Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot barg va gularalashmalaridan iborat bo‘ladi. Bargi ellipssimon, cho‘ziq ellipssimon yoki lansetsimon, tekis qirrali, qisqa bandli bo‘lib, pastki tomonidagi mayda chuqurchalarida efir moyli bezlar bor (ularni lupa bilan ko‘rish mumkin). Bargning uzunligi 15 mm, eni esa 7 mm. Bargning asos qismi dag‘al tuklar bilan qoplangan. Gullari mayda, kosachasining cheti qo‘ng‘ir-qizil rangli, tashqi tomoni tuklar bilan qoplangan, ikki labli, besh tishli, tishlari qirrasidan ko‘p hujayrali kipriksimon uzun tuklar o‘sib chiqqan. Gultojisi pushti-binafsha rangda, ikki labli, yuqori labi yapaloq, biroz o‘yilgan, pastki labi esa 3 ta, bir xil bo‘lakli, otaligi 4 ta, onalik tuguni 4 bo‘lakli, yuqoriga joylashgan.
XI DF ga ko‘ra mahsulot namligi 13 %, umumiy kuli 12 %, 10% li xlorid kislotada erimaydigan kuli 5 %, 0,5 mm dan yo‘g‘on bo‘lgan poya bo‘laklari 10 %, organik aralashmalar 1 % va mineral aralashmalar 1 % dan ko‘p, 30% li spirtda erib, ajralib chiqadigan ekstrakt moddalar miqdori 18 % dan kam bo‘lmasligi kerak.
Mahsulotning o‘ziga xos xushbo‘y, yoqimli hidi va achchiqroq o‘tkir mazasi bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |