayyorlash, sotish va ularni iste’mol qilishni tashkil etish xamda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha funksiyalarni bajaruvchi korxona, shuningdek umumiy ovqatlanish sohasida yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkordir.
3. Umumiy ovqatlanish korxonasi, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, o‘z faoliyatini, ham korxonalarning savdo zallarida, ham ulardan tashqarida, umumiy ovqatlanish korxonasiga qo‘yiladigan sanitariya-texnika talablariga muvofiq shuningdek Ustav, hokimliklar tomonidan beriladigan savdo qilish huquqiga ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshiradi.
Umumiy ovqatlanish korxonasiga (xususiy tadbirkorga) ruxsat guvohnomasi ular belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgandan keyin beriladi.
4. Umumiy ovqatlanish korxonalari turlari (restoran, kafe, bar, oshxona, tamaddixona kabilarga), restoran va barlar esa klasslarga ham (a’lo, oliy, birinchi) bo‘linadi, ular mulkdor tomonidan belgilanadi. Korxonaning tanlangan turga va klassga muvofiqligini tasdiqlash ular joylashgan joyda, “Karakalpaksauda” davlat uyushmasi, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasining viloyatlar va Toshkent shahar savdo-ishlab chiqarish konsernlari va birlashmalari, shuningdek “Karakalpaktutiniu” matlubot kooperatsiyasi aksionerlik jamiyatlari respublika uyushmasi hamda O‘zbekbirlashuv matlubot kooperatsiyasi aksionerlik jamiyatlari viloyat uyushmalari mutaxassislari tomonidan, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Ishlab chiqarish va savdo binolariga, asbob-uskunalarga, inventarlarga, ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatiga, mahsulot ishlab chiqarishning texnologik tartibiga nisbatan qo‘yiladigan mezonlar sanitariya me’yorlariga, texnika xavfsizligi qoidalariga, yong‘inga qarshi va boshqa talablarga muvofiq belgilanadi.
Korxonalarda foydalaniladigan asboblar (tarozilar, toshlar va shu kabilar) soz holatda saqlanishi, aniq tamg‘alarga ega bo‘lishi hamda amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddatlarda tekshirishdan o‘tkazilishi kerak.
6. Umumiy ovqatlanish barcha korxonalarining o‘z nomi to‘liq yozilgan tegishli peshlavhalari bo‘lishi kerak.
7. Umumiy ovqatlanish korxonalari korxonaning nomi, turi, klassi, uning manzili (mulkdorning joylashgan o‘rni), ish tartibi, tavsiya qilinadigan mahsulot turi, ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati, ushbu qoidalarning iste’molchilar huquqlariga taalluqli alohida qoidalari mazmuni, shuningdek mijozlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar to‘g‘risidagi zarur va to‘g‘ri axborotlarni ko‘rgazmali va qulay shaklda iste’molchilarga yetkazishlari shart.
8. Mulkchilikning barcha shakllaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarining ish tartibi, mijozlarga qulayliklarni hisobga olgan holda, joylardagi hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan ish soatlariga mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tomonidan rioya etilishi majburiydir.
Umumiy ovqatlanish korxonasi (rejadagi sanitariya tadbirlarini, ta’mirlash va shu kabilarni o‘tkazish uchun) yopilgan taqdirda korxona kamida bir hafta oldin tegishli e’lonlarni osib qo‘yishga majburdir.
9. Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalarining mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish bilan bevosita bog‘liq shtatlari maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan kadrlar bilan butlanadi.
“A’lo” va “oliy” klassli umumiy ovqatlanish korxonalarida boshqa davlatlardagi oshpazlik va xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanish bo‘lgan xodim ishlashi kerak.
II. Umumiy ovqatlanish korxonalarining iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishini va ular bilan o‘zaro munosabatlarini tashkil etish
10. Iste’molchiga xizmat ko‘rsatish shakllari va usullari korxona tomonidan umumiy ovqatlanish korxonasining mazkur turi va klassiga nisbatan eng minimal talablardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
11. Iste’molchilarga ofitsiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatish “a’lo” va “oliy” klassli restoranlarda hamda, qoidaga ko‘ra, kafe va barlarda majburiy tartibda qo‘llanadi.
Uyg‘unlashtirilgan tartibda xizmat ko‘rsatishda korxona zalida iste’molchilar salqin taomlarni, ichimliklarni, shirinliklarni mustaqil ravishda tanlaydigan yoxud ushbu mahsulotlar barmen (bufetchi) tomonidan sotiladigan mahsulotlar tarqatish bo‘lmasi ajratiladi. Issiq taomlar va ichimliklar, vino-aroq mahsulotlari buyurtma bo‘yicha ofitsiant tomonidan beriladi.
12. “A’lo”, “oliy” va “birinchi” klassli umumiy ovqatlanish korxonalarida (barlardan tashqari) zalni xizmat ko‘rsatishga tayyorlash jarayonida stollar oldindan yasatiladi.
Oshxonalarda, shuningdek o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tartibida ishlaydigan boshqa umumiy ovqatlanish korxonalarida stollarni (dorivorli anjomlar, qog‘oz qo‘l sochiqlar bilan) soddaroq yasatishga yo‘l qo‘yiladi.
Mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘llaniladigan idish-anjomlar korxona turiga muvofiq bo‘lishi kerak. Sanitariya-epidemiya tartibiga rioya etish maqsadida har bir xo‘randa o‘rni hisobiga kamida uchtadan idish-anjomlar to‘plami to‘g‘ri kelishi kerak.
Savdo zallarida iste’molchilarga qulay joyda nazorat tarozilari o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
13. Mijozlarning kirishini cheklashga:
ofitsiantlar xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish korxonasida — ular yopilishidan 30 daqiqa oldin, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatadigan korxonada esa — 15 daqiqa oldin yo‘l qo‘yiladi.
14. Umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlanish uchun hisob-kitoblarning har xil: oldindan haq to‘lash, taomlar tanlangandan so‘ng to‘lash, ovqatlanib bo‘lingach to‘lash, xo‘randaning o‘zi hisob-kitob qilishi usullaridan foydalaniladi. Ovqatlanish uchun hisob-kitob qilish shakllari xizmat ko‘rsatish usuliga, xizmat ko‘rsatilayotgan mijoz xususiyatiga, korxona turiga va uning ixtisoslashuviga qarab belgilanadi.
O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish usulida ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalarida va oshpazlik do‘konlarida (bo‘limlarida) hisob-kitob qilishda mijozga kassa cheki taqdim etiladi.
Ofitsiantlar xizmat ko‘rsatadigan barcha korxonalarda sotilgan mahsulot uchun to‘lov ofitsiant tomonidan berilgan belgilangan namunadagi schet bo‘yicha amalga oshiriladi.
Doimiy mijozlarga (ishchilar, xizmatchilar, talabalar, o‘quvchilar va shu kabilarga) xizmat ko‘rsatiladigan oshxonalarda yakka tartibdagi yoki guruhli abonentlar bo‘yicha hisob-kitob qilishdan foydalanish mumkin.
15. Umumiy ovqatlanish korxonalari asosiy faoliyati bilan bir qatorda qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishlari kerak. Bu xizmatlarning ro‘yxati korxonalarning har bir turi va klassi uchun individual tartibda hamda standart bilan belgilanadi.
Qo‘shimcha xizmatlar qiymati taomnomada yoki narxnomalarda ko‘rsatilishi kerak.
Savdo zalidan tashqarida mijozlar uchun taomnoma, vinolar narxnomalari va xizmatlar ko‘rsatishning korxona tomonidan belgilangan qo‘shimcha shartlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan bo‘lishi kerak.
Savdo zallarida mijoz taomnoma vositasida taom va mahsulotlar qiymati, alkogolli ichimlik shishasining sig‘imi, alkogolli ichimlik jami sig‘imining, 50 va 100 grammining narxi to‘g‘risida albatta xabardor qilinadi. Doimiy mijozlarga (ishchilar, xizmatchilar, talabalar, o‘quvchilar va shu kabilarga) xizmat ko‘rsatuvchi oshxonalarda taomnomada bundan tashqari, oshpazlik mahsulotining miqdori ko‘rsatiladi, korxonalarning boshqa turlarida esa mijozlar iltimosiga ko‘ra ushbu axborot xizmat ko‘rsatuvchi xodim tomonidan beriladi.
