1. iqtisodiyotga kirish
O‘zbekistonda olib borilayotgan pul- kredit siyosati
Download 1.03 Mb.
|
1. iqtisodiyotga kirish-hozir.org
16.4. O‘zbekistonda olib borilayotgan pul- kredit siyosati
Pul-kredit siyosatining pirovard maqsadi – mamlakatda barqaror past darajadagi inflyatsiyani ta’minlashdan iborat. Bu maqsadga erishish esa aholi turmush darajasining yaxshilanishiga va farovonligining oshishiga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, narxlar o‘sish sur’atlarining pasayishi va barqarorlashishi davlat iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi kerak. Mamlakatimizda ichki narxlar barqarorligi ta’minlanishi makroiqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikning kafolati bo‘lib, iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va rivojlantirish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning zamini hisoblanadi. Inflyatsiyaning past va barqaror ko‘rsatkichlari iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ishlab chiqarish raqobatbardoshligi va aholi farovonlik darajasini oshirishning muhim omili sanaladi. O‘zbekiston Respublikasida Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat: - inflyatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish; - pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflyatsiyaviy jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli dastaklarini qo‘llash; - pul-kredit siyosati sohasida obyektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish. Hozirgi davrda mamlakatimizda davlat tomonidan olib borilayotgan pul kredit siyosatida uning jahonda tan olingan vositalaridan foydalanib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ochiq bozor operatsiyalarini faollashtirish maqsadida 2018 yildan davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish borasida Moliya vazirligi bilan tegishli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda, bozorning foiz stavkalari va bank tizimida (tijorat banklari)gi likvidlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, iqtisodiyotdagi pul massasi hajmi o‘zgarishini muvozanatlashtirish maqsadida Markaziy bank ochiq bozorda davlat qimmatli qog‘ozlarini, shuningdek, o‘zi chiqargan obligatsiyalarni hamda boshqaruv qaroriga ko‘ra boshqa qimmatli qog‘ozlarni (xorijiy davlatlar qimmatli qog‘ozlari (obligatsiya, veksel, depozit sertifikatlari va boshqalar) hamda mahalliy korporativ obligatsiyalar) sotib olishi va sotishi mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Markaziy bank faqat pul-kredit siyosatini amalga oshirish maqsadida obligatsiyalar emissiyasi (muomalaga chiqarish)ni amalga oshiradi. Shuningdek, obligatsiyalarning emissiyasi, joylashtirilishi, muomalada bo‘lishi hamda muomaladan chiqarilishi tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Xalqaro amaliyotda davlat qimmatli qog‘ozlarining doimiy muomalada bo‘lishi nafaqat davlat byudjeti defitsitini moliyalashtirishning maqbul yo‘li, balki mamlakat moliya bozorini rivojlantirishning muhim instrumenti bo‘lib hisoblanadi.26 Mamlakatimizda 2020 yilning 11 sentyabrdan boshlab Markaziy bank asosiy stavka 14% ni tashkil etadi. Markaziy bank asosiy stavkasi pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog‘liq. Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste’mol va investitsiyaviy (sarmoya kiritish) qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi. Asosiy stavka darajasi Markaziy bank boshqaruvi majlislarida pul-kredit siyosati sharoitlari, joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi hamda makroiqtisodiy holatni inobatga olgan holda belgilanadi. Odatda, agar inflyasiya darajasi oshsa, Markaziy bank ham asosiy stavkani oshiradi. Agar inflyatsiya darajasi pasaysa, bunda Markaziy bank asosiy stavkani pasaytiradi. Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartirishga qaror qilsa, bozorni mumkin bo‘lgan o‘sish yoki pasayish haqida avvaldan xabardor qiladi.27 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ham majburiy zaxira talablari pul massasini tartibga solish hamda mamlakat bank tizimining likvidliligiga ta’sir etishning muhim va ta’sirchan vositasi sifatida amaliyotda qo‘llanilmoqda. Majburiy rezervlar tijorat banklari tomonidan jalb qilingan milliy va xorijiy valyutadagi depozit mablag‘larga nisbatan o‘rnatilgan me’yorlardan kelib chiqib, Markaziy bankdagi o‘tkazilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘larini anglatadi. Xususan bu instrument Markaziy bank tomonidan quyidagi maqsadlar uchun qo‘llanadi: - tijorat banklarining likvid mablag‘lari hajmini muvofiqlashtirgan holda, kreditlash faolligiga ta’sir ko‘rsatish; - tijorat banki bankrot bo‘lgan sharoitda uning majburiyatlari yuzasidan hisoblashish; -pul massasining o‘sish sur’atlarini tartibga solgan holda, pul massasining multiplikativ ko‘payishiga bevosita ta’sir ko‘rsatish. Bunda, Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 25 aprelda 3002-son bilan ro‘yxatga olingan “Tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga o‘tkaziladigan majburiy rezervlari to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, Markaziy bank tijorat banklari tomonidan Markaziy bankka o‘tkazilishi lozim bo‘lgan majburiy rezervlar hajmi (normativ miqdori)ni hamda depozitga o‘tkazish tartibini belgilaydi. O‘z navbatida, majburiy rezervlarning normativ miqdorini hisoblashda Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining rezerv shakllantiriladigan majburiyatlariga nisbatan majburiy zaxira me’yorlari belgilangan bo‘lib, 2019 yil 1 iyuldan: milliy valyutadagi depozitlar uchun - 4%; xorijiy valyutadagi depozitlar uchun - 14% etib belgilangan bo‘lib, majburiy zaxira rezervlari har ikkala valyuta uchun ham milliy valyutada shakllantiriladi.28 Mamlakatimizda pul-kredit siyosatini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatilish bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazish maqsad qilib olingan. Pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimida markaziy bank tomonidan inflyatsiyaning o‘rta muddatli maqsadli darajasi e’lon qilinadi va pul-kredit instrumentlari ushbu inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga yo‘naltiriladi. Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning mazkur usuli ko‘pgina rivojlangan hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda keng qo‘llanilib kelinmoqda. Inflyatsion targetlash rejimi inflyatsiya darajasining o‘zgaruvchanligi va inersion davomiyligini kamaytirishning samarali usuli hisoblanib, o‘rta muddatli istiqbolda barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun qulay sharoitlarni yaratadi.29 Mamlakatimizda iflyatsion targetlash rejimiga to‘liq o‘tish uchun quyidagi sharoitlar yaratish belgilab olingan: -muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish; - raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning to‘laqonli bozorlarini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish; - monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga o‛tishga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish. Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosati sohasining barcha jihatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida, uzoq muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy o‘sishning asosi bo‘lgan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tilishini anglatadi Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling