1. Markaziy Osiyoda ibtidoiy jamoa davridagi bola tarbiyasi


O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur


Download 343.16 Kb.
bet5/104
Sana17.06.2023
Hajmi343.16 Kb.
#1534112
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   104
Bog'liq
Pedpgogika

O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur
Yevropa madaniyati tarixida O'rta asrlar qariyb 1000 yilni - V asrdan XIV asrga qadar bo'lgan davrni qamrab oladi. Bu davr eski yunon-rim madaniyatining yemirilishi, uning o'rnida sharq asosidagi xristian madaniyatining yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Antik davrdagi yagona yunon-rim madaniy hududining ikkiga - sharqiy va g'arbiy hududlarga ajralishi, bu ikki hududdagi madaniy taraqqiyotning bir-biridan sezilarli farqlanishi, antik madaniyat bilan xristian madaniyati o'rtasidagi ziddiyatlar, xristian dini mavqyeining kuchayishi va uning ijtimoiy, badiiy-estetik tafakkurga kuchli ta'sir o'tkazgani - bularning bari o'rta asrlarni o'rganishda ma'lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
IV asr oxirlariga kelib Rim imperiyasi ikki mustaqil qismga - sharqiy va g'arbiy imperiyalarga ajraldi. Bu ikki hudud madaniyati, garchi ularda Rim an'analari saqlangan va xristian dini hukmron mavqye egallagan bo'lsa-da, birbiridan sezilarli farqlanadi. Aytish kerakki, sharqiy imperiya - qariyb 900 yil yashagan Vizantiya imperiyasi mustaqil davlat sifatida 396 yilda vujudga kelgan bo'lsa-da, madaniyat tarixidagi "vizantiya davri"ni mutaxassislar sal ilgariroq, III asrdan boshlangan deb hisoblaydilar. Vizantiya madaniyatining ilk bosqichlariga (III-VI asrlar) xos xususiyat shuki, unda hali o'z ta'sirini yo'qotmagan antik madaniyat bilan shakllanayotgan xristian madaniyati yonma-yon, bir-biriga aralashmagan holda yashaydi. Tabiiyki, agar yangi madaniyat va yangicha dunyoqarash mavqyeini mustahkamlashga, eskisi esa saqlab qolishga intilishi e'tiborga olinsa, bu holning o'zgarishsiz qolishi mumkin emas, ikkisi orasida keskin kurashlar kechishi muqarrar. Masalan, o'z davrining yirik notig'i - imperator Yulian (332-363) xristianlikning ashaddiy dushmani, antik madaniyat muhibi bo'lgan. Yulian antik madaniyat mavqyeini saqlab qolish uchun ham imperatorlik, ham ijodiy faoliyatidan foydalangan. Jumladan, u xristianlarni quvg'in qilgan, Gomer, Platon kabi qadimgi yunon mualliflarining asarlarini ilohiylashtirishga, shu yo'l bilan xristian cherkoviga muqobil majusiy cherkovini yaratishga intilgan .
Adabiy ijodda vizantiyaliklar yunon tilidan foydalandilar, ilk davrda ko'proq antik yunon adabiyoti an'analarini davom ettirdilar. Ayni paytda, endi bu adabiyotda qadimgi yahudiy adabiyotining ta'siri ham kuzatila boshlaydi, diniy janrlar salmog'i ortib boradi. Adabiy tilning jonli yunon tiliga yaqinlashishi, antik yunon she'riyatiga xos she'riy o'lchovlarga muayyan o'zgarishlar kiritilishi kuzatiladi. Jumladan, misrlik shoir va she'rshunos Nonna (V asr) gekzametrni jonli yunon tili tabiatiga moslab isloh qiladi.
O'rta asrlar estetik tafakkuri xristian ilohiyotchilari tomonidan, antik falsafani, xususan, neoplatonizm ta'limotini o'zlashtirgan va uni xristian diniy aqidalari ruhida talqin qilgan holda rivoj topdi. Jumladan, antik madaniyat an'analari ruhida tarbiyalangan, tarixga "buyuk kappodokiyaliklar" nomi bilan kirgan vizantiyalik mutafakkirlar - Buyuk Vasiliy (329-379), Grigoriy Nazianzin (330-390), Grigoriy Nisskiy (335-394)lar "mutlaq go'zallik"ni yuksak qadrlaganlar. Ma'lumki, "mutlaq go'zallik" tushunchasi qadimgi yunon faylasuflari, xususan, Platonda mavjud edi. Keyinroq, ellinizm davriga kelib Plotin va uning izdoshlari ta'limotida bu tushuncha yanada kengroq talqinini topgan, muayyan tizim holiga keltirilgan edi. Ob'ektiv idealizm mavqyeida turgan antik faylasuflardan farq qilaroq, vizantiyalik ilohiyotchilar mutlaq go'zallikni Xudo nomi bilan bog'ladilar. Shu sababli ham ularning ta'limotida, xususan, gnoseologiyasida mutlaq go'zallik tushunchasi muhim o'rin tutadi. Zero, ular inson ruhi ko'rinmas go'zallikka intiladi, inson ruhiy izlanishlarining asosiy maqsadi esa mutlaq go'zallikni anglash, idrok qilish deb biladilar. Xudoni tanishga intilayotgan insonni o'ziga jalb etuvchi narsa - go'zallik, uni tanish esa muhabbat, ishq orqali amalga oshadi.
Estetik tafakkur tarixida Psevdo-Dionisiy, Dionisiy-Areopagit nomlari bilan mashhur, lekin haqiqiy nomi noma'lum ilohiyotchining "Areopagitiklar"ida vizanitiyaliklarning mutlaq go'zallik haqidagi xristian diniga xos ta'limoti muayyan tizim holiga keltirildi. Jumladan, uning "Ilohiy ismlar haqida" nomli risolasida "mutlaq go'zallik" ("asl go'zallik") tushunchasiga ancha keng ta'rif beriladi. Unga ko'ra, "asl go'zallik"(ya'ni, Xudo)dan mavjud narsalarning bariga, har birining o'ziga yarasha va mos go'zallik baxsh etiladi. Shu bois ham "asl go'zallik" mavjudlikning sababi, jami go'zallikning manbaidir. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ma'naviy-ruhiy izlanishlarning maqsadi - mutlaq go'zallik, unga eltuvchi vositalardan biri esa moddiy olamdagi go'zallikdir. Zero, moddiy olamdagi narsahodisalarning barida mutlaq go'zallikdan darak bor. Negaki, ularning har biri mutlaq go'zallikdan o'ziga, o'z maqomiga yarasha nur olgan. Shunga ko'ra, moddiy va ma'naviy reallikdagi hamma narsa ramz(simvol)dirki, ularning har biridan ilohiy nur taraladi, har birida Yaratganning o'zidan nedir bor. Xudoni tanish uchun inson ayni shu ramzlarni ko'ra olishi, ularning mazmun-mohiyatini tushunishni o'rganishi lozim bo'ladi.
Dionisiy-Areopagit o'rta asrlar simvolizmi nazariyasini ancha mufassal ishlab chiqdi. To'g'ri, uning ayni shu masalaga bag'ishlangan "Simvolik ilohiyot" nomli asari bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, uning bu boradagi qarashlari boshqa asarlarida ham ancha keng aks etgan. Bundan tashqari, "Simvolik ilohiyot"ning asosiy mazmuni uning asarlariga yozilgan sharhlar orqali ham ma'lum. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ramz(simvol)lar bir paytning o'zida ham haqiqatni ifoda etishga (xoslar uchun), ham uni yashirishga (xos bo'lmagan, duch kelgan kishilardan) xizmat qiladi. Ramzning asosiy vazifalaridan biri - informatsiya yetkazish, bu vazifa esa turli yo'sin va shakllarda amalga oshishi mumkin. Ya'ni, informatsiya bilvosita yoki bevosita yetkazilishi mumkin. Birinchi holda u belgi yoki obraz shaklida yetkaziladi. Belgi shaklida yetkazilgan informatsiya xoslargagina tushunarli bo'lsa, obraz shaklida yetkazilgan informatsiya shu madaniyatga mansub barcha kishilarga tushunarlidir. Areopagit liturgik obrazlar informatsiyani bevosita yetkazadi deb hisoblaydi, chunki liturgik obrazlar (cherkov marosimlari) ifodalaydigina emas, balki bevosita namoyon etadi. To'g'ri, Areopagit liturgik obrazlar masalasiga keng to'xtalmaydi, biroq vizantiyalik ilohiyotchilar uning fikrlarini rivojlantira borib, liturgiyani (diniy marosimni) ramziy qabul qilish tizimini ishlab chiqdilar.
Dionisiy-Areopagit ramzlarning ikkita asosiy turini ajratadi: 1) arxetip bilan mushtarak belgilarga ega bo'lgan "o'xshash" ramzlar; 2) bunday belgilarga ega bo'lmagan "o'xshashsiz" ramzlar. Uning o'zi "o'xshashsiz" ramzlarni yuksak qadrlaydi, chunki ularning yordamida yuksak ruhoniy mohiyatga ko'tarilish qulayroq deb biladi. Negaki, ruh bu ramzlarning tashqi belgilarida to'xtalib qolmaydi, balki undan haqiqatni, arxetipni izlaydi.

Download 343.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   104




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling