1-ma’ruza. Mavzu: Abstrakt so’zlarning matn shakllanitirish imkoniyatlari
Download 25.25 Kb.
|
1 маъруза
1-ma’ruza. Mavzu: Abstrakt so’zlarning matn shakllanitirish imkoniyatlari Reja: Abstrakt so’zlar haqida ma’lumot. O‘zbek tilshunosligida abstrakt nomlarning o‘rganilishi. Abstrakt so’zlarning semantik strukturasi. O‘zbek tilida abstrakt so’zlarning semantik tasnifi. Abstrakt so’zlarning lug‘aviy sathdagi o‘rni. Insonlar, avvalo, olamni sezgi a’zolari yordamida bilganlar. A.V.Brushlinskiyning ta’kidlashicha, sezgi a’zolari orqali hosil qilingan olamning hissiy manzarasi juda zarur, lekin predmet va hodisalarni, ularning mohiyatini, o‘zaro munosabatlarini chuqur, har tomonlama o‘rganish uchun yetarli emas. Shu tariqa bilishning murakkab shakli, xususan, abstraksiya vujudga keldi. «Abstraksiya – bilish shakllaridan biri bo‘lib, u narsalarning bir qancha xossalarini va ular o‘rtasidagi munosabatlarni fikran nazardan soqit qilishdan hamda biron-bir xossa yoki munosabatni ajratib ko‘rsatishdan iboratdir» Til juda murakkab hodisa bo‘lib, uning mavjudligi, mohiyati ko‘plab mezonlar bilan o‘lchanadi. N.Mahmudov ta’kidlaganidek, «Odam bilan bog‘liq hodisalar orasida tilday murakkab, muhtasham va muhtaram boshqa bir hodisa yo‘q. Uning murakkabligi tilsim qadardir... Ushbu murakkab hodisani tadqiq qilish ham oson kechmaydi. Tilshunos serqirra tabiatga ega tilning muayyan birligini yoki xususiyatini tadqiq qilar ekan, ushbu tadqiqot uchun muhim bo‘lmagan jihatlaridan abstraksiyalashishi lozim. Aks holda ilmiy maqsadga erishilmaydi, obyektning mohiyati ochilmay qolaveradi. Masalan, «fonema» fenomen sifatida tovushning lisoniy-funksional belgilaridan iborat. Tabiatan «a» fonemasi mavjud emas. «A» tovushi bor va u «a» fonemasidan farqli hodisa. «A» tovushi cho‘ziq yoki qisqa, past yoki baland, g‘amgin yoki quvnoq ohangda talaffuz qilinishi mumkin. O‘zbek tilida «a» tovushi jismoniy azobni, taajjubni yoki so‘roq ma’nosini anglatish uchun ham talaffuz qilinadi. Agar «a» tovushini tadqiq qilmoqchi bo‘lsak, uni fizikaviy, psixologik, musiqaviy jihatlarini ham o‘rganishimiz lozim. Lekin tilshunos uchun tovushning lisoniy vazifa bajarishi ahamiyatlidir. Shu sababli tovushning lisoniy xususiyatlari lingvistika uchun muhim bo‘lmagan jihatlaridan abstraksiyalangan va u «fonema» termini ostida tadqiq qilinadi. Abstrakt va konkret so‘zlar ziddiyatiga ikki xil: umumlashtiruvchi va ayiruvchi abstraksiya natijasi asos bo‘lgan. Konkret nomlar umumlashtiruvchi abstraksiya natijasida hosil bo‘lgan umumiy belgi, xususiyatlar asosida shakllangan tushunchalarni ataydi. Ayiruvchi abstraksiyada olamda obyektidan ajralgan holda bo‘lishi mumkin bo‘lmagan belgi, xususiyat, holat, harakat obyektdan ajratilgan tarzda, alohida voqelik sifatida tafakkur qilinadi, nomlanadi. Mazkur abstraksiyada belgi, xususiyat, holat, harakatning tashuvchisi e’tibordan soqit qilinadi. Ushbu voqeliklarni nomlovchi so‘zlar abstrakt so‘zlar deyiladi. Abstrakt so‘zlar muayyan xalqning dunyoqarashi, tafakkur tarzi, etik, estetik, madaniy, ma’naviy tushuncha va me’yorlarini nomlaydi. Abstrakt so‘zlar nomlayotgan tushunchalar xalqimizning orzu-umidlariga, qadriyatlariga, timsollariga aylanib ketganki, ular epik, badiiy, ilmiy asarlarda keng yoritilgan; xalq og‘zaki ijodi namunalaridan mustahkam o‘rin olgan. Eng qadimgi yodgorliklarimizdan biri «Avesto» dan tortib, hozirgi davr adabiyoti vakillari ijodining maqsadini abstrakt so‘zlar atayotgan umuminsoniy yoki milliy qadriyatlar tashkil etadi. XX asrda ijod qilgan A.Qodiriy asarlaridagi qadriyatlar tizimining o‘ziga xosligi olimlar va oddiy xalqimiz tomonidan ko‘p bora e’tirof etilgan. Adib «Mehrobdan chayon» asari nomida mavhum tushuncha, nafaqat tushuncha, salmoqli fikrni, g‘oyani ikkita bir-biri bilan ma’noviy zid bo‘lgan konkret so‘zlar «mehrob» va «chayon» ni bog‘lash orqali ifoda etmoqda. Ma’lumki, mehrob «masjidning qibla tomonidagi devorida taxmon shaklida qurilgan joy» ma’nosini bildiradi va bu so‘zda «muqaddas» pragmatik ma’no mavjud. Chayon o‘zining og‘riqli zahri tufayli xalqimiz nafratiga uchraganligi nomning tabuga aylanishi bilan izohlanadi. Bu ikki pragmatik ma’nosi bilan antonim hisoblangan so‘zlarni oksyumoronik qo‘llash orqali Abdulla Qodiriy muqaddas, ulug‘ joylarda; mavqei ulug‘ insonlarda ham tubanliklar, pastkashliklar borligini mohirona ifodalab bergan. O‘zbek tilshunosligida «abstrakt nomlar» termini leksik birliklar ot so‘z turkumining ma’noviy guruhi sifatida «abstrakt otlar», «fikriy otlar», «mavhum otlar» kabi terminlar bilan nomlab kelingan. XX asrning ikkinchi yarmida nashr qilingan oliy ta’lim darsliklarining barchasida «abstrakt ot» termini ishlatilgan. Mustaqillik yillarida esa maktab va aksariyat oliy ta’lim darsliklarida «mavhum ot» termini qo‘llana boshladi. Jumladan, R.R.Sayfullayeva, B.R.Mengliyev, G.H.Boqiyeva, M.M.Qurbonova, Z.Q.Yunusova, M.Q.Abuzalovalar hammuallifligida yozilgan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» o‘quv qo‘llanmasida «mavhum otlar», Sh.Rahmatullayevning «Hozirgi adabiy o‘zbek tili» darsligida «fikriy otlar» termini qo‘llangan. O‘zbek tilida «mavhum» so‘zi ko‘p ma’noli bo‘lib, uning «noaniq, mujmal» hosila ma’nosi bor va «mavhum» termini bilan nomlanayotgan so‘zlar semantikasini izohlashda mazkur «noaniq» ma’noning salbiy ta’siri seziladi. O‘zbek tilidagi falsafaga oid aksariyat darslik, ilmiy ishlarda «mavhumlashish» emas «abstraksiya» termini ishlatiladi va mazkur hodisaning natijasida hosil bo‘lgan nomlarga nisbatan ham «abstrakt» terminini qo‘llash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Tilshunoslar tomonidan leksik sathdagi abstraktlik/konkretlik muammosini yechishga juda ko‘p urinishlar bo‘lgan va bunday tadqiqotlar hozirgacha davom etmoqda. Bu boradagi tadqiqotlarning ko‘pligiga qaramasdan abstrakt va konkret leksikani aniq chegaralash xususida yakdil fikr mavjud emas. Abstrakt so‘zlar tadqiqidagi turlicha xulosalarga tekshirish obyektining ontologik murakkab tabiatga ega ekanligi asosiy sabab deb ko‘rsatiladi. Jahon tilshunosligida abstrakt nomlarni ajratish, ularning leksik, semantik, morfemik, morfologik, konseptual jihatlariga oid tadqiqotlar mavjud bo‘lgani holda, o‘zbek tilshunosligida mazkur so‘zlar faqat ot turkumining ma’noviy guruhi sifatida ajratiladi. Abstrakt nomlar ot va sifat so‘z turkumining alohida ma’noviy guruhini tashkil etadi. Abstrakt otlar narsaning belgi, holat, munosabat yoki harakatini obyektidan fikran ajratib alohida substansiya sifatida nomlab, bevosita kuzatishda berilmagan aqliy bilish orqali anglanadigan tushunchalarni ataydi: ma’naviyat, idrok, quvonch, beg‘uborlik. Abstrakt sifatlar bevosita kuzatishda berilmagan aqliy bilish orqali anglanadigan belgilarni nomlaydi: aqlli, farosatli, murakkab, taxminiy. Abstrakt nomlarni chegaralashda murakkablikni keltirib chiqaruvchi predmet, tushuncha, modda, belgi kabi keng ma’noli, ajina, yalmog‘iz kabi muayyan obrazga ega hamda yashillik, issiqlik, sovuqlik, yumshoqlik, achchiqlik kabi –lik affiksi bilan yasalgan, bevosita kuzatishda berilgan tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar abstrakt nom bo‘la olmaydi. O’zbek tilshunosligida abstrakt nomlar masalasidagi o’rganishlarni qadim tarix bilan bog’lash mumkin.“Avesto” tariximizni o’rganishda eng dastlabki yozma manba hisoblanadi. Unda xalqimiz tarixining eng ko’hna davrdagi hayoti, turmush tarsi, axloqiy me’yorlari, urf-odatlari, diniy e’tiqodi kabi masalalar, o’sha davr hayotiga oid ko’plab qoidalar bayon qilingan. “Avesto”ning 3 ta muhim qoidasi bo’lib, ular ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amaldir. Bu qoidalar Zardushtilik ta’limotining asosini tashkil etadi. Ushbu ta’limotga ko’ra inson yaxshi fikrga ega bo’lsa, jaholat va razilat undan yiroq bo’ladi, boshqa insonlarga nisbatan g’arazgo’ylik qilmaydi. Asarda inson yashash tarzining mezoni sifatida rostgo’ylik, to’g’rilik, hallolik, poklik kabi sifatlar ko’rsatilgan. Bundan shu narsa ma’lum bo’ladiki, o’sha davrlardan boshlab insonlar mavhum tushunchalarga murojaat qilib boshlashgan. Albatta mavhum tushunchalarning paydo bo’lishida diniy qadriyatlar birlamchi rolni o’ynagan. IX-XI asr jahon ilmfanida buyuk kashfiyotlar qilgan ajdodlarimiz asarlarida ham abstrakt nomlar masalasidagi qarashlarga guvoh bo’lishimiz mumkin. Jumladan, Abu Nasr Farobiy bilish haqidagi fanning shakillanishiga tamal toshini qo’ygan mutafakkirdan biri edi. Uning abstrakt so’zlarning paydo bo’lishidagi asos – aqliy bilish xususidagi fikrlari diqqatga sazovordir. Bu o’rinda Farobiyning “Fozil odanlar shahri” risolasidagi falsafiy qarashlariga e’tibor qaratamiz. Farobiy shahar-davlatlarni fozil va johilga bo’ladi. “Fozil shahar shunday shaharki, u aholisining o’zaro hamkorligi asosida mavjuddir”, - deb yozadi Forabiy. “Kamolatning yuqori cho’qqisiga erishgan jamiyatlarda kasb-hunarni ozodona tanlash inkoniyati bor. Bu yerda yakka hokimlik yo’q bo’lib, haqiqiy ozodlik va teng huquqlilik hukmronlik qiladi. Bunday shaharning aholisi o’z boshlog’ini saylaydi, ammo uni har qancha hokimyatdan mahrum qilish ham mumkin. Bunday shaharlarning boshliqlari o’z faoliyatlarida adolat, teng huquqlik va umumiy farovonlik qoidasidan kelib chiqadi”. Farobiyning mazkur risolasidagi fikrlari xalqning orzusi – adolat, teng huquqlik, farovon jamiyat qurish orzusidir. Farobiy nazarda tutgan “fozil odanlar shahri” ideallashtiruvchi abstraksiya natijasidir. Tarix, astronomiya va mineralogiyaga katta hissa qo’shgan Abu Rayhon Beruniy qadriyatlarga, insoniy fazilatlarga to’xtalib, quyidagi fikrlarni keltiradi: “Yaxshilikka intilish, u o’sgani sari kuchayaveradi va yaxshilik umuman jamiki odamlarga, xususan, qarindosh-urug’larga yaxshilik tilashdan iborat, qo’l kaltalik qilganda yolg’iz yaxshi niyat bilan, imkon berganda esa bevosita xayrli ish bilan yaxshilik qilinadi”. Abu Ali Ibn Sino nafaqat tib ilmining bilimdoni, balki buyuk faylasuf ham bo’lgan. Afsuski, uning falsafiy muammolarga bag’ishlab yozilgan “Adolat” nomli falsafiy ensiklopediyasi, “Sharq falsafasi”, “Yaxshi ish va gunoh” kabi asarlari bizgacha yetib kelmagan. Qadriyatlar muammosi Ibn Sinoning “Donishnoma”, “Solmon va Ibsol” kabi bizgacha yetib kelgan asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Alloma nazarida o’z ibtidosini Allohdan olgan borliq va tabiat insonni o’rab turgan abadiy makondir. Shu jihatdan uning qadri beqiyos, inson esa hamma boyliklarni tabiatdan oladi, undan o’ziga davo topadi.3 Shu o’rinda aytishimiz mumkinki, abstrakt nomlar bilan ataluvchi qadriyatlar masalasi, mavhum nomlarning falsafasi va badiiyati tasavvuf ta’limoti namoyondalarining asarlarida ham keng talqin qilingan. Tasavvuf adabiyotida mavhum ma’noli tayanch tushunchalarni konkret so’zlar – timsollar orqali berilishi an’anaga aylangan. Ushbu ta’limot yirik vakillaridan biri – Alisher Navoiyning ijodiga nazar tashlasak, abstrakt so’zlarning turfa ma’nolarda qo’llangani, mavhumlik darajasi g’oyatda baland bo’lgan ishq, muhabbat, sarxushlik kabi ma’nolarni oddiy konkret so’zlar misolida ochib bergani kabi yuksak badiiy mahoratga guvoh bo’lamiz. Navoiy asarlarining mohiyatini tashkil etgan yuksak insoniy qarashlarning aksariyati abstrakt harakterga ega. Hattoki, asarlarining nomlanishida bunday yondashuv o’z aksini topgan: “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub ul-qulub”, “Hayratul-abror” kabi. Navoiy “Mahbub ul-qulub”da “Vafo” to’g’risida shunday yozadi: “Vafo shunday bir pokiza muhabbatki, u tabiati va ko’ngli pok bo’lmagan kimsaga rom va ulfat bo’lmaydi. Vafo shunday bir pok zoti muhabbatki, u zoti toza, tabiati pok bo’lmagan odamga yaqinlashmaydi va unga rag’bat ko’rsatmaydi. Vafo –shunday asl gavharki, u insoniyat tojini bezaydi”. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida fundamental tadqiqotlar grant loyihasi asosida “Xamsa”ning uchinchi dostoni “Layli va Majnun” ning konkordansi tuzildi.5 Bu dostoning konkordansi leksikasi ko‘zdan kechirilganda “dardu-g‘am” leksik-semantik guruhi katta qismni tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi. Doston tarkibidagi mavjud 9994 so‘z shaklidan 574 birligini ta’kidlangan tematik guruhga doir material tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich “Layli va Majnun” dostonining qanchalik qayg‘uli asarligidan nishona bo‘lsa, boshqa tomondan shoir so‘z boyligining nechog‘lik kengligidan darak beradi. “Dard-g‘am”leksik-semantik guruhiga kirgan so‘z shakllari qarab chiqilganda,ularning ikki yirik ma’no guruhiga ajralishi aniqlandi. Birinchisi, “ma’naviy-ruhiy dard”, ikkinchisi, “jismoniy-hissiy dard” ma’no guruhi. Tadqiqotda keltirilgan “ma’naviy-ruhiy dard” so‘z shakillaring hammasi mavhum ot bo‘lgan holatda, “jismoniy-hissiy dard” guruhiga kirgan so‘z shakllarida aniq otlarni ham keltirib o‘tilganligini ko‘rish mumkin. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida yurtimizda vujudga kelgan “jadidlar” oqimi vakillari M.Behbudiy, So’fizoda, Munavarqori, Abdulla Avloniy, Cho’lpon, Fitratlarning ijodida qadriyatlar masalasi, jmladan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar masalasi muhim o’rin tutgan. Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yohud axloq” kitobida ma’naviy qadriyatlar tizimi tahlil qilindi. Avloniy xulqlarni yaxshi va yomonga ajratadi. Yaxshi xulqlarga g’ayrat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, intizom, vijdon, vatanni sevmoq, iffat, hayo, idrok, lafz, itoat, sadoqat, adolat, muhabbat, avf kabilarni kiritadi. Yomon xulqlarga esa g’azab, jaholat, razolat, adovat, hasad, g’iybat, haqorat, zulm kabilarni kiritadi. O‘zbek tilshunosligi tarixida morfologiyani bevosita tadqiq qilish, bu sohada alohida kitob yaratish XX asrning boshiga to‘g‘ri keldi. Buni Abdurauf Fitrat amalga oshirdi. Umuman, o‘zbek tilshunosligida morfologiyani emas, balki tilshunoslikning barcha sathini Yevropa tilshunosligiga tayangan holda tadqiq etishni boshlab bergan olimlardan biri ham, asosiysi ham Abdurauf Fitratdir. Fitrat har bir so‘z turkumi to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar beradi. Masalan, “Ot” so‘z turkumi bo‘yicha quydagi fikrni bayon etadi: “…bildirgan ma’noga ot bo‘lib taqalg‘on so‘z ot deyiladi. Otlarning hammasi barmoqdagi “ko‘zga ko‘rinarlik narsa”ni ifodalash shart emas, es, qayg‘u, zulm kabi manosi ko‘zga ko‘rinmas otlarning ham mavjudligi ta’kidlanadi. Bu bilan olim otlarning ma’no jihatdan aniq va mavhum turlarga ajralishiga ishora qiladi. Shuningdek, Fitrat otlarning yasama turlari ham borligi, shunga ko‘ra tub va yasama otlarga bo‘linishini ko‘rsatadi. Yasama otlar ma’lum yasovchi qo‘shimchalar yordamida ot va ot bo‘lmagan boshqa so‘zlardan hosil qilinishini bayon qiladi. Otlarning kichraytirish shakllari haqida dastlabki ma’lumot beriladi. Fitrat otlarning bunday shakllarini «kichiklangan otlar» deb nomlaydi. Uning fikricha, «bir narsani, yo bir kishini siylamak yo kichikligini ko‘rsatmak uchun unga berilgan otga «kichiklangan ot» deyiladi. Kichiklangan otlar yasamoq uchun otga -na, -gina, -g‘ina, -kina, -qina qo‘shiladir: og‘acha, kitobcha, kelincha, qizg‘ina, qushqina kabi. Shuningdek, -chiq, -choq, -chak, -loq qo‘shimchalari bilan kichraytirish shakllari hosil qilish mumkinligi, lekin ular kam iste’molda ekanligi ta’kidlanadi: qizaloq, kelinchak, qopchiq kabi. Otlar tuzilishiga ko‘ra sodda va qo‘shma otlarga bo‘linadi. Qo‘shma otga quyidagicha ta’rif beriladi: «Ikki ot yo bir sifat bilan bir ot qo‘shilib, bir narsaning oti bo‘lg‘onda qo‘shma ot deyiladir». Qo‘shma otlarning qo‘shilib yozilishi bayon qilinadi. Masalan, oybolta, oqsoqol kabi. Shuningdek, maorif idorasi, markaziy ijroiya komiteti singari ikki-uch so‘zdan tashkil topgan va ularning har qaysisi o‘z ma’nosini saqlab qolgan otlar ham qo‘shma ot sanalishi va ular ajratib yozilishi ta’kidlanadi. -lar qo‘shimchasi birlik sondagi otlarga qo‘shilib ko‘plik ifodalashi aytiladi. Masalan, qog‘oz-qog‘ozlar, uchqich-uchqichlar, yog‘in-yog‘inlar kabi. “Shunday qilib, Fitrat otlarni ma’nosiga ko‘ra o‘rin, qurol, ish otlariga; tuzilishiga ko‘ra sodda va qo‘shma otlarga bo‘ladi. Grammagik shakliga ko‘ra esa birlik-ko‘plik shaklidagi otlarni hamda otlarning kichraytirish-erkalash shakllarini ajratadi. Otlarning eng muhim gammatik kategoriyalari sanaluvchi egalik va kelishik kategoriyalari haqida fikr yuritilmaydi” XULOSA Yuqoridagilardan shuni bilish mumkinki, xalqimiz ko’p asrdan buyon abstrakt tushunchalarga murojaat qilib kelmoqda. Bundan tushunchalarda asosan insonlarning orzu-istaklari, o’ylari, xulosalari aks etgan. Tildagi abstrakt so’zlarning ko’payib borishi shu xalqning madaniyati yuksalib borishidan dalolat beradi. Abstrakt so’zlarning semantik strukturasi. Abstrakt so’zlar o‘z ziddi hisoblangan konkret nomlardan farqli semantikaga ega. Bu o‘ziga xosliklar semantik strukturadagi denotativ va signifikativ ma’no munosabatlarida yorqinroq namoyon bo‘ladi. Konkret leksika denotativ (atoqli otlar, terminlar) va denotativ-signifikativ ma’noli nomlarni o‘z ichiga olsa, abstrakt leksika esa signifikativ va signifikativ-denotativ ma’noli nomlardan iborat bo‘ladi. Abstrakt nomlar obyektiv voqelik bilan bevosita bog‘lanmaganligi uchun semantik strukturada signifikativ ma’no ustunlik qiladi. Abstrakt nomlar obyektiv voqelik bilan bevosita emas, balki bilvosita bog‘lanar ekan, ushbu bilvosita bog‘lanishning darajasiga ko‘ra denotativ ma’noning mavjudligi yoki mavjud emasligini belgilash mumkin. Masalan, aql so‘zining ajratilish darajasi go‘zallik so‘zining ajratilishidan, ya’ni abstraksiya darajasidan farq qiladi. Aql so‘zi «inson miyasining dunyoni aks ettirish, shaxsning voqelikka munosabatini boshqarib turadigan faoliyati» ni nomlaydi va uni faqat nazariy bilish orqali anglaymiz. Mazkur so‘zda insondan ajratilish (abstraksiyalash) yuqori darajada bo‘lib, uning semantikasiga nazar tashlasak, aql xuddi insondan tashqarida mavjud bo‘lgan substansiya ekanligi haqida taassurot uyg‘onadi. Demak, aql so‘zining semantik strukturasida denotativ ma’no qirralarini ajratib bo‘lmaydi. U faqat signifikativ ma’noga ega. Abstrakt so‘zlardagi «ma’noning tebranish kengligi» ham konkret so‘zlarnikidan farqlidir. Denotatga ega bo‘lmagan nomlarning ma’noviy tebranishi ma’lum darajada ixtiyoriy bo‘lib, u lisoniy hamjamiyatda mazkur nom ifodalaydigan tushunchaning ko‘lami bilan belgilanadi. Masalan, baxt abstrakt nomining ma’noviy tebranish kengligi o‘zbek tili egalari ongida ushbu nom ifodalaydigan tushunchaning ko‘lamiga bog‘liq. YA’ni, ushbu so‘zning invariant ma’nosi «kishining hayotdan to‘la qoniqish holati» bo‘lsa, insonlarning hayotdan qoniqish darajalari turlicha ekanligi hisobiga ma’noning tebranishi kuzatiladi: «baxt –sog‘lik», «baxt – mavjudlik», «baxt–sevgi», «baxt–xotirjamlik», «baxt –oila», «baxt –xursandchilik» kabi. Abstrakt so‘zlarning semantik strukturasi, ma’no taraqqiyotining o‘ziga xosliklaridan biri shundaki, ma’no taraqqiyoti natijasida abstrakt ma’nolardan faqat abstrakt ma’nolar shakllangan. Abstrakt mohiyatlar, abstrakt tushunchalarni nafaqat bosh ma’nolar, balki hosila ma’nolar bilan ham nomlanishi mumkin. Bunda ikki xil holat kuzatiladi: 1) abstrakt ma’nodan abstrakt ma’no hosil bo‘ladi; 2) konkret ma’nodan abstrakt ma’no hosil bo‘ladi. Download 25.25 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling