1-Мавзу: Etnomadaniyat fanining predmeti, maqsad va vazifalari


Qadimdan birinchi qor yoqqan kun "qor xat" yozish ommaviy tu


Download 137 Kb.
bet2/4
Sana10.03.2023
Hajmi137 Kb.
#1257162
1   2   3   4
Bog'liq
4. Etnomadaniyatning shakllanishida xalq o’yinlarining o’rni.Qadimgi davr o’zbek folklori – etnomadaniyat tarixida muhim manba

Qadimdan birinchi qor yoqqan kun "qor xat" yozish ommaviy tus olgan, dalalarda qor otishlar, o’yin-kulgilar, sovg’a-salomlar va mehmondorchilik ziyofatlaridan tashkil topgan qishki xalq bayrami vujudga kelgan. Ilk bor qor yoqib dalalar, qir-adirlar va daraxtlarning oppoq libosga burkanishi o’ziga xos go’zallik yaratgan. Qor yog’ishi - yerni yaxshi oziqlanib, uning yaxshi hosildor bo’lishidan dalolat bergan. Shu sababli qor yoqishi kishilarda ko’tarinki kayfiyatni yaratgan. Xalqimizda "qor yog’di - don yog’di", "yer to’ysa, el to’yadi" degan maqollar bejiz yaratilgan emas. O’rta asrlardan qish faslining oxiri yoki erta bahorda o’tkazib kelinayotgan "qurultoy" ham o’zbek yiqin-bayramlari qatoridan o’z o’rnini topgan. qurultoy o’rta asrda vujudga kelib, O’rta Osiyo xalqlarining chorvadorlari, dehqonlari orasida muntazam ulkan yiqilish, majlis-sifatida har yili erta bahorda uyushtirilib, eng yirik bayramlardan biriga aylanib ketgan. qurultoyda mavsum kuni, shuningdek, eng dolzarb masalalar va kelajakdagi rejalar haqida maslahatlashib olingan. O’zaro kelishuv va maslaqatlar tugagach, ommaviy xalq tomoshalari, ot o’yinlari - poyga, uloq ("Ko’pkari") xalq ommaviy sayllari uyushtirilgan.
Ana shu ko’rsatmalarga amal qilinib 80-yillar o’rtalarida o’zbek xalqi azaldan sevib, ardoqlab kelgan urf-odatlar va marosimlar, bayramlar cheklab qo’yildi, ba’zilarining o’rniga boshqa bayramlar va marosimlar to’qib chiqarildi. Natijada avvallari nishonlanadigan "Hosil bayrami", "Qovun sayli", "Gul sayli" va boshqa xalq bayramlari unutib qo’yildi. "Navro’z" bayrami esa avval ta’qiqlandi, so’ng sun’iy tarzda "Navbahor" bayramiga aylantirildi Xalq qo’llab-quvvatlamagan bu bayram moddiy zaminga ega bo’lmaganligi sababli uzoq yashay olmadi. Xalq bayramlarini ta’qiqlab qo’yilishi 80-yillarning oxiriga kelib aholining ochiqdan-ochiq va haqqoniy noroziligini uyg’otadi. Buning zaminida milliy an’analar, marosimlar va bayramlarni xalqqa qaytarish jiddiy masalaga aylandi. Natijada O’zbekiston jumhuriyatida "Xalq bayramlarini tiklash muammolari" yuzasidan ishchi gruppasini tuzilishi hamda bu gruppa tomonidan har yili 21 martdan 21 aprelgacha "Insoniylikni va tabiatni e’zozlash oyligida "Navro’z", "Xotira kuni", "Birinchn pushta", "Birinchi ekin", "Don, maysa va suv kuni", bolalar "Boychechak" bayrami, "Lola sayli" va boshqa bayram marosimlarini o’tkazish tavsiya qilinishi xayrli ishlarning debochasi bo’ldi. Xalq marosimlari va bayramlarini tiklash juda murakkab jarayon bo’ldi. Chunki xalq bayramlariga xos shakl va elementlar yo’qolib bordi. Xalq bayramlari kuni uyushtirilgan "Katta tomoshalar", masxarabozlar, qiziqchilar, qo’g’irchoqbozlar, dorbozlar, polvonlar ishtirokidagi azaliy xalq tomoshalari, askiyabozliklar, mushoiralar, xalq o’yinlari kabilar noyob hodisaga aylandi. Eng ayanchli hol shu bo’ldiki, shaxsga sig’inish va turqunlik yillarida o’zbek xalq bayramlariga xos yaxshi odatlar (bayram oldidan qariyalar, xastalar va nochorlardan xabar olish, savobli-xayrli ishlar qilish, kabilar) unutila bordi. Bu borada shuni qato’iy ta’kidlash kerakki, bayramlar barcha xalqlarda eng yaxshi insoniy odatlar va an’analarni saqlaydigan muhim shakl bo’lgan. Shu sababli xalq marosimlari va bayramlari bilan birga insoniylik an’analari ham yo’qola bordi.
XX asrda an’anaviy o’zbek xalq bayramlari davr sinoviga bardosh berdi, ba’zi vaqtlarda vujudga kelgan qiyinchiliklarni yengib o’tdi, ularning safiga yangi bayramlar qo’shildi, boyidi. O’zbekistonda Sovet hokimiyati yillaridagi bayramlar taraqqiyotiga nazar soladigan bo’lsak, bir-biri bilan bog’liq yaqqol ikki yo’nalishning vujudga kelganini sezish mumkin:
1. An’anaviy xalq progressiv bayramlarini (zamonga mos) taraqqiy ettirish;
2. Xalqaro bayramlarni hayotga tadbiq etish va taraqqiy ettirish.
Birinchi yo’nalishda o’zbek xalqi uchun qadim zamonlardan munosib bo’lgan milliy marosimlar - bayramlar ("Navro’z", "Lola sayli", "Qovun sayli" kabilar)ni yangi mazmun bilan rivojlantirish nazarda tutilsa, ikkinchi yo’nalishda esa butun dunyo xalqlarining kurashi va mehnati jarayonida vujudga kelgan bayramlarni (1 May- Xalqaro birdamlik kuni, 8 Mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni, 1 yanvar - Yangi yil, 9 May – G’alaba kuni, 7 noyabr - Oktyabr revolyusiyasi kuni kabilarni) o’zbek xalqi hayotida milliy va maqalliy xususiyatlarini qisobga olib tashkil qilish ko’zda tutildi. Undagi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarning taraqqiy etishi bayramlar rivojiga ham jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Natijada, zamon talabiga muvofiq yangi-yangi bayramlar vujudga keldi. Shuningdek, o’zbek xalqi ijtimoiy-madaniy hayotining o’zgarishi va yangi sohalar paydo bo’lishi natijasida mehnat, tabiat, madaniyat, sport, oilaviy-shaxsiy bayramlar yuzaga kelishiga sabab bo’ldi.
Birinchidan, an’anaviy o’zbek xalq an’analari qatoriga o’lkamiz hayotiga mos, milliy va mahalliy xususiyatga ega bo’lgan yangi bayramlar qo’shilgan. Masalan, bunga "Tabiat bayrami» ("Ona yer sahovati"), "Qishloq bayramlari", "Ko’cha bayramlari", "Mahalla bayramlari", "Qariyalar bayrami", "Palov va obinon bayramlari", "Tabassum sayli", "Do’stlik karnavali", "Sport bayrami" kabilarni kiritish mumkin. Bu bayramlarning ko’pi O’zbekiston sharoitida vujudga kelib, zamonaviy milliy bayramlar sifatida shakllangan.
Respublika rahbarligiga kelgan I.A.Karimov kishilarning ma’naviy boyishiga, milliy madaniyatlarning bir-biri bilan yaqinlashuvi va o’zaro rivojlanishiga yordam beradigan xalq an’analari va bayramlarini tiklashga katta e’tibor berdi. Bu o’rinda xalqimizning azaliy qadriyati, sevimli bayrami hisoblanmish "Navro’z" bayramini xalqimizga qaytib berilishi mamlakat tarixida katta voqea bo’ldi. Ma’lumki, O’zbekistonda Prezident tashabbusi bilan "Navro’z" bayramini umumxalq shodiyonasiga aylantirish borasida bir qator tadbirlar ko’rildi. 1991-yildan boshlab mamlakatda Prezident Farmoniga ko’ra, 21 mart - Navro’z umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo’ldi.
Har bir jamoa, muassasada nishonlanadigan bunday bayramlar, kishilarda xalqimizning qadimiy an’analariga hurmat, mehnatga muhabbat hissini tarbiyalaydi. Bundan tashqari ma’naviy hayotdagi yana bir talay, aniqroqi diniy bayramlar, Xayit kunlarining respublikada umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi uchun keng yo’l ochilgani ham ma’naviy poklanishning muhim ko’rinishidir.
Navro’z eski quyosh kalendari hisobida Farvardin oyining boshlanishiga (hozirgi 22 martga) to’g’ri keladi. Bu kun "Kichik Navro’z" deb atalgan va shu kundan boshlab, tabiatdagi hamma narsa hamalga kiradi, deb hisoblangan. Beruniy "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" nomli kitobida qimmatli ma'lumotlar qoldirib, unda kichik bayram farvardin oyining oltinchi kunigacha davom etganligi ta'kidlanadi. Farvardin oyining oltinchi kunidan "Katta Navro’z" boshlangan. Ba'zi tarixiy manbalarda Navro’z bayrami Ahmoniylar davridan (mil. av. 530-330 yillar) boshlab butun O’rta Osiyo, Eron va Afg’onistonga keng tarqalgan va an'anaga kirgan, degan taxminlar bor. Grek-Makedon va Arab istilosi davrlarida Navro’z nishonlansada, u podsho saroylarida, amaldorlar va din ahli davralarida rasmiy bayram hisoblanmagan.
Arablar VII asrda, mo’g’ullar XIII asrda O’rta Osiyo xalqlariga o’z ideologiyasini singdirish bilan bir qatorda xalq an'analari, jumladan, Navro’zni ham ta'qiqlashga harakat qilib, uni nishonlashga qarshi qattiq kurash olib borishgan. Boy tarixi va xalqda bayramni o’tkazishning o’ziga xos tartib-qoidalariga ega bo’lganligi uchun Navro’zni ta'qiqlash mustabid hukmdorlarning qo’lidan kelmagan. Hovli-joylarni tozalash, ko’kat va gullar ekish, ota-ona, yoru do’stlarni yo’qlash, marhumlarning qabrini ziyorat qilish kabi odatlar Navro’z bayramining tarkibiy qismiga kirgan.
Ma'lumki, o’rta asrlarda O’zbekiston hududining turli joylarida Navro’z har xil tarzda uyushtirilgan. U 3 kundan to 15 kungacha nishonlangan. Navro’z odatda bozorga yaqin joylarda, katta maydonlarda, shahar chekkalaridagi sayilgohlarda uyushtirilgan. Bayramning birinchi kuni quyidagicha bo’lgan: ertalab dorbozlar va polvonlarning chiqishlari, kun o’rtasida - muzikachilar, hofizlar va boshqa san'at-korlarning ijrolari, kechki payt esa sayillar, xalq o’yinlari, bazmlar uyushtirilgan. Navro’z bayrami tarixi qiziqarli o’tadigan xalq tomoshalariga bilan boqliq bo’lgan. Masharaboz va qiziqchilar tomonidan ijro etiladigan o’zbek milliy o’yinlari orasida minglab kishilarga mo’ljallangan, maydonlarda o’tkaziladigan katta tomoshalar bo’lgan. Bunday tomoshalar Farg’onada - "Katta masharabozlik", Buxoroda - "Chavqi", Xorazmda - "Xatarli o’yin" nomi bilan yuritilgan. Navro’z kunlari katta bozorlarda savdo-sotiqlar tashkil qilingan va eng shirin taomlar tayyorlangan. Navro’z taomlari orasida sumalak alohida o’rin tutadi. Chunki sumalakni tayyorlash sayil sifatida shakllanib, bahor bayramining muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanib ketgan.
Sumalak sayli kishilarda qadimdan o’zaro ahillik qissiyotini tarbiyalab kelgan. Chunki sumalak tayyorlanadigan joyga barcha kishilar bir-bir xovuchdan don olib kelishgan, birgalikda taom pishirishgan, bir qozondan tayyorlangan ovqatdan hammalari baham ko’rishgan. Sumalak sayli asosan ikki marosimdan tarkib topadi: 1) sumalakni tayyorlash; 2) sumalakxo’rlik qilish. Sumalak sayli an'anaviy marosim bo’lib, asrlar osha nishonlanib, mazmunan boyitib kelinayotgan xalq bayramlaridan biridir. U hozirgi kunda ham kishilar o’zaro hamkorlik, do’stlik va birodarlikka chorlaydi. Navro’z dalalarda mehnat mavsumining boshlanishiga bag’ishlangan bayram hamdir. Uning oxirgi kuni - dehqonlarning yerga urug’ qadashlari munosabati tufayli o’tkaziladign marosim, tantanalar bilan yakunlangan. Bu marosim turli joylarda turlicha: "Hamal sayli", "Ekin sayli", "Qo’sh oshi" deb nomlangan. O’zbekistonda qadimdan tabiatning uyg’onishi, dalalarda mehnat mavsumining boshlanishidan dalolat beruvchi va xalq tomonidan keng nishonlanuvchi Navro’z sovet hukmroligi davrida ta'qiqlarga uchradi .
80- yillar o’rtalarida Navro’z sun'iy tarzda "Navbahor" bayramiga aylantirildi. O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan "Navro’z" bayramini umumxalq shodiyonasiga aylantirish borasida bir qator tadbirlar ko’rildi. 1991 yildan boshlab mamlakatda Prezident Farmoniga ko’ra, 21 mart -Navro’z umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo’ldi. Navro’zning yana bir ajoyib xislati bor: uning ochilish marosimini ko’rish mumkinu, ammo bayramning yopilishini sezish amri mahol, chunki u ko’chalar va uylarda uzoq davom etadi. Navro’z har bir kishining qalbida bir yilga yetadigan yorqin taassurot, tetiklik qoldiradi. Navro’z bayramidan keyin odamlar bardamlashgan va kuch-quvvatga to’lgan qolda ishga kirishadilar.
Dunyodagi barcha xalqlarda ham tabiatning mo’jizasi gul - go’zallik, do’stlik, muhabbat ramzini bildiradi. Insoniyat bayramlarining hech biri gulsiz o’tmaydi va gul bilan boqliq urf-odatlar deyarli barcha xalqlarda bor. Qadimdan respublikamizning turli hududlarida gul sayillarini -"Lola sayli", "Sumbula sayli", "Qizil gul sayli" kabi nomlar bilan nishonlab keladilar.
An'anaviy gul (lola) sayillari va zamonaviy gul bayramlari kelib chiqishi jihatidan ma'lum ma'noda bir-biridan farq qiladi. An'anaviy gul (lola) sayillari bahor faslida tabiat qo’ynida uyushtiriladi, zamonaviy gul bayramlari yozda, shahar va qishloqlar gullarga burkangan bir paytda, madaniyat va istirohat boqlarida o’tkaziladi. Gul sayillari qadimdan an'anaviy tarzda o’tkazilib kelingan.
Qizil gul sayli. Bu asosan mart oyining oxirlarida Xorazm va Buxoro viloyatlarida o’ziga xos qiziqarli shakllarda uyushtiriladi. Sayil o’tkazilayotgan qishloqlar va sayilgoqlarda odamlar ko’tarinki kayfiyatda bo’lib, u yerda kuy va qo’shiqlar yangraydi, raqsga tushishadi. Keng maydonlarda masharabozlar, dorbozlar tomosha ko’rsatishadi, ishqibozlar xo’roz, qo’chqor, tuyalar urishtirishadi, uloq o’yinlari tashkil qilishadi. Buxoro va Xorazmda o’tkaziladigan gul sayillaridan shu narsa yaqqol ma'lum bo’ladiki, ular deyarli diniy elementlardan xoli bo’lib, haqiqiy xalq sayillari sifatida uyushtirilgan. Hozirgi kunda Qizil gul sayli ma'lum ma'noda zamonaviylashib, xalqning dalalarga chiqib mazmunli dam olishi va ma'naviy hordiq chiqarish shakliga aylangan.
Sumbula sayli. Bu bayram ham bahorda, tog’ yonbaqirlarida turli gullar, jumladan, sumbullar yashnagan vaqtda o’tkaziladi. Tabiat go’zalliklarining birlashgan joyi: bir tomoni toq, ikkinchi tomoni suv (ko’l, daryo, soy), uchinchi tomoni o’rmondan iborat sayilgohlar dam olish, tabiat chiroyidan bahramand bo’lish uchun qulay joy hisoblanadi. O’zbekistonda bunday manzilgoqlar kam emas. Masalan, Chust tumanidagi Toshqo’rqon ana shunday tabiiy go’zalliklari tutashgan joy. Baland toqlar, oppoq qorlardan hosil bo’lgan G’ova soyi va uning atrofidagi yovvoyi mevali daraxtlar, turli qushlar va hayvonlar yashaydigan o’rmonzorlar sayil qilish uchun eng qulay joydir. Qadimdan o’tkazib kelinayotgan Sumbula sayli hozirgi kunda yangi, zamonaviy tarzda May bayramlariga bog’lab o’tkazilmoqda.
Lola sayli. Bu qir-adirlarda lola qiyqos ochilgan paytlarda shahar va qishloqlar aqli dalalar va bog’-rog’larga jamoa bo’lib chiqib nishonlaydigan bayram (o’ziga xos "mayovka")dir. Lola sayli gul sayillari orasida keng tarqalgan. Qadimdan mavjud bu bayramlarda progressiv fazilatlar ko’p, diniy elementlar esa kam bo’lganligi bilan xarakterlidir. Etnograflarning ma'lumotlariga qaraganda, "Lola sayli" bayramini xalq tomonidan saylangan "Lolachilar" boshqarganlar. Bu o’ziga xos marosim maxsus aytiladigan qo’shiqlar, tomoshalar, o’yinlarga boy bo’lib, butun aholini sayilgoh tomon yo’llashdan boshlangan. Xalqdan meros bo’lib kelayotgan an'anaviy gul sayillariga munosabat hozirgi kunda yangicha mazmun bilan boyidi.
80 -yillarda "Lola sayli" aprel oyining ikkinchi yarmida O’zbekistonning ko’pgina joylari, jumladan, Toshkent viloyatining Bo’stonliq, Parkent, Keles tumanlarida, shuningdek, Farg’ona vodiysi, Samarqand viloyatining tog’li tumanlarida shanba va yakshanba kunlari uyushtirilgan."Yomg’ir chaqirish" marosimida odamlarning hayotiy istaklari aks etsada, kishilarning tabiat injiqliklarining tub sabablarini bilmasliklari, ularning oldini olish choralarini topishga ojizliklari tufayli paydo bo’lgan. Suv bilan bog’liq xalq an'analaridan yana biri bahor payti kunlar isib, soylar, daryolar, ariqlar suvga to’lganda ilk bor cho’milish munosabati bilan vujudga keladigan marosim diqqatimizni tortadi. Maxsus adabiyotlarni o’rganish natijasida "Suv sayli"ning ko’pgina Sharqiy xalqlari, jumladan, Kavkaz xalqlari (arman, adjar va boshqalar)da keng tarqalgani ma'lum bo’ldi.
Keyingi vaqtlarda O’zbekiston territoriyasining ba'zi tog’li va suv havzalari bor joylarida qadimdan o’tkaziladigan "Suv sayli" haqidagi qiziqarli ma'lumotlar topilmoqda. Qishloq xo’jalik ishlari bilan mashg’ul barcha kasb egalari - paxtakoru bog’bon, g’allakor, sabzavotkoru pillakorlarning hayoti va mehnatiga bag’ishlangan an'analar ichida hosilni yig’ishtirib olish munosabati bilan o’tkaziladigan alohida marosim va bayramlar bo’lgan. O’zbek mirishkor dehqonlarining ma'lum qismi qadimdan poliz ekinlari bilan shug’ullanganligi tufayli, ularning hayoti va mehnati bilan bog’liq, o’ziga an'analari va bayramlari bo’lgan. Xususan, poliz mahsulotlari pishganda yillik hosilni yiqishtirib olish munosabati bilan o’tkaziladigan Qovun sayli bunda alohida o’rin tutadi. Oktyabr inqilobidan keyin, Qovun sayllari yirik umumxalq bayramlari sifatida nishonlandi. 60- yillarda Toshkentda Madaniyat va istiroqat bog’i xodimlarining tashabbusi bilan Qovun saylining zamonaviy an'analariga boy yangi shaklda uyushtirildi va bu tajriba respublikamizning ko’pchilik viloyatlariga keng yoyildi .
Zamonaviy Qovun sayli O’zbekistondagi hosil bayramlarida o’ziga xos o’rin tutib, poliz mahsulotlari pishganda (avgust oyining oxirlarida) keng nishonlana boshlandi. Shuni alohida qayd etish kerakki, agar poliz mahsulotlari - qovun, tarvuzlardan mo’l hosil yetishtiriladigan joylarda qovun sayli o’tkazish an'ana tusini olgan bo’lsa, asosiy mahsulot sifatida uzum yetishtiriladigan joylarda "Uzum sayli" (masalan, Urgutda), anor yetishtiriladigan territoriyalarda "Anor sayli" (masalan, Quvada), bog’dorchilik, xususan olma yetishtirish bilan mashur bo’lgan tumanlarda "Olma sayli" (masalan, Namanganda) va hokazo bayramlar o’tkazish odat tusiga kirgan. Mirishkorlar hosil yig’im - terimi so’ngida yoki erta kuzda ishni tugatib, o’z bayramlarini o’tkazadilar. Dehqonlarning asosiy qismi - paxtakorlar paxtadan mo’l hosil yig’ib olganlarida tantanavor ziyofatlar va o’yin-kulgilar uyushtirishgan, yaxshi ishlaganlarga sovg’a-salom berishgan va hokazo. Paxta hosili tantanalari har xil regionlarda turlicha: "xirmon to’yi", "hosil to’yi", "paxta sayli" kabi shakllarda nishonlangan. Ilgari mahalliy xarakterga ega bo’lgan bunday tantanalar hozirgi kunda respublika ahamiyatiga molik katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etuvchi paxta bayramiga aylangan. Sovet davriga kelib kommunistik pariya manfaatlari va qarashlariga asosida an'anaviy xalq bayramlari rivojlanib, zamon ruhiga moslashtirildi.
Qish tantanalari. O’rta Osiyoda, shimoliy regionlarga qaraganda qish fasli qisharoq bo’lib, qattiq sovuqsiz o’tadi. Yoz bo’yi qishloq xo’jalik ishlari bilan band bo’lgan o’zbek dehqonlarining qish mavsumida bo’sh vaqtlari ko’p bo’ladi. Shu sababli, mehnatkashlarning bo’sh vaqtini unumli o’tkazish an'analari ular hayotida alohida o’rin tutmoqi lozim. Qish vaqtida gap-gashtaklar avjga chiqqan, doston kechalari, ertak aytishlar, topishmoq aytish o’yinlari va boshqa qishki dam olish shakllari aholining hayotiga o’zgacha mazmun baxsh etishi aniq. Qish faslida odamlarning bo’sh vaqti ko’p bo’lsada, biroq boshqa fasllarga qaraganda, bu mavsumda bayramlar kam bo’ladi.
"Gul bayrami" davr talabiga ko’ra yangi internasional hodisa sifatida 50- yillarning oxirlarida, tabiat go’zalliklarini himoya qilish dolzarb masalalarga aylangan bir vaqtda shahar va qishloqlarni gulzor bog’-rog’larga aylantirishga ko’mak beruvchi ijtimoiy - madaniy tadbir sifatida tashkil topdi. Gul bayramlari dunyoda keng tarqalgan an'analardan biridir. Barcha joylardagi gul bayramlarini mohiyati va mazmuni bir-biriga yaqin bo’lsada, biroq ular o’ziga xos usul, rang-barang shaklda, milliy va mahalliy xususiyatlar bilan uyushtiriladi. An'anaviy gul sayillari va zamonaviy gul bayramlari kelib chiqishi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Ba'zi tadqiqotchilar bu ikki o’ziga xos sayil bayramlarni bir-biridan ajratolmay umumiy tarzda izoh beradilar. An'anaviy gul (lola, sunbula, boychechak) sayillari bahor fasli dala gullari ochilganda tabiat qo’yni - saylgohlarida uyushtirilgan bo’lsa, zamonaviy gul bayramlari yoz fasli shahar va qishloqlar gullarga burkangan bir paytda madaniyat va istirohat bog’larida o’tkaziladi. Gul sayllari qadimdan an'anaviy tarzda uyushtirilib kelingan bo’lsa, gul bayramlari keyingi davrlarda (50- yillarda) shakllangan yangi bayramdir. U bizga Yevropadan o’tib, mahalliy va milliy an'analarga bog’lanib ketgan. U qisqa muddat ichida Sobiq ittifoqdagi barcha respublikalarga keng tarqaldi. Bunday "gul bayram"larining mohiyati va mazmuni bir-biriga yaqin bo’lsada, ular har joyda o’ziga xos tartibda, rang-barang shakllarda milliy va mahalliy xususiyatlari bilan chambarchas bog’liq. "Gul bayrami" boshqa zamonaviy an'analar singari asta-sekin O’zbekiston bayramlari orasida ham mustahkam o’rin egallay boshladi. hatto, keyingi yillarda u yangi xalq bayramlariga ham aylanib ketdi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bu yangi an'ananing rivojlanishi uchun o’zbek xalqi hayotida uzoq tarixga ega bo’lgan va tabiat qo’ynida o’tkaziladigan "Lola sayli", "Sumbula sayli", "Qizil gul sayli" kabi yuqorida tilga olingan an'analar muhim omil bo’lgan edi. Gul bayramining asosiy maqsadi, shahar, ko’cha, hovli, muassasalar, korxonalar, maktablar, bog’chalar va xiyobonlarni ko’kalamzorlashtirib, manzarali va chiroyli gul navlarini ko’paytirishga yordam berish hisoblanadi.
Namanganda o’tkaziladigan gul bayrami paxta yig’im - terimiga kirishishdan avval - shanba -yakshanba kunlari tashkil qilinadi. U an'anaviy tarzda ertalab, karnay-surnay sadolari bilan boshlanadi. Tabiat bayramlari ichida "Mehrjon" bayramining ham o’z o’rni bor. Abu Rayhon Beruniy o’zining mashqur "Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar" nomli asarida "Mehrjon" so’zini "quyosh" va "jon sevgisi" degan ma'nolar bilan bog’lab talqin qilgan. O’rta Osiyoliklarda ham quyoshga sig’inish elementlari mavjud bo’lgan.
Zardushtiylarning muqaddas "Avesto" kitobida Mitra (Quyosh tangrisi) ga bag’ishlangan ajoyib so’zlar bor. Ulardan ma'lum bo’lishicha, zardushtiylar quyosh va uning tangrisi - "Mitra" ni ilohiy darajaga ko’tarishgan. Ajdodlarimiz quyosh - dunyodagi eng buyuk kuch, hayot chashmasi, yoruqlik va issiqlik bunyodkori deb tan olishgan. Ko’pgina qadimiy xalqlarda jumladan turkiy qavmlarda quyoshga sig’inish politeistik qarashlarning muhim va tarkibiy qismiga aylanib ketgan . Miloddan avvagi (1 ming yilliklar boshida) kuzgi bayramlar turli joylarda, masalan, Eronda va boshqa joylarda "Mehrjon" (yoki "Mehrgon"), Ko’hna Xorazmda - "Chiri-ruj", So’g’dda esa "Nim-sarda" nomi bilan mashqur bo’lgan. "Navro’z" bahorgi kunu-tun tengligini qayd qilsa, "Mehrjon" kuzdagi o’sha holatdan nishona bergan. "Mehrjon" bayrami, bir tomondan, koinot va yerga jon ato etib turgan quyoshni qadrlashga, o’z nuri va qarorati bilan hosil yetkazishga bergan yordami uchun minnatdorchilik bildirishga imkon yaratgan bo’lsa, ikkinchidan barchani qish g’amini yeyishga undagan. Asrlar o’tib, zardushtiylik o’rniga yangi din (Islom) joriy qilingandan so’ng, go’yoki "Mehrjon" endi odamlar qalbiga ko’chib, inson mehriga aylana boradi.
Ajdodlarimiz tarixida asosiy bayramlardan biriga aylangan "Mehrjon" keyingi ming yil ichida alohida bayram sifatida nishonlanmay qo’yilgan bo’lsada, u butunlay yo’qolib kyetmadi. Aniqroqi, u turli - kuz va hosil bayramlariga bo’linib ketgan edi .
Mehnat bayramlari. Dehqonlarning hayotida eng quvonchli voqea - bu hosilni yig’ish va yangi noz ne'matlarni tatib ko’rish jarayoni bo’lgan yil bo’yi kutilgan bunday jarayon, tabiiyki, dehqonlarda bayram kayfiyatini vujudga keltirgan. Bundan ko’tarinki kayfiyatni harakatlarda aks ettirish maqsadida kishilar o’yinlar va marosimlarni tashkil qilgan. "Mehnat o’yinlari" yaxshi kayfiyat, bayram holatini vujudga keltirgan. Bronza davrilaridan boshlab o’troq dehqonchilikning vujudga kelishi va uning tez rivojlanishi natijasida bahorda mehnat mavsumiga kirishish, kuzda hosilni yig’ib olish yakuniga bagishlangan bayramlar shu tariqa yuzaga kelib, ular yillar o’tishi bilan an'anaga aylana boshlagan. Insonning "birinchi kasbi"-ovchilik asosida-"ovchilik o’yinlari" vujudga kelgan bo’lsa, uning dehqonchilikka o’tishi va u bilan shug’ullanishi natijasida "mehnat o’yinlari" shakllanib, yangi mehnat bayramlari uchun zamin yaratgan. Mehnat- bu bayramning bosh manbai, asl zamiri hamda ilk chashmasi sanalib, bayram (yoki "bayram holati") ibtidoiy davrdan boshlab "yashash uchun kurash"- mehnatning natijasi shaklida vujudga kela boshlagan. Bunday holat bayramning sodda shakli sifatida namoyon bo’lishiga qaramay, keyinchalik u inson madaniyati va san'atini rivojlantirish uchun zamin yaratib bergan. Chunonchi, bunday bayram holati jarayonida turli o’yinlar (teatr va raqs, pantomima san'atlarining primitiv ko’rinishlari) va maxsus marosimlar rivojlanadi.
Mehnat tufayli inson hayvonot dunyosidan ajralib chiqqan va taraqqiy yetgan. Odamzod o’z taraqqiyoti jarayonida erishgan barcha yutuqlar - bu mehnat tufaylidir. Xalqimizda "Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo’lar chiroylik", "Mehnatning tagi rohat", "Mehnat qilgan dur keltirar" kabi maqollar bejiz yaratilmagan. Kishi o’z mehnatidan hursand bo’la olsa, u boshqalar uchun ham zarracha foyda bera olishni his qilsa, mehnatidan faxrlanish tuyg’usini his qiladi. Aynan qadimgi avlodlarning o’z mehnatidan shodlanish, faxrlanishlari natijasida mehnat bayramlari vujudga kelgan. Mehnatni sevgan, mehnatdan yaxshi natijalarga erishgan xalqlarning aynan mehnat bayrami ko’p bo’lgan va ular yaxshi o’tgan. Azaldan mehnatkash o’zbek xalqi hayotida mehnat bilan boqliq bo’lgan turli marosimlar va bayramlarning mavjudligi tasodifiy emas. Hozirgi davrda ham O’zbekiston bayramlarining asosiy qismini mehnat bilan bevosita boqliq bayramlar tashkil qiladi. Hozirgi kunda mehnat sohalarida kasblarning ko’payishi natijasida mehnat bayramlari va marosimlarining ham turlari ko’payib, mazmunan boyib bormoqda. Ular ichida ishchilar va qishloq xo’jaligi xodimlarining mehnat bayramlari, jumladan, mehnat jarayonining (yangi mehnat mavsumi yoki yangi mehnat boshichining) boshlanishiga yoki mehnat jarayonining (ma'lum boshichining) yakunlanishiga, reja, majburiyatlarning bajarilishiga bag’ishlangan tantanalar hamda davlat tomonidan joriy etilgan kasbkorlik kunlari alohida o’rin tutadi. Respublika aholisining 60 foiziga yaqinini qishloq mehnatkashlari tashkil qiladi. Shu sababli, qishloq mehnatkashlarining hayoti va mehnati bilan boqliq bo’lgan bayramlar va marosimlarni o’rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
Respublikamizning asosiy faxri bo’lmish - paxtakorlarning hayotini yanada farovon qilish, yangi mehnat zafarlari sari ruhlantirish, turmushni go’zallashtirish, madaniy dam olishini samarali tashkil qilishda bayram va marosimlarning roli katta. Hozirgi davrda paxtakorlarning hayoti, mehnati va bo’sh vaqti bilan bog’liq bo’lgan ko’plab marosim va bayramlar hayot taqozosi asosida vujudga kelgan. Keyingi davrlarda mehnatkashlarning Sobiq ittifoq va milliy bayramlari taraqqiy etishi bilan birga, har bir ijtimoiy guruhning, ma'lum kasb egalarining, mehnat kollektivlarining o’ziga xos xususiy yangi bayramlari va an'analari ham vujudga kelgan. Taraqqiyot natijasida har bir mehnat kollektivining dam olishini tashkil qilish bilan bir qatorda ularning hayoti, mehnati va bo’sh vaqtlari maroqli, mazmunli o’tishi uchun maxsus tantanalar, marosimlar va bayramlar tashkil qilish zaruriyati vujudga keldi. Sobiq ittifoq davrida muayyan kasb egalarining, mehnat kollektivlarining xususiy marosim va bayram kalendari va ularni tashkil qilish metodikasini yaratish bo’yicha tajribalar vujudga kelgan. Masalan, Rossiya Federasiyasida g’allakorlar, Latviyada baliqchilar, Leningrad Kirov zavodi birlashmasida va boshqa joylarda ishchilar bayram kalendarlari tuzilgan. Respublikamiz aholisining ko’pchilik qismini tashkil qiladigan va uning faxri bo’lgan o’zbek paxtakorlari ham mehnati, dam olishi va turmushi bilan bog’liq bo’lgan, muntazam uyushtirilib turiladigan xususiy bayramlariga ega bo’lishlari tabiiydir. Ayni vaqtda paxtakorlarning bunday bayram va an'analari shakllana boshlagan. Paxtakorlar hayotidagi birinchi katta anjuman, fevral oyining oxirida - mart oylarining boshlarida bo’lib o’tadigan, hosil yilining yakunlari va yangi mehnat mavsumining boshlanishiga bag’ishlangan qishloq xo’jalik xodimlari kengashi bilan boshlanadi. Qurultoyni kalendarga kiritishimizdan maqsad, u qishloq xo’jaligi xodimlari va paxtakorlarning eng yirik va tantanali bayrami bo’lib qolmoqi kerak. Ma'lumki, paxtakorlar hayotida "Navro’z" ("Bahor - bayrami) alohida o’rin tutadi. U paxtakorlarning yangi hosil mavsumiga yaxshi niyat bilan shaylanish bayrami sifatida ham xizmat qiladi.
"Urug’ (chigit) qadash", "Birinchi gul", "Qizil karvon" bayramlari ham o’ziga xos muayyan mehnat jarayonlarining boshlanishi, ya’ni chigit ekishning birinchi kuni, ilk bor g’o’za gullashi va yetishtirilgan hosilning birinchi mahsulini davlatga topshirish munosabati bilan uyushtirilgan.Yoz oylari maktabni, hunar-texnika bilim yurtlari va boshqa o’quv dargohlarini tugatgan yoshlar tanlangan kasbi bo’yicha ish boshlaganlar. Yoshlarning paxtakorlar safiga kirib kelishi, muxim hodisa hisoblanib, paxtachilik rivojida yetakchi rol o’ynagan. Paxtakorlar bayramlari kalendari-dekabr oyining birinchi dekadasida reja va majburiyatlarni bajarilishi munosabati bilan avval xo’jaliklarda, tumanlarda, so’ng viloyatlarda va oxiri respublika otchoparida uyushtiriladigan "hosil bayrami" bilan yakunlangan.
"Urug’ qadash" va "Birinchi gul" tantanalari. Xalqda qadimdan dalalarda ish boshlanishi, ilk bor yerga urug’ qadash munosabati bilan maxsus marosimlar uyushtirish odati shakllanib, davrlar o’tishi bilan keng ommalashgan edi. Bizning davrimizga kelib, bu xalq odatlari hayotdagi o’zgarishlar bilan ma'lum ma'noda o’z mavqeini, tantanavorligini yo’qotgan bo’lsada, uning zaminida paxta yetishtiriladigan regionlarning ba'zi joylarida "urug’ qadash" nomli zamonaviy marosim vujudga kelgan. Yerga chigit qadash paxtakorlar hayotida eng muhim yumush bo’lib, shu kompaniyadan keyin haqiqiy mehnat mavsumi boshlanadi. Shuning uchun ham, chigit qadash ishlarining boshlanishi paxtakorlarda ko’tarinki ruh, yaxshi kayfiyat va xursandchilikni vujudga keltiradi.

Download 137 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling