DARMANA SHUVOQ GULI - FLORES CINAE
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Savatchani 2% li ishqor eritmasiga solib qaynatiladi, suv bilan yuviladi, so‘ngra nina yoki pinset bilan o‘rama bargni va naychasimon gulni ajratib olib, xloralgidrat eritmasi yordamida mikroskop ostida ko‘riladi (3-rasm).
O‘rama bargning hap ikki tomonida o‘rtadagi yirik tomirlar bo‘ylab ketgan qalin devorli hujayralardan iborat sklerenxima-mexanik to‘qimasi, o‘rama bargning yupqa qismida (chetida) esa ayrisimon, ikki uchli tuklar hamda efir moyili sarg‘ish bezlar uchraydi. Bezlar murakkabguldoshlar oilasiga xos tuzilgan bo‘lib, umumiy kutikula bilan qoplangan ikki qatorda 4 qavatdan joylashgan efir moyi ishlab chiqaruvchi hujayralardan tashkil topgan. Efir moyli bezlarning yuqorisidan ko‘rilganda 8 (sakkiz) raqamini eslatadi. Efir moyli bezlar naychasimon gullarda ham bo‘ladi. O‘rama bargning ichki hujayralarida ba’zan mayda druzlar uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |