1-ma’ruza. Mavzu. Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar


Download 73.74 Kb.
bet1/3
Sana02.06.2024
Hajmi73.74 Kb.
#1833404
  1   2   3
Bog'liq
1-MA’RUZA.


1-MA’RUZA.


Mavzu. Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar.
1. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” – O‘zbekiston tarixining uzviy va ajralmas qismidir. “Eng yangi tarix” tushunchasi va uning izohi.
2. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
3. Yuksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga yetkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ma’naviy yetuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari.
5. XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
6. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy hayotidagi inqirozli holat.
7. Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta ishi” “O‘zbek ishi”. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari.
8. 1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi. Islom Karimov – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti.
9. Mustaqillik deklaratsiyasi va uning tarixiy ahamiyati. 1989-1991 yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ularning mohiyati.
10. 1991 yil avgust voqealari. GKChP. Sovet davlatining tanazzulga yuz tutishi.


Kalit so’zlar: tarix, ijtimoiy-iqtisodiy soha, gumanitar fanlar, fanlar akademiyasi, qaror, harakatlar strategiyasi, fuqorolik jamiyati.

O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘z yuritilganda, biz uchun, avvalo, mamlakatimizning 1991-yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va mazmunini anglab yetish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganini tushunib yetish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari, oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan to‘ldirishimiz maqsadga muvofiqdir.


O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan vazifalar qatorida jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilishdagi o‘zbek modelining konseptual asoslarini idrok etish, davlatimizning global va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida ishtiroki bilan bog‘liq masalalarning to‘g‘ri va haqqoniy tahlilini xalqimiz va kelajak avlodga yetkazish burchimizdir.
Olimlar tomonidan “Buyuk va muqaddas, mustaqil diyor”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi: nazariy-metodologik asoslari, o‘rganish tajribasi, manba va uslublar”, “O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy islohotlar jarayonida”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan lavhalar”, “Farg‘ona vodiysi shaharlarida iqtisodiy transformatsiya jarayonlari (1991-1996-yillar)” kabi qator to‘plam va monografiyalarning nashr etilishi O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid amalga oshirilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalar natijasi, deyish mumkin.
Bugungi kunda “Yangi va eng yangi tarix” borasida yosh izlanuvchilarning ilmiy ishlanmalarini chet elda nashr etilayotgani quvonarli holat. Bundan tashqari, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Shveytsariya, Shvetsiya, Gollandiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi davlatlar ilmiy nashrlarda maqolalar chop etilib kelinmoqda. O‘zbekistonning eng yangi tarixi jahon tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib, u bizning zamonamizdagi global jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Eng yangi tarixni o‘rganishning muhimligi va dolzarbligi shundaki, u mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-ma'naviy jihatdan barqaror rivojlanishiga ta'sir qiluvchi voqea-xodisalarni tushunishga hamda teran idrok etishga yordam berishi bilan belgilanadi. Bundan tashqari, u bizga tarixiy taraqqiyot tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish va bashorat etish imkoniyatini beradi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir. Ushbu qarorda jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli, haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish. Ikkinchi yo‘l – mavjud bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
Mazkur qarorda belgilanganidek, institut va kengash a’zolari qator rejalar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga jiddiy kirishgan. Unda siyosat, iqtisod, madaniyat, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida sodir bo‘layotgan voqealar asosida O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha kompleks yondashuvni ta’minlash inobatga olingan. Ushbu vazifalarning ilmiy idrok etilishi va hal qilinishi muayyan darajada tarix fani mavjud tushuncha-metodologik arsenalining tanqidiy tahlili va tegishli tarzda O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid turli voqealarni tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan barcha ilmiy yo‘nalishlarning nazariy salohiyati yangilanishi bilan bog‘liqdir.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu tarix fanining nisbatan yangi yo‘nalishi bo‘lib, u 2020 yilda mustaqil ilmiy fan sifatida o‘ziga xos metodologiyasi, tadqiqot yo‘nalishlari va o‘quv-uslubiy ishlanmalari bilan ajralib chiqdi. Shu munosabat bilan, zamonaviy tarix mamlakatimizning mustaqillik arafasidagi va mustaqillik taraqqiyot davri tarixini, uning o‘ziga xos tendensiyalari, tarixiy shart-sharoitlari va rivojlanish jarayonlarini ilmiy asoslangan holda yoritishni taqozo etmoqda. Binobarin, tarixshunoslar va, shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-gumanitar fanlarining boshqa vakillari oldida jahon amaliyotini bu boradagi tarixiy tajribasini hisobga olgan holda, mazkur ta'limni yangi nazariy va metodologik darajaga ko‘tarish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish vazifasi turibdi. "Eng yangi tarix" tushunchasining ta'rifi, mazmun -mohiyati O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotni isloh qilish bilan bir vaqtda, milliy o‘ziga xoslikni mustahkamlash jarayonlari boshlandi. Tarixiy xotira - milliy o‘ziga xoslikni tarixan idrok etishda asos bo‘lib xizmat qildi. Ma'lumki, tarixiy xotira xazinasi millat taraqqiyotiga yordam beradigan milliy ongning samarali kuchi sifatida ona tiliga, turmush tarziga, urf-odatlari va madaniyatiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni talab qiladi. Bu shunchaki ma'naviy merosni saqlab qolish uchun tarixiy qadriyatlarni jalb qilish emas, balki ma'naviy tiklanish yo‘lini boshlash uchun xalq o‘zining ko‘p asrlik tarixiga, ming yillik madaniy tajribasiga, buyuk ajdodlari merosiga murojaat qilishi va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga qanday ma'naviy-axloqiy boyliklar bilan kirishi kerakligini anglatadi. Bularning barchasi I.Karimov tomonidan tarixiy xotiraga berilgan mazkur ta'rifda o‘z ifodasini topgan: “Tarixiy xotira – bu umr mazmunini, avlodlar o‘rtasidagi vorislik tuyg‘usini, ularning bir-biriga daxldor ekanligini, hayotning bamisoli uzviy halqalar kabi ketma-ket bog‘lanishini anglash, tarixdan xulosa chiqarib, bugungi kun uchun to‘g‘ri yo‘l tanlash, ota-bobolarimizning ro‘hi poklariga hurmat bilan qarash, milliy qadriyat va an'analarimizni toptashga yo‘l qo‘ymaslik, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash demakdir”. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning 2011 yilda nashr etilgan "O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida" deb nomlangan asari O‘zbekiston tarixidagi eng yangi davrni chuqur o‘rganishga kuchli turtki bo‘ldi.
O‘zbekistonning zamonaviy tarixining beshinchi bosqichi 2017 yildan boshlandi. O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining yangi konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu tarixiy hujjat mustaqillikni qo‘lga kiritilganidan boshlab, mamlakatni demokratik yangilash va rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni rivojlantirishni aks ettiradi, unda davlat va jamiyat rivojlanishining yangi bosqichida modernizasiyani yanada davom ettirishning strategik dasturi belgilab berilgan. Ushbu bosqich davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, sud-huquq tizimini, axborot sohasini isloh qilish, so‘z erkinligini ta'minlash, saylov qonunchiligini rivojlantirish, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha islohotlar uchun huquqiy asoslarni yaratishni davom ettirish bilan tavsiflanadi. Ta'kidlash joizki, zamonaviy davrga oid har xil qarashlarni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish bilan bog‘lik mazkur bosqichlarni, avvalo, tarixchi foydalanishi kerak bo‘lgan vosita sifatida ko‘rib tushunish kerak va bu boshqa mutaxassislarning fikrlari bilan mos kelmasligi ham mumkin. Zamonaviy tarixni o‘rganishning dolzarbligi uning zamonaviy hayotga ta'sir ko‘rsatadigan voqealarni tushunishga yordam berishi bilan belgilanadi. Davlatimiz rahbari bugungi tinch va osoyishta hayotni saqlashga, mustaqillikni mustahkamlashga bir necha bor da'vat qilar ekan, o‘sib kelayotgan avlod tomonidan istiqlolga erishish tarixini chuqur o‘rganish muhimligini, qanday qiyin yo‘ldan o‘tganimizni va yana nima qilishimiz kerakligini alohida ta'kidlaydi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi hali institutsional xususiyatga ega emas, ya'ni, mustaqil metodikaga, ilmiy ishlarga va o‘quv-uslubiy ta'minotga ega emas. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tarixidagi voqealar ko‘lami va ularning dinamikasi uni fan va ta'lim oldida tizimli ravishda tushunish masalasini ko‘taradi. Bundan tashqari, "yangi avlodning o‘quv, ilmiy va uslubiy adabiyotlari va nashrlarini tayyorlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini global va mintaqaviy jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda, shuningdek, mintaqada shakllangan sivilizasiya, xalqlar va davlatlarning tarixiy va madaniy merosini mushtarak tarzda o‘rganishni taqozo etadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu nafaqat akademik bilim va o‘qitish, balki tarixiy xotirani shakllantirish, vatanparvarlik va faol fuqarolik pozisiyasini qaror toptirish yo‘lidir. O‘zbekistonning zamonaviy tarixini bilish - yoshlarga XX asr oxiri – XXIasr boshlarida milliy tarix voqealarini mustaqil tarzda baholashga, jahon tarixi kontekstidagi va davlatimiz taraqqiyotidagi eng muhim tendensiyalarni ko‘rish, O‘zbekistonning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni haqida tasavvurni shakllantirish, mamlakatning yangi strategik yo‘nalishini, uning ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini tushunishiga xizmat qiladi.. “Yaqin tarix” tushunchasi an'anaviylikdan farqli o‘laroq, tarixning "eng yangi" falsafasi mavzusiga aylanadi. U insoniyat va jamiyat taraqqiyotining muammolarini 8 yangi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy nuqtai nazardan ko‘rib chiqishga asoslangan. U o‘zgaruvchan dunyo hodisalarini tadqiqot ob'ekti sifatida qarab, voqeahodisalarni tarixshunoslikning bir bo‘lagi sifatida o‘rganadi. Muayyan vaziyatlarni tekshirish usuli - tarixiy yondashuvga asoslanadi. Faktor tahlili - ma'lum mezonlarga ko‘ra, turli omillarni guruhlashdan foydalanish, o‘rganilayotgan ob'ektning tuzilishini bilish, sifat va miqdoriy tavsiflarni taqsimlash bo‘yicha; sosiologik tadqiqotlar va og‘zaki tarix usullari - rasmiy manbalar bilan bir qatorda, ushbu voqealar ishtirokchilarining xotiralaridan foydalanishga, mavzuni kengroq va chuqurroq ko‘rib chiqishga, turli darajadagi jarayonlarning o‘zaro munosabati va o‘zaro ta'sirini tahlil qilishga imkon beradi. Ko‘p bosqichli tahlildan foydalanish - qaror qabul qilishning asosiy prinsipi va mexanizmlarini aniqlashga yordam beradi. Yaqin tarixni har tomonlama o‘rganish muhim nazariy va amaliy vazifadir. Zamonaviy davr tarixini o‘rganishda fanlararo yondashuvlarni ishlab chiqish tavsiya etiladi. Zamonaviy jarayonlar ham milliy, mintaqaviy va global jihatlarni o‘rganishga asoslangan holda muntazam ravishda tahlil qilinishi kerak. Sovet Ittifoqi mafkurasining rad etilishi munosabati bilan O‘zbekiston zamonaviy tarix fanida quyidagilar muammoli masalalarga aylandi:
• Ijtimoiy va siyosiy hayotda olib borilayotgan islohotlarning ahamiyati.
• Fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish yo‘llari.
• Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmuni.
• Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat.
• Mintaqaviy va milliy xavfsizlik.
• Millatlararo, dinlararo munosabatlar va h.k.
Zamonaviy tarix masalalari bo‘yicha tematik tadqiqotlar sohasi hali ham yetarlicha aniqlanmagan, fanlararo tadqiqotlar hozircha mavjud emas. Shuning uchun ham zamonaviy tarixni o‘rganishga butun tarix faniga xos bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni kiritish, zamonaviy tarixni jiddiy metodologik asos bilan ta'minlash muhimdir.
"O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursini o‘rganishda biz tarixiy bilimlar, falsafa, sosilogiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik, xalqaro munosabatlar va hokazolarning metodologik asoslariga tayanishni taklif qilamiz, bu esa, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarining xilma-xilligi va naqshlarini ochib berishga imkon beradi. Mustaqil rivojlanishning o‘tgan yillari davomida respublikaning ko‘p millatli aholisining mentalitetini hisobga olgan holda qurilgan va bundan keyin ham demokratik tamoyillar va qadriyatlar asosida quriladigan ijtimoiy hayotning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq katta nazariy va amaliy tajriba to‘plandi.
"O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursining asosiy vazifalari yangi dunyoqarash asoslarini, mafkuraviy immunitetni, yoshlar o‘rtasida mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, talabalar ongiga asosiy madaniy tushunchalar va tamoyillarni kiritish, "ma'naviy bo‘shliq" ning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir. Zamonaviy tarixni o‘rganish - keng dunyoqarashga, chuqur ijtimoiy va gumanitar bilimga, zamonaviy fikrlashga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning bevosita tarkibiy qismidir. Hech shubha yo‘qki, zamonaviy tarix ijtimoiy va gumanitar fanlarni birlashtiruvchi omil, milliy istiqlol g‘oyasining tarannum etuvchi, yoshlarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash va barkamol rivojlangan shaxsni shakllantiruvchi vosita sifatida o‘z o‘rniga bundan buyon ham ega bo‘lib boraveradi.
Tarix taqozоsiga kо’ra, о’tmishda Vatanimiz, bir necha bor tashqi bosqinchilarning mustamlakalari davrini boshidan kechirdilar. Shulardan mо’g’ullar bilan Rossiya imperiyasining bosqinchilik va hukmronlik davri tarixda eng uzoq davom etdi. Taqdir taqozosi bilan mо’g’illardan vatanni ozod etib, yuksaltirishdek о’ta yuksak mas’uliyat buyuk sohibqiron Amir Temurning zimmasiga tushdi.
О’zbekistonning eng yangi tarixi oldida turgan asosiy vazifa mana shundan keyingi tarixni tо’la-tо’kis va haqqoniy yoritishdan iboratdir. Buning uchun bizning nazarimizda quyidagi metodologik masalalarga e’tibor bermoq kerak. Birinchidan, о’tgan davrda О’zbekiston tarixi fanining mutlaqo yangicha ruh va mazmunda shakllanganligini his etmoq lozim. Shu bilan birga, sovet davrida shakllantirilib “rivojlantirilgan” sovet davri tarix faniga tanqidiy munosabatda bо’lish lozim. Ikkinchidan, yangi tarix fanini metodologiyasini ishlab chiqish zarur.
Qaysi fan sohasi bо’lmasin, uning asl maqsadi haqiqatni aniqlashdir. Biroq, mustaqillikka qadar tarix fanining boshqa ijtimoiy fanlar kabi hukmron mafkuraga, hukmron siyosatga bо’ysundirilishi oqibatida tarixiy jarayonlar notо’g’ri talqin etib kelindi.
О’tmishga qaratilgan sub’yektiv siyosatga aylantirilgan tariximizni endilikda asl manbalar asosida qaytadan tadqiq etish, soxtalashtirishlardan xoli, haqqoniy aks ettirish – О’zbekiston tarixchilari oldidagi eng dolzarb vazifalardandir. Xususan, uning eng yangi davri tarixi masalalari ham olimlarimiz tomonidan chuqur tahlil qilinib, olingan natijalar aks etgan darslik va о’quv qо’llanmalar yaratish birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim bо’lgan tadbirlar qatoriga kiradi.
О’zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti о’zbek xalqining mustaqillikka erishish ostonasidan boshlab to hozirgi kunlargacha, tarixan qisqa davr bо’lsada asrlarga tatugulik bosib о’tgan hayotiy yо’lini, doimo rivojlanib, boyib boruvchi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayotini xolisona о’rganish, davlat qurilishi sohalaridagi tajribalarini yosh avlodga yetkazish hamda ularga vatanga nisbatan faxr-g’urur tuyg’ularini shakllantirishdan iboratdir.
Istiqlol yillaridagi xalqimizning boy о’tmish tarixini о’rganish, uni xolisona ilmiy tadqiq etish davlat siyosati darajasiga kо’tarildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati – hayot turmush tarzini yanada yaxshilash, inson ongi va tafakkurini boyitish, erishilgan yutuq va istiqbol rejalarni maqsadli belgilashga qaratilgan. Shu bilan birgalikda, milliy о’zlikni anglash, xalqning ma’naviy yuksalishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Eng yangi tarixni о’rganishga bо’lgan e’tibor tarix fanini qayta chuqur anglash, uni yangi uslubiyot orqali yoritish zarurligini taqozo etadi.
Tarixiy xotira milliy о’zlikni anglashning poydevori sifatida yuzaga chiqadi. U о’z ona tili, barcha madaniy merosga nisbatan shunchaki tarixiy yodgorliklar xazinasiga emas, balki millatning taraqqiyotiga xizmat qiluvchi faol institut sifatida e’tirof etiladi.
О’zbekiston eng yangi tarixi fani xalqimizning mustaqil taraqqiyot yо’liga kirishi, mustaqillik yillarida milliy huquqiy davlatchilik qurilishi, demokratik fuqarolik jamiyatni shakllantirish, erkin bozor iqtisodiyotini yaratish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashish jabhalaridagi faoliyatini о’rgatadi.
О’zbekistonning eng yangi tarixini taxminan quyidagi davrlarga bо’lib о’rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
Birinchi davr – 1989-1990-yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Mustaqillikka erishish ostonasidagi faol harakat bosqichi bо’lganligini inobatga olish, uni alohida taraqqiyot bosqichi sifatida e’tirof etish о’zining ilmiy, konseptual asoslariga ega ekanligi;
Ikkinchi davr – 1991-2016-yillarni о’z ichiga oladi. Bu davrda davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy negizlarning tubdan о’zgarishi, jamiyatimiz ma’naviy negizlarining tiklanishi va yangilanishi, jamiyat mafkurasi va milliy istiqlol g’oyasining shakllanishi bilan bog’liq voqeliklarning yangi konseptual asoslarda ilmiy yoritilishi;
Uchinchi davr – 2016-yildan keyingi davr. Bu davr taraqqiyotimizning modernizatsiya bosqichi faol demokratik yangilanishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi, ijtimoiy-gumanitar sohalar izchil isloh qilinishi bilan bog’liq voqeliklarni manbalar asosida tarixiy nuqtai nazardan ilmiy tadqiq etish bilan bog’liq.
Bu davrlarning har birini yana о’ziga xos, kichik davrlarga bо’lib о’rganish mumkin.
Ma’lumki, 2016-yil 4-dekabrda mamlakatimizda О’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bо’lib о’tdi. Butun О’zbekiston xalqi о’zining buyuk siyosiy irodasi, huquqiy madaniyatini namoyon etib, mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyoti, xalqimizning yorug’ kelajagi va farovon hayoti uchun ongli ravishda ovoz berib Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – О’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzodi kо’rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni Prezident lavozimiga sayladilar. Tarixan qisqa davrda asrlarga tatugilik barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilayotganligiga hammamiz guvohimiz. Bu borada yaqin va о’rta muddatga belgilangan marralarga erishish maqsadida 2017-2021-yillarda О’zbekistonni yanada rivojlantirish bо’yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etish lozim. О’zbekistonning eng yangi tarixi fanini о’rganish jarayonida Siz aziz talabalarga mustaqillik yillarida milliy huquqiy davlatchilik qurilishini takomillashtirish, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatni rivojlantirish, erkin bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashish jabhalaridagi faoliyatini о’rgatadi.
Shuningdek, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, Vatan tarixini yangi nazariy-metodologik asoslarini yaratilishi, ilm-fan yutuqlari, keyingi yillarda qabul qilingan qaror, farmonlar, Oliy Majlis Qonunlari, Prezident Murojaatnomalari, nutq va ma’ruzalarini mazmun-mohiyati fan doirasida yoritib boriladi.
1. XX asr 80-yillari o’rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat. Markazning O’zbekistonda amalga oshirgan qatag’on siyosati. “Paxta ishi” “o’zbek ishi” nomli kampaniyalar. Agar 30-yillardagi qatag’onlarda asosan partiya, davlat, xo’jalik va harbiy kadrlar mavh etilgan bo’lsa, 40-50-yillar boshidagi qatog’onlar zarbasining ikkinchi kuchli to’lqini madaniyat va fan arboblariga taalluqli bo’ldi. Bu davrda respublika matbuotida ketma-ket ijodiy xodimlar ayblanib, ularni “millatchi”larga chiqarib, OAVlarida tanqid qiluvchi maqolalar bosildi.
Bu maqolalarda sotsialistik realizm prinsipiga “qiroatxonlik” bilan suyanib Turob To’la, Sobir Abdulla, Kamtar Otaboyev, Mirtemir, Habibiy, A.Bobojonovlarga turlicha ayblar qo’yildi. Keyinroq Oybek, X.Zarifov, X.Yoqubov, H.Sulaymonov, I.Sultonov singari adiblar va adabiyotshunoslik, adabiy tanqid, filologiya sohasidagi taniqli olimlarning asarlari tanqid qilindi va ular “jiddiy mafkuraviy xatolar va bo’zg’unchilik”da ayblandi. Bundan tashqari, milliy ziyolilarning atoqli vakillariga qarshi qatag’on boshlandi. Ayniqsa, 1951-52-yillarda “sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati” uchun Shukrullo, M.Shayxzoda, Shuhrat, Said Ahmad, Mirkarim Osim, Mirzakalon Ismoiliy va respublikaning boshqa bir qancha yozuvchilari, olimlari 25 yil qamoq jazosiga hukm qilindilar.
Stalincha qatag’on yillarida O’zbekistonda 1937-39-yillarning o’zida 41 ming kishi qamoqqa olindi, shulardan 37 mingi turli muddatlarga hukm qilindi, 6920 kishi otib tashlandi. Umuman olganda, 1939-1953-yillarda 61799 kishi qamoqqa olinib shulardan 56112 kishi ozodlikdan mahrum qilingan bo’lsa, 7100 otib tashlandi. Albatta, ularning ko’pchiligi 1956-yilda batamom oqlandi, biroq o’limidan so’ng. 80-yillarga kelib mavjud tuzum mafko’rachilari o’zlarinig yangi xurujini boshladilar. Totalitar tuzumni saqlab qolish uchun aholini qo’rquvda to’tish, dam-badam tahqirlar va qatag’on qilish odat tusiga aylanib qolgan edi.
Bu safar ham partiya zo’ravonligi natijasida, 1982-yili bir guruhi adabiyotchi olimlar jadidchilik mafkurasini rasm bo’lib qolgan qoliplardan tashqarida ko’rib chiqishga intilgani uchun ayblandilar, Fitrat va Cho’lponni oqlash borasidagi sa’y-harakatlar qattiq tanqid ostiga olindi.
1983-1989-yillarda “paxta ishi” bahonasida yana qatag’onlarning yangi bosqichi bo’lib o’tdi. Endilikda ishlab chiqarish va siyosat bilan band bo’lgan kadrlar, respublikaning milliy manfaatlarini bug’ib kelayotgan mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tizimning yaramas va istiqbolsizligini tushungan milliy ziyolilar ham ta’qib ostiga olindi. Bu ish matbuotda, ayniqsa, markazda millatning izzat-nafsiga teguvchi “o’zbek ishi” deb ataldi. Markazdan maxfiy topshirik bilan yuborilgan tergovchilar guruhi minglab kishilarni va umuman respublikani badnom qildi. Albatta “paxta ishi” jarayonida chindan ham mavjud bo’lgan kamchiliklar va hatto jinoyatlar ochildi, biroq bu butun o’zbek xalqini oldindan badnom qilishlikka yo’l qo’yib bo’lmasdi. O’sha davrda ochilgan illatlar butun Ittifoqga xos qusur edi. Biroq “paxta ishi” oqibatida ko’pgina halol va vijdonli kishilar ham to’hmat va uydirmalar bilan qamoqqa olindi. Bu ish natijasida 5 ming kishi qamoqqa olindi va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Faqat O’zbekiston mustaqillikka erishishi bilan “paxta ishi” va undan oldingi qatag’onliklar oqibatida nohaq ozor chekkan minglab kishilar va ularning oila a’zolari oqlandi va haq-huquqlari tiklandi. 74 yil davom etgan bu tengsiz, yashirin kurash kommunistik tuzumi qulashi bilan tugallandi.
Urushdan keyingi yillarda ham respublikamizning mustamlaka maqomi saqlanib qoldi. Bu davrda O’zbekiston sanoati tabiiy, moddiy-texnika va mehnat resurslardan yanada kengroq foydalanildi. Xuddi shu davrda O’zbekiston yoqilgi-energetika majmuining asosini tashkil etadigan qator yirik gaz konlari o’zlashtirildi, nodir metallurgiya sanoati yaratildi, oltin qazib olish sanoati barpo etildi, ko’p tarmoqli mashinasozlik markazlari barpo etildi. Paxtachilikni rivojlantirish maqsadida “Tashselmash”, “O’zbekselmash”, “Krasniy dvigatel’”, “Pod’yomnik” kabi zavodlarda tirkama uskunalar va traktorlar uchun ehtiyot qismlar ham ishlab chiqarila boshlandi. 1985-yilga kelib respublikada ishlab chiqarish, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari, kombinat va korxonalar soni 1500 tadan oshib ketdi. To’la asos bilan shuni ta’kidlash joizki, erishilgan bu yutuqlar bir tomonlama edi, xolos. Asbob-uskunalar o’n yillar davomida yangilanmas, yangi texnologiyalar to’g’risida esa so’z ham bo’lishi mumkin emas edi. Respublika iqtisodiyotining asosi bo’lgan paxta tolasining 92% dan ortig’i, paxtachilik majmui ishlab chiqarish vositalarining 40% ga yaqini, qorako’lning deyarli hammasi, pillaning 2/3 qismi, oltin, mis, rux kabi rangli metallarning hammasi va boshqalar O’zbekistondan deyarli “suv tekinga” xom ashyo holida olib ketilishi, ayni vaqtda tayyor ishlab chiqarish, aholi iste’moli uchun zarur bo’lgan mahsulotlar, jumladan, tayyor sanoat mollari va hatto o’zi uchun yetarli darajada ishlab chiqarish mumkin bo’lgan mahsulotlarining 2/3 qismini ittifoqning boshqa respublikaliridan yuqori iste’mol baholarida keltirilishi respublikamiz xo’jaligining bir tomonlama rivojlanganligini yaqqol ko’rsatardi. Bunga qo’shimcha qilib, shuni ta’kidlash joizki respublika sanoatida yengil sanoat mahsulotining hissasi 1989-yilda 37,2 % ni tashkil etdi. Bunda aholi uchun keng iste’mol mollari ishlab beradigan yengil sanoat O’zbekistonda ancha yuqori rivojlangandek tuyulardi. Aslida bu tarmoq mahsulotlarining yarmidan ko’pini paxta tozalash zavodlarida tayorlangan paxta tolasi, pillakashlik fabrikalarida ishlov berilgan ipak tolasi, lub zavodlarida ishlangan kanop tolasi, teriga ishlov beruvchi korxonalarda ishlov berilgan qorako’l terilar tashkil qilganini e’tiborga olsak, qishloq xo’jaligi mahsulotlariga dastlabki ishlov beruvchi tarmoqlar hissasi butun yengil sanoatda 2/3 qismga borib qolganini ko’ramiz. Shu bois O’zbekiston mustaqillik arafasida sanoat yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo’yicha sobiq Ittifoqda 10 o’rinni egallar edi.
Urushdan keyingi yillarda qishloq xo’jaligida ham ijobiy va salbiy jihatlarni kuzatish mumkin. Qishloq xo’jaligining asosiy yo’nalishi paxtachilik bo’lib qoldi. Shu bois, paxta yakka hokimligiga e’tibor yanada kuchaytirildi. Paxta xom ashyosi yetishtirish 1946-1985- yillarda 5,5 baravar ko’paydi, paxta ekiladigan maydonlar esa 1 mln ga dan ortdi. Paxtaning yalpi hosili 1960-yilda 2,8 mln tonnani, 1980-yilda 6,2 mln tonnani tashkil qildi. Lekin O’zbekistonning milliy faxri va asosiy boyligi bo’lib kelgan paxtachilik bora-bora uning og’ir oqibatlariga olib kelgan “sho’ri”ga aylandi. Markazning paxta yetishtirishni butun choralar bilan ko’paytirishdan iborat siyosatning amalga oshirishini ta’minlash natijasida respublikaning sug’oriladigan asosiy ekin maydonlari paxtaga bo’shatib berildi va ayrim rayonlarda uning umumiy ekin maydoni 80% ortib ketdi. Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan dehqonchilikning ko’pgina tarmoqlari siqib chiqarildi, chorvachilik zarar ko’rdi, ko’p yillar davomida surunkali paxta ekilishi tuproqning tarkibi bo’zilib, tabiiy unumdorligi qashshoqlashdi, maydonlarni sho’r bosdi, mineral o’g’itlarni o’ta ortig’i bilan ishlatilishi tuproq, suv va atmosferaning zaharlanishiga, ekologik sharoitning og’irlanishiga olib keldi. Bu davrda sug’orma dehqonchilikni yuksaltirish maqsadida ko’plab yangi kanallar va suv omborlari ishga tushirildi. (Chimqo’rg’on, Janubiy Surxon suv omborlari, Amu-Buxoro, Amu-Qorakul, Janubiy Mirzacho’l kanallari va b.) hamda Mirzacho’l, Qarshi cho’li, Surxon-Sherobod cho’llarida unumdor qo’riq yerlar o’zlashtirildi. Dastlab bu tadbirlar qishloq xo’jalik mahsulotlarini yetishtirishning oshishiga olib kelgan bo’lsa-da, keyinchalik ekologiyaga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Eng yomoni Amudaryo va Sirdaryo suvlari Orol dengizigacha qariyb yetib bormay qoldi. Bu Orolni falokat yoqasiga olib keldi. Dengiz sathi pasayib, ilgarigi gullab turgan shahru-qo’rg’onlar shur qumzorga aylandi. Umuman olganda, iqtisodiyotni rivojlantiirishda ekstentiv usul hukmronlik qildi, ilmiy-texnika taraqqiyotini ishlab chiqarishga tatbiq ettirishga yetarli e’tibor berilmadi. Masalan, 1981-1985-yillarda 660 ta kashfiyotdan faqat uchdan biri xalq xo’jaligiga joriy etildi. Boz ustiga respublika iqtisodiyoti qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi doirasida o’ralashib qoldi Ma’naviy-axloqiy sohada salbiy hodisalar (qo’shib yozish, ko’zbo’yamachilik qilish va b.) kuchayib bordi. Iqtisodiyotni tanazzuldan olib chiqish uchun avvalo, ishlab chiqarish munosabatlarini o’zgartirish boshqaruvning iqtisodiy usul-amallarini yo’lga qo’yish o’rniga har xil chaqiriqlar bilan iqtisodiy natijasiz eksperimentlar o’tkazildi.
Ijtimoiy sohada ham ko’rsatgichlar juda past edi. Jumladan, turar joy, bilan ta’minlash umum ittifoq ko’rsatgichini 65% (sobiq 15 respublikalar ichida 12-o’rin) tashkil etdi, kasalxonalar bilan 92% (9-o’rin), maktablarda o’rinlar bilan - 72% (12 o’in) maktabgacha ta’lim muassasalari bilan - 34,5 % (12-o’in). Aholini ichimlik suv bilan ta’minlash 25-30% ga qondirilardi. Fan, madaniyat va xalq ta’limiga sarflanadigan xarajatlar byudjet mablag’arining 2,7% idan oshmas edi. Asosan aholi vakillari istiqomat qiluvchi qishloqlarda ijtimoiy ahvol juda og’ir edi. Ijtimoiy hayotda yana bir nohaqlikka e’tiborni qaratsak – 80-yillardagi ma’lumotlarga ko’ra, sobiq Ittifoq bo’yicha har bir maktab o’quvchisiga o’rtacha 240 so’m sarflangan holda, O’zbekistonda bu ko’rsatgich 203 so’mni, har bir talabaga Ittifoqda 1200 so’m sarflansa, O’zbekistonda bu sarf 996 so’mni tashkil qilgan edi.
Ko’rilayotgan yillar davomida madaniyat va fan ham notekis rivojlandi. O’zbekistonda xalq maorifi, oliy va o’rta ma’lumot, fan-texnika, madaniyatning bir muncha o’sganligini, olimlarimiz fanning ko’pgina fundamental sohalarida maktab yaratganliklari tarixiy xaqiqatdir. Biroq ancha yuksak madaniy salohiyat bilan birga ayni vaqtda ma’naviy tanglik yuzaga keldi. Xalqni milliy an’analar va madaniyatning qudratli manbalaridan begonalashtirish tendentsiyalari kuchaydi. Masalan, oldin taqiqlangan Navro’z bayramimiz 50-60-yillarda tiklanib, 1986-yil yana “diniy” bayram sifatida mafkurachilar tomonidan taqiqlandi. O’zbek tilini qo’llash sohasi ham toraydi: respublika bo’yicha barcha hujjatlar, hatto aholi ko’pchilikni tashkil etgan qishloqlarda ham rus tilida olib borildi. Kutubxonalar fondining 80% ni rus tilidagi kitoblar tashkil etardi. Taajjubki, Toshkent Davlat universitetida (Hozirgi MU) o’zbek filologiyasi fakulteti faqatgina 1980-yilda ochildi.
Madaniy qurilishda tub milliy manfaatlar unutilib, baynalmilallashtirishga zo’r berildi. Madaniyatni mafko’ralashtirish, ijodiy faoliyatga qo’pol ravishda aralashish natijasida adabiyot va san’at milliy zamindan ajralib qoldi.
Xulosa qilib aytganda, sovet hokimiyati hukm surgan 74 yil mobaynida O’zbekistonda ham bir qaror yuto’qlarga yo’ qo’yilganligini e’tirof etgan holda, respublikamiz mustamlakachilik va milliy zulm doirasida bo’lganligini va qaram mamlakatning barcha mashaqqatlarini boshidan kechirganini ta’kidlash lozim.
Bu qaramlik siyosiy sohada – siyosiy mutelikda, xalqning taqdirini o’zi belgilash huquqidan mahrum bo’lishida, hukmron mamlakatning tarkibiy qismga aylanishida, xalqaro doiralarda huquqsizlanishda; iqtisodiy sohada – tabiiy boyliklariga o’zi egalik qilolmasligida, iqtisodiyot taraqqiyot yo’lini o’zi belgilay olmasligida, markaz mafaatlarining ustunligida, xalqimizning mehnat samarasidan bahramand bo’lmasligida, bir tomonlama rivojlanish natijasida respublikamizni xom ashyo bazasiga aylantirilishida; ma’naviy sohada – milliy va diniy qadriyatlarimizning oyoq osti qilinishida, kommunistik mafkura hukmronligida sinfiy yondashuv oqibatida ma’naviy va tarixiy me’rosimizga e’tiborsizlikda, qatag’onlik siyosatida inson huquqlarini poymol qilishda ifodasini topdi.
Mamlakatimiz va xalqimizning sovet hokimiyati hukmronligi davridagi ahvolini tahlil etar ekanmiz, mustaqillik nechog’lik ahamiyat kasb etishni, uning qadriga yetishimizni, e’zozlashimizni va mustahkamlashimizni yanada chuqur anglab yetishimiz zarur.

Download 73.74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling