1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon­­ – 2022


Qo‘shiqning kuyga munosabatiga


Download 1.09 Mb.
bet54/125
Sana22.02.2023
Hajmi1.09 Mb.
#1223317
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   125
Bog'liq
o\'zbek folklori majmuasi yangisi

Qo‘shiqning kuyga munosabatiga kelsak, hamma, hatto motam qo‘shiqlarida ham musiqiy ohang mavjud, biroq motam marosim qo‘shiqlari biror-bir musiqiy asbob jo‘rligida kuylanmaydi. Motam marosimi va ayrim mavsum marosim qo‘shiqlarini inobatga olmaganda hamma holatlarda qo‘shiqlarga biror musiqa asbobida kuy chalinishi mumkin. Shunga ko‘ra qo‘shiqlarni: 1. soz bilan ijro etiladigan qo‘shiqlar; 2. hech qanday sozsiz ijro etiladigan qo‘shiqlarga bo‘lish mumkin.
Hozirgi jonli jarayonda o‘zbek qo‘shiqlari doira, do‘mbira, dutor, bulomon, tor va hokazo musiqa asboblari jo‘rligida ijro etiladi. Qanday musiqa asbobi tanlanishi qo‘shiq mazmuni va ijro etilayotgan vaziyatdan kelib chiqiladi.
Qo‘shiq va raqs haqida so‘z ketar ekan, ularning hamma davrlarda kuy bilan uyg‘unlikda qaralganligining guvohi bo‘lamiz. Fuod Ko‘pruli turklarning adabiy qarashlari diniy tasavvurlar hamda raqs va musiqa bilan birgalikda taraqqiy etganini yozadi. «Chig‘atoy lug‘ati»da qo‘shiq «raqs havosiga bog‘langan kuy» tarzda kelgani aytiladi.
Qo‘shiqlarning raqsga munosabatiga kelsak, hech bir qo‘shiq yo‘qki, unda harakat bo‘lmasin. Yig‘i-yo‘qlov, motam qo‘shiqlarida ham garchand harakatlar raqs deb atalmasa-da, raqs elementlarni o‘zida to‘la saqlab qolgan. Birgina misol, motam marosimida azador o‘zining yuzlarini timdalab, sadr tushishi bu motam marosimidagi raqsning eng qadimiy ko‘rinishlaridan biridir.
Qo‘shiq va raqsning eng mukammal uyg‘unligini biz «Beshqarsak» qo‘shiqlari va o‘yinida ko‘rishimiz mumkin. Bu o‘yinni o‘rgangan san’atshunos olim Muhsin Qodirov uni o‘zbek xalq san’atining qadimiy ko‘rinishlaridan biridir deydi.96 Bu o‘yinda qarsak va qo‘shiq qaytariqlari alohida ahamiyatga ega. Raqqoslar doira shaklini yasab qarsak ohangiga mos harakatlar qilishadi. Qarsakning turlari ko‘p: mayda qarsak, yakka qarsak, qo‘sh qarsak va hokazo. Cholg‘u asbobi vazifasini ko‘pincha qarsaklar bajaradi. Biroq bu qo‘shiq kuysiz ijro etiladi degani emas. Qarsak ham, kuy ham, naqarotlar ham eng mukammal uyg‘unlik kasb etadi. O‘rtada raqqos turli harakatlar bilan raqs tushadi, davradagilar qarsak chalib, kuyga mos qo‘shiq ijro etishadi. Qarsak o‘yinlarida naqarotlar muhim ahamiyatga ega.
Hoy bola-bola, yor-yor,
Omon bola yor-yor.
Hay-hu, ho-ho-ho.
Oq otingni maqtaysan,
Bo‘z otimga yetmaydi.
O‘yinchingni maqtaysan,
Qarsoqchidan o‘tmaydi.
Hoy bola-bola, yor-yor,
Omon bola yor-yor.
Hay-hu, ho-ho-ho.
Bu raqs o‘yin sifatida san’atshunoslar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu o‘yinning verbal qismi, ya’ni so‘z komponenti olimlar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda. Bu raqsda kuylanib kelinayotgan «Omonyor», «Gulbog‘», «Dig‘ajon», «Hoy bola-bola, yor-yor»lar xalq qo‘shiqlarining eng yorqin namunalaridir.
«Qarsoq» bo‘ri degani97, ya’ni «Bo‘ri o‘yini» raqsi va qo‘shiqlari, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullangan joylarda to‘y-tomoshalarda, gap-gashtaklarda, Navro‘z bayramlarda sevib ijro etilgan.
Ishtirokchilarning qarsak chalib doira hosil qilishi, raqqosning o‘rtada turishi uch narsani yodimizga soladi. Birinchisi, qadimda ovchilarning ovga chiqib, halqa hosil qilib, o‘ljasiga hujum qilishi. Ikkinchisi, o‘tov chang‘arog‘ining aylana shaklda ekanligi, unga birikkan uvuqlar bizga raqqosni o‘rtaga olib, davra hosil qilgan qarsoqchilarni eslatadi. Uchinchisi, «Ko‘pkari» (Boshqa bir nomi «Ko‘kbo‘ri») o‘yinini. Ya’ni ko‘pkari o‘yinida ham chavondozlar dastlab davra hosil qilishib, keyin «o‘lja» – uloqqa tashlanishadi.
Bizning nazarimizda har uchala holat ham xalqimizning mavsumiy marosimi, ya’ni Navro‘z bilan bog‘liq. Chunki qish kirishi bilan ko‘klam-bahorning yaxshi kelishi uchun ko‘plab marosimlar o‘tkazilgan. Shulardan birinchisi ov, ikkinchisi ko‘pkari va nihoyat bahor kelishi bilan chorvadorlar keng yaylovlarga chiqib o‘tov tikishgan.
Fuod Ko‘pruli qadimda turklarning kuy- kuklarning soni 365 ta, ya’ni yil kunlariga teng bo‘lib, har kuni xoqon huzurida ayri bir kuy chalinganini urg‘ulaydi.98 O‘tovdagi uvuqlar soni ham odatda 52 ta, ya’ni yillik haftaga tengligi tasodifiy bo‘lmasa kerak.
Navro‘zga bag‘ishlangan ko‘pgina marosimlar, udumlar, aytim va qo‘shiqlar zamirida quyoshga bo‘lgan topinch yotganini ko‘rishimiz mumkin. Qarsak o‘yinidagi halqa bizga kunni-quyoshni ham eslatadi. Qolaversa, qo‘shiq matni naqarotidagi «hu», aslida xu, qu, ku (gu) kun-quyosh so‘zi bilan o‘zakdosh emasmikan degan taxmin uyg‘otadi. Nima bo‘lganda bu o‘yin qo‘shiqlari maxsus tadqiq etilishi lozim.
Tasnifni yana davom ettirish mumkin. Misol uchun erkak va ayol qo‘shiqlari, har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, Surxondaryo, Qashqadaryo; Jizzax, Samarqand, Buxoro; Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona hamda Xorazm qo‘shiqlari deyish ham mumkin. Biroq bunday tasniflar ikkilamchi tasnifga kiradi. Eng muhimi esa qaysi turkum qo‘shiqlari bo‘lmasin, marosim qo‘shiqlarimi yoxud nomarosim qo‘shiqlarimi, yuqorida biz tilga olgan barcha turkumlik uchun birdek bo‘lgan umumiy mezonlardan kelib chiqqan holda tasnif etilmog‘i lozim.

Download 1.09 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   125




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling