59-modda. Ta’lim tashkilotlarining faoliyatini ichki va tashqi
baholashdan o‘tkazish
Ta’lim tashkilotlarining faoliyati tashqi baholashdan o‘tkazilishidan oldin
ular Ta’lim inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan attestatsiyadan o‘tkazish
mezonlari va ko‘rsatkichlari asosida o‘z faoliyatini mustaqil ravishda ichki
baholashdan o‘tkazadi.
Ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyati tashqi baholashdan o‘tkazilishidan ikki oy
oldin ichki baholash natijalarini Ta’lim inspeksiyasiga taqdim etadi.
Ta’lim inspeksiyasi ta’lim tashkilotining faoliyatini ichki baholash
yakunlarini o‘rganadi va ulardan ta’lim tashkilotining faoliyatini tashqi baholash
jarayonida foydalanadi.
Ta’lim tashkiloti rahbari ichki baholash natijalarining ishonchliligi uchun
javobgar bo‘ladi.
60-modda. Xorijiy davlatda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan
olish
Xorijiy davlatda 1992-yil 1-yanvardan keyin olingan ta’lim to‘g‘risidagi
hujjat tan olish jarayonidan o‘tkazilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining
butun hududida qonuniy kuchga ega hujjat sifatida tan olinadi.
Xorijiy davlatda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan olish Ta’lim
inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan olish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
61-modda. Ta’lim sohasidagi rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish
Ta’lim sohasidagi rasmiy hujjatlarga apostil hujjatni tasdiqlagan shaxs
imzosining haqiqiyligini, shuningdek muhr yoki shtampning bosma izi haqiqiysiga
muvofiqligini tasdiqlash maqsadida qo‘yiladi.
Apostilga qo‘yilgan imzo, muhr yoki shtamp qo‘shimcha ravishda
tasdiqlashni talab etmaydi.
Ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish
Ta’lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
9-bob. Ta’limni moliyalashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Do'stlaringiz bilan baham: |