“A’lo” va “oliy” klassli korxonalarda bosma reklamalarning barcha turlari (taomnomaning muqovasi va qistirma varaqlari, vinolar narxnomalari, taklifnoma kartochkalari, prospektlar va shu kabilar) yuksak badiiy darajada tayyorlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Korxona sanitariya va texnologiya talablariga to‘liq rioya etilishini hisobga olgan holda taomlar, mahsulotlar, ichimliklar turi ro‘yxatini mustaqil ravishda tuzadi.
(16-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Taomnomada va narxnomalarda ko‘rsatilgan taomlar, gazaklar, vino-aroq mahsulotlari ro‘yxati korxona savdo zalining butun ish vaqti mobaynida saqlanishi kerak.
17. Mehmonxonalar, vokzallar, aeroportlar, ish va o‘qish joylaridagi umumiy ovqatlanish korxonalarida, shuningdek aholining ijtimoiy himoya qilinmagan guruhlariga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda mahsulotlar sotishning an’anaviy shakllari bilan bir qatorda, ovqatlanishning oqilona me’yorlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda hafta kunlari bo‘yicha turli xil kompleks nonushtalar, tushliklar, kechki ovqatlar sotish qo‘llanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari iste’molchiga unga sotilgan taomlar, oshpazlik mahsulotlari, tovarlarning o‘lchovlari va vaznini, shuningdek sotilgan mahsulot (xizmat)larning me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish imkoniyatini yaratishi kerak. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati tartibida umumiy ovqatlanish mahsuloti tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxs iste’molchi shaxs iltimosiga ko‘ra unga savdo qilishga va mazkur mahsulotni sotish huquqiga ruxsat guvohnomasini ko‘rsatishi kerak.
(18-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Oshpazlik mahsuloti (ko‘rsatilayotgan xizmat) sifatida kamchiliklar, tarozida yoki hisob-kitobda yanglishishlar qayd etilganda umumiy ovqatlanish korxonasi rahbariyati va xodimlari iste’molchi tanloviga ko‘ra quyidagilarga majburdirlar:
— aniqlangan kamchiliklarni tekin bartaraf etish;
— oshpazlik mahsuloti (xizmat) uchun to‘lov miqdorini kamaytirish;
— qo‘shimcha to‘lovsiz xuddi shunday taomni, oshpazlik mahsulotini tayyorlash (xizmatni qaytadan bajarish);
— iste’molchining sifatsiz oshpazlik mahsulotini sotib olish (bajarilgan xizmat) bilan bog‘liq xarajatlarini to‘liq to‘lash;
— ma’naviy zararni qoplash.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchining hohishiga ko‘ra tayyor oshpazlik mahsuloti va xarid qilinadigan tovarlar, shu jumladan vino-aroq mahsulotlari tegishli ravishda qadoqlangan holda olib ketish uchun sotilishi mumkin.
19. Xizmat ko‘rsatish uchun oldindan beriladigan buyurtmani qabul qilishda korxona uni o‘zaro majburiyatlarda belgilangan muddatlarda bajarishni kafolatlashi kerak. Bunday buyurtmani korxonaga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan bajarish imkoni bo‘lmagan taqdirda korxona ushbu tadbirning, iste’molchining manfaatlarini kamsitmagan holda, bu haqda kamida 7 kun oldin xabardor qilib, boshqa umumiy ovqatlanish korxonasida bajarilishini ta’minlashga majburdir.
Buyurtmachi tadbir o‘tkaziladigan kuni o‘z buyurtmasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini rad etgan taqdirda, u o‘zi buyurtirgan, boshqa iste’molchilarga sotish mumkin bo‘lmagan mahsulot (tovar)larni sotib olishga majburdir.
III. Umumiy ovqatlanish mahsulotini ishlab chiqarishni va sotishni tashkil etish
20. Oshpazlik mahsulotini tayyorlovchilar sanitariya qoidalariga rioya qilishga, shu jumladan, tibbiy tekshiruvlarni, xodimlarning sanitariya bo‘yicha bilimlarini oshirish tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazishga majburdirlar.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
21. Taomlar ularni sotish sanitariya qoidalarida belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladigan miqdorlarda tayyorlanishi kerak. Oldingi kundan qolgan go‘shtli, baliqli qiymalardan, pishirilgan makaron, qayla, yorma mahsulotlaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Suzilayotgan barcha taomlar zarur haroratda bo‘lishi, yog‘, qaymoq qayla, garnir va sho‘rva kabilarni suzishda o‘lchovli anjomlardan foydalanilishi kerak.
22. Maxsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish korxonalari (xususiy tadbirkorlar) mahsulotlarini sotish tartibi ijro etuvchi hokimiyatning mahalliy organlari tomonidan belgilanadi.
Tez ayniydigan oshpazlik mahsulotlarini mashinalarda, do‘konchalarda va qo‘lda sotish taqiqlanadi. Ularning ro‘yxati sanitariya-epidemiologiya nazoratining xususiy organlari tomonidan tasdiqlanadi.
23. Umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyorlovchi korxonaning savdo zalidan tashqarida sotiladigan har bir turkumi tayyorlovchi korxonaning nomi ko‘rsatilgan, tayyorlangan vaqti, sotishning so‘nggi muddati va bir idishga joylangan mahsulot vazni ko‘rsatilgan holda narxnomaga ega bo‘lishi kerak.
Umumiy ovqatlanish mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlar ham ushbu Qoidalari, amaldagi sanitariya qoidalarini va boshqa normativ hujjatlarni bajarishga majburdirlar”;
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
24. Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalarida vino-aroq mahsulotlari sotish tegishli savdo-ishlab chiqarish konsernlari va viloyatlar matlubot uyushmalari taqdim etadigan dislokatsiyaga muvofiq joylardagi hokimliklar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
IV. Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari ishini nazorat qilish
25. Mahsulotlarni tayyorlash texnologik siklining barcha bosqichlarida ularning xavfsizligini nazorat qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan norma va qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
V. Nizolarni hal etish va javobgarlikka tortish
26. Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida nizolar paydo bo‘lgan taqdirda ularning xatti-harakati (harakatsizligi) yoki hal etish yuzasidan shikoyat buzilgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan organlarga yoki sudga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari moddalarining hamda ushbu Qoidalar talablarining buzilishi javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-iyundagi 230-sonli qarori tahririda)
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 14-iyuldagi 355-son qaroriga
3-ILOVA
Chakana savdo korxonalarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom hisobga olinib ishlab chiqilgan.
2. Ushbu Qoidalar zargarlik zeb-ziynatlari, stolni tuzash buyumlari, binolarni bezash buyumlari, oltin, kumush, platina, palladiy va ularning qotishmalaridan yasalgan boshqa buyumlar va qimmatbaho toshlar (brilliantlar, sapfirlar, yoqutlar, zumradlar, marvaridlar) ishlatilgan buyumlar; yarim qimmatbaho, qo‘lda yasalgan va sintetik toshlar o‘rnatilgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar; korpusi qimmatbaho metallardan yasalgan soatlar bilan oldi-sotdi qiluvchi sotuvchilar va ularni xarid qiluvchi fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qoidalar tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bor bo‘lgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlar bilan savdo qiluvchi chakana savdo korxonalariga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilaydi hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qilish sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, barcha yuridik shaxslarga va ularning tarkibiy bo‘linmalariga tatbiq etiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-oktabrdagi 363-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2002-y., 20-son, 157-modda)
4. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qiluvchi chakana savdo korxonasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan Dislokatsiyaga kiritilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Dislokatsiyaga moddiy-texnik bazasi mazkur Qoidalarning 5—7-bandlari talablariga muvofiqligi bo‘yicha tegishlicha “Savdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalarida, Toshkent shahar hokimligining Savdo, xizmatlar ko‘rsatish sohasi va iste’mol tovarlari ishlab chiqarish departamentida ekspertizadan o‘tgan savdo korxonalari kiritiladi
(4-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-fevraldagi51-sonli qarori tahririda)
Tasdiqlangan Dislokatsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo‘mitasining Davlat probani aniqlash palatasi ro‘yxatdan o‘tkazadi va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi beradi.
Tasdiqlangan Dislokatsiya va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo‘mitasining Davlat probani aniqlash palatasining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi asosida savdo qilish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma beriladi.
II. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
5. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan tovarlarni sotish faqat ixtisoslashtirilgan zargarlik do‘konlari, univermaglar, savdo markazlarining bo‘limlari, seksiyalarida amalga oshiriladi. Bularda ko‘rsatib o‘tilgan boyliklarning hisobga olinishi, ishonchli saqlanishi (qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi mavjudligi, savdo bo‘limidan to‘silgan mustahkamlangan, yonmaydigan po‘lat sandiq mavjudligi) va ularni xaridorlarning tanlashi uchun zarur sharoitlar ta’minlanadi.
Do‘konlar va bo‘limlarda quyidagilar mavjud bo‘lishi shart: “O‘zdavstandart”ning davlat tekshiruvchilari tomonidan tekshirilgan birinchi yoki ikkinchi klass aniqlikdagi tarozilar, gardish o‘lchagichlar, barmoq o‘lchagichlar, probani aniqlash uchun reaktivlar.
6. Ixtisoslashtirilgan zargarlik do‘konlarida, univermaglar, savdo markazlarining bo‘limlari va seksiyalarida xaridorlarga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni ko‘rsatish qulay bo‘lishi ta’minlanishi kerak.
Xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun zargarlik zeb-ziynatlari, stolni tuzash buyumlari va boshqa buyumlar vazifasi va xiliga ko‘ra guruhlarga ajratilishi kerak.
7. Savdo zallarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun O‘zbekiston Respublikasida belgilangan probalar to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tamg‘alash tartibi to‘g‘risidagi normativ hujjatlardan ko‘chirmalar, proba tamg‘alari tasviri, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan savdo qilish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma, chakana savdo korxonasi Davlat probani aniqlash palatasida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, mazkur qoidalar va xaridorlar uchun zarur bo‘lgan boshqa axborot ko‘zga ko‘rinarli joyga osib qo‘yilishi kerak.
8. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar ularda ularni tayyorlaganlarning tamg‘alari va Davlat Probani aniqlash palatasi tomonidan qo‘yilgan proba tamg‘alari mavjud bo‘lsagina sotiladi.
Chet eldan keltirilgan xorijda ishlab chiqarilgan buyumlarda ham Davlat probani aniqlash palatasining tamg‘asi bo‘lishi shart.
9. Sotuvga qo‘yilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda mahsulotning nomi, tayyorlovchi, artikul proba, 1 gramm mahsulotning massasi va bahosi, sotuvga qo‘yilgan buyumlarning turi, ularning xususiyati, buyumning massasi va chakana narxi ko‘rsatilgan holda plombalangan yorliqlar bo‘lishi kerak.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq tamgalanmaydigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlarning qolgan turlarida sifat sertifikati bo‘lishi kerak.
10. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar savdo zaliga qo‘yilgunga qadar sotuvdan oldingi tayyorgarlikdan o‘tishi kerak. Bu tayyorgarlik buyumlarni ko‘zdan kechirish va brak qilishni, belgilangan proba tamg‘alari, plomba va yorliqlar mavjudligini tekshirishni, o‘lchamlariga ko‘ra sortlarga ajratishni o‘z ichiga oladi.
11. Chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tanlashda xaridorga malakali yordam berishi va uni zarur maslahat bilan ta’minlashi, xaridorni sotuvdagi mavjud namunalar bilan tanishtirishi kerak.
Xaridorning hohishiga ko‘ra chakana savdo korxonasi xaridor qimmatbaho toshlardan tanlagan buyumlarni do‘kon ish kunining oxirigacha bo‘lgan muddatga saqlab turishga majburdir.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan bezaklar yakka tartibda o‘rab-joylangan bo‘lishi kerak.
Chakana savdo korxonasi qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni saqlash tartibi haqida xaridorni xabardor qilishi kerak.
Chakana savdo korxonasi qo‘shimcha tovarlar sotishni tashkil etishi va xaridorga qo‘shimcha xizmatlar kompleksini ko‘rsatishi mumkin quyma naqsh solish, oldindan buyurtma qabul qilish, sovg‘ani yetkazib berish va topshirish, chiroyli qilib o‘rab-joylash va xizmatlarning boshqa shakllari).
12. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi, ularda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd etiladigan nuqsonlar (zirakka toshlar, ilgaklarning, bilakuzukka sharnirli birikmalarning sust mahkamlanganligi, yoriqlar, ushalgan joylar, tirnalgan joylar, g‘udurlar va boshqa nuqsonlar) aniqlangan, davlat proba tamg‘asi muhrining zargarlik qotishmasi amaldagi probasiga, buyum xususiyatlarining plombalangan yorliq ma’lumotlariga mos kelmasligi bundan mustasno.
13. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarda chakana savdo korxonasi tomonidan qayd qilinmagan nuqsonlar aniqlangan taqdirda xaridor ularni xarid qilingan kundan boshlab 6 oy ichida xarid narxi tegishlicha qayta hisoblangan holda ana shunday buyumlarga yoki boshqa buyumlarga almashtirish huquqiga ega bo‘ladi, yoxud ulardagi nuqsonlar tekin bartaraf etilishi, yoki xarid narxi mutanosib ravishda kamaytirilishi kerak. Xaridor shuningdek zarar qoplangan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga ham haqli bo‘ladi. Xaridorning ko‘rsatib o‘tilgan talablari tovar cheki taqdim etilgandan keyin ko‘rib chiqiladi.
14. Chakana savdo korxonasi tomonidan almashtirish yoki nuqsonlarni tekin bartaraf etish muddatlari buzilgan taqdirda chakana savdo korxonasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq neustoyka to‘lashi shart.
15. Sifatga oid nuqsonlar paydo bo‘lishi sabablari masalasida kelishmovchiliklar kelib chiqsa chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumni xaridordan qabul qilib olishga va uni mustaqil ekspertiza o‘tkazish uchun Davlat probani aniqlash palatasiga yuborishga majburdir.
Xaridor ekspertiza o‘tkazishda qatnashishga haqli bo‘ladi.
16. Sotilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar uchun xaridordan naqd pulni qabul qilish chakana savdo korxonasi tomonidan nazorat-kassa mashinalari qo‘llangan holda amalga oshiriladi.
Chakana savdo korxonasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan sotilgan buyum uchun xaridorga kassa cheki hamda savdo tashkiloti qaydi qo‘yilgan va sotuvchi tomonidan imzolangan tovar cheki nusxasini berishi shart. Tovar cheki nusxasida buyumning nomi, artikuli, narxi va sotish sanasi, sotuvchining imzosi va savdo korxonasi shtampi bo‘lishi kerak.
17. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan vositachilik savdosi Nooziq-ovqat tovarlari bilan vositachilik savdosi qoidalariga muvofiq mazkur Qoidalarning 4-bandiga binoan Dislokatsiyaga kiritilgan savdo korxonalaridagina amalga oshiriladi.
III. Chakana savdo korxonasining javobgarligi va mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish
18. Chakana savdo korxonasi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotish qoidalari buzilganligi uchun amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xaridor oldida javob beradi.
19. Davlat proba tamg‘alarisiz yoki plombirlangan yorliqsiz sotuvga tushgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar muhrlanishi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo‘mitasining Davlat probani aniqlash palatasiga jo‘natilishi kerak.
20. Mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo‘mitasining Davlat probani aniqlash palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi hamda boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar tekshirishlarga, mazkur qoidalarga rioya qilgan holda, mutaxassislarni, iste’molchilarning jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etishi mumkin.
Chakana savdo korxonalari xodimlari tekshirishlar o‘tkazilishiga ko‘maklashishlari hamda nuqsonlar va qoidabuzishlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishlari kerak.
IV. Nizolarni hal etish va javobgarlikka tortish
21. Chakana savdo korxonasi bilan xaridor o‘rtasida nizo paydo bo‘lgan taqdirda ularning harakati (harakatsizligi) yoki qaror ustidan shikoyat buzilgan huquqlar himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan organga yoki sudga beriladi.
22. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari moddalari va mazkur Qoidalar talablari buzilishi javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Download 81.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling